Hermann Hesse. Bir ish tuni (esse)

Bu shanba oqshomi men[1] uchun juda muhim, chunki hafta davomida bir necha kechalarni boy berdim: ikki oqshomni musiqaga bag‘ishladim, bittasini – jo‘ralarga, bir kuni kechqurun tobim qochib qoldi. Men uchun tunni boy berish butun boshli kunduzni benaf o‘tkazishday gap, chunki kechasi ijod qilishni boshqa har qanday ishlardan afzal bilaman. Shu kunlarda ikki yildan buyon fikrimni band etib kelayotgan keng ko‘lamli asarim[2] ustidagi ijodiy ishlarim hal qiluvchi pallaga chiqdi. Ikki yil avval (o‘shanda ham qishning boshlari edi) “Cho‘l bo‘risi”ning yozilishi mana shunday keskin, avj nuqtaga chiqqanini ikir-chikirlarigacha eslayman. Yangi asar ustida ishlarkanman, mohiyatan, men uchun aqlga tobe, zo‘rma-zo‘raki g‘ayrat, erkinlik yoki mehnatsevarlikka bog‘liq holatlarning ahamiyati yo‘q. Yangi asarning qahramoni ichki kechinmalarim, fikr-o‘ylarim, muammolarim timsoli hamda egasi bo‘lib, Peter Kamentsind, Knulp, Demian, Siddxartx, Garri Gallerda bo‘lgani singari tasavvurimda puxta, shaxs qiyofasida quyilib kela boshlaydi. Deyarli barcha nasriy asarlarim – ma’nan tarjimai holim bo‘lib, hayotiy voqealar, ziddiyat va qarama-qarshiliklar qissasi emas, balki, mohiyatan, yagona bir shaxs monologi, aynan o‘sha shaxsning Meni va uning dunyoga bo‘lgan munosabatlari mundarijasi hisoblanadi. Bu kabi asarlarni “roman” deyishadi. Aslida, menga yoshligimdan qadrli bo‘lgan Novalisning “Genrix fon Ofterdingen” yoki, masalan, Gyolderlinning “Giperion” asarlarini roman deb atash kamlik qiladi.

Mana, yana men qisqa, ajoyib, mashaqqatli va zavqli lahzalarni ­boshdan kechirmoqdaman, yozuvchi “to‘qima” qahramoni bilan bog‘liq inqirozlarni yengib o‘tganda, qalbda his-tuyg‘ular kuchayib, fikrlar o‘tkirlik, yorqinlik va samimiylik kasb etadi. Tug‘ilayotgan kitobdagi birtalay materiallar, bir qator taassurot va mushohadalar yagona qiyofada jam bo‘ladigan (juda uzoq davom etmaydigan) lahzalar o‘tkinchi va o‘zgaruvchandir – qiyofani o‘sha lahzada tutib qolish va tavsiflash lozim, yo‘qsa, bu ish hech qachon amalga oshmaydi, keyin kech bo‘ladi. Barcha kitoblarim, hatto yakuniga yetmagan va nashr qilinmagan asarlarimning tug‘ilishida ham xuddi shunday lahzalar kechgan. Agar o‘z vaqtida ulgurmasam, pishib yetilgan hosilni yig‘ib olish mavsumini o‘tkazib yuboraman va kutilmaganda shunday onlar keladiki, asar qahramoni mendan uzoqlashib, dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotadi; masalan, hozirga kelib, men uchun Kamentsind, Knulp, Demian hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qolgan. Mehnatlarim necha bor shu tariqa chippakka chiqqan, oxir-oqibat, oylar davomida qilgan ishlarim samarasiz qolib ketgan.

Shunday qilib, bu shanba oqshomini o‘zimga, o‘z ishlarimga bag‘ishladim va kunduzning katta qismini esa tungi taraddudga bag‘ishladim. Soat sakkizda qo‘shni xonadan kechki ovqatimni olib chiqib qo‘ydim, – kichkina likopchadagi bo‘tqa bilan banan, – so‘ngra stol chirog‘i qarshisiga o‘tirib, qo‘limga qalam oldim.

Zarur bo‘lishiga qaramay, bu yumushlarni istab-istamay bajaraman. Kechadan buyon oldimda turgan ishning boshida quvonch emas, qo‘rquvni his etyapman. Chunki romanim (Notiq haqidagi) shunday qaltis joyiga keldiki, kitobda deyarli yagona bo‘lgan bu nuqtada, voqealar o‘z-o‘zidan rivojlanib boradi va asarning davomiga qiziqish uyg‘otiladi. “Qi­ziqarli” o‘rinlarga sira toqatim yo‘q, ayniqsa, o‘zimning kitobimda va hamisha, imkon qadar ularni aylanib o‘tishga harakat qilaman. Ammo bu safar undan qochib qutulib bo‘lmaydigan vaziyat keldi, shekilli: Notiqning hayotidan hikoya qilish lozim bo‘lgan voqealar o‘ylab topilmagan, ya’ni ularni shunchaki tashlab yuborib bo‘lmaydi, chunki Notiq siymosini, uning mohiyatini ochuvchi dastlabki, muhim g‘oyalardan biri aynan mana shu.

Ish stolimda birgina “qiziqarli” sahifa ustida uch soat bosh qotirib,  imkon qadar xolis, qisqa, iloji boricha qiziqarsiz hikoya yozishga harakat qildim, ammo niyatimga yetdimmi-yo‘qmi, bilmadim. Bunday ishlar keyinroq aniq-tiniq ko‘rinadi. Holdan toyib, noxush kayfiyatda qog‘ozga tushirganlarimga uzoq termildim va o‘zimga yaxshi tanish bo‘lgan yoqimsiz fikrlarni o‘qib, asabiylashdim. Ikki yildan buyon xayolimda sharpaday ko‘ringan qahramonimni shunchalik sinchiklab tasvirlash, baxt keltiruvchi umidsizlik, – holdan  toldiruvchi mashg‘ulot, – yana yarim tunda bedor o‘tirib yozish shartmidi? Kamentsind, Knulp, Veragut, Klingzor, Cho‘l bo‘risi ortidan yana bir qalb, yana bir o‘zgacha murakkab, so‘zga singgan mohiyatim, yana bir qahramon yaratish kerakmidi?

Bu tunda meni band etgan yumush, – butun umr mashg‘ul bo‘lganim, – bir zamonlar yozuvchilik deb atalgan va hozirgacha hech kim uni Afrika bo‘ylab sayohat yoki tennis o‘yinichalik qiziqarli hamda ma’nili emasligiga shubha qilmagan. Bugunga kelib uni “romantizm” deb atashmoqda, ustiga-ustak, o‘ta e’tiborsiz ohangda talaffuz qilishadi. Nahotki, romantizm biron-bir qimmatga ega bo‘lmasa? Nahotki, Germaniyaning o‘tkir aql egalari – Novalis, Gyolderlin, Brentano, Myorike yoki Betxoven va Shubertdan tortib Xugo Volfga qadar nemis kompozitorlari yaratgan durdonalar romantizmga aloqador bo‘lmasa? Ayrim tanqidchilar avvallari adabiyot va romantizm deb atalmish tushunchani ifodalash uchun odamning tili qovushmaydigan, beo‘xshov, buning ustiga kinoyali ohangda eshitiladigan “bidermayerovchilik”[3] atamasini taomilga kiritishgan. Ular bu atama zamirida qandaydir “byurgerona”, eskicha, chuchmal esipastlikni anglashardi, bu esa, bizning ajoyib, jo‘shqin zamonamizda ahmoqona ermakday ma’no kasb etadi. Ular aql va qalb kuchi bilan davrning muhim vazifalari doirasidan tashqariga chiqishga uringan barcha narsalar haqida shunday fikrlashadi. Go‘yo ular uchun Shlegel, Shopengauer va Nitsshening dardli tuyg‘ulari, Shuman va Veber orzulari, Eyxendorf va Shtifter asarlari o‘tkinchi hamda kulgilidir, va omadni qarangki, ularning barchasi bobolar sulukati bilan o‘tmishda qolganday! Ammo bu orzu-xayollar na o‘tkinchi sukunat, na huzur-halovat, na usti yaltiroq etib yaratilmagan, ular ikki ming yillik nasroniylik, ming yillik olmoniylik, abadiy insoniylik an’analarining mujas­samidir. Nega endi ularga yetarlicha hurmat ko‘rsatilmayapti, nega endi ularga jamiyatimiz qatlamlari va hokimiyat tegishlicha ahamiyat bermayapti? Nega tanamizni “chiniqtirish”ga millionlab, ongimizni mashinalashtirishga undan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ sarflanadi-yu, qalbimizni ma’rifat nuri bilan yoritishga esa, nafrat, istehzodan boshqa hech vaqo yo‘q?

Aslini olganda, “Inson butun dunyoni tasarruf etib, o‘z qalbini jarohatlashdan qanday naf topadi?”[4] degan Ruh bormidi – u romantizm edimi yoki “bidermayerovchilik”, u bekor qilindimi yoki tugatildimi, yoki uning o‘rnini biron boshqa yaxshiroq g‘oya egalladimi? Nahotki, unga boshqacha ishlov berib, kulgili ahvolga solib qo‘yishgan bo‘lsa? Nahotki, katta shaharlarning zavod, birja, stadion, auktsion, qahvaxona, raqs maydonchalaridagi “zamonaviy hayot” gotik uslubda ibodatxonalar bunyod etgan va “Bxagavadgita”ni yaratgan odamlar hayotidan nimasi bilandir to‘kisroq, yaxshiroq, jozibaliroq, oqilroq bo‘lsa?

Shubhasiz, bugungi hayot, zamonaviy “moda”lar yomon emas, yashashga haqli, ular o‘zgarish hamda yangiliklarga o‘ch, ammo butun o‘tmishni – Iso Masihdan tortib Shubert yoki Korogacha bo‘lgan o‘tmishni ajdodlarning ongsiz, kulgili o‘tgan davri deb qarash mumkinmi? Chindanam, yangi davrning o‘tgan zamonga nisbatan jazavali, yovvoyi, dunyoni barbod qiluvchi nafrati yangi davrning qudratli ekanini isbotlaydimi? Bunday himoyaga ehtiyoj sezganlar kuchsiz emasmikin, ruhan tushkun emasmikin?

Yarim tunda, ko‘nglimda shunday savollar paydo qildim, ularga javob topish uchun emas, albatta, chunki men dunyoga kelganda bu savollarga javob berilgan edi, ammo ularning qayg‘u-tashvishini his etish, ularning alamini bosish uchun yana qarshimda Knulp, Siddxartx, Cho‘l bo‘risi va Notiqni, – barcha og‘aynilarni, o‘xshashlarini emas, – barcha mungli posbonlarni, ya’ni hayot menga hadya etgan ezguliklarni ko‘raman. Ularga o‘zimning qaysarligim va ehtiroslarimni bag‘ishlayman, ularni qutlayman, ularning yashashga haqli ekanini yana bir bor tasdiqlayman, yana bir bor barcha baxtlilarning baxti, sportchilarning kuchi va natijalari, moliyachi korchalonlarning bor bisoti va bokschilarning shon-shuhrati mening mashg‘ulotim oldida ahamiyatsiz, mayda bo‘lib ko‘rinadi. Yana shuni anglaymanki, “romantikligim”ning ma’nisi uning tarixiy-falsafiy jihatdan yuksak ahamiyatida emas, balki olamdagi barcha aql, axloq va hikmatlar qurol ko‘tarib qarshi chiqqanda ham o‘z ishimni davom ettirish, o‘z qahramonlarimni yaratishga bo‘lgan ishonchimdadir.

Mana shunday ishonch bilan o‘zimni pahlavonday qudratli his etganimdan so‘ng uxlashga chog‘lanaman.

1928

Esse Herman Hessening “Kitob sehri”(“Magiya knigi” Moskva, “Kniga” 1990 g.) nomli to‘plamidan olingan.

Rus tilidan Humoyun tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 10-son

___________________

[1] Herman Hesse (1977-1962) – olmon adibi, filosof, rassom. XX asr modernizm oqimi vakili.

[2] Esse 1928 yil 2 dekabrda yozuvchi “Nargis va Notiq” romani ustida ishlayotganda yozilgan.

[3] Bidermayer – 1815-1848 yillarda german va avstriya san’atida paydo bo‘lgan uslubiy oqim bo‘lib, L. Eyxrodt she’rlariga sarlavha uchun o‘ylab topgan, tirikchilikdan boshqani bilmaydigan soddadil nemis kishisi ismi-sharifidan olingan. Bidermayerda shaharliklar va dehqonlar hayotini birlashtirish, kuzatish va ideallashtirish, ayrim kishilarga qiziqishning ortishi, oilaviy shinamlik bilan romantizmga bo‘lgan qiziqish doirasi torayib borgan; yirik nemis burjua ideologlari tasavvurida kapital va sanoat rivojini susaytirilishi  bidermeyerga tenglashtirilgan.

[4] Injil, Matfey 16, 26.