Chingiz Aytmatov. Uyg‘onish saboqlari (1989)

Qirg‘iziston SSR Yozuvchilar uyushmasi hay’atining raisi, «Inostrannaya literatura» jurnalnning bosh muharriri Chingiz Aytmatovning SSSR xalq deputatlarining s’ezdidagi nutqi

«Mana, yuzlashdik» degan ibora bor. Bu ibora odamlar o‘rtasidagi murakkab muloqotning ma’lum bosqichini ifodalaydi. Bugun men bu iborani sizlarga murojaat qila turib, aytgim keldi. Mana, yuzlashdik. Shunday qilib, biz yangicha demokratiya binosini qurmoqchi bo‘layotgan ushbu qurilish maydonchasida hozircha ur-sur, tartibsizlik, ehtirosga berilib ketish anchagina. Tabiiyki, kuyunar ekansan, kishi. Ushbu kunlar davomida meni ham og‘riq, ham umid tark etmadi. Axir ayni paytda (nima bo‘lganda ham, ish davom etmoqda) yangi binoning devori qad rostlamoqda. Muhimi shu.

S’ezdning ilk daqiqalaridanoq bizni bir so‘roq o‘ylantirdi: xalq deputatlarining anjumani qanday bo‘lmog‘i kerak? U mustaqil xalq hokimiyati yuqori organining shaksiz ifodasiga aylana oladimi? Yoki yana boshqaruvchi mansabparastlar qo‘lida qulay va itoatkor qurol bo‘lib qolaverarmikan? Bugun hech ikkilanmasdan aytish mumkin, olishuvlar, bahslar, ichki ikkilanishlar dovonini bosib o‘tib, o‘z o‘tmishi va bugunini qayta-qayta fikrlab, S’ezd ish jarayoni davomida butun tariximiz solnomasida butkul yangi demokratik hodisa ko‘rinishini oldi. Bizning ongimizda, dunyo jamoatchiligi ko‘z o‘ngida yuz ochdi.

Xalq gungligining, kommunizm tantanasining mavhum va’da qilinishlarining, ruhiy qullikning og‘ir mustabidliklari, g‘oyaviy va iqtisodiy boshboshdoqlik, o‘z-o‘zini aldash, riyokorlik va yolg‘onning o‘n yilliklaridan so‘ng nihoyat bizning demokratik orzu-umidlarimiz o‘zining taraqqiy qilgan qonuniy ifodasini topmoqda. Mayli bu bor-yo‘g‘i boshlanishi. Lekin bu hodisaning Vatanimiz taqdirida va butun jahon xalqlarining taqdiridagi beqiyos rolini baholash qiyin. Axir, biz insoniyat qal’asining bir bo‘lagimiz, bizning sog‘ayishimizdan, og‘ir iqtisodiy fojiadan qutilish yo‘lini topa olishimizdan, huquqiy davlat tashkil etish va shaxs ozodligi, erkinligini ta’minlash yo‘lidagi samarali harakat qilishimizdan, milliy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishimizdan, dunyoviy birodarlik jamiyatida o‘zimizning o‘rnimizni topishimiz va tabiiy uyushib keta olishimizdan, umuminsoniy qimmatlar qadrini o‘zimizdan taraqqiy eta olishimizdan, dunyoviy inqilob haqidagi yovuz ta’limotdan qutula olishimizdan, quruq safsatabozlikdan qanchalik tez qutulishimizdan, boshqa dunyolar bilan munosabatlarda fikriy vahshatkorlik va g‘oyaviy murosasizlikdan qutula borishimizdan hozirgi zamon insoniyati ahvolining yaxshilanishi yuzaga keladi; Boshqa xalqlarni farovon qila turib, biz o‘zimiz ham farovonlashamiz.

Bizni o‘rab turgan mamlakatlarda hozir hammaning nigohi televizorlarga qadalgan, ular kuyunmoqdalar va qalblarida anjuman yaxshilikka xizmat qiladi deb umid qilmoqdalar. Shunday bo‘lishi ham kerak. Biz — ko‘p millatli buyuk mamlakatmiz, bizdan ijobiy yog‘dular taralib turishi, ijobiy tajribalar tarqalishi kerak. Biz o‘ta ichki, hattoki mamlakatimizni chulg‘ab olgan iqtisodiy ofatlar haqida gapirganda ham yaxshi namuna ko‘rsatishimiz kerak.

Xo‘sh, bu yog‘iga qanday yashashimiz lozim? Butun dunyoning ko‘z oldida ahvolni qanday yaxshilash mumkin? Hamma shuni o‘ylayotibdi. Menga ham shu haqdagi fikrlarimni aytishga ruxsat beringlar.

Ekonomika, Mamlakatda aniq iqtisodiy ta’limot yo‘q. Hamma narsa ana shu devorga kelib taqalib qolmoqda. Juda xavfli holat chuqur ildiz otdi. Ommaviy norozilik va inkor paytida tanqidbozlik tulporiga minib, teletomoshabinlar oldida o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan osoni yo‘q. Bu ma’noda hammamiz ham mohirmiz. Xo‘sh, qanday qilib sonni amaliy ko‘paytirish, sifatni ko‘tarish mumkin? Buyuk mamlakat miqyosida buni qaysi yo‘l bilan qilsa bo‘ladi? Buni kamgina odam biladi.

Qayta qurish va oshkoralik nafasidan qanotlangan holda, biz ko‘zimizni hamma yoqqa tarqalgan moddiy ofat jarligi yoqasida turgandagina ochdik. Agar bizning ofatlarimizda uzoqni ko‘ra olmaydigan, tajribasiz rahbarlik, islohotlarning samarasizligi, qayta qurishning izchil olib borilmayotgani aybdor ekanini adolat bilan qayd etsak, bu hali hammasi emas. G‘ildiraksiz aravada otlarni har qancha qamchilamagin, uzoqqa ketolmaysan.

Zo‘rma-zo‘raki mehnatdan, insonning tashabbuskorligini, mustaqilligini keskin bo‘g‘adigan, uning omilkorligini yer bilan yakson qiladigai kazarmachilik sotsializmidan, mulohazasiz mehnatkashlikdan, musobaqachilikni yo‘qqa chiqaradigan, hammani tenglashtiraman deb, bir-biriga o‘xshash, yuzsiz qilib qo‘ygan siyosatdan boshqa narsani kutish ham mumkinmi? Bu meros eng katta yovuzlikni tug‘dirdi. Uning nomi — ommaviy begonalik, hammaning va hamma narsaning loqaydligi: hukumatning xalqqa, xalqning hukumatiga ishonchsizligi. Eng oxirgi paytlargacha xalq siyosatdan chetlashtirilgan edi, mana bizning ko‘z o‘ngimizda sinish yuz berdi. Xalq jamiyatdagi o‘z o‘rnini anglashga kirishdi. Shuning uchun, menimcha, hozir tiklanish, tirilish yo‘lini izlash payti yetdi. Xo‘sh, jamiyatdan va har birimizdan yillar davomida singib ketgan begonalik psixologiyasini, ko‘proq olib, kamroq ishlash fikrini qanday qilib sitib chiqarish mumkin?

Buning uchun jamiyat sistemasining o‘zi, uning tarkibiy xususiyatlari, nomukammalligi haqida o‘ylash kerak. Hayot aytib turibdi: kun tartibiga mulkchilikning turli shakllarini omilkorlik bilan qo‘shib olib borish, sotsializm sharoitida mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish munosabatlari turli shakllarini birlashtirib, tadbiq etish shart. Aytganday, sotsializm haqida — bizning nazariy ta’limotlarimizning eng muqaddasi bo‘lmish sotsializm haqida ikki og‘iz gap. Sotsializm tushunchasini sig‘inadigan ka’baga aylantirish kerak emas. Sotsializmga sig‘inmaslik lozim. Sotsializmni qurollangan va mukammal shaklda odamlarga, yaratuvchanlik va farovonlikka xizmat qildirish kerak. Biz sotsializm qanday bo‘lishi kerak va qanday bo‘lmasligi kerak deb fol ko‘rib, ortiqcha bahslashib, majlislar qilib yotgan paytda boshqa xalqlar sotsializm qurganlar va uning mevalarini iste’mol qilmoqdalar. Buning ustiga biz sotsializmni qanday qurmaslik kerakligini o‘z tajribamizda ko‘rsatib, ularga namuna bo‘ldik. Men Shvetsiya, Avstriya, Finlyandiya, Norvegiya, Ispaniya va nihoyat okean ortidagi Kanadani ko‘zda tutmoqdaman. Shvetsariya haqida gapirmasa ham bo‘ladi — bu namuna. Bu mamlakatlardagi ishchilar bizning ishchilardan ko‘ra 4—5 marta ko‘p oylik oladi. Ularning iqtisodiy himoyalanganligi, mehnatkashlarining turmush darajasi faqat tushimizga kirishi mumkin. Ana buni real ishchi kasaba soyuz sotsializmi desa bo‘ladi. Mayli, bu mamlakatlar o‘zlarini sotsialistik deb atamasinlar, bu bilan ular yomon yashamayaptilar.

Biz o‘z sotsializmimizning muqimligi bilan o‘zimizning jonimizga tegdik! Nima uchun bizning shaxtyorlarimiz men tilga olgan mamlakatlarda poyabzalday to‘kin bo‘lgan avtomashina sotib olish uchun ochlik e’lon qilishi kerak? Nima uchun bizning cho‘ponlar respublika Ministrlar Soveti raisining qabulida soatlab o‘tirib, uning oldida tiz cho‘kib, ko‘hna «Uazik» mashinasi uchun g‘ildirak so‘rashi kerak? Sotsializmning ma’nosi lug‘atda emas, shu ma’noning real ifodasida. Men markaziy gazetalarimizdan birining redaktsiyasida shunga o‘xshash fikrni aytganimda, suhbatdoshim ko‘zlarini katta-katta qilib, afsus bilan yelka qisdi: «Seni shu so‘zlaring uchun 1937 yilda devorga qo‘yib darhol otishgan bo‘lardi». Shubhalanmayman, chunki bu ishda oilaviy tajribamiz bor. Ana shu ufqi ko‘rinmaydigan, kechirasizlar-u, bizning fahmsizlik holatimizdan qayta qurish portlashi ko‘zimizni ochib, ushbu s’ezdga yetkazib keldi. Kelinglar, o‘ylab ko‘raylik, stalincha sotsializm bizni oldinga yetaklay oladimi? Yo‘q, yetaklay olmaydi, biz buni ko‘rdik. Endi bizning mamlakatimiz kabi kattakon, o‘ziga xos yurt uchun foydali bo‘lgan ijobiy tajribalarni taraqqiy qilgan mamlakatlardan, huquqiy davlatlardan olishimiz kerak. Agar biz o‘zimiz yaxshi ishlash va yashashni bilmasak, boshqa real sotsializmda yashayotganlardan o‘rganaverishimiz kerak. O‘rtoqlar, shu ma’noda ikkita mo‘jazgina taklifim bor.

Birinchidan, biz majbur bo‘lgan, qo‘ymasa bo‘lmaydigan qadam — g‘arbdan katta qarz ko‘tarish kerak va taqchillikni bartaraf etish lozim. Tushunaman, qarz oyoqdan tortadi. Ammo bizning imkoniyatlarimiz ko‘p, — to‘laymiz, vaqti bilan hisob-kitob qilamiz. Hozircha, kech bo‘lmasdan olish kerak — bu zarur chora.

Keyin, biz kecha qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha chiqishlar va murojaatni eshitdik. Bu qishloq tufayli ommaviy yig‘idir. Xo‘rligim keldi. Buning ustiga o‘zim ham qishloqda katta bo‘lganman. Dehqonchilikka butun dunyo bo‘lib birgalikda yordam berish kerak. Mei harbiy xizmatni o‘tashda ma’naviy ehtiyojiga ko‘ra harbiy kismlarda emas, deylik, biron bir onkologik shifoxonada hamshira bo‘lib xizmat qilish yo‘lga qo‘yilgan Yevropa mamlakatlari tajribasi bizda yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, o‘smirlarni harbiy xizmat davrini qishloqda ishlab berish bilan o‘tkazishni taklif qilaman. Buning ustiga armiyaga ommaviy chaqirish ham bizning yaxshi tomonimiz emas. Har holda menimcha bu masala ustida o‘ylab ko‘rish kerak.

Ekonomikadan keyingi eng murakkab masala — bizning milliy munosabatlarimiz. Tbilisi masalasida komissiya tuzilgani yaxshi bo‘ldi — har holda xalqimizni zo‘ravonlikdan himoya qilishning kafolati ishlab chiqilishi kerak. Men ittifoqdosh respublikalarimiz to‘la sotsialistik mustaqilligi g‘oyasini butkul quvvatlayman. Bunday mustaqilliksiz federativlik maqomi shunchaki gap bo‘lib qoladi. Ammo, menimcha, Mustaqillikning takomillashuai o‘ylab, izchillik bilan, qonuniy olib borilishi kerak, ehtirosga berilish va bir qo‘l siltash bilan hamma narsani hal qilib yuborish mumkin emas. Bizda bor narsa juda qimmatga tushgan va biz xohlaydigai narsa katta mas’uliyatni talab qiladi.

Milliy tillar masalasi menga yaqinroq. Shuning uchun bu haqda qisqacha so‘zlamoqchiman.

Gap respublikalarda davlat tili kontseptsiyasi haqida bormoqda. Bu jarayonga qonuniy asos yaratish kerak. To‘g‘ri, umumiy andozani ham o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi. Davlatning federativligi tillarning ham federativligi demakdir. Shu ma’noda ittifoqdosh respublikalar mahalliy xalqlarining tillari davlat tili bo‘lishi kerak. Bu ishda ham o‘ylashimcha, fikriy izchillik, ishonarli murosakorlik talab etiladi. Qisqacha aytganda, joylarda uzoq vaqt inkor etilgan respublikalarning milliy tillariga lingvistik taraqqiyot uchun zarur muhit yaratilishi, ular tirilib o‘z qonuniy o‘rnini olishi uchun sharoit muhayyo etilishi lozim. Bu masala juda murakkab, ayniqsa, O‘rta Osiyoda. Rasmiy muhitda mahalliy xalqlarning tili qatnashishiga ko‘nikmagan ko‘pchilik og‘aynilarimizga bu narsa rus tiliga qarama-qarshi qo‘yish bo‘lib tuyulmoqda. Kelinglar, o‘ylab ko‘raylik.

Rus tilining buyuk dahosi bizga, hammamizga o‘z xizmatini qildi va bundan keyin ham men o‘z hayotimni bu umumiy ma’naviy boyliksiz tasavvur qila olmayman. Rus tili bu ma’noda shaksiz va hammaga qulay tildir. Mamlakatimiz doirasida unga hech qanday xavf tahdid qilayotgani yo‘q. Ammo bu til o‘zining tarixiy tarqalganligi uchun boshqa mahalliy xalqlarning tillarini siqib qo‘ymasligi kerak. Shu ma’noda har bir xalq o‘z xalqining tili bor bo‘lgandagina xalq hisoblanishini tushunish lozim. Til xalqning madaniy mustaqilligini belgilaydi. Agar xalq u yoki bu sabablarga ko‘ra o‘z tilini qo‘llash va rivojlantirish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, u xalq sifatida yo‘qoladi.

Bu yerdan tillarni mukammallashtirish, milliy xalqlar tiliga ko‘proq sharoit yaratgan mahalliy aholi tili davlat tili maqomini bergan holda ikki tillilik kontseptsiyasini yo‘lga qo‘yish fikri kelib chiqadi. Bunga hali hamma ham tayyor emas. Murosaga, muloqotga, yaqinlashuvga borish kerak. Hamma narsa ikki tomonga ham foydali, ikki tomonni ham hurmat qilgan holda yechilishi lozim.

Afsuski, ommaviy axborot vositalari ham har doim bu jarayonga ijobiy xizmat qilmaydilar, ayniqsa, markaziy matbuot. O‘z milliy ehtiyojlari haqida gapirgan har bir kishini millatchilik va mahalliychilikda ayblash qariyb urf bo‘ldi, ayni paytda o‘z xalqini inkor qilishga o‘rgangan nigilistlarni qo‘llab-quvvatlash, jo‘yali, vatanparvar kishilarni millatchilikda ayblash avj oldi. Matbuotning bu chiqishlari (ularning mualliflari xohlaydilarmi, yo‘qmi) odamlar tinch va xotirjam yashayotgan, umumiy tashvishlar va muammolarni birodarlikda yechayotgan joylarda kutilmagan salbiy hodisalarni sun’iy keltirib chiqaradilar. Gap milliy masalalar haqida borganda televideniye va matbuot yetti o‘lchab bir marta kesishlari kerak. Masalan, «Komsomolskaya pravda» jiddiy turib, Olmaotadagi voqealar ayrim maktablarda yoshlar o‘z ona tilida o‘qiyotgani uchun yuz berdi deb yozadi. Buni qanday tushunish va nima deb atash kerak?

Mustaqillik huquqi Qozog‘iston Sovet Sotsialistik Respublikasini ham chetlab o‘tmasligi lozim. Bu respublikani qonundan istisno qilmaslik kerak, zero qozoq xalqi — shu o‘lkaning qadim urug‘laridan biri — mamlakatga non kerak bo‘lgani va Yevropa qismidan ko‘p millionli aholini qo‘riq yerga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelganligi uchun aybdor emas. Bu ko‘chish ko‘chib kelganlar va mahalliy aholining protsent munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Endi har gal payti kelganda mahalliy aholini chetga siqib, o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘yishmoqda.

Qonun, Konstitutsiya har bir xalqning o‘ziga xosligini himoya qilishi, mahalliy xalqlar, masalan, O‘rta Osiyoda, shu jumladan qozoqlar o‘z o‘lkalaridan tashqarida etnik urug‘doshlariga ega emasliklarini hisobga olishi kerak. Agar bu xalqlar o‘z yerida madaniyati va tilini rivojlantira olmas ekan, mamlakatdan tashqarida uni riaojlantirish imkoniyati yo‘q.

Har bir xalq o‘zicha betakror. Bizning matbuot va televideniye, mening nazarimda, «o‘zbeklar ishi» degan iborani boqibeg‘amlarning miyasiga quyaverib o‘zbek xalqiga nisbatan andishasizlik qilmoqda. Bu ishga o‘zbeklarning nima aloqasi bor? Bu haqorat nima uchun? Bu xalq o‘z hayotini paxta yetishtirish kabi xosiyatsiz, sermehnat ishga tikkani uchunmi? Yoki paxta davlat xazinasiga valyuta keltiradigan eng muhim ekin ekani uchunmi? Agar uyushgan jinoyatchilik u yoki bu joyda bo‘lsa, bu bilan huquq-tartibot organlari shug‘ullansin, xalqning milliy g‘ururiga tajovuz qilinmasin. Bu so‘zni qrimtatarlari himoyasi uchun ham aytish kerak.

Qachongacha biz milliy qismatning bu fojiona chinqirig‘iga beparvo qarab turamiz. Bizning ommaaiy axborot vositalarimiz (jumladan TASS) bu xalq xuddi shunday noinsoniy zo‘ravonlikka loyiq deb tasvirlashda davom etmoqdalar. Axir bema’nilik-ku bu! Butun bir xalq ustidan bunday hukm chiqarishga kimning haqqi bor? Nima, urush yillarida sotqinlar va qochoqlar faqat qrimtatarlari ichidan chiqqanu, boshqa xalqlar illatsiz edimi? Bunaqa bo‘lmaydi. Urush urushligini qiladi. Bu kurash, bu qahramonlik, bu qayg‘u va shafqatsizlikdir. Bu asirlik va sotqinlikdir. Bu g‘alaba va mag‘lubiyat hamdir. Bularning hammasi har qanday xalqni domiga tortishi mumkin. Bu narsaga dialektik yondashish, hech bir xalqning g‘ururini poymol qilmaslik lozim.

Mamlakatimizning nemis aholisiga nisbatan yo‘l qo‘yilgan va qo‘yilayotgan adolatsizlik haqida ham aytmasam bo‘lmaydi. Urush paytida quvg‘in qilingan, tarqatib yuborilgan, xo‘rlangan bu xalq bugungacha siyosiy kamsitilmoqda. Agar sovet nemislarining madaniy va administrativ avtonomiyasi tiklanadigan bo‘lsa, bu hammamizga xizmat qiladi. Nemis avtonomiyasi barchamizga namuna bo‘lgusidir.

Kelinglar, o‘z o‘tmishimizdan xulosa chiqaraylik. Toki kelgusida bunday hodisalar qaytarilmasin. Xalqlarning etnik tugallik sifatida dahlsizligini ta’minlaydigan, hech bir siyosiy, davlat va irqiy sabablarga ko‘ra xalqlarning quvg‘in qilishga yo‘l qo‘ymaydigai konstitutsion kafolatlar ishlab chiqish lozim. Har bir xalqning o‘rni u tarixiy voyaga yetgan yerda bo‘lishi kerak.

Karim Bahriyev tarjimasi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 16 iyun