Simon Karmiggelt. Ayol kishining ovozi (hikoya)

Ishqim tushib qolgan ikki suvratni suqlanib-suqlanib tomosha qilish ilinjida yana Gaagadagi muzeyga bordim. Suvratlar o‘sha-o‘sha, joyi ham, o‘zi ham o‘zgarmagan. Ko‘nglim joyiga tushib, boya kirayotganimda — bir soatgina burun kiyimxona mulozimi – g‘oyat sertakalluf yigitga topshirib ketgan portfelim, yomg‘irpo‘shim va shamsiyamni olish uchun eshik tomon yurdim.
Yigit joyida ko‘rinmadi.
Peshtaxta ortida allaqachon kamida oltmish beshni urib qo‘ygan, otam zamonlarda xarid qilingan torroq kamzul kiygan odamga duch keldim. U oldidagi mo‘jazgina radioning murvatini beo‘xshov barmoqlari bilan burab, ne bir xirillagan tovushlarni eshitmoqqa urinardi.
Peshtaxtaga raqamnomani qo‘yganimni ko‘rib, boshini ko‘tardi va so‘radi:
— Nimani izlayotganimni bilasizmi, meneer?
Gaaga ahli hali-hamon “meneerlaydi”. Amsterdamda bunday gaplar allaqachon urfdan qolgan.
— Haynohoy, yangiliklarni bo‘lsa kerak? – deb hazillashdim.
— Yo‘q, — dedi u. — Men ayol kishining ovozini topmoqchiman.
Radio sokin xirillardi. Mulozim raqamnomamni olib, kiyimilgichlar tomon yurdi.
— Sizga qanaqasi ko‘proq yoqadi? — deb so‘radim.
— Asl ayol kishining shirin ovozi bo‘lishi kerak, — dedi mulozim. —Qo‘shiq aytayotgan ayolning asl ovozi.
U iziga qaytib, narsalarimni peshtaxta ustiga qo‘ydi va izoh berdi:
— Ayol kishining ovozi men uchun yetti iqlim mulkidan ham azizroq.
U radio yoniga o‘tirib, gapini davom ettirdi:
— Urush paytida… eh-he… Qancha suvlar oqib ketdi. Men bilan tengdoshga o‘xshaysiz. Boshingizdan o‘tgan bo‘lsa kerak, meneer. Urush yillari Frislandiyada yashirinib yurganman. Qishloqlarda, yanayam to‘g‘rirog‘i, tupkaning tubida. O‘shanda yolg‘izlik dardi suyak-suyagimdan o‘tgan. Radio degalari butunlay dushmanning ixtiyorida edi. Buni hammamiz bilardik. Fashistlar ba’zan ko‘y-qo‘shiq qo‘yib turishardi. Unda-bunda ayol kishining ashula aytgani ham, shirali ovozda demoqchiman, eshitilib qolardi. Bunday paytlarda menga boshpana bergan dehqonning uyidagi radioning oldida toshday qotardim. O‘sha ovozdan vujudimga yangi kuch, yangi g‘ayrat inganday bo‘lardi.
U menga qarab jilmaydi.
Uning yuzlari bolta bilan tarashlanganday dag‘al, biroq ko‘zlaridagi kishini iydiradigan do‘lvorlik mayin va shirali ovozi kabi darhol ko‘ngilga xush yoqardi. Peshtaxtadan portfelim bilan yomg‘irpo‘shimni olgach, u kiyimilgichda shamsiyamni unutib qoldirganini angladim. Binobarin qandaydir shamsiyani deb shunday nafis suhbatni bo‘lib qo‘yishning mavridi emasdi. Portfel bilan yomg‘irpo‘shimni yana peshtaxtaga qo‘ydim va dedim:
— Ha-a, nimasini aytasiz…
Gapimdan ma’no-matra juda ufurib turmagan bo‘lsa-da, suhbatimizga monelik qilmasdi.
— Otam rahmatlik juda donishmand odam edi, — deb shoshilmasdan gapirardi garderobchi. — U bir kuni menga shunday degan: “Bilib qo‘yki, o‘g‘lim, bu dunyoda hamma narsa ayol zoti uchun yaratilgan”. Keyinchalik bu gapning mag‘zini chaqishga ko‘p urindim, meneer. O‘ylasam, otam haq ekan…
Men bosh irg‘adim. Xayolimdan esa shu topda: “Shamsiyamni olib bering”, deb aslo ayta olmayman degan o‘y o‘tdi. Bu surbetlik bo‘lardi. Kutib turaverdim.
— Fikrimizning bir joydan chiqishini sezmaganimda, bu gaplarimni dasturxon qilib o‘tirmasdim, — dedi u. — Buni yuz-ko‘zingiz aytib turibdi. Ko‘pni ko‘rgan odamman, axir. Sizdan boshqa bo‘lsa, allaqachon juftagini rostlab qolardi. To‘g‘rimi? Ayol zoti — ajoyib hilqat, meneer. Dunyoga jar solmasa ham, dunyo ayollar qo‘lida. Ular bo‘lmaganida, muzeyimizning ham bo‘m-bo‘sh imoratdan farqi qolmasdi. Bu yerdagi jamiki go‘zal suvratlar, haykallar musavvirlarni qachonlardir oshig‘u beqaror qilgan ayollarga atab yaratilgan.
— Shak-shubha yo‘q, — dedim royishlik bilan.
Men endi shamsiyamga emas, garderobchining o‘ta jiddiy qiyofa kasb etgan yuz-ko‘ziga tikilib turardim.
— Bilasizmi, men xotinimni nima uchun boshimga ko‘taraman? — deb xitob qildi u. — U meni hozirgacha yeru ko‘kka ishonmagani uchun. Meni! Men esa, meneer, oddiy odamman.
U to‘xtadi.
Men tilga kirdim:
— Ajoyib suhbatingizga sherik qilganingizdan g‘oyat mamnunman. Endi meni ma’zur tuting va omon bo‘ling.
Men eshik tomon yurdim va birdan qo‘llarimni havoda silkitgan kishi bo‘lib, ortimga burildim:
— Shoshganimni qarang. Shamsiyamni esdan chiqarishimga sal qopti.
Negaki, mener, men bor-yo‘g‘i bir oddiy odamman-da.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Guliston” jurnali, 2021 yil 2-son.