Ziyolilar: kim nima o‘qiyapti?

«Yangi kitob» nashriyoti va ziyouz.uz portali hamkorlikda kichik tadqiqot o‘tkazdi. Yurtimiz ziyolilaridan ayni kunlarda qanday kitob o‘qiyotgani so‘raldi va 120 dan ziyod javob olindi. Shu tariqa o‘ziga xos ma’lumotlar zaxirasi jamlandi. Atoqli olimlar, yozuvchi-shoirlar, adabiyot va boshqa soha vakillari – millatimiz ziyolilarining javobi bilan tanishib, turfa kitoblar, ularning mazmun-mundarijasi haqida bilib olish mumkin.

Shukrullo, O‘zbekiston xalq shoiri:
— «Bo‘sh qop tik turmas» deganlaridek, yozuvchining ishi faqatgina ijod qilish emas, u muttasil o‘qishi, hayotni o‘rganishi, jahondagi voqea-hodisalardan, adabiy jarayondan boxabar bo‘lishi ham kerak. Hozir faqat kitob mutolaasi bilan  bandman. Akmal Saidning «Hazrati Zangi Ota», Abduqahhor Ibrohimovning «Ruhiy ozuqa maxzani», G‘iyosiddin Xondamirning «Makorim ul-axloq» asarlarini, Halima Xudoyberdiyevaning yangi kitobini o‘qiyapman.

Umarali Normatov, filologiya fanlari doktori, professor:
— Men shu kunlarda Xurshid Do‘stmuhammadning «Donishmand Sizif» nomli romanini o‘qiyapman. Bir qarashda asar uchun tanlangan motiv g‘arbcha bo‘lsa-da, romanni o‘qib, chinakam o‘zbekona ruhni his qildim.

Naim Karimov, filologiya fanlari doktori, professor:
— Bu yil Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan adib asarlarini, qolaversa, Fyodor Razzakovning «Korruptsiya v politbyuro. Delo «Krasnogo uzbeka» asarini mutolaa qilyapman.

Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi:
— Oybek domlaning «Bolalik» asarini qayta o‘qiyapman. O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» kitobi stolimda turibdi. O‘tkir Hoshimovdagi tilning tozaligi, ruhning sofligi menga yoqadi. Deyarli har kuni bolalarga oid kitoblarni o‘qishga, varaqlashga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bugungi bolalarimizning kitobxonlik darajasi maqtagulik emas. Ularning so‘z boyligi juda kam, 1200-1300 ta, xolos…

Ibrohim G‘afurov, adabiyotshunos:
– X-XI asr arab yozuvchisi Usoma ibn Munkizning «Ibratli kitob» nomli ulug‘ asari bor. Uni mashhur arabshunos olimimiz, filologiya fanlari doktori Ismatulla Abdullayev o‘zbek tiliga o‘girgan. Kitob G‘afur G‘ulom nashriyotida 1980 yili nashr qilingan. Bu asarni o‘sha paytda o‘qigan edim, bugun yana qayta qo‘limga oldim. Muallif hozirgi Turkiya, Suriya, Falastin yerlarida X asrda salbchilarga qarshi kurashgan yirik qahramonlardan biri. O‘sha kezlar boshidan kechirganlari, salbchilarga qarshi qanday kurash olib borganini xotiralar tarzida yozib qoldirgan. Men o‘qiyotgan yana bir kitob ingliz olimi Tyornerning «Simvol i ritual» asaridir. Muallif Markaziy Afrika xalqlari orasida ko‘p yillar yashab, hayot tarzini chuqur o‘rgangan. Marosimlar, rasm-rusumlar, ramzlar, timsollar nimani anglatishi haqida ajoyib ilmiy kitob yozgan.

Jamol Kamol, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Hozir Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si tarjimasi bilan bandman. “Mahzanul asror” va “Layli va Majnun” chop etildi. Boshqa dostonlarni ham xudo xohlasa 2018 yilgacha tamomlamoqchiman.

Vahob Rahmonov, adabiyotshunos olim:
– Yaqinda rafiqam Yanglish Egamova bilan Toshkentda bo‘lib, O‘sarali Nishonov va Sanobar Nishonovaning uyida mehmon bo‘ldik. Bahonada kitob ayirboshladik: biz ularga, ular bizga kitoblarini tuhfa etdi. Rafiqam Gyotening «Muhabbatnoma»sini, men «Mumtoz so‘z sehri» kitobimni sovg‘a qildim. O‘sarali Nishonov «O‘qituvchi» nashriyotida uzoq vaqt ishlagan. Mehnatlarim zoye ketmasin deb kitob chiqaribdi. Nomi «Qalb da’vati» bo‘lib, adabiy-tanqidiy maqolalar, qissa va hangomalar, tarjimalardan iborat. Men shuni o‘qiyapman. Rafiqam esa Sanobar Nishonovaning «Ortda qolgan yo‘l» qissalar to‘plamini mutolaa qilyapti.

Yo‘ldosh Solijonov, filologiya fanlari doktori, professor:
— Isajon Sultonning yaqindagina nashr etilgan 2 jildli saylanmasini o‘qiyapman. Muallif zamonaviy inson mavqeini chuqur anglab, badiiy tahlil eta olishi meni g‘oyat mamnun etmoqda.

Erkin Malik, yozuvchi:
– Ayni paytda Chingiz Aytmatovni o‘qiyapman. Nechanchi marta mutolaa qilayotganimni o‘zim ham bilmayman. Chingiz Aytmatov asarlari yod bo‘lib ketgan, lekin baribir o‘qiyveraman. Men u kishidan ilhom olaman. Misol uchun, yozishdan to‘xtab qolsam, Chingiz Aytmatovga murojaat qilaman. Dialoglarini emas, asosan tasvirlarini o‘qiyman. Juda samimiy! O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Aytmatov kitoblarini chiqarishga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda Chingiz og‘a Stokholmda elchi bo‘lib ishlardi. Odil Yoqubov orqali Aytmatovga murojaat qildik (Odil aka mualliflik huquqi bo‘yicha idora boshlig‘i edi). U kishi Chingiz akaga qo‘ng‘iroq qilib, «O‘zbekistonda sizning kitoblaringizni chiqarmoqchimiz, qalamhaqini qanday hal qilamiz?» deganida, Aytmatov xat yozib yuborgan (bu maktub menda turibdi). «O‘zbekiston sharoitida qanday lozim bo‘lsa chiqaraveringlar, men roziman», deb yozilgan o‘sha xatda.

Qudrat Do‘stmuhammad, yozuvchi, iqtisod fanlari nomzodi, professor:
— Shu kunlarda Ahmad Zaki Validiyning «Bo‘linganni bo‘ri yer» deb atalgan kitobini o‘qiyapman. Uni ziyouz.com sayti kutubxonasidan ko‘chirib oldim. Bu kitob XX asr boshlarida turkiy xalqlar mustaqillikni qo‘ldan bermaslik uchun Rossiya imperializmiga qarshi qanday kurashganini hujjatlar asosida hikoya qilib beradi.
Ahmad Zaki Validiy buyuk inqilobchi, siyosatchi, tarixchi va haqiqatda ham, zakiy, ya’ni ziyrak, aqlli, nozik didli inson, go‘zallik oshuftasi bo‘lganiga ishonch hosil qilib turibman. Rus bosqiniga qarshi ham mafkuraviy, ham qurolli kurashaturib, sovetlarning «O‘lim mashinasi»ni dog‘da qoldirgan, Alloh bergan bu dunyoda sakson yil yashab o‘tgan inson ekan, joyi jannatlarda bo‘lsin.
Validiyning bu kitobi o‘zbek tiliga 1997 yili qisqartirib tarjima qilingan ekan, rus tilidagi to‘liq nashrini va boshqa asarlarini («Turkiston tarixi» nomli kitobi ham bor ekan) topib o‘qish niyatim bor.

Oydin Hojiyeva, O‘zbekiston xalq shoiri:
— So‘nggi bor Alisher Mirzoning «Musavvir» romanini, Xurshid Do‘stmuhammadning «Lolalar» hikoyasini, Dilbar Mahmudovaning xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva haqidagi «Halima» kitobini, Enaxon Siddiqovaning yangi kitobini o‘qidim. «Kitob olami» gazetasining so‘nggi sonidagi barcha materiallarni o‘qib chiqdim. Yoshlar ijodini muntazam kuzataman. «Yoshlik», «Sharq yulduzi» jurnallarini doim o‘qib turaman.

Abduhakim Fozilov, rusiyzabon yozuvchi:
— A. Ustimenkoning «List s nerovnыmi krayami» asarini o‘qiyapman.

Omon Matjon, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Chingiz Aytmatovning hikoya va qissalarini qayta o‘qib chiqyapman. «Jamila» qissasini ilk bor 1960 yili o‘qigan ekanman.

Shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari:
— Umuman olganda yurtimizda chiqqan 15000 dan ortiq diniy-ma’rifiy kitobni o‘qib chiqqanman. Har kuni aholidan tushayotgan diniy-ma’rifiy savollarga javob berish jarayonida 10 dan ortiq kitob ko‘raman. Bir kunda 50-100 ta savolga yozma va og‘zaki javob berishga to‘g‘ri keladi. Fatvo kitoblaridan «Fatovoi Olamgiriya», «Fatovoi Qozixon», «Xulosatul fatovo», tafsir kitoblaridan «Tafsiri Nasafiy»,  «Bahrul ulum», hadis kitoblaridan Suyutiyning «Al-jome’ as-sahih», fiqh kitoblaridan «Al-mavsu’ al-fiqhiya» (30 jildli islomshunoslik entsiklopediyasi), «Muxtasar ul-viqoya», «Hidoyai sharif» kitoblari kundalik ko‘radigan manbalarimdir.

Bahodir Yo‘ldoshev, rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti:
— Jastin Marotstsining «Tamerlan. Zavoyevatel mira» (Moskva, 2004) kitobini o‘qiyapman. Muallif asarda buyuk Amir Temur hayoti va faoliyatiga yangicha nigoh bilan qaragan. Abdulla Qodiriy haqidagi ilk roman – Abdulhamid Ismoilning «Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin» («Akademnashr», 2017) ham yaxshi taassurot qoldirdi.

Baxtiyor Isabekov (O‘rdabekli), filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
— Men hozirgi kunlarda taniqli jurnalist Abdulhamid Ismoilning «Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin» nomli romanini o‘qiyapman, «Akademnashr» 2017 yili chop etgan. Bu – Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi haqidagi ilk roman bo‘lib, hajmi ham salmoqligina – 500 sahifa atrofida. Romanni o‘qib tugatgach, XX asr boshlaridagi Turkiston tarixiga oid kitoblarni topib o‘qimoqchiman.

Anatoliy Bauer, rusiyzabon yozuvchi:
— Abduhakim Fozilovning «Unikalnoye podprostranstva» qissasini o‘qidim.

Tohir Malik, O‘zbekiston xalq yozuvchisi:
– Shu kunlarda hind adibi Rabindranat Tagor hikoyalarini mutolaa qilyapman. Hisoblab ko‘rsam, uning hikoyalarini bundan ellik yil muqaddam o‘qigan ekanman.

Shodmon Otabek, yozuvchi va publitsist:
– Chingiz Aytmatovdan «Siz ko‘p yozasizmi?» deb so‘raganlarida «Yo‘q, men ko‘p o‘qiyman», deb javob bergan ekan. Odil aka Yoqubov rahmatli «Yozuvchilarimizning eng katta qusuri, kasali – ular kitobni kam o‘qiydi», degan edi. Bundan ikki-uch hafta muqaddam Alisher Mirzayevning «Musavvir» nomli romanini o‘qib chiqdim. Nafaqat rassom bo‘laman degan inson, balki har bir ziyoli o‘qib chiqishi kerak bu kitobni. Ashurali Jo‘rayevning Botir Zokirovga bag‘ishlangan «Yurak bo‘ronlari»ni mutolaa qildim. G‘afur G‘ulom nashriyoti chop etgan Pavel Chernishning «Pochemu mы stareem», Nosir Muhammadning tarixiy mavzudagi «Sirli zarvaraqlar»i, Xurshid Do‘stmuhammadning «Donishmand Sizif»i, Abdusaid Ko‘chimovning «Men shoirman, istasangiz shu» kitoblarini o‘qidim. Tohir Malik qalamiga mansub ikki tomli «Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i»ni o‘qib «Hurriyat» gazetasida taqriz e’lon qilgan edim. Mana endi «Tohir Malik gurunglari» kitobini qo‘limga oldim.

Mahmud Yo‘ldosh, psixologiya fanlari doktori:
— Yaqinda o‘qib tamom qilgan kitoblarim: Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy, Jamol Kamol tarjimasida;   «Mustabid tuzumning O‘zbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari» («Sharq», Toshkent, 2000). Bugun tamom qilayotgan va eng katta taassurot qoldirgan kitobim: Otto Vayninger. «Pol i xarakter» (Moskva, 2011 yil, 500 betli asar).

Erkin Komilov, O‘zbekiston xalq artisti:
— To‘g‘risini aytsam, ish, uchrashuvlar, yugur-yugurlar bilan bo‘lib faqatgina pesalar o‘qishga vaqt bo‘lyapti, xolos. So‘nggi marta Qamchibek Kenjaning «Palaxmon» romanini o‘qigandim. Baxtiyor Haydarovning «Insonnoma», «Baxt nima?» kitoblarini doim varaqlab turaman.

Halima Xudoyberdiyeva, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Chingiz Aytmatov qissalarini qayta o‘qib chiqishni boshlamoqchiman. U kishining asarlari qon-qonimga singib ketgan.

Anvar Obidjon, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Kechagina Iqbol Mirzoning bolalar uchun kichik she’rlari to‘plangan «Erkatoy erka toy» kitobini o‘qidim. Avvalroq «Turon qavmlari», Shukur Qurbonning «Erkin Vohidov saboqlari» kitobini tugatgandim. Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘otut-turk» asari yangi nashrini («Mumtoz so‘z» nashriyoti) hayrat bilan mutolaa qilyapman. Bobolarimiz ishlatgan so‘zlar, turkiy tilning ajoyibotlari meni yana o‘ziga tortdi. Yangi nashrda so‘zlar izohi takomillashtirilibdi.

Olimjon Salimov, O‘zbek milliy akademik drama teatri rejissyori:
— Kechagina Xayriddin Sultonovning «Umr esa o‘tmoqda» hikoyalar to‘plamini o‘qib chiqdim. Avvalroq Alisher Mirzoning «Kallaxonalik yigitcha», «Musavvir» romanlarini, Xurshid Do‘stmuhammadning «Bozor» romanini o‘qib chiqqandim. Ishim taqozosi bilan har kuni pesalar o‘qiyman.

Afzal Rafiqov, O‘zbekiston xalq artisti:
— Hozir Bahriddin Nasriddinovning o‘tgan asrda yashagan shoir va dramaturg Xurshid haqidagi kitobini o‘qiyapman. Navoiy asarlarining 10 jildligini doim o‘qib boraman.

Vladimir Vasilev, shoir va yozuvchi:
— Jasur Isxakovning «Snы o Tashkente» asarini o‘qidim.

Galina Vostokova, yozuvchi:
— Daniel Vasilevning «Zvanыy i izbrannыy» asarini o‘qiyapman.

Ahmad Muhammad Tursun, yozuvchi:
— Hozir Imom G‘azzoliy va Imom Termiziy haqlarida katta kitob yozyapman. Yozish jarayonida turli tarixiy asarlarni, Imom Shamsiddin Zahabiyning «Mashhur daholar siyrati», Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumid din» kitoblarini o‘qiyapman.

Qozoqboy Yo‘ldoshev, filologiya fanlari doktori, professor:
— Ayni damda turli qo‘lyozmalarni o‘qish bilan bandman, ammo ularning aksari pichoqqa ilingudek emas. Oxirgi vaqtlarda menga manzur bo‘lgan asar Soyim Isoqning «Qiyomatga qolmagan qasos» romani bo‘ldi.

Ibrohim Haqqul, adabiyotshunos:
— «Sitorai Mohi Xosa»da dam olyapman. O‘zim bilan Lev Tolstoyning «Iqrornoma»sini olib keldim. So‘nggi kunlarda Yusuf Xos Hojib qalami mansub «Qutadg‘u bilig» asarining usmonli turkchaga qilingan tarjimasini o‘qiyapman.

Usmon Azim, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Ayni paytda Apuleyning «Metamarfoza» asarini va Gogolning «Nevskiye prospektы»sini o‘qiyapman.

Baxtiyor To‘rayev, falsafa fanlari doktori, professor:
— Ayni paytda Chingiz Aytmatovning «Tavro Kassandra» asarini qaytadan o‘qimoqdaman. Bu asardan chiqariladigan bosh xulosa shuki, bugungi xatti-harakatlarimiz bilan kelajak uchun mas’ulmiz. Bugun qadamimizni to‘g‘ri tashlasak, kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baloyu ofatlarning oldini olamiz.

Xosiyat Bobomurodova, shoira:
– Stolimda har kuni bir ko‘rib oladigan kitoblar turadi: Alisher Navoiy, Lermontov, Pluton, Sitseron, Aflotun, qadimiy hikmatlar… Yaqinda N.I.Vavilovning «Besh qit’a»sini yig‘lab o‘qidim (Dilorom Yormatova tarjimasi). Jahon mamlakatlarini kezib o‘simliklar olamini kashf etgan ulug‘ olimning iztiroblari… Oxir-oqibatda sovet turmasida och-nahor o‘lgan insonning kundaliklari…
Ko‘nglim bayram qilsin deb «Choliqushi», «Qora va qizil», «So‘na», «Yosh Verterning iztiroblari», jahon shoirlari va o‘zimizning ijodkorlar asarlarini qayta-qayta o‘qiyman. Hayotimni kitoblarsiz tasavvur qila olmayman. Kitoblar mening hayot tarzimga aylanib bo‘lgan. Butun umrim so‘zlar jangi aro kechdi. Kitoblar – hayotim… Shodliklarim, iztiroblarim, baxtim, baxtsizligim qog‘ozlarga ko‘milgan.

Sharof Boshbekov, dramaturg:
– Erkin A’zamning «Guli-guli»sini qo‘limga oldim. Avval o‘qigan bo‘lsam ham takror mutolaa qilyapman. Qayta-qayta murojaat qiladiganim esa turli ma’lumotnomalar, atlas, lug‘atlar. Esimdan chiqib ketmasligi uchun ham ularga qayta-qayta ko‘z tashlab turaman. Bu ijod jarayonida kerak bo‘ladi.

Xurshid Do‘stmuhammad, yozuvchi, jurnalist, filologiya fanlari doktori:
— 2017 yilning dastlabki kunlaridan yana qodiriyxonlik boshlandi. Hali tuganicha yo‘q.
Toshkent tarixiga doir manbalarga qiziqyapman – joy nomlari, voqealar…
Halima Ahmedova, Yuldosh Eshbek, Orziqul Ergashning yangi kitoblari stolim ustida. O‘qishim uchun kitoblarni alohida javonga terib qo‘yaman, lekin kitoblar tartibga rioya “qilishmaydi”.
Keyingi ikki oy unumli kechdi: “Jahon adabiyoti” jurnalining keyingi 3 yil mobaynida e’lon qilingan hikoyalarini o‘qidim. Yana: Varlam Shalamovning “Novaya proza” hikoyalari, Jon Rokfellerning “Memuarы” (1909 y.), Yevgeniy Chazovning “Zdorovya i vlast” xotiralari, Masha Traubning “Ya nikomu nichego ne doljna” romani, Onore de Balzakning “Gobsek” povesti, Ivan Tolstoyning “Otmыtыy roman Pasternaka” tadqiqoti, Andrey Platonovning “Schastlivaya Moskva” romani, Mixail Dokuchayevning “Ya oxranyal Brejneva i Gorbacheva” xotiranomasi, Tomas Vulfning “Jajda tvorchestva” kitobi, Mariya Zalesskayaning “Vagner” kitobi.
Talabalik kezlari bir insondan harchand iltimos qilmay Otto Skortseni haqidagi kitobni o‘qishga bermagandi. Begona yurtda bir kutubxonaga kirib qoldim. Bu noyob odamga bag‘ishlangan 4 ta kitob qatorlashib turibdi! Kutubxonachi ayol kerak bo‘lsa yana topib beramiz deb iltifot ko‘rsatdi. Bittasini olib o‘qidim, xolos.
Ayni kunlarda 2 ta yostiqday kitobni almashib-almashib o‘qiyapman: 1. Salmon Rushdiy. “Deti polunochi (765 bet). 2. Lavrentiy Beriya. “Spasennыe dnevniki i lichnыe zapisi” (861 bet).

Ikrom Otamurod, shoir:
— Rus shoiri Konstantin Balmontning «Stixotvoreniya i poemы» va frantsuz shoiri Giyom Apollinerning «Stixotvoreniya» kitoblarini o‘qiyapman.

Xurshid Davron, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Ayni paytda venger faylasufi Yeva Anchelning «Etos i istoriya» kitobini qaytadan o‘qiyapman. Birinchi marta o‘tgan asrning 90-yillarida o‘qigan edim.  «Etos»  atamasi  qadimgi yunon falsafasida «inson axloqi va uning amaliy ishi o‘rtasidagi bog‘liqlik» yoki erkinroq, ya’ni o‘zimning ta’rifimcha, «ma’naviy tartib»  ma’nosini anglatadi. Etos insonning har bir ishi yuzasidan u bu ishni nimadan kelib chiqib, nima uchun qildi, degan savollarga javob izlaydi. Bu asarni yana qayta o‘qishga ehtiyojimga kelsak, bugun dunyo, insoniyat shunchalik murakkablashdiki, anglash tobora qiyin kechmoqda. Savollarimga javob izlamoqchiman. O‘zimizda kechayotgan jarayonlarni, juda ko‘p odamlarning qilmish-qidirmishini tushunishga urinmoqchiman. Bu millatni bugungi ma’naviy ahvolini, ma’naviy tartibini ham anglashga foyda berarmikan, deb o‘qiyapman.

Ma’suma Ahmedova, yozuvchi:
— Mashhur fin yozuvchisi Arto Paasilinnaning «Quyon yili»  romanini o‘qiyapman. Skandinaviya adabiyoti, xususan, fin adabiyoti meni anchadan buyon qiziqtirib keladi. Voqealar avtomobil halokatida yaralangan quyon bilan Finlandiya bo‘ylab sayohatga chiqqan bir jurnalist nomidan hikoya qilinadi. Fin adabiyotiga xos sarkazm, yumor Arto Paasilinna ijodida ham yaqqol ko‘rinadi. Qat’iy syujetdan chekinmay, personajlarining hayotini yorqin, jonli tasvirlashi kitobxonni o‘ziga jalb qiladi. Ayni shu jihatlari bilan bu adibdan ko‘p narsalarni o‘rgansa bo‘ladi.

Sotim Avaz, yozuvchi:
– Kamina shu kunlarda hazrat Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asarini qayta mutolaa qildim. Har safar nimadir yangilik olaman undan. Navoiy bunday degan: «Mol uldirkim, el bahra topg‘ay». Mol deganda mulkni nazarda tutgan. Men amin bo‘lganim, kitob – mangulik so‘qmog‘i. Mutolaa odamni kamol toptiradi. Kitobga e’tibor bo‘lgan yurt yuksaladi. Yaqinda «Mangulik so‘qmog‘i» nomli kitobim chiqish arafasida. U aynan kitobga munosabat, kitobxonlik, matbaachilikdan hikoya qiladi. Yaqinda “Go‘ro‘g‘lining o‘limi”ni o‘qidim. Anchadan buyon doston o‘qimagandim o‘zi. Zo‘r yozibdi Islom Hamro. Qahramonlar, xarakterlar, tasvir, uslub, hamma-hammasi maromida. 108 yoshli Hayitgul momoning aytimlari asosidagi bu doston judayam ta’sirli. Zo‘r kitob bo‘libdi.

Tursun Ali, shoir:
— Dostoyevskiyning «Iblislar» romanini, Orziqul Ergashning «Shohsanam» qissa va hikoyalar kitobini o‘qiyapman.

Sherqo‘zi G‘oziyev, aktyor, tabib:
– Hozir ro‘zadorman. Asosan bemorlarni ko‘rish bilan ovoraman. Ulardan ortgan paytimda internetga kirib, Feysbukdagi hikoyalarni o‘qiyman. Yangiliklar bilan tanishaman. 2005 yildan 2010 yilgacha Ibn Sino bobomizning hamma asarlarini qaytadan o‘qib chiqdim. Hindiston va Tibetga oid ko‘pgina kitoblarni mutolaa qildim. 2016 yil noyabr oyida «Tibet uslubida samarali muolajalar» degan kitobni yozib tugatdim. Hozircha nashrga berganim yo‘q. Buni institut va kollejlar uchun qo‘llanma sifatida yozganman.

Orziqul Ergash, yozuvchi:
— Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanini qayta o‘qib chiqdim. Andrey Platonovning «Jon» qissasini o‘qiyapman.

Abdulhamid Ismoil, yozuvchi:
— Ramazoni sharif emasmi, Qur’oni karimning 14-porasini, «Sahih al-Buxoriy»ni o‘qiyapman. Bundan avval Kantning «Toza shuur tanqidi», Attorning «Mantiq ut-tayr»i bilan qiyosan Navoiyning «Lison ut-tayr»ini, undan oldinroq Patrik Modianoning «Ko‘rimsiz do‘konlar ko‘chasi» kitobini o‘qigandim.

Habib Temirov, yozuvchi:
– Rus olimi va yozuvchisi Vikentiy Veresayevning «Pushkin v jizni» kitobini o‘qiyapman. Unda mashhur shoirning hayoti va faoliyati kunma-kun hujjatlar asosida hikoya qilingan. Asar ikki tomdan iborat. Adadi: 1.700.000. Ikkinchi kitob: Gyustav Flober qalamiga mansub «O literature, iskusstve pisatelskom trude». U «Bovari xonim» muallifining do‘stlariga maktublari hamda maqolalaridan iborat. Har ikkalasi ham nihoyatda ajoyib, bebaho asarlar.

Keldiyor Xo‘jayorov, prodyuser:
— Muslimbek Yo‘ldoshevning «Mo‘minga begona bahor» (Abdumo‘min O‘tbosarov hayoti haqida) kitobini o‘qib chiqdim. Hozirgi kunda «Buyuk yurt allomalari» nomli kitobni o‘qiyapman (tuzuvchi: Ubaydulla Uvatov, tarix fanlari doktori, professor).

O‘ktam Mirzayor, «Hurriyat» gazetasi bosh muharriri:
— Vladimir Nabokovning 4 jildli «Tanlangan asarlari»ni o‘qib bo‘ldim. Ayniqsa, «Mashinka» nomli hikoyasi juda ma’qul keldi. Shukur Xolmirzayev «Tanlangan asarlar»ining 2-jildini o‘qidim. «Omon ovchining o‘limi» hikoyasi qalbimga o‘tirdi. Azim Suyunning 2 jildli she’riy to‘plamini boshladim. Bo‘sh paytlarda ko‘proq lug‘at o‘qishni yoqtiraman.

Ashurali Jo‘rayev, «O‘zbekiston» NMIU direktorining birinchi o‘rinbosari:
– Sevimli asarlarimdan biri «Dunyoning ishlari»ni qaytadan o‘qiyapman. O‘tkir Hoshimov ijodini judayam hurmat qilaman. Har safar mutolaa qilganimda o‘zgacha his-tuyg‘ular og‘ushida bo‘laman. Yana qo‘limdagi kitoblardan biri – Chingiz Aytmatov va Muxtor Shaxanovning «Cho‘qqida qolgan ovchining  ohu zori». Bebaho asar!

Qulman Ochilov, yozuvchi, jurnalist:
— Olmon adibi Haynrih Byollning (1917-85) «Glazami klouna» («Masxaraboz») romanini o‘qiyapman. Eng yoqqani – samimiyati, tilining sodda-beg‘uborligi, ohangi. Tarjima qilayotgan joylarim ham yo‘q emas: «Mariya meni tark etganidan buyon vokzal bilan musofirxonani tez-tez chalkashtirib yuboradigan bo‘lib qoldim: porte oldida sarosimayu talvasada chiptamni qidirsam, perronda vagon og‘asidan mehmonxonadagi bo‘lmamning kalitini so‘rayman…»
Haynrih Byoll Ikkinchi jahon urushi yillari olmon fashistlari safida qirg‘inbarotlarda ishtirok etgan. Qo‘li qonga botgan. Boshida «V temnote» («Rutubat») hikoyasiga shunchaki ko‘z yugurtirgan edim. Keyin internetdan boshqa asarlarini topib o‘qishga tushdim. Adib Nobel mukofotini behuda olmagan ekan.

Abdumajid Azim, shoir:
— Boboniyoz Qurbonning «Shamolning surati» esse-xotirasini, Tursunboy Adashboyevning «Xufyona jang» kitobini o‘qiyapman.

Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi:
— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Tafsiri Hilol», Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining «Tafsiri Irfon» kitoblarini o‘qiyapman. Shuningdek, Abdulloh Qodiriyning «O‘tkan kunlar»ini o‘qiyapman. Men bu kitobni 10 yoshimdan har bahor va kuzda qayta o‘qiyman. Bu yil sal kechikdim. Yana Navoiyni har kuni qo‘limga olaman.

Shuhrat Rizayev, «Jahon adabiyoti» jurnalining bosh muharriri:
— Yaqinda Yan Parandovskiyning «So‘z kimyosi» nomli kitobini o‘qidim. Kitobda turli davrlarda qalam tebratgan yozuvchilarning ijodiy faoliyati o‘zaro taqqoslanib, yozuvchilik mahorati haqida yaxlit tadqiqot yaratilgan.

Abdulhamid Parda, shoir, tarjimon:
— Kamina biryo‘la bir necha kitob o‘qiyman. So‘nggi o‘qigan kitoblarimdan Yo‘ldosh Eshbekning «Qizg‘aldoqlar ochildi» she’rlar to‘plami («O‘zbekiston» nashriyoti, 2016 yil) manzur bo‘ldi – bu kitobga taqriz yozib tugatdim hisobi. Shu kunlarda Najmiddin Komilovning «Ma’nolar olamiga safar» (Navoiy g‘azallariga sharhlar) kitobini o‘qishga harakat qilyapman. Najmiddin aka Navoiyning qator g‘azallarini atroflicha tahlil qilgani holda ayrim g‘azallarni qisqacha bayon qilib qo‘yaqolganidan afsusdaman, lekin shunisiga ham shukur. Ibrohim Haqqulning maqola, esse, suhbatlar to‘plamlarini qayta-qayta o‘qishdan erinmayman. Feysbukda yosh tojik shoirlarining she’rlarini loaqal ma’nosini anglash uchun «Devoni Foniy»ni (o‘zbekcha nasriy bayoni bilan) vaqti-vaqti bilan o‘qiyapman. Feysbukda qator shoirlarning she’rlarini o‘qib borayapman. Shu kunlarda, Xudo quvvat bersa, Dantening «Ilohiy komediya»siga jiddiy kirishmoqchiman.

Mahmudjon Eshonqulov, karikaturachi rassom:
— So‘nggi bor Sa’dulla Siyoyevning «Yassaviy», V. Shishkovning «Sarkash daryo» romanlarini o‘qidim. Kichik asarlarni har doim jurnal, gazeta va internetdan o‘qib boraman.

Muhiddin Rahim, «Tafakkur» jurnali bosh muharriri o‘rinbosari:
— Eng oxirgi o‘qigan asarim Fyodor (Farhod) Razzoqovning «Korruptsiya v politbyuro. Delo «Krasnogo uzbeka» degan salmoqligina kitobi bo‘ldi. Shunisi maqtovga loyiq: muallif Sharof Rashidov hayoti va faoliyatini Sho‘ro saltanatining 1917 yildan 1983 yilgacha bo‘lgan salkam 70 yillik tarixi bilan uyg‘un yoritgan. F.Razzoqov asli diyorimiz farzandi bo‘lgani sabab o‘zbek xalqiga ham, Rashidov shaxsiga ham mehr bilan yondashgan. Ammo u menda sobiq Ittifoqning parchalanishidan qayg‘uga botgandek ham taassurot qoldirdi. Sotsializmning hali zaxira imkoniyatlari ko‘p edi, biroq Andropovu Gorbachyovdek globalistlar uni G‘arbga arzongarov sotib yubordi, deganga o‘xshash da’volar bor. Bu gaplar publitsistik asarga yarashaverar balki, ammo asl haqiqat-chi, qanday bo‘lgan edi u? Bu savolning javobi F.Razzoqovnikidan qiyinroq, nazarimda…

Zulfiya Mo‘minova, shoira:
— Muhammad Alining «Ulug‘ saltanat», Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanlarini o‘qiyapman.

Halima Ahmedova, shoira:
— Knut Gamsunning «Pan» romanini o‘qiyapman. Asardagi yorug‘, tiniq manzaralar ichidagi sukunat meni o‘ziga tortdi. Amerikalik shoira Emili Dikinsonning she’rlarini qayta o‘qiyapman. So‘nggi paytlarda tasavvufiy asarlarga ko‘p murojaat qilyapman. Hakim Termiziy asarlarini o‘qib chiqdim. «Tazkirat ul-avliyo»ni har kuni o‘qiyman. Bu kitoblar dilni xiraliklardan qutqararkan.

Dilmurod Quronov, filologiya fanlari doktori, professor:
— Yaqinda «Boburnoma»ni qayta o‘qib chiqdim. Bundan tashqari, yangi darsliklar yozish jarayonida chet el olimlarining adabiyotshunoslik nazariyasiga oid kitoblarini o‘qiyapman.

Abdulla Ulug‘ov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
— B.Kuznetsovning «Albert Eynshteyn» nomli ilmiy-nazariy ocherkini o‘qiyapman.

Karimberdi To‘ramurod, yozuvchi:
— Muhammad Amin Muhammad Yusufning «Islomga bag‘ishlangan umr» kitobini yaqinda o‘qib tugatdim. Kitob ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining hayoti, odobi, xislatlari, turmush tarzi haqida. Muallif akalari haqidagi xotiralarini go‘zal bir uslubda bitibdilarki, bu usul Hazratning hikoya qilish usullaridir. Kitobni o‘qigan kishi o‘zi uchun Shayx hazratlarini boshqatdan kashf qilishi shubhasiz.
Ayni kunlarda Ahmad Muhammad Tursunning «Siz qanday yashamoqchisiz?» nomli kitobini mutolaa qilayapman. Ammo muallifdan uzr so‘rayman, kitobini «dabdala» qildim. Sababi men kitob o‘qiyotganimda zo‘r iboralarni yashil marker bilan, qattiq qaytarish uchragan lavhalarni qizil bilan, farzandlarim ham albatta o‘qishi kerak bo‘lgan jumlalarni esa sariq bilan bo‘yab qo‘yaman. Bu kitobning ichi «lolaqizg‘aldoq» bo‘lib ketdi.

Rahimboy Jumaniyozov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
— Men badiiy adabiyotdan ko‘ra, ilmiy, falsafiy kitoblardan oziqlanaman, aniqrog‘i ruhlanaman. «Serjilo tafakkur durdonalari» Mashriqu Mag‘ribzamin allomalarning hayoti va hikmatlari jo bo‘lgan kitobni qayta o‘qishda davom etmoqdaman.

Amir Xudoyberdi, shoir:
— So‘nggi o‘qigan kitobim — Aflotunning «Qonunlar»i.

Ilhom Zoyir, G‘afur G‘ulom nomidagi NMIUning bosh muharriri:
— «Afsungarlar tuhfasi» nomli kitobni o‘qiyapman. Unda jahon adabiyotining eng sara hikoyalari jamlangan. To‘plamni Vahob Ro‘zmatov tarjima qilgan.

Rahimjon Rahmat, yozuvchi:
— Keyingi paytda tarixiy mavzudagi ilmiy va publitsistik maqolalarni qiziqib o‘qiyapman. Xususan, Vatanimizning keyingi uch yuz yillik tarixi haqidagi yozuvlar meni qiziqtiradi. Aniqrog‘i, nima uchun Turkiston xalqlari  mahdudlik oqibatida mustamlaka o‘lkaga aylandi degan savolga javob izlayman. Bizning ham Xitoy va Rossiya kabi buyuk, boy va qudratli mamlakatimiz bo‘lishi kerak edi-ku, nega unday bo‘lmadi?! Jadid ziyolilarining publitsistikasini o‘qiyman – iztirobli savollarimga javob izlayman.
Yana, Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy va boshqa jadid ziyolilarining fojiali taqdiri qiziqtiradi meni. Shularning taqdiri timsolida  Vatanimiz taqdiri va tarixini anglab yetgim keladi.  Tarix deganda konkret shaxslarning taqdirini tushunaman.  Oxirgi o‘qigan asarlarim  jadidlar publitsistikasidir.
Shu kunlarda Erix Fromm asarlariga takroran diqqat qilish niyatim bor. Fromm asarlarida zamonaviy shaxs va jamiyatning illatlari chuqur tahlil etilgan.
Tengdoshlarim – Nazar Eshonqul, Ulug‘bek va Isajon Sulton ijodini izchil kuzatib borishga harakat qilaman.

Norqobil Jalil, shoir:
— Cho‘lpon hazratlarining “Kecha va kunduz” ini ikki oydan beri… o‘qiyapman. Tagamasa deb o‘tiribman. Ana, sizga shoh asarning qadri, qimmati! Besh kundan beri esa mashhur o‘ris adibi Vasiliy Shukshinning “Ikkinchi seansga chipta” (2016, O‘roz Haydarning tarjimasi) kitobini o‘qiyapman. Sibir qishloqlarining sodda, to‘pori (o‘zimizning Shukur Xolmirzayev asarlari qahramonlariga o‘xshataman) oddiy odamlari hayotidan lavhalar… Qulman Ochil va Nabijon Boqiyning qissa va yo‘l-ocherklarini ham o‘qidim. Ikkalasiyam nasrimizda zo‘r yangiliklar yasashiga shubham yo‘q.

Islomjon Yoqubov, adabiyotshunos:
— Alisher Mirzoning «Musavvir», Asad Dilmurodning «Zarradagi olam» kitoblarini o‘qib chiqdim.

Abduqayum Yo‘ldoshev, yozuvchi:
– Shuhrat Rizayevning 2015 yili G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan «Bahodir Yo‘ldoshev teatri» kitobini miriqib  o‘qiyapman. Nomidan bilinib turgandir, kitob teatr san’atimiz darg‘alaridan biri Bahodir akaning hayoti va ijodiy laboratoriyasi haqida. Shuhrat aka samimiy mehr, ehtirom bilan bitgan maqolalar, badialar, qaydlar ko‘z oldingizda fidoyi Ijodkor Shaxs siymosini gavdalantiradi.

Nazar Eshonqul, yozuvchi:
— Osvald Shpenglerning «Zakat Yevropы» («Evropaning so‘nishi») falsafiy traktatini qayta o‘qiyapman. Bu asar Gyotening «Faust» asari tahlili asosida yozilgan bo‘lib, XX asr Yevropasiga xos bo‘lgan ma’naviy-ma’rifiy evrilishlar, o‘zgarishlar, insoniyat tamadduni, taqdiri haqidadir. Traktat 1918 yili yozilgan bo‘lsa-da, hamon dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Karim Bahriyev, yozuvchi, jurnalist:
— «Risolai aziza» (So‘fi Olloyorning «Sabotul ojizin» asariga sharh) kitobini o‘qiyapman.

Faxriddin Nizom, shoir:
— Ayni paytda Fariduddin Attorning «Tazkirat ul-avliyo» tazkirasi, yozuvchi Abdulhamid Ismoilning «Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin» romani va ingliz tilida ijod qilgan trinidadlik shoir, Nobel mukofoti sohibi Derek Uolkottning (1930- 2017) «White Egrets» («Oq qarqaralar») she’riy to‘plamini o‘qiyapman.
Tazkira mutasavvif allomalarning ibratli hayot tarzi va ba’zan tayyorgarligi yo‘q o‘quvchining aqliga sig‘maydigan hayratomuz fikr-mulohazalaridan, roman esa qatag‘on davrida qamoqqa olingan yozuvchining ajal komida turib ham jonini omon saqlab qolish o‘rniga ijod haqida qayg‘urishidan hikoya qiladi.
Shoir Derek Uolkottning «har doim o‘zing tug‘ilib o‘sgan millat qatorida bo‘lish, hatto muhabbat haqqi-hurmati uchun ham uning qatoridan chiqmaslik»ni shior qilib olgani, she’rlari ruhiga ham ushbu pozitsiya – turim singdirib yuborilgani hayratlantiradi. Tashbihlari, obrazlari tiniq, odamga zavq beradi.

Rustam Musurmon, shoir:
— Mirtemirning 4 jildli asarlarini, Sirojiddin Raufning «Siz menga keraksiz» she’rlar to‘plamini o‘qidim. Kortasarning «Drugoye nebo» hikoyalar to‘plamini o‘qiyapman.

Sobir O‘nar, yozuvchi:
— Najmiddin Komilovning Navoiy g‘azallari tahliliga bag‘ishlangan «Xizr chashmasi» kitobini o‘qiyapman.

Muhammad Ismoil, shoir:
— Mirzo Bobur bobomizning qizi Gulbadanbegim qalamiga mansub «Humoyunnoma» asarini o‘qiyapman. Bu kitob avval ham chop etilgan. 2016 yil «O‘zbekiston» nashriyotida yana qayta chiqdi. Fors tilidan Ahmad Quronbekov tarjimasi. Barchaga o‘qishni tavsiya qilar edim. Shuningdek, Abduqodir Jiyloniyning «Rabboniylikni anglash» kitobini o‘qimoqdaman.

Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari:
— Erkin Vohidovning yangi chiqqan “Tanlangan asarlar”ini o‘qiyapman. Alisher Navoiyning “Lisonut tayr”ini, Abdulla Oripovning “Ilohiy komediya”dan tarjimalarini qayta o‘qidim. Ko‘hna yapon she’riyatidan tarjimalar qildim.

Luqmon Bo‘rixon, yozuvchi:
— Tomas Manning «Iosif va birodar»lari asarini Sharq dostonlariga qiyosan o‘qimoqdaman.

Tohir Saidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
– Avaz Muqon taxallusi bilan yozadigan muallifning (asl ismi Boltavoy Shodiyev) «Cho‘pon» nomli romanini o‘qib tugatish arafasidaman. Hajmi katta bo‘lmagan ixchamgina roman. Chiroyli yozilgan ekan. Qisqacha mazmuni bunday: o‘zbek cho‘pon yigiti internet orqali italiyalik Sevilya degan qiz bilan tanishib qoladi. Bir-birlariga yozishadi. Axiyri yigit Italiyaga borib, qizning oilasi bilan tanishadi. U yerda o‘zbek restoranini ochadi. Qiz esa bizning mentalitetimiz, urf-odatlarimizni o‘rganadi. Ikki yosh quradimi-qurmaydimi – bilmadim, chunki asarni hali o‘qib tugatganim yo‘q (kuladi).

Munavvara, shoira:
— Stendalning «Qizil va qora» romanini o‘qiyapman.

Ravshan Xonniyoz, biznes-konsultant:
– Men mutolaa qilayotgan kitob V.Dovganning «1000 let posle smerti» («O‘limdan keyin 1000 yil»). U baxt, boylik, rivojlanish, muvaffaqiyatga erishish yo‘li va g‘oliblar akademiyasi haqida.

Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori, professor:
— Said Ahmadning «Qorako‘z Majnun» hikoyalar to‘plamini qaytadan o‘qib chiqyapman. Undan oldin Xurshid Do‘stmuhammadning «Donishmand Sizif» falsafiy romanini mutolaa qilgan edim.

Jabbor Eshonqul, folklorshunos olim:
— Germaniyalik olim Karl Rayxlning «Turkiy xalqlar eposi» nomli kitobini qayta varaqlayapman. Olim bilan shaxsan tanishman. Uyimizda bir necha bor mehmon bo‘lgan, men unikida. Bu kitobda o‘zbek folklor materiallariga suyangan holda jamiki turkiy xalqlar eposiga yangicha bir munosabat mavjud. Karl Rayxl asli ingliz adabiyoti mutaxassisi. Bir paytlar Oksfordda shu fandan dars bergan. Jeyms Joys, Bekket, Kafka, Kamyu  kabi adiblar ijodini yaxshi biladi. G‘arb adabiyoti mutaxassisi bo‘lgan olimning folklorga yondashuvi tamomila boshqacha bo‘ladi. Bu kitob ingliz tilida Amerikada chop qilingan. Turkcha va ruscha tarjimalari ham mavjud. Menga ilgari turkchasi bilan tanishib chiqqandim. Hozir esa ruscha variantini ko‘rayapman. Tarjimada nimalar o‘zgardi ekan, shuni bilish uchun.
Ikkinchi kitob A. Afanasevning «Slavyan xalqlar mifologiyasi» («Slavyanskaya mifologiya») kitobi. A. Afanasev  rus, umuman, dunyo folklorshunosligida katta o‘ringa ega olim. Bu kitobda folklorga, ayniqsa, marosim folkloriga doir juda muhim masalalar ko‘tarilgani, ular til tarixi bilan bog‘liq holda yoritib berilgani bilan qadrlidir.
Badiiy kitoblardan Najib Fozil Kisako‘rak, Rauf Parfi, Lorkaning she’riy kitoblarini o‘qiyapman. Bu kitoblarni ora-sira tez-tez varaqlab turaman. Odatim shunday, o‘qigan kitoblarni qayta o‘qigim kelaveradi.

Erkin Abdurahmonov, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi direktori:
– Biznes-psixolog Tonni Krebb qalamiga mansub “BezUmno zanyat” kitobini mutolaa qilmoqdaman. Bugungi kun kishisi ongida doimiy band bo‘lish, buning ortida yaxshi daromad ko‘rish muvaffaqiyat belgisi, baxt-saodatning bir ko‘rinishi degan tasavvur shakllanib qolmoqda. Bir vaqtning o‘zida bir qancha masalalarni hal etish bilan doimo band bo‘lish, afsuski, samaradorlik belgisi emasligi, yaxshi daromad ko‘rish bilan to‘laqonli hayot kechirish, huzur-halovat ko‘rish o‘rtasida nihoyatda katta tafovut borligini muallif hayotiy voqealar, shaxsiy kuzatishlari va ilmiy izlanishlari natijalar yordamida yoritishga harakat qilgan. Muallif keltirgan dalillar, bugungi tezlik zamonida doimiy bandlik ummonidan qanday chiqish yo‘llari xususidagi mulohazalari bu mavzuga to‘qnash kelgan o‘quvchiga fikrlashi uchun yaxshi manba bo‘la oladi. Bugun noshirchilikda ommalashgan nobadiiy “non-fikshn” nomi bilan yuritilayotgan adabiyot turiga kirgan mazkur kitobni o‘qish foydadan xoli bo‘layotgani yo‘q.

Islom Hamro, shoir:
– Ikki kun avval Sharof Rashidovning «Kashmir qo‘shig‘i» asarini yana bir marta o‘qib chiqdim. Haqiqatan ham juda go‘zal sevgi dostoni! Ayni paytda esa Abdulhamid Ismoilning Abdulla Qodiriy bobomiz haqidagi «Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin» romanini o‘qiyapman.

Ismoil Shomurodov, yozuvchi:
– Hozirda qo‘tir ko‘ngil bolalik tuyg‘ularini his etishi uchun «Bulbuligo‘yo» kitobini (ertaklar), yoshlik hayajonlarini qayta tuyish uchun «Zardo‘sht tavallosi»ni (falsafiy fikrlar, isyonkor g‘oyalar, noan’anaviy qarashlar) qayta mutolaa qilish ilinjidaman. Biroq, behuda… Endi bolalikdagi sehr olami o‘rniga ertaklarimizda dahshatlar ifodalanganday, F.Nitsshe esa quruq so‘zbozlik qilganday… Shundan bir fikrga keldim: bugungi kun adabiyoti hissiz emas, balki bizning axborotga moslashgan ko‘nglimiz daqqilashgan, xolos.

Risolat Haydarova, «Sharq yulduzi» jurnali bo‘lim boshlig‘i:
– Men kecha oqshom ingliz adibasi Sharlotta Brontening «Jen Eyr» romanini o‘qib tugatdim. Ancha ilgari uning «O‘qituvchi» romanini mutolaa qilgan edim, lekin menda katta taassurot qoldirmagan (holbuki, adabiyotshunoslar bu asarni adiba ijodida muhim bosqich deb hisoblaydi). «Jen Eyr» esa menga yoqdi, «O‘qituvchi»dan ko‘ra ancha mukammal va yuksak ekan.
Adiba o‘sha davr romanchiligi uchun xos bo‘lgan ifoda uslubiga zohiran rioya etsa-da (masalan, asar voqealari bosh qahramon tilidan hikoya qilinadi, voqealar, albatta, yaxshilik bilan tugaydi), botinan mavjud romannavislik uslublariga qarshi isyon ko‘targan. Bu ayol ruhiyati tasvirida, uning xatti-harakatlarida, hatto tabiat tasvirida, qahramonlarning muhabbati izhorini ko‘rsatishda, ingliz ijtimoiy hayotini atroflicha yoritishga uringanida ko‘rinadi.

Iqbol Mirzo, O‘zbekiston xalq shoiri:
— Hozir Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»lari asosida ustoz Hamidulla Boltaboyev nashrga tayyorlagan «40 rivoyatga 40 sharh» kitobini rohatlanib o‘qiyapman. Oldinroq ustozimiz Abdulla Oripovning «Birinchi muhabbatim» kitobini, Orziqul Ergashning hikoyalari va qissalari o‘qib chiqqandim.

Davron Rajab, «Jahon adabiyoti» jurnali she’riyat bo‘limi mudiri:
— Hozirgi kunda Oybek asarlari bilan qiziqib qoldim. Sevimli adibimizning uy-muzeyiga qilgan tashrifimiz turtki bo‘ldi. Buni qarang, avval bormagan ekanman. Men shu paytgacha ustoz adibning faqat she’rlarinigina bilar ekanman. Hozir u kishining tarjimalari va «Navoiy» romanini o‘qiyapman… Garchi Herman Hessening «Cho‘l bo‘risi» romanini mutolaasi yakunlanmay qolgan bo‘lsa ham.

Isajon Sulton, yozuvchi:
— «Bilgamish» dostonini o‘qiyapman.

Alisher Narzullo, shoir:
— Ramazoni sharif sharofatidan Qur’oni karimni qayta o‘qimoqdaman. Badiiy adabiyot namunalaridan Nodar Dumbadzening «Ellada»sini o‘qidim. Bu hikoya odamiylik, Vatan sog‘inchi, buyuk yo‘qotish va inson iztiroblari… haqida. Ko‘nglim qattiqlashib borayotganini his eta boshlaganda doim shu asarni qo‘msab qolaman. Har gal o‘qib tugatganimda ko‘nglim aza chiqqan uydek huvillab qoladi.

Sirojiddin Rauf, «Sharq yulduzi» jurnali bosh muharriri:
— Muborak Ramazon kunlarida Ahmadjon Choriyev nashrga tayyorlagan «Hazrati Sulton Mirhaydar manoqibi (tarixi)»ni o‘qiyapman. Kitobning badiiyati, tarbiyaviy ahamiyati juda yuksak. Shu kunlarda italyan shoiri Petrarka va rus shoiri Andrey Voznesenskiy ijodini, ayniqsa, ular yozgan sonetlarni qiyosiy o‘qib, o‘rganib chiqyapman. Voznesenskiy she’rlarida Petrarkaga xos shakliy uyg‘unlik bor. Rahmatli Nodir Normatovning «Zulayxo daraxti» romanini qayta o‘qidim. Undagi tasvir, badiiylik, tilning go‘zalligi meni hayratga soldi.

Shokir Dolimov, tarjimon:
— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Ijtimoiy odoblar», Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Tarixi Muhammadiy» kitoblarini rus tiliga, Joann K. Roulingning «Garri Potter i darы smerti» kitobini o‘zbekchaga tarjima qilyapman.

Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi:
— Frantsuz dramaturgi Jan Dominik Bobbining «Skafandr va kapalak» romanini takror, Lev Tolstoyning «Tirilish»ini ilk bor o‘qiyapman.

Abdug‘afur Iskandar, «Turon zamin ziyo» nashriyoti direktori:
— Ayni paytda Hayot Shodmonning «Enadaryo» she’rlar to‘plamini o‘qiyapman. Sal oldinroq Ulug‘bek Hamdamning «Adabiyot – ko‘ngil ko‘zgusi» kitobini o‘qib chiqqan edim.

Muhammad Sharif, yozuvchi:
— Alber Kamyuning «Vabo» romani va «Begona» qissasini o‘qib tugatganimga ikki-uch hafta bo‘ldi. Bu kitobni ikkinchi marta o‘qishim. Roman va qissani ilk bor talabalik paytim rus tilida o‘qiganman, juda katta taassurot qoldirgan edi. O‘zbek tilida qayta o‘qib, yodimdan ko‘tarilgan manzaralar yoki rus tilini o‘sha payt juda yaxshi bilmasligim tufayli ko‘zdan qochirilgan detallar o‘rnini to‘ldirdim. Lekin bir narsaga amin bo‘ldimki, rus tilida chala tushunib mutolaa qilgan bo‘lsam-da, Merso personajini, uning tuyg‘ularini to‘g‘ri ilg‘agan ekanman. O‘zbek adiblari bu qissasiga turlicha munosabat bildirgan, Mersoning xarakteri turli bahslarga sabab bo‘lgan. Men esa bu qissani yaxshi ko‘raman.
Bir hafta oldin, kallai saharlab darvoza taqillatib qoldi. Chiqsam,  hurmatli yozuvchimiz Nabijon Boqiyning shaxsan o‘zlari. «Yo‘lim Yunusobodga tushgandi, kirib o‘tdim, tezda mana bu kitobni o‘qib chiqing, hijjalab o‘qing», deya qo‘limga Maksim Gorkiyning «Rossiya bo‘ylab» (Po Rusi) kitobini tutqazdi. Hozir shu kitobni o‘qiyapman. To‘g‘risi, maktab darsligiga kiritilgan «o‘ta kommunistik» g‘oyaga burkangan asarlaridan keyin Gorkiyga qiziqishim yo‘q edi. Nabijon aka bergan kitobdagi ilk hikoyani o‘qiboq fikrim butkul o‘zgardi. Xullas, hozir Gorkiyni o‘zim uchun qayta kashf qilyapman.

Laziz Tangriyev, G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU direktori:
– Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumid din»ini o‘qiyapman. Dunyo miqyosida mashhur kitoblardan biri. Unda islom dini qoidalari, ilmlarni tartiblashtirish, shariat ahkomlarini tartibga solish masalalari yoritilgan. Dinga qanday amal qilish kerak? Shariatda nimalar muhim? Xullas, islom dinini to‘liq o‘rganmoqchi bo‘lgan odam albatta bu kitobni o‘qish kerak. Bir martada tushunish qiyin. Bu kitobni hatto ulamolar ham besh-olti marta o‘qishi kerak, menimcha. Bugun hamma turli masalada tortishadi, birov u, birov bu deydi, imom G‘azzoliyni o‘qimaydi. Bu zot minglab hadislar, ulug‘ sahobalar hayoti asosda Qur’oni karim suralarini o‘rganib, juda katta ilm qilgan. Kerakli kitob. Men, shuningdek, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» kitobini qayta o‘qiyapman. Bulgakovning «Usta va Margarita»sini ruschada mutolaa qilyapman.

Bobur Bobomurod, shoir:
– Men Amir Temur haqidagi asarlarni yig‘ib, o‘qib-o‘rganyapman… (Yazdiydan hozirgi kungacha bo‘lgan mualliflarni). Tojikistondan kitoblar olib kelgandim, fors-tojik she’riyati namunalarini tojikchada o‘qiyapman.

Gulbahor Said G‘ani, «Ferganskaya pravda» gazetasi bosh muharriri:
— Oxirgi mutolaa qilgan yirik asarim Isajon Sultonning «Ozod» romani bo‘ldi. Ko‘proq she’rlar va kichik hajmli asarlar o‘qidim. Ayni damda Marina Svetayeva she’rlariga oshnoman. Ilmiy ish bahonasida «Yangi Farg‘ona» gazetasining 1935 yildagi sonlarini o‘qidim. Bahonada G‘ulom G‘afur degan yozuvchini kashf qildim. Uning hikoyalar to‘plamini o‘qib chiqdim.

Sharifjon Ahmedov, yozuvchi va tarjimon:
— Oradan ko‘p vaqt o‘tib, birdaniga uch asarni takroran, qiyosiy mutolaa qilyapman: Andrey Platonovning «Djan» povesti (1934), Aleksey Cherkasovning «Xmel» (1963) va Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili» (1967) romanlari. Birinchi asarda Nazar Chagatayev unutilgan va ovloqlarda xoru zorlikda so‘nggi kunlarini kechirayotgan o‘z qavmini saodat sari eltishga urinsa, «Xmel»da dajjol poshsho tuzumidan qochib, tayganing qo‘letmas ichlarida qo‘nim topgan qadimchi-staroverlar o‘zlarining mahdud turmushlari bilan andarmon bo‘ladi. «Yolg‘izlikning yuz yili» syujetlari esa ko‘plarga tanish bo‘lsa kerak. Turli davr va bo‘lakcha adabiy an’analarga taalluqli bu asarlarning tamoman o‘ziga xos muhitlaridan umumiy intilish va hamohang kayfiyatlarni izlab topib, har uchalasini bir tadqiqotda birlashtirish rejalarini o‘ylayapman…

Baxtiyor Ollomurod, jurnalist va yozuvchi:
– Lev Tolstoyning «Tirilish» romanini qayta o‘qiyapman. Mamlakatimizda virtual qabulxonalar ochildi. Juda yaxshi bo‘ldi. Deylik, sud xodimlarining munosabati ko‘ngildagidek emas. Haliyam byurokratiya uchraydi… O‘zgarishlar bor, ammo ko‘ngildagidek emas. «Tirilish»da qahramon mahbuslar ahvolini yengillashtirish uchun turma boshliqlarining oldiga kiradi, lekin shunday javob bo‘ladi: «Siz ularning yonini olmang, ular nihoyatda semirib ketyapti. O‘zingiz tuppa-tuzuk dvoryan oilasi vakili bo‘laturib, nega isqirt odamlarning yonini olib yuribsiz!». Bizning sud-huquq tartibot organlari bunday fikrni oshkora aytmasa ham gohida munosabati o‘xshab ketadi-da! Ana shu jihat «Tirilish»ni qo‘limga olishga undadi.

Xosiyat Rustamova, shoira:
— Yaqinda Jek Londonning «Martin Iden»ini, bilmadim, nechanchi marta o‘qib tugatdim. Hozir Bulgakovning «Usta va Margarita»sini o‘qiyapman. Sog‘ingan kitoblarim bular.

Nargiza Roziqova, «Bekajon» gazetasi muharriri:
– Balzakning «Gorio ota» asarini ikkinchi marta o‘qiyapman. Talabaligimda mutolaa qilgandim. Otalar va farzandlar haqidagi asar. Otaning qizlariga cheksiz muhabbati qadrlanmaydi. Har bir farzand o‘qib, xulosa chiqarishi kerak bo‘lgan ajoyib roman.

Baxtiniso Azimboyeva, ruhshunos:
– Men ayni paytda Dipak Chopraning «Istseleniya dushi» kitobini o‘qiyapman. Ayurveda meditsinasining Segun uslubini tadqiq etyapman. Nuqtali massaj uslubi, yoga, meditatsiya  haqida o‘qib, o‘rganyapman.

Huseyin Baydemir, Erzurum (Turkiya) universiteti dotsenti, turkiyshunos:
— O‘tgan hafta Isajon Sultonning «Boqiy darbadar» romanini o‘qib chiqdim. Bu hafta Ibn Battuta yozgan mashhur sayohatnomani o‘qimoqdaman. Bu  sayohatnoma tarixda «Rihla» nomi bilan ham mashhur. Asar XIV asrda yozilgan. Asarda O‘rta Osiyodan, Oltin O‘rda davlati fuqarosi bo‘lmish o‘zbeklardan ham bahslar ketadi.

Ma’rufjon Yo‘ldoshev, Egey universiteti (Turkiya) dotsenti:
— Hozirda Ibn Xaldunning Sharq falsafasining durdonalaridan biri sifatida e’tirof qilingan «Muqaddima»sini o‘qiyapman. Har sohada juda qiziqarli fikrlar bayon qilingan. Allomaning adabiyot va til bilan bog‘liq ilg‘or fikrlari hozir ham qimmatini yo‘qotmagan.

Erdon Esonov, Toshkent shahridagi «Shayx Ziyovuddinxon» jome masjidi imom-xatibi:
— Hozir Vahba Zuhayliyning «Tafsiri Munir»ini o‘qiyapman. Avvalroq Aleksandr Dyumaning «If qal’asi mahbusi» romanini tugatgan edim.

G‘afur Shermuhammad, yozuvchi:
— Isajon Sultonning «Genetika», Abduqayum Yo‘ldoshning «Yo‘l» asarlarini o‘qidim.

Mubashshir Ahmad, noshir, islomshunos:
— Ayni paytda Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» kitobini o‘qiyapman.

A’zam Obidov, shoir, tarjimon:
— Evril Turonning turk birligi, millatparvarlikka da’vat etadigan «O‘lmas qoyalar», «Tumanli kunlar» asarlarini; Emin Usmonning «Tomir» asarini o‘qiyapman. Yana olmoncha she’rlar, olmon adiblari hayoti haqida ma’lumotlar bilan tanishyapman.

Sanjar Nazar, «Akademnashr» nashriyoti direktori:
— Shu kunlarda turk yozuvchisi Faruk Demirelning «Sanchiq» hikoyalar to‘plamini o‘qiyapman. Jamiyatdagi muammolar, insonning og‘riqli kechinmalari ajib bir tarzda yumor ohangida bayon etilishi menga ma’qul keldi.

Nazokat Azim, «So‘g‘diyona» gazetasi bosh muharriri:
— Ayni damda Kendzaburo Oening «Exo nebes» degan kitobini o‘qiyapman. Xirosimaga atom bombasi tashlanganidan keyin yapon oilalarida nogiron (aqli zaif) bolalarning dunyoga kelgani, ota-onalarning iztiroblari… Bosh qahramon adabiyotshunos ayol, ingliz adabiyoti bo‘yicha doktor. Asarni chuqurroq tushunish uchun Flanneri O’Konnor ijodi bilan ham biroz tanish bo‘lgan ma’qul. Og‘ir asar. Ikki kun oldin o‘qib tugatganim Jojo Moyesning «Bir plyus bir» asarini esa “yamlamay yutdim”. Shunchaki dam olish uchun durust. Ikki bolali xizmatkor ayol bilan omadi qochgan boyvachchaning muhabbati – heppi end…

Botir Ergashev, shoir:
— Ramazon – poklanish oyida Ahmad Lutfiy Qozonchining «Saodat asri qissalari» asarini beshinchi marta o‘qib chiqyapman. Bundan avval Chingiz Aytmatovning «Somon yo‘li» qissasini o‘qigandim.

Umid Bekmuhammad, tarixchi  va  publitsist:
– 8 may kuni Sankt-Peterburg-Urganch yo‘nalishidagi samolyotda 48 kilogramm kitob, gazeta-jurnallar olib keldim. Ular orasida Mixail Lermontov va Lev Tolstoyning 1889 yili nashr etilgan saylanmalari, ko‘plab badiiy, tarixiy, falsafiy kitoblar, «Zagadki istorii», «Sekretnыe arxivы», «Sovershenno sekretno», «Sekretnыe materialы», «Taynы i zagadki», «Nevыdumannыe istorii», «Zapretnaya istoriya», «Voyna i otechestvo», «Istorik», «Stupeni», «Zagadki XX veka», «Istoriya», «Mir kriminala», «Biografiya», «Sekretы i arxivы», «Arxivы XX veka», «Taynы SSSR» kabi  jurnallar bor. Ayni paytda faqat jurnallarni o‘qib chiqishga ulgurdim.
«Esenin glazami jenщinы» kitobini tarjima qilish uchun shoir Boltaboy Bekmatovga, «Dostoyevskiy glazami sovremennikov» to‘plamini esa Temur Tangriberganovga topshirdim. Yuqorida tilga olingan boshqa kitoblarni ham kimdir tarjima qilishni xohlasa, qaytarib berish sharti bilan taqdim etishim mumkin.

Farog‘at Xudoyqulova, shoira:
— Abdurazzoq Samarqandiy «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» kitobini, Luqmon Bo‘rixonning «Tun qa’ridagi shu’la» qissa va hikoyalarini, Axtamqul Karimning «Qarog‘imda gullaydi Vatan» she’riy to‘plamini o‘qidim.

Abdulaziz Muborak, shoir:
— Shukur Xolmirzayev «Tanlangan asarlari»ning 1-jildini, Mahmud As’ad Jo‘shonning «Ramazon va taqvo» kitobini, Chingiz Aytmatov qissalarini qayta-qayta o‘qiyapman. Oxirgi o‘qigan kitobim Nabijon Boqiyning «Chingiz afandiga maktublar»idir.

Abror Muxtor Aliy, islomshunos:
— Imom Suyutiyning «Itqon» degan asarlarini o‘qib tugatdim. Bu kitob Qur’oni karimga oid ilmlar borasida so‘z yuritadi. Ayni paytda Abdulmajid Turkmoniyning «Dirosotun fiy usulil hadis alaa manhajil hanafiya» (Hanafiylik manhajiga ko‘ra hadis usulida darslar) kitobini mutolaa va tarjimasi ustidaman. Bu asar bizning hanafiy mazhabimiz asoschisi Imom Abu Haniyfa rahimahullohning, u zotning shogirdlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammadlarning, ulardan keyin hanafiylik mazhabi usullarini jamlagan Iyso ibn Abonning asarlaridan «Al Hujajul Kabir» va «Al Hujajus sag‘ir»ni o‘z ichiga oladi. Kitob eng ishonchli va e’tiborli hanafiy ulamolarning mutaqaddimlaridan boshlab mutaaxxirlarigacha barchalarini usullari borasida so‘z yuritadi. Tohir Malikning «Odamiylik mulki» asarini ham o‘qiyapman. Bu kitob ma’naviyat, axloq va  insoniy qadriyatlar  borasida juda ajoyib uslubda so‘z yuritadi.  She’riyatdan Xayrulla Hamidovning «Suyanchiq» asarini mutolaa qilyapman. Najib Fozilning «Zindondan Mahmudga maktub»ini tarjimasi ustida ham ishlayapman.

Alisher Nazar, shoir, jurnalist:
— Muhammad Abdulhay Lakhnaviyning «G‘iybat o‘zi nima?» nomli risolasini o‘qidim. Kitobda zamon odamlarining butunlay g‘iybatga mubtalo bo‘lib qolgani, g‘iybat arzimas gunoh sanalib qolgani, vaholakni, g‘iybat zinodan-da og‘irroq gunohligi haqida so‘z boradi. Kitob o‘ziga xos uslubda yozilgan. Urdu tilidan Yorqinjon Fozilov tarjimasi.

Ismoil Muhammad Yusuf, «Hilol-nashr» nashriyoti rahbari:
— Ramazon oyi munosabati bilan Shayx Abdulloh Izziddinning «Ro‘za oyining ulug‘ligini da’vatchi va avomlarga eslatish» kitobini o‘qiyapman. Bundan avval Shayx Muhammad Said Muhammad Hasan al-Buxoriyning «Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkak va ayollarning virdlari (vazifalari)» kitobini o‘qigandim.

Nodir Jonuzoq, «Yoshlik» jurnali bosh muharriri:
— So‘nggi dam olish kuni yozuvchi Orziqul Ergashning «Shohsanam» nomli kitobidagi ikkita qissasini o‘qidim. Birinchisi – «Shohsanam», ikkinchisi – «Olis yulduzlar». Ochig‘i, ularni berilib, maroq bilan o‘qidim. O‘qidim-u, biz ko‘pincha klassik, dongdor yozuvchilarning asarlariga talpinamiz-u, shundoq yonimizda yurgan kamtar, ammo yaxshi yozuvchilarning bitiklarini e’tibordan chetda qoldiramiz, deb o‘yladim.
Ayni paytda o‘z odatimga ko‘ra uyda bitta, ishxonada boshqa kitobni o‘qiyapman. Albatta, ularning janri farq qiladi. Uyda taniqli rus yozuvchisi, kinorejissyor Vasiliy Shukshinning «Ikkinchi seansga chipta» nomli («O‘zbekiston» nashriyoti, 2016) hikoyalar to‘plamini o‘qiyapman. Tarjimon – iste’dodli shoirimiz O‘roz Haydar. Garchi hikoyalardagi voqealar Rossiyaning olis posyolkalarida ro‘y bersa-da, bot-bot o‘zimizning qishlog‘u ovullarimizdagi odamlarning nafasini tuyganday bo‘lasiz. Shukshinning bir qarashda oddiy, sokin hikoyalari jozibasiga asir tushganingizni sezmay qolasiz. Ana shu oddiylik va sokinlik qa’rida ulug‘vor insoniy qudrat, jasorat, xaloskor e’tiqod bor ekanini his qilasiz.
Ishxonada O‘zbekiston xalq yozuvchisi, «Tafakkur» jurnali bosh muharriri Erkin A’zamning «Ertalabki xayollar» nomli kitobini o‘qiyapman. Salkam olti yuz betlik bu to‘plamdan ustoz adibning dolzarb mavzudagi maqolayu safarnomalari, fiqralari, adabiy qaydlari, xotira va suhbatlari o‘rin olgan.

Shahnoza To‘raxo‘jayeva, jurnalist:
– Yaqinda Jorj Oruellning «1984» asarini o‘qib tugatdim, hozir «Galatepaga qaytish» (Murod Muhammad Do‘st), «Edvarda» (Knut Gamsun, asarning asl nomi «Pan»,  Muhiddin Omon uni shu nom bilan tarjima qilgan negadir), «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Akademnashr» nashriyotida chiqqan yangi nashri, Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqinida) kitoblarini o‘qiyapman. Zulxumor Mirzayevaning «XX asr o‘zbek adabiyotining Amerikada o‘rganilishi» nomli kitobi navbat kutib turibdi.

Rustam Jabborov, jurnalist, adib, tarjimon:
— Men hozir xizmat taqozosidan «O‘zbekiston madaniy merosi Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plamlarida» (Sankt-Peterburg, Rossiya) kitobini o‘qiyapman. To‘g‘rirog‘i shu kitobning ruscha matni tarjimasi bilan shug‘ullanyapman. Juda qiziq kitob. Unda Rossiyada saqlanayotgan va bir paytlar o‘zimizdan olib chiqib ketilgan qadimiy qo‘lyozmalar haqida ma’lumotlar va ularning katalogi o‘rin olgan.

Abror Zohidov, «7x7» gazetasi bosh muharriri:
– Oxirgi o‘qigan kitobim – yaqinda taqdimoti o‘tkazilgan «Sarobga aldanganlar qismati». Bu to‘plam ekstremizm yo‘liga kirib ketganlar, yot g‘oyalarga adashganlar haqida bo‘lib, kitob ularning panjara ortidan yo‘llagan maktublariga asoslangan. Lekin shu kunlarda yana odatga ko‘ra klassikaga qaytsam kerak. «Avlodlar dovoni»ni o‘qimaganimga bir yildan oshib ketibdi…

Nigora Umarova, filolog:
— Shu kunlarda “Tafsiri Hilol” hamda Tatyana Chernigovskayaning ma’ruzalar to‘plamini mutolaa qilmoqdaman. Olam va odam o‘rtasidagi munosabatlar, Yaratguvchi bilan yaratilmish o‘rtasidagi aloqa, insonning jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘lishi kerak?!.. “Qur’oni karim”ning sharhlari tafsirlangan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri Hilol”ning barcha ju’zlarini Muborak oyning tun osudaligi hamda sahardan so‘ng o‘qib o‘zimni qiziqtirgan barcha savollarga javob topmoqdaman. Qolaversa, ushbu kitobdagi sharhlarni o‘qigan kitobxon sharq mumtoz adabiyotidagi majozlarni, tasavvufning mohiyatini ham to‘g‘ri anglay oladi.
Yo‘l-yo‘lakay biolog, lingvist, semiotik i psixolog Tatyana Chernigovskayaning miya faoliyati hamda uning imkoniyatlari to‘g‘risidagi “Internet, mozg i “jidkiy mir” (“Internet, miya va “suyuqlashgan olam”, “Lektoriy Pryamaya Rech” nashriyoti, 2016 yil) kitobini o‘qib chiqdim. Fikrlashi tor, mantiqiy tafakkuri rivojlanmagan insonlarga nisbatan “aqling suyuqlashib ketibdi” degan iborani ko‘p qo‘llashadi. Olima sun’iy ong, internetning insonning miyasini fikrlash qobiliyatini “dangasa” qilib qo‘yayotganligi, xotira va uning imkoniyatlaridan foydalanish, inson tafakkurini rivojlantirish xususidagi psixologik, biologik, neyrolingvistik jihatdan qarashlari jamlangan axborot asridagi o‘ta dolzarb kitob. Bugungi kunda “kimda ko‘p axborot bo‘lsa, dunyoni boshqaradi” emas, “axborotni tahlil qilib, uni tanlay olib, to‘g‘ri foydalana oladigan inson dunyoni boshqaradi” aqidasi hukm surmoqda. XXI asrning “Axborot qorong‘u o‘rmoni”da mash’al vazifasini bajara oladigan qo‘llanma.
So‘ng aynan shu nashriyotda chop etilgan (“Lektoriy Pryamaya Rech”) “Iskusstvo i mozg” (“San’at va miya faoliyati”) ma’ruzalar to‘plamining mutolaasini boshlamoqchiman.

Nigora To‘xtamatova, «Hamkor-press» gazetasi xodimi:
– Ayni paytda andijonlik yozuvchi Abdumutal Abdullayevning «Qaqnus» nomli qissasini o‘qiyapman. Unda ulug‘ shayx va avliyo Farididdin Attorning hayoti haqida hikoya qilinadi. Asarda insonning kamolotga, haqqa yetishish yo‘lidagi intilish va mashaqqatlari chiroyli tasvirlab berilgan.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid, Toshkent shahridagi «Islom ota» masjidi imom-xatib noibi:
— Ramazon Qur’on oyi bo‘lgani uchun hozir asosan Allohning kitobi Qur’oni karimni o‘qish bilan bandman. Shu bilan birga, Qur’ondagi mo‘jiza va nuktalar jamlangan «Qur’onga doir 1000 ta savol-javob» nomli kitobni ham varaqlab turibman.

Husaynxon Yahyo Abdulmajid, Toshkent shahridagi Xo‘ja Alambardor masjidi imom-xatib noibi:
— Ramazon kirganidan beri faqat Qur’oni karim bilan bandman.

Bekzod Shukurov, «Jamiyat» gazetasi bosh muharriri:
— Oxirgi marta «Temur tuzuklari»ni qayta o‘qib chiqdim. Ayni paytda Rasul Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» (Asror Mo‘min tarjimasi) kitobini o‘qiyapman.

Dinara Do‘ltayeva, jurnalist:
– «Open my eyes so I can see marvelous things». Muallif Alisa Allan – Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi rafiqasi. U Afrikaning qaysidir mamlakatida yashagan. O‘sha yerdagi ayollarning hayoti haqida yozgan. Bilishimcha, roman dunyo miqyosida sotilyapti, yangi chiqqan asarlar orasida ancha xaridorgir. Uni dugonam Filippinda sotib olgan. Menga esa muallifning o‘zi sovg‘a qildi. Yolg‘on bo‘lmasin, hozircha bir sahifa o‘qidim. Stolimda turibdi. Albatta, oxirigacha mutolaa qilaman.

Shukurjon Islomov, bloger:
— Men yaqinda Nabijon Boqiyning “Xorazmlik nemislar” asarini o‘qib chiqdim. Chetdan surgun qilinib Xorazmga kelib qolgan mennonitchi nemislar haqida hujjatlarga va keksalarning xotiralariga asoslanib qiziqarli yozilgan. Bundan tashqari, Uri Dan “Operatsiya Entebbe” qissasini ham. Ugandada garovga olingan isroillik fuqarolar qanday qutqarib olingani haqida tarixiy kitob. Ikkalasiyam elektron variantda o‘qidim.

Nuriddin Sirojidinnov, Toshkent Islom universiteti bitiruvchisi:
— Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ini o‘qib, “Mehrobdan chayon”ni boshladim. Shuningdek, “Mushtum” jurnalida yozilgan tanqidiy taxliliy maqolalarini qayta qayta o‘qimoqdaman. Ramazon oyi kirgani munosabati bilan Mahmud As’ad Jo‘jon q.s.ning “Ramazon va taqvo” kitobini o‘qidim. Hozir Qur’oni karim o‘qish bilan bandman. Ramazondan keyin bir oy ichida “Mehrobdan chayon”ni tugatib, Said Axmad asarlarini boshlamoqchiman. Aytgancha, O‘tkir Xoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarini o‘qib miya dam oladi.

Ma’mura Qutliyeva, «Yangi asr avlodi» nashriyot-matbaa markazi bosh muharriri:
– Erix Fromm qalamiga mansub «Ozodlikdan qochish» asarini mutolaa qilyapman (tarjimon: Qodirqul Ro‘zmatzoda). Jamiyat hayotida ro‘y berayotgan muhim o‘zgarishlar, muammolar, inson ma’naviy kamoloti yo‘lidagi to‘siqlar, ilmiy tafakkur rivojiga xalaqit berayotgan eskicha qarashlardan xalos bo‘lish asarning asosiy g‘oyasini tashkil qiladi. Erix Fromm mazkur asari haqida «Ozodlikdan qochish» – bu o‘rta asr olamining yemirilishi tufayli kelib chiqqan inson tashvishlari fenomenining tahlilidir», – deb yozadi.
Mazkur kitob falsafiy ruhda yozilgani uchun ham uni kitobxon bir o‘qishda tushunishi, mohiyatini anglashi qiyin. Mazmunan ikki-uch qayta mutolaa talab qiladigan «Ozodlikdan qochish» asari yaqin kunlarda «Yangi asr avlodi» nashriyotida chop etiladi va men ushbu asarni barcha kitobxonlarimiz o‘qishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim.

Sa’dullo Quronov, adabiyotshunos:
— «Zamonaviy o‘zbek she’riyatida sintez» mavzusidagi dissertatsiyani yozish jarayonida N.Dmitriyevaning «So‘z va tasvir» nomli monografiyasini o‘qiyapman.

Madina Mirzaqobilova, talaba:
– Grigori Robertsning «Shantaram» kitobini o‘qish bilan mashg‘ulman.  Bundan avval Jo Moyesning «Posle tebya» («Sendan so‘ng») kitobini mutolaa qilgan edim. «Posle tebya» kitobi «Do vstrechi s toboy» («Sen bilan uchrashgunga qadar») kitobining mantiqiy davomi bo‘lib, Luning keyingi hayoti haqida hikoya qiladi. «Shantaram» esa 20 yilga qamalgan odamning 2 yilda qamoqdan qochib, Hindistonga borgani xususida.

SO‘ROVNOMA TAShKILOTChILARIDAN:

Mana, javoblar bilan tanishdingiz. Yangi kitoblar qatorida eski, durdona adabiyotlar ham qayta o‘qilayotganiga guvoh bo‘ldingiz. Zero, «takrorlash — bilimlar onasidir». Qolaversa, bunday kitoblarga talab, ehtiyoj aslo susaymaydi!
Muddaomiz, kitobga bo‘lgan muhabbat yanada kuchaysin. Orzumiz esa, O‘zbekistonimizni dunyodagi eng ko‘p kitob o‘qiydigan mamlakatlar safida ko‘rishdir.
Darvoqe, so‘rovnomamiz tugagani yo‘q. Javoblaringizni kutib qolamiz.

Hurmat ila
Anvar Namozov, Davronbek Tojialiyev

Javoblarni to‘plashda Sa’dullo Quronov va Dilfuza Mahmudova ko‘maklashdi. Ularga minnatdorlik bildiramiz.

PS. So‘rovnoma yuzasidan fikr-mulohaza va javoblaringizni [email protected] manziliga yuborishingiz mumkin.