Ernest Xeminguey. Yengilmas (hikoya)

Manuel Garsia zinalar osha Migel Retananing xonasiga chiqdi. Jomadonini polga qo‘yib, eshikni taqillatdi. Sado bo‘lmadi. Lekin Manuel yo‘lakda turgancha sezdi: xonada kimdir bor. Buni eshik ortida turib fahmladi.

– Retana, – dedi u vujudi quloqqa aylanib.

Jimjit.

“U harholda shu yerda”, deb o‘yladi Manuel.

– Retana! – dedi u yana va eshikni qattiqroq urdi.

– Kimsan? – degan ovoz keldi ichkaridan.

– Men, Manoloman, – dedi Manuel.

– Nima deysan? –  deb so‘radi ovoz egasi.

– Menga ish kerak, – dedi Manuel.

Ichkarida nimadir bir necha marta shirqillab buraldi va eshik ochildi. Manuel jomadonini ko‘tarib ichkariladi.

Xona to‘ridagi stol ortida pakanagina bir odamcha o‘tirardi. Tepasida Madrid ustaxonasida yasalgan buqa tulumi; devorlarga qasnoqqa solingan suratlar va buqa jangiga chorlovchi afishalar osilgan.

Pakana o‘tirgan ko‘yi Manuelni kuzatardi.

– Seni o‘ldirishgan deb yurardim, – dedi u.

Manuel barmog‘ining ko‘zi bilan stolni taqillatdi: xudo asrasin! Pakana undan ko‘z uzay demasdi.

– Bu yil hisobidan necha marta maydonga tushding? – deb so‘radi Retana.

– Bir marta, – deb javob qildi Manuel.

– Faqat o‘shandami? – deb so‘radi pakana.

– Ha, o‘shanda.

– Gazetada ko‘zim tushganday bo‘luvdi, – dedi Retana. U kursiga yastangancha Manueldan ko‘z uzmasdi.

Manuel tulumga qaradi. Oldin uni ko‘p ko‘rgan. Har gal ko‘zi tushganida tulumga ko‘nglida allaqanday yaqinlik sezadi. To‘qqiz yilcha burun mana shu buqa matadorlikda ancha-muncha umid uyg‘otib kelayotgan ukasining hayotiga zomin bo‘lgan edi. O‘sha kun hozirgidek Manuelning esida… Buqa kallasi qotirilgan eman taxtachadagi mis lavha yaltirab turibdi. Yozuvni o‘qishga tishi o‘tmadi, lekin ukasining xotirasiga bitilganini taxmin qildi. Ha, bechora inisi bo‘ladigan bola edi.

Lavhachaga esa bunday so‘zlar bitilgan: “Gertsog Veragua ganaderiyasiga[1] mansub “Mariposa” laqabli ushbu buqa yetti bedovni tilka-pora qilgan va novilero[2] Garsia Antonioning hayotiga zomin bo‘lgan. 1909 yil 27 aprel”.

Manuelning tulumga tikilib qolganini sezgan Retana:

– Yakshanba kuni bo‘ladigan jangga gertsog shunday buqalarini jo‘natibdiki, ko‘rgan dod deb yuboradi, – dedi. – Hammasi – buqamisan buqa! Qahvaxonadagi gaplarni eshitgandirsan?

– Yo‘q, – deb javob berdi Manuel. – Men hozirgina keldim.

– Ha-a, – dedi Retana. – Lash-lushingni ham ortmoqlab olibsan.

U kursi suyanchig‘iga o‘zini tashlagancha kattakon stol osha Manuelni kuzatardi.

– O‘tir, – dedi Retana. – Shlyapangni yech.

Manuel o‘tirdi, shlyapasini olgach, yuzi butunlay o‘zgarib ketdi. Boshining tos tepasida o‘rilgan kokili rangpar yuzida beo‘xshov sollanib turardi.

– Mazang yo‘qqa o‘xshaydi, – dedi Retana.

– Kasalxonadan chiqib kelyapman, – deya rostiga ko‘chdi Manuel.

– Oyog‘ingni kesib tashlangan deb eshitganday bo‘luvdim.

– Yo‘g‘-e! – dedi Manuel. – Xudo o‘zi asradi.

Retana sal egilib stol ustidagi sigaret solingan yog‘och qutichani Manuel tomon surdi.

– Ol, – dedi.

– Rahmat.

Manuel sigareta olib tutatdi.

– O‘zing-chi? – dedi u yonib turgan gugurt cho‘pini Retanaga tutar ekan.

– Yo‘q, – deb qo‘l siltadi Retana. – Chekmayman.

U Manuelning chekishini zimdan tomosha qilardi.

– Nega boshqa biron ish topa qolmaysan? – deb so‘radi Retana.

– Boshqa ishni gazagimga dori qilamanmi?! – dedi Manuel. – Men matadorman.

– Matador qavmining urug‘i quriganiga ancha bo‘ldi, – dedi Retana.

– Men matadorman, – dedi Manuel.

– Bu yerda o‘tirib ko‘krakka urish oson.

Manuel kulib qo‘ydi.

Retana undan ko‘zini uzmasdi.

– Xo‘p desang, seni oqshomda chiqarishim mumkin, –  deb taklif qildi Retana.

– Qachon? – deb so‘radi Manuel.

– Ertaga.

– Birovlarning soyasida yurishga toqatim yo‘q, – dedi Manuel. – Matador deganning hammasi shunday halok bo‘ladi. Salvador aynan shunday halok bo‘lgan.

U barmog‘ining ko‘zi bilan stolni taqillatdi.

– Boshqa ilojim yo‘q, –  dedi Retana.

– Keyingi hafta kunduzi chiqarsang-chi? – dedi Manuel.

– Odam yig‘olmaysan, – dedi Retana. – Muxlislar faqat Litra, Rubito va Lya Torrani so‘raydi. Hozir shularning oshig‘i olchi.

– Mening ham muxlislarim bor, – dedi umid bilan Manuel.

– Qo‘ysang-chi. Kimning ko‘zi uchib turibdi, seni allaqachon unutishgan.

– O‘zimni ko‘rsataman, – dedi Manuel.

– Taklifim – kelgusi oqshom masxarabozlardan keyin chiq, – dedi Retana. – Ernandes bilan birga ikki yosh buqani tinchitasan.

– Kimning buqasi? – deb so‘radi Manuel.

– Qaydam. Qo‘rada qolgani-da. Veterinar kunduzgi jangga qo‘ymaganidan birontasi chiqib qolar.

– Birovning soyasida yurishni jinim suymaydi.

– Nachora, – dedi Retana.

U oldidagi qog‘ozlarga egildi. Bu, gap tamom degani bo‘lib, burungi kechmishlarni eslatgan Manuelga bir lahzalik achinish Retanani endi tark etgandi. U Chavesni Manuelga almashtirishi qiyin emas, qaytaga birmuncha arzonga tushadi. Biroq bundan ham kamxarjrog‘ini topishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, u Manuelga yordam bergisi keldi. Mayli, ertaga maydonga chiqa qolsin. Buni endi o‘zi hal qiladi.

– Qancha berasan o‘zi? – deb so‘radi Manuel. U Retananing taklifini rad qilaman degan o‘y bilan hali-hamon o‘ziga taskin bermoqda, lekin ko‘nmay iloji yo‘qligini sezib turar edi.

– Ikki yuz ellik peseta, –  deb javob qildi Retana. U besh yuz bermoqchi edi, biroq labini juftlashi bilan beixtiyor “ikki yuz ellik” chiqib ketdi.

– Vilyaltaga yetti ming berasan, – dedi Manuel.

– Sen Vilyalta emassan-da! – dedi Retana.

– Bilaman, –  dedi Manuel.

– U odam yig‘a oladi, Manolo, – deb izohlagan bo‘ldi Retana.

– To‘g‘ri, – dedi Manuel o‘rnidan turib. – Uch yuz ber, Retana.

– Mayli, – deya ko‘ngan Retana stol tortmasidan bir varaq qog‘oz oldi.

– Elligini hozir olsam bo‘ladimi? – deb so‘radi Manuel.

– Marhamat, – dedi Retana. U hamyonidan ellik pesetalik chiqarib stolga qo‘ydi.

Manuel pulni olib cho‘ntagiga tiqdi.

– Kuadrilyani[3] nima qilamiz? – deb so‘radi.

– Oqshomlari ishlaydigan yigitlarim bor. Binoyi bolalar.

– Pikadorlar-chi?[4]

– Pikadorlarga ishonish qiyinroq, – deb tan oldi Retana.

– Menga aqalli bitta yaxshi pikador kerak, – dedi Manuel.

– O‘zing izla, – dedi Retana. – Topu yolla.

– Faqat bergan puling hisobidan emas, – deb e’tiroz bildirdi Manuel. – Ordona qolsin, olgan arzimas pesetamdan pikadorning haqini berolmayman-ku.

Retana javob qilmadi, faqat stol ortidan Manuelga tikildi.

– O‘zing bilasan, menga hech bo‘lmaganda bitta yaxshi pikador kerak, – deya takror arzi hol qildi Manuel.

Retana miq etmas, Manuelga go‘yo uzoq-uzoqlardan qarab turar edi.

– Bu ishimiz xom, – dedi Manuel.

Retana kursi suyanchig‘iga gavdasini tashlagancha hamon unga razm solar, xayoli olislarda kezib yurganga o‘xshar edi.

– O‘zimizning pikadorlar bor, – dedi u.

– Bilaman, – dedi Manuel, – sening pikadorlaringni yaxshi bilaman.

Retananing yuzidagi bir tuk ham qimirlamadi. Manuel gapni cho‘zish foydasizligini tushundi.

– Menga qolsa, jang halol bo‘lsin, – dedi sekin Manuel. – O‘rtaga chiqqanimda toki ho‘kizga yaqinlashib boray. Bor-yo‘g‘i bitta yaxshi pikador bo‘lsa bas.

U xayoli boshqa joylarda kezib yurgan odamga gapirmoqda edi.

– Yana biron narsa kerak bo‘lsa, – dedi Retana, –  o‘zing top. Bizning kuadrilya yordam beradi. O‘zing topgan pikadorlarni olib kelaver. Necha kishi bo‘lsayam. Masxarabozlar o‘yini o‘nu o‘ttizda tugaydi.

– Nachora, – dedi Manuel. – Boshqa iloj yo‘q. To‘g‘rimi?

– Ha, – dedi Retana.

– Omon bo‘l, – dedi Manuel.

– Meni o‘sha yerdan topasan, – dedi Retana.

Manuel jomadonini olib tashqariladi.

– Eshikni qattiqroq yopib ket! – deb hayqirdi Retana.

Manuel ortiga burildi. Retana stolga o‘mgan tashlagancha qog‘ozlariga sho‘ng‘igan edi. Manuel eshikni zich yopgach, qulfning shirq etgani eshitildi.

U zinadan pastga tushib, yo‘lakdan quyosh batamom zabtiga olgan ko‘chaga chiqdi. Jazirama, quyoshning oppoq binolardagi jilvasi ko‘zni qamashtiradi. U qiya ko‘chaning soya tomoniga o‘tib, Puerta-del-Sol tomon yurdi. Soya quyuq va oqar suvning bo‘yidagidek salqin. Biroq ko‘ndalang ko‘chalarni kesib o‘tayotganda yuzga jazirama tafti beayov urildi. Uchragan odamlar orasida bironta tanishi ko‘rinmadi.

Puerta-del-Solga yetay deganda qahvaxonaga kirdi.

Devor tagidagi stollar atrofida o‘tirgan bir necha mijozni aytmasa, qahvaxona deyarli bo‘m-bo‘sh. Davra tikkan to‘rt mijoz qimor o‘yin bilan band. Qolganlari devorga suyangancha tamaki burqsitib o‘tiribdi. Oldilarida bo‘sh qadah va qahvasi ichilgan finjonlar. Manuel uzun tolordan o‘tib, orqa tarafdagi hujraga kirdi. Burchakda stol boshida o‘tirgan odam pinakka ketgan. Manuel bo‘sh stol chetiga cho‘kdi.

Mulozim kirib, Manuelning tepasiga keldi.

– Mabodo Suritoga ko‘zingiz tushmadimi? – deb so‘radi undan ­Manuel.

– Ertalab ko‘rgandek bo‘luvdim, – dedi ofitsiant. – Endi beshlar atrofida keladi.

– Menga sutli qahva bilan bir qultum konyak bering, – dedi Manuel.

Mulozim chap qo‘lida bir shisha konyak, qahva quyiladigan kattakon bordoq va qadah qo‘yilgan patnis bilan qaytdi. Patnisni qo‘lida bir aylantirib hammasini biryo‘la stolga qo‘ydi. Uning ortidan kelgan bolakay dastasi uzun chiroyli qahvadondan bordoqqa qahva va sut quydi.

Manuel shlyapasini yechdi va mulozim uning matadorcha kokilini ko‘rdi. Ofitsiant qahva to‘la bordoq yonidagi qadahchaga konyak quyar ekan, bolakayga ko‘z qisib qo‘ydi. Bola Manuelning rangpar yuziga ajablanib tikildi.

– Xudo xohlasa, maydonga chiqar ekansiz-da? – deb so‘radi shishani yoparkan ofitsiant.

– Ha, – dedi Manuel. – Ertaga.

Shishani soniga tirab turgan mulozimning mijoz oldidan ketgisi yo‘qdek edi.

– Masxarabozlar bilanmi? – deb so‘radi u. Bola ishshaygancha yuzini burdi.

– Yo‘q, keyin.

– Men Chaves bilan Ernandes chiqadi deb o‘ylabman, – dedi ofitsiant.

– Yo‘q. Men bilan yana birovi.

– Kim? Chavesmi yo Ernandesmi?

– Ernandes bo‘lsa kerak.

– Chavesga nima bo‘lgan?

– Yaralangan.

– Kim aytdi?

– Retana.

– Hoy, Luis! – deb baqirdi u qo‘shni xonaga qarab. – Chaves yaralanibdi.

Manuel oqqand qog‘ozini ochib, ikkala chaqmog‘ini ham bordoqqa tashladi. Qahvaga aralashtirib, ho‘pladi. Shirin va qaynoq qahva och qorniga huzur bag‘ishladi. So‘ng konyakni ichdi.

– Yana bitta quying, – dedi u ofitsiantga.

Mulozim qopqoqni ochib, taqsimchaga sachratgancha qadahni limmo-lim qildi. Dasturxon tegrasida ikkinchi ofitsiant paydo bo‘ldi. Bola ketdi.

– Nima, Chaves qattiq jarohat olibdimi? – deb so‘radi ikkinchi mulozim.

– Bilmadim, – dedi Manuel. – Retana ochig‘ini aytmadi.

– Retana deganing hammaga tupurgan, – deb gapga qo‘shildi novcha ofitsiant. Manuel uning kelganini payqamabdi. Endi paydo bo‘ldi, shekilli.

– Bizda shunaqa: Retana qo‘llasa, omading yurishgani, – dedi novcha ofitsiant. – Qo‘llamasa, mozorga borib o‘zingga qabr qazaver.

– To‘g‘ri, – deb qo‘shimcha qildi ikkinchi ofitsiant. – To‘ppa-to‘g‘ri.

– Noto‘g‘ri deb ham ko‘r-chi, – dedi novcha mulozim. – Men uning qanaqa maxluq ekanini juda yaxshi bilaman.

– Vilyaltani qanday qo‘llaganini ko‘ring, – dedi birinchi ofitsiant.

– Faqat o‘shanimi, – dedi novchasi. – Mapsyala Laland-chi! Nasional-chi!

– To‘g‘ri, to‘g‘ri, –  deb tasdiqladi pakana ofitsiant.

Mulozimlar Manuelning stoli yonida qizg‘in gapga tushib ketgan, u esa jim o‘tirardi. Manuel ikkinchi qadahni ham bo‘shatdi. Xizmatchilar go‘yo Manuelni unutgan edi.

– Hammasi bir suruv molga o‘xshaydi, – deb davom etdi novcha. – Ikkinchi Nasionalni ham ko‘rganmisizlar?

– Men ko‘rganman, – dedi birinchi ofitsiant. – O‘tgan hafta.

– Jirafaning quyib qo‘ygan o‘zi, – dedi pakanasi.

– Aytdim-ku, – dedi novcha ofitsiant. – Hammasi Retananing arzandalari.

–   Menga qaranglar, yana bir qultum konyak beringlar, – dedi Manuel.

Mulozimlar gap talashar ekan, u taqsimchaga to‘kilgan konyakni qadahga quydi-da ichib yubordi.

Birinchi ofitsiant Manuelga qaramasdan qadahni to‘ldirdi. Uchala mulozim gap sotgancha xonani tark etdi.

Narigi burchakdagi odam har nafas olganda yengil xurrak otgancha hamon boshini devorga suyab uxlardi.

Manuel konyakni sipqordi. Uni ham uyqu elita boshlagan edi. Ko‘chaga chiqadigan payt emas, quyosh olov purkab turibdi. Chiqib ham nima qilardi? Suritoni topish kerak. U kelguncha bir oz mizg‘ib olish mumkin. Manuel stol tagidagi jomadonini oyog‘i bilan turtib, joyida turganiga ishonch hosil qildi. Engashib uni yaqinrog‘iga surgach, boshini stolga qo‘ydiyu pinakka ketdi.

***

Uyg‘onganida ro‘parasida bir odam o‘tirardi. Barvasta, keng yuzli, hindulardek bug‘doyrang, miqti odam. Uning bu yerda o‘tirganiga ancha bo‘ldi. Qo‘li bilan ofitsiantga, bizni bezovta qilma, deb ishora etgach, stolga boshini qo‘yib uxlayotgan Manuelga unda-bunda ko‘z qirini tashlagancha gazeta mutolaasiga berildi. Lablarini ming azobda juftlab, hijjalab o‘qirkan, nafasini rostlash uchun gazetadan nigohini uzib, uxlayotgan odamga qarab soyaboni keng qora shlyapasini peshonasiga tushirgancha qilt etmay savlat to‘kib o‘tirardi.

Manuel boshini ko‘tarib unga qaradi.

– Bormisan, Surito? – dedi u.

– O‘zing qalaysan, bolakay? – dedi miqti odam.

– Ko‘zim ketib qopti. – Manuel mushti bilan peshonasini artdi.

– Ha, uxlayotgan ekansan.

– Ishlar qalay?

– Durust. O‘zingdan so‘rasak?

– Birnavi.

Jim qoldilar. Pikador Surito Manuelning qoni qochgan yuzlariga razm soldi. Manuel pikadorning gazetani cho‘ntagiga solish uchun taxlayotgan baquvvat qo‘llariga qaradi.

– Bir iltimosim bor, Manos, – dedi Manuel.

“Manosduros” Suritoning laqabi edi. Har gal bu so‘zni eshitganida Surito o‘zining gurzidek qo‘llarini ko‘z oldiga keltiradi. Hozir ham xijolat tortganday qo‘llarini stol ustiga qo‘ydi.

– Kel, oldin ozgina ichaylik, – dedi u.

– Mayli, – dedi Manuel.

Ofitsiant ularning yoniga keldi, so‘ng chiqib ketdi va yana qaytib kirdi. Ketar chog‘i stol atrofida o‘tirgan Manuel bilan Suritoga burilib qaradi.

– Nima gaplar, Manolo? – dedi Surito qadahni stolga qo‘yib.

– Ertaga kechqurun ikkalamiz birga ish qilsak degandim. Maylimi?   – deb so‘radi Manuel Suritoga tikilar ekan.

– Yo‘-o‘q, – dedi Surito. – Ish-pishni allaqachon yig‘ishtirganman. Bizning bozor o‘tib bo‘ldi.

Manuel oldidagi qadahga qaradi. U shunday javobni kutgan edi. Kutganidek bo‘lib chiqdi. Nachora.

– Ko‘nglingga olma, Manolo, lekin men allaqachon o‘yindan chiqqanman. – Surito o‘zining qo‘liga qaradi.

– Nachora, – dedi Manuel.

– Shartim ketib, partim qoldi, – dedi Surito.

– Aytdim-qo‘ydim-da, – dedi Manuel.

– Tomosha ertaga kechqurunmi?

– Ha. Men ishonchli pikador bo‘lsa, eplayman deb o‘ylagan edim.

– Qancha berishmoqchi?

– Uch yuz peseta.

– Mening o‘zim bundan ko‘proq olaman-ku.

– Bilaman, – dedi Manuel. – Sendan iltimos qilishgayam haddim sig‘maydi.

– Shu hunaringni tashlasang bo‘lardi, – dedi Surito. – Koletangga[5] qaychi urish vaqti kelmadimi, Manolo?

– Bilmadim, – dedi Manuel.

– Sen mendan sal yoshroqsan, xolos, – dedi Surito.

– Qaydam, – dedi Manuel. – Tashlashga qurbim yetmayapti. Imkon berilsa bo‘lgani. Menga boshqasi kerakmas. Davraga chiqmasam yashayolmayman, Manos!

– Yo‘q, yashaysan.

– Yo‘q, qo‘limdan kelmaydi. Qancha urindim.

– Bilaman, osonmas. Lekin bu yurishning oxiri voy. Hamma narsaning vaqti-soati bor axir!

– Kurashni tashlash qo‘limdan kelmayapti. Innaykeyin, so‘nggi paytda tobim ham joyida.

Surito uning raftoriga qaradi.

– Seni kasalxonaga olib ketishgan edi.

– Lekin ungacha otday edim.

Surito indamadi. Taqsimchasiga sachragan konyakni qadahiga quydi.

– Gazetalar o‘sha kurashni ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan deb ta’riflagan edi, – dedi Manuel.

Surito lom-mim demay unga qarab qoldi.

– Bilasan-ku, sog‘lig‘im joyida bo‘lsa, ayamay tashlashaman, – dedi Manuel.

– Yoshing o‘tib qoldi, – dedi pikador.

– Qo‘ysang-chi, – dedi Manuel. – Sen mendan o‘n yosh kattasan.

– Mening yo‘rig‘im boshqa.

– Hali juda qartayib qolganimcha yo‘q, – dedi Manuel.

Ular jim qolishdi. Manuel pikadorning yuzidan ko‘z uzmasdi.

– O‘shanda mening kuch-g‘ayratim joyida edi. Sen, afsuski, tomoshaga kelmading, Manos, – dedi o‘pkalanib Manuel.

– Seni maydonda ko‘rgani yuragim betlamaydi, – dedi Surito. – Asablarim dosh bermaydi.

– Oxirgi janglarimni ko‘rmading-da.

– Lekin avvalgilarini ko‘rganman.

Surito Manuelning nigohidan ko‘zlarini olib qochar ekan, unga qaradi.

– Meni desang, shu hunaringni tashla, Manolo.

– Hech ilojim yo‘q, – dedi Manuel. – Ishon, mening hozir tobim joyida.

Surito oldinga engashib, qo‘llarini stolga qo‘ydi.

– Mayli, ertaga sen bilan ishlaganim bo‘lsin. Ammo jang o‘xshamasa, tashlaysan. Xo‘pmi? Shunga rozimisan?

– Roziman.

Surito yengil nafas olib, o‘zini kursi suyanchig‘iga tashladi.

– Bu hunarni yig‘ishtirish vaqti keldi, – dedi u. – Maynavozchilikdan naf yo‘q. Koletangga qaychi ur.

– Yo‘q, – dedi Manuel. – Nasib etsa, hali o‘zimni ko‘rsataman.

Surito o‘rnidan turdi. Tortishuv uni charchatgan edi.

– Tashlaydigan vaqting keldi, – dedi u yana. – Kokilingni o‘zim qaychilayman.

– Yo‘q, bunday qilolmaysan, – dedi Manuel. – Ko‘zing qiymaydi.

Surito ofitsiantni chaqirdi.

– Ketdik, – dedi Surito. – Menikiga boramiz.

Manuel stol ostidan jomadonini oldi. Og‘zi qulog‘ida edi. Surito uning pikadori bo‘ladi. Bu dunyoda Suritodan zo‘r pikador bormi! Qolgani holva.

– Ketdik biznikiga, birga tushlik qilamiz, – dedi Surito.

***

Manuel patio de kavalosda[6] turgancha masxarabozlar o‘yini tugashini kutdi. Surito uning yonida. Sayisxona qorong‘i. Maydonga ochiladigan beso‘naqay darvozalar yopiq. Tepadan goh sokin kulgi, goh devorlarni larzaga keltiruvi qahqaha eshitiladi. So‘ng jimlik cho‘kadi. Manuel otxona hidini yaxshi ko‘rardi. Arena tomondan yana qahqaha, so‘ng chapak, gurros qarsaklar ovozi kelib turibdi.

– Sen masxarabozlarni hech ko‘rganmisan? – deb so‘radi qorong‘ilikda Manuelning yonida g‘oyat bahaybat ko‘ringan Surito.

– Yo‘q, – dedi Manuel.

– Kulaverib ichaging uziladi, – dedi Surito va o‘zicha jilmayib qo‘ydi.

Zich yopilgan ikki tabaqali baland darvoza ochilgach, Manuel yoysimon fonarlarning yorqin nurlariga cho‘mgan arena va yuqorilab ketgan qorong‘i amfiteatrni ko‘rdi; maydonchaning chetida tomoshabinlarga ta’zim bajo keltirgancha daydilar kiyimidagi ikki odam yugurib yurar, ular ortidan esa zarrin uqali libos kiygan uchinchi kishi qum ustiga tashlangan shlyapa va hassalarni yig‘ib olar va qaytarib yana qorong‘ilik sari otar edi.

Patioda elektr chiroq yondi.

– Sen sheriklaringni yiqquningcha men borib o‘zimga ot tanlab turaman, – dedi Surito.

Uning ortidan mahv etilgan buqani olib chiqib ketish uchun arena tomon yo‘l olgan qo‘shxachirli arava g‘ildiragining g‘iyqillagani eshitildi.

Masxarabozlar chiqishini to‘siqlar o‘rtasida va birinchi qator yo‘lagida tomosha qilgan kuadrilya a’zolari gap sotgancha patioga kirdi va fonus ostida to‘xtadi. Kumush aralash zarrin libosli xushro‘y yigitcha Manuelning oldiga keldi.

– Men Ernandesman, – dedi jilmaygancha va qo‘lini uzatdi.

Manuel ko‘rishdi.

– Bugun bizni haqiqiy fillar tomoshasi kutmoqda, – dedi yigitcha dimog‘choqlik bilan.

– Ha, – deb bosh irg‘adi Manuel. – Jonivorlar fildan qolishmaydi. Shoxi ham hazilakam emas.

– Chekingizga tushganlari yanayam dahshatli, – dedi yigitcha.

– Hechqisi yo‘q, – dedi Manuel. – Buqa qancha katta bo‘lsa, avomning oshig‘i shuncha olchi – ko‘proq go‘sht tegadi.

– Bu kimning gapi? – deb o‘smoqchiladi Ernandes.

– Eskidan qolgan gap, – dedi Manuel. – Kuadrilyangni safla. Yordamchilarimni bir qur ko‘rishim kerak.

– Yigitlarning guli yig‘ilgan, – dedi Ernandes.

Uning kayfi choq. Uchinchi marta maydonga chiqishi. Shunga qaramay Madridda muxlis orttirib ulgurgan. Yigitcha bir necha daqiqadan so‘ng jang boshlanishidan hayajonda.

– Pikadorlar qani? – deb so‘radi Manuel.

– Ot tanlashyapti. Eng sara arg‘umoq kimga tushishini talashib, yoqavayron bo‘lishayotir, – deb tirjayib qo‘ydi Ernandes.

Xachirlar qarsillagan qamchi va qo‘ng‘iroqlar sadosi ostida chopgancha darvozadan chiqib ketdi. Jon taslim qilgan buqaning ortidan qum shudgor bo‘lib qoldi.

Ho‘kizni olib chiqib ketishgach, hamma sahna sari saf tortdi.

Oldinda – Manuel bilan Ernandes. Ularning ortida – og‘ir plashni bilagiga tashlab olgan kuadrilya a’zolari. Oxirida – tulpor mingan to‘rt pikador, nimqorong‘i sayisxonada osmonga qaratilgan nayzalarining po‘lat uchlari yaltiraydi.

– Retanani aytaman, odam ham shuncha qurumsoq bo‘ladimi, chiroqning xiraligidan otlarniyam tuzuk-quruq ko‘rolmaysan kishi, – dedi pikadorlardan biri.

– Qirchang‘ilarini ko‘rsatishdan o‘ziga naf yo‘qligini yaxshi biladi, – deb javob qildi boshqasi.

– Ostimdagi manavi ramaqijon arang oyoqda turganini aytmaysanmi, – dedi birinchi pikador.

– Nima bo‘lganda ham ot-da.

– Otga o‘xshamay ketsin.

Ular qorong‘ida qoqsuyak otlar ustida o‘tirgancha javrashardi.

Suritodan sado yo‘q. Uning yakka-yolg‘iz, ishongan bedovi bor. Uni maydonda sinab ko‘rishga ulgurgan, jilovga ham, niqtashga ham bo‘yni bo‘sh. Surito otining o‘ng ko‘zidagi bog‘ichni yechib, quloqlari kallasiga tortib bog‘langan chilvirini kesib tashladi. Oyoqlari ham, o‘zi ham baquvvat, durust tulpor edi. Suritoga shuning o‘zi yetarli. Bunday otda jang oxirigacha bemalol turib bersa bo‘ladi. U qalin jabduq solingan egarda o‘tirgancha xira fonus ostida maydonga chiqishni kutar ekan, bo‘lajak jangni boshdan oxirigacha xayolidan o‘tkazdi. Ikki yonidagi pikadorlarning hamon chakagi o‘chmas, biroq ularning gapi Suritoning qulog‘iga kirmas edi.

Ikkala matador plashini chap qo‘lida ushlagancha o‘z kuadrilyasi bilan saf boshida yonma-yon turardi. Manuelning fikr-yodi ortidagi uch yigitchada. Uchalasi ham Ernandes kabi madridlik, o‘n to‘qqiz yoshga to‘lib-to‘lmagan. Ulardan biri – og‘ir-vazmin, qoramag‘iz lo‘li Manuelga ma’qul bo‘ldi. Ortiga o‘girildi.

– Oting nima? – deb so‘radi lo‘lidan.

– Fuyentes, – deb javob qildi lo‘li.

– Yaxshi ism, – dedi Manuel.

Lo‘li oppoq tishlarini ko‘rsatib kuldi.

– Ho‘kiz chiqishi bilan yo‘rig‘ingga sol-da, bir oz choptir, – dedi Manuel.

– Xo‘p bo‘ladi, – dedi lo‘li va jiddiy tortib, maydonda qiladigan harakatlarini ko‘z oldiga keltirishga urindi.

– Boshlanyapti, – dedi Manuel Ernandesga.

– Unda olg‘a!

Qomatlari g‘oz, tebranishlari musiqa ohangiga mos, o‘ng qo‘llarini silkitgancha sap-sariq qumni bir-bir bosib yoysimon fonuslar ostida maydonga chiqdilar; ularning ortidan kuadrilya jildi, so‘ng chavandoz pikadorlar, hammadan keyin mulozimlaru shaldiragan aravasini tortgan xachirlar. Maydonchani aylanib o‘tar ekan, olomon Ernandesni chapaklar bilan olqishladi. Ular musiqa ohangiga tebrangancha, nigohlari oldinda – mag‘rur yurib borardilar.

Prezidentga ta’zim bajo keltirilgach, tantanali yurish ishtirokchilari o‘z joyini egalladi. Matadorlar to‘siq yoniga kelib, zil-zambil ridolarini yengil plashga almashtirdilar. Xachirlar maydonni tark etdi. Pikadorlar otini yengil yo‘rttirgancha arenani aylanib chiqqach, ikkitasi ortiga – darvoza tomonga yo‘l oldi. Mulozimlar qumni tekislashga tushdi.

Manuel Retananing dastyorlaridan biri uzatgan jomdagi suvni ichdi. Dastyorlar Manuelga yordam berib, shamshir uzatib turishi lozim.

Ernandes o‘z yordamchisi bilan gaplashib olgach, Manuelning yoniga keldi.

– Seni xushnud qarshi olishdi, ukam, – dedi Manuel.

– Meni yaxshi ko‘rishadi, – deb mamnun jilmaydi Ernandes.

– Boshlanishi binoyimi? – deb so‘radi Manuel Retananing dastyoridan.

– Bayramlardagidek tantanavor, – deb javob qildi u. – Gap yo‘q. Ikkalangizning chiqishingiz Xoselito bilan Belmontenikidan hech qolishmaydi.

Egarda zalvorli haykaldek qotib o‘tirgan Surito ular yonidan ot surib o‘tdi. Tulporining boshini buqa chiqib keladigan qo‘ra tomonga burdi. Yoysimon fonuslar yorug‘ida maydon g‘alati ko‘rinadi. U jazirama quyosh tig‘ida katta pul evaziga ishlashga o‘rgangan. Fonuslar yorug‘idagi bu g‘alva esa unga yoqmayotgan edi. Tezroq boshlana qolsaydi.

Manuel uning yoniga keldi.

– Bo‘sh kelma, Manos, – dedi u. – Ko‘zining o‘tini shunday olki, mening jig‘imga tegolmasin.

– Olganim bo‘lsin, ukajon. – Surito qum ustiga tupurdi. – Hali ko‘rasan, oldingda raqsga tushib ketadi.

– Boplab adabini ber, Manos, – dedi Manuel.

– Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, – dedi Surito. – Yana nimani kutyapmiz?

– Ana, qorasi ko‘rindi, – dedi Manuel.

Oyoqlarini uzangiga qattiq tiragan Surito otining biqinini charm karsonpo‘shli tizzalari bilan mahkam qisgan ko‘yi chap qo‘li bilan jilovni ushlab,  o‘ngida uzun nayzani tutgancha, ko‘zlarini fonar yorug‘idan yashirish uchun soyaboni keng shlyapasini qoshigacha tushirib, olis qo‘raning eshigiga tikilib turardi. Bedovning quloqlari ding tortdi. Surito chap qo‘li bilan uning yolini siladi.

Qo‘raning qizil eshigi lang ochildi va Surito maydonning narigi burchidagi kimsasiz uzun yo‘lakka bir zum tikilib qoldi. Keyin buqa yo‘lakdan yoysimon fonuslar yorug‘ida maydonga otilib chiqarkan, birdan sirpanib ketib, to‘rtala oyog‘ida arang tiranib to‘xtadi. Zimiston molxonadan qutulganiga quvongan buqa keng kerilgan burnidan chiqayotgan pishqiriqni hisobga olmaganda, sekin-asta shataloq ota ketdi.

***

Birinchi qatorda beton to‘siq ustidagi daftariga o‘mgan tashlagancha “El Eraldo”ning jamoatchi muxbiri hafsalasiz va pala-partish yozishga tushdi: “Negro degan buqa, tusi qora, raqami 42, juda suzong‘ichligi ko‘rinib turibdi, soatiga 90 mil tezlikda yugurib chiqdi…”

To‘siqqa tirsagini qo‘ygancha ho‘kizni kuzatib turgan Manuel qo‘lini siltadi va lo‘li plashini sudragancha oldinga qarab yugurdi. O‘ynoqlab borayotgan buqa keskin burildiyu kallasini yerga egib, dumini gajak qilgancha alvon plashga tashlandi. Lo‘li qochib-pisib harakat qilardi. Unga ko‘zi tushgan buqa plashni unutib odamga tashlandi. Lo‘li qizil to‘siqqacha yugurib borib, undan sakrab o‘tdi. Jonivorning shoxlari yog‘och to‘siqqa urildi. Yog‘ochni alam bilan suzar ekan, to‘siq qattiq taraqlab ketdi.

“El Eraldo“ muxbiri tamaki tutatib, gugurt cho‘pini maydonga otdi va daftariga qo‘l uzatdi: “Yirik shoxlari serpul muxlislarning ham injiq ko‘nglini ovlaydigan darajada baquvvat Negro matadorlar o‘z mulkiga daxl qilmoqchi bo‘layotganini sezdi”.

Buqa shoxi bilan to‘siqqa borib urilganda Manuel oyoqosti bo‘lib ketgan qumloqqa chiqdi. Ko‘zining qiri bilan chap tomonda – to‘siqning yonginasida yarim halqacha narida oq tulpor mingan Suritoni ko‘rdi. Manuel plashning qatlarini ikki qo‘li bilan ushlagancha  oldiga yoydi va buqani chorlashga tushdi: “Qani, kel! Kel, jonivor!” Buqa ortiga burildi va go‘yo to‘siqqa tayanib sakraganday plashga tashlandi; Manuel yoniga bir qadam qo‘ydi va buqaning shundoqqina shoxlari oldida plashni silkitgancha atrofida gir aylantirdi. Plash bir aylanib olgach, Manuel matoni ko‘ksiga bosgancha ho‘kizning qarshisida turdi. Buqa yana tashlangan edi, tag‘in bir aylantirib oldi. Har aylantirganda olomon xayrixohlik bilan hayqirardi.

U plashni shamol shishirgan yelkan kabi o‘ynatib, buqani to‘rt marta gir aylantirdi va har gal uni o‘ziga yangidan tashlanishga majbur qildi. Beshinchi burilishdan keyin plashning dastasini soniga bosib, epchillik bilan shunday aylantirdiki, mato raqqosaning etagidek gumbaz shakliga kirdi va ho‘kiz arqonlab qo‘yilganday matadorning atrofidan gir yugurib o‘tdi;  keyin Manuel baquvvat oyoqlari qumda sobit turgan oq tulpordagi Surito bilan buqani baqamti qoldirib, o‘zi chekindi; ot buqga qaradi, quloqlari ding bo‘lib, lablari tit­radi; Surito shlyapasini ko‘zigacha tushirib otini oldinga niqtadi, uning yarim bukilgan o‘ng tirsagi ostidan po‘lat tig‘i buqaga xezlangan uzun nayza ko‘rinib turardi.

“El Eraldo” muxbiri sigaretini tortgancha buqani kuzatar ekan, yana yozishga tushdi: “O‘z ishining ustasi Manolo bir qur ancha maqbul, epchil harakatlar ko‘rsatib Belmonte uslubida o‘yin namoyish qilgach, soha bilimdonlarining olqishlariga sazovor bo‘ldi va tomosha navbati chavandozlar ot suradigan maydonchaga ko‘chdi”.

Egarda o‘tirgan Surito buqa bilan nayzaning uchi o‘rtasidagi masofani chamalar edi. Ho‘kiz nafasini rostlab olgach, tulporning to‘shini mo‘ljallab hamlaga o‘tdi. Otning abjag‘ini chiqarmoqqa shaylanib kallasini yerga eggan mahal Surito tig‘i o‘tkir nayzasini buqaning kuraklari ustida do‘mpayib turgan sergo‘sht payiga sanchdi. Bor kuchi bilan nayza dastasini bosib, otini orqa oyog‘ida turg‘izar ekan, jonivorni jon-jahdi bilan o‘ngga surdi. Buqa bir zum orqaga tisarildi. Ot butun gavdasi titragancha old oyoqlarini dast ko‘tardi, buqa dumi bilan uning o‘mrovini savalashdan to‘xtab, Ernandes yoygan plash tomon tashlandi.

Ernandes yonlab qochar ekan, buqani plash ortidan ikkinchi pikador tomonga boshladi. Plashni bir silkib, buqani ikkinchi chavandozning shundoq oldida to‘xtatdi va o‘zi ortga chekindi. Otni ko‘rgan ho‘kiz endi suvoriyga tashlandi. Pikadorning nayzasi ho‘kizning yelkasidan sirg‘alib o‘tdi va buqa shoxi bilan otni ozod ko‘targanda egardan uchib ketishiga sal qolgan chavandoz o‘ng oyog‘ini uzangidan chiqarib, o‘zini arg‘umog‘ining panasiga oldi va gavdasini chapga tashladi. Shox ustida tipirchilayotgan va qorni yorilgan tulpor gursillab yerga ag‘darilgach, ho‘kiz uni ayovsiz suzishga tushdi. Pikador esa etigi bilan tipirchilayotgan tulporiga tayanib chetroqqa surilgach, o‘zini nari olib ketishlari va qutqarishlarini kutib holsiz yotardi.

Manuel ag‘darilgan bedov ustiga chiqib olib shoxiga erk berayotgan ho‘kizga xalal bergisi kelmadi; shoshadigan joyi yo‘q, yerga chalpakdek tushgan pikadorning yuragi vahimadan yorilmasa ham bo‘ladi; bir hisobda asabiylashgani ham durust, bunday ko‘rgilik noshudroq pikadorga yaxshi saboq. Keyingi gal egarda sal xayolini yig‘ib, mahkamroq o‘tiradi. Pikadoringdan o‘rgildim! Shundaylarga kuning qolmasin. To‘siqdan ikki odim berida bedovida shay turgan Suritoga qaradi.

– Ma, jonivor, ma! Tumor! – deb hayqirdi Manuel buqani o‘ziga qaratish uchun va plashni qo‘llari bilan keng yoyib unga ko‘z-ko‘z qildi. Ho‘kiz otni tashlab, plashga qarab xezlandi. Manuel plashni keng yoygancha chetga qarab yugurdi, bexosdan to‘xtab, keskin burildi va buqani Suritoga ro‘baro‘ qilib qo‘ydi.

“Rosinantning o‘limi uchun Negro tavbasiga tayanishi kerak, Ernandes bilan Manol shu maqsadda nafis usullarini ishga soldi, – deb yozardi “El Eraldo” muxbiri. U po‘lat tig‘ hamlasiga chap berar ekan, otlarga unchalik ham tobi yo‘qligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. Ustasi farang Surito nayzani qo‘lida cho‘pday o‘ynatib, xususan, suerteni[7] qiyomiga yetkazib bajardi va o‘z mahoratini namoyish qildi”.

– Balli! Balli! – deb baqirdi uning yonida o‘tirgan kishi. Hayqiriqni olomon ilib oldi va tomoshagoh guvillab ketdi. Yonidagi odam muxbirning yelkasiga qoqdi. Muxbir daftaridan ko‘zini uzdi va shundoqqina pastda uzangiga oyog‘ini tiragancha otining boshi uzra engashib buqaning sergo‘sht sag‘risiga nayza sanchayotgan Suritoni ko‘rdi. U qo‘ltig‘idan bor bo‘yi bilan qiya chiqib turgan nayzaning qariyb poynagidan ushlagancha, butun kuchini bilagiga berib ho‘kizni to‘xtatishga harakat qilar, jonivor esa jon-jahdi bilan otga xezlanar, gavdasini butunlay oldinga tashlagan Surito ho‘kizni joyiga mixlab qo‘ygan ko‘yi bedovi xatardan xoli bo‘lguncha uni sekin-asta chetga olmoqda edi. Tulpori shoxning tahdididan xalos bo‘lishi bilanoq ho‘kizni iskanjadan bo‘shatdi va jonivor qochishga tushdi. Nayzaning uch qirrali tig‘i buqaning ikki kuragi o‘rtasidagi bo‘rtiqni tilkalab tashladi; Ernandesning qarshisida paydo bo‘lgan buqa endi plashga tashlandi va yigitcha uni maydon o‘rtasiga boshlab ketdi.

Surito bedovini silab-siypalab tinchlantirar ekan, fonuslar yorug‘i va olomonning qiyqiriqlari ostida Ernandes silkitgan matoga buqa qanday tashlanayotganiga ko‘zi tushdi.

– Ko‘rdingmi? – deb so‘radi Surito Manueldan.

– Qoyil, – deya javob qildi Manuel.

– Adabini berdim, – dedi Surito. – Ana, tomosha qil.

Buqa tumshug‘ida silkinib turgan plashga tashlanar ekan, bexosdan cho‘kkalab qoldi va jon holatda yana sapchib oyoqqa turdi, shunda Manuel va Surito butun maydon osha ho‘kizning qop-qora kuragidan tirqirayotgan quyuq va yaltiroq qonni ko‘rdi.

– Adabini berdim, – dedi yana Surito.

– Yaxshi buqa ekan, jonivor, – dedi Manuel.

– Yana bir ursam, o‘ldirib qo‘yaqolardim.

– Endi uchinchi davra boshlanadi, – dedi Manuel.

– Ana, qara, tomosha qil, – dedi yana Surito.

– Endi mening galim, – dedi Manuel va maydonning yana bir pikador paydo bo‘lgan narigi burchiga qarab yugurdi. Xizmatchilar otning jilovidan ushlab, oyoqlariga qamchi tushirar ekan, buqaga yaqinroq olib borishga harakat qilar, buqa esa tuyoqlari bilan yerni omonat tirnagancha kallasini quyi solib turardi.

Surito jilovni bo‘shatdi va bedovi joyidan qo‘zg‘aldi. Yaqinroq borib jangni xo‘mraygancha tomosha qila boshladi.

Nihoyat, buqa oldinga tashlandi, xizmatchilar o‘zini to‘siqqa tomon urdi, pikador nishonga tekkiza olmadi va ho‘kiz otning qornidan ilib sag‘riniga tashladi.

Surito ikir-chikirigacha nazaridan qochirmay kuzatib turibdi: mana, qizil kamzulli xizmatchilar yugurib kelib pikadorni sudrab ketishdi. Pikador oyoqqa qalqdi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqqancha qo‘llarini silkitishga tushdi. Manuel bilan Ernandes qo‘llarida plash, shay turishibdi. Bahaybat qora buqa esa yelkasiga otni ortmoqlagan. Bedovning oyoqlari shalvirab, jilovi buqaning shoxiga o‘ralib qolgan. Qora buqa yelkasidagi otdan qutulmoq payida gandiraklar, goh kallasini baland siltab, goh yerga tashlar edi. Nihoyat, yukni sag‘rinidan itqitgan ho‘kiz Manuel yozgan plashga tashlandi.

Manuel buqaning shashti susayib qolganini sezdi. Jonivor holdan toyib borar, butun gavdasidan qora qon sizib turar edi.

Manuel plashni yana uning tumshug‘iga tutdi. Hozir tashlanadi. Quturib ketgan, qinidan chiqay deb turgan ko‘zlarini matodan uzmaydi. Manuel chetga chekinib, qo‘lini baland ko‘tardi va veronika uslubini qo‘llash uchun plashni buqaning naq tumshug‘i oldiga yoydi.

Endi u yana ho‘kizning ro‘parasida turardi. Ha, kallasini sal egdi. Pastroq bo‘lgani durust. Bu aynan Suritoning ishi.

Manuel yana plashni silkitdi; hozir tashlanadi; yoniga bir qadam tashlab, yana bir bor veronika usulini qo‘lladi. “Shoxini vahimali kerib turishini qarang, – degan o‘y xayolidan o‘tdi Manuelning. – Bas, endi u sergak tortdi. Endi payt poylaydi. Ko‘zini uzmayapti. Lekin men ham bo‘sh kelmayman”.

U buqaning tumshug‘i oldida plashni silkitdi; hozir tashlanadi; Manuel yoniga bir qadam qo‘ydi va shartta ortiga burildi. Buqa shundoqqina yonginasidan o‘tdi. Bunchalik yaqin yo‘latmaslik kerak.

Plashning ho‘kiz badanini silab o‘tgan joyi qon tegib ho‘l bo‘ldi.

Hechqisi yo‘q, yana bir marta, oxirgi marta!

Manuel buqaga yuzlanib beshinchi bor uning tumshug‘iga plash yozdi. Ho‘kiz ruhsiz ko‘zlarini undan uzmay shox kergancha payt poylardi.

– O-ol! – deb hayqirdi Manuel. – Tashlanmaysanmi!

Ortiga egilib plashni silkitdi. Hozir tashlanadi. U ortiga chekinib tag‘in plashni silkitdi va buqa matoning izidan chopgancha uning atrofini bir aylanib to‘xtadi, keyin es-hushidan ayrilganday joyida qaqqayib qoldi. Manuel plashni o‘ng qo‘liga yig‘ib, ho‘kiz adoi tamom bo‘lganini ko‘rsatish uchun uning tumshug‘i oldida silkitdi va nari ketdi.

Hech kim uni olqishlamadi.

Manuel qumni bir-bir bosgancha to‘siq tomon yurdi. Bu paytda Surito maydonni tark etgan edi. Manuel buqani o‘ynatayotgan kezda xizmatkorlarni maydonga chorlagan burg‘u ovozi yangradi. Lekin bu sado uning shuuriga elas-elas yetib bordi. Xizmatkorlar o‘ldirilgan ikki otning ustiga brezent yopib, atrofidagi qumga qipiq sepmoqda edi.

Manuel suv ichish uchun to‘siqqa yaqinlashdi. Xizmatchi unga og‘ir sopol ko‘zachani tutdi.

Novcha lo‘li Fuyentes ilgakli tig‘lari ingichka, qizil cho‘plari juftlangan banderilyani[8] ushlagancha shay turardi. U Manuelga qaradi.

– Boshlayver! – dedi Manuel.

Lo‘li maydonga qarab yugurdi. Manuel ko‘zani qo‘yib yuzini qo‘lro‘mol bilan artdi va lo‘li tomonga burildi.

“El Eraldo” muxbiri oyoqlari o‘rtasida turgan iliq shampan shishasini olish uchun egildi va bir qultum ichgach, bitigini tugatdi: “Qarib-qartayib qolgan Manoloning otamzamon qolipida ko‘rsatgan bir qur hunari tomoshabinlarda rag‘bat uyg‘otmadi, keyin dasturning navbatdagi sahnasi boshlandi”.

Buqa hamon bo‘m-bo‘sh maydonchada qotib turibdi. Novcha, hali ra’yi qaytmagan Fuyentes  ho‘kizga qarab dadil borayotir. Bag‘rini keng ochgan, har ikki qo‘lida barmoqlarining uchi bilan ushlagan ingichka o‘tkir tig‘li qizil cho‘p. Fuyentes tobora yaqinlashib bormoqda edi. Uning ortida, sal chetroqda esa kuadrilyaning plash ko‘targan boshqa a’zosi. Buqa Fuyentesni ko‘rib o‘ziga keldi.

Jonivorning ko‘zlari qarshisidagi lo‘lini yutib yuboray derdi. Yigit qaddini rostlab, ho‘kizga qarab nimadir deb hayqirdi. Banderilyalarni o‘ynatdi va yaltiragan po‘lat tutqichlar buqani o‘ziga jalb qildi.

Buqa dumini gajak qilib oldinga otildi.

U ko‘zlarini baqraytirgancha to‘ppa-to‘g‘ri Fuyentesga tashlandi. Fuyentes banderilyalarini oldinga cho‘zib ko‘kragini kergancha qilt etmay turardi. Ho‘kiz suzish uchun kallasini tushirgan mahal yigit yelkasini orqaroqqa tashladi, qo‘llari boshi uzra qovushib banderilyalarni qiyalatdi va raqibiga qarata otdi. Fuyentes nayzalarni buqaning kuragiga sanchardi; yigit ho‘kiz shoxidan xiyla berida, dikkayib turgan cho‘plarga tayangancha, oyoqlarini mahkam yozib yonboshiga sezilar-sezilmas egilar ekan, hamlalarga chap berardi.

– Balli! – deya hayqirdi olomon.

Jazavaga tushgan buqa suvda sakrayotgan baliqdek o‘ynoqladi. U har sakraganida yelkasiga qadalgan nayzalarning qizil dastalari likillab ketardi.

Manuel to‘siq oldida turgancha e’tibor berdi: buqa suzar ekan, o‘ng shoxini oldinga cho‘zayotir.

– Unga ayt, endi o‘ng tomonidan sanchsin, – dedi u Fuyentesga bir juft yangi banderilya olib borib berish uchun yugurib ketayotgan dastyorga.

Manuelning yelkasiga kimdir og‘ir qo‘lini qo‘ydi.

– Ishlar qalay, birodar? – dedi Surito.

Manuel tildan qolgandek buqaning harakatlarini jim kuzatar edi.

Surito to‘siqqa ikki tirsagini qo‘yib butun gavdasi bilan unga suyandi. Manuel u tomon burildi.

– Bugun zavqing baland, – dedi Surito.

Manuel bosh chayqadi. Keyingi davragacha uning qiladigan ishi qolmagan edi. Lo‘li banderilyalarni qiyib tashlayapti. Buqani navbatdagi davragacha yaxshi tayyorlashadi. Asov buqa. Hozirgacha o‘tgani – mayda-chuyda. Muhimi, eng oxirida shamshirni urish, ishning hal bo‘lgani – shu. U hayajondan ancha yiroqda, hatto bu haqda o‘ylayotgani ham yo‘q. Biroq ko‘ngli g‘ash. U to‘siq oldida buqani kuzatar, xayolan keyingi davraga tayyorgarlik ko‘rib, muletni[9] qanday ishga solish, ho‘kizni holdan toydirib, popugini pasaytirib qo‘yishni o‘ylar edi.

Lo‘li yana buqa tomon yurdi. Qadamlari shaxdam, balga tushayotgan raqqosdek mag‘rur; banderilyalarning qizil cho‘plari uning odim otishiga mos tebranadi. O‘ziga kelgan buqa endi undan ko‘zini uzmay payt poylayotir. Ehtimol, yaqinroq kelishini va bir hamlada uni yerga itqitib biqiniga shox tiqishni mo‘ljallayotgandir.

Fuyentes yaqinlashib kelgach, ho‘kiz unga tashlandi. Buqa boshini egishi bilan yigit tovonlagancha ortiga yugurdi; keyin birdan to‘xtab, qo‘llarini cho‘zgancha oyog‘ining uchida yana oldinga yurdi va o‘sha zahoti quturgan maxluqning shoxlariga chap berarkan, banderilyalarni uning kuraklari o‘rtasidagi o‘rkachdek baquvvat etiga sanchdi.

Olomon uni qarsaklarga ko‘mib tashladi.

– Bu bolani endi oqshomgi tomoshalardan olishadi, – dedi Retananing dastyori Suritoga qarab.

– Qadam olishi durust, – dedi Surito.

– E-e, qarang, qarang!

Fuyentes maydonda to‘siqqa orqa o‘girib turardi. Uning ortida – to‘siqning narigi tomonida ho‘kizni chalg‘itish uchun ikki dastyor qo‘lida plash bilan shay.

Buqa tilini osiltirib biqinini avaylagancha lo‘lini kuzatadi. Endi qochib qutulib bo‘psan, deb o‘ylaydi u. Fuyentes bir hamlada yetsa bo‘ladigan qizil taxta to‘siq yonida turibdi. Buqa uni ko‘z uzmay ta’qib qilayotir.

Lo‘li qaddini rostladi va banderilyalarning tig‘ini oldinga, qo‘llarini esa ortiga oldi. U buqani jangga chorladi. Depsindi. Buqa shoshilmasdi. Balki yakson qilishni chamalayotgandir. Tig‘ sanchishlari jonga tegdi.

Fuyentes buqaga yaqinroq bordi. Qaddini rostladi. Yana zabonsiz raqibini jangga chorladi. Olomon orasidan kimdir ogohlantirgandek hayqirdi.

– Obbo, juda yaqin bordi, – dedi Surito.

– Qarang, qarang, – dedi Retananing dastyori.

Fuyentes qaddini g‘oz tutib buqaning jig‘iga tegish uchun nayzalarni o‘ynatdi, keyin turgan joyida baland sakradi. Lo‘li sakrashi bilan buqa dumini gajak qilib unga tashlandi. Fuyentes oyoq uchida ohista yerga tushdi, ho‘kizning o‘ng shoxiga chap bergach, qo‘llarini dast ko‘tarib, banderilyalarni bor kuchi bilan uning sag‘risiga ayamay sancha boshladi.

Plash osilgan taxtani taqillatayotganlar ho‘kizni chalg‘itdi va u jon achchig‘ida to‘siqni shoxladi.

Lo‘li olomonning gulduros qarsaklari ostida to‘siq bo‘ylab yelib ketdi. Kamzuli etagi yirtilgan – buqaning shoxi tilib o‘tgan edi. Fuyentes tomoshabinlarga yirtiqni ko‘rsatib quvonch bilan jilmayardi. U maydonni aylanib chiqdi. Suritoning yonidan shodlikdan ko‘zlari porlagancha kamzuli yirtig‘ini ko‘rsatib o‘tdi. Surito esa kulimsirab qo‘ydi.

Oxirgi ikki nayzani kimdir, boshqa birov sanchdi. Kimligiga hech kim e’tibor bermadi.

Xizmatchi yog‘och dastani qizil mato –  muletning dasta joyiga tiqdi va to‘siq osha Manuelga uzatdi. Charm g‘ilofni ochib shamshirni oldi va qinidan chiqarmasdan Manuelga berdi. Manuel qizil sopli shamshir, qinni olib yoniga osdi.

U Suritoga qaradi. Keksa pikador Manuel qora terga tushib ketganini ko‘rdi.

– Endi sen uning surobini to‘g‘rilaysan, oshna, – dedi Surito. Manuel tasdiq ishorasini qildi.

– G‘ayrati zo‘r, – dedi Surito.

– Shashti baland, – deb tasdiqladi xizmatchi.

Manuel bosh irg‘ab qo‘ydi.

Burg‘uchi tepadan – shiftga yetay degan joydan turib burg‘usini chalgancha so‘nggi davraga chorladi. Manuel maydonning narigi burchiga  – prezident o‘tiradigan qorong‘i ayvon tomon yurib ketdi.

Birinchi qatorda o‘tirgan “El Eraldo”ning jamoatchi muxbiri iliq shampan vinosidan yutoqib ho‘pladi. U jangning butun tafsilotini mayda-chuydasigacha yozib o‘tirishim shart emas, degan qarorga kelgan edi. Tahririyatga borgach, hisobot yozsa ham bo‘ladi. Shunga shuncha vahimami? Bor-yo‘g‘i oqshomgi jang bo‘lsa. Mabodo biron narsani ko‘zdan qochirsa, tonggi gazetalardan topish mumkin. U shampandan yana bir qultum ichdi. O‘n ikkida “Maksim”da uchrashuvi bor. Aslini olganda, matador deganlari kim bo‘pti o‘zi? Og‘zidan ona suti ketmagan bolakaylar, yalqovlar. O‘taketgan tanballar. U yondaftarini cho‘ntagiga tiqib maydon kunjagida yolg‘iz turarkan, amfiteatrning ko‘zga tashlanmaydigan lojalaridan biriga qarata shlyapasini silkitib salom yo‘llayotgan Manuelni ko‘rdi. Maydon o‘rtasida buqa bamaylixotir turardi.

– Senor, buqani sizga va dunyodagi eng ma’rifatli va olijanob xalq – Madrid ahliga bag‘ishlayman, – dedi Manuel. Bu umumqabul qilgan gaplar edi. Hammasini aytdi. Jang kechqurun bo‘layotgani uchun sal qisqaroq qilishi ham mumkin edi.

U qorong‘ilikka qarab ta’zim bajo etgach, shlyapasini yelkasiga tushirib muletni chap, shamshirni o‘ng qo‘lida ushlagancha buqa tomon yurdi.

Manuel yaqinlashib bormoqda edi. Novvos unga qaradi, ko‘zlari tasraygan. Manuel banderilyalar ho‘kizning chap kuragida osilib turgani, Suritoning nayzasi qoldirgan yaradan hamon yaltiragan qon sizayotganini payqadi. U buqaning oyoqlariga razm soldi. Chap qo‘lida mulet, o‘ng qo‘lida shamshir bilan yurib borarkan, buqaning oyoqlaridan nigohini uzmasdi. Ho‘kiz oyoqlarini keng kerganicha xotirjam turardi.

Manuel buqaning oyoqlaridan ko‘z uzmay yaqinlashib boraverdi. Hammasi joyida. U uddasidan chiqadi. Hayvonni kalla egishga majbur qilish kerak. Shunday qilsa, shoxi osha qo‘l cho‘zish va uni mahv etish mumkin. U shamshirni qanday sanchish, raqibini qanday o‘ldirish haqida o‘ylamayapti. Hozir, shu tobda nima qilish lozimligini xayolidan o‘tkazmoqda. Qaltis tus olayotgan vaziyat ko‘ngliga baribir g‘ulg‘ula solayotgan edi. Buqaning oyoqlaridan ko‘z uzmay bir-bir bosib borar ekan, ho‘kizning ko‘zlarini, nam tumshug‘ini va xezlangan keng shoxlarini ko‘rdi. Ho‘kiz ko‘zlarining gardishida oq halqachalar paydo bo‘lgan, Manueldan ko‘z uzmay, rangpar va pakana bu odamning gali kelganini sezib turar edi.

Manuel buqaning qarshisida to‘xtadi. Shamshir tig‘ini muletga tiqib chap qo‘liga olar va alvon matoni yelkandek yoyar ekan, ho‘kizning bir shoxi singanini payqadi. Singan shoxda qip-qizil qon izlarini ko‘rdi. Ikkinchi shoxi jayraning nayzasidek o‘tkir edi. Muletni tarangroq tortdi. Bularni o‘zicha qayd etib borar ekan, u buqaning oyoqlarini nazaridan qochirmasdi. Ho‘kiz Manuelga baqrayib turibdi.

Payt poylayapti, deb o‘yladi Manuel. Nafas rostlayapti. Oromini buzib kallasini quyi tushirishga majbur qilish kerak. Muhimi shu. Surito uni bosh egishga majbur qildi, lekin buqa yana kallasini ko‘tarib oldi. Men uni chopishga majbur qilsam, yarasidan qon otiladi va kallasini pastga tushiradi.

Manuel oldida yoyilgan qip-qizil matoni shamshir bilan tarang tortgancha raqibini chorladi.

Novvos unga qaradi.

Manuel g‘ashga tegadigan g‘oz yurish qildi va tarang tortilgan alvon matoni silkitdi.

Buqa matoga tikildi. Mato yoysimon fonus yorug‘ida yanada qizarib, yaltirab ko‘rinadi.

Ho‘kizning oyoqlari harakatga tushdi.

Boshlandi. Ana! Buqa tashlanganda o‘zini chetga olgan Manuel shunday ko‘tardiki, mato novvosning shoxlari, keng sag‘rinidan – kallasidan dumigacha sirpanib o‘tdi. Hukiz faqat havoni suzdi. Manuel joyidan jilmadi.

Mato ostidan o‘tgan buqa mushukdek eshilib tezda ortiga burildi va Manuelning qarshisida tik qotdi.

U yana hujumga shaylanmoqda edi. Beso‘naqay lapanglashidan asar ham qolmagan. Manuel uning qop-qora sag‘rinidan oyog‘iga qon tomchilayotganini ko‘rdi. U alvon matodan shamshirini chiqarib o‘ng qo‘liga oldi. Mato tutgan chap qo‘lini tushirgancha, so‘l tomoniga egilib buqani chorladi. Buqa alvon matodan ko‘z uzmay yaqin keldi. Bu boshqa gap, deb o‘yladi Manuel. O-ol!

Buqa o‘zini otdi. Manuel o‘ng tomoniga egilib oyog‘ini juftladi va yoysimon fonuslar yorug‘ida yaltirab ketgan shamshiri va tanasi bilan yarim aylana yasab, matoni ho‘kizning kallasi uzra sermadi.

Pasa naturale – o‘yinning ibtidosi tugagach, Manuel pasa de pecho – davomini boshladi va lolarang matoni ko‘tardi. Qilt etmay turdi, ho‘kiz alvon matoning tagidan Manuelga tirg‘alib o‘tdi. Manuel nayzalarning sharaqa-shuruq qilayotgan dastalaridan o‘zini olib qochar ekan, boshini orqasiga tashlab qoldi. Buqaning lovullagan qora gavdasi uning ko‘kragiga tegib o‘tdi.

Padari qusur! Bunchalik yaqin yo‘latmaslik kerak, deb o‘yladi Manuel. To‘siq ortidan maydonga sakrab tushgan Surito lo‘liga shosha-pisha nimalardir dedi. Yigitcha plashni olib Manuel tomon yugurdi. Shlyapasini bostirib kiygan Surito maydon chetida turib Manueldan ko‘z uzmasdi.

Manuel – mato tutgan chap qo‘li pastda – yana buqa qarshisida turardi. Kallasini xam qilgan ho‘kizning ko‘zlari matoda.

– Shu o‘yinni Belmonte ko‘rsatganda, hammaning og‘zi ochilib qolardi, –  dedi Retananing dastyori.

Surito javob qilmadi. U maydon o‘rtasida turgan Manuelni jim kuzatmoqda edi.

– Xo‘jayin bu bechorani qay go‘rdan topdi ekan? – deb so‘radi Retananing dastyori.

– Kasalxonadan, – dedi Surito.

– Xiyol o‘tsin, yana o‘sha yoqqa ravona bo‘ladi, – dedi Retananing dastyori.

Surito unga yuzlandi.

– He, nafasingni yel olsin sening! – dedi u yog‘och to‘siqqa ishora qilib: urib qo‘y.

– Hazillashdim-ku.

– Tavba qildim, de!

Retananing dastyori egilib barmog‘ining ko‘zi bilan to‘siqni uch marta taqillatdi. Tavba qildi.

– Tilingni tiy, bola, – dedi Surito.

Maydon o‘rtasida – yoysimon fonuslar ostidagi buqa qarshisida Manuel bir oyog‘ida tizzalab turardi; u matoni ikki qo‘llab ko‘tardi, buqa dumini gajak qilib unga otildi.

Manuel shoxdan o‘zini olib qochdi va buqa yana hujumga o‘tganda mato bilan yarim aylana burildi. Jonivor tizzalab qoldi.

– Matadormisan matador ekan, – dedi Retananing dastyori.

– Ol-a, – dedi Surito.

Manuel matoni chap, shamshirni o‘ng qo‘lida ushlab qaddini rostladi. Qorong‘i amfiteatr tomondan eshitilayotgan chapaklar uchun minnatdorlik bildirdi.

Novvos oyoqqa turib kallasini quyi solgancha kutardi.

Surito jamoadagi boshqa ikki yigitchaga nimadir degan edi, ular ham maydon o‘rtasiga yugurib borib Manuelning orqasida plash yoyib turdi. Endi uning ortida to‘rt kishi bor. Manuel maydonga mulet bilan chiqqanidan beri Ernandes uning yonida. Novcha, qomati raso Fuyentes plashni ko‘kragiga bosgan ko‘yi jangni parishon kuzatayotir. Yana ikki yigit yugurib kelganda Ernandes ularga joy ko‘rsatdi – biriga o‘ngdan, ikkinchisiga so‘ldan. Buqaning qarshisida Manuelning yolg‘iz o‘zi turibdi.

U yigitchalarga nariroq ket deb ishora qildi. Ular sekin-asta chekinar ekan, Manuelning rangidan qoni qochib, yuzini qalin ter bosganini ko‘rishdi.

Nima balo, bular nari ket deganni tushunmaydimi? Joyida toshday qotib, shay turgan ho‘kizning plash bilan jig‘iga tegishi nimasi! Bundan ko‘ra, oyoq ostida o‘ralashishmasa durust edi. Shundoq ham bo‘lari bo‘p turibdi.

Buqa oyoqlarini kerib, alvondan ko‘z uzmay qotib turardi. Manuel muletni chap qo‘liga o‘radi. Ho‘kiz Manueldan ko‘z uzay demasdi. Kallasi egilgan, lekin yanayam quyiroq tushirsa bo‘lardi.

Manuel matoni silkitib uning g‘ashiga tegishga urindi. Buqa qilt etmadi, ko‘zlari matoga qadalgan.

Tosh qotdingmi, deb o‘yladi Manuel. Chatanog‘i kerilgan. Tayyor. Holing xarob.

Bunday kezlarda Manuelning xayoliga har xil o‘ylar keladi. Ba’zida qandaydir jumla, qaysidir so‘zni eslayolmay yuragi g‘ashlanadi. O‘ksinadi. Uning fahmi va tajribasi g‘ayriixtiyoriy ravishda ish bersa, miyasi zarur so‘zni qidirib g‘imirlab qoladi. U buqa zotini besh qo‘liday biladi, bundan tashvish chekmasa ham bo‘ladi. Olomon undan nimani kutayotgan bo‘lsa, o‘sha hunarni ko‘rsatishga tayyor. U hamma narsani kuzatib turar, gavdasi esa zarur harakatlarni g‘ayriixtiyoriy bajarardi. Mabodo, xayoliga erk bersa, halok bo‘lishi tayin.

Shu tobda ho‘kiz qarshisida turar ekan, u tuyqusdan ko‘p narsani anglab yetgandek edi. Mana qo‘sh shox: biri singan, ikkinchisi tekis va o‘tkir. Chap shox tomonga alvon matoni shunday tushirish kerakki, buqa unga qarab tashlansin. Shunda shartta hujumga o‘tib, shoxlari osha engashib shamshirni ho‘kizning kuraklari o‘rtasiga, gardaniga besh pesoli tangadek yo‘g‘onlikdagi dastasigacha tiqishi kerak. U buni uddalashi va buqaning jon talvasasidagi hamlasiga chap berib qaddini rostlashi darkor. U bularning hammasini bajarishi shartligini bilardi, biroq xayolida faqat ikki so‘z aylanardi: “Corto u derecho”.[10]

Shartta va dadil, deb o‘yladi u muletni o‘rar ekan. Shartta va dadil – matodan shamshirni chiqardi. U singan chap shox to‘g‘risiga turdi-da muletni qo‘liga shunday tashladiki, o‘ng qo‘lida ko‘ziga yaqin ushlagan shamshir bilan qo‘shilib xoch shaklini oldi. Oyog‘ining uchida turib buqaning kuraklari o‘rtasidagi eng baland nuqtani mo‘ljalladi.

Ho‘kizga bexosdan va dadil tashlandi.

Zarba! Va u havoda uchayotganini sezdi. Sakrab tashlanayotganida shamshir dastasiga kuch berdi, lekin quroli qo‘lidan uchib ketdi. Yuztuban yiqildi, ho‘kiz unga tashlandi. Manuel yotgancha oyog‘i bilan buqaning tumshug‘iga tepmoqchi bo‘lardi. Tipirchilagancha tepinar, quturib ketgan buqa esa qoziqdek shoxlarini unga sanchmoqchi bo‘lib qumning to‘s-to‘polonini chiqarar edi. Manuel koptok o‘ynatayotgan jonglyor kabi ho‘kizning tumshug‘iga tepib, uni o‘zidan nari haydamoqqa urinardi.

Manuel yengil epkin kelganini sezdi – buqani chalg‘itish uchun plash yoyildi va u bir sakrashda Manuel ustidan o‘tib daf bo‘ldi. Ho‘kiz uning ustidan o‘tayotganda birdan qorong‘i tushganday bo‘ldi. Shoxlagani ham sezilmadi.

Manuel turib muletini yerdan oldi. Fuyentes unga shamshir uzatdi. Kurakka tekkanida shamshir bukilib qolgan edi. Manuel uni tizzasiga qo‘yib to‘g‘riladi va otning loshi yonida turgan buqaga qarab yugurdi. Kamzulining shoxga ilingan qo‘ltig‘i titilib ketgan edi.

– Uni bu yerdan siljit! – deb qichqirdi u lo‘liga. O‘lgan otning qon hidini sezgan ho‘kiz brezentga shox urardi. Fuyentes tutgan plashga qarab tashlanganda buqaning singan shoxida brezent osilib turardi. Olomon o‘rtasida kulgi ko‘tarildi. Ernandes uning orqasidan yetib borib, brezentning chetidan bir tortib, shoxdan ayirib oldi. Buqa brezentga qarab burilmoqchi bo‘ldi-yu, lekin hadiksiraganday bexosdan to‘xtab qoldi. Manuel qo‘lida alvon mato va shamshiri bilan ho‘kiz tomon yurdi. Yaqinlashib muletni o‘ynatdi. Buqa qimirlamadi.

Manuel shamshirini xezlab, unga yoni bilan turdi. O‘lik kabi qotib qolgan ho‘kizning hamlaga madori qolmaganday edi.

Manuel oyog‘ining uchida turib po‘lat tig‘ini xezlagancha buqaga tashlandi.

Yana zarba. Raqibi Manuelni ortiga uloqtirib yubordi va u qumga qapishib qoldi. Bu gal oyoqlari bilan himoyalanib bo‘lmas, buqa uning naqd tepasida turardi. Manuel boshini qo‘llari orasiga olib qimirlamay yotar, buqa uni bor kuchi bilan suzmoqchi bo‘lardi. Yelkasiga, qumga ko‘milgan yuziga shoxlarini sanchmoqqa urinardi. Manuel buqaning shoxi bo‘shashgan qo‘llari orasidan o‘tib qumga sanchilganini sezdi. Buqa uning belini ezib yubordi. Yuzi qumga kirib ketdi. Ho‘kiz uning shoxiga ilingan yengini yirtib itqitib yubordi. Plashlar shitirlaganday bo‘ldi va ho‘kiz Manuelni tashlab, nari ketdi.

Manuel o‘rnidan turib muletni va shamshirini topdi. Damiga bosh barmog‘ini yuborib yangisini olish uchun to‘siq sari yugurdi.

Xizmatchi unga to‘siq ortidan shamshir uzatdi.

– Yuzingizni artib oling, – dedi u.

Manuel yana buqa tomonga qarab chopar ekan, dastro‘molchasi bilan yuzidagi qonni artib tashladi. Surito ko‘rinmay qolgan edi. Qayerda ekan?

Kuadrilya plashni shay tutgancha buqaning oldidan chekindi. Hujumlar holdan toydirgan ho‘kiz yana bor gavdasini oyog‘iga tashlab qimir etmay qolgan edi.

Manuel chap qo‘lida alvon mato bilan buqa tomon yurdi. To‘xtab muletni ho‘kizga qaratib silkitdi. So‘qim qilt etmadi. Manuel matoni uning tumshug‘i oldida chapdan o‘ngga, o‘ngdan chapga qarata o‘ynatdi. Buqa ko‘zini matodan uzmay, har silkinganda ola-kula qilar, lekin tashlanay demasdi. Manuelni kutardi.

Manuel taraddudda qoldi. Nachora, shamshirni ishga solish kerak. Shartta va dadil. U ho‘kizga yaqinroq borib shamshirini muletga yashirdi va hamlaga o‘tdi. Shamshirni sanchar ekan, shoxga chap berish uchun  gavdasini so‘lga tashladi. Buqa uning yonidan o‘tib ketdi, shamshir qo‘lidan uchib yoysimon fonuslar yorug‘ida bir yalt etdiyu qum ustiga qizil dastasi bilan teskari tushdi.

Manuel yugurib borib uni qo‘liga oldi. Qiyshayib ketgan ekan, tizzasiga qo‘yib to‘g‘riladi.

Yana joyida qotib turgan buqa tomonga chopar ekan, plashni shaylab turgan Ernandes yonidan o‘tdi.

– Faqat ustixoni qoldi, – dedi Ernandes achinish bilan.

Manuel bosh irg‘ab qo‘ydi. Yuzini artib, qonga belangan ro‘molchasini cho‘ntagiga yashirdi.

Buning turishini qarang. To‘siqning yonginasida. La’nati! Balki bu padari qusurning rostdan ham faqat ustixoni qolgandir? Balki shamshir kiradigan joyginasiga balo dorigandir? Padaringga ming la’nat! Anoyingni topibsan, Manuel senga hali kimligini ko‘rsatib qo‘yadi!

Manuel alvon matoni yoydi, ammo ho‘kiz qimirlamadi. Muletni uning tumshug‘i oldida silkitdi. Behuda.

U matoni qatlab shamshirini qinidan sug‘urdi va buqaga tashlandi. Shamshirni sanchib bor kuchi bilan dastasidan bosdi. Shamshir bukilib ketdi, keyin balandga otilib olomon orasiga tushdi. Shamshir qo‘lidan chiqib ketgach, Manuel buqaning o‘tkir shoxlariga chap berib qolishga ulgurdi.

Qorong‘ilikdan otilgan dastlabki o‘rindiq tagliklari unga tegmadi. Keyingi tagliklar uning olomonga yuzlangan, qonga botgan betiga urildi. “Sochqi”lar shitob yog‘ilib qumga kelib tusha boshladi. Birinchi qatorda o‘tirganlardan kimdir unga shampan shishasini irg‘itdi. Butilka Manuelning oyog‘iga tegdi. U qorong‘ilikka tikilgancha tek qotdi. So‘ng havoda nimadir shuvillab kelib yonginasiga tushdi. Shamshiri ekan. Manuel engashib uni oldi. Tizzasiga qo‘yib to‘g‘riladi va olomonga qarata silkitdi.

– Minnatdorman, – dedi u. – Hammangizdan minnatdorman.

Eh, yaramaslar! Yaramaslar-a! Noinsof pastkashlar! U taglikni tepib yubordiyu buqa tomon chopdi.

Ana, hech narsani ko‘rmaganday qaqqayib turibdi. Kallangni olaman sening, darranda!

Manuel muletni buqaning qop-qora tumshug‘i oldida o‘ynatdi.

Yana behuda.

Yoqmadimi? Durust. Yaqinroq borib mato o‘rnatilgan dastaning o‘tkir uchi bilan ho‘kizning terchilagan tumshug‘iga turtdi.

Buqaga jon kirdi. Manuel ortga tisarildi, lekin taglikka qoqilib ketdi. Yiqilar ekan, badaniga, qovurg‘alari ostiga o‘tkir tig‘ sanchilganini sezdi. Ikki qo‘li bilan shoxga yopishdi. Shox kirgan biqinini mahkam bosgancha orqasiga sudralib ketdi. Buqa uni uloqtirib yubordi va Manuel qum ustiga uchib tushib o‘likdek qimirlamay qoldi. Baxtiga endi ho‘kiz unga tegmay nari ketdi.

U yo‘talgancha, ezilgan va tamom bo‘lgan bir alfozda joyidan turdi. Yaramaslar!

– Shamshir beringlar! – deb hayqirdi u. – Mato qani?

Fuyentes mulet bilan shamshir olib keldi. Ernandes uni bir qo‘li bilan quchdi.

– Endi lazaretga boraqoling, – dedi u. – Telbalik qilmang.

– Nari tur, – dedi Manuel. – Toshingni ter, uqdingmi!

U buqa tomon otildi. Ernandes yelkasini qisdi. Manuel ho‘kiz oldiga yugurib bordi.

Mana o‘sha beso‘naqay, yana to‘rt oyog‘ini kerib turibdi.

Kallangni olmasammi sen yaramasning! Manuel shamshirini muletdan sug‘urib mo‘ljalni oldiyu buqaga tashlandi. U shamshirning dami oxirigacha, sopigacha kirganini sezdi. Besh panjasi ham shamshir sanchilgan yaraga kirib ketdi. U buqaning ustida turib qoldi, qo‘llari ho‘kizning issiq qonidan qizib ketgan edi.

Keyin buqa uni ham tortib yonboshiga ag‘darila boshladi. Manuel qumga shitob bilan tushib bir qadam orqaga chekindi va ho‘kizning yiqilishini – to‘rt oyog‘i osmonga cho‘zilib chalqancha qulashini kuzatib turdi.

Manuel buqa qoni kuydirayotgan qo‘llarini ko‘kka ko‘tardi.

Ko‘rib qo‘yinglar, yaramaslar! U gapirmoqchi bo‘ldi, ammo bostirib kelgan yo‘tal yo‘l bermadi. Qandaydir qaynoq bir narsa nafasini qisardi. U ko‘zlari bilan muletni izlardi. Borib prezidentni olqishlash kerak… Basharasi qursin! U qumga o‘tirib ho‘kizga tikildi. To‘rt oyog‘i ham osmondan bo‘lib, yo‘g‘on tili osilib qolibdi. Qornidan, oyoqlarining juni siyrakroq joyidan nimadir o‘rmalab borardi. Buqa o‘lgan. Battar bo‘lsin! Bari battar bo‘lsin! Manuel turmoqchi bo‘lgan edi, ammo yo‘tal tutdi. Yana qumloqqa o‘tirib qoldi. Kimdir kelib suyab turg‘izdi.

Uni lazaret tomon olib ketishdi – qumloqdan yugurib, xachirlar qo‘shilgan arava o‘tib ketgunicha darvoza oldida kutib turishdi. Keyin qorong‘i yo‘lak bo‘ylab yurishdi. So‘ng hansiragancha zinalardan ko‘tarib chiqishdi.

Oq xalatli vrach bilan ikki sanitar uni kutib turgan ekan. Jarrohlik stoliga yotqizishdi. Egnidagi ko‘ylagiga qaychi urishdi. Manuel o‘zini juda-juda behol sezdi. Ko‘ksini nimadir olovdek kuydirmoqda edi. Yo‘tal tutdi, labiga nimadir bosishdi. Hamma pitir-pitirga tushgan.

Elektr chirog‘i ko‘zlarini teshay deydi. Manuel qarog‘ini yumdi.

U zina tomondan og‘ir-vazmin qadam tovushlarini eshitdi. So‘ng qulog‘i bitdi. So‘ng olis-olislardan g‘ala-g‘ovur keldi. Olomon. Nachora, ikkinchi buqani kimdir, boshqa odam o‘ldiradi endi. Ko‘ylagini butunlay nimtalab tashlashdi. Vrach unga qarab kulimsiradi. Bunisi esa Retana.

– Salom, Retana, – dedi Manuel. Lekin ovozini o‘zi ham eshitmadi.

Retana unga qarab iljaydi va nimadir dedi. Manuel eshitmadi.

Stol yonida turgan Surito engashgancha vrachning ishini kuzatardi. U pikador libosida, lekin shlyapasi yo‘q.

Surito unga allanima dedi, Manuel anglamadi.

Surito Retana bilan gaplashayotgan edi. Sanitarlardan biri jilmayib qo‘ydi va Retanaga qaychi uzatdi. Retana qaychini Suritoga berdi. Surito Manuelga so‘z qotdi. U eshitmadi.

Jarrohlik stoli emish! Nima, birinchi marta yotishimi bunday stolda? Manuelning joni qattiq, o‘lmaydi. Ajali yetgan bo‘lsa, ruhoniy chaqirishardi.

Surito qaychini ko‘rsatib, imo qildi. Ha, gap bu yoqda ekan-da! Uni kokilidan judo qilishmoqchi. Kolitasini qiymalashmoqchi.

U jarrohlik stolida yotgan joyidan turib o‘tirdi. Rangi o‘chib ketgan vrach o‘zini orqaga oldi. Manuel kimdir yelkasidan suyaganini sezdi.

– Shu ishdan tiyil, Manos, – dedi Manuel.  Daf’atan Suritoning ovozini aniq-tiniq eshitdi.

– O‘zingni bos, – dedi Surito. – Bunga qo‘lim bormaydi. Hazillashdim.

– Tobim joyida edi, – dedi Manuel. – Shunchaki omadim kelmadi. Bor-yo‘g‘i omadim kelmadi.

Manuel chalqancha yotdi. Yuziga nimadir yopishdi. Tanish holat. Odatdagi hid. U chuqur-chuqur nafas olardi. Holdan toydi. Juda-juda holdan toydi. Keyin yuzidagi lattani olishdi.

– Tobim joyida edi, – dedi zaif ovozda Manuel. – Tobim juda joyida edi.

Retana Suritoga qaradi va eshik tomon yurdi.

– Men uning yonida bo‘laman, – dedi Surito.

Retana yelka uchirib qo‘ydi.

Manuel ko‘zini ochib Suritoga qaradi.

– O‘zing ayt, Manos, tobim joyida edi-ya, to‘g‘rimi? – dedi u Suritoga umid bilan tikilar ekan.

– Joyida bo‘lganda qandoq, – dedi Surito. – Otdek eding.

Sanitar uning yuziga niqob yopdi va hansirayotgan Manuelning dimog‘iga tanish hid urildi. Noqulay ahvolda qolgan Surito stol yonida serrayib turardi.

1927 yil

Qulman Ochilov tarjimasi

      “Tafakkur” jurnali, 2020 yil 4-son.

[1] Ganaderiya (ispancha) – buqa boqiladigan ferma.

[2] Novilero – buqa bilan jang qiladigan matador.

[3] Kuadrilya – buqa jangida matadorga yordamlashuvchilar jamoasi.

[4] * Pikador – nayza bilan buqani jangga undovchi chavandoz.

[5] Koleta – matador kokili.

[6] Patio de kavalos – ichki hovli.

[7] Suerte – jang usullaridan biri, omad degan ma’nosi ham bor.

[8] Banderilya – ilmoqli nayza.

[9] Mulet – buqani chalg‘itish uchun ishlatiladigan mato.

[10] “Corto y derecho” – shartta va dadil.