Normurod Norqobilov. Enatosh (hikoya)

Enasining yettisi o‘tkazilgan kunning ertasi yumushga chiqqan Tog‘ay oqshom oldi ovuli tomon o‘sha-o‘sha g‘amnok bir kayfiyatda qaytarkan, kunchiqishdagi adirlik qo‘yniga sho‘ng‘igan ko‘yi, g‘uborli olis ufq qa’riga singib, izsiz yo‘qolgan keng asfalt yo‘lning o‘ng tarafidagi tog‘oldi kengligi uzra misli bodroqdek sochilgan pastu baland tepaliklar orasida eng mahobatlisi bo‘lmish Cho‘ngtepa poyiga yetganida, har safargidek, oyoq ilib, tepalik beliga chirmashgan ingichka so‘qmoqqa andak malollanib boqdi; avvaliga tepalik yonlab borib, so‘ng naridagi do‘ngliklar oralab chuvalanib ketgan ensiz toshyo‘lga hardamxayol nazar tashlab qo‘yishni ham unutmadi. Bejizga emas, negaki, katta yo‘l bo‘ylab enlab tushgan Cho‘ngtepa ortidagi kichik vodiyda joylashgan mo‘jazgina ovuliga har ikkisi ham olib boradi, farqi – biri haddan ziyod tik, yuqoriga o‘rlaguningcha toza tinkang quriydi, biri esa aylanishli, do‘ngliklar oralab xiyla ulog‘ib yurishingga to‘g‘ri keladi.

Aslida toshi yengil, poyi-piyoda odamga ushbu tor so‘qmoqdan sozi yo‘q, chunki Cho‘ngtepa deganlari bu tomondan tik va baland esa-da, ters tarafi vodiy sathiga tutash qiyalik, quyiga o‘ynab-o‘ynab enasan. Biroq quyiga o‘ynab-o‘ynab enish uchun esa avvalo uzuq-yuluq, ingichka, sirpanchiq so‘qmoqdan bir amallab tepaning toshloq yag‘riniga chiqib olmoq darkor. Shuning uchun, ovul yosh-yalanglarini demasa, kattalar so‘qmoqqa yaqin yo‘lashmaydi, andak aylanishli bo‘lsa-da, shu o‘zimizning ko‘hna yo‘l durust, deyishadi. Tog‘ayga kelsak, Cho‘ngtepa yelkasiga oyoq qo‘yishi hamon ko‘zga tashlanadigan och jigarrang tusdagi baland qoyatosh – Enatosh bag‘rida har shom yo‘liga ko‘z tikib o‘tiradigan enasi, Adolat kampir vajidan so‘qmoqqa tirmashishni odat qilgan. Bu gal ham ushbu ko‘nikma bo‘yicha, boyasaroq salgina sevalab o‘tgan ko‘klam yomg‘iridan namlangan so‘qmoqdan, tiyg‘ana-tiyg‘ana, asta yuqorilay boshladi.

Tog‘oldi zaminiga xos, Cho‘ngtepa asosi qoyatosh, yuzasidagi bir enlik soz tuproq esa yog‘in-sochinga bardoshsiz. Shuning uchun yuqoriga tirmashgan odam yo‘l-yo‘lakay qoyatoshlarga mang­lay urmay, so‘qmoq bo‘yidagi sertikanak achchiq bodom butalariga “talanmay” sira iloji yo‘q. Ammo bolaligidan tik so‘qmoqlarga o‘rlashning obdon hadisini olgan Tog‘ay kabi yigitlarga bu xil noqulayliklar cho‘t emas, manglayi terchib, egni terdan namiqib, zumda yuqoriga chiqib oladi.

U bazo‘r nafasini rostlab, tepaning keng, uning ta’biricha, zabardast yag‘riniga qadam qo‘yarkan, odatiga ko‘ra, qarshisida yuz ochgan manzara qoshida bir zum tek qotdi-da, so‘ng yashil vodiy kunbotishida, sanoqli qo‘rg‘onlardan iborat jimitdek ovul joylashgan do‘nglik betida ko‘kka bo‘y rostlab turgan Enatosh – boshida lachak, so‘l qo‘li ko‘ksiga yopishgan, o‘ng kafti tizzasida, tepalik sari xayolchan termulib o‘tirgan ayol timsoli – ulkan qoyatosh bag‘riga g‘ayriixtiyoriy tarzda oshig‘ich ko‘z tashladi.

Vo ajab, Enatosh bag‘ri bo‘m-bo‘sh edi.

– Iya, enam qani?!

Yigit ko‘ksidan bexos ko‘chgan bu nido kechki shabada qanotiga ilashib ulgurmay, volidasi bir necha kunning narisida bandalikni bajo keltirgani va endi hech qachon Enatosh tizzasida – uning ushoq va jonli nusxasi bo‘lib – har kech yo‘lini poylab o‘tirmasligi daf’atan esiga tushib, bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi, mijjalari yoshlanib, alamdan mushtumini tishladi. So‘ng go‘yo bu judolikni ko‘tarmoqqa ortiq holi qolmagandek, yonidagi kulrang xarsang chetiga g‘amgin cho‘kdi. Enatosh bag‘ridek, ko‘ngli bo‘m-bo‘shligi bois, shu ondayoq o‘ta fayzsiz tus olgan qoyatoshga ortiq qaramaslikka tirishib, endigina qizara boshlagan ufqqa, vodiyni tevaraklagan do‘ngliklarga, viqorli tog‘lar poyiga bosh qo‘ygan qirlarga, naridagi qorli cho‘qqilarga, yashil vodiy puchmoqlariga hamda tebranayotgan maysalaru turfa mitti chechak­larga birma-bir razm solgan – o‘zini alahsitgan bo‘ldi.

Biroq o‘zini har qancha chalg‘itishga urinmasin, nazarida, kimdir shu tomonga zimdan tikilib turgandek tuyulaverdi. Bu xil g‘ayritabiiy tuyg‘uni hali uylanmagan, sho‘xlikdan tiyilmagan, ya’ni tepalik boshidagi xarsanglar ortiga atay biqinib, shusiz ham o‘zini ilhaq kutib o‘tirgan enasini andak xavotirga solishga uringan kezlarida hamisha yurak-yurakdan his etardi. Adolat kampir allaqachon uning qorasini ilg‘agan va bundan ko‘ngli taskin topgan esa-da, toki o‘g‘li qoshiga kelmaguncha, o‘rnidan jilay demasdi, o‘tiraverardi qoyaday tosh qotib, so‘ng salomiga alik olish o‘rniga aytgan gapi shu bo‘lardi: “Sen tiyiqsizni tezroq uylab qo‘ymasam, hech quyiladiganga o‘xshamaysan!”.

Oxiri bo‘lmadi –ich-ichini tirnayotgan sog‘inch va qandaydir undovga bo‘ysinib, sekin o‘sha tarafga bosh burdi.

Enatosh!

Xuddi enasidek o‘zi tomon xayolchan termulib turardi.

Bu qadar o‘xshashlikni kutmagan, aniqrog‘i, shu lahzagacha buni ilg‘ashga hatto harakat ham qilmagan yigitning yuragi bir qalqib tushdi.

Yo alhazar, nechun buni shu damgacha payqamadi ekan?!

Chindan-da nechun?

Nechunligi shundaki, aksariyat kishilar kabi o‘zi unib-o‘sgan muhitga nisbatan ancha­yin loqayd bo‘lgan Tog‘ayning bor diqqati shu damgacha qoyatosh quchog‘ida suyukli o‘g‘lining yo‘liga ko‘z tikib o‘tiradigan enasiga qaratilgani, bundan-da nochori, ovuldoshlari singari, bu ko‘hna zaminda kim yoxud nimagadir o‘xshash toshdan kami bormi, degan o‘ta lanj ko‘nikmaga egaligi tufayli oradagi bu o‘xshashlikka hech qachon jiddiy ahamiyat bermagan, yanada aniqrog‘i, xuddi boshqa joy qurib qolganday, ovul o‘rtasida qo‘nqaygan qandaydir kampir nusxa jo‘ngina bir tosh edi uning uchun. Bu xil g‘alati shakl-shamoyilga ega toshlar vodiyda qahat emas, sanasang – o‘ndan oshadi. Ana, ulardan yana biri – ulkan Ayiqtosh. Turibdi, Enatosh bo‘y rostlagan betning janubiy qismida ovul tomonga tumshug‘i hamda so‘l panjasini do‘stona cho‘zib. Qisqasi, vodiy hududida e’tiborga arzigulik g‘aroyibatlar yetarli darajada esa-da, biroq ularni ilg‘aydigan nigoh, anglay oladigan idrok g‘oyatda taqchil edi. Ovul ahliga ularning hech bir qizig‘i va zarracha qadr-qimmati yo‘q edi.

Ovul ahlidan farqli o‘laroq, mazkur “toshhaykal”larga chet kishilar – ayrim jo‘shqin fe’lli sayyohlarning e’tibori va munosabati butunlay bo‘lakcha edi. Qaysidir bir yili kichkina sarg‘ish chodirini ko‘tarib kelgan ana shunday sayyohlardan biri Enatoshni ona timsoliga qiyoslab, suratini olgan va unga sakkiz qator she’r bag‘ishlab, gazetaga bosib chiqargandi. Ushbu voqea sabab qoyatosh Enatoshga aylangan esa-da, baribir ovul kishilarining ayricha e’zoziga sazovor bo‘lmagan, qaytamga, o‘sha “shoir” sayyoh ustidan anchagacha kulib yurishgan: “Bechora g‘irt yetim ekan-da, a, toshni enamlab qopti!”.

O‘sha kulganlar orasida Tog‘ay ham yo‘q emasdi, hiringlash borasida ovuldoshlaridan o‘zgan bo‘lsa o‘zgandirki, aslo ortda qolmagan. Mana endi judolik tufayli yuzaga kelgan sog‘inch hissi mudroq shuuriga to‘yqusdan keskin ta’sir etib, hayrat to‘la nigohini qoyatoshga mixlab qo‘ygandi.

U yelkasidan tog‘dek bosib turgan g‘am balosini, zumga bo‘lsa-da, paqqos unutgancha, qoyatoshning kelbati va qiyofasidan enasiga o‘xshash jihatlarni qidirishda davom edi: boshidagi lachak… manglayi… bo‘rtiq yanoqlari… cho‘zinchoqroq yuzi… o‘ng yelkasi so‘liga qaraganda biroz kengroq demasa… o‘ng tizzasi ustidagi qo‘li… xiyol oldinga egilgan qomati – o-o, bari juda-juda o‘xshash… Oqibat, kenja o‘g‘il sifatida hamisha Adolat kampirning alohida mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan, chunonchi, enasini akalari va boshqa xeshlariga nisbatan bo‘lakcha suygan bu erkatobroq o‘g‘ilning nim ochiq lablari orasidan bisotida bo‘lmagan, bo‘lgan taqdirda ham, bugunga qadar biror marta tiliga olmagan ibora beixtiyor sirg‘alib chiqdi:

– Mo‘jiza!

Bu so‘zni yarim ovozda takror irod etarkan, vujudida tiyiqsiz bir hisni – enasining har kech po‘stak tashlab o‘tiraverishidan oynadek silliq tortgan qizg‘ish tosh yuzasiga, Enatoshning so‘l tizzasiga bir damgina bosh qo‘yish istagini tuydi. Biroq bu istakni qondirmoq uchun avvaliga quyiga enib, so‘ng betga o‘rlashi lozim edi. Boz ustiga, xohlasa-xohlamasa, bu amalni jigarlari ko‘z o‘ngida ado etmog‘i darkor edi. Agar shunday qilar bo‘lsa, turgan gap, bu qilig‘idan boshda ular anqayishadi, so‘ng miyasi suyilib qopti buning, deya ustidan kulishadi.

– Qani, kulib ko‘rishsin-chi!

Tog‘ayning yuragi to‘yqusdan olovlanib, kishini anglashdan ko‘ra ustidan kulishni xush ko‘radigan xeshlariga nisbatan adovatga o‘xshash otashli bir tuyg‘uni his etib, achchiq-tizziq gap­lar bilan barini boplab qamchilashni ko‘ngliga tugdi: “Kuydirgan kalladay tirjayishni bas qilib, avval manovu gapni eshitinglar! Bugun men buni ilkisdan bildim, barimiz ko‘r, Enatoshni aynan enamga o‘xshashini bilmaydigan darajada basir ekanmiz! Qaranglar! Ha-a, tuzuklab qarang­lar, kimga o‘xshaydi bu?! Enamga o‘xshaydi! Endi gap shu, bundan so‘g‘in har kuni Enatoshni tavof qilamiz! Bugun kech, ertan poyiga bir jonliq so‘yamiz, qon chiqaramiz! Nimaga deganda, bu tosh nafaqat enamga o‘xshaydi, unga, ha, unga, enajonimning ruh-ruxsori singgan! Bugun menga boshqacha qaradi! Ha, xuddi enamday qaradi!”. Bu gap-so‘zlari jigarlariga nechog‘lik jiddiy ta’sir etishini o‘zicha tasavvur etib, yuziga tund tabassum indi. Keyin esa tabiatning bu qadar mohir, bu qadar chevarligini go‘yo endi teran idrok etayotgandek – aslida ham shunday – ko‘z o‘ngida butunlay o‘zgacha ma’no va mazmun kasb etgan tevarak-atrofdagi boshqa shakl-shamoyildagi qoyatoshlarga, jumladan, Ayiqtoshga ayricha e’tibor bilan nazar tashladi. Umrida ilk bora fe’lidagi loqaydlik sababini qidirib, o‘z ta’biri bilan aytganda, ongini cho‘kib qolgan loyqa-luyqa va qo‘qimlardan tozalashga urinarkan, saldan so‘ng o‘zini oqlamoqqa topgan bahonasi shu bo‘ldi: “Vaqtida yolchitib o‘qimaganmiz-da, agar o‘z vaqtida manovu pishmagan xumkallani toshlarga urib-urib o‘qiganimizda bormi, bu qadar omi, bu qadar fikri sust tanbal bo‘lmasdik… Qarang-a, axir buning bari shunchaki tosh emas, mohir usta qo‘li bilan yasalgan toshhaykallarga o‘xshaydi-ku…”. U boya o‘ziga juda yoqib tushgan o‘sha yangi iborani qayta tilga oldi:

– Mo‘jiza!

Yigitning yoniq nigohi endi ovul bo‘ylab kezina boshladi. Enatosh poyiga qadar cho‘zilgan keng yo‘lakning so‘l tomonida katta akasi – Abduqahhorning baland tosh imorati savlat to‘kkan, o‘ngdagi ixcham qo‘rg‘on o‘ziniki. Kichik akasi Abdunazarning anchayin didsizlarcha qurilgan qo‘rg‘oni do‘nglik tepasida bo‘rtib turgan barmoq nusxa toshbo‘rtiq – qoyatosh poyidan o‘rin olgan. Undan xiyol quyiroqda qator tushgan to‘rt qo‘rg‘on esa uzoq-yaqin xeshlariga tegishli. O‘sha qator chekkasida Abduqahhor ikkinchi o‘g‘li – Raufga atab tashlagan yangi imorat o‘rni – chala-yarim poydevor qorayib turardi. Ovulda faqat birgina Abduqahhorning qo‘rg‘oni, boshqalarniki kabi belga yetar-etmas toshqalama bilan emas, tepasi tunukalangan bo‘y baravar pishiq-puxta toshdevor bilan o‘ralgan. Akasining fe’li shu – kimda nima ko‘rsa, o‘shandan ulgu olishga urinadi. Tuman markazida kimningdir dang‘illama uyiga havas qilib, ushbu imoratini buzib, qayta solgan. Bo‘lmalari o‘nga yaqin, biroq kelin tushirgan bo‘lishiga qaramay, haligacha yarmidan ko‘piga birov bosh suqmaydi, qurilganidan beri chang bosib yotibdi. Bu yil esa Raufning uyini yanada baland ko‘tarmoqchi, agar imkon topsa, bir emas, qo‘shqavatli qilib.

Nechun?

Bu kabi savollar uni o‘ylatmaydi.

Hozircha yagona orzusi shu – o‘g‘lini bu atrof­da tanho bo‘lmish qo‘shqavatli uy sohibiga aylantirish. Uy – o‘g‘ilga, obro‘y esa – otaga. Axir, o‘g‘il mulki – ota mulki, degan gap bor-ku. Bu o‘ladigan dunyoda shu kabi orzu-havaslardan bo‘lak yana nima kerak kishiga! Aytadilar-ku, yo dong‘ing chiqsin, yo changing, deb! Otasi Haydar chavandoz ushbu ovulga tamal toshini qo‘yganidek, o‘zidan ham biror yodgorlik, hechqursa bir-ikkita qasrnoma toshimoratlar qolsin-da! Bu haqda birovga churq etmasa-da, biroq tutumidan shu narsa ayon. Ustiga ustak, o‘lgudek ishchan, chorvasiga bir emas, to‘rt cho‘pon yollagan bo‘lishiga qaramay, keti yer iskamaydi – yillab yiqqanini yo‘q yerdagi orzu-havaslar yo‘lida ayamay sovurishdan qaytmaydi.

Bundan yetti yilning narisida dorilfanodan dorilbaqoga rixlat qilgan Haydar chavandoz asos solgan bu mo‘jaz ovul vodiyda tanhodek tuyulsa-da, aslida yakka-yolg‘iz emas, tepasida toshbo‘rtiq bo‘ylanib turgan do‘nglik ortidagi quyi yalanglikda joylashgan O‘rtaovulning uzviy qismi – ayro tushgan bo‘lagi. Nomi ham shunga yarasha – “Ayriovul”. Darvoqe, uni asosiy ovuldan ajratib turgan toshbo‘rtiq – “Boshbarmoq”, vodiy esa – “Yalangkaft” deb ataladi. Bu kabi g‘alati nomlanishlar bejizga emas, e’tibor bilan qaralsa, vodiy sathi chindan-da barmoqlari yarimdan kengroq yozilgan yalang kaftga, uning sharqiy-shimoliy sarhadida ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan to‘rt qoya – to‘rt barmoqqa, qibla tomondagi tepa qismi chatnagan toshbo‘rtiq esa boshbarmoqqa o‘xshaydi. Yalangkaft zamini tosh, toshkaftni enlagan qalin tuproq unumdor, vodiyning toqqa tutash qismida to‘rt buloq jildirab, yana ikkisi ovul biqinida qaynab turibdi, suv degani mo‘l – xohlagancha dehqonchilik qilish mumkin. Biroq ovul ahli ekin-tikindan ko‘ra chorvani xush ko‘radi. Bu kichik ovuldan bir Tog‘aygina chetda – tuman markazi biqinidagi korxonada ishlaydi, qolganlar chorva etagidan mahkam tutgan, tuyoq sonini ko‘paytirish ilinjida kuyib-pishib yurishadi.

Tog‘ay oniy lahzada jo‘n qoyatoshdan muqaddas toshga aylangan Enatoshga o‘zgacha ehtirom ila qaray-qaray, quyiga enarkan, ovul qo‘nim topgan betga yetganda tug‘ishganlarining motamsaro ko‘ngliga ortiqcha g‘idi-bidi sig‘masligini nazarda tutib, hozircha tuyg‘ulariga erk bermaslikka, bugun aytilishi lozim bo‘lgan gap-so‘zlarini sal keyinroqqa qoldirishga ahd qildi. Agar shu tobda birov, yo‘liga, “enam-ov” desa, qo‘shilib yig‘lashga hozir edi u.

Yigit shu andishada quyidan betga ko‘tarilar ekan, to‘satdan ayol kishining azador muhitga yot quvnoq kulgusini eshitib, taajjubga tushdi. Bu paytda u bo‘y baravar toshdevor yoqalab bormoqda edi. Quvnoq kulgu bot takrorlangach, hayrati cho‘nglashib, o‘z eshigi qolib, zumda og‘asining lang ochiq hashamdor darvozasi qarshisida paydo bo‘ldi.

Qiziq, ko‘ngliga kulgu siqqan kim bo‘ldi ekan?

Ko‘zi keng hovli o‘rtasida, tepasi yopiq og‘och so‘rida o‘tirgan bir to‘p qiz-juvonga tushdi. Aksariyati azador kiyimda esa-da, xuddi gap-gashtakka yig‘ilganday xushhol gurunglashgancha, biri sabzi to‘g‘rab, biri piyoz archib kechki taomga hozirlik ko‘rishar, nariroqda yangi so‘­yilgan qo‘y nimtalari osig‘liq turar, oynavand peshayvondan esa erkaklarning gangur-gunguri quloqqa chalinar, go‘yo yaqindagina bu ovuldan o‘lik chiqmaganday, Tog‘ay kutgan hazin kayfiyatdan asar ham yo‘q edi. Ana, o‘z ayoli Xadicha ham iymanibgina kulguga jo‘r bo‘lmoqda.

Ayollar darvozada turib qolgan Tog‘ayning qorasini ilg‘ashga ulgurmay, ichkaridan akasi Abduqahhor, tish kavlagancha, notanish yigitlar – o‘tgan kuzda yangi imorat poydevorini chala-yarim qo‘yib ketgan ustalar bilan boshlashib chiqib keldi. Demak, u qurilishni boshlamoqchi.

Namuncha oshiqmasa!

Qoshiga soyaday sirg‘alib kelgan yigitlarning qaysi biri bilan so‘rashdi, qaysi biri bilan ko‘rishdi – Tog‘ay tuzukroq anglay olmadi, qoqqan qoziqday, turaverdi serrayib. Avzoyi­dan ayollar darrov sergak tortishgan esa-da, ammo erkaklar uning tund aftiga tariqcha e’tibor berishmadi, o‘zaro so‘ylashgancha Enatosh tomon yurishdi.

Tog‘ay hovliga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay, so‘ridan sirg‘alib tushgancha o‘zi tomon jonsaraklanib kelayotgan ayoliga qovog‘ini uyub qarab turarkan, taq-to‘q ovozni eshitib, asta Enatosh tomon o‘girildi. Qarasaki, belbog‘iga choqqina cho‘kich qistirig‘li, manglayi keng, yanoqlari bo‘rtiq, ko‘zlari qisiq, mo‘ylovdor ustaboshi qoyatosh poyida uyulib yotgan katta-kichik toshlardan birini olib, birini qo‘yib ko‘rmoqda. Qolganlar esa uning xatti-harakatlarini kuzatib, jimgina turishibdi.

Nima qilayapti bu?

Tog‘ay es-hushini yig‘ishga ulgurmay, qulog‘iga shu gap chalindi.

– Poydevorga bemalol yetsa kerak…

– Kamiga-chi? – o‘smoqchilab so‘radi Abduqahhor, devorni nazarda tutib.

– Agar haqi to‘lansa, – ustaboshi yelka uchirib, qitmirona iljaydi-da, Enatoshga ishora qildi, – manovu tomoni serqatlam ekan… bir harakat qilsak, kamigayam yetkazamiz-da, boy ota. Yo olis daradan tosh opkeb berasizmi?

Akasining toshimorati Enatosh biqinidagi kichik qoyatoshni komiga tortgani yodiga tushib, Tog‘ay hushyor tortdi.

– Pulsiz hatto yo‘talmayman deng? – dedi akasi achitib.

– Pulsiz yo‘talib bo‘larkanmi, boy ota, – ustaboshi mo‘ylovini burab, yoyilib kuldi. – Tomoq qirilib ketadi-ku…

U qishin-yozin boshidan tushmaydigan yag‘ir telpagini ensasiga surib, manglayini yengilgina qashladi-da, so‘ng so‘zlana-so‘zlana, tabiiy tosh zinalarni bir-bir bosib, Enatoshning “tizza”li qismiga ko‘tarildi, go‘yo toshning oynadek silliqligiga havasi kelganday, so‘l “tizzatosh”ning qizg‘ish sirtini kafti bilan silab-siypaladi. Keyin xuddi o‘sha yerga oyoq qo‘yib, “tizza” ustiga chiqdi. Qoyatoshdan namuna olish o‘yida belidagi cho‘kichni qo‘liga tutdi. U “usta” maqomiga ega esa-da, toshlarning xili va soziga ko‘pam aqli yetavermasdi. Ammo o‘rni kelganda, o‘zini ko‘rsatishga g‘oyatda mohir edi. Hozir ham quyida turganlar e’tibori o‘ziga qaratilgani sabab, o‘ta bilag‘on kishi sifatida qoyatosh bag‘riga, shunchaki yo‘liga, cho‘kich o‘rib ko‘rish niyatida edi. Biroq maroq bilan boshlagan “o‘yin”ini adoqlay olmadi – to‘yqusdan qo‘pgan g‘ayritabiiy bir o‘kirikdan sho‘rlikning esi to‘nkarilib, cho‘kichi qo‘lidan tushib ketdi.

– Qani, tush pastga! – deya qayta bor ovozda hayqirdi, uning Enatosh “tizza”siga, yo‘q-yo‘q, Enatosh “tizza”siga emas, enasining tabarruk tizzasiga oyoq qo‘yganidan quturish darajasiga yetgan Tog‘ay, mezbonlik taomilini paqqos unutgan holda. – Emasam, hozir chatog‘ingni chiqaraman!

Ustaboshi bazo‘r o‘zini o‘nglab, “Hozir-hozir, mana, hozir”, deya zing‘illagancha pastga enarkan, inisining bu qilig‘idan boshqalar qatori hang-mang turib qolgan Abduqahhorga nimasi bu, degan ma’noda ko‘zlarini javdiratib qaradi.

– Nima gap, o‘zi? – dedi begonalar oldida qattiq xijolatda qolgan Abduqahhor, nihoyat o‘ziga kelib. – Anglat… bunday!

– Agar yana toshga qotinar bo‘lsang, naq qansharingdan otaman! – dedi Tog‘ay taxmon kunjagiga bekitib qo‘yilgan qo‘shog‘iz miltig‘ini nazarda tutib, vajohat to‘la ohangda. – Ha, ikki qoshing­ni o‘rtasidan otaman!

– Uv-v, nimalar deyapsan sen, o‘zi? – Abduqahhor ovozini bir parda ko‘tardi. – Jin chalganday namuncha bo‘kirasan, a?

– Jin meni emas, sizni chalganga o‘xshaydi, aka! – dedi Tog‘ay qahr to‘la ko‘zlarini ustaboshidan uzib, unga o‘qdek qadarkan. – Imoratni deb endi bu toshniyam gumdon qilmoqchimisiz? Yo‘q-q, kechiribgina qo‘yasiz! Bu tosh siz o‘ylaganchalik oddiy tosh emas! Enamning ruhi va ruxsori bu! Qarang, bunday! Nahotki bunda enamning qiyofasini ko‘rmayotgan bo‘lsangiz?! Qarang, yaxshilab qarang! Mening enam! Bu oqshom enam o‘rnida ena bo‘p kutib olgan enajonim mening bu!

Bu gap-so‘zlardan hamma lol turib qoldi, so‘ng barcha, jumladan, allaqachon so‘rini tark etib, mojaro tomoshabiniga aylangan ayollar ham Enatosh tomon o‘girilishdi. Biroq u yaqindan ko‘pam marhumaga o‘xshamasdi, uning butun sir-sinoati kunchiqish tarafdan turib qarashga bog‘liq bo‘lib, shunda ham xiyol olislabroq boqish lozim edi.

– Ha-a, enang o‘lib, sen bechoraning butunlay esing og‘ib qopti! – dedi Abduqahhor ham achitib, ham achinib.

– Yo‘q, enam o‘lmagan! – dedi Tog‘ay qaysarona bir ohangda. – Mana, u kishi tepamizda savlat to‘kib turibdi!

Abduqahhor qiziqsinib qoyatoshga qayta tikildi. Biroq bir tuki qilt etmadi, qaytamga, ajabsindi: “Buning nimasi enamga o‘xsharkan, a? Lachak yopingan qandaydir alvasti-ku bu!”. Qoyatoshning enasiga o‘xshash-o‘xshamasligi emas, aksincha, uning o‘ng biqinidagi imoratga yarog‘li toshlar qatlami ko‘proq qiziqtirmoqda edi uni. Axir burni tagida shuncha tosh zaxirasi bo‘la turib, nega endi chiqim qilib, olis daradan tosh tashib yurishi kerak? U shu o‘yda Enatoshga boshdan-oyoq razm solarkan, to‘satdan tosh inisining qo‘rg‘onidan ko‘ra, o‘ziga yaqinroq yerda joylashganini payqab qoldi.

– Ko‘p boshni qotirma! – dedi pisanda ohangda. – Qara, bu tosh sendan ko‘ra ko‘proq menga tovin…

– Qachondan beri ena kimgadir tovin bo‘lib qoldi? – dedi Tog‘ay uning sha’masini anglab.

– Axir bu enang emas-ku, nodon!

– Yo‘q, menga ena! – dedi Tog‘ay qat’iy yo‘sinda. – Bundan keyin har oqshom ishdan qaytishimni ilhaq kutib oladigan enam bu mening! Undan ko‘ra tavob qiling! Ertan, yo‘q, shu jumada poyiga jonliq suyaman! Tevaragini tozalab, obod qilaman!

– Elga kulgu bo‘lasan…

– Enam uchun kulgu bo‘sam-bo‘pman-da!

– Yo‘q, buni senga bermayman, o‘zimga kerak bu.

– Tirikligi malol kelardi… – dedi achitib Tog‘ay. – Endi toshi kerak bo‘p qoldimi sizga!

– Haddingdan oshayapsan!

– Men emas, siz oshayapsiz!

– Demak, bermaysan?

– Xuddi shunday.

– Axir…

– Axir-paxiri yo‘q!

Ustalar oldida noqulay ahvolga tushib qolgan Abduqahhor, bir xayoli, qahr otiga irg‘ib minib, ukasi ustiga ot surmoqchi bo‘ldi. Ammo agar jahllansa, uning hech narsadan tap tortmasligini bilgani uchun, shu xil qaltis paytlarda otasi qo‘llaydigan ibratli amallardan birini ishga solmoqni ma’qul topdi.

– Xay-y, bu masala yechimini senu men emas, – dedi darrov yuziga niqob tortib, yurt kayvanilariga xos salobatli ohangda, – el-ulus hal qiladi. El nima desa – shu! Qani, aytinglar-chi, bu tosh chindan-da marhuma enamizga o‘xshaydimi, yo yo‘qmi? Agar o‘xshasa, toshga qotinish yo‘q, o‘xshamasa… aksi bo‘ladi.

Davraga og‘ir sukunat cho‘kdi.

Abduqahhor yuzaga kelgan bu sukunatni inkor ma’nosida qabul qilib, botinan o‘zida yo‘q sevingancha, endi tantana qilmoqchi ham ediki, ayollar to‘pidan Xadichaning jur’atsiz ovozi eshitildi:

– Ha-a, chindanam o‘xshaydi, boyog‘a.

– Balkim o‘xshar… – Abduqahhor ichidan qirindi o‘tsa-da, sir boy bermaslikka tirishib, o‘sha viqor, o‘sha salobat bilan har bir so‘zini chertib-chertib dedi: – Biroq bu yig‘indi sening gaping inobatga olinmaydi, kelin. El, erining tarafini olayapti, degan o‘yga borishi mumkin. Shuning uchun biz xolis odamlar fikrini eshitamiz. Xo‘sh, kim nima deydi?

– Men gapirsam maylimi? – dedi kutilmaganda o‘n uch yoshli katta qizi Oysanam, xuddi muallim qarshisida turganday, beixtiyor qo‘lini ko‘tarib.

– Gapir, qizim, – Abduqahhor unga umidvor tikildi.

– Bu tosh… chindanam momomga o‘xshaydi, – dedi qiz. – Buni men momomning o‘zigayam aytganman. O‘lsam, mendan silarga yodgorlik bo‘p qoladi, deya kulgan momom.

Xuddi shu e’tirofni kutganday, davrada g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi.

– Ha, o‘xshaydi.

– Uncha o‘xshamaydi.

– Yo‘q, o‘xshaydi.

– Ha, momoning xuddi o‘zi.

Abduqahhor, obbo, bu yog‘i chatoq bo‘ldi-ku, degan ma’noda ustalar tomon o‘girildi. Qarasaki, ulardan ikkisi – ustaboshi hamda quyuq qoshli bir yigit olislab qoyatoshga tikilib turishibdi.

– Qani, ustalardan ham fikr eshitaylik-chi, – dedi so‘nggi ilinj bilan Abduqahhor.

– Haqiqatan ham, momoga o‘xsharkan, – dedi “quyuq qosh” uning gapiga ahamiyat bermay, oshkora hayrat bilan.

– O‘xshaydi-o‘xshaydi, – dedi ustaboshi ham o‘zi bilmagan holda uning gapini ma’qullab. – Bunaqa toshni qaysi bir kinoda ham ko‘rganman.

Abduqahhor bugun ustalarning kelishi sharafiga jonliq so‘yganiga qattiq po‘shaymon yedi: “Izzatni bilmagan nokaslar! Bularni odam desam, g‘irt xoin ekan-ku!” deb o‘yladi alam bilan. So‘ng Tog‘ayga yuzlanib, piching-la dedi:

– Hechqursa tagidagi toshlarni yig‘ib olishga ruxsat berarsiz, a, xo‘jayin?!

– Bemalol, – dedi Tog‘ay pichingga ahamiyat bermay. – Shusiz ham tevaragini toshlardan tozalash o‘yidaman.

Abduqahhor qoyatoshning enasiga o‘xshashligidan va bu narsa qizg‘inlik bilan e’tirof etilganidan, o‘zi qolib, inisining tegirmoniga suv qo‘ygan befahm ustalardan o‘pkalanib, mag‘lub bo‘lganidan o‘ksinib, sekin davrani tark etdi.

***

Ertasi oqshomga yaqin yumushdan qaytayotgan Tog‘ay Cho‘ngtepa beliga harsillab-gursillab ko‘tarilarkan, bu safar qarshisida mahobat-la yuz ochgan manzaraga emas, birinchi galda Enatoshga ko‘z tashladi. Qarasaki, Enatosh, Enatosh emas, enasi – Adolat kampir, qachon kelasan, o‘g‘lim, deganday xayolchan termulib turibdi.

Tog‘ay bundan yengil tin oldi.

Tog‘ay bundan suyundi.

Tog‘ay bundan ko‘zini yoshladi.

Biroq Tog‘ayning bu quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.

Avvaliga do‘nglikning shimoliy qismida uymalashib yurgan qora-qura ko‘lankalarga e’tibor bermadi. So‘ng ko‘ngli qandaydir noxushlikni his qilib, beixtiyor o‘sha tomon ko‘z tashladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ustalardan ikkisi katta zambilg‘altakka tosh yuklashmoqda, allaqachon so‘l panjasidan ayrilgan sho‘rlik Ayiqtosh esa bu ne hol, deganday ovul tarafga tumshug‘ini mungli cho‘zib turibdi.

Tog‘ay qattiq so‘kingancha quyiga otildi. U o‘zi sezmagan holda vodiydagi g‘aroyib “toshhaykal”larning chin qo‘riqchisiga aylanib ulgurgandi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 10-son