Sobir O‘nar. Alla (hikoya)

Muxtasar aka yangi uy qurib olgach, eski uyi qoshidagi og‘ilxonasi uzoqlik qilib qoldi. Shunday bo‘lsayam yangi uyga bor bisotini sarflagani uchun boshqa og‘il quraman deb rosa uch yil tirshangladi. Buldozer tekislagan o‘rinning ham tuprog‘i chirib, nishablari o‘pirilib, yana bir marta tekislanadigan bo‘lib qoldi. Eski molxonasi uyidan ancha yiroq, naq jarning labidagi jin urgan yerda joylashgani tufayli qizlari sovuq tushgan paytlari sigir sog‘ishda ovloqsirashardi.
Muxtasar aka qizlarining tanbehlaridan bezib, har dakki eshitganida, shu yil albatta quramiz, deb ont ichib yurdi. “Shu yil, shu yil” bilan rosa uch yilni o‘tkazdi-yu, mana endi ishga kirishmasa bo‘lmay qoldi. Oxir tiramoh bo‘lsa yog‘in-sochindan qo‘rqmay, shu yil yozdan turmush qila boshlagan yangi xotinining erkakcha koyishlari daldasida ishni boshladi. Majbur edi-da, ilgari bir yoqdan iqtisodni o‘ylab cho‘chirdi, endi bo‘lsa ikki emas, oltita bolasi bor. Esi kirganining hammasi shuni gapiradi, biz ham yordam beramiz, qiynalmaysiz, deydi. Xotini bir kuni To‘rabek jo‘rangiz “naparmon” deb yaxshi ot qo‘ygan ekan, ayol kishi bo‘lgandayam shu ishni allaqachon bitirgan bo‘lardi, deb qoldi. Shundan keyin o‘zining qaramidagi sovxo‘z bog‘igayam bormay chin dildan ishladi: “Mayli, sen aytganday bo‘lsin. Mana uyoqniyam qo‘ydik. Molxona bitguncha kechdim o‘sha ishidan!”
– Gap bu bo‘pti-da, e.
Avval tagpaxtasining joyini qazib chiqdi. So‘ng terak qirqish tashvishiga tushdi. Qishloq feldsheri Qurbosh akaning bir soy teragi bor edi. O‘ttiztasini iltimos qildi. Bu zamonda uy ko‘paygani uchunmi, yog‘och degani zahardan qimmat. Ellikdan qo‘l olishib zo‘rg‘a ko‘ndirdi. Qulatishning o‘ziga o‘n kuncha imilladi. Yakka-yolg‘iz o‘g‘li ham o‘ziga tortgani uchunmi, uncha shoshilmadi. Ikkovlon yotqizilgan teraklarni qirga olib chiqamiz deb adoi tamom bo‘lishdi. Oxiri kuyovi bilan uning ukasini hasharga chaqirishdi. Olib kelinadigan kun mashinaning tayini bo‘lmadi. Do‘san shofyor ikki hafta aldadi. Muxtasar akaning bo‘sh fe’li uchun shuyam bir bahona edi. Lekin xotini uning orqasini yerga qo‘ydirmadi.
Muxtasar aka ilgarigi xotini qayoqqa puflasa o‘sha yoqqa uchardi. Xotini kutilmagan tasodifdan vafot etganidan so‘ng esa ish boshqaruvchilar bo‘yi yetgan qizlari – Muharram va Munavvarlar bo‘lib qoldi. Ammo ular to‘g‘ri yo‘lga undashayotganini bilardi. O‘zi erkak bo‘lib bir ishni o‘z biligicha kilmasdi. Xotinining buyruqnamo nasihatlariga yuzini ters qilishni istaydi-yu, lekin janjalga sira tobi yo‘q. Ular kunimda topganim bilan yana ajrashib keyin nima bo‘laman, deb o‘ylaydi.
Eski molxonaning yog‘ochlari o‘ngib, chirib ketgan. Ammo katta qolip bilan qo‘yilgan g‘ishtlar baquvvat edi. Tosh aralash qora tuproqli devori temirday mustahkam. U yerdagi g‘ishtlarni yangi joyga zambilda tashishga to‘g‘ri keldi.
Muxtasar aka o‘sha joyning o‘zidan g‘isht quyaveraylik degan edi-yu, o‘g‘li Nurali ko‘ymadi – nima qilamiz tashvishni ko‘paytirib, kuzning salqinida qurimaydiyam, dedi. Xotini bo‘lsa, pichog‘ingiz qachon ip kesgan, nimani xohlasangiz shuni qilavering, deya jerkidi. Erning jon-jonidan o‘tib ketdi bu gap. “Pul olsang ham shu tishlab gapirishingni qo‘y, xotin” demoqchi bo‘ldi-yu, hali xotiniga bunaqa gap aytib o‘rganmagani uchun tilini tiydi. Pochasini shimardi va bosh-ko‘ziga qaramay ishlayverdi. Nurali – yakka-yolg‘iz o‘g‘li tepada turib shungi bilan g‘ishtlarni butunisicha qo‘porib pastga tushiraverdi. Otasi va o‘gay onasi zambil ko‘tardi. Singillari bo‘lmish uch qiz ham qarab turmay siniq g‘isht bo‘laklarini tashib turishdi. Go‘yo ular ham imorat qurishning yangi hayot qurish kabi qiyinligini sezardilar.
Gulsara yanga oq ro‘molini ko‘zigacha tushirib qisib o‘raydi. Kelinchaklar kabi uyatchan ko‘rinadi. Yana xuddi kelinchaklarday kichik-kichik qayinlariniyam “siz”laydi. Hazil qilsa ko‘taradi. Ne bo‘lsa ham yangi oila, shu erga taqdirini, o‘y-tashvishini baxsh etgan – ko‘tarmay iloji qancha. Keksalarning naqlicha oila – bo‘yniga solingan bo‘yinturuq, to qudrating tamom bo‘lguncha tortib borishga majbur emishsan. Asli umringdagi mazmun ham shu ekan.
Gulsara yanga ko‘pincha jiddiy bo‘lardi. Negadir hech narsadan ko‘ngli to‘lmaganday ko‘rinardi Muxtasar akaning ko‘ziga. Muxtasar aka ham ko‘pchilik tengqurlari kabi ob-havoyu narxi-navoning avzoiga qarab ish tutar, yetti o‘lchab bir kesishga tirishar, lekin shunda ham o‘z xotini bilan yozilib gaplasholmagani uchun ich-ichidan ziq bo‘laverardi. Xotini uning har ishidan nuqson topavergach, o‘ralashadigan bo‘ldi. Qarasa, u noto‘g‘ri gapirmayotir, ishning bo‘larini o‘ylayotir. Ammo shu tinchgina ko‘ringan turmushda ko‘zga tashlanib turmaydigan qandaydir tushov-chigallik bor ediki, Muxtasar aka buni yo‘q qilgisi kelardi.
– Siz oldidan ko‘taring, harna er odamsiz.
Muxtasar aka bu qadar qitiqqa tegadigan har qanday gapni ham eshitib uncha g‘ijinib o‘tirmadi, tashiyverdi. Xotini ham barobar, sal oshirib aytganda, peshlik qilaman deb ko‘tarardi. Tanasidagi kuchga kelganda ham eridan chandon ustun desa bo‘lardi. Miqtiroq-da, keyin g‘o‘labir. Muxtasar akaga o‘xshab oyog‘i ham chalishmaydi, to‘ppa-to‘g‘ri ketaveradi. Aqldan-da bir bo‘g‘in pesh, g‘ayrat ko‘rsatishda ham unga bo‘y bermaslikka qurbi yetadi. Ammo o‘zini tiyadi. Shuning uchun erini oldinga o‘tkazdi.
– O‘zingni charchatib qo‘yma, xotin, – deb achingan bo‘ldi Muxtasar aka. Lekin o‘zi shu bahona bir nafas rostlab olmoqchi bo‘ldi.
– Mayli, dam olamiz.
Kuz quyoshi hademay tepadan qo‘r to‘ka boshladi. Kun ham bir tutam bo‘lib qolgan. Mol-hollar-ku hozir angorda, tezroq molxona bitirilmasa o‘tlar ham yomg‘irdan chiriydi.
– Qani ko‘tardik, hademay tush bo‘ladi.
Mo‘l changli yo‘lakda qalin va etik izlari paydo bo‘lar, o‘g‘il
esa g‘ishtlarni o‘pirib tushirar, izlar changda ko‘milib qolardi…
Gulsara yanga erining imillashiga toqat kilolmaydi. Hazillashib
zambilning ortidan itarib-itarib qo‘yaverdi. Eri shunda sezdi, juda
chaqmoq esma ekan – erirkan buyam. Uning ham hazillashgisi keldi. Payt
topolmay turdi. Bir vaqt xotini engashib, zambilga g‘isht solayotganda
tegishdi: “Uzunroq ko‘ylak kiysang o‘lasanmi?”. Xotini hazilni ko‘tardi.
O‘zi qishloqi bo‘lsayam: “Davringizda posang bo‘lib yuraylik-da”, dedi.
Muxtasar aka bildi: xotiniga yozilib gapira olarkan. Ammo o‘g‘ilga bu
qiliqlar allaqanday andishasizlikday bo‘lib ko‘rindi. G‘ijindi. G‘ijindi-yu, g‘ing deyolmadi. G‘ing deyolmasdi. Zero, yangi onaning sinashtaligi
ham xuddi bugun – yangi imorat qurilishi arafasida bilinmoqda. Muxtasar akaga ishning buyog‘i osonday ko‘rindi. Ruhan ko‘kka chiqdi. Oyoqlari ham chalkashmadi, ehtimol, hozirning o‘zida tarqalib ketgandir charchog‘i.
Xotini tushlik tayyorlash uchun uyga kirib ketdi. Muxtasar akaning o‘zi g‘ishtlarni devor tagiga qalab qo‘yaverdi. Yonida g‘imirlab yurgan
qizchalarini “uyga boringlar” deb do‘qladi. Ermaktalab bolalar ketishmadi, go‘yo ular ham yangi hayot qurilishida ishtirok etishayotganday, yordamlashishayotganday edi… Bir mahal ularning kattasi Guljahonning qo‘lidan devor yorig‘idan chiqqan chayon chaqib oldi. Go‘dak emasmi, hadeganda chirqirab qoldi. Otasi “ha-ha”lab yugurib bordi, tuproq ustidan o‘rmalayotgan chayonni ko‘rib o‘ldirdi. Qizini ko‘tarib uyga olib kirganida xotini xuddi o‘zini chaqqanday rang-ro‘yi o‘zgarib ketdi. Zahrini oladi, deb chelakda o‘sgan patakguldan kesib bosishdi. Uni olib yangisini
bosdilar hamki, qizcha yig‘idan to‘xtamadi. Rangi oqarib ketdi. Tepa
ovuldagi doktorni chaqirib kelish kerak bo‘lib qoldi. Muxtasar aka
o‘g‘liga buyurgan edi, borgisi kelmadi shekilli, “Oydav qushnochga ko‘rsatsayam bo‘ladi-ku”, dedi tanballik bilan. Nuralining onaga begonaligi xuddi shu yerda bilindi.
– Bor bo‘lmasa haqingni olasan, – do‘q qildi ota. Qarasa, padarining avzoyi yomon. Nurali indamay yo‘lga tushdi.
– Eshakni minib ol, – ortidan qichqirdi Muxtasar aka.
Nurali qaramay qistab ketaverdi. Baribir doktorni aytib keldi.
…O‘sha kuni – uzum olaya boshlagan, yozning o‘rtalari edi chog‘i, Nahgurddagi qizi Muharram mehmonga keldi. O‘ng‘aysiz bo‘ldi – qo‘ni-qo‘shnilar o‘gay ona va o‘gay qizni bir-birlari bilan tanishtirib qo‘yishdi. O‘sha vaqti Muharram opaning ko‘zi yorib kelolmagandi to‘yga. U surishtirib bilsa, yangi ona o‘zidan katta emas, hatto bir yosh kichik ekan. Urfni buzmaslik farz – baribir ona! Katta farzand ukalariga ham bir-birlaringni o‘gay ko‘rmanglar, deb tayinladi. Hammasi gapga kirdi, lekin Nurali el bo‘lmadi.
Ettinchi sinfda o‘qiydi – kiradigan esi kirib bo‘lgan. Aftidan unga ona darkor emas, ammo…
Muxtasar aka yuvvosh odam-da. Bir vaqtlar jo‘rasi To‘rabek akaga yorilib, o‘z orzusini so‘zlagan edi: “O‘lsang, kampiringdan avval o‘lsang. Qariligingda – munkayib kirib-chiqishga yaramay qolganingda birgina kampiring yordamchi bo‘ladi, ha, jo‘ra. O‘g‘ling – o‘g‘il, qizing – o‘zganiki, kelin – o‘g‘lingniki, aqling kirib, esingni tanib hidlashganing – birgina xotining. Shuning uchun u sening o‘ligingni ko‘taradi. Oxirgi kuninggacha parvona bo‘ladi. Shularni o‘ylasam, yuragim zirqiraydi, To‘rabek”. Jo‘rasi unga tasalli beribmi, chindanmi Oqmo‘lada eridan ajralib to‘rt qizi bilan qolgan, juvon bor ekan, hamurug‘ing Holdor sening tashvishingda sovchilikka borib yuribdi, dedi. Xoldor aka ishni obdon pishitib bo‘lgandagina Muxtasar akaga shipshidi. Muxtasar aka rozi bo‘ldi.
Imi-jimida to‘y ham bo‘lib o‘tdi.
Odamzotga atalgani bir to‘y ekan-da. Ha, bir martasi tuzuk ekan. Sepsiz-nesiz, to‘rt bolani qo‘zichoqlarday ma’ratib, bechimildiq birov keldi. Ayni pishiqchilik – yoz edi, bortli mashinada kelishgandi. Lekin Muxtasar aka xotinga yolchidi. Tetik edi, tinmasdi. Muxtasar aka quvonardi ichida. Juvon ham yangi er bilan tez elakishdi. U o‘gay qizi Ulbo‘sin bilan angor bo‘lgan tomorqalaru adirlardan bir qishning tezagini qoplab tashib keldi. Ulbo‘sin oiladagi uning eng yaqin suyanchig‘i bo‘ldi: ayol kishi boshqalardan so‘rab bilolmaydigan sirlaru tanimaydigan qarindoshlarini so‘rab-surishtirdi.
Nurali to‘rt qizdan keyin go‘yo nur bo‘lib dunyoga kelgan, uning otini rasm bilan qo‘ygandi onasi. Kichik qizidan keyin “Ul-o‘g‘il bo‘lsaydi”, deb orzu qildilar. Ammo qiz tug‘ildi. “Ul bo‘lsin endi, ul!” deya Ulbo‘sin qo‘yishdi otini. Keyin ul – o‘g‘il bo‘ldi. Hattoki, undan keyingisi Nuralining ukasi ham o‘g‘il edi. Ammo u onasini narigi dunyoga olib ketib qoldi; buning guvohi – urug‘ning kayvonisi Momogul momo. “Oymomo, agar o‘g‘il tug‘sang, ismini Jamol qo‘yamiz, olamning jamolini ko‘rishga qiynalyapti”, degandi u. Chaqaloq dunyoga teskari yo‘ldan keldi. Shuning uchun dunyo unga nasib bo‘lmadi. Onasiga ham. Yuzini ko‘rsatmadi, dunyo jamolini ko‘rmadi o‘zi.
…Hammaga elakishgan, hamma unga ma’qul bo‘lgan kelinchak Nuralini bag‘riga ololmadi. Nurali uning quchog‘iga sig‘madi. Unga endi boshqa ona kerak emas, otasini o‘ylaydi, otamga kerak, deydi. Agar Nuralining indamas bo‘lib qolganini hisobga olmasa, bu oilani bemalol totuv, deb aytsa bo‘lardi. Muxtasar aka qizlarini o‘gay demadi, qurbi yetgancha kiydirib-ichira boshladi. Bo‘yinsalari: “Endi bolalaringning boshini boshmoqlayolmay qolsang kerak, a?” deyishganida, u mardona turib: “Nima qipti, hammasi qiz – bir boshdan sotib yeyman, hozircha boqib turay”, deb qo‘yardi. Va shu bilan o‘zining ham ko‘ngli taskin topganday bo‘lardi…
Nurali onasini “Guljahonning opasi”, derdi. O‘ziga esa sira gapirmasdi. Ona ham unga tirg‘alayverishni ep ko‘rmadi. Nurali uyidagilar bilan urishmas, xafalashmas, lekin boya aytganimizday indamas edi. Bu otasiga ham noqulaylik tug‘dira boshladi. Ota kimni ustun qo‘yishi kerak bu xonadonda: yangi xotin va o‘gay qizlarinimi yoki o‘z zuryodinimi? Yo‘q, u xolis bo‘ladi, bu haqda kuyinadi. O‘g‘lining keyingi paytlarda umuman kamgap bo‘lib qolganligi uni o‘ylantirardi. Shuning uchun o‘g‘ilning ham o‘gay ona bilan uncha elakishmasligi uning aybi emasdi.
Hademay Ulbo‘sin ham otasining palaxmonidan uchdi – Oqsoyga kelin bo‘lib tushdi. Tushgan joyining tuprog‘ini yalab, maysasini gullatib, o‘zi ildizlab ketdi. Shunda u Nuralining eng yakin kishisi ekanligi bilindi. Nazarida otasi ham endi uniki emas, mana shu arzandalarniki, mana shu xotinniki edi.
O‘gay onaning niyatlari esa boshqa: Nuraliga ham sevimli ona bo‘lishni xohlar, o‘z farzandlari o‘rnida ko‘rishga harakat qilar, girdikapalak bo‘lardi. Bu harakatlar esa o‘gay o‘g‘ilga botmas, allaqanday sun’iy, sun’iy bo‘lmasa ham ko‘p narsa yetishmayotgandek bo‘lib tuyular, buning uchun onani ham ayblay olmasdi.
– Agar og‘iryooq bo‘lmaganimda o‘zimoq borib kelardim-ov o‘sha do‘xturiga, – degandi o‘gay ona o‘shanda.
– Jahling chiqmasin, ana boryapti-ku, – tasalli bergan edi Muxtasar aka.
– E, ketmay ketuvsiz qolsin, shunchalik ham teskari bo‘ladimi odam? Qachongacha o‘gayligimni esga solib turadi?
Masharif duxtur kelib ikki marta ukol bergandi qizga. Yana patakgulni mahkam bosishgandi. Qizcha sog‘ayib o‘ynab ketdi. U sho‘x, onasiga o‘xshardi.
Muxtasar aka molxonani naq qishning tumshug‘iga borib bitirdi. Sal bo‘lmasa mollari sovuqda qolib ketayozdi. Agar xotinining tergovi bo‘lmaganda shunga ham ulgurolmasdi. O‘zi ham xotiniga ehtimol, bir kunlari minnatdorchilik bilan aytgandir.
Oiladagi birinchi o‘zgarish og‘il qurish bo‘lsa, ikkinchisi undan ham katta bo‘ldi: qishda farzand – o‘g‘il ko‘rishdi. “Yaxshi bo‘ldi, Nuraliga jo‘ra tug‘ildi”, deb quvonishdi. Bolaga irim bilan Jamol deb ism qo‘yishdi. Lekin buni boshqa irim bilan – Nurali bilan jam bo‘lib yursin, deb qo‘yishdi. Momogul momo – otam zamondan qolgan kampir girdi-baloni biladi-da, bu gal ham u kishi o‘zining avvalgi tadbirkorligini ko‘rsatdi. Kim bilsin, Nuralining avvalgi ukasini eslagandir, ehtimol.
Dunyoning yangi jamoli Nuraliga yoqdi. U oilada birgina shu Jamoldan tortinmay “suhbatlashardi” – uni ko‘rganda yayrab ketar, erkalatar, kuldirar, so‘rg‘ich so‘rdirardi. Onasi ham bemalol ish tayinlaydigan bo‘ldi. Ona bunga o‘zini haqli deb bilardi… Jamolni hamma yaxshi ko‘rardi. Nuralining Jamolni erkalatgani uning boshqalarni ham yaxshi ko‘rganidan alomat berardi.
Yoz kelib Jamolni hovliga, zardoli ostidagi yelbeshikka beladilar. Kechasi Nurali karavotda, boshqalar esa supa ustidagi ko‘rpachalarda uxlashardi. Bir kuni ko‘zi ilinayotganda Jamol birdan yig‘lab qoldi. Onasi uni ovuntirish uchun alla ayta boshladi. Nurali hali o‘gay onasining og‘zidan alla eshitmagan edi.
Alla… Dunyodagi eng sof, eng ohangdor, erka tuyg‘uli, kalb qo‘ri bilan kuylanadigan onalik qo‘shig‘i. Bu qo‘shiqni kuylayotganlarning mehri qanchalik issiq bo‘ladi. O, hammaga ham nasib etsaydi bu qo‘shiq!
Nurali birdan o‘zining onasini esladi. Kechalari moychiroq atrofida qo‘y junini titib o‘tirishardi. Onasi, garchi Nurali hali go‘dak bo‘lsa ham “Nuraliga gilamlik, xotini ikkovi hali shuning ustida dumalaydi” der edi. Nurali esa bu gapni uyat deb bilgani uchun qiqirlab kulardi. Onasi ham hazillashishini qo‘ymasdi. Go‘yo shu bilan butun onalik mehrini qondirib olar, hatto aytayotgan ertaklariga ham bolalarining ismini qo‘yib aytardi. Nurali ko‘pincha Alpomish, Rustam Murodxonlarning o‘rnida bo‘lar, har balo-qazolarni yengib yurar, shu qadar g‘ururi toshib ketar ediki. Axir u butun boshli katta xalqini, Vatanini qutqarar, gohida qonxo‘r podsholarni qilich bilan chopib tashlar, minglab dushmanlarni birma-bir o‘ldirib chiqardi. Bir gal onasining ertagi tugab qolib: “Bo‘ldi, yotinglar endi” dedi. Qizlar bilan qo‘shilib Nurali ham “ayting-ayting” deyavergach, bo‘lmasa chaqaloqliklaringda eshitgan allani aytaman, deb kuylab ketdi. Nurali to‘rt yoshlar chamasi yoshgina, ammo opalari katta – esayib qolganliklari uchun bir-birlarini turtishib kulardilar. O‘shanda mutaassir bo‘lib tinglagani uchunmi, esida qolgandi.
Allaga ham Nuralining otini qo‘shgan edi onasi:

– Chambilbelning oy dalasi daladur,
Oy dalada bir qo‘y yotib qolodur.
Qo‘y jonvorni Nurali bilan,
Ulbus haydab kelodur-ey-ey.

O‘gay ona o‘sha qo‘shiqning kuyini xirgoyi qilyapti. So‘zi yo‘q, kuyi bor. “Mayli, bari bir alla juda yoqimli qo‘shiq” – Nurali yaslanib yotib oldi-da, berilib tinglay boshladi. “Bu onam ham bilar ekana, qiziq, ovozlari ham o‘xshaydimi?” Nurali onasini esladi: “Ha, uning ovozi xuddi shunaqa edi!” Ko‘kragi to‘lib hapriqib ketdi, yig‘lab yuboray dedi. Onasining jussasini to‘liq – aniq-tiniq eslay olganida ehtimol, yig‘lab yuborgan bo‘lardi. Afsuski, eslayolmaydi. Yostiqqa boshini burkadi…
O‘gay ona hamon xirgoyi qilar, so‘z aytmasdi. Nurali tiniq, tip-tiniq osmonga, osmondagi yop-yorug‘ yo‘lga, yo‘lda sochilgan yulduzlarga non yuzli oyga boqib turib o‘sha allani qayta esladi. Kutilmaganda birdan ovozini qo‘yib aytib yubordi. Otasi va onasining eshitib qolishidan cho‘chimadi.

Chambilbelning oy dalasi daladur,
Oy dalada bir qo‘y yotib qolodur,
Qo‘y jonvorni Nurali bilan,
Jamol haydab kelodur-e-e-ey…

Uxlayotganlar cho‘chib-cho‘chib uyg‘ondilar, lekin ohangga to‘la osmon ostidagi bu holat hech kimga erish tuyulmadi.

1988