Adolat Askaro‘g‘li (1957-2013)

Adolat Askaro‘g‘li (Ədalət Əsgəroğlu) 1957 yilda tug‘ilgan. Hozirgi zamon ozarbayjon she’riyatining iste’dodli vakillaridan biri. Olti kitobi chop etilgan. “Ertasini yo‘qotmagan odamlar” (2003) kitobi adabiy tanqidchilik e’tiborini tortdi va mukofotga sazovor bo‘ldi.

* * *

Biz keksayib qoldik, ilohim,
juda keksaydik!..
Sochlarimiz, o‘mrovlarimiz
oqarib bo‘ldi.
Dardlarimiz o‘zimizdan ham keksadir.
Jon beramiz —
bobolarimizdan meros qolmish
dardlarimizga bosh egib.
Ko‘ra olmas ko‘rlar kabi ko‘zlarimiz
bobolarimizni so‘nggi damda.
Omonat kezinar dardlarimiz.
Keksardik, ilohim, keksardik!
Umidimiz yo‘qdir ertaga.
Tilimizda barcha keksalarning
uzuq-yuluq aytgan bir qo‘shig‘i,
So‘nik ko‘zlarimizga cho‘kmish
balolarimizning qoni.
Elkalarimizda
og‘ir, muqaddas tuproq haqqi.
O‘lajakmiz, ilohim, juda keksardik!
Tosh kabi lolu jim!
O‘ltirdik chorpoyalar ustida,
chubuk chekib sabr etdik.
O‘q o‘z badbaxt sohibini
axtarib topgan kabi
Buncha tez topdi bizni keksalik?
Oyoqlarimizga taft bermasa-da
oyoq bosganimiz tuproqlar,
Ey o‘tga ro‘baro‘ butlarimiz!
Ey g‘amangiz toleimiz!
Boqing, ko‘ring,
Tuproq hasratli,
Qo‘ziqorin kabi
ajin bosmish
yuzimiz bor.
Bu dard, bu kadar ila
olma bizni o‘z bag‘ringga,
olmagin, ona tuproq!

Ruschadan Usmon Qo‘chqor tarjimasi.