Protestantlar dini qanday paydo bo‘lgan?

16 asr boshlarida «reformatsiya» deb nom olgan diniy inqilob boshlanib ketdi. Oqibatda protestantlar dinining ko‘plab shohobchalari paydo bo‘ldi. Har ikkala so‘z — Reformatsiya ham Protestantizm ham — mohiyatiga ko‘ra bir narsani — ya’ni bu diniy inqiloblarning asosiy maqsadi dinda o‘zgartirishlar qilishga intilish ekanligini anglatadi, darhaqiqat keyinchalik katoliklar cherkovida bu o‘zgartirishlar ro‘yobga chiqdi.

Xo‘sh, bu odamlar nimani o‘zgartirishmoqchi va nima uchun o‘zgartirishmoqchi edilar? Bu noroziliklarga sabablardan biri — ko‘plab cherkov a’yonlarining turmush tarzi edi. Protestantlar, ruhoniylar uchun ma’naviy hayotdan ko‘ra moddiy turmush tashvishlari muhimroq ekanligini ko‘rib, bilib turardilar. Bulardan tashqari islohotchilar indulgensiyalarni, ya’ni kishilarni gunohlari uchun jazolashdan ozod qiluvchi rasmiy hujjatlarni sotishga qarshi chiqqan edilar. Ko‘plari esa ibodatxonalarga qarashli katta-katta yer, hududlarga hasad qilishar edi, qolaversa Reformatsiyaga ko‘mak beruvchi boshqa kuchlar ham bor edi. Ko‘pgina kishilar reformator-islohotchilar qatoriga asosan siyosiy va iqtisodiy sabablarga ko‘ra qo‘shilgandilar. Tobora millatchilik o‘sib borar, uning to‘lqinlarida esa milliy cherkovlarga ega bo‘lish istagi ham paydo bo‘la boshladi.

Yana bir sabablardan biri shunda ediki, bu davrga kelib bevosita cherkov ishlaridan boshqa masalalarga ham aralashaverganligi sababli Rim Papasining hukmronligi ham gumon bo‘lib qolgan edi. Ruhoniy hazratlar o‘rtasida o‘zaro hokimiyat talashishlar boshlanib ketgach, juda katta kelishmovchilik va nizolar kelib chiqdi.

1517 yilda vijdonsizlarning indulgensiya sotishlari shu darajaga yetdiki, oqibatda bu hol Avliyo Avgustin ordeniga mansub nemis olimi Martin Lyuterning norozilik chiqishiga sabab bo‘ldi. U cherkovdan haydaldi, dahriy deb e’lon qilindi, biroq u tomonidan bitilgan aqoidlar (doktrinalar) keng omma orasida tarqalib ketdi. 1530  yilda u o‘zining Augsburg iqrori deb nomlangan, protestantlik dinining 21-moddasidan iborat asarini e’lon qildi. Oqibatda esa katoliklar va lyuteranlar batamom bir-birlaridan uzilib ketdilar. Protestant cherkovi asoslanadigan reformatorlik aqidalari turli ko‘rinishlarda boshqa davlatlarda ham keng tarqaldi va qabul qilindi.