“O‘tkan kunlar” arab tiliga tarjima qilinadi

Misrning Ayn Shams universiteti professori, yozuvchi va tarjimon Muhammad al-Jibali Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini arab tiliga tarjima qilishga kirishdi, deb xabar berdi  “Dunyo” axborot agentligi.

Professor ushbu asarning arabchaga o‘girilishi butun Arab dunyosida iliq kutib olinishiga ishonch bildirgan. Bu o‘zbek madaniyati, mintaqa tarixi, o‘zbekona odob-axloq bilan Yaqin Sharq xalqlarini yaqindan tanitish yo‘lida katta qadam bo‘ladi.

Mutaxassisga ko‘ra, arab tilining sinonimlarga nihoyatda boyligi, har bir harakat va holatni turli usullarda tasvirlash xususiyati, ikki xalqning madaniy-ma’naviy jihatdan yaqinligi romanning ushbu tarjimasi boshqa xorijiy tillardagi tarjimalardan sifatliroq bo‘lishi va badiiy go‘zallikni saqlab qolishga imkon beradi.

Tarjima romanning 100 yilligi arafasida 2024 yili tayyor bo‘lishi va nufuzli Qohira xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Boku shahrida “O‘tkan kunlar”ning ozarbayjon tilida qayta chop etilgan nashri taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi.