Salim Bobullo o‘g‘li (Səlim Babullaoğlu Səlimov) hozirgi Ozarbayjon modern she’riyatining yorqin vakillaridan biri, shoir, tarjimon va essenavis. U 1972 yil 10 dekabrda Shirvon shahrida tug‘ilgan. Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi.
«Tanho» (Baku, 1996), «Iyunda kuylangan qo‘shiqlar» (Istanbul, 2006), «Yurakka bag‘ishlov» (Vrotslav, 2007), «Shamolga qarshi yurgan ayol» (Tabriz, 2009), «Ilyosning rasm daftari» (Baku, 2009), «Maskali kishilarning gimni» (Kiyev, 2009), «Qorin sharhi» (Tbilisi, 2010), “Polkovnikka hech kim yozmaydi” (2010) kabi she’riy kitoblari chop etilgan.
Salim Bobullo o‘g‘li o‘zbek (Abdulla Oripov, Aziz Said, Xurshid Davron she’rlari), rus, turk, fin, ispan, italyan, frantsuz, shved, fors, polyak, ingliz, portugal, yapon, grek, qirg‘iz adabiyoti vakillarining asarlarini tarjima qilgan. O‘rxon Vali, Iosif Brodskiy, Cheslav Milosh, Fozil Husni Dog‘larja, Vasil Stus kabi shoirlarning kitoblari uning tarjimasida chop etilgan. O‘zining she’rlari dunyoning o‘ndan ortiq tillariga tarjima qilingan.
Bir qancha xalqaro (Turkiya, Serbiya, Qirg‘iziston) va milliy (“Anor butog‘i”, “Kitob–2003”, “Kitob–2004”) mukofotlar sovrindori. Yevropa Ozodlik shoiri (The European Poet of Freedom) xalqaro adabiy tanlovining nominanti (2018).
Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi idora hay’atining a’zosi, Badiiy tarjima va adabiy aloqalar markazining rahbari.
DO‘STLARIMGA
Bir oz olislardan axtaring meni,
Suhbatlar quraylik bu yerdan uzoq.
Bir oz xayollardan axtaring meni,
Bu loyqa suvlardan ketaylik yiroq.
Oydin saboqlardan axtaring meni,
Unda quyosh boshqa, sezim boshqadir.
Tangri gunohlarni afv etgan yer,
Xayolim u yerda kezinmoqdadir.
Umr vafo qilsa, yozgayman, biling,
Bugunning, ertaning qo‘shiqlarin men.
Meni o‘z ichimdan axtaring faqat,
Bir kun o‘z ichimdan ozgayman, biling.
So‘nik satrlardan so‘ramangiz meni,
Yonurman Karamdek* o‘tda tobora.
Dalli fikrlardan axtaring meni,
Bir kun aqlim kirsa mening ham zora.
_______________
* Karam – «Asli va Karam» xalq dostoni qahramoni.
OTAMGA
Sen mendan ancha ko‘rkamsan,
Men sendan ancha asabiy…
Sen — hassos,
Men bir oz ulfatkash,
bir oz isrofgar,
o‘zidan rozi.
Bir oz baxtsizman —
Ki, sen mendan norozi.
Mening umidsiz xun ohlarim ko‘p…
sendan uzoqqa,
bu ma’nosiz — ulkan shaharda
Tentirayman — yuragim qiyma-qiyma,
gunohlarim ko‘p…
Tongda suratingga,
oqshomlar ko‘zguga boqurman.
bormoqdaman kundan-kun qarib.
ko‘paymoqda sochlarimda oq…
Ko‘p narsaga erisholding sen —
Yo‘qotmoqqa hech bir narsang yo‘q.
Men hech narsa qozonolmadim,
bir oz o‘zimni yo‘qotdim,
Qo‘ridim sening yaxshi nomingni,
to‘rt xonali uyni qo‘ridim,
kitoblaringni…
Sen juda ham yaxshi otasan,
men — yomon o‘g‘il.
Bo‘larkan-da shunaqasi ham…
Ammo vaqtdan o‘zib, ayta olurman:
sen juda zo‘r bobo bo‘lasan,
jumladan, men ham…
BA’ZI KO‘RINIShLAR
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
do‘st qo‘li bo‘sh qolmas havoda
yig‘layotgan yuzlarni to‘sar
Qo‘llarni ko‘ryapman, bilaklarni
bilaklardagi kishanlarni parchalamoqda
Qullarni ko‘ryapman, kaftlarni
baxtlarni, baxtsizliklarni
taqdir chiziqlari, umr bitiklarini
xiromantiya bilan mashg‘ul bo‘lmasang hamki
qadoqlarning baxtdan xabar berishi ayon
Qo‘llarni ko‘ryapman, mushtlarni
ko‘ngilni sindiruvchi bosh suyagiga urilayotir.
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
usta pianinochinikiga o‘xshab ketsa-da
bszbetlarcha kimningdir cho‘ntagiga tushayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, silashlarni
sho‘rlik bir kimsaning sochlariga qo‘nib
bir lahza bo‘lsa-da foniylikni unut aylagan
Qo‘llarni ko‘ryapman, ajinzorlarni
keksalar kulbasiga borguvchi unutilgan, to‘zonli
yo‘llarni yodga soluvchi
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
tirnoq-la et bitgan joyi yorilib ketgan
avitaminoz tashxisi qo‘yilgan hayot tarzidan so‘zlar
titroq dudoqlarni qimtibon qattiq
favqulodda hodisalarni abadiy bekitgan
Qo‘llarni ko‘ryapman, nozik bellarni quchib
sevgi haqdagi eng shirin so‘zlarning
haqiqiy ma’nosi anglatmoqdadir
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
iyaklar ostita qadalib
odamlarni o‘z asl shaklidan rozi qilmoqda
Qo‘llarni ko‘ryapman, oyoqlar ostida toptalgan
Katlarning* ustidan osilib tushgan
ushbu kun bola-chaqasidan uzoqda
bir ona tushida bosinmoqdadir
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
kesilgan barmoqlar tushlarida o‘z egasi tomon uchmoqda
Qo‘llarni ko‘ryapman, amallarni
har ilinjga uzangan
sevgi maktublarini yozgan
eshiklarni zarb bilan qoqqan
ko‘chat ekish uchun yasalgan belkurak sopidan tutgancha
jasadni ko‘mmoqqa yer qaziyotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
umidsiz orzularga qarshilik kabi
uch barmoq qovushgan nuqtada eng qo‘pol rad javobi
berilayotgan
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
qimmat kursilarning kimxob jildiga
mahliyo bo‘lgancha farog‘atli turmush tarzin yaratarkan
katta pullardan —
demakki jinoyatlardan
qaltiroq va qo‘rquvlardan so‘zlayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
eng arzon fotoapparat tugmasini bosarkan
eng qimmatli onlarni — abadiyat elchilarini
suratga olayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, ko‘klarga uzangan, ochiq
duo qilayotir
qo‘llarni ko‘ryapman, bu duodan tug‘ilajak do‘mboq
qo‘lchalarni
bir ko‘ring, havo xil’atini tutgani kabi
malaklarning etagidan tutmoqda ular
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘ng‘ir sochlarni taroqlab
qora ko‘zlardan uyquni quvayotir
chakkasini changallab turgan qo‘llarni ko‘rayotirman
so‘nggi sigareta qolgan quti uzra
Tinchib qolur tong nasimida
Voz kechadi nuqta qo‘ymoqdan…
_________
Kat – so‘ri, karavot (mahbuslar yotadigan nard)
ABSURD
Yuzimdagi sevinchni,
boshimga tosh kabi tekkan o‘kinchni,
eng so‘nggisi bo‘lsa-da o‘pichni
sevaman…
Sevaman yo‘lning yo‘lchiligini
g‘am – raqibimni,
raqiblikning puchligini.
Goho uyda o‘tirib tinglasang ichingni –
hech qayga chiqmasdan tinglasang –
qayg‘uga,
tuyg‘uga
parvo qilmay tinglasang –
iching uchun
ich-ichingda
to‘yib yig‘lasang
o‘zingga yanayam maroqli tuyulajaksan…
Yangi so‘z yozsang,
uning yangiligiga ishonsang
so‘ng esa yangi so‘zlar o‘lmasdi deb
kulsang-yig‘lasang,
yanada maroqli tuyulajaksan…
Shu qadar maroqlisanki
yuzingga jilmaygan sevinchni –
yig‘latgan g‘am-kadarni,
boshingga tosh kabi tekkan o‘kinchni –
serpanmagan qilichni –
hamma-hammasini hadsiz sevarsan…
chunki na ibtidosan,
na-da intiho…
HAMIDA XONIMGA
Yo‘ling uzra yolg‘iz daraxt bo‘lib o‘ssam,
ko‘lkamda tin olajaksanmi?
Yo shox-butog‘im kesib o‘timga isinajaksanmi?
Yomg‘ir bo‘lib shig‘alasam
yoz jaziramasida
bu shov-shuvli chang-to‘zonli shahar ko‘chalariga –
tuproq hidi anqib ketsa
hidimni tuproqdan olib hayratlanajaksanmi?
Yo yomg‘ir shalabbo etsa seni uyga shoshganingda,
jiqqa ho‘l bo‘lib,
pushaymon qilib
ko‘klarga la’natlar yog‘dirajaksanmi?
Janubda qor
ko‘p yog‘avermas…
Bir qish oqshomi ilk qor bo‘lib yog‘sam
bolalarni davrangga olib qorto‘pi o‘ynayajaksanmi?
Yo ulardan biri yiqilsa,
yo nozik barmoqlari sovuqda qotsa,
aytaqol, ay gulim, g‘azablanajaksanmi?
Bir oqshom daraxt bo‘lmoq, yomg‘ir bo‘lmoq, qor bo‘lmoq istasam,
o‘limning yoqasidan olib bahslayajaksanmi?
yo chiqib ketsam,
Yo‘ldosh bo‘lmoq uchun menga talpinajaksanmi?
Yo bir kecha
undoq-bundoq she’rlar bitib,
uyqungni harom etib,
seni uyg‘otib o‘qib bersam
Rostini ayt, gulim, xushlanajaksanmi?
HIKMAT
Hikmat – sukutdadir
jim turmoq kerak
jim turib anglamoq kerak
ko‘p aldaganmisan o‘z-o‘zingni jim turmoq bilan?
bu ham bir Hikmatdir…
Hikmatdir yig‘lamoq
yig‘lamoq yetar
yig‘lagan sari ermakka uzilar o‘qlar
meni yaraladilar
seni ham otarlar –
kula-kula qotarlar…
Kuladilar senga sen yig‘lagan sayin
o‘lmoq kerakdir
bo‘lgan narsa o‘lgay deydilar
ehtimol bo‘lmaslik kerakdir…
Bo‘lmaslik kerak bo‘lsa –
dunyoga kelmaslik kerakdir
Bo‘lmagan demaslar – yo‘q edi derlar
Hammasidan bexabar derdilar…
Demaslarki Hikmat ichimizdan kechar
ichimizdadir
ich-ichidan ozib ketibdi derlar
Chunki Hikmat uch-to‘rtimizdan kechar
qattiq-mo‘rtimizdan kechar…
Hikmat yo‘qdir, bo‘lmagan, bo‘lmaydi menda
men-da hasrat chekaman uning tanholigidan
yaproqqa tuproqqa qum zarrasiga
va yana Hikmatga aylanmog‘imdan…
O‘G‘LIM BILAN SUHBAT
– Sen kimsan?
– Sening otang
– Xo‘sh, Faridning otasi kimdir?
– U yo‘q.
– Nega?
– …
– Sening kasbing ne?
– She’r bitaman.
– She’r bu nima?
– Ona allasiga o‘xshaydi bir oz.
– Onam ham yozadimi?
– Yo‘q.
– Unda sen nega yozasan, kuyla-da axir
– …
– Qayga ketmoqdasan?
– Ishga.
– Ish nima degani?
– Sening poyabzaling, non-poning, aqchang va shu kabi narsalar.
– Balki ketmassan-a?
– …
– Ota, Olloh kimdir?
– U seni, onangni, otangni, buvingni, hammani yaratgan.
– Seni hammi?
–…
– Biroz o‘zingdan gapir.
– Ne deyin o‘g‘lim. Men ham sen kabi edim, sening bo‘yingda, sening yoshingda. Sen kabi ko‘pdan-ko‘p savollar berardim har joyda, onamning quchog‘ida, otamning tizi ustida, uyda, dalada, poyezdda…
– Poyezd nima?
– Poyezd sening aravangga o‘xshar, temir yo‘llar ustida yelar. Ammo juda ulkan, ichida ko‘pdan-ko‘p bolalar bordir.
– Men aravamni Faridga bermoqchiman.
– …
– Ular nima qilayapti, ota?
– Tosh yig‘moqdalar, o‘g‘lim.
– Nega?
– Bir-biriga otmoqchilar.
– Nega?
– Bir-biriga dushman ular.
– Nega?
– Bir-birlarini sevmaslar.
– Nega ?
– …
– Ota, qaytishingda beshta muzqaymoq keltir.
– Shoshma-shoshma, nega beshta? Biri – senga, biri – Faridga, biri – onangga, biri – menga… qolgan bittasi-chi?
– Qushlarniki bo‘lsin bittasi.
IYuNDA AYTILGAN QO‘ShIQLAR
Derazam yonidan moshinlar o‘tar
Qushlar chug‘urlashar derazam oldida
moshinlar ichida odamlar
odamlar ichida qo‘shiqlar
qo‘shiqlar so‘ngida sukunat –
noayondir mangulik qadar
Onalar uxlatar go‘daklarini
allalar aytishar
buvilar choy ho‘plashar
bu sahnaga g‘urur-la boqar
uyqusi buzilgan har qanday texnikaga o‘ch bo‘ydoq amakilar
nenidir o‘rganar chamalar
hammasining ichida nag‘malar –
noayondir mangulik qadar
Efirda eng ko‘hna filmlar eng yangi dublyajda
so‘zlar o‘sha-o‘sha
faqat ovozlar boshqa
nelardir o‘zgarib bormoqda
qahramonlar esa o‘sha-o‘sha tanish bolalar
dudoqlaridagi sho‘x kulgiga o‘xshar go‘zal qo‘shiqlar
noayondir mangulik qadar
Bu oqshom rejissyor do‘stimning Roskolnikov uyiga o‘xshash uyida
yangi she’rni qanday yozmoq haqida so‘zlashdik
hayotni kadrga, so‘zga, obrazga va yana nelargadir bo‘ldik
eng topilma shakllar haqidagi mulohazalar –
bo‘lmasa hayotning o‘zi qadar go‘zal
demakki bu ma’nosiz bahs-musobaqa
tilsiz sukunat bilan
yugurishmog‘i kerak edi
yugurishdi
bu na g‘alaba na mag‘lubiyat –
eng oddiy eng hayotiy hodisa edi
va shu sirli sukut ichidagi hodisada
bir yo‘lovchi yo‘l bosar –
bu menman
ichimda noayon qo‘shiqlar –
barchasi go‘zaldir mangulik qadar
Derazam oldidan moshinlar o‘tar
yodimda avvalgi qo‘shiq – aylanar
qushlar chug‘urlashar, yaproqlar oralab uchishar
va yozning to‘rtinchi oqshomi bir yashil yaproq
butog‘idan uzilib tushar –
na so‘zlar
na sukunat
na chormixga tortilgan yalang‘och qo‘llar
na yaxshi ko‘rinmak istagi
na yashamak havasi
na o‘lim xavfi
na-da qotil qushlar haqida so‘zlar –
barchasi sukunatda mujassam –
mening mangulik qadar noayon
qo‘shiqlarimda…
…BEZIB…
…bezib
o‘zingni o‘z xonangga tutqun etib
ko‘chaga chiqmasliging lozim
taxta ayvonli temir chorpoya bilan
javon orasida hayvonot bog‘ining sheri kabi sarson
inson kabi anglamoqqa intilmog‘ing lozim
kim bilsin, ehtimol suv ichida
yo yerda yotib olishing, turmasliging lozim
vaqt o‘tar
bir-bir kechar daqiqalar
azobga do‘nar umr –
demak sog‘lomsan
va devordagi qora o‘rgimchakka yuzma-yuz tikilgancha
hamma narsani unga bog‘lashing lozim.
ko‘z yumib bir… ikki… o‘nga qadar sanaguningcha
hammasi tugaydi
o‘rgimchak chiziqni kesib o‘tadi
va barcha azoblaring tugashini anglashing lozim
ko‘zlaringni ochgunga qadar
o‘rgimchakning g‘oyib bo‘lganligini
yo uning avvaldan yo‘qligini
yoki u sen ko‘rmagan boshqa bir chiziqdan o‘tganligi
barcha chiziqlarning esa qaydadir kesishuvini
qaydadir birlashuvini
ko‘rinmas egri chiziqning bir qismi ekanin
anglamog‘ing lozim
erta ro‘znomada chiqarilajak
“o‘rgimchak – umid qotili” she’rini bu kecha yozmog‘ing lozim
xuddi shu kecha arog‘i bor tanishlaringga o‘qib bermog‘ing lozim
ular taqriz yozishga so‘z berganlarida
oxirgi qadahning soxta jarangini tuymog‘ing lozim
“…she’r shu qadar zo‘r ediki, yozmoqqa qo‘rqdik…”
kabi eng ahmoqona fikrlar ustidan chiziq tortmog‘ing
tilla xatli eng qora lavhalarni sindirmog‘ing lozim
sen o‘ttiz yoshli keksa va sakson yoshli bola emassan
qaysidir bekatda o‘tirganingda–
yoningda ayvonli qalpog‘ing boshi egik sodiq do‘st kabi tursa –
iching xomligidan
qo‘llaring titrayotganidan
toliqqaningdan yoki boshqa sababdan –
tilanchi kimsaga o‘xshatilmasliging lozim
Ayt baxt qarshisida yolg‘iz quroling – irodangmi?
va bezib
o‘zingni o‘z xonangga tutqun etib
ko‘chaga chiqmasang
taxta peshtoqli temir chorpoya bilan
javon orasida hayvonot bog‘ining sheri kabi zir chopsang
inson kabi fikrlab
anglashning eng zerikarli holin kechirsang
va bularning barcha-barchasini
qora ko‘zoynakdan dunyoga boqmoqqa qiyos etsang
uxlasang uxlasang uxlasang
uyg‘onmog‘ing lozim
OQShOMGI QAYDLAR
1
Zamonning xotirasi
o‘g‘lim va mening xotiramiz bilan o‘lchanmas,
Dard chekmoqqa arzimaydi bu.
Bu xotira ilk inson bilan
bir daqiqadan keyin tug‘ilajak keksa go‘dakka qadardir –
Mabodo men ham, o‘g‘lim ham
Bu xotira ichida ekanligimizni anglamasak gar –
Bu har qanday darddan battardir…
2
G‘arib oqshomlarda,
Erto‘lasimon barlarda,
to‘rt-besh soatlik sokinlikdan so‘ng
zinalardan og‘ir-og‘ir ko‘tarilganda,
qarshidagi simyog‘ochlar shu’lasi ko‘zlarni qamashtirganda,
odamlarga ilk bora duch kelayotgandek boqqanda,
tumanli shuur ila
ichganing hayot sharobining nash’asi qadar
o‘tkin va go‘zal ekanligin anglamoq istaysan…
3
Biroq keng tomlarning ko‘k yuziga boqmoq haqqi –
poyabzal poshnasin yerni tuymoq qadar,
qadarning sirini anglamoq haqqi –
kalit teshigidan xonaga boqmoq qadar…
Yurak bir et parchasi bo‘lsa,
u ham qassob do‘konlarida
kechki narxlar bilan sotilsa,
mayliga, sen uchun farqi yo‘q,
ko‘zlarga ko‘rinmas yo‘l aloqasi.
4
Dorlarga osilgan barcha choyshablar
Foniylik o‘ngida mag‘lubiyatga,
kirdan emas, mag‘zavadan qochmoqqa o‘xshar;
qornida homila ko‘targan ayol,
ayollar ko‘targay oq bayroqlarni…
5
Shudgorlangan qora tuproq ustidagi
sap-sariq xazon
gazetaga e’lon berajak
rassom istaydiki,
bizning e’tiborsiz qarashlarimiz
devorga ilinib qolmasaydi
u chirindiga aylanmas edi.
6
“Kun chiqar”
demakki, tong otar,
yuzlarini derazaga bosib
go‘daklar boqar,
ko‘rgan bo‘lishsa-da chumolilarni
ishxona avtobusiga shoshilgan odamlarni
bir oz chumoliga o‘xshatar ular,
“kun chiqar,
tong otar”,
demakki shoshilar odamlar…
7
Bir inson hayotining
Chakana narxini menga aytsangiz,
yaxlit bir dunyo bahosini aytardim sizga,
va sizga ma’lum aljabr bilan natijalarni tutashtirsangiz,
bir tengsizlik kirardi ko‘zga
sevgi noma’lumi yo‘qligidan xabar berar edi u.
DO‘STIMGA JAVOB MAKTUBI
Vatan shartliklarning eng go‘zalidir –
toleiga g‘urbat yozilganning
yonida aytmangiz bu so‘zni
Ayol go‘zallikning oddiy timsoli –
baxtsiz oshiqlardan tilidan eshitmassiz buni
Beton devorlarga farqi bormi
siynasiga qadalmish mixlarda
osilib turgan kitob javonimi
yoki kiyim ilgichlar.
Garderobda ishlagan ayolga ham farqsizdir
teatrning qayerda boshlanib, qayda tugashi.
Suratli kitoblar bilan ovungan
tilsiz go‘daklardan hech nima so‘ramang
qalin kitoblardan ko‘ra ko‘proq narsani
anglatmasmi bu rangli suratlar
Ovutmoq uchun u dunyoning borligiga
ishontirmang shahid onasini
bu dunyoda nima ko‘rdim demasin u?!
Chaqmoq chaqnaganda kar bolalarni qo‘rqitmang
qo‘llarga eshitmoq, ko‘rmoq kerakmas,
hademay tomchilar sizilar
ko‘klarga ochilgan hovuchlaridan
Bitta gul ekmagansiz-ku, jim turing demayman,
dunyo foniydur, o‘tkinchidir deya yolg‘onning eng yomonini
takrorlab dod-voy qilmang hech bo‘lmaganda
Siz, shoirlar! Yodlangan she’rlarning xotiri haqi
bema’ni narsalarni she’rlarga tiqishtirmang,
javonmas muzlatgichga kitob yig‘magan bo‘lsangiz.
Etar! Harbiy marshlar yozmangiz, bastakorlar,
sakkizinchi notani tuyib olgunga qadar.
Navrasta bolalarni olib bormang qo‘shinga,
jamiyatning hashamdor so‘zlarini takrorlab
minali sarhadlarga tashlamangiz ularni.
quyoshdan-da berkinmang eng issiq kun tig‘ida,
yaproqlarni berkinmay turganin ko‘rmayapsizmi?
Nozim Hikmat ko‘chasi 12/26 raqamli manzilda
yashovchi qariyadan kulmangiz qaysi ko‘chada yashashini
unutib qo‘ygan bo‘lsa agar,
gaz va chiroq haqini yig‘adigan soliqchi
har kuni tez-tez kelib bu yerda izg‘ib yurar.
Vatanni sevmoqniyam, sevginiyam o‘rgatmang,
Chunki toqlik, tanholik ichida g‘urbatdaman…
QIZIL QALAM BILAN YoZILGAN QISh QAYDLARI
Avvallari daraxtlar ekilmas edi,
Inson o‘sib-ulg‘aymasdi qayg‘usi bilan,
to‘g‘ramasdi insonni inson,
qochqinlarning chodirlari tikilmas edi
og‘ochlar kesilgan yaydoq dashtlarda…
Burni oqib so‘lagiga qorishgan qochqin go‘dak
yara-chaqa qo‘llarini isitmas edi,
qasmoqli pechlar tomon otilmas edi,
og‘ochlar o‘tin bo‘lmas edi avvallar…
og‘ochlarning megapolisda yashagan odamlar kabi rangi so‘lmasdi,
kesilmasdi – randalanmasdi,
uchlik,
beshlik,
o‘n beshlik
va boshqa enli taxtalarga tilinmas edi…
avvallari uylar tiklanmasdi toshdan, taxtalardan…
qanddon, guldon,
tishkavlagich cho‘plar sochilib yotgan stollar
yasalmasdi avallar…
Avvallari og‘ochlar qog‘ozga ham aylanmas edi…
BMTga, YeXHTga yoki NATOga
nomi bosh harflar bilan yoziladigan allaqayerga
bir million qochqinimiz bor deya,
do‘stga, tanishga, sevimli ayolga,
kimligin farqi yo‘q, deylikki, Lorkaga
uzoq iztirob va ayriqlikdan so‘ng sevgimizni anglatuvchi
maktublar yozmasdi avvallari;
yozilib yotmasdi stollar ustida,
bir oz donishmandlik qilibsan deya,
va yoki yo‘lsizlik, ruhsizlik
yoki tuyg‘uli taraddudlarda mudroq bosmasdi;
ta’mirchi ustalarning beparvo harakati ila
po‘kaklardan sizgan suvlar qo‘ng‘ir tusga kirmasdi
stollarni qo‘rimoq ila mashg‘ul bo‘lmasdi maktublar;
va yoki
ustalar tayyorlagan qog‘oz qalpoqlarga aylanmasdi,
va ular olis bolalikdagi kemalarni yodga solmasdi,
kemalar halokatga uchramasdi avvallari…
Yangidan yozilmasdi chala maktublar qayta-qaytadan,
yangidan chala qolmasdi ular – harislik bilan,
karton qutilar orasidagi kitoblar ichida yuqolmas,
sarg‘aymas edi.
Bezakdor xonalarda yana qayta yozilib
eng oddiy pochtaning “so‘rab olinsin” manziliga
etsa-da, yetmasa-da
“bu mamlakatda pochtalar yaxshi ishlamaydi” deb hisoblanmasdi,
maktublar yozilmas edi avallari…
Avvallari daraxtlar ekilmas edi,
inson o‘sib-ulg‘aymasdi qayg‘usi bilan,
avvallari tug‘masdi, tug‘ilmasdi insonlar inson amali bilan,
ona qayg‘usi bilan ulg‘aymasdi, bezorilik qilmas edi,
do‘pposlanmasdi ota qo‘li bilan bolalar;
Avvallari go‘daklar yig‘lamasdi, och qolmasdi, qochqin bo‘lmasdi,
qiymalab tashlanmasdi avallari,
sarhadlarga otilmasdi, randalanmasdi og‘ochlar…
Og‘ochlar ekildi
O‘rmonlar asl ma’nosini yo‘qotdi…
RASSOM NOZIM ShOHVERDIGA
…Devorlarga surilgan ranglar, ohanglar
So‘zlarda yangragan ohanglar kabi yanglishlidir,
fikrlar dalli, istaklar qo‘rqinchli, qorishiq.
Qorishiq zamonda yashayapmiz, do‘stim,
va sen,
haqiqat suratin chizmak istagan rassom
harchand urinsang, tirishsang-da,
ulasang-da sigaretni sigaretga,
singib tunning sukunatiga
tanholigingga yolg‘izlik to‘nini kiydirsang-da,
ketsang-da o‘zing tomon, yo o‘zga tomon,
asir tushsang-da endi surat chiza olmaysan
degan ruhsizligu umidsizlikka,
barchasiga chek qo‘ymoq uchun
molbertning yuziga tortilgan matodan
boqsang, boqsang, boqsang,
ko‘zingga yosh kelsa, demasmanki, bu sigaret tutunidan,
yo chorcho‘p*ning birga bir o‘lchamidan –
shundoq ham dunyoni, fikrlarni, zarrani
joylashtira olmassan chorcho‘pga
va shu fikr ila,
shuur ila,
sirli bir harakat ila
Kozim sovg‘a qilgan bo‘z matoga
Alloh in’om etgan qo‘l ila,
va qisman mo‘yqalam uchi ila,
ranglarni sachratsang
o‘sha bo‘z matoning dor arqoniday seni kutgan halqasiga,
o‘shandagina umidsizlikning eng go‘zal suratini chizajaksan –
chizdim deb o‘ylaysan o‘shanda…
Ammo,
qishloqda hech bo‘lganmisan, do‘stim,
kezganmisan yomg‘irdan keyin
tappi hidli ko‘chalarni,
poyabzaling botib qolganmi
ko‘chalarning, anhor, yo‘llarning
go‘ng qorishgan yashilrangli balchiqlari haqiqatiga?
Avval qorong‘ilik,
so‘ng it hurishlari,
va xo‘roz qichqirig‘i
bilan otgan tong
yo‘ldoshing bo‘lganmi hech, do‘stim,biron bir marta?
Sovuqdan diydirab xom g‘ishtli devor qarshisida
turganmisan, do‘stim,
ko‘rganmisan eng mohir rassom ham chiza olmaydigan
suratlarni o‘sha devorlar yuzida?
Yo‘q, bu suratlar na O‘rxun-Enasoy obidalari,
na Go‘buston tasvirlaridir –
bu oddiy qishloqdir,
oddiy sahardir,
har kuni tug‘ilgan quyoshdan keyin
otguvchi bir oddiy tongdir –
odatiy bulutlar, shu’lalar, ranglar,
va xom g‘ishtdan tiklangan devor
ustlariga yopilgan tappilar –
muallifi horg‘in va dag‘al ayol qo‘llari…
Hayotning eng oddiy, har kungi
nomsiz va iddaosiz ko‘rinishidir.
Va bu qoniqarsiz sahnani ko‘rgan bo‘lsayding
siqilgan bo‘lsayding bu xom g‘ishtli devorlar oldida,
Yuraging bujmayib boqqan bo‘lsayding gunohkor- gunohkor,
tiling tutilardi, qo‘llaring titrardi,
eng go‘zal suratni chizar eding o‘shanda…
_______________
* chorcho‘p – ramka
SO‘NGSIZLIK QADAR
Qushqo‘nmasning chechak uyqusi,
kishan baxti bilaguzukning,
go‘daklarning (atak-chechagi),
chopishi,
yiqilmoq qo‘rquvi,
erga tomon ilk uchishi,
uchishi yaproqlarning,
na yerga, na ko‘kka – abadiyatga…
ertaklarning uch olmasi,
olmalarning bozorbop narxi,
narx haqida dallol g‘iybati
yana romantizmning navbatli mag‘lubiyati,
na ichi,
na usti,
na tersi,
menga haqiqatning o‘zi lozimdir,
o‘zi…
so‘zlarning lug‘at qabristoni,
qabristonning bir metrli tosh timsoli –
o‘limning tosh timsoli –
o‘limning jasadda yanglish izlanishi,
izlanishning so‘nggi, oxiri,
oxirning holsizligi –
erkning bu orsizligi,
haqiqatni ko‘rsating menga…
o‘yinchoq ayiqlar, mashinalar,
poyabzallar,
poyabzallarning badbo‘y patagi,
numdosh eskiligi liboslarning,
so‘zlarning, amalning, sarkashlikning,
ming yillik tuproq qavati nafsning,
tez bo‘ling, intiling,
bu vayron dunyoga bir nizom axtaring,
haqiqat deb chaqiring…
na maqom hazinligi,
na Baxtning avj pardasi
na jilmaygan ayolning bo‘yangan chehrasi,
na kulishi,
yurishi qo‘llarning
bellarga sirg‘alib tuyg‘usimon sevgiga (tushirgan)
shahvatli shapalog‘i
sevgining astari,
absurdning eng ko‘hna nusxasi,
nusxalar, niqoblar, istaklar,
ko‘chalarda uligan odamlar, qo‘l ochgan ko‘ppaklar,
barmoqlarning eng vulgar rad triosi,
na savol, na javob – unuting,
boshlansin haqiqat safari…
donolik jim turmoq bo‘lsa,
jim tursa go‘daklar,
go‘dakning so‘zlamoq xatosini nima qilay,
nima qilay bu xatoning yozmoqdek oxirgi nomini,
donolik bilmak bo‘lsa,
bilurmi, bilmasmi – bilinmas,
negadir kechikmoqda e’tirof, jim tursa keksalar,
uvali-juvalik,
kim berar keksaga donolik oroyishini…
intiling,
bir tovoq haqiqat ehsoni jo‘nating…
ongostining homilador ayolga o‘xshashligi,
avval ko‘rmak uchun sabrsiz jahdimi fikrning,
she’rning shuurning bevaqt, ammo seni rozi kilib tug‘ishi,
ruhning to‘lg‘og‘i,
sovqotish,
eyforiya,
ko‘zlarning o‘zidan mamnun boqishi –
daf bo‘lsin yiqilsin,
yashasin haqiqatning bizsiz ozodligi…
KIChKINTOY SO‘NAGA
Vaqt keladi, qizim, quyosh faqat kulajak,
suratlaringdagidek,
kulajak deganim shuki, bizga shunday ko‘rinajak…
Vaqt keladi, qizim,
mevalar shoxlardan to‘kilmayajak,
chirimaslar, burishmaslar,
yo‘q, qizim biz yemasmiz ularni –
emaymiz deganim shuki,
hozircha yeyaver onang seva-seva tilimlagan olmani,
o‘shanda mevalar yanada totli,
sen esa to‘q va aqlli bo‘lasan.
Vaqti keladi, qizim,
anglaysanki, otalar farzandlarini sevar,
farzandlarga yolg‘on gapirmas.
Buni esa vaqti kelib bilib olasan.
TANISh YeRLARDA YaShAMOQ KERAK
Rafiq Hoshimovga
Hadeb qarayverma o‘tgan yo‘llarga, demakki beparvo ketaver;
Demakki ko‘rib ko‘rmaslikka ol – demakki o‘lganman deb o‘yla,
Demakki ruhingga ko‘z tashla, o‘zingga, ko‘zingga boshqa taklif ber;
Demakki yuraging yorilmasin kun kunga o‘xshab borsa;
Yo‘llar yo‘llarga o‘xshasa, doimiy tanishlar kulsa yuzingga;
Demakki unut hammasini, yotlashsin, uzoqlashsin hammasi;
Na farzandu na vatan, na bu uy, kalimalar senikimas aslida;
Aslida, odam uchun yangi va yot bo‘lgan narsa ilk daf’a yangidir,
Ilk daf’a; yangi bir daf’a o‘zingga nazar solgin ko‘zguda,
g‘am chekkanda o‘zingga tiling chiqarib ko‘rsat;
Chiqib ketishdan oldin telbalarcha aytginki, bular barchasi tanish;
Ya’niki, go‘daklardek qadam bos; faqat ilk qadam qiyin,
Sevgili yurishdir bu hayot tomon; qolgani ko‘nikmadir;
Deylikki, bu ko‘cha qo‘shni ko‘cha bilan yolg‘iz bir bor kesishgan,
Bir daf’a – qolgani takrordir; hatto bu shahar ham shahar
ekan avval ham, –
Endi esa chopho-chop,
zerikish, shunchaki manzaradir,
Ya’niki, tasvir. Yot joyning tasviridir faqat,
Tanish yerlarda yashamoq kerak.
IX QISM
1
Yolg‘izsan.
Tovoqlar ko‘ndalang terilgan javon tish g‘ijirlatar
stolga yozilgan kir dasturxonga.
Garderobda osilgan shalvorlar silliq turar,
yo‘llar ham ojizdir o‘t purkagan dazmolga.
Yolg‘izsan.
Suyanchig‘i uzun kursiga bir chetdan boqsang,
ko‘p narsaga o‘xshata olasan uni: dami quyi turgan boltaga, “h”ga.
Charchab o‘tirsang, bo‘yningni gunohkorona ilgari cho‘zsang,
aylanar u ochilmas kitobga, “k”ga.
Yolg‘izsan.
Varaqni ochsang, so‘zlar ichida so‘z borligini ko‘rasan,
so‘zlarni daraxtdek butasa bo‘larmish.
Masalan, gunohda “oh” bor (asos o‘zi shu),
qolgani biroz sasdir, bir oz sassizlik.
Yolg‘izsan.
Endi orqa o‘gir: nimadir bu sirli alifbo?
U qaysi kitobni o‘qishga kerak? Yordamga kimnidir chaqirsang,
Yolg‘iz bo‘lsang, albatta javob olasan,
bo‘zargan devorlar jim qolar ovozingni ortga itqitib.
Yolg‘izsan.
Cho‘chisang,
demakki xonada sendan boshqa kamida bir kishi bor,
har sahar sendan vaqtliroq uyg‘onadi u –
ko‘rmoqchi bo‘lsangiz ko‘zguga boqing.
2
Shiftdan quyi osilgan besh barmoqli qandil
shahodat berurki, odamlar ojizdirlar yerda.
Falokatdan so‘ng birdan so‘nsa yorug‘lik –
qo‘rqsang tanholikda –
shamni yoqqin, yorug‘lik taratar mahalida
ko‘klarga ishoradir shamning yoniq qalpog‘i.
Sham yonarkan, ko‘zing ochib ilg‘aysan:
Bu qaysi bir filmning boshi, o‘rtasi va yoki oxiridur.
Qo‘ling yoki biqining nogoh tegib muzlab yotgan to‘shakka
– shart orqangga qarasang,
yolg‘izsan demak.
Soatning askardayin odimlovchi mili seni qo‘riqlar,
va yoki abadiyat vaqtini qadami bilan o‘lchar.
Inson ko‘lkasi bilan but. Niyat – amali bilan.
Har ashyo so‘zdir: tovushda aytilgan, sirli qalam bilan
qayd etilgan.
Qalam ham ashyodir, tovushdir, so‘zdir. Bir yaxlitlikda.
Yolg‘izsan.
“Yozaymi bularni?” Tursang, yozsang.
Qalamni bir chetga qo‘yganda tasdiq topasan ko‘lkangdan.
Turmoq so‘zida g‘ichirlash sasi bor – to‘shakdan turar chog‘;
qadam sasi bor yurishda – ikkilanma, ishonch bilan yur.
Varoqlar gung bo‘lar siyoh tugasa.
Yolg‘izsan.
Zerikma. Tanholikda sukunat sasi bor so‘zsiz.
Lug‘atlar so‘zlaydimi? Varaqni ochsang – albatta!
Maroqli ismlar bilan chaqirar odamni sevimli ayollar:
go‘yo seni boladek erkalashar.
Bolasi tug‘ilsa unutarlar.
Eng qalin lug‘atdan ham topa olmassan.
Har zamonda bir tilga olishar.
Tanhosan.
Ayollar sir izlar. Sir bor go‘dakda. O‘rtansang. Kulsang.
ikkilansang,
bilasanki, eng katta Sirning ham yashirin nomi bor.
Kir liboslar solingan idishdan ko‘ylagingning yengi hilpirar,
Bu tasvir aldamchidir: go‘yo kimdir dengizda cho‘kayotir.
Qo‘shnilar boqar hayron: kimdir cho‘kayotir qayiqda.
Yolg‘izsan.
O‘zing ham dovdiraysan, yonog‘ing lovullar: cho‘ntagingdagi
so‘nggi ming so‘mlik bo‘kayotir;
Anglarsanki, liboslar himoya qilmas, aybing yoparlar faqat.
3.
Subh payti bu yuksak binolar, bu baland haykallar yonidan o‘tganni
cho‘chitar,
Chunki haykal uchun faqat bitta yo‘l – oldga bormoq kerak.
Har bir haykal ichida o‘tmishsiz-kelajaksiz kimsa o‘ltirar,
demakki bir but yashirin.
Maydonni kengaytar yuksak binolar, qat-qat yuksalar butparast:
sovqotsang, vujuding titrasa,
yolg‘izsan.
Tanasi ohakka bo‘yalgan daraxtlar tashlanar ko‘zingga,
Faxriy qorovullar safiday ko‘rinar, garchi qo‘rimas chalajon u butni.
Har bir xiyobon –bo‘sh maydondir faqat,
Har bir daraxt – bir dor og‘ochi,
Har bir odam – tushun, qisman jalloddir.
Sohil xiyobonidan o‘tib borasan.
Yolg‘izsan.
Xiyobonning kvadrat to‘shama toshlari ustidan borayotirsan.
Ko‘zlaring yoshlanar: har bir g‘isht – kadardir, hajmi qadar yo‘qotish;
Yodga tushar olis bolalik, o‘yinlar, maktab, handasa –
Cheksiz kvadrat chizarding aylana ichiga, tashqarisiga
undan kattaroq.
Endi esa qalamingni qadab aylana markazida,
varaqni aylantirsang kifoyadir –
ya’niki, cheksizlik harakatdagi birlikdir.
Yolg‘izsan.
Metroda odamlar o‘ychan ko‘rinar, tepaga qadalgan nigohlar,.
Aslida inson umri yo‘ldir hamisha,
qisqasi, kichik va yopiq makonda tezlik ortgan sari
borliq yo‘qolar.
Qiziq. Shiddat bilan aylanarkan Yer, sen shu qadar kichiksanki,
eshikda ko‘rganing aksingdir faqat.
Go‘yoki, eshik bilan birga ochilar, ko‘pchilikka yo‘l berar tanholar.
Yolg‘izsan.
Odamlar shoshilar.
Kimningdir oyog‘i bosilar.
Kimnidir to‘xtatar g‘azabli boqishlar. Shoshgancha: “Kechiring”.
“Hechqisi yo‘q…” – yolg‘ondan jilmayar boshqasi.
Hammaning ichida miskin g‘oliblik, shoshqin bir so‘z bor.
Eskalator manzil oxiriga yetganda chehrang ochilar. Chopasan.
Yolg‘izsan.
“Oho, xush ko‘rdik, do‘stim. Qalaysan?”
“Bir navi…” “Ya’ni?” “Ya’nisiz”
“Demakki, yaxshisan. Xo‘sh, men qalayman sening nazdingda?”
“Bir navi” “Ya’ni?” “………….”
“Demakki, yaxshiman, – sigaret tutatar.
– “Vaqting bormi?” “…..”
“Yolg‘izmisan?” “………….”
“Yur, seni bir joyga obboray. Kafega. Orazning ostida”.
“Orazning?” “Teatrning oti. Ostida kafe bor. Egasi
Sherzod, ha, ha . Ajoyib odam . Latifago‘y. Vaqting bormi?”
“Albatta!”
“Bir sharti bor. U yerga ketma-ket uch kun borasan. Mensiz”
“Sensiz? Qandoq?” “Shart – shu. Axir sen o‘zing aytding-ku, –
sigaret tutatar, –
“yolg‘izsan” “……………….”
4. Birinchi kun.
Men tog‘dan kelganman – ertakdan:
Ertak – hayotdan uzoqdir, tog‘ ham yerdan yuksakda.
Bizning ertakda tog‘ yoki qor bo‘lmas, qishin-yozin oppoq
qor bo‘lur tog‘da.
Tog‘da – ertakda shundoq ham “oq” bor* .
Tog‘dan tushgan saring ertaklar tugar. Siynangda dog‘ qolar.
Ertakni bolalar o‘qir odatda, bolaning qalbi bor oq-oppoq, tog‘ qadar.
Ulg‘aymoq – aslida tog‘dan enmakdir,
kattalarga yengiltaklik tuyular bolalik.
Bolalar ulg‘aymoq haqida o‘ylashmas, ular ancha aqlli.
Bolada uch karra “oq” bor.
Ertak yozilmaydi – bilasanmi, og‘izma og‘iz o‘tib keladi.
Bir varaq ertakka kamida bir juft ko‘z kerak, yana qo‘l kerak.
Shundoq ekan, bir og‘iz duo qil.
Duoli og‘izda “oq” bor.
Darvoqe, yozuvlar – kitoblar yo‘qolur qachondir.
So‘ngsiz zulmat erur naryog‘i.
Oq yakun. Parda. Parda ortida ko‘zni qamashtirar shu’la.
Sirli yo‘lak. Parda ham yo‘qolur.
Varaqlar – qog‘ozlar ichiga singib ketadi. Yozuv bor ko‘kdagi kitobda.
Varaqda – qog‘ozda, bilginki, “oq” bor.
* Ozarbayjonchada: “Dag‘ nag‘ilda o‘nsuzda “ag‘” bar” misrasida so‘z o‘yini qilingan, ya’ni “dag‘” va “nag‘il” so‘zlarida turkiy “ag‘” tovushlari bo‘lib, u oq degan ma’noni bildiradi.
5. Ikkinchi kun.
Onamiz besh farzand ko‘rdi:
bir o‘g‘il, bir qiz mendan ilgari; qiz o‘ldi.
so‘ng yana bir qiz, bir o‘g‘il: so‘ng o‘ldi ulardan biri.
Endi esa biri bor, biri yo‘q.
Yana – men. Va mendan kattasi – to‘ng‘ich.
Qisqasi – uch farzand.
Nima deyman, bolalik – hammaning qismatidir.
Mo‘jiza yo ertak – kim qanday istasa, shunday atasin.
Rostini aytsam, yodimdan biroz chiqmish bolalik.
Ko‘pdan chiqqanim yo‘q toqqa ham.
Faqat otamga tushlik olib yo‘lga otlangan
oq otli onamning atri qolmish yodimda:
daryoning qirg‘og‘ida yotar edi kamzuli,
yovshan isli tarog‘in hidlab-hidlab, yig‘lardim…
Taroqda “oq” bor.
Otam ham, onam ham keksaygan edi,
Bilasanmi, keksalarning tarog‘i bo‘lmas.
Va yana bir juft olma og‘ochi bor edi hovlida. Jannat olmasi.
Mevasin qo‘noqlar yerdi hamisha.
Aslida og‘ochlar banda uchun osmonga qo‘l ochar,
o‘zi esa oq yuzli osmonga och bo‘lar,
bandaning barchasi mehmondir aslida,
qo‘noqda – og‘ochda “oq” bor, darvoqe.
Men esa, yosh ekanman, judayam tez qaridim.
O‘sha tarog‘im haliyam kissamda.
Yodimga tusharkan bolalik kunlarim, ishoning,
unutishni istardim.
Deydilarki, odam o‘lib xotirotga qaytishi – bolalikdir.
Bilmadim.
Ulg‘aydim shaharga kelganda.
Ko‘rsamki, odamlar boshga emas, oyoqqa qarar.
Oyoqda “oq” borligi uchundir balki.
Har holda boshmog‘im yirtiq edi, keyinroq tashlab yubordim.
Ammo yana boshdan oyoq razm solar edi odamlar.
Ayollar serpardoz, erlar parishon.
Yuzlarda bir esankirash, nigohlar bo‘m-bo‘sh.
Negadir…
O‘qishga kirolmadim, jahdlarim puch chiqdi.
Ish izlab sarson kezdim, ko‘nglimdagin topa olmadim.
Aziyatlar chekdim, yiqildim-turdim;
arazladim, yarashdim, siqildim; yo‘l yurdim, mo‘l yurdim;
o‘t kechdim, suv kechdim, ozdim, to‘zdim,
qissam xo‘b uzundir, oxir toliqdim.
Sevgilim bor edi, yonimga oldim. So‘ng esa ushoqlar-bolalar.
Ushoqda “oq” bor, nafasim siqildi – to‘xtadim.
To‘g‘risi, stollar chorladi meni bu kafega,
stollar o‘z ustidagi ashyoni yaxshi saqlaydi,
ya’niki, bir burda nonni, bir chimdim tuzniyam to‘g‘ri ye, taomilni unutma.
Odamlar anglamaslar taomilning sirini:
oq dasturxon doqqa g‘arq bo‘lar, odamlar foniylikka.
Ketaman, bu yerdan ham ketaman.
Toliqdingizmi?
Limon soling choyingizga. Yaxshidir qalin po‘stlisi limonning,
rangi oqimtir bo‘lgani…
Ketaman, tog‘larga ketaman.
Darvoqe, tog‘larda “oq” bor.
6. Uchinchi kun.
Har kuni bir oq qo‘chqor so‘yilar bunda:
juda ko‘p yeyishar oqmag‘iz odamlar.
Yolg‘ondan sog‘liqlar tilanar.
Sog‘liqda “oq” bor, gunohu sharobdan sog‘liq bo‘larmi,
So‘ng esa so‘kishib-urishib, o‘pishib-quchishib ketishar.
Tunov kuni bittasi keldi, sariqmag‘iz ayol:
yonida otasi va iti.
Lahmli qovurma yedilar, mazali dedilar, ichdilar.
Oppoq suyak kuchukka tegdi.
Urish-janjal chiqdi oxiri.
So‘ng esa… so‘ng esa u ayol, u badbaxt ayol
erkakning boshiga urdi tovani.
Kula-kula bo‘g‘ildi so‘ngra.
So‘ng esa itini ko‘tarib o‘pdi: birga ketdilar.
Itning ko‘zlarida g‘ussa bor edi.
Eshikdan chiqqanda uvlab yubordi bu kuchuk, bu oq it.
Qayishini yechsang qochib ketardi,
balki uchib ketar edi tog‘larga.
Erkakni do‘xtirlar olib ketishdi.
Uzoqqa ketma, axir men…
O‘zimga kelsak, ehtimol peshbandim meni bog‘lab qo‘ygan bu kafega:
Har oqshom qorayar tun kabi, har tun yugurar.
O‘g‘lim esa deydiki, hoy ota, kel ketaylik,
nonni ne qilamiz, yem yesak yetar,
o‘tlardan engil-bosh to‘qiymiz, meva-chevayam mo‘l-ko‘l,
to‘lib oqar muzdek suv.
Kel, ketaylik tog‘larga.
Ammo peshband bilan tog‘larga ketib bo‘lmas,
Tog‘lar musaffodir, “oq” bor u yerda,
Tag‘in bilasanmi, tog‘larga borgandaa peshband yelkandek
Ochilib ketishdan qo‘rqaman,
U bizdan tog‘larni qochirar.
Tubanga uchirar…
Biri kelgan edi bir oz avval.
Bunda ko‘rmagandim uni ilgari.
Egnida mo‘yna manto, shotland junli sharfi bor edi,
charm qo‘lqop qo‘lida.
Dedimki, og‘ayni, janubda qor bo‘lmaydi.
Bo‘lsa-da, judayam kam.
Bizda faqat tog‘larda qor bo‘ladi, tog‘lar esa uzoqda.
Gapirmadi.
Puli yo‘qdir deb o‘yladim, mehmonim bo‘lgin, dedim.
Dediki, ko‘ksimda tog‘ bor.
G‘aribman. G‘ariblar sovqotar.
Dediki, eng issiq qiyofa Vatandir…
Yig‘ladi.
Yig‘lamoq, oqarmoq – “oq” bo‘lmoq demakdir.
Mana, bu ko‘ylagimni (qo‘li bilan ko‘rsatur).
Ertami-kech egnimdan yechib olishar.
Har bir odamga oqlik bordir umr so‘ngida.
O‘sha kun bir polis keldi, Mahmud –
Shoir Odilning do‘sti.
Bilasanmi, ne dedi? Dediki, aslida musavvirman.
Echsam kiyimimni, pogonlarimni,
Albat ishonasan so‘zimga.
Belining chap yonida to‘pponchasi bor edi, o‘ng qo‘li bilan chiqarib
stol ustiga qo‘ydi.
Dediki, yarog‘da “oq” bor,
haq bo‘lsang yengilar yog‘iylar,
oq tushadi ko‘ziga. Anchagacha jim qoldi.
Yana birozdan keyin nimalardir gapirdi.
Mijozim ko‘p edi, kuzata olmadim. Choy ichib ketdi.
Ketaman, men ham ketaman. Mutlaq.
Muhlatim yaqinda tugaydi. Bitadi.
Sen ham ketsang yaxshi edi,
Bu yerda qolma.
Bu yerda havo yo‘qdir,bamisli yerto‘ladir.
Atrof ham ko‘rinmaydi. Tog‘larni-ku aytib o‘tirmay.
Darvoqe, deydilarki, tog‘lar cho‘ksa, suv chiqarkan o‘rnidan.
Bilasanmi, bu yerning ostida qancha mag‘zava bor.
suv tortgichlar ojizdir.
Aslida bu yer yuzi ko‘k uchun yerto‘ladir, ombordir.
Ana endi o‘ylab ko‘r, biz o‘zi qayerdamiz?
Ol buni, oq otning yoli bu, asra.
Uni ham bo‘lganman ikkiga.
birini o‘g‘lingga, birini qizaloq So‘naga berarsan.
Birini o‘zing bo‘lib olarsan. O‘zim terganman. Ko‘kdan.
(eshikni ko‘rsatur).
7
Tog‘larda tuman bor,
Bir o‘zga gumon bor,
Jun kabi titdilar,
Yaxshiki, omon bor.
8
Yolg‘izsan.
Kechadir. Faqat kechalar yolg‘iz qolur ko‘chalar. Ko‘chalar
har sahar yolg‘izlanar.
Bir kecha ko‘chaga ketarsan yolg‘iz sen.
Yolg‘izdir ko‘cha ham.
Mumtoz durang. Ichingni kavlaysan taassuf bilan.
Havosiz yerda qush uchmas. O‘rnidan qo‘zg‘almas tikuchar* .
Havosizlikda faqat buyumlar tik uchar, jonlilar buyumdek osilar.
Kunduzlar odam ko‘p, havo yo‘q; kechalar ozayar oksigen.
Yolg‘izsan.
Uh tortsang ichingdan havomi, nafasing taralar,
so‘ng esa havosiz ichingda alveolla** uchar.
Tor dahliz. Zulumot. Qoraygan eshikning rangi ham.
Eshik va deraza orasi sap-sariq hoshiya:
qatron rangidagi qop-qora kvadrat;
uzun bir zulumot.
Orqada sut rangli oppoq bir shu’la,
balki yutib yurar u seni, eshikni ortidan yopsang.
Yolg‘izsan.
_____________
* Tikuchar – vertolyot.
** Alveolalar — oddiy va murakkab bezlarning shira (sekret) ajratuvchi pufakchalari.
To‘qqizinchi qism
Odatda majhul nuqtaga qadalar
hayotga ko‘nikkan ko‘zlar
bir qadar namiqqan ko‘rinar
stulning ustiga tashlangan lungi.
horg‘inlikdan lapanglab yurgan odamga o‘xshar
soqolli chakkasi shishgan lablari buzilgan
haydovchi
to‘xtashga zo‘r berar
kimningdir oyog‘i uzilar yerdan
zarda qilar
jigari siqilib o‘rtanar
yiqilar
erdan qalqqan sigaret tutuni
shiftga yoyilar
insonning uchmoq orzusi
puchga chiqar
hayotni yangidan yozmoqqa jahd etar yana bir sho‘rlik
atrofga alanglar
norozi-norozi
bo‘y-bo‘yicha tizilgan so‘zlar
jang oldidan askarlar safidir go‘yo
askar qo‘shig‘i
ta’msiz sho‘rvaning hidi
bolakay ko‘rgan tush
va yana o‘lim qo‘rquvi yashirin
hammaning ichida
demak bizning ichimizda boshqa bir zangli soat bor
fursati yetganda chalinur
ikkidan 10 daqiqa o‘tsa ham hech gap yo‘q holbuki
hamon qadalgancha turar majhul nuqtaga
hayotga ko‘nikkan ko‘zlar
10
Tong sahar. Muazzin mezanada azon aytar sirli ohangda.
Tanhosan, muazzin tanho, tanhodir mezana ham,
Havoda yog‘ish ifori, ichida sas bor.
Eshikni ochsang sas sasga qorishar, guvillar
Tomchilar tomda o‘ynar: “tiq-tiq”.
Bir hovuch suv. Sajdaga egilib deysan: “…Yolg‘izsan…”,
ko‘zingdan yosh oqar. Yolg‘izlik ezar ichingni, g‘udranar,
yaxlitlashar matn bilan. Yuraging tepadi hamohang.
Kimdir dunyodan o‘tar bo‘lsa, qaydadir bir go‘dak tug‘ilar.
Bir yengillik ko‘chib kirar ichingga.
YuRAK URIShIGA BAG‘IShLOV
Albatta albatta albatta bir kun
bir kun bir go‘zal kun bir eng go‘zal kun
qarshida qarshida qarshida shundoq
kelajak kelajak kelajak yaqin
tugaydi tugaydi og‘riqlar shunda
lablaring jilmayar kuladi mamnun
afsuslar ne bo‘pti bu uzun umring
barcha kunlaringning so‘nggi bo‘lsa-da
bir kuni bir kuni eng go‘zal emish…
AVGUSTNING 24-KUNIDAGI HOLAT
Bu quyosh, bu shisha, ba maysa, bu to‘nka,
bu to‘shak, bu izlar, bu qumlik, bu ko‘pik,
bu sohil, bu dolg‘a, bu yo‘sin, bu dengiz,
bu moviy, bu quyosh, bu moviy, bu quyosh,
bu moviy, bu moviy, bu sovuq, bu moviy,
bu moviy, bu dengiz, bu dalg‘a, bu sohil,
bu ko‘prik, bu qumlik, bu yo‘sin, bu to‘shak,
bu to‘nka, bu maysa, bu shisha, bu quyosh…
PARVIZGA
Biroz bo‘shliqni yoz, sukunatni,
Ya’ni sukunatni yoz bir oz. O‘zing bilan suhbatni.
Bir oz “u” tuvushin, uzun bir “u”ni –
Unsiz bir qutqu bor quloqlaringda.
Bir oz bo‘shliqni yoz, sukunatni,
Ya’ni sukunatni yoz bir oz, o‘zing bilan suhbatni.
Bir oz “u” tovushin, uzun bir “u”ni –
Balki tinar shunda bu qutqu.
Biroz bo‘shliqni yoz, sukunatni,
Ya’ni sukutni yoz biroz, o‘zing bilan suhbatni.
Biroz “u” tovushin, uzun bir “u”ni –
Qutqu… utqu… u… u…
REJISSYoR NUTQIDAN PARChA
Faqat o‘z soyaboni saqlar odamlarni yomg‘irda,
Faqat o‘z bo‘yi qadar tanishdir olislikdan odamlar.
Faqat mozor yonidan o‘tib borayotgan noib*
avval bir lahza o‘zin yo‘qotib qo‘yar, so‘ngra mandatin,
faqat keyin ovozin; ya’ni ovoz berar bo‘shliqqa, yo‘qlikka:
– E-e-ey!
Faqat haqiqat so‘ziga qofiya haqiqatning o‘zi,
ya’ni haqiqiy so‘zlarga; haqiqat deya sen hayqirsang
ortga qaytgan aks sado tag‘in haqiqat deydi:
haqiqat… qat… qat… Faqatgina o‘txo‘r baliqlar yeyilgay
tshkin oshxonada, so‘ng qisqichbaqa; u esa umr yo‘lini
ortga qaytmoq bilan o‘tadi. Faqat go‘shtxo‘r jufttuyoqli jonliq
ilgari ketmoqni o‘ylaydi. Olg‘a yuradi! Ya’ni qayoqqa?
Toraytar ufqni faqat olg‘a ketganlar. “Olg‘a” va “yasha” –
deya qichqirgan afisha faqat yomg‘ir payti fosh etar asl basharasini;
faqat kechalar; faqat tsellyuloza baxtning pardozli asrori;
qorishar bo‘yoqlar; afisha toptalar, yirtilar. Asfaltdan chaqchaygan
loqayd nigohga to‘qinar nazaring, shoshasan, oyog‘ing to‘qinar yo‘lakka.
Boshingni urasan oq marmar qoplangan ustunga, tirgakka.
Oxirga yetmagan ma’nosiz shiorlar shu zayl puchga chiqar;
faqat sen uchun. Qutilar naqadar shaffof bo‘lsa – mo‘jiza
shu qadar jiddiydir, demak o‘zga istak kirar ko‘zingga;
erta esa keyingi besh yil uchun navbat boshlanar.
Faqat Vatanda vatansizlar begona tilda gaplashar,
Ular yurtning ruhan ajnabiylari –
Ularning har narsasi buzuq ; har narsasi; ayniqsa ko‘zlari.
Ko‘pdan buyon go‘zallikni ko‘rmas ko‘zlar bu yolg‘iz shaharda…
Ha… ha… faqat shahvat… Go‘zallik zuhr etar ko‘proq badanda.
Bo‘y baland, sutday oq, yumshoq tuksiz badanda.
Holbuki novcha badanda go‘zallik faqat uzayar;
Doirada yoki mushtda biqinib olar.
Haqiqat faqat so‘zda jaranglar. Ozodlik hamisha yaqinda – shundadir:
to‘shakda, izlarda, zanjirda, kuchukda, kuchukning sarg‘imtil tishida, hurishda – ozodlik hamisha shundadir,
bekinur – oynada, stolda, lahzada, upada. Bo‘yni zanjirli
kuchukdan so‘ragin; so‘rasang etagingga yopishib huradi.
Rekvizit faqat sahnada yirtilur. Faqat hayotda har joy sahnadir.
Sahnadagi hayot faqat parchadir; sahna bilan hayot batamom farqli.
Odamlar har kuni libosin yechar, ya’niki har kuni bir ishni mashq
qilishar,
faqat suyunishar ilk bor kiyganda, garderob o‘limga o‘rgatur faqat.
Faqat bir bor yashamas odamlar, ammo bir bor o‘lurlar, bir bor.
O‘lim bor bir qadar har bir suratda, faqat marhumning
Surati tirikdir, ya’niki o‘lgandir qisman.
Inchunin, surating olgil oynadan: surat sen emas, garchi sensan, chunki tiriksan.
Endi esa griming tozala, qizginam, bo‘lmasa teringni yondirar, bilasan.
Aslida hayotdayam har ishni faqat tering his etarkan anglab borursan.
Aslida sahnada tirikdir o‘lik ham.
O‘lim faqat hayotning so‘ngidir.
Sahnada hamma o‘yin faqat yakun uchundir, hatto tug‘ilish ham.
Garchi hech kim g‘ing demas sahnada, ammo ovoz o‘sha-o‘sha.
Juda o‘xshash sahna va hayot.
_____________
* noib – deputat ma’nosida
HILOLNING ANGLATGANLARI
Men sizga, men sizga, yo‘q-ey, me-en sizga
anglata olsaydim hamma narsani-i-i,
o‘zingiz ayting, dardim tugardimi?!
Bilaman, charchagansiz… oyoq ustida,
qo‘llarni aytmayman, ha-ha, oyoq ustida
ko‘p turib qoldingiz, horg‘insiz, bilaman…
na qilay, xo‘sh unda meni kim tinglasun
Qo‘llarim og‘ridi, horg‘inman men ham
sizga aytsam, faqat bir onam, o-nam
har safar sabr ila tinglaydi meni,
bir ko‘zi kulsa, ikkinchi ko‘zi
til bitsaydi bu qizga deya yig‘laydi…
Ne qilay, xo‘sh, unda meni kim tinglasin,
sizga anglatmoqdan toldi qo‘llarim…
Usmon Qo‘chqor tarjimasi
NO‘NOQ NIGOHLAR
* * *
Qayga shoshmoqdasiz, unut odamlar?
Sizni endigina esga oluvdim…
* * *
Haydalgan qora tuproqqa
to‘kilgan sariq yaproq
rassom ilinjida
matbuotga beradi e’lon,
bizning no‘noq nigohlarimiz
yopishib olmaganda
birinchi sahifaning sarlavhasiga
chirindiga aylanmasdi ul
* * *
Qani, menga ayting
bir inson umrining chakana narxin
sizga aytib bergum butun olamning
ulgurji bahosi bo‘ladi qancha
mabodo o‘zingizga ma’lum aljabr bilan
solishtirsangiz gar natijalarni
u holda ko‘zga chalinadigan nomuvofiqlik
aytib berar izlanayotgan
muhabbatning bo‘lmaganini
* * *
Qisqa she’rlar bilan o‘ralashmasdan
shoh asarlar yozmoqlikni istaganim on
bir qush qo‘ndi derazamga
lek na ash’or, na ro‘monga
sig‘mayin uchdi-yu ketdi u
Ruschadan A’zam Obidov tarjimasi.
O‘G‘LIM BILAN SUHBAT
— Cen kimsan?
— Otangman.
— Faridaning otasi kim?
— Uning otasi yo‘q.
— Nega?
— …
— Nima qilayapsan?
— She’r yozayapman.
— She’r nima degani?
— Onangning allasiga mengzaydi u, masalan.
— Onam ham she’r yozadimi?
— Yo‘q.
— Nega yozasan — sen ham kuylamaysanmi!
— …
— Qayerga ketayapsan?
— Ishga.
— Ish nima degani?
— Ish kiyimlarimiz, nonu oshimiz va shunga
mengzar tashvishlardir.
— Shoshma. Biroz men bilan qol.
— …
— Ota, Parvardigor kim?
— Seni, onangni, momongni, bobongni —
barchani yaratgan parvardigordir.
— Seni hammi?..
— …
— Ular nima qilishayapti?
— Tosh terayaptilar.
— Nega?
— Bir-birlariga otadilar.
— Nega?
— Ular dushmandir bir-birlariga.
— Nega?
— Yomon ko‘radilar bir-birlarini.
— Nega?
— …
— Ota, ishdan qaytayotganingizda beshta muzqaymoq olib keling.
— Nega beshta?.. Senga, onangga, Faridaga, menga… Yana kimga?
— Beshinchisini… qushlarga beramiz.
Ruschadan Usmon Azim tarjimasi
IYuNDA O‘QILGAN QO‘ShIQLAR
Derazam oldidan mashinalar o‘tar,
qushlar jivirlashar derazam og‘zida,
mashinalarning ichida odamlar,
odamlarning ichida qo‘shiqlar,
qo‘shiqlarning so‘nggida sukunat –
anglashilmasdir abadiyat qadar.
Onalar bolalarini uxlatar – alla aytar,
buvilar choy ichar – bu sahnaga g‘ururla boqar,
tushlari talangan bo‘ydoq va texnoman amakilar
nenidir o‘rganar, chamalar,
hammasining ichida qo‘shiqlar –
anglashilmasdir abadiyat qadar.
Efirda eng ko‘hna filmlar eng yangi dublyajda –
so‘zlar o‘sha-o‘sha, ovozlar tamomila boshqa ovozda
go‘yo nimadir o‘zgarar,
qahramonlar yana bolakay,
lablaridagi titroqqa o‘xshar go‘zal qo‘shiqlar –
anglashilmasdir abadiyat qadar.
Bu oqshom rejissyor do‘stimning
Raskolnikovning uyiga mengzagan uyida
yangi she’rni qanday yozish haqda o‘yladik –
hayotni kadrga, so‘zga, obrazga va yana nelarga bo‘ldik,
eng orginal shakllar haqda mulohazalar
aytilsa, hayotning o‘zi qadar go‘zal,
demak, bu ma’nisiz musobaqa sukunatda o‘tishi kerak edi – o‘tdi,
bu na g‘alaba, na mag‘lubiyat,
bu bor-yo‘g‘i hayotning oddiy bir ko‘rinishi…
Xullaskalom, bu jimlikning sehrida
bir yo‘lovchi borayotir –
bu menman, ichimda anglashilmas qo‘shiqlar –
go‘zaldir abadiyat qadar.
Derazam oldidan mashinalar o‘tar,
miyamda avvalgi qo‘shiq aylanar,
qushlar chivirlashib yaproqlar orasida uchar
va yozning to‘rtinchi oqshomi
bir yashil yaproq shohidan qo‘par –
na tinar,
na bitar,
na qo‘llaridan chormixga tortilgani bilinar,
na yashash havasi,
na o‘lim havfi,
nada qotil qushlar haqda gapirar –
yohud bular barin jim qolgaydir sha’n,
men esa abadiyat qadar
anglashilmas qo‘shiqlar o‘qigaydirman.
NOYaBR KUNDALIGI
Onamga
I (04.XI.2016)
Yozgan tili o‘lik hisoblangan
qadim shoirlarning she’rlarini o‘qiyman tarjimada,
o‘zimdan iloji boricha olisga qochishning
yana bir yo‘lini tajribadan o‘tkazaman har jumlada,
ularning nag‘malari, sevinchi va kadari mening botiq ovoz
horg‘in nutqim bilan bu juma tirilganda ham
meni hech kim va hech narsa ovuta olmaydi endi hech qachon.
Chunki, sen yo‘qsan, ona,
va o‘sha bolakay ortiq bosh qo‘ymaydi tizzang parqusiga.
Demak, inson yashay-yashay shunday o‘larkan, tiriklayin…
VII (11.XI.2016)
Deyishadi, gramatika tilning asosiy qismi.
Kim bilar, buni aytganlar haqdir, ehtimol.
Biroq, yozuv qoidalaridan uzoq va xabarsiz
to‘rt misralik bitta allang
“Ilohiy komediya”dan ham qadimiyroq, te’ran va tirik esa
sen tilning joni, asosi va ruhisan, ona.
X (16.XI.2016)
Biroz avval hamkasbing Surayyo hola bilan yuzlashdim.
– Onangiz yaxshimi? – deya so‘radi.
– Vafot etdi… O‘lganiga ikki yil bo‘ldi, – dedim ohista va o‘z behis ovozimdan seskanib ketdim.
XII (20.XI.2016)
Mening umrim va yozganlarim ikki qismga bo‘lingan endi:
sen bor bo‘lgan kunlar va o‘sha kunlari yozilganlar,
sen yo‘q kunlar, o‘sha kunlari yozilganlar va jim qolinganlar…
* * *
“Qismating boshqa qanday bo‘lardi?” savoliga
javobing yo‘q esa bu – qismatdir,
bor esa – topishmoq.
* * *
Havoni almashtirish uchun
derazani ochaman.
Ichkari to‘ladi azon sasiga.
O‘ShA AYoLGA MAKTUB
Menga surat jo‘natding
uzoq yillardan keyin,
Maktubning hasrati ne,
boqdim, ne xat bo‘zlari?
Ha, shundaydir, sukutda
berkinib barcha so‘zlar,
Go‘zal sochlaringda oq –
iztirobning izlari.
Mening esa ko‘ksimda
xiyonat parchalari,
Taassuf ko‘ylagini
kulgu shamoli yirtgan.
Birgalikda so‘nggi kun
ya’ni, u surat, o‘sha
O‘tmishning xotiriga
sarg‘ayib tushmish ko‘pdan.
Endi yoshim bir joyda,
sen ham hech yosh emassan,
Ro‘moling yashirolmas
bo‘yningdagi dog‘laring.
Yolg‘izsan, ovqatingni
hamon yolg‘iz yeyapsan,
Tanang sayr qilganda
toliqar oyoqlaring.
U odamlar emasmiz
hamda qismat ahdi ne,
Ehtirosning kulida
qorayadi yuzu-ko‘z.
Ko‘zguda taskin bergan
go‘zalliging emas, yo‘q,
Hech bo‘lmasa dodingga
etsin “tirik” degan so‘z.
Kichkina shaharlarning
sokin bir dunyosi bor:
Uchta do‘kon, maydoncha,
klub hamda qabriston.
Biroq, gap bu haqdamas,
unda barcha suhbatlar
Dunyoning o‘zi qadar
odamni qiynar yomon.
Umr qayda yashalsa,
qismat unda mehmondir,
Mehmonni haydamaslar
bor axir shunday odat.
Oqshomlar barcha g‘am-la,
derazadan oyga boq,
Laylining Majnunida
so‘ng harf-chun o‘ksin faqat.
Umidlar bilan yama
tonglarning hirqasini,
Duolardan ayrilma
o‘zing uchun, men yo‘qman.
Xotira changin so‘ngra
artib tashla ko‘ksingdan,
Endi ketishim lozim,
maktabdan chiqar o‘g‘lim…
HAMIDAGA IKKI ShE’R
1
Yo‘llaringda yolg‘iz daraxtdek bitsam,
ayt, soyamda olarsanmi orom?
Yoki qo‘l-butoqlarim kesib olovlarimda
isinasanmi?
Yomg‘ir kabi yog‘sam bir oqshom
ayni yozning quchog‘idagi
bu g‘alayonli, bu tinim bilmas shahar ko‘chalariga –
taratganda tuproq atrini
atrimni tuproqdan ko‘tarib qolarsanmi lol?
Yohud yomg‘ir g‘arib atasa-yu
kirganingda uyga ichkari,
usting shalobbo,
pushaymonlar yeb,
osmonga la’natlar yog‘dirasanmi?
Janubda qor
topmoq mushkul,
bir qish kechasida laylak qordek to‘kilsam,
bolalarni yig‘ib davrangga o‘ynaysanmi qorbo‘ron, aytgin?
Yoki bolalardan yiqilsa biri
va yo barmoqlari qotganida muz,
aytchi, yonarmisan jahl o‘tida?
Bir oqshom daraxt bo‘lmoq, yomg‘ir bo‘lmoq, qor bo‘lmoq istasam,
o‘lim yoqasidan tutib chekkaga otarmisan yo?
Yoki yo‘l olganim on
hamroh bo‘lmoq uchun sen menga
oyoqlanasanmi?
Va bir kecha
undan-bundan she’rlarni bitib,
uyqung harom bo‘lib,
seni uyg‘otib,
o‘qisam agar
to‘g‘risin ayt, gulim, quvonasanmi?
2
Endi sukut mudom kesar mening so‘zimni,
Avvalgidek qon qaynamas endi tomirda.
Ko‘zgulardan qochiraman tez-tez ko‘zimni,
Ismimni ham yozmayman hech biror devorga.
Qirqi o‘tdi bu umrning jonim, sevgilim,
Hech o‘ksinma, charhi hali, shukr, yeyilmas.
Bir sabohni savol qilsang: qani sevgilim?
Ko‘rarsanki, bir yel esar, uchar har yon has.
Bir kush uni tumshug‘ida olib ulgurar,
Asta-sekin qanot qoqib uchar yuqori.
U qush uni inidagi devorga urar,
Asramoq-chun kichkina u qush bolalarin.
Davrangga ol nabirangni, aziz deya tut,
Yuzlaridan ko‘zimni top, ismimni chaqir.
Kadarni quv, yashir gulim, sen bir meni kut,
Safaridan qaytar xo‘jang shu oqshom chog‘i.
TUG‘ILGAN KUNIMDAGI DO‘STLARIMGA
Biroz uzoqlardan axtaring meni,
Biroz suhbat etsak bu yerdan uzoq.
Biroz xayollardan axtaring meni,
Qutulaylik bundan, ketaylik biroq.
Oydin sabohlardan axtaring meni,
Unda quyosh boshqa, kulish boshqadir.
Tangri gunohlarni kechirguvchi yer,
O‘ylarim u yerda to‘lishmoqdadir.
Umr vafo qilsa yozarman, biling,
Olis tonglarimning kuylarini men –
Meni o‘z ichimdan axtaring bir oz,
Bir kun o‘z ichimda ozarman biling.
G‘amgin satrlardan so‘ramang meni,
U omon, Karamdek olovlashaman.
Telba fikrlardan axtaring meni,
Yaqin kun ichida donolshaman.
Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi
HAMIN XOTINGA MAKTUB
Manga rasm yubording
olis yillardan keyin,
Bu rasmni ko‘rganlar
endi nima ham derdi?
Ne qilardi,sukutda
gizlanib butun so‘zlar.
Go‘zaldir sochingda oq –
iztirobing sanchig‘i.
Mening ham esimdadir
xiyonat zarbalari.
Shahvatning ko‘ylagini
Taassuf yeli qurit.
Birlikda so‘nggi kunni,
ya’ni u rasm,ado
o‘tmishin yoddoshingda
endi ko‘pdan so‘lit.
Endi men ko‘p tushaman,
sen ham yoshsiz deyursan.
Qarashlaring shoshirmas
bo‘yningning nozikligi.
Tanhosan,emagingni
yaqin bilan yeysan sen.
Gavdangni tik tutganda
butlaydi oyoqlaring.
Odamlar doyalik
bunda ne lozim axir?
Ehtirosning kulida
qoradir yuz- ko‘zimiz.
Ko‘zguda taskinliging
go‘zalliging deyilsa,
hech bo‘lmasa dodingga
etishsin tirikliging.
Balocha shaharlarning
ko‘p rohat dunyosi bor.
uch-do‘kon,maydoncha,
klub va qabristonlik.
Ammo asos bu emas,
unda butun suhbatlar.
dunyoning o‘zi qadar
yomon ezar odamni.
Umr qayda yashasa
tole unda mehmondir.
Mehmonlarni qo‘ymaslar,
bir xil odat bor axir.
Oqshomlari tim qora,
Panjaradan oyga boq,
Laylining Majnunida
so‘nggi harfga boshing qo‘y.
Umidlar ichra yama
Sabohning jubbasini.
Duolar barqirasin
ammo o‘zing uchun yo‘q.
Xotira guvohini
tozala ust- boshingdan.
shoshilib ketayapman
o‘g‘lim maktabdan chiqar.
OZARBAYJON
Ozarbayjon! Ona tuproq, sen tarixing yoshidasan!
Turk elining bosh tojisan, qo‘sha Sharqning eshigisan!
Yuragisan Kavkazlarning, oting bordir dunyo to‘liq,
Hazor uzra qanot kergan burgutsan sen: mag‘rur, ulug‘.
Naqorat
Bayrog‘ingning ko‘k rangida, millatimning ot-shoni bor,
Oy-yulduzli ol rangida shahidlarning qoni porlar,
Yashilida bobolarning haq in’omi jo‘shar shoni,
Ozarbayjon!
Yolg‘iz zafar, yolg‘iz zafar saslar sani!
Go‘zal Vatan! Sening uchun necha yigit kechdi jondan,
Engildilar dushmanlaring, omon qolding sen har zamon.
Ozarbayjon – onam mening!
Ozarbayjon o‘tlar yurti!
Kechuvingda ayiq-sayiq turib yana qodir o‘rdu!
Naqorat
Bayrog‘ingning ko‘k rangida, millatimning ot-shoni bor,
Oy-yulduzli ol rangida shahidlarning qoni porlar,
Yashilida bobolarning haq in’omi jo‘shar shoni,
Ozarbayjon!
Yolg‘iz zafar, yolg‘iz zafar saslar sani!
Qancha xalqning gumon yeri, omon yeri, qadim diyor,
Quchoq ochding mazlumlarga, doim yasha sen baxtiyor!
Shon-shuhratli o‘tmishisan har keshning, bu dunyosan,
Sen har keching yorug‘, xushbaxt tonglarisan, go‘zal Vatan!
Naqorat
Bayrog‘ingning ko‘k rangida, millatimning ot-shoni bor,
Oy-yulduzli ol rangida shahidlarning qoni porlar,
Yashilida bobolarning haq in’omi jo‘shar shoni,
Ozarbayjon!
Yolg‘iz zafar, yolg‘iz zafar saslar sani!
SALAMGA
Yozmoq ham yozmagandek
Do‘stim, shunday toledir.
Tole deyilsa demak
Ne yo‘qdir, yo zoyedir.
Tushsang engashdi tog‘lar,
Qalqsang – do‘stim,suyashdi.
Yopilganda eshiklar –
Bilgil kim uni ochdi.
Un elasa uch uchim,
Biridagi o‘zingsan.
Har kas o‘zin kuchi,
qo‘nar kiyimlariga.
Vaqt yiqar har haykalni,
Bag‘riga olar tuproq.
Usti yaltiroqlarni
ellar ochib qochar, oh.
Shukur,hali yasharmiz,
Hayotning oy,yilini.
Oshimizni osharmiz,
Yo‘llarda apil- tapil.
Salom bo‘lsin bu saboh,
Qo‘y,Salimdan Sarbonga.
Bandani sevgan olloh,
Bosh etar har karvonga.
Dilbar Haydarova tarjimasi