1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?
2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng ko‘p tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yo‘lini ko‘rsata olasiz?
3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini o‘qidingiz? Qaysi asar sizga ma’qul keldi-yu, qaysi asardan ko‘nglingiz to‘lmadi? Buning sabablari nimada?
Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli bo‘lmas. Axir, aytadilar-ku, “Kengashli to‘y – tarqamas”, deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga navbatdagi javobni e’tiboringizga havola etayotirmiz.
1. Men adabiyotimiz yuksalish pallasida yoki aksincha – tanazzul davrida degan fikrlarning har ikkalasiga ham qo‘shilmayman. Hozirda so‘z san’atimiz murakkab jarayonni boshidan kechirmoqda. Albatta, badiiy jihatdan yuksak asarlar ham yaratilyapti. Bu – rad etib bo‘lmas haqiqat. Biroq o‘rtamiyona asarlar ham ko‘plab paydo bo‘layotir. Hatto, yuksak saviyali deb hisoblayotgan ba’zi asarlarimiz ham qaysidir, masalan, badiiy til jihatidan oqsayapti. Agar shunday tarozi mavjud bo‘lsa-yu, uning bir pallasiga yuksak, ikkinchi pallasiga o‘rtamiyona asarlar qo‘yilsa, ikkinchi pallaning posangisi bosib ketishi ehtimolga yaqinroq.
Kimdir qachon shunday bo‘lmagan, hamma vaqt shunday bo‘lgan-ku, deya e’tiroz bildirishi mumkin. Yo‘q, bir mahallar sayoz, o‘rtamiyona asarlar chop etilishi yo‘liga g‘ov qo‘yilar edi. Nashriyotlarda shu a’molda sog‘lig‘ini qurbon, umrini fido qilgan Shavkat Rahmondek qat’iyatli, kurashchan muharrirlar bor edi. Ijod maydonida besh-oltitagina bo‘lsa-da, botir, jangovar munaqqidlar javlon urib turardi. Bugun bozor iqtisodiyoti qonuniyatlariga binoan, istagan kishi istagan asarini istagan adadda nashr ettirishi mumkin. Demak, endilikda bir tomondan, bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari va demokratiya tamoyillariga muvofiq keladigan, boshqa tomondan, chinakam badiiy ijod talablarini ham nazarda tutadigan saralash mexanizmini yaratish fursati yetdi.
Bizningcha, hozir adabiyotimiz o‘nglanish va tiklanish pallasida. Adabiy muhit va ijodiy jarayon muvozanatga kelmoqda. O‘tgan chorak asrdagi ijod jarayonining olatasir, palapartish, tezkor sur’atiga oid achchiq saboqlar keng jamoatchilikka ayon bo‘ldi. o‘alvir suvdan ko‘tarilganda, umrzoq asarlar ko‘zga yaqqol tashlandi. Endi ijodkorman degan har bir inson insof bilan ish tutsa, ajab emas.
2. Hozirgi adabiy jarayonda meni tashvishga soladigan muammolar ko‘p. Bularning eng o‘tkiri – adabiy jarayonning qanday kechayotganiga loqayd munosabat: muammolardan ko‘z yumish, ularni xaspo‘shlash, chetlab o‘tish. Bularning bari bir holat emas, balki har biri – alohida holat. Tashvishga soladigan muammolardan yana biri shuki, go‘yoki jamiyatda tanqid yo‘qolgandek. Jamiyatda tanqidga o‘rin qolmagandek. Jamoatchilikning tanqidga yondashuvi xuddi Saltikov-Shchedrinning “Vijdon yo‘qoldi” nomli hikoyasidagi vijdonga munosabatga o‘xshaydi. Tanqidga nisbatan qo‘rquv mavjudligi seziladi. Ijod kishilari tanqiddan, tanqidchidan qo‘rqadi. Sovuqqonlik bilan masofa saqlaydi. Munaqqidlar ham ijod kishilarini tanqid qilishdan qo‘rqadi, bundan iloji boricha saqlanadi. Bu ikki qavm go‘yo ikki qutbga ajralib olib, oliyjanoblarcha o‘zaro odob saqlaydi. Muqimiy ta’biri bilan aytganda: “Ikkalasi bo‘ldi chunon ittifoq, / Go‘yo xayol aylaki, qilmay nifoq”. Xalq ta’biri bilan aytganda esa: “Sen menga tegma, men senga tegmayman”. Xo‘sh, bunday ahvolda tanqidiy tafakkur qanday rivojlanadi? Badiiy asarlarning saragini – sarakka, puchagini – puchakka kim ajratadi? Oddiy odamlarga chinakam badiiy durdonalarni kim saralab taqdim etadi?
3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romanini, Anvar Obidjonning “Ajinasi bor yo‘llar” biografik asarini, Ashurali Jo‘rayevning Odil Yoqubovga bag‘ishlangan kitobini, Abdusaid Ko‘chimovning “Men shoirman, istasangiz shu” badiasini, Tog‘ay Murodning “Yovvoyi yo‘rg‘a” tarjima asarini, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tayyorlanib chop etilgan besh tomlik “Ozod vatan saodati” majmuasini, Izzat Sultonning Alisher Navoiy haqidagi tugallanmagan romanini va yana allaqancha badiiy, publitsistik, adabiy-tanqidiy, ilmiy asarlarni o‘qidim. Bularning hammasi o‘zim tanlab-tanlab, topib o‘qiganim uchun yaxshi asarlar. Ulardan men o‘z ma’naviyatim, didim, bilimim, adabiy saviyamni oshirish uchun ko‘p narsa oldim. Lekin shularning o‘zida ham kitobxonni qanoatlantirmaydigan uncha-muncha kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. “Donishmand Sizif” – yuqori saviyali asar, lekin uslubi og‘ir. Vaholanki, badiiy asarni zavq bilan, riyozat tortmasdan, bir nafasda o‘qib chiqqisi keladi odamning. “Ajinasi bor yo‘llar” romani esa maroq bilan, ravon o‘qiladi. Lekin asar qahramoni o‘smirlik chog‘ida ayol o‘qituvchilariga shilqimlik qilgani, o‘rtoqlari bilan bezorilik va o‘g‘rilikda qatnashgani ochiq-oshkora yozilganini ko‘rib ranjidim. Ehtimol, bola yoshida bunday shumliklar bo‘lar va u bola uchun kechirimlidir. Biroq ulug‘vor yoshdagi xalq yozuvchisi bunday g‘ayriaxloqiy “sarguzasht”larni yozib, chop ettirishini hazm qilish qiyin. Ayniqsa, muallif shunday xatti-harakatlarga o‘z salbiy g‘oyaviy-hissiy bahosini bermasa! Asarni o‘qigan yoshlar bundan qanday ta’sirlanadi? “E, shunday qilib ham zo‘r yozuvchi bo‘lish mumkin ekan, uyat emas ekan”, deb o‘ylamaydimi?! Fikr, ijod erkinligi degani har narsani yozib chop etaverish mumkinligini anglatmaydi-ku! Yaqin o‘tmishda bir shoir fikr, ijod erkinligi haqida bahs yuritarkan: “Shoirning o‘zgalardan farqi shundaki, u o‘zining bitini hammaning ko‘z oldida ochiq-oshkora tozalaydi”, deb yozgan edi. Donishmand adib Asqad Muxtor o‘sha shoirga zudlik bilan: “Xudo xayringizni bersin, shaxsiy bitingizni tozalasangiz – tozalang, lekin zinhor kitobxon oldida tozalamang”, deya tanbeh bergani hamon esimda.
Yaqinda televizorda berilgan bir suhbatda shoir Usmon Azim: “Ilgari muhokama degan tadbirlar bo‘lardi. Asarlar nashrga tavsiya etilishidan avval qilni qirq yorib muhokama etilardi. Hozir mana shu muhokamalar yo‘q. Sayoz asarlar maydonga kelayotgani shunday muhokamalar yetishmayotgani oqibatidir”, deya haq gapni aytdi. Muhokamada bir necha mutaxassisning bir asar haqidagi fikrlari o‘rtaga tushadi, qizg‘in va samimiy munozaralar yuzaga keladi, shu asosda haqiqat qaror topadi, asar xolis baholanadi. Qizig‘i shundaki, ko‘pchilikning beg‘araz fikri bir nuqtai nazarda jipslashsa, buni muallif ham og‘rinmay qabul qiladi va asarini qayta ishlaydi. Hozirda asarlar, muhokama nari tursin, taqriz ham qilinmay chop etilmoqda.
Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Ne’mat Aminov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov kabi salaflar hikoyalarini oling, ular janr talabidan qiyomiga yetgan, badiatan go‘zal, eng muhimi, til va uslubi sayqaldor, ifodalari ixcham, aniq, lo‘nda, xalqchil (“Ozod Vatan saodati” majmuasining nasrga oid 2-jildidagi asarlar nazarda tutilmoqda). Birgina Asqad Muxtorning “Fano va baqo” hikoyasiga diqqatni qaratsak, uni bemalol xalq donishmandligi tajassum topgan adabiy yombi deyish mumkin. Yozuvchi asar syujeti taqozosi bilan yigirmaga yaqin xalq iboralarini juda o‘rinli qo‘llagan. “Kelsa gumon – ketar imon”, “Jon bor joyda qazo bor”, “O‘zingga siqqan sir o‘zgaga sig‘mas”, “Hayosizga har kun – hayit”, “Piyozning po‘sti ko‘p, yomonning – do‘sti”, “Otni tepmaydi dema, itni qopmaydi dema”, “Shoshgan ishga shayton oralaydi”, “Og‘riq tishning davosi – ombur”, “Itning tilagi qabul bo‘lganda, osmondan suyak yog‘ardi” kabilar shu jumladandir. Ayrim keyingi avlod vakillari esa bitta-yarimta iborani ham to‘g‘ri qo‘llayolmagani achinarli. Asad Dilmurod (“Xilvat”), Otauli (“Suv”), Xurshid Do‘stmuhammad (“Qichqiriq”), Erkin Usmonov (“Toshbosgansoy voqeasi”), Normurod Norqobilov (“Buloq”), Nazar Eshonqul (“Qultoy”), Sobir O‘nar (“Begona mehmon”) hikoyalarida tahrirtalab o‘rinlar, g‘aliz jumlalar, noo‘rin va xato qo‘llanilgan iboralar ancha. E.Usmonov “Etti muchasi sog‘” desa, S.O‘nar “To‘rt muchali but” deb ishlatadi. Ular xalq tilidagi “etti xazina”, “mucha” va “muchal” so‘z-tushunchalarini chalkashtiradilar. Xalqda insonning to‘rt asosiy tana a’zosi “to‘rt mucha” deb belgilangan. Ketma-ket kelib, aylanib turadigan 12 jonivor nomi bilan bog‘liq yil hisobi muchal deyilgan. Daromad va baraka manbai bo‘lgan yetti ne’mat “etti xazina” atalgan. Bularni ko‘p odamlar bolalik davridan biladi. Shunday katta hayotiy va kasbiy tajribaga ega yozuvchilar ularni palapartish qo‘llashi aqlga sig‘maydi. E.Usmonov “etti xazina”dagi “etti”ni olib “mucha”ga qo‘shgan, S.O‘nar “mucha” bilan “muchal”ni farqlamagan. X.Do‘stmuhammad juft so‘zlarni qo‘llashda adabiy til va badiiy uslub me’yorlariga rioya etmaydi. “Sassiz-sadosiz”ni “sassiz-nesiz”, “burchak-burchak”ni “burchak-surchak” deb ishlatadi. Oqibatda, juft so‘zlar o‘z nafosatini yo‘qotadi. Shuningdek, “qadam-baqadam”ni “qadam-baqadamlab” deya noto‘g‘ri qo‘llaydi. Yo “qadamlab” yoki “qadam-baqadam” deyish to‘g‘ri bo‘lardi. Qarib, ishga yaramay qolgan kishiga nisbatan xalq “sharti ketib, parti qolgan” iborasini ijod etgan. Bular tildagi “turg‘un so‘z birikmalari”, “frazeologizmlar” hisoblanadi. “Turg‘un” deyilishining sababi – qat’iy formulaga ega: o‘zgartirib yoki teskari tartibda qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki ma’no buziladi. N.Eshonqul esa bir cholga nisbatan “parti ketib, sharti qolgandi” deya ishlatadi. Iboradagi “sharti” so‘zi “yaroqliligi”, “parti” so‘zi esa “yaroqsizligi” ma’nosini bildiradi. Keksa odamning yaroqsizligi ketib, yaroqliligi qolmaydi, aksincha. Bundan tashqari, “parti” so‘zining xalq tushunchasida aytish joiz bo‘lmagan nozik ma’nosi ham bor. Yozuvchi xalq iboralarini tavakkaliga emas, nozik ma’no qirralarini bilib ishlatishi lozim. Yana N.Eshonqul “eng kayvoni” degan iborani qo‘llagan. Kayvonini “mohir”, “uddaburon”, “tadbirkor”, “chaqqon”, “tashkilotchi” kabi qator so‘zlar bilan sifatlash mumkindir. Lekin “eng kayvoni” deb bo‘lmaydi.
Albatta, asar matnini qog‘ozga tushirish – huzurbaxsh ijodiy jarayon. Uning ustida qayta ishlash esa zahmat, sabotdir. Oddiy matn qayta ishlanish orqali sayqal topib, chinakam san’at asariga aylanadi.
Nusratullo Jumaxo‘ja,
filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 47-son