Arkadiy Averchenko. So‘qirlar (hikoya)

Kunlardan bir kun peshin chog‘i yosh yozuvchi Abe qirollik bog‘iga sayrga keldi. Biroz atrofni kuzatgandan so‘ng o‘rindiqda o‘tirdi. O‘rindiqda xush siymoli, muloyim bir chol ham o‘tirardi. Mehribon yuzli chol yosh Abe tarafga yuzlandi va biroz taraddulanib:
– Siz kimsiz? – deya so‘radi.
– Menmi? Men yosh yozuvchi Abeman! – deb javob qaytardi yosh yozuvchi.
– Yaxshi san’at, – deya tirjaydi chol, – qiziqarli va hurmatga sazovor.
Abe ham unga boshdan oyoq nazar solib:
– Xo‘sh, o‘zingiz kim bo‘lasiz? – deya so‘radi.
– Menmi? Men qirolman.
– Bu mamlakatningmi?
– Albatta, boshqa qaysiyam bo‘lardi.
Yosh yozuvchi o‘zini hotirjam ko‘rsatib so‘z juftladi:
– Sizning ish ham yaxshi san’at – maroqli va sharafga sazovor.
– Oh, yaramni yangilamang! – deya oh chekdi qirol. – Sharaflilikka-ku, mayli, biroq bu ishda birorta qiziqarli narsa yo‘q. Sizga aytib beraqolay, mayli. Hukmronlik qilish ko‘plar o‘ylaganidek huzurbahsh ish emas.
Abe qo‘llarini paxsa qildi va taajjublanib:
– Qanaqasiga? – dedi. – Men shu paytgacha qismatidan rozi birorta odamni uchratmadim to‘g‘risi. Xo‘sh, aytingchi, siz rozimisiz?
Qirol kinoyali tarzda ko‘zlarini o‘ynatdi.
– Ochig‘i, unchalikmas… Xo‘sh, o‘zingizchi?
– Ba’zida bir tanqidchi sizni shunday ahvolga soladiki, o‘tirib yig‘laging keladi odam.
– Ana, ko‘rdingizmi, siz o‘n-o‘n besh tanqidchining e’tirozidan to‘ygansiz. Menda esa shunday tanqidchilar millionlab topiladi. Men sizning o‘rningizda bo‘lsam tanqidchilardan umuman qo‘rqmasdim.
Abe xayol surgan holda “yo‘q” deya boshini chayqatdi, so‘ngra dono qirollardek turib so‘z boshladi:
– Hamma muammo ham shunda. Yaxshi qarorlar qabul qilish kerak!
Qirol qo‘lini paxsa qildi:
– Gapingizga qo‘shilmayman, sariq-chaqalik foydasi yo‘q.
– Shundaymi?
– Xuddi shunday!
– Men sizning o‘rningizda bo‘lsam…
Qirol g‘azab otiga minib:
– Mening o‘rnimda? – dedi. – Men shu paytgacha ko‘p qirollar ko‘rganman, yaxshi yozuvchi bo‘lishgan. Biroq biror martayam yozuvchining uchinchi, boringki oxirgi darajada bo‘lsayam qirol bo‘lganini ko‘rmadim. Mening o‘rnimdami? Mayli, sizni o‘z o‘rnimga biror hafta qo‘yaman, qani, ko‘ramiz sizdan nima chiqar ekan…
– Qayerga qo‘yasiz?! – deya ohista so‘radi Abe.
– Albatta, o‘z o‘rnimga.
– O‘z o‘rnimga deysizmi? Buning iloji bormi?
– Nega bo‘lmas ekan, biz qirollarga ham ozroq rahm ko‘rsatib, bunday qilish adolatdan bo‘lardi albatta. Zora shunda siz kabi tanqidchilarimiz biz – qirollarni tushungan bo‘larmidi…
Abe tavoze bilan:
– Nima ham derdim, zarra qarshiligim yo‘q. Biroq, bir narsani hisobga oling, men birinchi marta bunday ishga qo‘l uryapman. Agar mening tajribasizligim tufayli, nima desam ekan, sizga chetdan qaraganda kulguli ko‘rinsam, aybga buyurmaysiz…
– Hech qisi yo‘q, – qirol mehribonlik bilan tabassum qildi. – O‘ylaymanki, siz bir hafta ichida ko‘p ahmoqliklar qilishga ulgurmaysiz.
– Albatta aql bilan ish ko‘rishga harakat qilaman. Xo‘sh, anchadan beri xayolimda aylanib yurgan kichik, ammo ko‘pchilik uchun foydali bir qaror bor. Uni bugunoq qabul qilamiz.
– Xudo yordamchingiz bo‘lsin! – qirol bosh chayqab yosh yozuvchining so‘zini tasdiqladi. – Qani, yuring, ketdik saroyga. Bu menga bir hafta davomida mazza qilib dam olish uchun yaxshi imkoniyat. Xo‘sh, sir bo‘lmasa aytingchi, nima ekan o‘sha qabul qilmoqchi bo‘lgan qaroringiz?
– Bugun yo‘ldan o‘tayotganda bir keksa so‘qir odamga ko‘zim tushdi. U qo‘lidagi hassasi bilan uylar, ko‘chadagi narsalardan mo‘ljal olib bazo‘r yurib borardi. Foytunlar ostida qolib ketmasmikan, deb yurak hovuchlab turdim. Eng qizig‘i, yo‘ldagi birorta odam unga e’tibor bermasdi. Men shunday so‘qirlarga shahardagi zobitlar ko‘mak berishi haqida qaror qabul qilishni istayman. Ya’ni, yo‘lda yolg‘iz ketayotgan so‘qirni zobitlar qo‘lidan tutib uyigacha kuzatib qo‘ysin. Qanday, bo‘ladimi, ma’qulmi sizga mening qarorim?
– Siz juda mehribon insonsiz, – qirol mahzun va charchagan alfozda javob qaytardi va qariyalarga xos jilmaydi. – Xudo qo‘llasin sizni! Menga endi ruhsat, boraqolay, menam odamlardek dam olay…
Qirol ketayotib ortiga qayrildi va dedi:
– Bechora ko‘rlar…
Mana, uch kundurki mehribon va keng fikrli yozuvchi Abe qirollik qilardi. Adolatli bo‘lish darkor edi. U o‘z qirolligi, kuchidan o‘z foydasi uchun foydalanmadi. Agar uning o‘rnida boshqa birov bo‘lsa, aniq mamlakatdagi barcha tanqidchilarni, yozuvchilarni yig‘ib qamoqqa tashlar, xalqni faqatgina o‘zining asarlarini o‘qishga majbur qilardi. Hatto tonggi nonushta o‘rniga har kimdan biror kitobini mutolaa qilishni amr qilardi. Abe o‘z nafsidan ustun kelgan, dono qirollardek yurtni boshqarardi. U qirolga aytganidek so‘qirlarni yolg‘iz qoldirmaslik, ularni ko‘chada foytunlar, yamalar, turli hil balolardan saqlashda zobitlarning ishtirokini ta’minlash qarori bilan ish boshladi.
Kunlarning birida, ya’ni o‘z qirolligining to‘rtinchi tonggida Abe o‘z xonasidagi derazadan o‘y surgancha ko‘chani kuzatib turardi. To‘satdan bir dahshatli manzara uning e’tiborini tortdi. Ikki zobit bir odamning bo‘ynidan bo‘yinturuq solib sudrar, yana bitta zobit esa “Yur, qani, tez yur” deya orqasidan tepardi. Abe abjirlik bilan xonasidan yugurib chiqdi va zinalardan tushib, tashqariga otildi.
Zobitlardan xalloslab:
– Uni qayerga olib ketyapsizlar, nega tepyapsizlar, bu odam nima gunoh qilibdi, kimni o‘ldiribdi? – deya so‘radi.
– Hech qanday aybi yo‘q, – deya hotirjam javob qildi zobitlardan biri.
– Xo‘sh, unda nega bunchalik ozor beryapsizlar bu bechoraga? Qayerga olib ketyapsizlar?
– Alohazrat, bu odam so‘qir. Biz ham so‘nggi qarorga binoan uni hibsxonaga olib ketyapmiz.
– Qarorga ko‘ra?! Tovba, shunday qaror ham bormi?
– Albatta, uch kun bo‘ldi e’lon qilinganiga.
Abe chuqur xo‘rsinib boshini changalladi va ingradi:
– Mening qarorim?!
Olomon ichidan bir odam darg‘azab bilan:
– Chiqarilayotgan qarorlarga bir qarang. Ular nima haqda o‘zi? Biz, oddiy odamlardan nima istashadi tepadagilar? – deya baqirdi.
Yonidagi boshqa odam:
– Shuni ayting? – deya uning gapini tasdiqladi. – Juda dono qaror. Ko‘chadagi so‘qirlarni kishanlab hibsga olmoq. Yo‘ldagi odamlarga yengillik yaratadi bu, albatta. Ularga pishirib qo‘yibdimi ko‘chada, odamlarga halaqit berib…
Shundan so‘ng xalq o‘rtasida talashish boshlandi. Kimdir qarorni yoqlasa, kimdir qarg‘ardi…
Abe shamoldek o‘z xonasiga qaytdi va xizmatkoriga baqirdi:
– Boring, tez nozirni topib keling! Shaxsan o‘zim nimalar bo‘layotganini aniqlashim lozim.
Nozir bilan bo‘lgan suhbatda so‘qirlarning turli hil atrof-muhit ta’sirlaridan asrash qaroriga oydinlik kiritildi…
Abe qirolligining birinchi kunida nozirni yoniga chaqirib shunday degandi: “Zobitlarning ko‘chada yolg‘iz ketayotgan so‘qirlarga yordam berishi, ularni foytunlar, yamalar va boshqa turli balolardan himoyalab, sog‘-omon uyigacha kuzatib qo‘yishi haqida qaror qabul qilinsin”.
Nozir qirolga ta’zim qiladi va xonasidan chiqadi, shu ondayoq ishga kirishadi. Shahar hokimini yoniga chaqirib shunday deydi: “So‘qirlar ko‘chalarda yurishmasin. Agar ularning yonida hech kim yo‘q bo‘lsa, zobitlar ishga kirishsin. Ular darhol so‘qirlarni kerakli joyga kuzatib qo‘yishsin”.
Nozirning qabulidan chiqqan shahar hokimi zobitlar boshlig‘ini yoniga chaqirtiradi va shunday deydi: “Shahar ko‘chalarida so‘qirlar yolg‘iz yurishibdi. Ortiq bunga chek qo‘yilsin. Qo‘l ostingizdagi zobitlar ularning qo‘lidan tutib kerakli joyga yetkazishsin. Tushundingizmi?”
Zobitlar boshlig‘i o‘sha kuniyoq bo‘lim boshliqlarini yoniga chorlaydi va buyuradi: “Xo‘sh, gap bunday muhtaram do‘stlar! Bizga yangi qaror haqida xabar keldi. Unga binoan shahar ko‘chalarida yolg‘iz yurgan so‘qirlar zobitlar tomonidan tutilsin va kerakli joyga olib borilsin. Hammaga tushanarlimi?”
Bo‘lim boshliqlari ish joylariga qaytishgach, o‘z qo‘l ostidagi zobitlarni yig‘ib shunday deyishadi: “Hurmatli janoblar! Hammaga bu qaror yetib borsin. Ko‘chalarda o‘zicha yurgan, shu tufayli foytunlar va odamlar harakatiga halaqit berayotgan barcha so‘qirlarni hibsga olib, kerakli joyga tiqinglar!”
“Zobitlar kerakli joy qayer o‘zi?”, deya bir-biriga angrayishdi va boshliqdan so‘rashadi. Boshliq esa “Albatta, hibsxonaga, boshqa qayer ham bo‘lishi mumkin…”, deya javob qaytaradi.
Zobitlar esa qolganlariga ham bu qarorni yetkazishadi: “Birodarlar, agar sizga ko‘chada yolg‘iz yurgan so‘qirlar duch kelib qolsa, bo‘yniga bo‘yinturuq, qo‘liga kishan solib hibsxonaga keltiring, agar qarshilik qilguday bo‘lishsa bir-ikki orqasidan teping, uchib-uchib kelishadi…”
So‘qirlarga yordam berish haqidagi qarorning taqdirini bilgach yosh yozuvchi Abe birdan xo‘ngrab yig‘lab yubordi. Kimdir mehr bilan qo‘lini uning boshiga qo‘ydi:
– Nima bo‘ldi o‘g‘lim? Men birinchi marta bu qaroringizni eshitganimda bekorga “bechora so‘qirlar” demadim. Ko‘ryapsizmi, bu holatda faqatgina so‘qirlar yutqazishdi. Men esa yutdim.
– Siz? Siz nimani yutdingiz? – dedi Abe shlyapasini axtararkan.
– Mening tanqidchilarim bir nafarga kamaydi. Xayr, aziz birodarim! Agar yana birorta qaror chiqargingiz, islohot qilgingiz kelsa, albatta tashrif buyuring.
Yosh yozuvchi:
– Kelib bo‘bman! Ikki dunyodayam… – deya shivirladi va zinalardan hovliqib tushgancha saroyni tark etdi.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi