Begali Qosimov. Jadidchilik. Ayrim mulohazalar (1990)

Yaqin tariximizdagi ijtimoiy-madaniy xarakatchilikda uningdek muhim rol o‘ynagan, ayni paytda uningdek xilma-xil baho va talqinga sazovor bo‘lgan ikkinchi bir hodisani topish qiyin. Rusiyada inqilobning eng og‘ir yili bo‘lgan 1919 yilda inqilobchi dramaturg Abdulla Badriy «Yosh buxorolilar kimlar?» degan savol qo‘yadi va shunday javob beradi: «…onlarning fikru xayollari va muddaolari biz bechora va qashshoqlarni g‘urbatdan, ya’ni amirlar, beklar va boylarning zulmlaridan ozod qilmoq va bizlarning roxatimiz va tinchligimiz uchun harakat va taraddud qilmoqdur»[1]. Moskva Davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakultetini endigina bitirib kelgan 23 yoshli marksist adabiyotshunosimiz Otajon Hoshim o‘zbek adabiyoti tarixi taraqqiyotini ikki katta bosqichga bo‘ladi: chig‘atoy (Navoiy davri — B. Q.) va jadid davrlari. 1928 yilda u yozadi: «Chig‘atoy adabiyoti adabiyotimizning eng gullagan davridir. To jadid adabiyotiga qadar bo‘lgan adabiyot bu davr adabiyotining pasaygan shaklda asosan kaytarilishidan iboratdir»[2].

Tadqiqotchi fikrini davom ettirsak, shunday xulosaga kelamiz: 20-yillarning so‘nggidagi adabiyot jadid adabiyotining davomidir. Akmal Ikromovning O‘zLQSM MQning 1926 yil 19 mayda bo‘lib o‘tgan II Plenumidagi nutqidan: «Jadidizmning burjua ideologiyasi savdo burjuaziyasi ideologiyasidir. Uning bizga hech bir daxli yo‘q, negaki, u Oktyabrning bir tomonida, biz esa ikkinchi tomonida turamiz»[3].

Yana: «Jadid adabiyoti o‘zbek burjuaziyasi adabiyotidir. Jadid adabiyoti o‘zbek burjuaziyasining fikrini va uning boshdan kechirgan holatlarini aks etadir, uning uchun ishlaydir, kuyadir, yig‘laydir»[4].

Jadidchilik xaqida yaxlitroq tasavvur hosil qilish uchun gapni sal oldinroqdan boshlash kerak.

U bizda o‘tgan asrning so‘nggida paydo bo‘ldi. Har bir hodisa singari uning ham maydonga kelish shart-sharoiti, sabablari bor.

Ibrohim Mo‘minov yozadi: «Tarix o‘rtaga shunday muammoni qo‘ydi. Eskilikni tor-mor qilib, rus xalqining fani va texnikasini o‘rganib, hozirgi zamon bilan birga olg‘a borish yeki o‘rta asrchilik holatida feodallik tuzumida qolaberish kerakmi?»[5].

Harakatchilikning o‘lkamizdagi bevosita ishtirokchilariga so‘z beraylik. Abdulla Avloniyning «Tarjimai hol»idan: «Shul zamonda (1894— 1904 yillar ko‘zda tutiladi — B. Q.) yerli xalqlar orasida eskilik-yangilik (qadim-jadid) janjali boshlandi. Gazit o‘qig‘uvchilarni mullalar «jadidchi» nomi bilan atar edilar».

«Turkiston viloyatining gazeti» 1908 yilda yozadi: «Usuli jadid nadur?» «Usuli jadid» yangi usul demakdir. Yangi usul deganda, usuli e’tiqod va ibodatda yangilik demak emas, balki so‘ng zamonlarda xalqni(ng) faqirligi sababli bik qizg‘onch bir holga tushgan maktab va madrasalarimizning kerak idorasini va kerak ta’lim, tadris kayfiyatlarini isloh etmak…dan iboratdir». (20 mart).

Toshkent jadidlarining otasi deb tan olingan Munavvar Qori jadidchilikni qoralash ayni avj olgan bir paytda, muhokamalardan birida shunday degan edi: «Jadidlikka qanday baho berish to‘g‘risida quyidag‘i asoslarni keltiraman: Jadid maktabi qay vaqtda va kimlar qo‘li bilan vujudga chiqdi? Mana buni tekshirish uchun 20 yil ilgariga qarash, albatta, lozim. Hozirgi paytda o‘rta ma’lumotg‘a ega bo‘lgan kishilar Maskov va boshqa joylarga borib o‘qishni havas qilsa, avvallari savodi chiqqan har bir kishi Buxoro borib o‘qishni o‘zi uchun bir sharaf deb bilar edi. Chunki ular ilmni fakat dingina deb bilar edilar. Muhit ham shuni taqozo qilar edi.

Jadid maktabi tashkil qilg‘onlar ham eski maktab, madrasa va qorixonalarning yetishtirgan kishilari edi. Ular yolg‘iz Boqchasaroyda chiqadurg‘on Ismoil Gasprinskiyning gazetasini o‘qidilar va shu orqali maktabni yaxshi tushunib, kitoblar oldirar edilar»[6].

Yuqoridagilardan shu narsa ma’lum bo‘lyaptiki, jadidchilik maktabdan boshlangan. So‘ng matbuot, teatr, siyosatga o‘tgan. Ikkinchidan, unga mansub kishilarning ijtimoiy kelib chiqishi bir xil bo‘lgan emas. Nihoyat, uning maydonga kelishini deyarli barcha zamondoshlari singari Munavvar Qori ham Ismoilbek Gasprinskiy nomi bilan bog‘lamoqda.

Darhaqiqat, Rusiya musulmonlari dunyosidagi bu ijtimoiy‑ma’naviy siljishda Gasprinskiy (1852—1914)ning xizmati benihoyadir. U Rusiya musulmonlari xayotida yangi hodisa bo‘lgan «usuli jadid»ga asos soldi, «Tarjumon» (1883—1914) gazetasi bilan turkiy tildagi matbuotni boshlab berdi. O‘tgan asrning oxirlarida «usuli jadid»ning dovrug‘i yetib bormagan biror qishloq — qariyani musulmon Rusiyasining markazida emas, Turkiston muzofoti, hatto, Xiva, Buxoro xonliklaridan ham topish qiyin edi. Davrida uning «Tarjumon»idan mashhurroq gazeta yo‘q edi. Shuning uchun ham 1914 yilda u vafot etganida O‘rta Osiyoda, Kavkazu Volga bo‘yida qayg‘urmagan ziyoli qolmadi.

Ota-bobolarining nomi Rusiyaning kibor-dvoryanlari kitobiga tushgan, nasl-nasabi aslzoda Ismoilbekning ilk ta’lim-tarbiyasi ovrupocha bo‘lganligi, xususan Voronejda, Moskvada kadetlar korpusida o‘qiganligi mutaxassislarga yaxshi ma’lum. Lekin u sharqona ham tahsil ko‘rgan, har ikki o‘qish-o‘qitish usulining sir-asrorlaridan xabardor edi. Chunonchi, u Bog‘chasaroyda Zanjirli madrasasida, so‘ng Istambulda o‘qidi. Uning Istambulda o‘qish davri Turkiyadagi mashhur «Tanzimat» (1840—1860) deb nom olgan islohotlar amalga oshib, o‘zining dastlabki samaralarini bera boshlagan, ijtimoiy hayotning hamma jabhalarida qizg‘in bir ko‘tarilish ko‘zga tashlangan, milliy ong va tafakkur uyg‘onayotgan, ma’rifat-madaniyatga ishtiyoq behad kuchaygan 70-yillarga to‘g‘ri keladi.

1865 yilda tuzilgan yashirin «Genj osmanilar» (yosh usmonlilar) jamiyati mamlakatni «zulum» va «jaholat»dan olib chiqish uchun feodal saltanatga qarshi kurash e’lon qilgan edi. Chamasi, bular Ismoilbek Gasprinskiy hayotida beiz ketmagan. Taqdir uni yana Markaziy Ovrupoga boshlab bordi. 3 yil Parijda yashadi. Rus jamiyatida boshlangan o‘zgarishlarni, xususan XIX asrning o‘rtalarida maydonga kelgan ikki ijtimoiy-tarixiy tendentsiyani — «otalar» va «bolalar»ni adabiyotga olib kirib, bahosini bergan I. S. Turgenev bilan tanishdi. Shunchaki tanishdi emas, unga mirzalik qildi. 1883 yilda adib vafotidan qattiq qayg‘urdi, «vafoyatnoma» yezdi. Shularning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdiki, jadidchilik qandaydir daf’atan maydonga kelgan harakat emas. U, avvalo, muayyan sabablar bilan umumtaraqqiyotdan uzilib qolgan har bir millat, mamlakat hayotida bo‘lishi tabiiy hol edi. Farqi shuki, u Rusiya musulmonlari orasida «jadidchilik» shaklida namoyon bo‘ldi. Ikkinchidan, u boshlanishdayoq tor, millatchilik yo‘nalishida bo‘lgan emas, aksincha G‘arb bilan Sharqning eng so‘nggi yutuqlariga tayangan, unga ergashgan harakatchilik edi. To‘g‘ri, burjua harakatchiligi edi, lekin xuddi shu sharoitda inqilobiy kuchga ega bo‘lgan, o‘znda mutaraqqiy mazmun tashigan burjua harakatchiligi edi.

Gasprinskiy faoliyatini kuzatishda davom etamiz:

U «Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldosh» (1898) kitobida yozadi:

«Zamonamizda dunyoda yashamoq ichun insonlar ziyoda bilmiya (bilmoqqa) va ziyoda cholishmiya (kurashmoqqa) muhtojdirlar. Har bir odam zarurati diniyasini o‘rgandikdan so‘ng har kun ishda va muomalada lozim o‘lan biluk (bilim), hunar, sanoye’ va kamoloti soira (boshqa) bilmasi (bilmog‘i) lozimdir. Bunlar (bular) ham tahsil va ta’lim ila maydona kelur.

Bizim musulmonlar yolg‘iz bir miqdor kalomi sharif o‘qumoq va ba’zan bir-iki satr qoralamoq tahsili ichun besh sana maktaba vorub kelurlar va olajaq bu tahsil ichun yoshlig‘i va zamon tahsili favt (qurbon) edarlar. Agar maktablar go‘zal bir usula kunlursa (o‘tkazilsa) besh sanalik tahsil mukammal o‘laroq ikki sanada tamom edilub, qolan uch sanada doho xiyli ma’lumot va ilm qozanmoq mumkin o‘lajakdur.

Bunga binoan 1884 sanasi Boqchasaroyda bir maktabi usuli jadida qo‘ymish edim. Samarasi umidimdan ziyoda o‘ldi. Bir qoch (qancha) maktablar doho usulimi qabul ila isloh o‘ldilar. Soir viloyatlardan usul ko‘rmiya kelub-kedanlar o‘lub, bu soyada har tarafdan iki yuzdan mutavojuz maktablar usuli qabul etdilar…» .

Gasprinskiy uni «usuli jadid» maktabi deb atadi. U «usuli jadid»ni avvalgilariga — «usuli qadim»ga zid qo‘yish yo‘lidan bormadi, aksincha bir-birining davomi, zamonga muvofiqlashtirilgani deb hisobladi:

«Eski usul maktab muallimlari, hurmatlu qarindoshlarimiza bu yozdiqlarimiz og‘ir kelmasun. Xosho, biz kandimiz (o‘zimiz) eski usul ila o‘quduq… Ota-bobo kunlarindin qolmish milliy maktablari isloh etmak usuli jadid demakdir, boshqa bir o‘quv, boshqa bir maktab demak dagil (emas)dir».

U qanday maqsadda va nima sababdan yuzaga keldi? Uni «usuli qadim»dan ajratib turuvchi asosiy xususiyat nimada?

«Usuli jadid oz vaqtda ziyoda va doho mukammal o‘qutmoq va o‘qumoq yo‘llarini go‘stirir (ko‘rsatadi)».

Muallif ushbu kitobida bunday maktablarning qurilish plan-loyihasidan tortib, dars xonalarining ichki jihoz-uskunalarigacha, muallim kursisining turish joyidan o‘tirgich‑partalarning joylashish tartibigacha, bo‘r-taboshirdan yozar‑buzar doskagacha, qopu (eshik)dan panjara-derazalargacha xamma-hammasi haqida batafsil to‘xtaydi. Dars jadvalini tuzishda nimalarga rioya qilish, tanaffus-ta’tillar, imtihonlar, dam olish kunlari haqida fikr yuritadi. Chunonchi, maktabning 12 moddalik «Rioya»sida o‘qiymiz: «Besh soatda besh turli fandan dars boqmoq og‘ir dagildir. Lekin besh soat yolg‘iz bir dars ila o‘g‘rashmoq zehnni buzar… Shogirdlari urmiya, so‘kmiya hojat yo‘qdir…»

Xar olti oyda imtihon qilib, sinfdan-sinfga o‘tkazish, bilmaganlarni qoldirish va bular orqali shogirdlarda o‘qishga havas uyg‘otish xususida so‘zlanadi. Kitobda asosiy o‘rinni «usuli jadid» maktabining darslik-programmasi va «dars vermak usuli qoidalari» egallagan.

Muallif ishni 3— 5 harfni o‘quvchiga tanitib, shulardan so‘z yasash bilan boshlashni, bir darsni o‘zlashtirishga erishmasdan, navbatdagisini boshlamaslikni uqdiradi. Harflarning so‘zdagi o‘rniga qarab turli shakl olishiga diqqatni qaratadi. Ularni 2 qismga — oldidan keluvchi harflarga qo‘shiluvchi («hurufi munfasila») va har ikki tomon bilan qo‘shiluvchi («hurufi muttasila»)ga ajratadi. Shu tariqa, savod chiqarishda har bir harfning «sadosini, savtini, maxrajini bayon etish»ni talab kiluvchi «usuli savtiya» (tovush metodi) atrofilicha asoslanadi. Muallif uni «usuli savtiyai tadrijiya» deb ataydi.

Bu gaplar aslida sal ilgariroq boshlangan edi. 1881 yilda Simferopolda Gasprinskiyning «Rusiya musulmonlari» degan kitobi bosilib chiqdi. Unda madrasalarni isloh qilish, dunyoviy fanlar o‘qitish, rus tilini o‘rgatish masalasini ko‘tardi. Jumladan, diniy fanlar va arab tili bilan bir qatorda tibbiyot, hikmat, kimyo, nabotot, nujum, handasa fanlari, rus, fors tillari (jami 17 predmetni sanaydi) o‘rganilishi shartligi haqida so‘z yuritdi. Ayni paytda, Rusiyadagi musulmonlarning ma’rifati o‘z tillarida, an’anaviy vositalar bilan olib borilishi lozim deb hisobladi. So‘ng 1884 yilda — usuli jadid maktabi ochgan yili uning uchun maxsus «Xo‘ja sibyon» (Bolalar muallimi) nomli o‘quv darsligi ham yozib chop ettirdi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘qitishning ovrupocha harf‑tovush usulini birinchi marotaba Rusiya musulmonlari maorifiga olib kirdi.

Shu tariqa, jadidchilikning tamal toshlaridan bo‘lgan yangi maktab — maorif kontseptsiyasi o‘tgan asrning 80-yillarida Qrimda paydo bo‘ldi. Uning asoschisi esa Boqchasaroylik Ismoilbek Gasprinskiy edi.

Bu nuqtai nazar maydonga kelishi bilan ikki jiddiy to‘siqka duch keldi: 1. Chor ma’muriy apparati. 2. Mahalliy musulmon muttassibligi. 1882 yilning 30 avgustida mashhur missioner N. Ostroumov direktorlik qilgan Toshkentdagi O‘qituvchilar seminariyasida «G‘ayrirus musulmonlarning maorifi asoslarini qanday printsiplar tashkil etmog‘i kerak?» degan mavzuda kengash o‘tdi. Unda Turkiston general-gubernatori A. K. Abramov boshliq o‘lka harbiy ma’muriyat vakillari, ruhoniylar ishtirok etdilar. Tarix, geografiya o‘qituvchisi M. A. Muropiyev ma’ruza qilib, Gasprinskiy loyihasini qabul etish «mudrab yotgan musulmon mutaasibligini tiriltirish, binobarin, ko‘ksimizda ilonni asrash bo‘lur edi», shu sababli, «musulmonlarimiz maorifining asosida ularni ruslashtirish», «islomni buzish», «umuman diniy jihatlarini buzish» «yotmog‘i lozim»[7], — deb hisobladi. Kavkazorti O‘qituvchilar seminariyasining direktori Semyonovning Gasprinskiy loyihasini quvvatlashidan xafa bo‘ldi. Toshkent O‘qituvchilar seminariyasi 15 yildan buyon yerli aholini jalb qilolmayotganligidan zorlandi. «Bizning burchimiz yerlilarni maktabimizni sevishga, hurmat qilishga va ishonishga majbur etmoqdir», — dedi, Hindistondagi inglizlarning bu sohadagi ishlarini o‘rnak qilib ko‘rsatdi.

Ikkinchi bir misol.

1892 yilda Gasprinskiy musulmon maktablarining islohi haqidagi loyihasi bilan Turkiston general-gubernatori Rozenbaxga murojaat qiladi. General-gubernator loyiha bilan tanishish va u haqda fikr bildirishni N. P. Ostroumov bilan V. P. Nalivkinlarga topshiradi. Ular, tabiiyki, loyihani rad etadilar, «ma’qullash maqsadga muvofiq emas» deb topadilar, Ostroumov Gasprinskiy qilayotgan ishlarni Ovrupo madaniyati yutuqlaridan o‘z milliyligini saqlab qolish uchun foydalanishning betimsol namunasi deb qaraydi va xuddi shu jihati unga yoqmaydi. Ikkinchidan, Gasprinskiyning ta’siri Turkistonga ham yoyilayotganidan bezovta ekanini aytadi. Xullas, Rozenbax loyihaga «oqibatsiz qoldirilsin» degan imzo chekadi[8]. To‘g‘ri, Gasprinskiy 1893 yilda Toshkentga keldi, Samarqand, Buxoro kabi qator shaharlarda bo‘ldi, biroq Turkiston harbiy ma’muriyati ham, Buxoro amirligi ham uning «usuli jadid»ini xayrihohlik bilan kutib olmadilar. Ish qiyin kechdi. Toshkentdagi intilishlar ham samara bermadi. Masalan, Munavvar Qorining usuli jadid maktabi ochishga ruxsat so‘rab qilgan murojaatlariga Sirdaryo harbiy gubernatori rad javobini berdi. A. V. Pyaskovskiy Gasprinskiy dastlab kelgan 1893 yilda Samarqandda yangi tipdagi bitta maktab ochilganini, Farg‘onada esa bu harakat muvaffaqiyatsiz tugaganini ma’lum qiladi. Samarqanddagi maktabning qaysi millatga mansubligi aniq emas, lekin 1895—1900 yillarda Turkiston va Buxoroda ochilgan yangi maktablarning, deyarli hammasi tatarlarniki bo‘lgan. Turkistonning 1916—1917 yillardagi geiyeral-gubernatori I. A. Kuropatkin o‘z kundaliklarida «Biz 50 yil tubjoy aholini taraqqiyotdan chetda, maktablar va rus hayotidan chetda tutdik» deb yozar ekan, bunda juda katta ma’no bor edi.

Usuli jadid maktablari asr boshlarida, unda xam ming bir mashaqqatlar bilan paydo bo‘ldi. Bunda rus-tuzem maktablarining ham ma’lum roli bor. XX asr boshlarida yangi maktablar uchun birinchi darsliklar sifatida maydonga kelgan «Ustozi avval»ning (1902) muallifi Saidrasul Aziziy 1900 yilda Toshkentdagi Birinchi rus-tuzem maktabida, «Ikkinchi muallim»ni yozgan Aliasqar ibn Bayramali Kalinin Ko‘kchadagi Ikkinchi rus-tuzem maktabida sartiya muallimlari edilar. Shularga qaramay usuli jadid mahalliy mutaassiblarning ham qarshiligiga uchradi. Aziziy «nasoro» (kofir) maxsum nomini oldi.

Avloniy yozadi: «1904 yildan «jadid maktabi» ochib, o‘qituvchilik qila boshladim. Mullolar «jadidchi»larni «munofiq», «mufsid», «zindiq», «dahriy» so‘zlari bilan xalk orasida propag‘anda va agitatsiya kila boshladilar. Va bularning qilg‘on bu harakatlari bizning-da qonimizni qaynatub, boylarning yoniga mullolarni xam qo‘shub, mullolarga qarshi «jadidchi»larning ham dushmanliklari orta bordi» («Tarjimai hol»).

Munavvar Qori 1927 yildagi mashxur qurultoyda shunday degan edi: «…o‘sha vaqtdag‘i jadid maktabiga ulamo, boy, hamma va hamma qarshi edi. Jadidlar shunday sharoit ichida jasorat bilan chikib ish boshlag‘on ekanlar, bularg‘a berilaturg‘on baho ham shundan ortiq bo‘lmaslig‘i lozim edi. Jadidlar shu maktabga yaxshi nazar bilan qarag‘on kishilarni o‘ziga do‘st ko‘rib, quchog‘iga tortar edi».

Muhammadsharif So‘fizoda Chustdan badarg‘a qilindi, salkam 20 yil yurtma-yurt sarson-sargardon kezishga majbur bo‘ldi. Samarqandlik Siddiqiy-Ajziy 5—6 ming kishi huzurida Ulug‘bek madrasasi jome’sida «kofir» deb e’lon kilindi. Toshkentlik Mirmuhsin Shermuhamedov Eski Jo‘va bozori rastalarida sazoyi etildi… Lekin bu maktablarning biri yopilsa, ikkinchisi ochilaverdi. Yangilik va taraqqiyotga ishtiyoq oy sayin emas, kun sayin o‘sib bordi.

Birinchi rus revolyutsiyasi jadidchilikning kuchayishiga, ko‘lami va mazmun yo‘nalishining kengayishiga yo‘l ochdi. Matbaachilik yo‘lga qo‘yildi. Turkistonning ko‘pgina shaharlarida bosmaxonalar ishga tushdi. «Musulmoncha» kitoblar chop etila boshlandi. O‘n yilcha vaqt oralig‘ida yuzlab kitoblar bosildi. O‘zbek tilida gazeta va jurnallar chiqarildi. Abdulla Avloniy «Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi» («Turkiston» g., 1924 yil, 295-son) maqolasida inqilobgacha chiqqan 20 ta gazeta, o‘nga yaqin jurnal hakida ma’lumot bergan edi.

Teatrchilikka asos solindi. Toshkent, Samarqand, Qo‘qon shaharlarida teatr truppalari paydo bo‘ldi. Behbudiy, Avloniy, Xamza kabi teatr va madaniyat arboblari yetishdilar. Dramaturgiya maydonga keldi, 1911—17 yillarda yaratilgan va nomlari mutaxassislarga ma’lum bo‘lgan o‘zbek dramalarining soni 40 dan oshadi.

Publitsistika shiddat bilan rivojlandi. Birgina Bexbudiyning matbuotda bosilgan maqolalarini mutaxassislar 300 dan ziyod chamalaydilar. Mirmuhsin Shermuhamedov birgina 1914 yilda yuzga yaqin maqola e’lon kilgan edi. Realistik proza tarkib topdi. Cho‘lpon, Qodiriy, Mirmuhsin, Hamzalarning hikoya va qissalari, «milliy roman»lari paydo bo‘ldi. Nihoyat, boy va qadim she’riyatimiz qisqa muddatda juda katta o‘zgarish yasadi. Zamonning dolzarb masalalarini aks ettira olgan ijtimoiy-siyosiy she’riyat maydonga keldi. Tavallo va Ajziyning o‘tli she’rlari, Sidqiy Xondayliqiyning dard to‘la vazmin dostonlari dunyo yuzini ko‘rdi. Qardosh xalqlar, birinchi navbatda, turkiyzabon qarindoshlar bilan adabiy-madaniy hamkorlik keskin kuchaydi. Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy-ma’naviy turmushning hamma qatlamlarida ko‘tarilish ko‘zga tashlandi. 1916 yilda A. N. Samoylovich shularni ko‘zda tutib, «Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi»[9], deb yozdi.

Ijtimoiy-siyosiy masalalarda-chi?

Ba’zi hamkasblarimiz Jadidchilik harakatini birgina ma’rifatchilik bilan cheklaydilar. Bu, to‘g‘ri emas. Bunday yondashuv, avvalo, eski bo‘lib, ma’lum sababga ega. U jadidchilikka qarshi kurash endigina boshlangan 20-yillarda o‘rtaga tashlandi va ta’kidlash kerakki, azbaroyi uning ahamiyatini, binobarin o‘sha yillar nuqtai nazaridan karasak, «zarari»ni kamaytirish uchun qilindi. Masalan, u hech qachon chor hukumatiga, maxalliy istibdodga karshi kurashgan emas, bor‑yo‘g‘i madaniy-oqartuv royishidagi harakat bo‘lgan, xolos kabi. Bunga o‘z vaqtida Munavvar Qori shunday javob bergan edi. «Chor hukumatini yo‘qotish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo‘lishi yashirin emas. Nainki biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshkacha ta’bir bilan aytganda, do‘konda o‘ltirib nasiya yozadurg‘on xodimlar yetkazsak. Shu ishga aqlli odam shu bahoni berishda u yoq bu yoqni mulohaza kilsin»[10].

Avloniy yozadi: «Mullo va boylarga qarshi hamda eski turmush bilan qat’iy suratda kurash boshladuk. O‘z oramizdan mullolarga qarshi uyushmamiz ham vujudga chikdi. 1905 yilgacha shul holda sinfiy kurashda davom qilduk. Boy va ulamolar «jadidchi»larga qarshi, «jadidchi»lar boy va ulamo ham eskilik va xurofotga kurashib keldi. 1904 yilda rus-yapon urushi chiqub, bu urush butun Rusiya ishchilarin ko‘zin ochg‘ondek, bizning ham ko‘zimiz ochildi. 1905 yildagi Rusiyada boshlangan inqilob to‘lquni bizg‘a ham zo‘r ta’sir qildi. Bizning tashkilotimiz siyosiy maslaklarg‘a tushunib, birinchi navbatda qora xalqni oqartirmoq va ko‘zin ochmoq chorasig‘a kirishdi. Bu maqsadg‘a erishmoq uchun gazit chiqarmoqni munosib ko‘rub, uyushmaning harakati bilan o‘zbek tilida gazetalar chiqarildi. 1906 yilda «Taraqqiy», «Xurshid» gazetalari chiqub, eski hukumat tomonidan to‘xtatilg‘ondan so‘ng 1907 yilda men o‘z muharrirligim bilan hamda temir yo‘l ishchilarining sotsial‑demokrat firqasining aloqa va yordami bilan «Shuhrat» ismindagi gazitni Sapyorni ko‘chada chiqardim» («Tarjimai hol»).

Yana: «1913 yildan boshlab xalqni ko‘zin ochmoq, madaniyatg‘a yaqinlashtirmoq uchun teatru ishlarig‘a kirishub, Toshkentda bir necha marotaba teatru o‘ynag‘ondan so‘ng butun Farg‘onani aylanub, har bir shaharlarda bir necha martabadan teatru o‘ynab qaytduk. Bu vaqtlarda bizning maqsadimiz zohirda teatru bo‘lsa ham botinda Turkiston yoshlarin siyosiy jihatdan birlashtiruv va inqilobg‘a hozirlov edi» (Avloniy, «Tarjimai hol», 1924 yil, 5-bet).

Munavvar Qori ham, Abdulla Avloniy ham o‘z ko‘rsatmalarida jadidlar «to‘dasi», «uyushmasi», «tashkiloti» degan so‘zlarni ishlatadilar. Munavvar Qori «turli guruhlardan iborat bir jadidlar to‘dasi tashkil qildik», «jadidlar o‘z ulamolari, boylarig‘a karshi rus sotsialistlari bilan birga qo‘lg‘a qo‘l berib ishladi» deb ta’kidlaydi 1927 yilgi Toshkent madaniyatchilari qurultoyida qilgan nutqida.

Bulardan, bizningcha, shunday xulosalarga kelish mumkin:

  1. Jadidchilik siyosiy harakat sifatida 1905 yil arafalarida maydonga kelgan va muayyan tashkiliy xarakterga ega bo‘lgan.
  2. Xarakter va yo‘nalishiga ko‘ra antifeodal, antikolonial bo‘lib, Turkistondagi keng ommaning, jumladan, shakllanib kelayotgan burjuaziyaning intilish va manfaatlarini ifoda etdi.
  3. Turkistonni savodli va ma’rifatli, to‘q va farovon, ozod va obod vatanga aylantirish, birinchi navbatda, mustaqillikka erishish, mustamlakachilik iskanjasidan xalos bo‘lish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi edi.
  4. Jadidlar ikki Rusiyani farqlay oldilar. Ular mehnatkash Rusiyaga emas, mustamlakachi Rusiyaga qarshi kurashdilar. Maksad va intilishlari yo‘lida inqilobiy Rusiyaga — «rus sotsialistlari»ga, ularning «sotsial-demokratik firqasi»ga suyandilar. Afsuski, ularning mustamlakachi Rusiyaga karshi olib borgan kurashi, «rus sotsialistlari» bilan hamkorlikda olib borgan kurashi uzoq yillar davomida umuman rus xalqiga va Rusiyaga qarshi kurash sifatida talqin qilib kelindi.
  5. Jadidchilik tarkibiga ko‘ra xilma-xil ijtimoiy guruhlarni o‘zida jam etgan edi. Shu sababli Turkistonning bo‘lajak idora usuli, umuman ijtimoiy qurilishi, yer va mulk munosabatlari, xotin-qizlar ozodligi masalalariga munosabatda yakdillik yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas edi. Jadidlarning ijtimoiy-siyosiy karashlarida idorai mashrutachilik (konstitutsion monarxiya)dan tortib jumhuriyatchilikkacha bor edi. Lekin ularning asosiy qismi xorijdagi qandaydir yashirin bir tashkilotlar bilan emas, yo‘q, birinchi galda rus ozodlik harakati bilan bog‘langan bo‘lib, milliy-ijtimoiy ozodlik yo‘lida ular bilan xamkorlik qildilar. Fevraldan so‘ng Muvaqqat xukumat ishlarida, ishchi-soldat deputatlari sovetlarida, turli sho‘rolarda, Oktyabrdan keyin esa yangi sovet idoralarida ish olib bordilar.

Turkistondagi jadidchilikning rus inqilobiy harakati bilan bog‘lanishi, umuman olganda, 1905 yil arafalariga to‘g‘ri keladi. Ziyrak tadqiqotchilarimizdan marhum S. Qosimov «Guliston» jurnalining 1979 yil 9—10-sonlarida chop ettirgan «Kurash sahifalari» maqolasida jadid gazetasi «Taraqqiy» haqida to‘xtab, uning muharriri Ismoil Obidovning 90-yillardayoq Qozondagi marksistik to‘garaklarda ishtirok etganini, 1904—1905 yillarda Mullanur Vohidov, Husayn Yamashev kabi tatar inqilobchilari bilan hamfikr bo‘lganini, Oktyabrdan keyin esa Turkistondagi Ichki ishlar komissari darajasiga ko‘tarilgan bolshevik kurashchi ekanligini faktlar bilan isbot etgan, gazetaning «o‘zbek xalqi revolyutsion ongini yuksaltirishda muhim o‘rin tutgan»ini dalillab ko‘rsatgan edi. Abdulla Avloniy o‘z «Tarjimai hol»ida buni tasdiq etadi. «Taraqqiy» va «Xurshid» to‘xtatilgach, 1906 yilda «Shuhrat»ni o‘z uyida (Sapyor ko‘chada) chiqarganini, «temir yo‘l ishchilarinnng qo‘mitalari» vakili «Rafiq Sabirof» ismli qozonli bir orqadosh» bilan «O‘rinburg‘da chiqadurg‘on…» «Soldat» nomli maxfiy gazetani… va ruscha froqlamatsiyalarni… turli qishilarning vositasi bilan» tarqatishganini va xiyonat tufayli ko‘pchilik qo‘lga tushib gazeta taqiqlanganini ma’lum qiladi.

1917 yilda-chi?

Munavvar Qori: «Jadidlar Oktyabr inqilobig‘a yomon qarag‘on bo‘lsalar edi, 20—21 yillargacha sho‘ro idoralarida ishlab kelmas edilar…»

Avloniy: «1917 yilda o‘zgarish (Fevral inqilobi ko‘zda tutiladi — B. Q.) boshlanishi bilan «Turon» jamiyati tomonidan «Sovet soldatski rabochi deputat»g‘a vakil saylanib, sho‘roda ishladim. Sho‘ro tomonidan Eski shahar oziq qo‘mitasig‘a kontrol tayin etildim… Ikkinchi krayevoy s’ezdg‘a vakil bo‘lib saylandim, beshinchi krayevoy s’ezddan 10-krayevoy s’ezdgacha vakil bo‘lib, ham chlen TurSIK bo‘lib saylanib, turli mas’uliyatli o‘rinlarda xizmat qilib keldim…»

Bunday faktlarni boshqa jadid ijodkorlari biografiyasidan ham keltirish mumkin. Darvoqe, Munavvar Qori va Avloniy tilga olgan «uyushma»ning taqdiri bilan bir qiziqib ko‘ring-chi, qanday manzaraga duch kelasiz. Ularning, deyarli hammasi o‘zlarini inqilobchilar deb bilgan edilar. Uyushmaning yarmidan ko‘pi 1918 yilning iyunida Lenin partiyasiga kirgan desak, mubolag‘a bo‘lmas. Har holda Avloniy arxividagi hujjatlar shunday xulosaga imkon beradi. Buxoroda bu jarayon sal boshqacharoq kechdi. Lekin baribir «Yosh buxorolilar» faoliyati 1919 yilda Kompartiyaga boshlab keldi.

Xo‘sh, mana shunday harakatni aksilinqilobiy deb talqin kilish qachon, qanday sharoitda boshlandi?

1923 yil aprelda partiyaning XII s’yozdiga Lenin qatnasha olmaydi. Stalin «Partiya va davlat qurilishidagi milliy momentlar» degan mavzuda doklad qiladi. Muzokaraga 30 kishi yoziladi. Besh kishigagina so‘z beriladi, shundan ikki kishi Leninni qattiq xayajonga solgan mashhur «gruzin ishi»ga to‘xtaladilar. Lenin so‘ngroq shunday muhim masalaning uning ishtirokisiz ko‘rilganidan ranjiydi. Mamlakat qishloq xo‘jaligida ahvol yomonlashadi. O‘z-o‘zidan ayonki, uning sabablari izlana boshlandi. Ayni paytda, partiya faoliyati hakidagi har qanday tanqidiy gapni unga hujum sifatida qabul qilish odat tusini oldi. Oktyabrda Trotskiyning qator e’tirozlar ifodalangan xati Markazqo‘mga tushdi. Izma-iz «46 lar arizasi» RKP(b) MKiing kengaytirilgan Plenumi chaqirildi. Bahslar 1924 yil yanvarda, XIII partkonferentsiyada stalinchilikning dastlabki g‘alabasi bilan yakun topdi.

Turkistonda ham «shubhali», «yot» unsurlarni izlash shu yillardan boshlandi. Hayotining bir qismi chet ellarda o‘tgan So‘fizodaning 1923—24 yillarda qiyin-qistovga olinganini eslang. «Kommunist» jurnalining 1925 yil 2-sonida Fedorov Munavvar Qori va uning «Sho‘royi islom»dagi faoliyatini «ozodlikni shariatga muvofiqlatirish» sifatida tanqid qildi. Abdulla Qodiriy «Rahbar xodimlarni obro‘sizlantirish…»da ayblandi. Uch oyga yaqin so‘roq berdi. «So‘zim oxirida odil sudlardan so‘rayman, — deb murojaat qiladi adib, — garchi men turli bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan xam anglashilmovchiliklar orqasida ikkinchi oqlanmaydurg‘on bo‘lib qoralandim, loaqal ularning, qoralovchi qora ko‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham, menga oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida shamsu g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmag‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim yaxshiroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so‘rayman».

Bu 1926 yil edi. F. Xo‘jayev xuddi shu yili jadidchilikni ilohiylashtirishda ayblanadi, «Buhoro inqilobi tarixiga doir» risolasi G. Turkestanskiy tomonidan qattiq tanqid qilindi. (j. «Kommunisticheskaya mыsl» 1926, № 1— 2). Masala O‘zQP III s’ezdiga (1927) olib chiqildi. U s’ezdga yozma murojaat qilishga majbur bo‘ldi: «Mening uchun partiya va ishchi sinfi ishiga xizmat qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan har bir partiya a’zosi kabi uning yo‘lidan boshqa yo‘l yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, partiyamiz himoya kiladigai haqiqatdan boshqa haqiqat yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Butunittifoq Kommunistik partiyamiz o‘tkazayotgan chiziqdan boshqa chiziq yo‘q, butun partiya va uning oliy brganlari belgilab bergan siyosatdan boshqa siyosat yo‘q»[11].

Bu hol faqat bizda emas, yangigina qaror topgan Sovetlar Ittifoqining deyarli hamma nuqtalarida avj olgan edi. Tataristonda chiqadigan «Bizning yo‘l» jurnalining 1927 yil 2-sonida bosilgan A. Tulumboyskiyning maqolasi «Fotih Amirxon ne uchun tushkunlikka tushdi?» deb nomlangan. «Fotih Amirxon burjua sinfi san’atchisi bo‘laroq burjua sinfi olg‘a borganda olg‘a bordi. Burjua sinfi botuvga yuz tutuvi bilan birga ul-da zaiflandi, tushkunlikka yuz tutdi. Proletariatning buyuk harakati ideallaridan ovoz etmadi», — degan aybga duch kelamiz unda.

Sotsializm taraqqiy qilgan sayin sinfiy kurash kuchayib boradi, degan Stalinning mashhur «nazariyasi» mamlakat ichidan dushman izlashni asoslab berdi va shart qilib qo‘ydi. A. Ikromovning 1925 yilda O‘zbekiston Kompartiyasining ikkinchi s’ezdida qilgan dokladida shunday gapga duch kelamiz: «O‘rtoqlar! Xo‘jaligimizning o‘sishi bilan, paxtachilikning o‘sishi bilan qishloqda sinfiy tabaqalashuv, sinfiy qatlamlashuv ham o‘sib bormoqda… Boylar va ularning ideologlari‑mullalar hamda burjua intelligentsiyasining, ayniqsa, g‘oyaviy va madaniy frontda alohida ko‘zga tashlanayotgan faolligi ham o‘sib bormoqda»[12].

Ish bu bilan kifoyalanmadi. 20-yillarning o‘rtalaridan rasmiy nuqtai nazardan har qanday chekinish g‘oyaviy-syyosiy xatolikday qabul qilindi. Erkin, mustaqil fikr aytish tobora qiyinlashib bordi. «Partiyamizda boshqacha fikrlovchi kishiga o‘rin yo‘q»[13], — deydi A. Ikromov 1927 yilda O‘zbekiston Kompartiyasining VII Plenumida qilgan dokladida. Ikkinchidan, Turkistondagi inqilobni tayyorlash va bevosita amalga oshirishda asosiy rolni o‘ynagan jadidchilik harakatining o‘zida xam davr bilan bog‘liq ayrim o‘zgarishlar ko‘zga tashlanib qoldi. «Jadid adabiyoti ikki katta davrni o‘tdi. Birinchisi inqilobdan ilgarigi, chor hukumati vaqtidagi davr, ikkinchisi inqilobdan keyingi proletariat hokimiyati vaqtidagi davrdir»[14], yozadi Otajon Hoshim va ikkinchi davrni ham o‘z navbatida ikkiga — «umidli va umidsiz» bo‘lgan davrlarga ajratadi. Umidsiz davr deganda o‘lkada bosmachilik harakatining pasayib nisbiy osoyishtalik boshlanishini ko‘zda tutadi. «21-yildan boshlab jadidlar katta xato qildi, — deydi Munavvar Qori 1927 yilgi madaniyatchilar qurultoyida. — Turkkomissiya tomonidan qiling‘on harakatlarni mustamlakachilik dedik. Haqiqatdan, ular mustamlakachi ekan, ularga qarshi kurashmay, butun ishni tashlab, araz qilib, o‘zimizni chetga olishimiz katta xato bo‘lg‘on»[15].

Nima ko‘zda tutilmoqda?

1917 yil inqilob va ozodlik sururi, ko‘tarinkiligi bilan o‘tdi. Buyuk inqilobning hayotbaxsh shiorlaridan biri, boringki, bosh maqsadi millatlarning tengligini tamin etmoq, har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga imkon yaratmoq edi. Afsuski, o‘sha yiliyoq bunga shubha paydo bo‘ldi. 26-29 noyabrda Qo‘qonda chaqirilgan IV Turkiston umummusulmonlar s’ezdi inqilob bergan xuquq va imkoniyatni ishga solib muxtoriyat elon qildi. Lekin 1918 yil fevralda Turkiston Xalq komissarlar Soveti raisi F. Kolesov boshchiligida bostirildi. Taassufki, keyingi paytlarga qadar u ilmiy adabiyotlarda faqat bir rangda — o‘zbek xalqi manfaatlariga zid, aksilinqilobiy, «burjua-millatchi hokimiyat» sifatida baholanib keladi. Vaqtida u, xususan kelib chiqishi va tugatilishi, biroz boshqacharoq ham baholangan edi. Diqqatingizni O‘zSSR Markaziy Davlat arxivida «F. R. — 17.op.1, d 45» raqami bilan saqlanayotgan bir hujjatga[16] jalb qilmoqchimiz. Bu — «Samarqand oblastini(ng) bosmachilarni yo‘q qilaturg‘on favqulodda troykasi» deb nomlangan Muvaqqat Komitetining Turkiston Markaziy Ijroiya Qomitetiga bayonnomasi (dokladi). Hujjat Turkiston Markaziy Ijronya Komitetining vaqili, «Favqulodda troyka» raisi Sergaziyev va ma’sul kotib Xrushchev tomonidan imzolangan.

«Bayonnoma»da bosmachilik harakatining sabablari tahlil qilinadi, uni tugatish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga baho beriladi, qiyinchiliklar izohlanadi. «Mutlaqo maxfiy» muhri bilan saqlanib kelayotgan mazkur hujjatdagi tahlil va bahoning ko‘p qismlari bizdagi hozirgacha mavjud rasmiy nuqtai nazardan farq qiladi. Shuning uchun unga sal kengroq to‘xtashga harakat qilamiz.

«Bayonnoma»da bosmachilikning ildizlari mahalliy xalqning asrlar bo‘yi goh u, goh bu istilochiga qarshi kurash va o‘zligini saqlash jarayonida shakllangan dunyoqarashi, turmush tarzi, ruhi — saviyasi, fe’l atvori bilan bog‘lanadi. Chunonchi: Chor hukumati davridagi nisbiy osoyishtalik o‘lkadagi mustamlakachilik zulmining mo‘tadilligidan edi. «Nikolay hukumati» bunga shu tufayli muvaffaq bo‘ldiki, uning mustamlakachilik siyosati tub aholining qatlamlariga kirishga ulgurmagan edi. «Chor chinovniklari o‘lka va viloyat markazlarida turishar, o‘z ta’sirlarini qishloqqa sekin o‘tkazishar, lekin bu ta’sir shunday muntazam, ayni vaqtda beozor olib borilar ediki, yerlilar bilmay qolishar edi». (124-bet). Turkiston inqilobdan keyin ham birdan o‘zgarib qolgani yo‘q. Moskva shuni sezgandek, buyoqqa «evropalik inqilobiy xodimlardan eng jangarilarini» yubordi. «Chinakam qimmatli siyosiy xodimlar bilan bir qatorda bu tomonlarga ongi yetilmagan, umuman tarixdan, shu jumladan Turkiston tarixidan, tajribasidan mutlaqo bexabar ishchilar, qizil askarlar va matroslar keldilar, o‘zlari tashkil etgan maxsus bo‘limlar va cheka organlari orkali ehtimolki, Ryazan guberniyasida tadbiq qilish mumkin bo‘lgan, biroq Turkistonda qo‘llash mutlaqo mumkin bo‘lmagan usullar vositasida qishloqda inqilobni amalga oshirishga kirishdilar. Agar ularning aholiga kilgan qabih zo‘ravonliklari faktlariga batafsil to‘xtalgudek bo‘lsak, inqilobga mutlaqo dahli bo‘lmagan «jasorat»lari haqida uyum-uyum qog‘ozlarni to‘ldirishga to‘g‘ri keladi. Hech bir gunohi yo‘qlar ikki-uch kishining til biriktirishi bilan otilaverganu ashaddiy aksilinqilobchilar xech kimga ma’lum bo‘lmagan sabablar bilan bo‘shatib yuborilgan. Samarqandda, masalan, jazo otryadlari o‘rtasida bir kecha davomida mahbuslarni kim ko‘p otish bo‘yicha musobaqa o‘tkazilgan. Kelgindi xodimlar ushbu mamlakatning odatlarini oyoq osti qilib, eski mutaassibdan, chamasi biror yil ichida baynalmilalchi chiqarish xayoli bilan uning diniy tuyg‘ularini toptagan holda musulmon turmush tarzining asriy daraxtini tagidan qo‘pormoqqa kirishdilar» (125-bet).

Holbuki, Buyuk Oktyabr inqilobidan ko‘p o‘tmay 1917 yilning 20 noyabridagi «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» qilingan murojaatda quyidagi so‘zlar yozilgan edi:

«Rossiya musulmonlari, Volgabo‘yi va Qrim tatarlari, Sibir va Turkistonning qirg‘iz va sartlari, Kavkazning chechen va tog‘liklari, Rossiya podsholari va zolimlari tomonidan machit va ibodatxonalari vayron qilingan, din va urf-odatlari oyoqosti qilingan barcha xalqlar!

Sizning din va urf-odatlaringiz, sizning milliy va madaniy muassasalaringiz bundan buyon erkin va daxlsiz deb e’lon qilinadi. O‘z milliy turmushingizni erkinlik bilan va bahuzur tuzaberingiz. Shunday qilishga haqlisiz. Bilingizkim, sizning huquqingiz ham Rossiyadagi barcha xalqlarning xuquqi kabi revolyutsiya va uning organlari bo‘lgan ishchi, soldat va dehqon deputatlari sovetlarining butun qudrati bilan himoya qilinadi»[17].

Afsuski, hayotda boshkacharoq edi. Inqilobdan ancha ilgari rus bolalarini o‘z maktabida o‘qitib, I. A. Krilov, L. N. Tolstoy asarlarini, Gogolning «Shinel»ini o‘zbekchaga tarjima qilgan samarqandlik Siddiqiy-Ajziy «mondai zulfi chalipo, zeri abro‘yi hilol, To gujo dar zeri po girad hilolero salib» (Hilol — musulmonlik chalipo-salib-xristianlik tomonidan poymol qilindi. Salib hilolni qachongacha oyoqosti qiladi) degan ekan, uni tushungingiz keladi.

«Aholi har qancha xohlamasin, kelgindilar qiyofasida ularni asriy zulmdan qutqaruvchilarni, proletariatning umum diktaturasiga olib boruvchilarni ko‘ra olmadi, aksincha urfi, dini tobe bo‘lishga yo‘l bermagan yangi mustabidlarni ko‘rdi» (125-bet), o‘qiymiz hujjatda.

Hujjatda konkret nomlar ham bor. Masalan, Samarqand viloyatidagi mashhur Bahrom bilan Ochillarning bosmachilikka ketishiga asosiy sabab birining akasi Bo‘yan (Poyon bo‘lsa kerak)ning cheka tomonidan otib tashlanishi, ikkinchisining esa qo‘shnilarining ko‘rinib turgan tuhmati bilan, o‘n besh martacha yerto‘laga qamalganidir, deb ko‘rsatiladi. «Quyushqondan chiqqan jazo organlari, — o‘qiymiz hujjatda, — so‘ng o‘zlarini tutib tura olmadilar va tobora tubanlikka yuz tutdilar. Ulardan qochib, yashiringanlarning qarindoshlarini ta’qib eta boshladilar, xo‘jaliklarini vayron qilib, mol-mulklarini musodara etdilar. Bu yerda udum bo‘lgan «qonga-qon, jonga-jon» shiori bilan qasoskorlik ruhida tarbiya topgan, tobora kuchayib borayotgan zo‘ravonlik bilan chiqisha olmagan qochoqlar yuzsiz, hech narsadan kaytmaydigan zo‘ravondan qasl olishni o‘z oldilarga maqsad qilib qo‘ygan to‘dalar bo‘lib uyusha boshladilar.» (126-bet).

Afsuski, 20-yillarning haqqoniy manzarasini yorituvchi fakt va materiallar ilmiy muomalamizda juda kam. Borlari ham aksariyat tendentsioz, inqilobning manfaatiga xizmat qila olishi mumkin bo‘lganlarigina istifodaga kiritilgan. Asosiy-maxfiy hujjatlar maxsus fondlarda. Ikkinchi — mag‘lub tarafniki bizga yetib kelmagan. Asl manzarani tiklash uchun esa har xil rang, har xil mazmun, har xil yo‘nalishdagn hujjat-materiallar lozim bo‘ladi. Biz bosmachilik «Oktyabr revolyutsiyasi g‘alabasi natijasida ag‘darilgan ekspluatator sinflar va malaylarining Sovet hokimiyatiga qarshi sinfiy kurashi formasi» (O‘zSE, 2-tom, 378-bet) degan ta’rifini bilar edik, endi yuqoridagi nuqtai nazarni xam hisobga olish shart bo‘ladi. Binobarin, mazkur nuqtai nazarni Turkistonda bosmachilikning, umuman aksilinqilobiy harakatchilikning paydo bo‘lishidagi bir versiya sifatida qabul qilamiz-da, davom etamiz.

«Favqulodda troyka» raisi va mas’ul kotibi millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari hal qilishlari, xususan, «Qo‘qon muxtoriyati»ning tashkil topishi va tugatilishi xaqida shunday yozadilar:

«Farg‘ona voqealariga batafsilroq to‘xtaylik. Xalqlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashi printsipi bilan ish tutmoqqa boshlagan hokimiyat mahalliy aholiga o‘z hukumatlarini tub aholidan saylash huquqi bilan Farg‘ona Muxtor jumhuriyati tuzishga imkon yaratdi. Mahdud millatchilar milliy harakatchilikning kazo-kazolaridan shunday bir hukumat tuzdilarki, millatchilik g‘oyalarini o‘tkazishni boshlaganliklaridanoq zamonning ruhiga to‘g‘ri kelmasligi darrov bilinib qoldi va buni oldindan ko‘ra olmagan hamda aholiga boshkacha qaray olmagan Turkiston hukumati Farg‘ona sovnarkomini tarqatishga va binobarin, tashkil topayotgan jumhuriyat tugatishga qaror qildi. Bu tugatish qanchalar uquvsiz, qanchalar qo‘pol, qanchalar siyosiy hatolar bilan qilingani barchaga ma’lum. Qurolli kuchlar huqumatni yer bilan yakson etib qo‘ya qoldi, hamma narsani ostin-ustun qilib aholi o‘y-fikrida tuzatib ham, kechirib ham bo‘lmaydigan jarohat qoldirdi. Hukumat kattalari chet elga qochib ketdilar va Antanta hamda uning yugurdaklari Denikin, Vrangel va shunga o‘xshaganlar bilan aloqa bog‘lab, Sovet hokimiyatining dushmanlari safiga qo‘shildilar, qolganlar esa zich aholi orasiga singib ketdilar, u yerda yana «maxsus bo‘lim»lar ta’qibi boshlangach, tog‘larga ketdilar va bosmachilikni uyushtirdilar» (126-bet).

Qo‘qon muhtoriyatining mazmun-mohiyati, olib borgan siyosati haqida bir tomonlama baho berishdan o‘zimizni tiyamiz. Uni bir qadar tushunish uchun «Bayonnoma»da tilga olingan o‘lkadagi milliy va diniy-an’naviy turmush tarzini «qo‘porish» avj olganini qayd etamiz va Muropiyev 1882 yilda Imperiya siyosatining «bosh printsipi» deb ko‘rsatgan «ruslashtirish»ning inqilobdan keyingi «taraqqiyoti»ga qisqacha to‘xtaymiz. Bu, o‘ylaymizki, birgina Qo‘qon muxtoriyatini emas, umuman jadidchilikning mazmun yo‘nalishini, undagi ko‘tarilish-tushishlar, umid-umidsizliklarni, boringki, millatchilikni ham anglashga yordam beradi. So‘nggi — millatchilikni olib ko‘raylik.

Lenin 1917 yil 22 noyabr (6 dekabr)da Harbiy flotning birinchi Butunrossiya s’ezdida so‘zlagan nutqida shunday deydi:

«Rossiyada velikorosslar faqat 40 protsentchani tashkil qiladilar, qolgan ko‘pchilik esa boshqa xalqlardan iboratdir. Chorizm zamonasida ana shu boshqa millatlarga nisbatan qilingan hamda o‘z raxmsizligi va shafqatsizligi bilan mislsiz bo‘lgan milliy zulm to‘la huquqi bo‘lmagan xalqlar orasida monarxlarga qarshi nihoyatda qattiq nafrat tug‘dirib keldi. Hatto ona tilidan foydalanishni ham ta’qiqlagan va xalk ommasini savodsizlikka mahkum qilgan kishilarga qarashi bu nafrat barcha velikorosslarga ham qaratilgan ekan, bu — taajjublanarli hol emas»[18].

Bu inqilobdan oldingi ahvol munosabati bilan aytilgan. Inqilobdan keyin-chi? Yuqoridagi «Bayonnoma»ga qaraganda bu masala oldinga siljish emas, orqaga ketilgan.

Ayrim raqamlarga e’tibor qilaylik.

1918 yil aprelda Turkiston Muxtor jumhuriyati tuzildi. Turkistonning inqilobdan keyingi birinchi milliy davlati. 1920 yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra jumhuriyatda (tabiiyki, bunga Buxoro va Xiva xonliklaridagi aholi kirmaydi) 5 million 250 ming ishi yashagan. Aholining 41,1 foizini o‘zbeklar, 19,3 qozoqlar, 10,8 — qirg‘izlar, 7,7 — tojiklar, 4,7 — turkmanlar, 1,4 — qoraqalpoqqlar tashkil qilgan[19]. Yevropaliklar adadi ko‘rsatilgan emas. 1909 yilda o‘lkada yetti million aholi yashagan. Shundan 2,5 millioni o‘zbeklar, 2,4 millioni qozoq-qirg‘izlar, 1,3 millioni tojiklar, 0,6 millioni ruslar edi. Ruslar umumiy aholining 7 foizini tashkil qilgan. Ikki ro‘yxat 1,5 million kishiga farq qilyapti. Boshqacha aytganda, shunday bolajon, serfarzand keladigan Turkiston xalqlari 11 yilda 1,5 million kishiga kamayib ketgan. Va bu, taxmin qilish qiyin emas, asosan, inqilob yillariga, grajdanlar urushi davriga to‘g‘ri keladi.

Endi hokimiyatning boshqaruv organlaridagi tubjoy aholi nisbatini, o‘z oti bilan aytgudek bo‘lsak, Turkistonning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi masalasini olib ko‘raylik. Turkiston Avtonom respublikasini ta’sis etish masalasi ko‘rilgan V Butunturkiston Sovetlari s’ezdi «mandat komissiyasi» 263 mandatni haqiqiy deb topdi… S’ezdda mahalliy millatdan 50 ga yaqin delegat qatnashdi»[20]. O‘lka aholisining 90 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etgan yerli xalq o‘z taqdiri hal bo‘layotgan anjumanda oltidan bir ovoz bilan qatnashgan. Aholining bor-yo‘g‘i 7 foizi — yevropaliklar nomzodi esa 220 tacha bo‘lib, jami ovozning qolgan besh qismini tashkil etgan.

Ikkinchidan. Masala bu yerda o‘rtaga tushib, shu yerda hal bo‘lgan emas. Markazda hal bo‘lib kelgan. Chunonchi, RSFSR Xalk Komissarlari Soveti P. A. Kobozevni favqulodda komissar qilib yuboradi va u «s’ezd delegatlarini Sovet hukumati nomidan tabriklab, delegatlarni milliy masalani amaliy hal qilishga»[21] chaqiradi. Shu tariqa s’ezd RSFSR sostavida Turkiston Sovet Avtonom Respublikasini tuzish to‘g‘risida karor qabul qiladi, «Turkiston Sovet Respublikasi to‘g‘risida Nizom»ni tasdiqlaydi. Markaziy Ijroiya Komiteti (rais P. A. Kobozev), Xalq Komissarlari Soveti (rais F. I. Kolesov)ni saylaydi[22]. Bugungi o‘quvchi bularni o‘qib, e, bu qonunsiz-ku, deyishi mumkin, albatta. Lekin inqilob yillarida qonunni surishtiradigan emas, biladigan odamning o‘zi ham o‘lkada kam edi.

1918 yil iyunda Turkiston bolshevistik tashkilotlarining birinchi tashkiliy o‘lka s’ezdi (TKPning ta’sis s’ezdi) bo‘lib o‘tdi. Markaziy Komitet raisi qilib I. O. Tobolin saylandi. Markaziy Komitetga saylangan 7 kishining bittasigina mahalliy xalqdan edi. S’ezd qo‘ygan masalalar orasida «rus tili bilan birga o‘zbek tilini ham TurkASSRning davlat tili deb hisoblash» bor edi.

Tubjoy xalqning qonuniy huquqini tiklash yo‘lidagi mana shu ilk qadamlar ham juda og‘ir kechadi. Bir guruh shovinistlar mahalliy aholiga o‘z qonuniy hokimiyatini berish emas, ularni qay bir darajada davlat ishlariga aralashtirishga ham karshi chiqadilar. Bular Turkiston tarixida «eski kommunistlar» nomi bilan ma’lum va mashhur. Ular partiyaning II s’ezdi arafasida «achchiq qilib» o‘z mansablarini tashlab ketdilar. Shunisi qiziqki, TKP MK raisi I. O. Tobolinning o‘zi «eski kommunistlar»ning g‘oyaviy rahbarlaridan edi. II s’ezd (1918 yil dekabr) O‘lka komitetiga rais qilib A. F. Solkinni sayladi. Milliy siyosatda o‘zgarish baribir sezilmadi. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki, respublika partiya va hukumati apparatida mahalliy xalq vakillari barmoq bilan sanoqli edi. Komissarlarning hammasi, hatto maorifgacha yevropaliklardan (P. N. Lepeshinskiy) edi. 1919 yil 19 yanvarga o‘tar kechasi Osipov isyonida nobud bo‘lgan 14 komissarning birotasi yerli xalq vakili bo‘lmaganini eslash kifoya.

Ahvol shunday davom etaverdi. 1919 yil martda O‘lka Sovetlarining favqulodda VII s’ezdi chaqirildi. Respublika hukumatining yangi sostavi (A. A. Kazakov — Tur MIK, K. Ye. Sorokin — XKS) aylandi. Bularning ayrimlarini (masalan, V. D. Figelskiy Sorbonna universitetini tugatgan edi) hisobga olmaganda aksariyat qismi, «favqulodda troyka» qayd etganidek, maxalliy xalq turmushidangina emas, umuman ilm‑ma’rifatdan yiroq, ko‘nglidan mustamlakachilik nari ketmagan kishilar edi.

O‘lka sovetlarining mashhur V s’ezdida qatnashgan va Markaziy Ijroiya Komitetiga saylanib qolgan yetti yerlining biri, TKPning II s’ezdidagi yetti «Prezidium a’zosi» (MK a’zosi)ning biri Abdulla Avloniy 1919 yilda RSFSR hay’ati vakolati tarkibida Afg‘onistonga boradi va Hirotda muxtor vakil bo‘lib bir yilcha ishlaydi. Mashhur adib va arbobimizning kundaliklarida o‘qiymiz.

«Oh, na insoniyat, na barobarlik, na sotsialistik, na millat tafriq qilmaydirgon internatsionalistlar dunyo yuzinda topilarmukin? Balki bordir, topilur, lekin vujudi anqoning tuxmidek kamyob ekanlig‘in Afg‘oniston safariga chiqg‘onda aniq bildim. Afg‘onistong‘a chiqg‘on besh hay’ati vakolaning ichida birgina musulmon man o‘ldig‘imdan har bir og‘ir mehnatni, har bir kulfat va aziyatlar meni ustumg‘a yuklandi. Hirotg‘a yaqin Parvona qishlog‘indan boshlab tovarishlarimizning orolariga tafriqa tushdi. Tafriqaning sababi o‘rtoq Brovin[23] afg‘on tufrog‘iga o‘tgandan so‘ng o‘zini jenerol — chor noil e’lon qilmish edi. Hamda butun tutg‘on taktika, hatti-xarakati-da Niko‘layning generallarining raftorindan qolishmas edi… «G‘at-g‘at etar karnaychi, balog‘a kolur surnaychi» maqolincha o‘z maqsad va g‘oyalariga va g‘arazi shaxsiyalarina men bechorani olat qildilar… Ish «halvoni hakim yer, kaltakni yetim» kabilindan edi»[24].

Turkistondagi bu hol o‘lkaning tubjoy xalqida norozilik kayfiyatlarini tug‘dirishi tabiiy edi. Bu masala, chamasi, 1919 yilning kuziga kelib keskinlashdi. O‘lka partiyasining IV favqulodda s’ezdi chaqirilishi (12 sentyabr — 6 oktyabr). O‘lka Sovetlarining VIII s’ezdi (6 sentyabr — 3 oktyabr) kun tartibi shundan dalolat beradi. Ko‘rinishdan, bular kifoya kilmadi. 1919 yil 8 oktyabrda RSFSR MIK va XKS qarori bilan Sh. 3. Eliava (rais), M. V. Frunze, V. V. Kuybishev. G. I. Bokiy, F. Goloshchenkin va Ya. E. Rudzutaklardan iborat Turkkomissiya tuzildi. Komissiyaga «Turkiston va u bilan chegaradosh bo‘lgan davlatlar doirasida Butunrossiya Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalk Komissarlari sovetining vakili sifatida ular nomidan ish ko‘rishga vakolat» berildi.

Inqilob, siyosiy erkinlikning qo‘lga tegishi aholiga zavq va surur baxsh etgan, u uncha-buncha iktisodiy qiyinchiliklarni pisand etmas, milliy mustaqillik, o‘z mamlakatiga, o‘z hokimiyatiga ega bo‘lish shavqi bilan yashar edi. Ikkinchi yoqdan esa o‘rnatilayotgan sovet idora usuli milliy tarkibiga ko‘ra oldingidan deyarli farq qilmadi. Hokimiyat tepasida hali ham o‘sha eski hukumat turgandek edi. Bu shunga olib keldiki, TKPning buyuk davlatchilik kasaliga mubtalo rahbariyati va uning qoshida 1919 yil martda 2-konferentsiya qarori bilan tuzilgan musbyuro (musulmon byurosi) o‘rtasi uzoqlashib bordi. Turkkomissiyani ham qo‘shib hisoblaganda o‘ziga xos uch hokimiyatchilik maydonga keldi. 1920 yil 17 yanvarda har uch tashkilotning birgalikdagi majlisi bo‘ldi. Musbyuro qattiq turib: «Turkrespublika» va «Turkkompartiyasi» tuzishni, Turkiston ASSRning Konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqishni, alohida musulmon armiyasi tuzish va g‘ayrimusulmon harbiy qismlarning hammasini o‘lkadan olib chiqib ketishni talab qildilar[25]. Bu ko‘rinyaptiki, demokratiyaga, sotsialistik revolyutsiyaning maqsad-mazmuniga zid emas edi. Bugungi Litvada bo‘layotgan ishlar bunga dalil. Turkkomissiyaning Eliava, Kuybishev kabi a’zolari yerli xalqning bu xaqli talabini quvvatladilar. XattoTKPning V va musulmon kommunistlarining deyarli bir vaqtda 1920 yil yanvarda bo‘lib o‘tgan III konferentsiyalari ham TKP nomini o‘zgartirib, «Turk xalklarining Kommunistik partiyasi» deb atash haqida qaror kabul qildi. Biroq voqeadan so‘ngroq xabar topib qolgan M. V. Frunze uni RKP(b) ning VIII s’ezdi qarorlariga zid, bu partiyada ajralishga olib keladi deb hisobladi. Xullas, ko‘pchilik ovoz bilan u rad etildi. Haqli intilish millatchilik, milliy og‘machilik deb baholandi. RKP(B) MK 1920 yil 8 martda mazkur masala bo‘yicha qaror qabul qildi. Turkiston Kompartiyasi va respublikasi nomi oldingi holida qoldirildi. Musbyuro bunga ko‘nmadi. 1920 yilning mayida T. Risqulov, N. Xo‘jayev, Bek-Ivanovlardan iborat «turkdelegatsiya» Moskvaga borib Lenin bilan uchrashdi. Biroq turkdelegatsiya loyihasi rad etildi.

Partiya Markaziy Komiteti mazkur masala munosabati bilan qabul qilgan qarori loyihasida quyidagilarni ta’kidlagan edi:

  1. RKP Markaziy Komiteti RKPning Turkistondagi asosiy vazifasi — Rossiya samoderjaviyasining ellik yildan ortiq imperialistik siyosati natijasida kelgindi yevropalik aholi bilan tub aholi o‘rtasida vujudga kelgan keskin munosabatlarni tugatishdir deb hisoblaydi. Mustamlakachilik psixologiyasi bilan g‘oyat zaharlangan rus ishchilariping juda kichik guruhining ko‘lida bo‘lgan bu munosabatlar Sovet hokimiyatining 2,5 yili mobaynida yaxshi tomonga o‘zgarish u yoqda tursin, balki o‘ziga xos «kommunistik» harakatlar tufayli yanada ko‘proq keskinlashib ketdi, qullikka tushirilgan tub aholi bu xa rakatlarni eski chor hokimiyati agentlari xarakatining davomi deb biladi, ular aslida shunday harakatlardir.

2 …

b) sobiq politsiya, jandarmeriya va oxrankaning barcha amaldorlari… partiyaga, sovet organlariga, Qizil Armiyaga va shu kabilarga suqulib kirib olganlarning hammasi Turkistondan Rossiya kontsentratsion lagerlariga jo‘natilsin.

v) Partiya kuchlari qayta taqsim qilinib, Turkistonning mustamlakachilik va buyuk rus millatchiligi bilan zaharlangan barcha kommunistlari Markaziy Komitet ixtiyoriga yuborilsin va ayni zamonda markazdan Turkistonda ishlash uchun bir necha yuz kommunist safarbar qilinsin.

g) … Toshkent temir yo‘lining bir necha yuz ishchisining ish joyini o‘zgartirish va ularning o‘rniga boshqa odam qo‘yish vazifasi topshirilsin.

d) … to‘sqinlik qiluvchi shaxslarga nisbatan surgun qilish sistemasi keng qo‘llanilsin[26].

Biroq markaz bilan Turkiston respublikasining tashkiliy o‘zaro munosabatlari, xususan, har ikki yoqning huquqlari haqida gap ketganda, eng asosiy masalalar: xo‘jalik, moliya, tashki aloqa, harbiy ishlar kabilar respublika ixtiyoridan olib qo‘yildi. Turkiston musulmon kommunistlari faollari RKP(b)ning Turkistondagi asosiy vazifalari to‘g‘risidagi mazkur tarixiy qarorga ko‘shilmadilar. Turkiston Kompartiyasining O‘lka Komiteti va Turkiston MIK sostavida chiqish to‘g‘risida ariza berdilar. Mazkur hodisalar munosabati bilan RKP (b) tomonidan shoshilinch tuzilgan (1920 yil iyul) turkbyuro (uning dastlabki raislaridan biri turkmusbyuro taklifiga qat’iy karshi chiqqan Ya. E. Rudzutak edi) 19 iyulda Turkiston Kompartiyasini tarqatib yuboradi. Muvaqqat Markaziy Komitet tuzadi. Uning uchdan ikki qismi mahalliy millat vakili edi[27].

Aytish kerakki, turkkomissiya va turkbyuroning o‘zida xam ahvol ko‘ngildagidek emas edi. Uning ustiga partiyaning milliy masala xususidagi ayrim qarorlari bajarilmay qoldi. Markaziy apparat a’zolari orasida ixtiloflar chiqib turdi. [28]Masalan, eski chor amaldorining Turkistondan chiqarib yuborilishi — turkbyuro va turkkomissiyaning o‘zida ham har xil kabul qilindi. Jumladan, turkkomissiya raisi M. P. Tomskiy bilan turkbyuro a’zosi G. I. Safarov (Volodin) o‘rtasida shu zaminda ixtilof tug‘ildi. M. P. Tomskiy 1921 yil 23 iyulda Leninga xat yozib voqeadan Ilichni xabardor qiladi. Lenin ularning xar ikkisiga xat yozadi, A. A. Ioffeni yuboradi. Ya. Rudzutak bilan suxbatlashadi. «Shaxsan men «Tomskiyning yo‘li» (extimol, to‘g‘rirog‘i Peters yo‘lidir? yoki Pravdin yo‘lidir? va hokazo) velikorus shovinizmidan yoki, to‘g‘rirog‘i, shu tomonga og‘ishdan iborat, deb juda shubhalanaman»[29] — yozadi Lenin A. A. Ioffega.

Yana. Lenin V. M. Molotovga: «Men Tomskiyning Turkistondagi vazifasidan bo‘shatilishiga tarafdorman, chunki xatto Tomskiyning do‘sti Rudzutak kecha menga bunday dedi: «Agar men 3/4 hissa «mustamlakachi» bo‘lsam, Tomskiy .5/4 hissa «mustamlakachi»… Men (Rudzutak) Tomskiy bilan Rahimboyevni uchrashtirib qo‘ymoqchi edim. Tomskiy bosh tortdi»[30] .

Munavvar Qorining 1927 yil qurultoyidagi bir e’tirofi esga tushadi: «O‘sha vaqtda (1920—21 yil ko‘zda tutiladi — B. Q.) bir majlisda rus mustamlakachilari bilan kurashamiz degan edim. Agar bordi-yu, rus o‘rtoqlar shu gapimga araz qilib, «ol mamlakatingni, o‘zing idora qil!» desalar men ularning oyog‘iga yopishib, eng avval aytar edimki, biz siz bilan emas, sizning boyingiz, ulamoyingiz va mustamlakachiligingiz bilan kurashar edim».

Bular hammasi masalaning bir tomoni.

Keyingi paytlarda oshkoralik tufayli inqilobimiz tarixi va umuman sotsializm nazariyasi, amaliyotining ayrim masalalariga doir yangi fikr-karashlar o‘rtaga tushmoqda. Aslida bularni yangi deb ham bo‘lmas. Ular mutaxassislarga ko‘pdan ma’lum edi, lekin xammaga ayon sabablar bilan ko‘pchilik nazaridan uzoqda saqlanib keldi. A. Platonov, V. Grossman asarlari, M. Prishvin kundaliklari, V. Solouxin, Yu. Burtin maqolalari, V. Korolenkoning A. Lunacharskiyga xatlari, M. Gorkiyning «Bemavrid fikrlari»i, ayniqsa, «Arxipelag Gulag» bilan N. Berdyayevning «Rus kommunizmining ma’no va manbalari» kitobidan parchalar e’lon qilinishi eski bahslarning yangi talqiniga yo‘l ochdi.

20-yillardagi birodarkushlikni, 30-yillarda millatning gulini terib yo‘q qilish kampaniyasining yo‘lga qo‘yilishini, davlatning vahshiyona diktaturasini Oktyabr inqilobi nazarda tutganmidi? Juda ko‘p inqiloblarda bo‘lgani singari uning ham boshlovchilari «ko‘pning nafi» nomi bilan inkilobiy ozchilikning irodasini zo‘rlab tiqishtirmadilarmi? Nega Lenin 1923 yilda sotsializmga bo‘lgan karashimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozimligini iztirob bilai aytdi? Nima bu, o‘lim to‘shagidagi dohiyning armonimi? Yuz millionlarcha kishilar taqdiridan favqulodda bezovtalikmi? Nihoyat, Lenin bugungi hayotni orzu qilganmidi?

Mana, mazkur mavzu munosabati bilan ko‘tarilayotgan masalalarning ayrimlari[31]. Mutaxassislar yuqoridagi asarlar orasidan ushbu mavzuga yondashishda eng jiddiy va puxtasi, har tomonlama asoslangani, ayni paytda hali tilga olingan ijodkorlarning ma’lum qismiga ilhom va oziq bergani deb N. Berdyayev kitobini ko‘rsatadilar. N. Berdyayev grajdanlar urushi va uning uzviy davomi bo‘lgan stalinchilikning sabablarini rus inqilobining mohiyatidan izlaydi. Davlat diktaturasini uning muqarrar yo‘ldoshi hisoblaydi. Proletar inqilobiga yordam beruvchi har qanday vositani qo‘llab-quvvatlashni rus sotsializmidagi inson qadrsizlanishining bosh nuqtasi deb biladi. Uningcha, tarixni sinflar kurashi tarixidan iborat deb tushunish dunyoni oq-qoraga ajratib, har kanday holda ham dushman qidirishga olib kelishi muqarrar edi.

U yozadi: «Rus xalqining vazifasi faqat Rossiyadagina emas, balki butun jahonda insonlar jamoasida ijtimoiy adolatni amalga oshirishdir deb anglanadi. Va bu rus an’analariga muvofiqdir. Lekin dahshatli tomoni shundaki, bunday amalga oshirishlar zo‘ravonlik va jinoyatlar bilan, shafqatsizlik va aldovlar, dahshatli aldovlar bilan kechadi»[32].

Tarix hodisalarining eng buyuk hakami vaqtdir. Xozircha o‘tgan 73 yillik tarix Rossiya inqilobining quvonchidan alamini, savobidan gunohini, fazilatidan aybini ko‘proq ta’kidlayotir. Shunga qaramasdan, tarix 1917 yilda belgilagan Oktyabr yo‘lini, sotsializmni rad etishga asos yo‘q. Uni yangilash, takomillashtirish kerak. U bilan bog‘liq hamma masalani benihoya halol, to‘g‘rima-to‘g‘ri, davlatning emas, qonun va demokratiyaning shafqatsiz diktaturasi asosida qo‘ymoq va hal qilmoq lozim. Uning tarixi, bosib o‘tgan yo‘lini qayta ko‘rish va baholash, ishni inqilobga homilador Rossiyaning hamma to‘lg‘oqlarini chuqur o‘rganishdan, yangi tug‘ilgan Sovetlar hokimiyatining qay darajada qonuniyligini aniqlashdan, uning amalga oshirgan o‘zgarishlarining qay darajada aqlga muvofiqligini belgilashdan boshlash kerak.

Xo‘sh, Rus inqilobi Turkistonga, Buxoro, Xevaga qachon va qanday qilib keldi? Avvalo, bu joylarning, xususan Turkistonning o‘z inqilobiga aylandimi yoki rus inqilobicha qoldimi? Bu tariximizni g‘arazli bir maqsad bilan taftish qilish uchun emas, asl haqikatni bilish uchun kerak. Tariximizni, shu jumladan O‘zbekistondagi inqilob tarixini haqqoniy o‘rganish zarurati o‘rtaga tushar ekan, bu masalani aylanib o‘tish mumkin emas. Agar o‘lkadagi inqilob targ‘ibidan tashkiligacha asosan rus bolsheviklari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, harakatning markaziy, zarbdor kuchlarini ruslar tashkil etgan bo‘lsa, uni nima deb baholamoq kerak?

Birinchi marksistimiz Otajon Hoshim «Marksizm Turkistonga Buyuk O‘ktabr inqilobidan keyingina kira boshladi»[33]  deb yezgan edi 1925 yilda. Bu fakt bilan hisoblashmoq kerak. Bizningcha, xalqimizning ijtimoiy uyg‘onishi, garchi Avloniylar e’tirof etgandek, 1905 yillardan boshlangan bo‘lsa-da buni mutlaqo epizodik hodisa deb qaramoq kerak. Uning ko‘zi ochilishida 1916 yilgi milliy qo‘zg‘olonning roli katta bo‘ldi. Mardikorlarni ona yurtidan ajratib, g‘oya va manfaatlaridan butunlay uzoq, yetti yot begonalar orasida qora ishlarga olib ketilishiga qarshi xalqning «Bolalari‑miz-ni ber-may-miz!» deb chiqishi shundan dalolat edi. Nihoyat, u 1917 yil Fevral inqilobidan katta saboq, tarbiya oldi. Oktyabr inqilobi bilan chinakam uyg‘onish boshlandi. Xalqimizning siyosiy faolligi birdan kuchayib ketdi. Lekin 20-yillarning o‘rtalaridan barq urgan nihollar qovjirashga tushdi. Bu yuqorida aytga nimizdek, 1920 yildan, umidning umidsizlikka aylanuvidan boshlandi. O‘zbek milliy uyg‘onishining mana shu bosib o‘tgan yo‘lini kuzatish o‘zbek jadidchilik harakatini ko‘zdan kechirishdir. Mana shu harakatning butun shaklu shamoyili, ma’no‑mazmuni, ruhi-sajiyasi jadid adabiyotida aks etgan edi. Binobarin bu yo‘l 1919 yilda Abdulla Badriy qayd etganidek, 20‑yillarda F. Xo‘jayev atroflicha asoslab, R. Inog‘omov ko‘llab‑quvvatlaganidek o‘zbek inqilobining bosib o‘tgan yo‘lidir. Undan qochib bo‘lmaydi. Bu yo‘l tarix taqozosi bilan kelib buyuk rus inqilobiga qo‘shildi. Bu hamkorlikdan faqat gullar undi desak, yolg‘on aytgan bo‘lamiz, albatta. Undan tikanlar ham o‘sib chiqdi. Chunki bu hamkorlikda tenglik yo‘q edi. Bu uning eng katta nuqsonlaridan bo‘ldi. Notenglik ishonchsizlikka, ishonchsizlik umidsizlikka olib keldi. Va bu bir taraflamalik uzoq yillar davom etdi. Keyingi paytlarda qayta qurish tufayli qalqib yuzaga chiqqan milliy adovatlarning zaminini o‘sha davrdan qidirish kerak. Ozodlik va Adolat o‘tgan asrda Parij Kommunasi bayrog‘iga yozilgan edi. U 1917 yil inqilobida ham asosiy shiorlardan bo‘ldi. Bugun ham u ahamiyatini yo‘qotgan emas. Lekin gap shundaki, mutlaq ozodlik bo‘lmaganidek, mutlaq adolatning ham bo‘lishi mumkin emas. Negaki, mutlaq ozodlik zo‘rning ojizni oyoqosti qilishnga olib kelganidek mutlaq adolatni ushlash kimningdir erkini cheklashdir. Buning me’yor-mezonini faqatgina davlat ta’minlaydi. Davlat esa 20-yillarda endi tetapoya qadam tashlab kelardi. Ko‘p narsa noma’lum edi. «Biz hozir sotsializmni ta’riflab bera olmaymiz, sotsializm tayyor holga kelganda qanaqa bo‘ladi, biz buni bilmaymiz, biz buni hozircha ayta olmaymiz»[34] deb yozgan edi Lenin 1918 yilda. 1920 yilning oktyabrida komsomolning III s’ezdidagi mashhur nutqida o‘n beshga kirgan avlodning 10—20 yildan keyin kommunistik jamiyatda yashashi haqida so‘zlagan edi. Biroq 1922 yildayoq Lenin sotsializm haqidagi qarashlarini keskin o‘zgartirdi. 1923 yilda buni juda keskin qilib aytdi. Biroq qayta ko‘rilishi, qayta qurilishi lozim bo‘lgan, Lenin iztirob bilan aytgan bu printsiplar uning o‘limidan keyin taqdirning istehzosi bilan mamlakatimizdagi partiya va davlat qurilishining asosi qilib olindi. Va buning qanday oqibatlarga olib kelgani hammaga ma’lum.

Jamiyatimiz tarixining mana shu murakkabliklari ko‘zda tutilgandagina jadidchilikni haqqoniy va halol baholashga yo‘l ochiladi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 7-son

–––––––––––––––––––

[1] Abdulla Badriy. Yosh buxorolilar kimlar? Moskva, 1919, 3-bet.

[2] Otajon Hoshim. Proletariat va chig‘atoy adabiyoti to‘g‘risida. T., 1928 y. 9-bet.

[3] A. Ikramov. Izb. tr. v 3-x tomax. t. 1, T., 1972, str. 221.

[4] Otajon Hoshim. Jadid adabiyoti to‘g‘risida. «Qizil qalam» majmuasi, 2-kitob, O‘zDavnashr, S-T., 1929, 16-bet.

[5] Ibrohim Mo‘minov. Asarlar. 3 tom., 1 t, Toshkent, 1969, 231-bet.

[6] «Qizil O‘zbekiston» gaz. 1927 y., 7 iyun.

[7] Qarang: Turkestanskiy sbornik, tom 361, str 144.

[8] A. V. Pyaskovskiy. Revolyutsiya v Turkestane, 1905—1907 gg M. 1958. str.99.

[9] A. N. Samoylovich. Dramaticheskaya literatura sartov. Otl. ottisk iz Vestnika Imperatorskogo ob-va Vostokovedeniya, № 5. 1916, Petrograd, str. 3.

[10] Qarang: «Qizil O‘zbekiston», 1927 yil, 7 iyun.

[11] «Pravda Vostoka» 25 noyabrya 1927 g.

[12] A. Ikramov. izbr. Soch. v 3 tomax, t. 1, T., 1972 str. 187.

[13] Yuqoridagi asar, 322-bet.

[14] Otajon Hoshim. Jadid adabiyoti to‘g‘risida. Qarang: «Qizil qalam» majmuasi, Samarqand — Toshkent, 1929 y, 17-bet.

[15] «Qizil O‘zbekiston», 1927 yil 7 iyul.

[16] Ushbu hujjatni topishda yaqindan yordam bergan arxiv xodimi I. Isoqovga muallif o‘z minnatdorchilig‘ini bildiradi.

[17] V. I Lenin. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston to‘g‘risida T., «O‘zbekiston», 1984, 493-bet.

[18] V. I. Lenin. TAT, 35-tom, 127-bet.

[19] O‘zSE. 11-tom, 368-bet.

[20] O‘zbekiston SSR tarixi, 4 tomlik, 3-tom, T., 1971, 156-bet.

[21] Biroz o‘tgach, ularning o‘rinlarini V. D. Votintsev va V. D. Figelskiy almashtiradilar.

[22] O‘zSE. 11-tom, 371-bet.

[23] N. 3. Bravin — RSFSR Tashqi Ishlar Xalq komissariatining Afg‘onistonga birinchi bor yuborilgan vakillar hay’atining boshlig‘i. G‘aznida sirli o‘ldirilgan. Qarang bu haqda. «Pravda» Vostoka». 1989, 16 iyun.

[24] Abdulla Avloniy. Afg‘on sayohati, 63-bet (Avloniy uy-muzeyida saqlanadi).

[25] O‘zbekiston SSR tarixi, 4 tomlik, 3-tom, T., 1971, 237-bet.

[26] V. I. Lenin, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston to‘g‘risida, T. «O‘zbekiston», 1984, 397-398-betlar.

[27] O‘zbekiston SSR tarixi, 4 tomlik, 3-tom, T., «Fan», 1971, 240-bet.

[28] V. I. Lenin. O‘rta Osiyo va Kozog‘iston to‘g‘risida, T. «O‘zbekiston» 1984 yil, 769-bet.

[29] V. I. Lenin. O‘rta Osiyo va Kozog‘iston to‘g‘risida, T. «O‘zbekiston» 1984 yil, 455-bet.

[30] V. I. Lenin. O‘rta Osiyo va Kozog‘iston to‘g‘risida, T. «O‘zbekiston» 1984 yil, 466-bet.

[31] «Literaturnaya gazeta» 1990, № 3.

[32] «Yunost». 1989, №11, str. 90.

[33] «Maorif va o‘qituvchi» j. 1925, 3-son, 48-bet.

[34] V. I. Lenin. TAT. 36‑tom, 74‑bet.