Nasimxon Rahmonov. Bertels – navoiyshunos

Evgeniy Eduardovich Bertels (1890-1957)

Bu voqeaga 30 yillar bo‘ldi.
Bir kuni – ustoz Azizxon Qayumov bilan Qo‘lyozmalar institutdan chiqib, O‘rda tomon yayov yo‘l oldik. Domla bilan Fanlar Akademiyasidagi bir yig‘ilishga borishimiz kerak edi. Suhbat asnosida Azizxon aka:
– Bartold bilan Bertelsning hamma asarlarini birlamchi manba sifatida qabul qilsak bo‘laveradi, – deb qoldilar. Men biroz taajjublandim. Manbashunoslikda birlamchi manba degan tushuncha qo‘lyozmaning o‘zidir. Hatto uning joriy alifboga tabdilini ham birlamchi manba sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Xayolimdan: “Ustoz bilmagan yoki chala bilgan narsalari to‘g‘risida gapirmaydilar”, degan fikr o‘tdi-yu, shu gapi xotiramga mixlanib qoldi. Yig‘ilishdan keyin uyga qaytdimu Bartold asarlarining beshinchi jildini varaqlashga tushdim. Bartoldning bu jildi turkologiya va mo‘g‘ulshunoslikka oid tadqiqotlarga bag‘ishlangan, bu sohalar esa mening “non”im edi. Gap ikki buyuk olim haqida ketgani uchun Yevgeniy Eduardovich Bertelsning “Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti” (Sufizm i sufiyskaya literatura) kitobini ham o‘qishga tutindim.
Ilgari ikki buyuk olim kitoblarini o‘zim uchun, o‘zimga zarurlarni bilib olish uchun o‘qigan bo‘lsam, endi ustozning menga yo‘lda aytgan gapi qanchalik haq ekanini anglash uchun o‘qiyotgan edim. Bartoldning “O‘rta Osiyo tarixiga oid o‘n ikki ma’ruza”sini va Bertelsning tasavvuf haqidagi kitobini yana bir bor ko‘zdan kechirganimdan keyin, ustoz yuz karra haq ekaniga amin bo‘ldim.
E.E.Bertelsning o‘zbek xalqiga sadoqati, hurmat-ehtiromi Alisher Navoiy ijodiga bo‘lgan munosabatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Olim dalillarga, aynan birlamchi manbalarga tayanib xolis yondashuvni mezon qilib oldi. XX asrning birinchi choragida aksariyat Yevropa va rus sharqshunoslari Navoiy ijodi bilan mashg‘ul bo‘lgan, uning ijodi haqida hech bo‘lmaganda bir maqola yozgan. Ularning ko‘pchiligi Navoiy ijodiga bir yoqlama qarab, fors adabiyotining taqlidchisi, vakili, o‘zbek adabiyotiga biron yangilik qo‘shmagan, deb ayyuhannos solganlarida, Ye.E.Bertels “Navoiy va Attor” kitobida “Lison ut-tayr”ni “Mantiq ut-tayr”ga qiyoslab, Navoiyning buyuk shoir, daho ijodkor ekanini ko‘rsatib berdi. “Navoiy va Jomiy” kitobiga so‘zboshi yozgan Ergash Rus­tamov Bertelsning ilmiy faoliyati bilan juda yaxshi tanish sadoqatli shogird sifatida bunday deydi: “Lison ut-tayr”ni ko‘zdan kechirish bizning ko‘z oldimizda ulkan san’atkorni, original asar yaratishga qodir so‘z ustasini, san’atkorlik in’omi bilan birga, bilimi va qiziqish doirasi nihoyatda ulkan tafakkur egasini, buyuk donishmandni, biz uchun yanada qimmatlirog‘i – atrofdagi odamlarga nisbatan qalbi sevgiga limmo-lim to‘la, shu sevgi tufayli insonlarning kamchiliklarini kechirib yuboradigan katta qalb egasini namoyon qiladi”.
Bertelsning Navoiyga bo‘lgan muhabbati faqat “Lison ut-tayr” haqidagi mulohazalari bilan cheklangan emas. Navoiyni Attor bilan qiyoslagani sababi har ikkala shoir dunyoqarashining o‘xshashligi bilan belgilanadi. Bertelsning “Navoi i Attar” kitobi filologiya fanlari doktori Ibodulla Mirzayev tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganini ham shu o‘rinda aytib o‘tish lozim.
Bertelsga falon asari shuhrat keltirdi deb aytishdan ko‘ra, u hamma kitoblarida ham asosiy urg‘uni Navoiyga qaratdi deb aytsak, haqiqatga yaqin bo‘ladi. Xususan, forsiyzabon buyuk ijodkorlar – Nizomiy, Attor, Jomiy haqida so‘z yuritganda, albatta, ularga hamdam va hamqadam Navoiy ham yodda turadi. Jumladan, “Fors-tojik adabiyoti tarixidan” kitobida “Navoiyning “Xamsa”si bilan shug‘ullanayotgan odam Nizomiyning “Xamsa”sini bilmasa, qanday ahvolga tushib qolgan bo‘lardi” deya Nizomiyni ham, Navoiyni ham buyuk shaxsiyatlar sifatida bir qatorga qo‘yish mumkin ekaniga ishora qiladi. Bertelsning bu pozitsiyasi, bir tomondan, forsiyzabon shoirlarni yuzaga chiqarishgina emas, balki o‘shanday buyuk shoirlar qatorida Navoiy ham o‘z mustahkam pozitsiyasiga ega ekanini dalillar edi. Bertels bu maqsadiga erishdi. Ayniqsa, Navoiy dunyoqarashining Nizomiy, Attor va Jomiy dunyoqarashi bilan mushtarakligi ham Bertelsning chuqur izlanganiga, Sharq falsafiy tafakkurini sabot bilan o‘rganganiga dalildir. Uning “Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti” nomli kitobi ana shu izlanishlar mahsulidir.
Bertelsning Navoiyga bo‘lgan muhabbati uning shoir ijodi tub mohiyatiga kirishiga zamin bo‘ldi.
Bertels Alisher Navoiy ijodi bilan bir qatorda, turkiyzabon shoir­lardan Fuzuliy va Maxtumquli ijodini ham fors adabiyoti bilan qiyoslab, mazkur ijodkorlar o‘z zaminidan uzilmagan, xalqidan va ona tilidan uzoqlashmagan original shoirlar ekanini dalilladi, ularning ijodini xolis baholadi. Ularning badiiy mahoratini izchil yorita bordi.
Bertels Navoiy bilan Attorni yonma-yon, hamfikr salaflar sifatida talqin qilar ekan, har ikkisining buyukligini ularning dunyoqarashidagi umumiylik va uzviylikda deb qaradi. “Navoiy va Attor” asarining umumiy mundarijasi ana shu asosga qurilgan. Qolaversa, Navoiy ko‘p o‘rinlarda Attordan ustun ekanligini ham Bertels yashirmaydi.
Bertels Navoiy ijodini o‘rganishga kirishar ekan, bu sohada o‘zbek navoiyshunoslari G‘afur G‘ulom, Oybek, Hodi Zaripov, G‘ulom Karimov va boshqa qator olimlarning unga bergan yordamlarini mamnuniyat bilan tilga oladi.
E.E.Bertelsning Sharq mumtoz adabiyotining katta bilimdonligiyu, ijodkorlarga xos qobiliyati ilmiy asarlari badiiy asar singari yozishiga va kitobxonlarni o‘ziga jalb qilishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Bertelsning Navoiyga bo‘lgan muhabbati, buyuk shoir ijodiga samimiy yondashuvi “Navoiy va Jomiy” asarining ommabop shaklda va mazmunda yoritilishiga sabab bo‘ldi. Asardagi voqealar tasviri va bayon usuli xuddi xalq qissalarini eslatadi. Bu usul Bertels domlaning Sharq va o‘zbek adabiyotining barcha janrlari bilan mukammal va izchil tanishganidan dalolat beradi. “Navoiy va Jomiy” asarining debochasidanoq birdaniga Navoiy ijodiga o‘tib ketmaydi, balki daho shoir ijodini rusiyzabon aholi ham o‘zbek o‘quvchisi ham, zerikmasdan o‘qishi uchun esse janriga xos bayon usulini olib kiradi. Jumladan, mazkur kitobning boshlanishi “Temuriylar” deb nomlangan.
Temur to‘satdan vafot etdi. Saltanat hukmronligi Temurning nabirasi Muhammad Sultonga o‘tishi kerak edi. Ammo u allaqachon olamni tark etgan. Shu bois taxtning qonuniy merosxo‘ri uning yoshgina o‘g‘li Pir Muhammad Jahongir edi. Ammo lashkar Xalil sultonni hukmdor deb e’lon qildi. Xalil sulton Temurning g‘azabiga yo‘liqqan. Chunki u Temur vafotidan bir necha oy ilgari oddiy tabaqadan bo‘lgan go‘zal Shod Mulk xonimga uylangan edi. Xalil sulton temuriylar an’anasiga zid ish tutdi, zotan, u Temur ijozatisiz oddiy oila, qiziga uylandi.
Pir Muhammad xon bo‘ladi, ammo saltanatni Xalil sulton boshqaradi degan kelishuv bo‘ldi. Temur saltanati ana shu voqea bilan tanazzulga yuz tuta boshlaganini Ye.E.Bertels birgina voqea orqali ko‘rsatadi. Xalil sulton Shohrux tomonidan mag‘lub qilindi va Andijonga surgun etildi, uning Shod Mulk xonimdan ayrilib, hijron azobida she’rlar bitgani ma’lum. Bertels domla Xalil sultonning Shod Mulk xonimdan ayriliqda yashagan paytdagi iztiroblarini Navoiyning “Majolis un-nafois”idan bir baytga bog‘laydi. Navoiy, boshqa bir qator temuriy shahzodalar singari, Xalil sultonni ham iste’dodli shoir va sohibi devon sifatida baholaydi. Mana Andijonga Shohrux tomonidan badarg‘a qilingan Xalil sultonning Samarqandda qolgan sevgilisi Shod Mulk xonimga bag‘ishlagan o‘sha bayti:

Ey turki pari paykarim, tarki jafo qil,
Komi dilimiz, la’li ravonbaxsh ravo qil.

Hirot va Samarqandga oid voqealarda ham Bertels esse janriga oid tasvir usulini davom ettiradi. Mana shu tasvir usuli bilan Navoiyni tushunishga yo‘l ocha boradi.
E.E.Bertels mazkur asarida foydalangan manbalarni ko‘zdan kechirsak, u asosan qo‘lyozma asarlarga tayanganini ko‘ramiz. U turkiy va fors tillaridagi oltmishga yaqin qo‘lyozma manbaga tayangani ma’lum bo‘ladi. Qo‘lyozmalarning aksariyati O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan manbalardir. Zotan, qo‘lyozma manbalarsiz biron ijodkor haqida, ayniqsa, Navoiy haqida to‘laqonli so‘z yuritib bo‘lmaydi. Mana ularning ayrimlari: “Xamsa”ning O‘zFA Sharqshunoslik institutda 5018 inventar raqami ostida saqlanayotgan “qo‘lyozmasi, “Xamsatul-mutaxayyirin”ning 2242 inventar raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmasi, “Chahor devon”ning 677 inventar raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmasi, “Mahbub ul-qulub”ning 1948 yili A.N.Kononov tayyorlab chop ettirgan faksimile nusxasi, frantsuz olimi Katrmerning “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni 1841 yili Parijda tayyorlab chop ettirgan nusxasi, Nizomiy Ganjaviyning “Maqomot” asari qo‘lyozmasi hamda bu asarning Ye.E.Bertelsning o‘zi qo‘lyozmadan tarjima qilib chop ettirgan “Iqbolnoma”, “Iskandarnoma”, “Maxzan ul-asror” kabi asarlari va Nosiruddin Tusiy, Sakkokiy devonining, Xisrav Dehlaviy “Xamsa”sining qo‘lyozmasi va boshqa ko‘plab litografiyalar, Yevropada katta sharqshunoslar amalga oshirgan tanqidiy matnlardir. Mana shu manbalarning o‘ziyoq Ye.E.Bertels Navoiy ijodini tadqiq etishga katta mas’uliyat bilan yondashgani va jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini dalillaydi. Uning Navoiy ijodiga mas’uliyat bilan, chuqur ilmiy tahlil asosida yondashganini kitobining har sahifasida ko‘rish mumkin. Jumladan, “Majolis un-nafois” haqida to‘xtalar ekan, kitobxonga qiziqarli bo‘lgan, ayni paytda ilmiy haqiqatdan uzoqlashmagan dalillarga e’tibor beradi. Ayniqsa, bu tazkiradagi shoirlarni sakkiz guruhga bo‘lgani e’tiborni tortadi:
1. Navoiy yoshlik chog‘ida umri oxirlab qolgan, Navoiy shaxsan ko‘rmagan shoirlar. Bu davr XV asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Bunday shoirlar 42 nafarni tashkil qiladi.
2. Navoiy yoshlik chog‘ida uchrashgan, ammo 1491–1492 yillarda olamdan o‘tib ketgan shoirlar. Ular 84 nafarni tashkil qiladi.
3. Navoiy bevosita uchrashgan va do‘stlashgan shoirlar. Ular 105 nafar.
4. Yaxshi she’rlar yozadigan, ammo yetuk hisoblanmagan shoirlar. Ular 46 nafarni tashkil qiladi.
5. Ba’zan she’r ham yozib turadigan Xuroson va boshqa viloyatlar amaldorlari. Ular 14 nafarni tashkil qiladi.
6. Xuroson tashqarisidagi shoirlar. Ular 28 nafar.
7. Shoirlik iqtidori bor temuriylar. Ular 16 nafar.
8. Sulton Husayn she’riyati. Navoiy uning 336 ta she’ri haqida so‘z yuritadi.
Yuqoridagi shoirlarga Navoiy bergan ta’rifdan ma’lum bo‘ladiki, “Majolis”dagi to‘qson foiz shoir fors tilida she’rlar bitgani yoki turkiy va forsiyda baravar ijod qilgani Bertelsning diqqat markazida turadi.
U Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asariga to‘xtalar ekan, turkiy til mavqeining pasayishiga fors tilining hukmron til bo‘lganini emas, shahar va qishloq aholisining intellektual salohiyatidagi farqlarni sabab qilib ko‘rsatadi. Bertelsning kuzatishicha, albatta, adabiyot, xususan, she’riyatga asosan shahar aholisi oshno bo‘lgan. Navoiy keltirgan har xil – temuriy shahzodalar, turli toifadagi amaldorlar asosan shahar ahliga mansub. Bundan kelib chiqadiki, fors she’riyati asosan yozma shaklda rivoj topgan. Turkiy til esa xalq og‘zaki ijodida o‘z aksini topgan. “Fors she’riyatini yaratish uchungina emas, balki tushunish uchun ham har doim savodxonlik, qolaversa, bilim zarur bo‘lgan. Fors tilini mukammal bilmay turib bu tildagi she’riyatni tushunish dushvor edi. Qishloq esa asrlar davomida savodsiz qolib kelgan va shu boisdan adabiy hayotda ishtirok eta olmas edi. Ammo bu degani – qishloq aholisi badiiy so‘zdan mahrum edi degani emas. Boy xalq ijodi bor edi: afsonalar, lirik, maishiy va satirik qo‘shiqlar, ertaklar keng tarqalgandi. Dehqonlar nutqini maqollar, matallar bezaganiga aslo shubha yo‘q. Afsuski, bu boyliklar yozib olinmagan. Shu sabab u haqida bugungacha yetib kelgan namunalarga asoslanib hukm chiqara olamiz, xolos”.
Bertelsning mazkur xulosalari “Muhokamat ul-lug‘atayn”ga shu vaqtgacha davom etib kelayotgan forsiy va turkiy tillar o‘rtasidagi kurash talqini sifatidagina emas, balki Navoiy yashagan davrdagi turkiy til manbalari – xalq og‘zaki ijodi boyligi tadqiqi sifatida ham qarash lozimligini ta’kidlaydi. Ayni paytda Bertelsning talqini ancha mantiqli ekani ko‘rinadi.
Bertels Navoiy bahonasida temuriylar saltanati she’riyatining ulug‘ vakillari – Lutfiy, Atoiy, Sakkokiyning turkiy tildagi naz­miyoti va bu ijodkorlar qo‘lyozmalariga ham e’tibor qaratadi. Uning asosiy maqsadi turkiy adabiyotda Navoiygacha bo‘lgan davrda she’riy janrlarning rivojlanish tamoyillarini va uning salaflari turkiy tilning boyligi haqida Navoiy singari maxsus asar yozmagan bo‘lsalar ham, o‘zlarining ijodida turkiy til go‘zalligi va boyligini namoyish qilganlarini ko‘rsatadi. Masalan, Sulton Husayn Boyqaroning turkiy she’riyat va turkiy til ravnaqi yo‘lidagi faoliyatini yoritar ekan, bir dalilni uqtiradi. O‘sha davrda yozilgan “Majolis ul-ushshoq” (Oshiqlar majlisi) asarining Husayn Boyqaroga nisbat berilishi o‘rinli emas, Xondamirning aytishicha, bu asarning muallifi Kamol Husayn Gazurgohiy degan ijodkor. Faqat Husayn Boyqaroning istagi va ko‘rsatmasi bilan yozilgan. Bertels ana shu fikrini o‘rtaga tashlab, fors tilidagi bu asar muqobilida Husayn Boyqaroning eski o‘zbek tilidagi adabiyot ravnaqi uchun tinmay kurashgani uning asosiy xizmatidir, deya baho beradi.
Bertels domla turkiy tilning boyligini va Husayn Boyqaroning bu tilga muhabbatini namoyish qilar ekan, turkiy tilning boyligi va go‘zalligini aynan O‘rta Osiyo va Xurosondagi turkiy tilda so‘zlashuvchi askarlar nutqiga, Sulton Husaynning ular bilan muloqotiga bog‘laydi. Husayn Boyqaroning adabiy didi nihoyatda yuksak edi. Bertels butun umri tinimsiz jangu jadallarda o‘tgan, ham Xuroson, ham turkiy til himoyachisi bo‘lgan sulton Husaynning intellektual salohiyatini kitobxon ko‘z o‘ngida yorqin namoyon qiladi. Harbiy yurishlar paytida Sulton Husayn deydi olim, qarorgohda vaqtincha istiqomat qilib turgan o‘z askarlari bilan doim muloqotda bo‘lgan, ulardan xalq qo‘shiqlarini, qahramonlik dostonlaridan parchalarni eshitgan bo‘lishi mumkin. Bertelsning bu mulohazalari ancha mantiqli.
Demak, Husayn Boyqaroning ma’naviy kamolotida, bir tomondan, Alisher Navoiyning xizmatlari, ikkinchi tomondan, boy turkiy nutq, uchinchidan, Xuroson va Movarounnahrda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlarning qadimgi xalq og‘zaki ijodi roli katta bo‘lgan. Ayni paytda, Navoiyning aytishicha, Sulton Husayn turkiy tilda ijod qiluvchi shoirlarni doim rag‘batlantirgan. Bertels bunday nuqtai nazarga kelishida faqat o‘z qarashlariga tayanib qolmadi, balki bevosita Alisher Navoiyning qarashlariga, Husayn Boyqaro bilan she’riyat bobidagi muloqotlariga tayandi. Bertelsning Navoiyga bo‘lgan muhabbati Lutfiy, Sakkokiy, Husayn Boyqaro va boshqa ko‘plab ijodkorlarning hali anglab yetilmagan qirralarini ochishga xizmat qildi.
Bertelsning asosiy e’tibori Navoiyga qaratilgani bois buyuk shoir ijodining hamma qirralarini ochishga harakat qildi. Jumladan, uning asarlarini o‘z davrida forsiyzabon ziyoli qavmi tushuna olishi uchun ilk lug‘atlar – Tole’ Imon Heraviyning “Badoi’ al-lug‘at”i tuzilgani haqida xabar berar ekan, bu lug‘at Navoiy hayotligi davrida yaratilgani, hatto eski o‘zbek tilida so‘zlasha olgan Abdurahmon Jomiy ham lug‘atdan foydalangani ehtimoldan xoli emas. Jomiy eski o‘zbek tilida muloqot qila olgani haqida Navoiyning o‘zi ham aytgan.
Bertelsning navoiyshunoslik faoliyatida, birinchi navbatda, ulug‘ shoirning ijodiy faoliyati, undan keyin tarjimai holi va ijtimoiy-siyosiy faoliyati turadi. Bertels Navoiyga oid qaysi sohaga to‘xtalmasin, buyuk shoir Navoiyni kashf qiladi. Shoirning hayoti avvalo she’riyat – adabiyot bilan bog‘langanini har o‘rinda ko‘rsatib boradi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Navoiyning Samarqanddagi hayotiga doir ma’lumotlar bir-biriga zid. Aksariyat manbalarda Navoiy Samarqandda moddiy muhtojlikda yashagani haqida so‘z ketsa, ayrim manbalarda Samarqandda Ahmad Hojibek hokimligi davrida amir lavozimida bo‘lgan edi, deb qayd etiladi. Bertels domla Navoiyning Samarqanddagi hayotiga to‘xtalib, uning hayoti yengil kechmagan, degan xulosani “Majolis”dagi bir voqea ko‘rsatib beradi.
Alisherga bir kuni suv zarur bo‘lib qoldi. Qish payti edi, uning hujrasidagi suv muzlab qolgandi. Issiq suv uchun hammomga borish kerak. Ammo hammomchiga to‘laydigan puli yo‘q. Alisher oshlangan teridan qilingan juzdonini sotmoqchi bo‘ldi, ammo juzdonga xaridor topilmadi. Moddiy muhtojlik Alisherning ijodga, ilmga bo‘lgan muhabbatini aslo susaytira olmadi.
Mana shu kichkina dalil ham ko‘rsatib turibdiki, Bertels Navoiyning hayotiga oid detallarni ham, asosan, shoirning o‘z asarlaridan izlaydi. Shubhasiz, keltirilgan voqealar rivoyatnamo bo‘lsa ham, kitobxonga ta’sir etadi. Navoiy yosh bo‘lishiga qaramasdan, Samarqand adabiy muhitiga katta ta’sir o‘tkazgan. Mana, bunga bir misol.
Alisher Samarqandning barcha shoirlari va olimlari bilan doimo suhbatda bo‘lar edi. Yosh shoirning she’riyat bobidagi mahorati kamol topib boraverdi. Samarqandda e’tirof etilgan shoirlarning ijoddagi yutuqlarini e’tirof etish bilan birga, nuqsonlaridan ham ko‘z yummasdi. Mavlono Riyoziy degan shoir o‘z g‘azallari bilan Samarqandda ancha shuhrat topgan edi. Buning natijasida u juda mag‘rurlanib ketgan va tanqidga toqat qilolmaydigan bo‘lib qolgandi. Bir kuni Navoiy Riyoziyning:

Sitorayest duri go‘shi on hilolabro‘,
Zi ro‘i husn ba xurshed mezanad pahlu.

(Ul hilol qoshlining qulog‘idagi inju bir yulduzdir,
Husn yuzasidan quyoshga yondashib turadi)

– misralari orasida -ki bog‘lovchisi zarur, shunda bayt mazmuni tushunarli bo‘ladi, deya quyidagicha tahrir qilib beradi:

Zi ro‘i husn duri go‘shi on hilolabro‘
Sitorayestki, bo moh mezanad pahlu.

(Husn yuzasidan ul hilol qoshlining qulog‘idagi inju shunday bir yulduzdirki, oy bilan yondashib turadi).
Mavlono Riyoziy Navoiyning bu tahriridan qattiq xafa bo‘ldi, do‘stlari Navoiyning tahririni ma’qullagan bo‘lsalar ham, baribir, quloq solmadi.
Bertels faqat shu voqeani qayd etish bilan cheklanib qolmaydi, balki Rizoiyning mazkur baytli g‘azalini tarjimon Shoh Muhammad Qazviniy to‘liq holda keltirgani haqida ham ma’lumot beradi. Shu birgina dalildan ham ko‘rinadiki, Bertels Navoiyning shaxsiyatini yanada to‘liqroq ochish, hali ilm ahli yaxshi tasavvurga ega bo‘lmagan qirralarini, xususan, zakiyligini namoyish qilish uchun faqat Navoiyning o‘z asarlari qo‘lyozmalari bilan cheklanib qolmadi, boshqa birlamchi manbalarga ham murojaat etdi. Bertelsning bu zahmatkashligi natijasida Navoiyning ichki olami ham, tashqi olami ham to‘laqonli yuzaga chiqdi.
Bertels Navoiyning “Lison ut-tayr” va Attorning “Mantiq ut-tayr” asarlarini muqoyasa qilib, butun diqqat-e’tiborini Navoiyning asari original, Attorning asari tarjimasi emasligini dalillashga qaratdi. Bertels domla Attor va Navoiyning dostonlaridagi hikoyatlar muqoyasasiga oid keltirgan statistik ma’lumoti ham har ikkalasi bir-biridan tamomila farqli, mustaqil asarlar ekanini ko‘rsatadi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Navoiy 63 ta hikoyatni “Lison ut-tayr”ga kiritgan. (Hikoyatlarning umumiy miqdori Attornikidan oz). Navoiy kiritgan hikoyatlardan 12 tasi Attor dostonidagi hikoyatlardir, qolgan 51 hikoyat tamomila yangidir. Albatta, hikoyatlarning sakson foizi Navoiyning original ijodidir deb qarash kerak. Qolaversa, forscha va turkiycha dostonning umumiy jihatlari juda oz. Qushlar Hudhudga savollar beradi va Hudhud javob beradi. Bertels Hudhud bilan qushlar o‘rtasidagi yigirma ikkita savolni va Hudhudning javobini tahlil qiladi. Savol va javoblar Navoiy va Attorda aksariyat hollarda bir-biriga mos kelishini Bertels aytadi. Bu savol-javoblar paytida keltirilgan hikoyatlarning manbaiga ham alohida e’tibor beradi. Attordagi ko‘p hikoyatlarni Navoiy o‘z asarida almashtirganini, hikoyatlarning xarakteri ham o‘zgarganini Bertels yoritib beradi. Qaysi bir hikoyat Attor asaridagi hikoyatning aynan tarjimasi ekanini, qaysi bir hikoyatni Navoiy Attorning “Tazkirat ul-avliyo”sidan olganini, qaysi bir hikoyat Attorda yo‘g‘-u, Navoiy butunlay boshqa manbaga tayanganini tahlil qilib boradi. Shuningdek, Navoiy tanlagan hikoyatlar ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan, ya’ni tasavvuf yo‘liga kirgan dunyoviy odamlar haqidagi hikoyatlarda o‘sha odamlar qiyofasi chizilgan bo‘lsa, yana birida riyokor insonlarning tuban qiyofasi aks ettirilgan.
Jumladan, Hudhudning To‘tiga bergan javobini dalillash uchun keltirgan hikoyatiga e’tibor beraylik.
Bir g‘ofil odam bozor tomon qadam qo‘ydi. Uning butun vujudi yaramas nafsiga qaram edi. U egniga Xizrnikiga o‘xshash yashil chakmon tashlab olgan edi. Bu libosi uning bir hiylasi edi.
U bozor ichida keta turib, do‘konlarda turli ne’matlarning behisob ekanligini ko‘rdi-yu, o‘zini tutib tura olmadi. Buzuq nafsi egri yo‘lga boshlab, har xil ko‘yga sola boshladi. U mohirlik bilan o‘zini gado sifatida ko‘rsatib, xalq orasida o‘zi haqida har xil so‘zlarni ayta ketdi. U goho o‘zining kamolotga erishgani haqida, goho karomatsohib ekanidan afsona so‘zlardi, gohida esa o‘zini aqldan ozgan kishi sifatida ko‘rsatar edi. Xullas, shu xil afsun va makru hiyla bilan odamlardan yegulik va biron tanga undirib olar edi. Shu tarzda u o‘zini va o‘zgalarni aldab, shum nafsi buyurgan narsalarni terib yurar edi. Yegan bangi har lahza uni yuz xil buzuq xayollarga yetaklar, ko‘ngliga har xil bo‘lmag‘ur fikrlarni solar edi.
Nogahon uning oldiga ko‘p mamlakatlarni kezib o‘tgan jahongashta bir sohibdil komil kishi keldi. Hiylagar odam uni ko‘rgan zahotiyoq o‘zining yomon holatidan xijolatda qoldi. U kishi dedi:
– Pirning oldida qo‘lga kiritgan narsalaringni ko‘rsat. Qani ko‘raylik-chi , qanday baxtga erishibsan!
Boyagi badbaxt kishi pirga to‘rvasini ochib ko‘rsatdi. Uning ichi zahar-zaqqumlar bilan to‘la edi. U o‘zi yiqqan narsalarning bari najosat va iflosliklar bilan to‘la ekanini ko‘rgach, bundan jismiga o‘t tushib, ko‘ngli o‘rtandi. Pir unga yerdan bir hovuch tuproq va tosh olib berib: “Ularga qara” dedi. U qarasa qo‘lidagi tuproq emas oltin, toshlar esa la’l va qimmatbaho durlarga aylangan edi. Noqis kishi bu holatni ko‘rgan zahotiyoq komil pir uning oldidan g‘oyib bo‘ldi. U xalq o‘rtasida sharmandai sharmisorlikdan xijolatda qoldi.
Ammo shuni ham e’tirof etish kerakki, Bertelsning islomiy tasavvufga qarashi va talqinlari ancha keng. Shubhasiz, bu holat Navoiyning “Lison ut-tayr” va Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonlari munosabati bilan kelib chiqqan. Jumladan, u Attor kitobidagi hikoyatlarda buddaviylik va moniylik oqimi falsafasini ko‘radi va bunday mazmundagi hikoyatlar manbalari xalq og‘zaki ijodida ekanini ta’kidlaydi. Eski ishonch-e’tiqodlar yashirin tarzda islom g‘alabasidan keyin ham davom etdi, deb yozadi. Ayni paytda Bertels yozadiki, bu masala nihoyatda murakkab va bu o‘rinda chuqurlashish o‘rinli emas (Navoi i Djami… 416-417-b.). Bertels “Lison ut-tayr” dostonidagi hikoyatlarning umumiy mundarijasi va mazmuni haqida to‘xtalganda esa, turli-tuman materiallar va manbalar – Qur’on syujetlari, hadislar, shayxlar hayoti, arab nasriy asarlari, fors she’riyati namunalaridan foydalanganini va bularning hammasi bilan Navoiy juda yaxshi tanish bo‘lganini dalillaydi. Biz 2002 yili buddaviylik va moniylik matnlari asosida mazkur oqimlarning Sharqdagi roli, aqidalari haqida maxsus kitob yozgan edik (Nasimxon Rahmonov. Ruhiyatdagi nur murodi. Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti.) Albatta, ustoz Bertels ta’kidlaganiday, bu masala nihoyatda murakkab. Bu masalalarga kelgusida bag‘rikenglik chuqur mulohaza bilan ilmiy yondashuv kerak bo‘ladi.

Nasimxon Rahmonov,
filologiya fanlari doktori, professor

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 2-son