Agar o‘z chig‘anog‘ida yotgan, ochilib qolgan ustritsaga qarasangiz, bu jonivorning juda ko‘p funktsiyalarni bajarishiga ishonishingiz qiyin. Keling, ustritsani diqqat bilan o‘rganaylik va uning hayotiga razm solaylik.
Atrof muhitga bog‘liq ravishda shakli, katta-kichikligi va chig‘anog‘i bilan farqlanadigan ustritsalarning 100 dan oshiq turi bor. Amerika ustritsasining tanasi chig‘anoqning egilgan yarmida, chap tomonida joylashgan; o‘ng yoki ust tomoni, odatda, silliq bo‘ladi. Chig‘anoqning uchli qismi ustritsaning old tomonida, orqasida keng, aylana qismi o‘rnashgan.
Chig‘anoqning ikki pallasi yoki tabaqasi bir-biriga egiluvchan pay bilan bog‘langan. Tabaqaning ichki tomonida «mantiya» deyiladigan yupqa pardasi mavjud. Ustritsaning mantiyadan o‘sib chiqqan va himoyalanishda ishlatadigan ikki qator mo‘ylovsimon paypaslagichlari bor. Bu mo‘ylovsimon paypaslagichlar har qanday shovqinni, yorug‘lik o‘zgarishini yoki boshqa bir ta’sirni sezadi. Ular mantiyadagi asablar orqali mushaklarga signal beradi, mushaklar esa, o‘z navbatida, chig‘anoqlarni yopadi.
Ustritsa boshqa jonivorlarga hujum qilolmaydi, shuning uchun ham u chig‘anog‘ini mahkam yopib va uni jips ushlab turib himoyalanadi. Bu maxsus mushaklar orqali amalga oshiriladi. Mana shu mushaklar tufayli yesa bo‘ladigan barcha ustritsalar suvdan tashqarida yashay oladilar. Ularning ayrim turlari harorat noldan sal yuqori darajada saqlansa, to‘rt oygacha buzilmasligi mumkin. Bordiyu ular isitilsa, silkitilsa yoki ehtiyotkorlik qilinmasa, mushaklar holsizlanib, tabaqalar ochilib, ichkaridagi suvlar chiqib ketadi va ustritsa nobud bo‘ladi.
Ustritsa oyqulog‘i yordamida suvdan kislorod oladi. Ustritsa suvdagi mikroorganizmlar bilan ovqatlanadi. Ularni faqat mikroskop orqali ko‘rish mumkin. Ustiga ustak, ustritsalar kerakli o‘lcham va shakldagi hamda boshqa talablarga javob beradigan mikroorganizmlarni tanlashda yetarlicha sezgiga ega.
Ustritsaning oshqozon va ichagiga tutashgan kichkina «halqumcha»si bor. Bu yerda ovqat ferment yordamida ushatiladi va hazm qilinadi. Ayni shu yerda qon hujayralari bo‘lib, u ovqatni o‘rab turadi va singdiradi. Ustritsaning yuragi, qon tomirlari, ko‘k tomiri va qorni, shuningdek, butun boshli qon aylanish sistemasi bor. Yuragi har daqiqada 15 — 24 marta uradi. Ustritsaning qoni tussizdir.
Yuzaki tasniflarimiz sizda ustritsa shunchaki bir hayvon degan taassurot uyg‘otmaydi, deb o‘ylaymiz.