Jon Kalvin kim?

Jon Kalvin 16 asrda Yevropaga yopirilib kirgan Reformatsiya deb nomlanuvchi diniy harakat rahbaridir. Mazkur harakat nasroniy dunyosini ikkiga — katoliklar va protestantlarga bo‘lib yubordi.

Kalvin 1509 yil 10 iyulda Frantsiyada tug‘ildi. U lotin tili, falsafa va mantiqdan saboq olgach, yangi protestant diniga e’tiqod qo‘ydi. O‘zining diniy e’tiqodi tufayli u Frantsiyani tark etishga majbur bo‘ldi va u 1536 yilda Shveytsariyaga, aniqrog‘i Jenevaga jo‘nab ketdi. Muayyan qisqa davrni hisobga olmaganda, u o‘zining qolgan butun umrini o‘sha yerda o‘tkazdi.

Uning kuchli rahbarligi ostida Jeneva protestantizmning markaziga aylandi. Cherkov shahar qonunlarini chiqarar va kundalik hayotning barcha jabhalarini muvofiqlashtirar edi. Qonunlar o‘ta shafqatsiz edi. Jeneva aholisi tejamkor, mehnatsevar va jiddiy bo‘lishga majbur edi. Madhiyadan tashqari biror bir qo‘shiq va raqsni ijro etish man qilinardi. Bu qonunga bo‘ysinmaganlarni shafqatsiz jazolar kutardi.

Kalvinizm shafqatsiz din edi. Kalvinning fikricha inson tabiatan gunohkordir, u faqat Xudoning marhamati ila gunohlardan xalos bo‘lishi mumkin. Ammo bunday sharafga juda kam kishilar, (Kalvin ularni sara odamlar deb atardi) musharraf bo‘ladilar. Va Xudo, deydi Kalvin, allaqachon o‘zi kim bu sara odamlar safida bo‘lishini belgilab qo‘ygan, deydi. Bu g‘oya Kalvinning taqdir yozuvi, qismat to‘g‘risidagi ta’limoti edi.

Kalvin 1564 yil 27 mayda vafot etdi. Biroq bu paytga kelib uning g‘oyalari Jenevadan chiqib G‘arbiy Yevropaning juda katta qismiga tarqalib ketgan edi. 17 asrda Amerikaga jo‘nab ketgan angliyalik puritanlar ham kalvinchilar edi. Bugungi kunda ham presviterianlar va boshqa reformatorlik (islohotchilik) cherkovlari Jon Kalvinning diniy aqidalariga amal qiladilar.