Nega yulduzlar o‘zidan yorug‘lik chiqaradi?

Yulduzlar, nurini o‘zida aks ettiradigan va shu tufayligina yorug‘ bo‘lib ko‘rinadigan sayyoralar va ularning yo‘ldoshlaridan farqli o‘laroq, o‘zidan nur tarqatadigan katta gaz sharlaridir. Masalan, Oy shu’lasi Quyosh nurining aksidan boshqa narsa emas. Yana bir farq shundaki, bizga yulduzlar miltillayotganga o‘xshab ko‘rinadi, ammo sayyoralar yorug‘ligi miltillamaydi. Yulduzlar miltillashiga sabab bo‘lgan narsa Yer atmosferasida turli moddalarning mavjudligidir.

Quyosh ham, unchalik katta yoki yorqin bo‘lmasada, yulduzdir. Boshqa yulduzlar bilan taqqoslaganda, u o‘rtacha kattalikdadir. Millionlab yulduzlar Quyoshdan kichik bo‘lishi barobarida yana shunchasi undan ancha kattadir. Shunday yulduzlar ham borki, ular Quyosh o‘rnida bo‘lganida Yer, Mars, hatto, Yupiter orbitasini ham o‘z ichiga qamrab olishi mumkin edi. Ammo ular bizdan juda olisda joylashgani uchun ko‘zimizga kichik bir nuqta bo‘lib ko‘rinadi.

Qadimgi yunon munajjimlari zamonidan beri yulduzlar kattaligiga qarab, bir necha guruhlarga bulinadi. «Kattalik» deganda, yulduzlarning katta-kichikligi emas, aksincha, ularning yorqinligi ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, yulduzlar uz spektrlariga ko‘ra ham, boshqacha aytganda, o‘z yorug‘lik to‘lqinlari uzunligi bilan ham bir-biridan farq qiladi. Munajjimlar u yoki bu yulduzning spektrini o‘rganayotganda, o‘sha yulduzning uziga xos xususiyati, temperaturasi va hatto kimyoviy tarkibi to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar yig‘ishadi.