Ozarboyjonlik ijodkorlardan qisqa hikoyalar

Rafiq Ahmad

499 TA BELGIDAN IBORAT HIKOYa

Narh-navolar ko‘tarilib, ishlayvergandan qo‘llar tizzadan pastga tushgan qimmatbaho kuz kunlarining birida u shunday e’lon o‘qib qoldi: “500 ta belgidan iborat qisqa hikoya yoz. Tanlovda qatnash va g‘olib bo‘l. Har harfi uchun 60 gepik”.
Cho‘ntagidagi so‘nggi 20 gepikka sigareta olgandi. Ochligidan qorni cherkov qo‘ng‘irog‘idek jaranglardi. Kun ko‘rish qiyin, pul juda zarur edi.
Uyga keldiyu eski “Pentium-4” kompyuterining “Power” tugmasini oyog‘ining bosh barmog‘i bilan bosdi. Yangi fayl ochdi. Klaviatura bo‘m-bo‘sh xonada ayovsiz faryod chiqara boshladi: “ Narx-navolar ko‘tarilib, ishlayvergandan qo‘llar tizzadan pastga tushgan qimmatbaho kuz kunlarining birida…”

* * *

Bobak Aliyev

TONG

Kecha bugunni kutardim. Bugun keldi va ertani kutishimni eslatdi.

* * *

Husayn Husaynzoda

SUIQASD

Onam meni ilk va so‘nggi marotaba tushida ko‘rgandi. O‘sha kuni tongni qon ichida qarshilab bolasini o‘ldirib qo‘yganini angladi.
Men na quyoshni, na deraza oynasida yomg‘ir tomchilarini, na boshqa go‘zalliklarni ko‘rdim. Men ehtiros va ishqdan yaraldim, otamning buyrug‘i bilan onam qabul qilgan qaror tufayli vafot etdim.

* * *

Bayram Mustafozoda

QO‘RQUV

– Derazani yopib qo‘yaman, oyi.
– Shartmas qizalog‘im, yopma.
– Qo‘rqaman axir…
– Nimadan qo‘rqasan qizim, nima bo‘ldi?
– Ukam o‘zini tashlab yuborishi mumkin.
– Iya, tovba-tovba, nimaga otar ekan?
– Axir u ham 8 sinfda o‘qiydiku…

* * *

Hojiog‘a Aliyev

“QAERDASAN?”

11 yildirki o‘qishim tufayli ota-onam bilan birga yashamayman. Otam har kun qo‘ng‘iroq qilib “Qayerdasan” degan savolni so‘raydi. Salomlashmaydi, ahvolimni ham so‘ramaydi. Hatto telefonimga uning nomini ota emas, “Qayerdasan” deb saqlab qo‘yganman. Undan qo‘ng‘iroq kelarkan hamisha qayerdaligimni bildiruvchi bahona o‘ylab topishimga to‘g‘ri keladi. Bir kuni kechasi soat 11 yarimlarda otam yana telefon qildi. Doimgi savol yangradi. O‘sha payt kayfiyatim yo‘q edi, jahl qilib “Feysbukdaman” deb javob qaytardim.
U esa o‘ylab o‘tirmay baqirdi: “Balo bormi feysbukda bu mahalda, chiq, darhol uyga bor!”

* * *

Sevda Safaraliyeva

ONA QORNIDAGI BOLA

Boshiga keladigan balolarni bila turib ham tug‘ilishga urinardi…

* * *

Orxan Rasimo‘g‘li

RAHMATLI BUVIM

Rahmatli buvim asl sovet ayoli edi. Sovetga juda bog‘lanib qolgan, Kommunist partiyasi bilan birga nafas olardi. Hech yodimdan chiqmaydi, har yil Stalinning o‘lgan kuni yosinni o‘qir va bir kun qaytib kelishini ta’kidlardi. Hamma uni qarib, miyasi chirib ketgan deb hisoblardi. Biroq men rahmatli buvimni yaxshi tushunardim, hech kapitalizmga o‘rgana olmagandi, har doim “Coca-cola”ga non to‘g‘rab yerdi.

* * *

Elnur Sodiqov

HAYoT – JUDA GO‘ZAL

Bazo‘r nafas olar, ehtimol, ortiq nafasini tugayotganini, so‘nggi kunlarini yashayotganini his qilib turardi. To‘satdan hovlidan bir faryod eshitildi. U nima qilib bo‘lsayam hamshiraga uni derazaga yaqinlashtirishini so‘radi. Bir odam o‘lgan, yaqinlari esa yig‘lab dod solardi. Yuragi battar g‘amga to‘lib, ko‘zlari yoshlangan holda so‘nggi so‘zini aytdi: “Hayot – juda go‘zal!”

* * *

Fuad Rasulzoda

HAYoT YO‘LI

Qizaloqning horijda tahsil olish, baxtiyor oila qurish, ona bo‘lish kabi bir qator orzulari bor edi. Biroq umr vafo qilmadi, abort qilindi.

* * *

Parviz Imanov

ASKARNING ShODLIGI

Soatlarcha davom etayotgan urushda uning faqat bitta istagi bor edi: “Qaniydi, besh daqiqa tinchlik bo‘lsa, etigimni yechib oyog‘imni bir marta qashisam”. Ba’zida qo‘lidagi o‘q to‘la avtomatni oyog‘iga otib, bo‘shatishni istardi. Ortiq chiday olmasdi. Oyoqlarida go‘balak hastaligi bor, dorilari esa tugab bo‘lgandi.
So‘nggi jang… Shundoq yonida mina portladi… Murdalar atrofga sochilib ketdi.
Shifoxonada ko‘zlarini ochdi. Xotirasida qolgan so‘nggi narsa: oyog‘ini bir marta qashlash istagi edi…
Askar ular endi hech qachon qashlamasligini o‘ylab ich-ichdan shodlanardi.

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon o‘girmasi