Konstantin Balmont (1867-1942)

Konstantin Dmitriyevich Balmont — rus simvolist-shoiri, tarjimon va esseist, Kumush asar rus poeziyasining atoqli vakillaridan biri.
Shoir 1867 yilning 15 iyunida Chor Rossiyasining Vladimir guberniyasiga qarashli Gumnishchi qishlog‘ida tug‘ilib, 1942 yilning 24 dekabrida Frantsiyaning Nuazi-le Gran shahrida vafot etgan.
Shoir hayotligida uning 35 ta she’riy, 20 nomdagi nasriy to‘plamlari chop etilgan. K.Balmont jahon adiblarining o‘nlab asarlarini rus tiliga o‘girgan tarjimondir. Shu bilan birga u ko‘plab ilmiy – adabiy tadqiqotlar, filologik traktatlar hamda adabiy-tanqidiy esselarning muallifidir.

* * *

U sendan yuz burib ketganda yiroq,
Izidan jaranglab taraldi kulgung —
Kumush ohanglardan hatto mayinroq,
Bargidan-da mayin marvaridgulning.

Mayinroq — tongdagi ko‘lning barqidan,
Epkindan-da mayin — tungi, mudroqi.
Mayinroq — yoddagi qo‘shiq shavqidan,
Ilk bo‘sa o‘tidan mayin hattoki.

Mayinroq — nigohlar tubidan uchgan
Umid shu’lasidan, baxt so‘rab tayin.
Nogoh shaloladek osilib tushgan,
Nurli kokillardan hattoki mayin.

Mayin — mo‘‘jizaga termilgan sayin
Toshgan hayratdan-da, yurak qa’ridan.
Polyak go‘zalidan ham chandon mayin,
Demakki mayindir bari-baridan.

BODLERGA

O, Bodler, qalbingni anglab yetgani,
Intildim, sen kabir shoirsan, ya’ni
Dahshatlar, girdoblar, xulyo jazmani!

Sen chohga yiqilgan samoviy jonsan,
Qabohat komida nebkin insonsan,
Johillar qo‘lida garov sultonsan.

Mangulik ko‘ziga boqding muzaffar,
Ruhingda uch qo‘shiq yaxlit jaranglar:
Iforu ohanglar va sermavj ranglar!

Sen bilding Ayolni, iblisdir, yohu!
Iblis ham sochar goh munavvar yog‘du,
Aslida ayolga o‘zing ham og‘u.

Tinglab kelajakning sirli sasini,
Chizding uning zabun manzarasini,
Tirnading odamlar dil yarasini.

Sen badkor dunyoda sargardon ruhsan,
Murtadlar qalbiga qutqu shukuhsan,
Xo‘rlangan rohibsan, buyuk majruhsan!

Mening yuragimning osmoni bo‘l hur,
Har qachon ruhing-la bo‘lay men masrur,
Odamlar ichida yurmoq-chun mag‘rur!

QUShChA

Jonsarak bir qushcha qo‘ndi darchamga
Va parvo qilmayin mendagi g‘amga,
Tund, g‘arib kulbamni ko‘mdi ohangga.

Oqshom shafag‘idan so‘nar alvon iz —
Zulmat bosib kelar falakni tig‘iz,
Vido aytmoqdaydim men tanho, yolg‘iz.

Qushcha derazamga qo‘nib bu choqda
Sayrardi hech so‘nmas kunduzlar haqda,
Sirli dunyolarni olqishlab, maqtab.

Ko‘zimni yumdim men g‘am-qayg‘usiz, shan,
Qushcha ham men bir-la uchib, daf’atan,
Jimjitlikdan cho‘chib, tindi sayrashdan.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

* * *

Seni o‘ylamagan bir kunim yo‘qdir,
Lahzam yo‘q, men seni ilhaq kutmagan.
Lek netay, taqdirning ko‘zlari so‘qir,
Igna ko‘zidan ham dunyo tor ekan.

Hatto orzuga-da olam kelar tor,
Na iloj, sen bugun mendan yiroqsan.
Garchi yetkazganing –tuganmas ozor,
Netay, dilozorim, senga mushtoqman.

Boisi – armon-la seni sevaman,
Men seni sevaman: sevgim – toshqin, sel.
Tomirdagi tug‘yon bilan sevaman,
Men ceni sevaman, oh, sevaman, kel!

* * *

U indamay bo‘lardi taslim,
O‘pganda ham chiqarmasdi sas.
– Moviy ummon qa’ridek, balkim,
Balkim, bulut olgandek nafas!

“Kerak emas” demasdi sira,
Kutmas edi va’dalarni ham.
– Misli subhidamdek bokira,
Tun qo‘ynida erigandek sham!

U qo‘rqmasdi do‘zax o‘tidan,
Bo‘lmog‘idan gunohkor, osiy.
– Go‘yo yulduz to‘la kahkashon
Porlagandek, abadiy, boqiy!

TO‘LINOY ANDUHLARI

Bir singildek eding menga shafiq, mehribon,
Men sevardim: noming hanuz aziz tutarman.
Lek, netayki, bugun loqayd sharpasan bejon,
To‘lin Oyning ostida men anduh yutarman…

Istaymanki, shu sohir tun yozgancha qanot,
Bir samoviy rishta ila bizni bog‘lasa.
Istaymanki,cho‘ng qayg‘ular ichra benajot,
Nigohingni qaroqlarim ishqdan cho‘g‘lasa…

Istaymanki, azoblardan rangpar yanog‘ing
Za’faron tus olganida, seni aylab lol:
Suyib o‘psam, qoshu ko‘zing, nozik barmog‘ing,
Shivirlasang: “Men sizniki bo‘ldim!” – deb xushhol.

Men aminman, olamdagi gullar biz uchun
Nisor aylab iforlarin, qaddin kerardi.
Va o‘shanda mening oshiq yuragim dilxun:
“Sen sevgimsan, sen – azobim!” – degan bo‘lardi…

ALANGA

Yo‘q, chorlama, ketaqol tezroq.
Ehtirosdan olisman, axir.
Sevmoq! Yana rashk-la o‘ldirmoq,
Nahot, ishqning fazilatidir?!

Mening sevgim lahzalik, oniy.
Tezda so‘nar. Ketgayman badar.
Bamisoli yorug‘ kundan so‘ng,
Tushganidek qorong‘u tunlar…

Sevmagayman men seni shaksiz,
Xarob qilmoq niyatim yo‘qdir.
Shunday ekan, qilmasdan afsus,
Qochib qolgin, bo‘zlatmay taqdir…

Go‘dak kabi nozik yelkangga
Og‘ir yukni tashlama, ey gul.
Nur taratmoq begona menga,
Alangaman, mendan qolar kul.

BIZ KEChIKDIK SEVMOQ UChUN…

Hatto o‘ylar kechikkandi,
Hazin edi tungi navo.
Tushlar ko‘rib ichikkandi
Vajohatli, sirli dunyo.

Vujud to‘la alam-ozor,
Yulduzi yo‘q zim-ziyo tun.
Dildan sizar ezgin iqror:
Biz kechikdik sevmoq uchun…

Anglamadik ne ibtido,
Nedir bu tush hamda ohang.
Qo‘shig‘imiz bo‘ldi ado
Safolardan bermay jarang.

Sovuq, zahil ko‘chalarda
Ne-ne ayoz so‘z eshitdik.
Hijronli, tund kechalarda,
Biz kechikdik, biz kechikdik….

AQLU IDROKKA OLQISh

Olamda oqilu telba teppa-teng,
Teng bo‘lgandek nur bilan soya.
Ularda ikki yo‘l mavjud deng,
To tiriklik topmas nihoya…

To asirmiz bizlar dunyoga,
Toki olam eshiklari berk.
Bir niholdek tashna ziyoga,
Choralayverar qalbimizni erk…

Shu boisdan dunyo sahnida,
Juda ma’qul fikriy turfalik.
Misol uchun, ingliz aqlida
Birdek zohir nur va tumanlik…

Shu ikkisi qiladi oshkor
Qadim elga neki qadrdon.
Bamisoli sonsiz orolni
Qurshagandek lojuvard ummon.

Fransuz fikrati uyatdan xoli,
Nemis aqli raso, vazmin va tumtoq,
Rus aqli-chi, tajang, doim nizoli,
Skandinavlarda–folbinlik ko‘proq…

Ispan aqli cho‘g‘dek porlaydi alvon,
O‘ta jo‘shqin, go‘yo go‘zal chinnigul.
Italyanlar aqli-shirin bir yolg‘on,
Madonna chehrasin eslatar mahzun…

Qilichdek o‘tkirdir lotincha aql,
Ellinlar zakosi –ilohlar tili.
Hindlar dahosi ham ulug‘, bedaxl,
–Unda zohir rangu tusning ming xili.

Ko‘rdimki, serko‘pik hayot ummoni,
Sohilda men Cenga yuzlandim, Egam:
Do‘stlarimga yetkaz dil ehtiromim,
Salom, de, insof ber, dushmanimga ham!

YaRADOR

Ongim meni og‘ir jarohatladi,
Yuragimni qiyma qildi shuurim.
Menda mushtarakdir dunyo matlabi,
Iztirobdan qalbda dunyo tikladim:
Har nafasi – otash, dudlari – o‘lim…

Anglayman, tuyg‘ular riyo ekanin,
O‘zim qurgan soya o‘yinlarin ham.
San’atkor shoirdek sohir qalamim,
So‘zim hali teran hikmat, demasman.

Anglayman: ko‘zimda gunoh, jaholat,
Goh botqoq, gohida moviy ko‘k zohir.
– Faqat fikr mavjud,bor zilol ummon,
Sezaman,bu hayot bir tush ekanin…

Hayotda har narsa erkdan dalolat,
Ijodkorman, garchi emasman mashhur.
Jismimni qaqshatar, og‘ir jarohat,
O‘zligim – o‘zimda mahbus kabidir…
Shul sabab ong meni jarohatladi,
Yuragimni qiyma qildi shuurim…

AYRILIQ

Ayriliq, dog‘i hijron ado qilar hammani.
Evoh, hech kim sevmaydi, Ona tuproqcha mani…
Daydining qo‘shig‘idan.

Kimsalar bor mahkum darbadarlikka,
Qayda bo‘lmay, men ham begonadirman.
Ming tusda tovlangan orzumandlikka,
Bir sodiq xushtordek, devonadirman…

Ko‘z oldimdan kechar ne-ne shaharlar,
Qishlog‘-u qo‘rg‘onlar qayg‘usi tengsiz…
Lekin, netay, ey dil, bu charxi davvor
Kutganimga duchor qilmadi hargiz…

O, ayriliq! Go‘yo yot kema izi,
Va-yo, turfa to‘lqin mavji kabisan,
Men esa bir daydi, tole yulduzi

Sevilmoqni orzu qilib charchagan…
Zaminga yiqildim va bildim, Yo rab!
Meni hech kim Ona yerdek sevmagan!

SUV PARISI

O‘tinchim shu: angla meni, istasang yor et.
Bu yuragim bir seni der, sen baxtiyor et.

Senga qadar men bir hissiz, rangpar mavjudot–
Yashar edim tiyra dengiz qa’rida hayhot…

Yo‘q,shoshilma… Hozir aynan ikkimizga deb,
Yangi bir Oy ko‘tarilar, ko‘kka berib zeb…

Qara, ana…balqdi Hilol; Dengiz hansirar…
Sen –Meniki…Men – Seniki…qaynoq bo‘salar…

O‘pgin jonim, o‘pavergin, badanim zarrin…
Oh, Sen bilan o‘tar damlar qanchalar shirin…

AJAL

Sonet

Ey shafqatsiz arvoh, iblisona ruh,
Barcha makonlaru zamon xoqoni.
Sen hosil yig‘magan birorta kun yo‘q,
Sen har jangda g‘olib, olding tug‘roni…

Bedor ko‘zga berib o‘lim uyqusin
Baxsh etding, mahkumga umid yo armon.
Goh sabo, goh ziyo kabi tuyg‘usin
Qo‘zg‘ading, kimgaki dunyo zimiston.

Hammaga halovat bergan o‘zingsan,
Hatto gumon – shubha domida shakkok
Isyonkor qalblarga baxsh etding orom.

Men ham bugun senga chindan berib tan,
Poyingda bamisli unutilgan xok,
Sulh bitimin tuzmoq istayman tamom…

“KETIB BORAR NURAFShON MAY…”

Ketib borar nurafshon may. Ko‘k gumbazi tortdi xira.
Tag‘in besh yil o‘tar-o‘tmay, o‘ttiz yoshim ham xotira.
Endi bulbul sayramaydi, junjuktirar izg‘irin, nam,
Samo chehrasi ho‘mraydi, yorqin kunlar topar barham…

Keyin asta boshlanadi, sarson-sargardon kunlarim,
Ozurda dil g‘ashlanadi:sog‘inch, gumon, qayg‘ularim…
Hayot menga neni tutar? Muhabbatmi, baxt armug‘on…
Oldda, ayting, nelar kutar? Ezguligi… ko‘p dargumon…

Illo, dunyo quv, riyokor,atagani sarob chiqar,
Aminmanki, qilib abgor, zahmat girdobiga tiqar…
Bu g‘amboda yo‘lda yurib, yiqilgayman, suringayman,
Sodiq do‘stlardan ayrilib, qad rostlashga uringayman.

Hammasidan bo‘lgay yomon –o‘zligimni unutmog‘im,
Dilimni tark etib imon, o‘z so‘zimdan ham tonmog‘im.
Mayli, shunday bo‘laqolsin…azoblardan chekinmayman,
Izg‘irinli qaro tunda, panoh tilab bekinmayman…

Istagim shul: bu xitobdan bir maqsadga jonim payvast,
Qay bir dilni iztirobdan, ko‘z yoshidan aritsam bas!

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi