Simon Karmiggelt. Hamma ketib bo‘lgan (hikoya)

Yakka-yolg‘iz fermaning yoniga yuk mashinasi kelib to‘xtaganida qosh qorayib qolgan edi. Kabinadan kepka kiygan zaifgina chol imillab tushdi. Qariyaning oyog‘i yerga tegishi bilan mashina joyidan qo‘zg‘aldi. Chol chetan eshikni ochdi va ichkariladi. O‘sha lahzada zanjirband it vovulladi. Lekin hovlini kesib o‘tgan qariya eshik lo‘kidonini ko‘tardi va uyga kirdi.
Emakxona vazifasini ham o‘taydigan kattakon xonada dehqon yigit xotini bilan o‘tirgancha besunaqay oq finjonlarda qahva ichmoqda edi.
— Salomat bormisizlar! — dedi qariya.
Koranda salomga alik olmadi. Uning chertsangiz betidan qon tomadigan semizgina xotinchasi esa, dasturxonga loqayd tikilib qolgandi. Uy egasi noiloj so‘radi.
— Siz kimsiz o‘zi?
— Yan. Zyulmalik Yanman, — javob berdi kepka kiygan chol. — Sening otang bilan amakivachchalarmiz.
— Ha-a, qariya Yanmi, — bosh irg‘adi uy egasi. — Men sizni allaqachon o‘lib ketgansiz deb yurardim.
— Yo‘g‘-e, hozircha tirikman.
— Nechiga kirdingiz, o‘zi?
— Sakson oltiga.
Chol kursini beri tortdi va o‘tirdi.
— O‘n to‘rt yil bo‘ldi, yakka-yolg‘izman. Tirik jonni ko‘rmayman. Ba’zi oqshomlari o‘tirib, o‘yga tolasan, kishi. Yorug‘ kunlarda birga umrguzaronlik qilgan odamlarni eslaysan. Falonchi hali tirikmikan, deb o‘yga tolasan. Unisi-chi? Kim biladi, deysiz. Bugun mashina duch kelib qoldi. Yo‘li shu tomonga tushgan ekan. Birpasdan keyin iziga qaytadi. Meniyam olib o‘tib ketadi. Kel, birrov bosh suqib, hammani bir yo‘qlab qo‘yay, dedim.
U tishsiz og‘zini ochib kuldi. Ammo hech kim e’tibor qilmadi.
Dehqon yigit qahvani ho‘plar ekan, cholga ensasini qotirib qarar, xotini esa, birov he deb so‘ramasa, be deb og‘zini ochishga o‘rganmagan, shekilli, gapga qo‘shilish niyati yo‘qligini butun raftori bilan namoyish qilgancha dasturxondan ko‘zini uzmay o‘tirardi.
— Sen Xermanmisan? — deb so‘radi qariya.
— Yo‘-o‘q, Xerman mening akam, — yoqimsiz tirjaydi yigit.
— Unda sen Bered bo‘lsang kerak, — deb topqirliq qildi chol. — Otang tuzukmi? Yaxshi yuribdimi?
— Otamning o‘lganiga sakkiz yil bo‘ldi.
— Onang-chi?
— Undan ham oldin o‘lgan, — g‘ijindi uy egasi.
Chol boshini sarak-sarak qildi. Ajin bosgan yuziga tashvish soya soldi.
— Toos-chi? Onangning ammasi? U chamasi… hah kim edi… Boterflitmidi… o‘shaga erga tekkandi. Erining chog‘roq do‘koni ham bo‘lardi…
— Ikkalasi ham narigi dunyoga ketganiga ancha bo‘ldi, — homuza tortgancha qariyaning gapini bo‘ldi dehqon.
— Es-siz! Es-sizgina…
Chol yana boshini irg‘adi. Uy egasi bo‘sh finjonni o‘zidan nari surar ekan, to‘ng‘illadi:
— Yo‘lingdan qolmasang bo‘lardi, qariya?
— Xo‘p-xo‘p. Hozir, hozir ketaman.
Chol o‘rnidan bazo‘r turib, kursini joyiga surib qo‘ydi. Ostonada yana iziga burilib, so‘radi:
— Koos Xefe-chi? U qalay?
— Men qayerdan bilay, — kiftini uchirdi uy egasi.
Chol xayr-xush qilmoqchi bo‘lgan edi, er-xotin u tomonga burilib ham qaramadi. Qariya uyni jimgina tark etdi. Hovliga chiqishi bilan it yana yoqimsiz irilladi. Chol chetan eshikni ochib, yo‘l chetida yotgan xarrakka cho‘kdi va mashina kelishini kuta boshladi.
“Hech kim qomapti. Hamma ketib bo‘pti”, deb o‘yladi u.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Guliston” jurnali, 2021 yil 2-son.