Xolmuhammad Karimiy. Oqsoq xizmatchi (hikoya)

Xalil nafaqaga chiqishi bilan Vaxshivordagi ota hovlisiga ko‘chib keldi. Charchagan miyani dam oldirib, bundan buyog‘iga qarilik davrini qay yo‘sin o‘tkazishni o‘ylab ko‘rishga bir-ikki oy o‘zini erkin qo‘ydi. Shu kayfiyatda bolaligi o‘tgan qadrdon go‘shaning sokin hayotidan lazzatlanib yurgan kunlarning birida kutilmagan bir mehmon kirib keldi. Soqoli ko‘ksiga tushgan, polvonsifat notanish cholning qo‘lida bir xalta yuk, xuddi qarindoshlardek mehr bilan quchoq ochib ko‘rishdi. Sherobod tarafdan “Qizil olma”lik Tohir ekanini aytib batafsil tushuntira ketdi: bir yili cholning bog‘ini sel yuvib ketganida, uning ko‘magi bilan qaytadan bog‘ qilibdi. Yangi bog‘ning birinchi hosilidan mehri tushgan odami uchun ilinib, so‘roqlab topib kelibdi.
Xalil voha bo‘ylab turli idoralarda ishlagan kezlari qanchalab odamlarga duch kelmadi. Ammo shunday ham odam bo‘larkan-da, deya ajab¬landi. Surxonning u chetidan-bu chetiga yo‘l bosib, bir tog‘ qishlog‘ini erinmay topib kelgan sodda choldan hayratda qoldi. Bosh chayqagan ko‘yi xaltaga ishora qilar ekan, qani ko‘raylik-chi, sovg‘angizni, deya jilmaydi. Tohir chol epchillik bilan xaltaning iplarini yechishga kirishdi va qip-qizil olmalardan to‘rt donasini olib uzatdi. Olmani tomosha qila turib bog‘bonning samimiyatidan ajablana-ajablana tashakkur aytdi. Bolalarcha sof tuyg‘uda quvonib turgan soqolli go‘dakka nisbatan mehri jo‘shib, uni mehmonxonaga taklif qilar ekan, “Rayhon mehmon keldi”, deya ovoz berdi.
Xizmatchi oqsoq ayol dasturxon tuzashga kirishganida Tohir chol xijolatda qoldi. Oddiy bir odamni kimsan bir arbob o‘z uyida mehmon qilishi kutilmagan hodisa. Shu boisdan bo‘lsa kerak, yoniga qo‘yilgan par yostiqlarga yonbosh tashlashdan tortinib chordona qurib o‘tirdi.
– Inim, – dedi Tohir chol dasturxonga ishora qilib. – Sizni ovora qilib qo‘ydim, hech shartmas edi. Men olmalarni beramanu qaytaman degandim. Axir, sizning sharofatingiz bilan qaytadan bog‘ qildim.
– Siz shuncha yo‘l bosib ovora bo‘lmaysizu biz joyimizdan sal qimirlaganga ovora bo‘lamiz ekanda, – deya Xalil dalda berganidan mehmonning ko‘ngli yozilib o‘zini erkin sezdi.
Shu bilan gap-gapga ulanib, xuddi yuz yillik qadrdonlardek suhbat qizidi. Bunday bo‘lishini sira kutmagan Tohir chol yayragandan yayradi. Bu odamning qaysi bir sifatini ko‘rmasin hayajonga tushar, shunga mos gap topolmay entikar, xizmatchi ayolning harakatlarini ko‘rganda hayrati ortardi.
– Inim, siz tug‘ma arbob ekansiz, har qanday odamning kimligini bilishingizga qoyilman, xizmatchingiz oqsoq bo‘lsa ham oyog‘i yengil ekan, ko‘z ochib-yumguncha dasturxon bezadi, – deya qoyil qolganini bildirdi.
– Bir xizmatchi tanlashni bilmasak, elga qanday bosh bo‘lardik, oqsoqol, – deya Xalil kulgancha cholning soddaligidan zavqi oshdi.
Tohir uni o‘ziga yaqin olib gurungga kirishib ketdi.
– So‘ramoqning aybi yo‘q, yangamiz bilan birgamisiz?
– Oqsoqol, soddalik qilyapsiz, xizmatchini yangangiz boshqarib turmasa, dasturxon bezalarmidi. Do‘q urib bir ish bitirish mumkinmi, ayting o‘zingiz, – degancha u yana hazil qildi.
Bunday bo‘lishini kutmagan Tohir chol ehtiyotkorlik bilan das¬turxondagi ne’matlardan totinar ekan, juda mamnun bo‘lib boshini irg‘agancha sokin bir kayfiyatga tushib gap boshladi.
– Inim, baxtli odam ekansiz, chunki sizdagi farosat qondan o‘tganligi shunday ko‘rinib turibdi. Men bir o‘tkinchi oddiy odam bo‘lsam. Begonani siylash har kimning haddi emas. Bilishimcha, otangiz tilla odam bo‘lgan ekan. Unday odamlar nima ¬qilishni bilgan. Muhimi kelinlikka eng munosib qiz tanlagan. Bu oilada men ko‘rgan fayz ayol zotiga tegishli gap. Otangizdan qancha minnatdor bo‘lsangiz shuncha kam, inim. Agar u kishi hayot bo‘lganida boshimni egib tashakkur aytgan bo‘lardim.
Xalil dastlab hazil-mutoyiba qilgan bo‘lsa, endi rostakamiga dil-dildan rohatlandi. Shu kayfiyatda har doim ham duch kelavermaydigan bu odam bilan dildan suhbatlashib maza qilish mumkinligidan ochilib-yayrab ketganini o‘zi ham sezmay qoldi.
– Oqsoqol, zar qadrini bilish uchun, avvalo, zargar bo‘lish kerak. Kelin tanlash haqida gap ochib qoldingiz, endi bir voqeani aytmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, – deya ¬quvnoqlik bilan o‘zi haqida gap ¬boshladi.
Katta shahardan o‘qishni bitirib qaytgan mahallar sochni tarab quruqqa havolanib yurgan davrlarini eslab, otasining to‘yga taraddud ko‘rganlarini gapirdi. O‘zi ochiq gapirishdan iymanib ko‘ngliga yoqqan qiz haqida onasiga shipshitganini maza qilib esladi. Mehmon bo‘lsa, bolalarcha qiziqish bilan uning og‘ziga tikilib o‘tiribdi. Ammo otasi uning aytgan qiziga rozi bo‘lmagan ekan. Bundan yigitlarga xos kayfiyatda qattiq xafa bo‘libdi. Biroq uydagilar quda bo‘lmoqchi bo‘lgan oila haqida eshitgan chog‘da battar jazavaga tushganini, achchiq ustida bir necha kun otasiga ko‘rinmay yurganda, ora-sira otangni norozi qilma deya onasi eslatib turganini aytib berdi. U oilani bolaligidan yaxshi bilganidan hech o‘ziga kelolmabdi, hatto shu oilaga kuyov bo‘lishni loaqal biror marta yo‘liga bo‘lsin o‘ylab ko‘rmagan ekan-da. Ammo ota so‘zida turib olib, hayotda erdek yashayman desang rozi bo‘lasan, degan shart bilan gapni kesibdi. Yigit avvaliga jahldan tushibdi, keyin ichidagi alangai otashlar o‘chibdi. Vaqt o‘tishi bilan hamma narsadan ko‘ngli sovib noiloj rozi bo‘libdi. Lekin arazi hamon tarqamagan bo‘lsa ham urfga ko‘ra to‘ydan oldin qiz bilan uchrashganida yuragi jiz etgan ekan. Yurakda paydo bo‘lgan mehr uchqunlari bora-bora oila qo‘rg‘onidagi ulkan bir mehr-muhabbatga aylanibdi. O‘sha qiz bilan uning hayotiga qut-baraka, mehr-oqibat kirib kelibdi. Albatta, oilali bo‘lgach, o‘z ro‘zg‘or tashvishlariga ko‘milib el bilan ishlayvergach, hayot unga otaning naqadar haqligini ko‘rsatibdi. Bu tuyg‘uni o‘zi ota bo‘lib yana ham chuqurroq his etibdi. O‘zining o‘g‘il-qizlari tanlagan kasblariga mehrini ko‘rganda quvonibdi, ular oila qurib yillar o‘tishi bilan o‘z hayotidan mamnunligini sezib yana quvonibdi. Otasi tanlagan o‘sha kelin barcha quvonchiga sabab bo‘lganini aytar ekan, mehmon rosa yayraganidan yashang, yashang deya uning gaplarini quvvatlab turardi.
Mehmon endi bu yog‘iga yostiqqa yonboshlab olib, o‘z qondoshi bilan gaplashayotgandek ayrim tushunmay qolgan joylarini surishtira ketdi.
– Men bir avom odamman, gaplarimni og‘ir olmang tag‘in. Qiz xunukmidi?
– Ko‘p qatori bug‘doy rang bir qiz, ozgina tug‘ma nuqsoni bo‘lgan. Shu boisdan yigitlik shashti bilan jahl ustida arazlagan bo‘lsam kerak, – Xalil dasht odamiga mos tarzda gapni qisqa qildi.
– O‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman-ku, aytganingizdek yangamiz xizmatchi qo‘liga taomni tutqazmasa, bu oqsoq holiga shamoldek yelmas edi.
– Ana, gap bunday bo‘libdi-da, oqsoqol, farosatingizga qoyilman. G‘o‘r yigitlikda ichimizda olov qaynagan, bo‘y qizlarning yaltir-yultir libosdagi ko‘rinishi ko‘zimizga oydek ko‘ringan bo‘lsa, qo‘shimchasiga muqom qilganiga uchib moydek erib ketaverganmiz. Shuytib, iyak osmonda bo‘lgandan keyin tuproqda yotgan gavharni qaydan ko‘rardik.
– Xo‘b topib aytdingiz, inim, gapni gapir uqqanga, deyishgan-ku, bunda katta hikmat bor. Dunyoga sig‘may yurgan olov yigitlar uncha-bunchaga otaga bosh egavermaydi.
Gapga qiziqib ketib oradan qancha vaqt o‘tganini bilmay qolgan Tohir chol patnisda qaynoq sho‘rva keltirgan xizmatchi ayolni razm solib kuzatdi: yurganda oqsoqlangani bilinsa ham, epchil va sarishtali harakatlari nuqsonlarini yashirib ketishini sezdi. Buning ustiga xizmatni chin ko‘ngildan ado etishidan hayratda qoldi. Kezi kelganda ayolga yurak-yurakdan achindi.
– Inim, gap kelganda ayama de¬yishadi-ku. Shundayin, bu xizmatchi ayol ham joyi kelsa, bir qasrning malikasi bo‘ladigan xislati bor ko‘rinadi. Lekin buning baxtiga sizning otangiz kabi odamning nazari yetishmabdi, – deya chol bosh chayqab qo‘ydi.
– Gapingizga qo‘shilaman. Qani taomni mahtal qilmaylik, ovqatga marhamat, – deya Xalil dasturxonga taklif qildi. Tohir chol ham bamaylixotir o‘z uyidek ovqatlana boshladi.
Ora-sira gap-so‘z bilan kosalar bo‘shagach Xalil yana xizmatchini chaqirdi: “Rayhon, issiq ovqatdan keyin bir salqinlasak yaxshi bo‘lardi”, – deb qo‘ydi. Zum o‘tmay bir la’li laganda qovun, ikkinchisida tarvuz keltirgan xizmatchi ayolga mehmon angrayib qarab qoldi. Bildiki, qovun-tarvuzlar allaqachon tayyor qilib qo‘yilgan, bo‘lmasa buncha tez kelishi mumkin emas. Shularni o‘ylar ekan xizmatchi ayolga tayinladi.
– Singlim, xizmatingizga rozi bo‘ling, yangaga ham tashakkurimni yetkazing, bu kishining gaplaridan ko‘nglim yayrab o‘tirgani ustiga, sho‘rva ichib tanam ham yayradi. Shuncha yo‘l yurib kelishimni Xudoyim bekorga taqdir qilmagan.
Xizmatchi ayol bosh irg‘ab qo‘yib, chiqib ketdi. Mehmon esa gaplarim malol kelmadimi, degan andishada uy egasiga qaradi. Hatto uning rohatlanib miyig‘ida jilmayganini ko‘rib yana gurungga kirishib ketdi.
– Xizmatchi ayol sizning oilangizni besh qo‘lday biladigan ko‘rinadi. Uning ishlayotganiga ko‘p bo‘lganmi deyman, gapning boshini aytsangiz oxirini o‘zi tushunib olyapti.
– Yashang oqsoqol, to‘g‘ri topdingiz, oila qurganimdan beri bizning oilaning xizmatini bajarib keladi. Shuning uchun xotirjam o‘z ishimni qilib yuraman.
Tohir chol o‘yga toldi, birdan jiddiy tortdi.
– Otangizga rahmat, bor bo‘ling, bu ishingizga qoyilman. Biroq o‘zingiz tushungan odamsiz, qancha el bilan ishladingiz, siz bilan doim ergashib yurgan bo‘lsa, bu ayolning kam-ko‘stsiz yashayotgani o‘z yo‘ligayu insonda endi, issiq jon o‘z tengini topgisi keladi, – der ekan mezbonning gaplariga kiroyi e’tibor qaratmadi. Oqsoq xizmatchiga achinganidan o‘zi bilan ovora. Hatto shu guldek ayolning qadim davrlardagidek cho‘riga aylanganidan allanechuk parishon. Otasi majburan uylantirgani evaziga xizmatchi ham qo‘shib bergan ekan-da, degan o‘yda mezbondan ko‘ngli qolib xatosini baribir eslatib qo‘yishga jazm qilgandi. – Biz dashtda tikka o‘sgan odammiz, chiroyli gapirish qayoqda, shuning uchun tildan uchgan beadab so‘zim uchun koyisangiz ham mayli. Haddim sig‘masa ham iyib ketganimdan gapirib yubordim.
Mezbonning ayb ustida qo‘lga tushgan boladek gangib qolganidan zavqi kelgan Xalil avvaliga rosa yayrab kuldi. Keyin o‘zini to‘xtatib olib jiddiy ohangda tushuntirdi.
– Oqsoqol, siz biron yomon gap aytmadingiz, ikkinchidan, bu ayol nazardan chetda qolganligiga sira achinmang. Otamning nazariga tushgan, sal nuqsoni bor qiz shu oqsoq xizmatchi bo‘ladi. Aslini bilsangiz, bu oqsoq ayol siz aytgan yangangizning xuddi o‘zi.

“O‘zAS”dan olindi.