Naim Karimov. Taniqli folklorshunos olima va shoira

O‘zbek xalqi – jahon madaniyati taraqqiyotiga hissa qo‘shgan xalqlardan biri.
O‘zbek madaniyatining eng qadimgi namunalari bizga arxeologik qazilmalar chog‘ida topilgan sopol, mis va kumush idishlar, tilla va bronza tangalar, ularga zarblangan podsholarning qiyofalari, Afrosiyobdan topilgan devor suratlari va h.k.lar shaklida yetib kelgan. Biz shu ashyolarga asoslangan holda o‘zbek xalqi madaniyati tarixi miloddan oldingi olis asrlarda boshlanganini bilamiz.
Har bir xalq madaniyatining muhim va asosiy sohalaridan biri badiiy adabiyotdir. O‘zbek xalqi adabiyoti qachon va qayerlarda boshlangan? Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida keltirilgan xalq qo‘shiqlari qachon yaratilgan? Koshg‘ariy “Devon”i tuzilgunga qadar ham adabiyotimiz namunalari yaratilganmi?..
Afsuski, o‘zbek adabiyotining yozuv kashf etilgunga qadar yaratilgan namunalari og‘izdan og‘izga, avloddan avlodga o‘tish orqaligina yashab kelgan. Shunday “adabiy jarayon”da nafaqat xalq dostonlari, qissalari, hikoyalari, balki qo‘shiqlari va hatto maqollari ham “yo‘l”da – og‘izdan-og‘izga, avloddan-avlodga o‘tish jarayonida “to‘kilib” qolgan bo‘lishi shubhasizdir. Hatto jadid ma’rifatparvarlik harakati boshlangan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ham hech kim Kaspiy dengizidan Tyanshan tog‘larigacha bo‘lgan kenglikda istiqomat qilgan turkiy xalqlar og‘zaki ijodi durdonalarini yozib olishni o‘ylamagan. Ayniqsa, “to‘rt devor” ichida yashagan, begona erkak bilan muloqotda bo‘lishi gunohi azim hisoblangan ayollarning dostonchilik, qo‘shiqchilik, maqolchilik ijodi namunalarini avlodlarga qoldirish imkoni bo‘lmagani uchun ular tarix qa’riga singib ketavergan.
Toshkent viloyatining Piskent tumanida yashagan 1909-yil 20-aprelda Akmalxon xonadonida maqolamiz “qahramon”i Muzayyana Alaviya tug‘ilgan. U yashagan xonadonda Oyimbibish ismli oqsoch ham yashagan. Taniqli adabiyotshunos olima Mahbuba Qodirovaning ma’lumot berishicha, Muzayyana Alaviya yoshlik chog‘larida Oyimbibishning qorong‘i kulbasiga kirib, undan o‘zbek xalq qo‘shiq va ertaklarini eshitib rohatlanar, boshidan o‘tganlarini aytib berganida esa, uning ahvoliga achinar ekan.
“Oyimbibish ena, – deb yozadi olima, – juda yoshligidan eshonlarga nazir qilingan va umr bo‘yi birovlarning eshigida xizmat qilish, kulfat tortish bilan kunini o‘tkazib yurgan g‘aribi benavo edi. Oyimbibish chaqqon, uddaburron, serjahl bo‘lgani uchun undan xotinlar hayiqardilar. “Erim ham qo‘shiq, bolam ham qo‘shiq”, deb erta-yu kech g‘amgin qo‘shiqlar aytib, o‘zini ovuntirib yurardi. Uning eri Qoraboy yosh o‘lib ketgan, farzandlari ham bo‘lmagan ekan.
Muzayyana uning

Oq edi bilaklarim,
Ko‘p edi tilaklarim.
Tilagimga yetolmay,
Ezildi yuraklarim.

kabi qo‘shiqlarni eshitganida, enagasining g‘aribligi, baxti qaroligiga ich-ichdan achinar va biroz bo‘lsa ham, uning ko‘nglini ovlash, dardini tarqatish uchun oldiga kirib turar va kunduzlari ishlab, qo‘shiq aytib yurgan paytlarida esa: “Qo‘shiqlaringizni yig‘lamasdan ayting, enajon, men yozib olay”, – deb orqasidan yurardi”1.
Muzayyana Alaviyaning otasi Akmalxon mulla, o‘qimishli bo‘lishiga qaramay, anchagina mutaassib, dilozor kishi bo‘lib, qonidagi noxush zarralar o‘qtin-o‘qtin xuruj qilib turardi. Muzayyana tug‘ilgan kuni ham shunday bo‘ldi. U o‘g‘il tug‘magani uchun xotini Mo‘tabarxonga butun nafratini sochib, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar oldida uni ham, o‘zini ham sharmandai sharmisor qildi. Mo‘tabarxon keyin ham ukasi – nozikta’b shoir va olim Abdulla Alaviy tufayli turmush o‘rtog‘idan ko‘p ozorlar chekdi. Akasi tufayli o‘zbek ziyolilarining yangi avlodi yetishib chiqayotganini, yangi ma’rifat va madaniyat asri boshlanganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotgan Muzayyana shu davrga munosib qiz bo‘lib ulg‘ayishga intildi. Tog‘asining Toshkentdan olib kelgan gazeta va jurnallarini o‘qib, yorug‘ olamda ro‘y berayotgan yangiliklar bilan tanisha boshladi. Muzayyanadagi ma’rifatga tashnalikni ko‘rgan Abdulla Alaviy xususiy saboq berishi uchun Masfiya ismli tatar ayolini uning uyiga olib keldi. Masfiya esa shu uyga go‘yo Muzayyanaga paypoq to‘qishni, kiyim tikishni, namoz o‘qishni o‘rgatadigan ayol sifatida kirib keldi.
“Bir kuni dars qilib o‘tirganimda, – deb xotirlagan edi Muzayyana opa, – otam ustimizga kelib qoldi. Masfiya opa darrov “Muhammadiya” degan diniy kitobni ochib, bizga o‘qiy boshladi. Buni ko‘rgan otam behad xursand bo‘ldi. Hech qayerga chiqishga ruxsat etmaydigan otam Masfiya opaning uyiga paranjida borib kelishimizga qarshilik ko‘rsatmas edi”.
Abdulla Alaviy jiyanining ziyrak, bilimli, iste’dodli qiz bo‘lib ulg‘ayishi uchun Piskentga – Akmalxon xonadoniga globus, grammafon singari fan va madaniyat yangiliklarini olib kelib, boshqa xalqlar va mamlakatlarning ilm-fanda nechog‘lik ilg‘orlab ketganini aytar, yangi tarixiy davr yoshlardan rus tili va rus adabiyotini ham bilishni talab etgani uchun Muzayyanaga yangi-yangi muallimalarni boshlab kelar edi. Shu tarzda Muzayyana hayotida dastlab Lida ismli ayol paydo bo‘ladi. Lida oilasi bilan Piskentdan ko‘chib ketganidan so‘ng, uning o‘rniga Shamsijahon ismli muallima keladi. Abdulla Alaviy jiyanining hayot yo‘li ma’rifat yog‘dulari bilan charog‘on bo‘lishi yo‘lidagina kuyinib qolmasdan, yana 13 nafar piskentlik qizning ham Shamsijahon tufayli savodli, o‘quv-yozuvni biladigan yoshlar bo‘lib o‘sishiga yordam beradi.
Otasi mutaassib bo‘lishiga qaramay, Muzayyana noyob bir oilada tug‘ilgan edi. Tog‘asi Abdulla Alaviydan tashqari, buvisi Habibaxon ham, onasi Mo‘tabarxon ham, hatto Obliqda yashagan yaqin qarindoshi Fotimaxon ham ma’rifat nurlaridan bahramand kishilar bo‘lishgan. Buvisi Habibaxon Muzayyanaga “Shohnoma”, “Tuhfat ul-Obidin”, “Bayozi Xislat” singari asarlardan parchalar o‘qib, uni mumtoz Sharq adabiyoti namunalari bilan ilk bor oshno qilgan bo‘lsa, onasi Mo‘tabarxon Navoiy, Fuzuliy, Huvaydo, Mashrab asarlarini yoqimli ovozi bilan o‘qib, qizida mumtoz o‘zbek adabiyotiga mehr uyg‘otgan. U ulug‘ o‘zbek va ozarbayjon shoirlarining asarlarini o‘qish jarayonida ularda mujassamlangan mazmun va mahoratdan mutaassir bo‘lib, o‘zi sezmagan holda Muzayyanada ham she’riyatni his etish malakasini hosil qila boshlagan. Fotima xola esa Oyimbibish kabi xalq og‘zaki ijodining bitmas koni edi. Muzayyana ham shu xolasi, ham enagasi tufayli bolalik va yoshlik chog‘laridan boshlab o‘zbek xalq og‘zaki ijodiga mehr va muhabat tuydi.
“Muzayyana, – deb yozadi adabiyotshunos Mahbuba Qodirova, – ko‘pincha enagasi bilan sumalak pishirish marosimiga borardi. Bunga asosan kampirlar, ayollar va yosh qiz-kelinlar ham ishtirok etardilar. Xursandchilik nima ekanini bilmay, bolalik davrini ichkarida o‘tkazayotgan Muzayyanaga bunday xushchaqchaq yig‘inlar katta zavq baxsh etardi. U sumalak atrofida qahqaha solib o‘yin-kulgi qilayotgan qiz-kelinlarning xursandligiga qo‘shilish, ular ijro etgan qo‘shiq, laparlarni esda tutib qolish, yozib olish ishtiyoqi bilan yonardi”.
1926-yili Muzayyana hayotida unutilmas voqea ro‘y berdi. O‘sha yillarda Leningraddagi Sharq tillari institutida tahsil olayotgan Abdulla Alaviy ta’tilga keldi. U ta’tilni o‘yin-kulgi bilan o‘tkazmasdan Ohangaron tumanidagi Evalak qishlog‘iga borib, shu yerda yashagan Berdi baxshidan “Alpomish” dostonini yozib oldi. Kunlardan birida u Muzayyanaga shu doston qo‘lyozmasini Toshkentga olib borib, O‘zbek bilim hay’atiga topshirmoqchi ekanligini aytadi. Toshkentda xalq ijodi asarlarini yozib olib, to‘plab, shu masala bilan shug‘ullanadigan idora borligidan xabar topgan Muzayyana tog‘asiga quvonib: “Aka, mening ham xalq ertak va qo‘shiqlarini yozib yurgan daftarim bor. Shuni ham olib ketmaysizmi?” – dedi. Abdulla Alaviy jiyanining bunday muhim va xayrli ishga qo‘l urganidan behad mamnun bo‘lib, uni shu qutlug‘ ishni davom ettirishga ilhomlantiradi. “Chirog‘im, – gap boshlaydi u, – folklor – xalqimiz madaniyatining noyob xazinasi. Maqolmi, qo‘shiqmi, ertakmi, dostonmi – qo‘ni-qo‘shnilaringdan, piskentliklardan eshitgan xalq ijodi asarlarini yozib olaver!.. Men sening daftaringni ham xalq og‘zaki ijodi bilan shug‘ullanuvchi idoraga topshiraman. Bu asarlarni Muzayyanaxon yozib olgan, deb qayd etib qo‘yishadi”.
Shu kundan boshlab xalq ijodi Muzayyananing taqdiriga, Muzayyana hayotining ma’nosini belgilovchi omilga aylandi.
O‘tgan vaqt ichida Muzayyananing oila va hayot, adabiyot va xalq og‘zaki ijodi haqidagi tasavvurlarigina yorqinlashib qolmay, o‘zi ham ko‘zga ko‘rinib qolgan, “do‘ppi bilan ursa yiqilmaydigan” holga kelgan edi. Shu hol u yashagan xonadonga sovchilarning oqib kela boshlashiga sabab bo‘ldi. Kunlarning birida Akmalxon qizining ra’yini bilmay-so‘ramay turib, toshkentlik singlisidan kelgan sovchilarga rozi ekanligini bildirdi. Bo‘lajak kuyov eshonzodalardan ekan. Muzayyana bu voqeadan xabar topishi bilan yolg‘iz najotkori – Leningradga, Abdulla tog‘asiga Mohira opa orqali xat yuborib, orzu piyolasi chil-chil sinish oldida turganini aytdi. Jiyanining ilg‘or, iste’dodli o‘zbek qizlaridan biri bo‘lib ulg‘ayayotganini ko‘rgan va shu bilan faxrlangan Abdulla Alaviy Muzayyanaga xat yo‘llab, bardam bo‘lishni, o‘z baxti va kelajagi uchun kurashishni maslahat berdi. Ayni paytda qaysar ota nomiga ham xat yozib, uni insofga chaqirdi.
Muzayyana opaning arxivida saqlanib qolgan shu xatda bunday so‘zlar yozilgan edi: “To‘ra aka, Muzayyanajon nozik tabiatli, juda ham tiyran, andishali, ziyrak qiz. Shoirlik ta’bi bor. O‘tmishda bunday ziyrak tabiat qizlar o‘zlari kutgan orzu-havaslariga erisholmasdan yig‘lab kelib, yig‘lab ketganlar. Men o‘shalardek baxtsiz bo‘lmasin, deb qo‘rqaman. Agar biz uni o‘qitsak, yaxshi bir kishi bo‘lib yetishadi. Shuning uchun uni kuyovga berishda juda ehtiyotlik zarur. Sabr qiling, singlimning inju ko‘ngli yaralanmasin, kelajakka ishonch bilan kulib turgan ko‘zlari yoshga to‘lmasin!..”
Ammo xurofot changalida yashayotgan ota bu so‘zlarga parvo ham qilmadi.
Shu orada Piskentda yer-suv islohoti bilan bog‘liq voqealar boshlandi. Kambag‘allar o‘z rizqlariga erishish uchun qanchadan qancha yerlarni o‘zlashtirib olgan boylarga qarshi bosh ko‘tardilar. Xotin-qizlar mudhish o‘tmishning ramzi bo‘lgan paranjilarini gulxanga otdilar. Shunday jasur ayollardan biri Muzayyananing enagasi Oyimbibish edi. Enaganing bunday jasoratini ko‘rgan Muzayyana qat’iy qarorga kelib, ota-ona uyini tark etadi. “1927-yil 23-sentyabr kuni kechasi soat 3 da shosha-pisha, bir oyog‘imga o‘zimning, ikkinchi oyog‘imga otamning mahsisini kiyib qochdim”,3 – deb eslaydi Muzayyana opa o‘sha tarixiy kunni.
Akmalxon oilasida ro‘y bergan favqulodda voqea katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Turli “mish-mishlar” to‘qildi. Lekin eng muhimi shuki, Muzayyana Piskent xotin-qizlar klubi mudirasi Maryam Battolova yordamida Toshkentga, keyin O‘zbek xotin-qizlar bilim yurti mudirasi Robiyaxon Nosirova yordamida Samarqandga borib, bilim yurtiga o‘qishga kirib, o‘z orzusi sari dadil qadam tashlagan edi. U Samarqandda Hamid Olimjon, Toshpo‘lat Sa’diy, Shukur Sa’dulla, Oydin Sobirova, Xosiyat Tillaxonova, Mahbuba Rahimova singari ijodkor tengdoshlari davrasida hayotining ilm va ijod nurlari bilan muzayyan bo‘lgan yangi davrini boshladi.
Muzayyana 1930-yili bilim yurtini tugatib, Pedakademiya (hozirgi Samarqand davlat universiti)ga o‘qishga kirib, bilim xazinasini zavq-shavq bilan egallashga kirishadi. U, bir tomondan, shu dorilfununda, ikkinchi tomondan, dorilfununda muallimlik qilayotgan mehribon tog‘asi Abdulla Alaviy bag‘rida, uchinchi tomondan, Oydin Sobirova, Iqbolxon Akbarova, Inobat Asad qizi singari yangi o‘zbek madaniyatining qaldirg‘ochlari davrasida hayotining eng baxtli kunlarini kechira boshlaydi.
Kunlarning birida u buvisi Habibaxon bilan Piskent tog‘lari etagida joylashgan Obluq qishlog‘iga sayohatga boradi. Baland tog‘lar bag‘ridagi sharsharalardan zilol suvlarning sharqirab oqib tushishi, tog‘ etaklaridagi dov-daraxtlar-u, o‘t-o‘lanlar bo‘yini chor atrofga taratib esgan mayin shabada mavjlari Muzayyanani maftun etadi. Bir zamon, shunday fusunkor bir daqiqada olisdan “qo‘zichog‘”ini uxlatayotgan yosh onaning qo‘shig‘i eshitilib qoladi:

Tol ichidan tanlab olgan
Toli chavkarim bolam, alla.
Gul ichidan iskab olgan
Guli rayhonim bolam, alla…

Bu “alla” so‘zlaridan ham, aytuvchi ayolning dilbar ovozidan ham sarxush bo‘lgan Muzayyana tinchini yo‘qotadi. U Habibaxonim bilan birga “alla” ovozi mavjlanib kelayotgan o‘tovni qidirib topib, bo‘lajak hikoyasi qahramoni Zebi bilan tanishadi. Zebining boshidan kechirganlarini jon qulog‘i bilan eshitib, ilk nasriy asari – “Qizlar” hikoyasini yozadi.
Murakkab davr edi. Bir tomondan, “to‘rt devor” ichida yashagan xotin-qizlarning ozodlik shabadalaridan bahramand bo‘lishi, ikkinchi tomondan, shu shabadalarning begunoh to‘kilgan qonlar hidi bilan esishi…
Muzayyana shularning hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. O‘zbek xotin-qizlarning dardi hatto shu keng olamga ham sig‘masligiga ishondi. Ammo bu dardni faqat ko‘rinmas bir narsaga – qo‘shiqqa joylash mumkinligiga amin bo‘ldi. U onalari, opalari, tengdoshlari va singillarining dardlari “bitilgan” qo‘shiqlarni yozib olish, to‘plab, kitob qilib chiqarish baxtli va baxti qaro O‘zbek Ayollari oldidagi burchi ekanligini sezdi.
Muzayyana qishning qahraton kunlari, yozning jazirama oftobi demay, qish kunlarida tizzagacha loyga botib, yoz kunlarida esa yuk mashinalari-yu aravalar qoldirgan chang-to‘zon demay, viloyatma-viloyat, qishloqma-qishloq kezishdan charchamadi-hormadi. 20 – 30-yillarda nafaqat qishloq yo‘llari, balki katta-kichik shaharlarning yo‘llari ham hali tosh ko‘rmagan, shag‘al ko‘rmagan, asfalt ko‘rmagan yo‘llar bo‘lganini ko‘z oldingizga keltirsangiz, uning Inson sifatidagi, Olima sifatidagi jasorati Pamir tog‘laridek yorqinlik kasb etadi.
Muzayyana shu yo‘llarni kechib, ashula ovozi eshitilgan, ertak ovozi kelgan, quloqqa Alpomish-u, Go‘ro‘g‘li-yu Ravshanlar otining dukuri chalingan mamlakatimizning qariyb har bir qishlog‘iga borib, o‘zbek xalq og‘zaki ijodining qog‘ozga tushmay, yoddan ko‘tarilib ketishi mumkin bo‘lgan durdonalarini yozib-olib keldi. Shu yillarda G‘ozi Olim Yunusov, Hodi Zarif, Buyuk Karimiy, Mansur Afzalov singari folklorchi olimlar yetishib chiqqan bo‘lsalar-da, “ichkari”ga faqat Muzayyana Alaviyagina kirib, xotin-qizlar ijodi namunalarini ular og‘zidan eshitib, yozib olishi mumkin edi. Va u shunday ishni qoyilmaqom qilib bajardi. Shuning uchun ham Muzayyana opani Hodi Zarif bilan birga o‘zbek folklorshunoslik faniga asos solgan olima, desak adolatdan bo‘ladi.

* * *

Shu yerda bir lirik chekinish qilsak.
Muzayyana ota xonadonida yashagan kunlarning birida muallimasi Shamsijahon opa unga… bir xat beradi. Xat bunday so‘zlar bilan boshlangan edi: “Iffatli go‘zal qardoshim!..” Muzayyana bu so‘zlarni o‘qishi bilan qip-qizarib ketdi. Xatni oxirigacha o‘qib bo‘lmasdanoq kimdan kelganini bildi. U Toshkent va Leningradda tahsil olgan yigit edi. Xat o‘zganing qo‘liga tushmaslik uchun yirtib, yoqmoqchi bo‘ldi. Lekin muhabbat navosi zamzama qilib turgan xatni yoqib tashlashga ko‘zi qiymadi. Yaxshiyamki, otasi unga ko‘z tegmasligi uchun uch burchakli qizil duxoba tumorni sovg‘a qilgan ekan, u xatni shu tumor ichiga joylab, uni doim o‘zi bilan birga olib yuradigan bo‘ldi.
Muzayyananing Samarqandga qochib kelganini eshitgan Lutfulla (boyagi xat muallifi, Muzayyananing yaqin qarindoshi) sevgilisini izlab topganidan boshi osmonga yetib, Samarqandga uchib keldi va 1930-yilning ayni bahor kunlarida, Abdulla Alaviyning uyida ikki yoshning nikoh kechasi bo‘lib o‘tdi.
Inson baxtning qadriga yetish uchun Alloh o‘qtin-o‘qtin uning hayotiga sovuq shamollarni purkab turadi. 1931-yil yanvarida Muzayyana va uning oilasi hayotini shunday sovuq shamol vayron qilib ketdi: o‘zbek xalqining xassos shoir va olimlaridan biri, Cho‘lponning sevimli shogirdi va do‘sti, Muzayyananing tog‘asi emas, jonajon akasi va murabbiysi Abdulla Alaviy vafot etdi. Shu kuni Samarqand ustidagi yulduzlar ham ko‘z yoshlarini to‘kdilar. Abdullaziz Samarqand Muzayyanaga huvullab qolgan, hazin bir maskanga o‘xshab qoldi…
Ular – yosh kelin bilan kuyov Toshkentga ko‘chib ketdilar.
Yosh oila Qatortol qishlog‘idagi Mulla Olimboyning bolaxonasida yashay boshladilar. Muzayyana Xirmontepada joylashgan maktabning 4-sinfidan – 10-sinfigacha o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi. Kechqurunlari savodsizlikni tugatish kurslarini boshqardi, qishloqning ma’rifiy-madaniy hayotida qizg‘in ishtirok etdi. Ammo…
Ammo Muzayyana hali baxtning qadriga to‘la yetib ulgurmaganmi, Alloh unga yana bir dahshatli voqeani ravo ko‘radi. Aslida bu dahshatli voqea Allohning irodasi emas, balki Muzayyana – sha’niga sharaflar o‘qib yashayotgan mustabid davlatning qilmishi edi: 1930-yili Maorif xalq komissarligida xizmat qilayotgan Lutfulla Alaviy “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olindi.
Muzayyana bunday so‘zlarni aytib, yig‘lab-qaqshab qoldi:

Qon yig‘latib tashlab ketdi, yor ketdi,
Tilay ketdi, menga qarab, zor ketdi.
Rahm aylamay kimlar oldi yorimni,
Aytmaydilar yorga aytib zorimni…

…Umr piyolangizga bir tomchi zahar tushdimi, bu piyolani ko‘z yoshlaringiz bilan qanchalik yuvmang, unga quyilgan suv o‘qtin-o‘qtin sizni zaharlab turadi. Muzayyana turmush o‘rtog‘ining manglayiga “xalq dushmani” tamg‘asi o‘yilganidan keyin, ruhiy azoblarni yengish uchun butun kuchini ishga, aholi o‘rtasida ma’rifat nurlarini tarqatishga bag‘ishladi. Lekin 1934-yili tuman gazetasida “O‘qituvchi” imzosi bilan “Qo‘y terisini yopingan bo‘rilar” feletonining chiqishi uning boshiga balo toshlarining yog‘ilishiga sabab bo‘ldi. “Quloqlar” feletonni Muzayyana yozgan degan gumon bilan uning uyiga o‘t qo‘yib yubordilar. Shundan keyin u Toshkent shahriga ko‘chib kelib, shahar maktablaridan birida muallimalik qildi. 1937-yil dahshatlari boshlanib, tiriklar sha’niga ham, o‘liklar sha’niga ham tuhmat toshlari otildi. Marhum “panturkist Abdulla Avloniy” boshiga otilgan toshlar katta qismi Muzayyananing aziz boshiga kelib tushdi. Muzayyananing “shaxsiy ish”ini tekshirish uchun kelgan komissiya uning kundaligini varaqlar ekan, Hofiz Sheroziyning bir forsiy she’ri va uning tarjimasiga ko‘zi tushib qoldi. Muzayyana ulug‘ shoir she’rining bir baytini bunday tarjima qilgan ekan:

Biz – kemasi singanlarmiz, qo‘zg‘ol, najot shamoli,
Shoyadki yana ko‘rsak ul yor-u oshnoni.
“Aksilinqilobiy g‘oya” momoguldirakdek yangrab turgan bu bayt Muzayyananing maktabdan va tahsil olayotgani – pedagogika institutining sirtqi bo‘limidan haydalishiga sabab bo‘ldi.
Lekin Olloh inson boshini toshdan, irodasini po‘latdan yasagan ekan. Davlat ham, mutaassib ruhoniylar-u bag‘ri qattiq zolimlar va zamonlar ham Muzayyanani yenga olmadilar.

* * *

1939 yili Muzayyana xasta otasini ko‘rgani tug‘ilgan qishlog‘iga boradi. Buni qarangki, u otasining ko‘nglini so‘rab, duosini olgandan keyin kutilmagan bir voqea ro‘y beradi. U beiz, bedarak ketgan, bir-biridan vahmli tushlar ko‘rib, tirikligiga ishonmay qo‘ygan turmush o‘rtog‘i “abadiy muzliklar o‘lkasi” – Sibir o‘rmonlaridan ozod bo‘lib, Piskentga o‘z oyog‘i bilan kirib keladi.
Hayoti yana ravon izga tushgan Muzayyana 1940-yili O‘zbekiston Fanlar Komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutiga ilmiy xodim bo‘lib ishga kiradi. Shu kundan boshlab uning folklorchi olima sifatidagi qaynoq ijodiy faoliyati avj olib ketadi. Olima O‘zbekistonning barcha viloyatlarga bo‘ylab uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiyalarda faol qatnashib, xalq baxshilari, dostonchilari, ertakchilari va qo‘shiqchilari og‘zidan ko‘plab asarlarni yozib oladi. Islom shoir, Fozil shoir, Boymurot Boymat o‘g‘li kabi xalq ijodkorlari bilan hamkorlik qiladi, Fozil shoirdan “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kirgan “Intizor” va “Kunlarim” dostonlarini yozib olib, nashr etadi. 1951-yili tashkil etilgan xalqaro ekspeditsiya bilan Farg‘ona vodiysiga borganida, Qo‘qonda – Ruhiy, Mukarram, Yaypanda – Mirza Maryam, Marg‘ilonda – Dilkash, Namanganda – Sharofatxon singari fanga noma’lum shoir va qo‘shiqchilarni kashf etib, ularning asarlarini yozib oladi. Olima Xiva shahrida bo‘lganida esa “o‘zbek Vanga”sini kashf etadi.
“Nazira, – degan edi olima Mahbuba Qodirovaga xivalik nogiron xalq qo‘shiqchisini eslab, – bizni uyiga olib bordi. Badihago‘y, birinchi uchrashuvdayoq odamni ko‘rolmasa ham (uning ikki ko‘zi ko‘r edi) so‘zidan kimligini bilib oladigan va o‘sha kishi sha’niga darrov she’r to‘qiydigan yigirma to‘qqiz yoshli bu ayol juda iste’dodli edi. U qo‘shiqchilikda o‘z ustozi Anabi qori (Ona bibi Otajonova)dan qolishmasdan qo‘shiqlarini garmon bilan ijro etardi. Ayniqsa, to‘y qo‘shiqlarini xilma-xil turda, yengil, xushchaqchaq ohangda mahorat bilan kuylardi. Naziraning repertuarida kichkina, qisqa qo‘shiqlar, laparlar, o‘lanlargina emas, balki “Tohir-Zuhra”, “Sayyodxon”, “Oshiq G‘arib” kabi traditsion dostonlar ham mavjuddir”.
Saxiy odam yurgan yo‘lida tilla tanga topganidek, Muzayyana qayerga borsa, fanga noma’lum bo‘lgan, asarlari qishlog‘idan nariga tarqalmagan yuzga yaqin yoki yuzdan ziyod xalq dostonchilari, ertakchilari, qo‘shiqchilarini kashf etdi. M.Qodirovaning ma’lumot berishicha, Muzayyana 1877-yili Farg‘onaning Yormozor qishlog‘ida suvoqchi-gilkor oilasida tug‘ilgan Shuhratiy degan shoir bilan uchrashib, uning Muqimiy va Furqat haqidagi xotiralarini yozib olgan ekan. “Men, – degan ekan Shuhratiy olima bilan suhbati chog‘ida, – she’rga va she’r yozishga qiziqib yurganimda Muqimiyni ko‘rish, u bilan suhbatlashish orzusi bor edi. Bir kuni biz do‘stim bilan Qo‘qonga bordik. Men yigirma yoshlarda edim. Ammo Muqimiy o‘z ahboblari bilan Yaypan sayohatiga otlanib turgan ekanlar. Ko‘rishdik va suhbatlashib tanishib ketdik, ozgina she’rxonlik bo‘ldi. Agar shunda ko‘rishmaganimizda umr bo‘yi armonda o‘tar edim. Shoir Furqatni ham keyinroq ko‘rishga musharraf bo‘ldim: Yormozordan Marg‘ilonga tushganimda Furqat rastada bir sotuvchi do‘konida o‘tirgan ekan. Turib ketayotib men kimligimni, otamni so‘rab qoldi. Shunda Furqatning tili chuchuk ekanini payqadim”.
Muzayyana Alaviya beorom va behalovat hayoti davomida Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek singari ulug‘ insonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ularga zamondosh va suhbatdosh bo‘lganidan faxrlanib, har biri o‘zbek xalqining milliy boyligi bo‘lgan xalq ijodkorlarini esa biz uchun, kelajak uchun kashf etib yashadi. U umri davomida to‘plagan xalq ijodkorlari asarlarini tahlil va tadqiq etib, 1959-yilda “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” mavzuyida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Shu yili uning shu nomdagi monografiyasi chop etildi. Biz olimaning turli yillarda dunyo yuzini ko‘rgan “O‘zbek xalq qo‘shiqlari”, “O‘zbek folkloridan namunalar”, “Grajdanlar urushi hamda xalq xo‘jaligini tiklash va sotsialistik industrlash davrida o‘zbek xalq poetik ijodi”, “Yangi qo‘shiqlar” singari asarlari tufayli o‘zbek xalq og‘zaki ijodining faqat bir sohasi – qo‘shiqchilik sohasining o‘ziyoq javohirlar bilan to‘la ummon ekanligini angladik.
Muzayyana Alaviya ilmiy izlanishlardan tashqari, o‘nlab she’rlar, “Gulbahor”, “Zaynab uchgan” singari dostonlar yozgan, ma’naviyat masalalariga bag‘ishlangan “Odamiylik haqida”, “Dil nidosi”, “Kamtarlik – yaxshi fazilat”, “Yon qo‘shnim, jon qo‘shnim”, “O‘ylarimdasiz” singari risolalar yaratgan taniqli shoira va publitsist edi. Butun umrini O‘zbek Ayolining, uning salohiyati va ijodi mevalarining yuzaga chiqishiga bag‘ishlagan olima va shoira uchun dunyoda Onadan aziz inson bo‘lmagan. Ana shu muqaddas Ona obrazi shoira va olima ijodining bosh qahramonidir. Uning “Ona” deb nomlangan she’ri bunday satrlar bilan boshlangan:

Mehnat, muhabbati uning tengsizdir,
Quyosh martabali azimdan azim…
Bag‘ri yayrash joyi, qalbi dengizdir,
Koinot bosh urib qiladi ta’zim.
Uning mehri bilan yorug‘dir olam,
Saxiy kamtarligi o‘xshaydi yerga.
Uning xizmati-la yuksalar odam,
Odam uning bilan g‘arqdir mehrga.
Yaxshilik tilaydi hammaga birday,
Sochi oq, qalbi oq, oqdan ko‘ylagi,
Hammaning qalbida balqiydi nurday,
Ona bo‘lsa tog‘day inson yuragi!..

Muzayyana Alaviyaning o‘zi ham shunday Onalardan biri va timsoli edi.
Olima 1988 yil 3 martda vafot etgan.
Lekin u ibratli hayoti, qilgan ishlari, yaratgan asarlari, tarix qa’riga ketishdan saqlab qolgan xalq ijodi durdonalari bilan xalqimiz yodida, madaniyatimiz tarixida bir umrga qolgan.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 9-10-son