Karim Bahriyev. Uyg‘onayotgan fikr (1989)

Hujjatli kino haqida mulohazalar

Kimki umumiy falokat daqiqalarida vatan mustaqilligidan boshqa biron-bir xayolga borsa, u ozod davlatda yashashga haqli emas.

Fridrix Klinger

«Kecha 10-trolleybusga chiqib, studentlar shaharchasiga borayotsam…» So‘zlarimni tinglab o‘tirgan tanqidchi do‘stim hangoma shu yerga kelganda boshini ko‘tardi, keskin o‘girilib qaradi. Davom etdim: «…yonimda o‘tirgan odam ko‘zimga issiq ko‘rindi. Keng peshonasi, ingichka mo‘ylovi, duxoba do‘ppisi kimnidir eslatdi… Ha, tanidim — Abdulhamid Cho‘lpon! Xuddi o‘zi…» Do‘stim aftimga tikildi, shu zumdayoq jahli chiqdi: «Bekor aytibsan, 10-trolleybus u yoqqa bormaydi!» Bu mening tajribamga birlamchi javob, kutilmagan xabarga do‘stim fikratining aks sadosi edi. E’tibor qiling-a, uni eng katta yolg‘on — asr boshida yashagan buyuk shoirning bugungi zamonga tashrifi emas, kichkinagina faktik noaniqlik — trolleybusning marshruti darg‘azab qildi. Bu tajriba inson psixikasidagi faktga hurmat, hujjatga ishonish hissining zohirligini ko‘rsatadi. San’at bundan doimo foydalangan.

XX asr san’ati hujjatni o‘ziga singdirib yuborgani bugun hammaga ayon. Hali hech qaysi asrda tarixiy adabiyotga, esdaliklarga, faktlarga qiziqish bizning davrdagiday kuchli emasdi. Amerikada suratga olingan «Spartak» filmiga patta olish uchun navbatga turganlar bir necha chaqirimga cho‘zilganiga guvoh bo‘lganmiz. Gitlerning kundaliklarini chop etib, «Shpigel» jurnali millionlab dollarni bir zumda topdi. (To‘g‘ri, bugun u kundalik soxta ekani uchun jarima ham to‘layotir). K. Keramning «Xudolar, mozorlar, olimlar» kitobi bir necha kun ichida sotilib ketdi. Maks Frishning kundaliklari, «Montok» romani, Krista Volfning «Bir bolalik tamoyili» asarlari avtobiografiyaligi bilan o‘ziga jalb qiladi. Andre Moruaning portret romanlari, esselari-chi? Margaret Yursenar, V. Pikulning romanlari uchun chayqov bozorlarida yoqa yirtib tortishishlar bo‘layotir. Bu romanlarning badiiy qimmati emas, tasvirlangan davrga qiziqish kuchlidir. O‘zbek yozuvchilaridan Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirovning asarlari ko‘pgina chet ellarda bosildi. Ammo qaysi asarlar? «Diyonat» yoki «Er boshiga ish tushsa…» emas, «Ulug‘bek xazinasi», «Olmos kamar» yoki «Qora ko‘zlar» emas, «Yulduzli tunlar» bosilmoqda. To‘g‘ri, yana bir o‘zbek yozuvchisini o‘qishmoqda — bu Temur Po‘latov. Lekin u bugungi hayotni ham 500 yil avvalgiday ekzotik qilib tasvirlaydi-da.

Ha, XX asr dunyo san’atida faktning roli shubhasiz, o‘tgan asr oxiri va asrimiz boshida «topildiqlar» shakli mavjud edi. Go‘yoki yozuvchi bir daftar «topib oladi» va uni o‘quvchilarga «o‘zgarishsiz» havola etadi… Va odamlar ishonar edilar.

Hozirgi zamon jahon ma’naviy tafakkurida hujjatli san’atning (esdaliklar, kundaliklar, publitsistika, hujjatli kino) beqiyos taraqqiyoti fonida bizning o‘zbekona madaniyatimizda aynan shu sohalarning qoloqligi jumboq edi. Bugun hamma narsa ayon bo‘ldi: turg‘unlik davrida erkin tafakkurning quvg‘in qilinishi, rost gapirish imkonining yo‘qligi hujjatli san’atning joni bo‘lmish faktning yetti qavat sandiqda qulflab tashlangani bunga sabab ekan. Deylik, badiiy kino yoxud adabiyot tilini kesishganda ham imo-ishoralar, ramz va istioralar bilan haqni aytishga yo‘l topa oladi. Shoir ayollar paranjidan chiqdi-yu, she’r paranjiga kirdi, deganida shu «gunglik» davronlarini nazarda tutgandir. Xayolga muqoyasalar keladi — yolg‘on haqiqatning qabri ustida raqs tushgan zabun yillarda adabiy tanqid tiriklarga madhiyabozlik qilib, hamma saktalikni o‘tmish adabiyotidan izlagani, xalqaro jurnalistlar kapitalizmni so‘kib, ichkaridagi muxbirlar «atlas ko‘ylakdagi terimchilar»ni maqtash bilan ovora bo‘lgani kabi hujjatli kino ham «bayroqdor shunqorlar», «po‘lat ot chavandozlari» haqida buyurtma filmlar yaratish bilan umrini o‘tkazdi, «yurt otalari»ga dastyorlik qildi, ular minbarga chiqib yo‘talsalar ham abadiyat uchun suratga olaverdi.

To‘g‘ri, shu yillarda hujjatli kinomizda ham SSSR xalq artisti Malik Qayumov, Toshxo‘ja Akromov kabi omilkor ustodlar ijod qildilar. Ularning zahmati ustidan chiziq tortmoqchi emasman. Iste’dodli solnomachi Malik Qayumovning paranji tashlash, Katta Farg‘ona kanali qazilishi, «bizning ko‘hna gunohimiz» (M. S. Gorbachev) Afg‘oniston inqilobi haqidagi filmlarini qoniqish bilan tilga olish mumkin. Ammo bular ham avvalo tarixning hujjatlari, ommaviy xalq qahramonligining tasviri sifatida qadrlidir. Lekin boshqa yoqda suv kechib suyagi qaqshayotgan dehqonlar, o‘pkasi shamollab quv-quv yo‘talayotgan ko‘kyo‘tal bolalar, dalada homila tashlab qo‘ygan, ichkin uvlayotgan kelinlar, doridan pushti kuygan erkaklar o‘ksinib yurgandilar, o‘z himoyachilariga mushtoq edilar.

Hujjatli kino tezkor vaqtni muhrlab qolishi ham kerak, tushunaman. Lekin bu uning birinchi vazifasi emas. O‘tmishni qayta qurib bo‘lmaydi, muhimi bugun uchun chiqariladigan saboqlardir. Shu nuqtai nazardan hujjatli kinoni qiyin kechayotgan hayotda qorong‘u yo‘limizni yoritadigan alanga, xavf-xatardan ogoh etuvchi bong bo‘lishini istardim. Muxbirlar madhiya o‘qib yurganda muammolar yukini shoirlar yelkaga olgan edilar, ular she’rning sohirligi, badiiyati haqida unchalik ham qayg‘urmay, hayotdagi har bir muammoga tezkor she’rlar bitardilar. Hozir ham bu yukni publitsistikaga bergilari kelmayapti, «fosh qiluvchi» she’rlar inkubatsion usulda gala-gala tug‘ilayotir. Umid qilamanki, she’riyatning yelkasidan publitsistika bu yukni oladi, she’riyat o‘zining azaliy mavzulari — «go‘zallik sitam va shafqat» (I. Annenskiy) haqida o‘ylay boshlaydi. Xuddi shunday badiiy kino yelkasidan hujjatli kino ham muammoshunoslik yukini olishi lozim va badiiy kino endi insonshunoslik bilan shug‘ullanishi darkor. Shunda bizda A. Tarkovskiy, A. Kurosava, F. Fellini filmlari kabi umumbashariy, falsafiy kino san’ati dunyoga kelishi mumkin.

Hujjatli kino jim o‘tirgan emas, ayrim og‘riqli mavzularni ko‘tarib chiqqan. Masalan, chayqovchilik, kissavurlik, tashmachilik kabi illatlar haqida filmlar yaratilgan. Lekin «ruxsat etilgan» temalar doirasidan chiqa olmagan. Kattakon amaldor o‘g‘rilar xalq xazinasini millionlab o‘marayotganda, nochorlikdan cho‘ntakkesarlik qilayotgan, qashshoqlikdan ikki boylam g‘o‘zapoya olib ketganlarni «fosh etish» jasorat emas. Ildiziga boqish, administrativ-amalparastlik binosining changini artish emas, ustunini qo‘zg‘atish kerak.

Bugun ayon bo‘ldiki, bizda man qilingan dahshatli kitoblar, ekranga chiqmay yotgan jasur filmlar yo‘q ekan. Qon-qonimizga singib ketgan kamsuqumlik, mehmonnavozlik boismi, ha deb oldingi safga suqilavermaslik, milliy kamtarlik tufaylimi, biz mumkin bo‘lmagan paytda yozmay qo‘ya qolgan ekanmiz. Boshqa madaniyatlar yozilib, sandiqda yotgan kitoblar uchun kuyunsa, biz yozilmagan, qo‘rquv miya qabatlaridayoq ezg‘ilab tashlangan fikrlar, yaratilmagan filmlar uchun qayg‘urishimizga to‘g‘ri kelmoqda.

Ishqilib, bu qayg‘u uzoqqa cho‘zilmasin. Bu yog‘iga mahkam bo‘laylik. Bugun haqiqatni aytish uchun ayrim imkoniyatlar ochilmoqda. Hujjatli kinodan ham dadillik kutishga haqimiz bor.

Zukko tomoshabin bugun hujjatli kino sohasida ham ayrim nekbin o‘zgarishlar kechayotganini allaqachon sezdi. O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasida yaratilgan Xayrulla Jo‘rayevning «Grajdanin», «Yo‘q», Sh. Mahmudovning «Yolg‘on jarligi uzra», «Nomus yoxud Tabassum siri», Bahodir Muzaffarovning «Orolqum», Soli Davlatovning «Dardni yashirsang…» filmlari, «O‘zbektelefilm» studiyasida ishlangan R. Qodirovning odilovchilik haqidagi «To‘xtatilgan vaqt xronikasi», Sh. Junaydullayevning «Haqorat», N. Mahmudovning «Kosmogoniya» filmlari shunday faollashuv jarayonining ibtidosidan darak beradi. Ammo bu hali hadiksirab qo‘yilayotgan ilk qadamlardir. Oshkoralik yaratgan imkoniyatga ko‘nikib ketolmaslik, demokratiya bergan tajribaning tanqisligi sezilib turibdi, albatta.

Rejissyor Xayrulla Jo‘rayevning «Grajdanin» (o‘zbekcha aytsak, «Fuqaro») filmi Vatan mavzusi haqidadir. Albatta, film ijodkorlari bu mavzuni to‘la qamrab olish imkoni yo‘qligini tushunadilar, shuning uchun ular ko‘proq vatangadolar, muhojirlikda yashayotgan millatdoshlarimiz taqdiriga e’tiborni qaratdilar, ularning qismatiga yurt qismati mezanasidan tarix ko‘zi bilan qaraydilar. Filmni shoir O‘ljas Sulaymonov sharhlab beradi, uning o‘ktam va xavotirga to‘la ovozi, goh milliy fojiaga aylangan grajdanlar qirg‘ini va bosmachilik, goh ikkinchi jahon urushi, goh bugungi kunimiz, goho xorijiy o‘lkalarning bir-biridan olis tasvirini bog‘lab turadi, shoirning «Er ishlanmasa xarob bo‘ladi, so‘z haqiqatga to‘yinmasa halokatga yuz tutadi!» — deb takror-takror qaytarishlari turli zamon va makonlarni bir yo‘lga tizadi — bu Vatan ozodligi, erk yo‘lidir. Men filmni hikoya qilib bermoqchi emasman. Uni ko‘rgansiz. Qariyb bir yarim yil ko‘rsatilmay yotgan, premerasi uch marta qoldirilgan bu asarni yaqinda respublika Kinochilar uyida tomosha qildik, keyin televideniye orqali ham namoyish qilindi. Albata, film bugun suratga olinganda boshqacha, dadilroq bo‘lardi. U yaratilgan paytda hali ko‘p narsa «mumkin emas» edi. Sinchkovlik bilan qarasangiz, asarning bir qismini qaychi yulib ketganini sezasiz. Gap bunda emas. Film bu sohadagi yutuqlardan biridir. Muhimi, uning ijodkorlaridan yangi qadamlar kutish mumkin.

«Haqorat» filmi (stsenariy mualliflari — Isfandiyor va A. Fitts, operator — B. Nazrullayev) turg‘unlik davrining yaramas illatlaridan biri — uyushtirilgan jinoiy ishlar haqida. «Yurt egalari» («beklari» desak ham bo‘ladi) o‘zlariga yoqmay qolgan kishilarni dastyorlari — sudlar, prokurorlar, tergovchilar yordamida qamab yuboraberganlar. Film mualliflari kuyunib mehnat qilganliklari sezilib turibdi, aniq mantiqiy izchillik bilan «terilgan» ko‘plab intervyular, chuqur o‘ylab chiqilgan rejissyor (Sh. Junaydullayev) yechimlari filmdagi tashvish pichog‘i tomoshabin xayolini tilib o‘tishiga ko‘maklashadi, biz sun’iy yaratilgan jinoiy ishning hamma jarayonlariga birin-ketin guvoh bo‘lamiz. Ammo, mening nazarimda, muammoga chuqurroq yondashish, xatoning ildizi yuqoriga itoatkor organ xodimlarigagina emas, huquq-tartibot sistemasining o‘ziga ham borib qadalishini ochishdan cho‘chimaslik kerak edi. Chunki organ xodimlari qilayotgan jinoyatlar konkret aybdorni jazolagan bilan tugamayapti. Demak, qonunning o‘zida ham noto‘kisliklar borki, adolatsizlik qilib, jazosiz qolishga imkon bermoqda, tergov va ayblov jarayonidagi yashirinlik, suddagi oshkoralikka qaramay, ayblanuvchini himoyasiz qilib qo‘ymoqda. Gunohsiz qamashlarning bugun ham sodir bo‘lib turgani muammoga ana shunday yondashuvni taqozo etadi.

«Kosmogoniya» filmi (stsenariy muallifi va rejissyor — N. Mahmudov) yagona syujetga ega emas. Shakli ham turfa — chet el va sovet kinoxronikasining ko‘plab kadrlarini aniq maqsad bilan izchil «ulab» yaratilgan. Go‘yo yuzlab siniqlardan jamlangan bir ko‘zguga o‘xshaydi u. Bu ko‘zguda g‘ira-shira tabiat va inson zohir bo‘ladi. Film yurakni larzaga soladi, ayrim kadrlar hatto o‘ta shafqatsiz, dilni vayron qilgulik. Tabiatni vayron qilayotganlar, yuksak hosil pesh qilib sepilgan, yerni ham, odamlarni ham ado qilgan zaharli dorilar… «Hamma narsa uning farovonligi uchun» bo‘lgan Inson «xon»lar yuksak lavozim va unvonlar olishi uchun bir vosita, berahm zulmning qurboniga aylandi. Bunga ortiq yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

«Yolg‘on jarligi uzra» filmi islom dinining targ‘ibotchilari, ularni ilhomlantirib turgan xorijiy terroristik tashkilotlar haqida hikoya qiladi. Tovlamachilar goh rost, goh yolg‘on aralashtirib yosh avlodni qo‘zg‘alishga chaqiradilar. Ularning biri Qur’on oyatlarini o‘qitish bilan birga muridiga shunday deydi: «Bilasanmi, O‘zbekistonning bir yillik paxtasi o‘zbeklarni o‘n sakkiz yil boqishga yetadi. Hammasini ruslar tashib ketmoqda!». Albatta, bizning yoshlarimiz hushyor, bu gaplardan xulosa chiqara oladilar. Film fikriy uyg‘oqlikka da’vat etadi.

Yaxshi asarlar qatorida Davron Salimovning «Erkaklar», F. Xo‘jayevning «Tanla!» filmlarini ham aytishimiz mumkin. Eng muhimi hujjatli kinoning bugungi ahvoliga maydagaplikdan, latifabop bachkana mavzulardan qutulish, tashvishli temalarni dadil yoritishga harakat xosdir.

Shu o‘rinda hujjatli kino rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim sabablarga ham to‘xtalsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ular kishini xavotirlantiradi.

Hozircha «fosh qilish» tamoyili ustunlik qilmoqda. Balkim, yillar bo‘yi qotilga qotilsan, o‘g‘riga o‘g‘risan, deyolmay nafas yutib kelgan hujjatli kinochilar oshkoralik imkoni tug‘ilganidan tezkor foydalanayotgandirlar. Shunday bo‘lsa, masalaga chuqurroq kirish, illatning rivojiga yo‘l bergan muhitni namoyon qilish kerak. Bizda o‘lganni yoxud qamalganni qoralash keng tarqaldi. Bu tiriklarni tanqid qilish imkoni yo‘qligidan bo‘lsa ehtimol. Harqalay, faktning ortidan ijtimoiy hodisani ko‘ra bilish kerak. Aks holda brakonerga qarshi kurashish o‘rniga baliqqa qarshi kurashayotganga o‘xshab qolish mumkin, qotillikda jallodni emas, pichoqni ayblashday bo‘ladi bu.

Hujjatli kinoning oldidagi qiyinchiliklarning yana biri hali ham juda ko‘p ma’lumotlar va faktlarning yashirinligi, sir saqlanayotganidir. Ko‘plab tashkilotlar o‘z yutuqlari haqidagi ma’lumotlarni jon deb beradilaru, kamchiliklari haqidagi faktlarni «davlat siri» deydilar. Qanday ma’lumotlar siru, qaysilari mumkin ekani ro‘yxatini ishlab chiqish va e’lon qilish kerak.

Hozir ham nozirlarning qaychisi, ta’qiq tamg‘asi ishlab turibdi. Har kuni yangi faktlar oshkor bo‘layotgan hozirgi paytda, filmlarning tezroq tomoshabinga yetib borishi muhimdir. Har lahza qadrli. Davron Salimovning «O‘zbeklar ishi», Shuhrat Mahmudovning «O‘zini yoqish» filmlari tayyor holda ruxsat kutib turibdi.

O‘z xalqi va madaniyatini, shu jumladan, hujjatli kinosini hurmat qiladigan har bir shaharda alohida «Hujjatli filmlar kinoteatri» bor. Faqat hujjatli filmlar ko‘rsatiladigan bunday kinoteatr respublikamizda hali yo‘q. Hech bo‘lmaganda hozircha dastavval mavjud kinoteatrlarda hujjatli kino haftaliklari o‘tkazishni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

Uchinchi muammo — bu bebaho san’atning bahosi masalasi. Uning bileti hozircha badiiy filmlar biletidan olti-sakkiz barobar arzon. Xo‘jalik hisobiga o‘tilsa, studiyalar xonavayron bo‘ladi. Televideniye, gazeta va jurnallar orqali tashviqot qilish ham yo‘lga qo‘yilsa, muxlislar jalb qilinsa, yaxshi bo‘lardi.

Filmlarning mavzusi yanada xalq tashvishlariga esh bo‘lishi, eng muhimi uning zabonida jaranglashi lozim. Hozircha aksariyat filmlar «ikkinchi ona tili»mizda yaratilmoqda. Agar bu shu bahonada tilni ham o‘rgatish uchun qilinsa, bilmadim. Har holda xalqning ona tilida so‘zlansa ijodkor fikrining yuraklarga yo‘li yaqinroq bo‘lardi.

Bil’aks bugun qayta qurishning, jamiyatni insonparvarlashtirishning taqdiri kino san’atimizdan yurt taqdiri, odamlar taqdiri nekbin bo‘lishiga ko‘maklashuvchi fikran baquvvat va ma’rifatli filmlar kutishga haqimiz bor. Elimiz shunga, arziydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 3 fevral