Anvar Hojiahmedov. Ilmga sadoqat (1989)

Ulug‘ Vatan urushi davom etayotgan 1943 yilning bahori.

O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining ilmiy xodimi G‘ulom Karimov mashhur sharqshunos va adabiyotshunos olim Yevgeniy Eduardovich Bertels Toshkentga ko‘chib kelib, shu ilmiy dargohda ish boshlayotganini eshitib quvonib ketdi. Ertasi kuni Yevgeniy Eduardovich institut xodimlari bilan uchrashganida G‘ulom Karimovich dilida allomaga o‘z dardini aytish muddaosi uyg‘ondi, ya’ni kandidatlik dissertatsiyasi yozish uchun mavzu tanlashda maslahat berishini iltimos qildi. Olim ozg‘ingina, jikkak, ko‘zidan ilmiy ishga kuchli havas sezilib turgan bu yigitga boqar ekan, avvalo o‘zi haqida batafsilroq gapirib berishini so‘radi…

1929 yili Toshkentdagi Narimonov nomidagi pedagogika bilim yurtini tugallab, maktab o‘qituvchisi mutaxassisligini olgan G‘ulom Karimov o‘z pedagogik faoliyatini shahardagi «Bilim» maktabida dars berishdan boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay o‘z istagi bilan Xevaga, hali bosmachilar harakati tugallanmagan qadimiy shaharga jo‘nab ketdi. Shahardagi pedagogika texnikumida o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tayyorlash ishiga hissa qo‘shdi.

1931 yil avgust oyi edi. Poytaxtga chaqirib, o‘qishni davom ettirish uchun Leningradga, Gertsen nomidagi pedagogika institutiga yuborishayotganini bildirishdi. Shu institutda bir yil o‘qigach, G‘ulom Karimov Leningrad davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘tkazishlarini iltimos qildi. 1932 yilning bahorida o‘zi orzu qilgan dorilfununda o‘qishni davom ettirdi. Atoqli rus olimlaridan adabiyotning nazariy asoslari, rus va jahon adabiyotining taraqqiyot yo‘li, zabardast yozuvchilar ijodini atroflicha o‘rgangan G‘ulom Karimovda adabiyotshunoslikka, ilmiy kashfiyotlarga bo‘lgan qiziqish yanada mustahkamlandi.

1938 yili Leningrad universitetida aspirantura muddatini tugatib, Toshkentga qaytdi. «O‘zbek adabiyoti 15 yil ichida» to‘plamida 1939 yili rus va o‘zbek tillarida nashr qilingan «Bolalar adabiyoti haqida» maqolasi yosh olimning birinchi jiddiy tadqiqoti edi.

1940 yili butun mamlakatda ulug‘ mutaffakkir Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Shu munosabat bilan G‘ulom Karimov «Xamsa» dostonlari ustida tadqiqotlar olib bordi va ularning natijalarini maqolalar tarzida nashr ettirdi.

Ustoz Ye. E. Bertels Alisher Navoiyning «Layli va Majnun» dostoni tanqidiy matnini tayyorlash ustida ilmiy tadqiqot olib borishni yosh olimga maslahat berdi.

Muayyan tarixiy sharoitda yaratilgan adabiy asar tekstini tiklash uchun o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy va madaniy-adabiy hayotini, adabiy til xususiyatlari, adabiy an’analar, metod va uslublarni, ijodkorning o‘ziga xosligini puxta o‘rganish zarur. XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-madaniy hayot muammolarini aks ettirgan «Layli va Majnun» tekstini tiklash ham olimdan ana shu tarzdagi mashaqqatli mehnatni talab qilardi.

Ma’lumki, 40-yillar O‘zbekistonda tekstologiya ilmining shakllanish davri sanaladi. Bu sohada adabiyotshunosligimiz endigina dastlabki qadamlarni qo‘yayotgan edi. Tekstologiyaning murakkab xususiyatlarini o‘zlashtirish va amaliyotga tadbiq etishda rus olimlarining yordami katta bo‘ldi. V. V. Bartold, Ye. E. Bertels, V. M. Jirmunskiy kabi rus sharqshunos olimlari yosh o‘zbek adabiyotshunoslariga nodir asarlar g‘oyaviy-badiiy qimmatini tiklash malakasini o‘rgatdilar.

Dostonning tanqidiy matnini yaratish asarning bizgacha yetib kelgan o‘nlab qo‘lyozma nusxalarini sinchiklab o‘rganish davomida eng mo‘tabar, ishonchli nusxalarini aniqlash, so‘ng ulardan birini asos uchun qabul qilib, har bir bayt, har qaysi misra, qolaversa, har bitta so‘zni boshqa tayanch nusxalar bilan qiyoslash asosida dostonning tadqiqotchi nuqtai nazaridan asosli deb hisoblangan matnini tuzish, tanlab olingan qo‘lyozmalardagi farqli jihatlarni aks ettirgan holda asarni arab alifbosida yozib chiqish demakdir. G‘ulom Karimov Toshkent, Leningrad kutubxonalarida saqlanayogan ko‘plab qo‘lyozmalarni o‘rganib chiqib, XV asrda mashhur xattot Abdujamil kotib, XX asr boshida Shomurod kotib tomonidan yozilgan nusxalarni asos qilib oldi, «Layli va Majnun»ning tanqidiy matnini yaratdi. Tadqiqot davomida g‘amxo‘r ustoz Yevgeniy Eduardovich yosh tadqiqotchiga foydali o‘git va ko‘rsatmalar berib bordi.

Tadqiqot respublika ilmiy jamoatchiligi tomonidan qoniqish bilan kutib olindi. Ye. E. Bertels o‘z maqolalaridan birida: «…Toshkentdagi barcha ilmiy doiralar diqqatini o‘ziga jalb etgan «Xamsa» matni tarixiga oid ajoyib ish…» deb baho berdi.

1945 yili 14 may kuni G‘ulom Karimov dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari kandidati ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmasdan Yevgeniy Eduardovich o‘z shogirdiga atoqli demokrat shoir Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy ijodini doktorlik dissertatsiyasi sifatida tadqiq etishni maslahat berdi.

50-yillarda o‘zbek adabiyotshunosligi oldida butun bir davr — XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi progressiv-demokratik adabiyotga rahnamolik qilgan, adabiy hayotning juda ko‘p sohasida kashfiyotlar yaratgan, chinakam xalqchil ijod sohibi, ko‘plab demokrat shoirlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan, xullas, mazkur davr ijtimoiy-madaniy va adabiy hayotida ulkan mavqega ega bo‘lgan Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy adabiy merosini o‘rganish sohasida katta vazifalar ko‘ndalang bo‘lib turardi.

20—30-yillarda madaniy-adabiy hayotni bir tomonlama tushungan vulgar sotsiolog ziyolilar Muqimiy ijodiga yuzaki yondoshgan holda uni jadid shoir sifatida baholadilar va asarlarini o‘rganishga qarshi chiqdilar. 30-yillarning o‘rtalariga kelib bunday zararli qarashlarga keskin zarba berildi.

Odatda, shoirlar o‘z asarlarining umrboqiyligini ta’minlash uchun ularni devon holiga, ya’ni to‘plam holiga keltiradilar. Kitob sifatida ana shu xil devonlar asrlar sinoviga bardosh berib, qayta-qayta ko‘chirilib, avlodlar qalbiga yetib boradi. Otoyi va Sakkokiy, Lutfiy va Alisher Navoiy, Bobur va Ogahiy singari ko‘plab shoirlarning merosi bizga u qadar devon va kulliyotlar shaklida yetib kelgan. To‘g‘ri, ko‘pincha devonlarning qayta-qayta ko‘chirilishi natijasida nusxalarda xilma-xillik ham uchrab turadi. Bu holda qiyosiy tekshirish yordamida ularning asl nusxaga eng yaqin bo‘lgan ko‘rinishi, boshqacha qilib aytganda, tanqidiy matni yaratiladi.

Muqimiy asarlarini izlashda ham G‘. Karimov xuddi xazina izlovchi kabi mehnat qildi. Muqimiy yashagan Qo‘qon va u sayohat qilgan o‘nlab qishloqlarda bo‘lib, shoir qarindoshlari, zamondoshlarini izlab topish va ularning xotiralarini yozib olish, xalq qo‘lida saqlanayotgan lirik, satirik, yumoristik asarlar, «Sayohatnoma»larni to‘plash ishining kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligini anglab yetgan olim 1954 yili Farg‘ona vodiysiga Toshkent davlat universitetining maxsus ekspeditsiyasini uyushtirdi.

Bayozlar… Klassik sha’riyatning jonkuyar muxlislari bo‘lgan ziyolilar, savodxon hunarmand-kosiblar, madrasa talabalari o‘zlari sevgan ijodkorlarning xalqqa manzur eng yaxshi asarlarini to‘plab borardilar. Ularning xolis mehnati tufayli qancha-qancha shoirlarning asarlari bizning asrimizga qadar yetib keldi. Ana shunday bayozlar bo‘lmaganda Muqimiyning yuzlab asarlari nom-nishonsiz yo‘qolib ketgan bo‘lardi. Qarangki, shoirning zamondoshi bo‘lgan noma’lum adabiyot muxlisi o‘zi tuzgan va 1904 yili tugallangan bayoziga kiritgan 212 she’rdan 199 tasi Muqimiyniki ekan.

Mana, yangi bir qo‘lyozma bayoz. U Toshkentda 1893—94 yillarda tuzilgan. Muallif-tuzuvchi toshkentlik shoir Karimbek Sharifbek o‘g‘li — Kamiy. U Muqimiyning yaqin do‘stlaridan edi. Qarangki, Kamiy shoirga bo‘lgan samimiy muhabbatini uning 40 ta asariga o‘z bayozidan o‘rin berish bilan isbot qilibdi. Yillar o‘tib bu nodir nusxa bizgacha xalqparvar ijodkorning eng muhim sanalgan o‘nlab asarini yetkazib keldi. Masalaning muhim jihati shundaki, bu asarlarni jiddiy tadqiqdan o‘tkazgan olim G‘ulom Karimov ana shu unutilmas she’rlar Muqimiy bilan Toshkent adabiy muhitiga mansub shoirlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikning qimmatli dalillari ekanligini aniqladi.

Bayozlarning sarg‘aygan sahifalarini varaqlagan sari olim ko‘z o‘ngida shoir yashagan davr adabiy muhiti, ijodkorning ma’naviy qiyofasi va iqtidori, mehnatkash omma bilan Muqimiy o‘rtasidagi samimiy va mustahkam munosabat tobora yorqinroq gavdalanardi.

Xullas, katta, mashaqqatga to‘la mehnat muvaffaqiyatli yakunlandi. Endi olimning ixtiyorida Muqimiyning jami bir necha yuz asari turardi. Ularni jiddiy tadqiq etish, qiyosiy o‘rganish asosida 1958 yili Muqimiy asarlarining oldingilaridan ancha mukammal bo‘lgan «Tanlangan asarlar», 1959 yili shoir tug‘ilgan kunning 100 yilligi munosabati bilan 2 tomlik asarlar to‘plami nashr qilindi. Ikki tomlikda Muqimiyning jami 307 asari o‘rin olgan. Bular olim to‘plagan ko‘p sonli asarlar orasidan atroflicha o‘rganilib, Muqimiyniki ekanligi uzil-kesil aniqlangan she’r va maktublar. G‘ulom Karimov o‘z tadqiqotlari davomida shoirga zamondosh va hammaslak bo‘lgan Furqat va Zavqiy, Anbar otin va Avaz kabi yirik demokrat ijodkorlar merosi bilan atroflicha shug‘ullandi va oqibatda Muqimiy boshchilik qilgan butun bir progressiv shoirlar pleyadasidan tashkil topgan chinakam xalqchil adabiyot — demokratik adabiyotning asosiy xususiyatlarini mukammal ishlab chiqdi.

Olim tadqiqotlarida XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi ijtimoiy-madaniy hayotning eng muhim muammolarini g‘oyaviy va badiiy jihatdan yuksak asarlarda to‘laqonli aks ettira olgan, mehnatkash ommaning ozodlik kurashiga yaqindan yordam ko‘rsata olgan adabiyotning tezkor taraqqiyot omillari, ijodiy-estetik printsiplari, tematikasi va g‘oyaviy asoslari, janrlari hamda badiiy-tasviriy vositalari kabi muhim nazariy-amaliy masalalar markscha-lenincha metodologiya asosida yoritib berilgan edi.

Ana shu muhim ilmiy xulosalar «Muqimiy va uning adabiy muhiti» deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasida, keyinchalik shu asosda yaratilgan «Muqimiy» monografiyasida (1970 yil), ko‘plab ilmiy maqolalarda o‘z aksini topdi.

O‘zbek adabiyoti tarixining hali o‘rganilmagan bir qator muammolari, chunonchi, Vladimir Ilich madaniy meros haqidagi ta’limoti va o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish masalalari, rus-o‘zbek adabiy aloqalari, klassik adabiyotimizning ijodiy metodi, o‘zbek adabiyoti tarixini davrlashtirish kabi muhim muammolar olimning 60—70-yillarda yaratilgan qator maqolalarida o‘z tadqiqotini topdi. Ularning aksariyati G‘ulom Karimovichning «Xalq, tarix, adabiyot» to‘plamidan (1977 y.) o‘rin oldi. 1969 yili alloma adabiyotshunosligimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvoni bilan taqdirlandi.

Evgeniy Eduardovich olim bilan qilgan suhbatlarida xorazmlik yirik shoir, tarixchi va tarjimon Muhammad Rizo mirob Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy asarlarining ko‘p jildlik to‘plamini nashr etishning ilmiy-ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatini qayta-qayta ta’kidlar, ulkan tadqiqotni talab qiluvchi bu ishning g‘oyat mas’uliyatli ekanini ham aytib qo‘yadi. Ustoz vafotidan so‘ng uning bu orzusini ikki qadrdon do‘st — G‘ulom Karimov bilan taniqli metodist va adabiyotshunos olim, Ogahiy lirik merosining tadqiqotchisi Subutoy Dolimov ro‘yobga chiqarishga bel bog‘ladilar. Ikki allomaning ko‘p yillik mashaqqatli mehnati Ogahiy lirikasi, tarixiy va tarjima asarlarining turli qo‘lyozmalarini qiyoslab tadqiq etish, kotiblarning matnlarda yo‘l qo‘ygan xatolarini aniqlash va tuzatish, adabiyotimiz, madaniyatimiz tarixining ana shu noyob obidalarini nashrga tayyorlab, ulardan keng xalq ommasini bahramand qilishdek olijanob ishga bag‘ishlandi. O‘n yillik ijodiy mehnat Ogahiyning olti jildlik asarlar to‘plamini nashr etish (1971—1980) bilan tugallandi.

Ana shu muhim ilmiy kashfiyotlar va tadqiqotlar olimning bu yillardagi pedagogik faoliyati bilan bir vaqtda amalga oshirilganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. 1948 yili respublika pedagogika ilmiy-tekshirish institutiga direktor etib tayinlangan G‘ulom Karimovich maktablarda ona tili va adabiyot o‘qitish ishlarini yaxshilash ishiga alohida ahamiyat berib, Oybek, H. Homidiy kabi yozuvchi va olimlarni jalb qilgan holda maktablar uchun adabiyot programmasi, VIII sinf uchun adabiyot darsligini (1950) tuzadi.

1951 yildan esa O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi ToshDU)ning o‘zbek adabiyoti kafedrasida o‘zbek adabiyoti tarixidan lektsiyalar o‘qiy boshlaydi. Iqtidorli olim, jonkuyar va mehribon murabbiy bo‘lgan G‘ulom Karimov 1957 yili shu kafedraning mudiri etib saylandi. To 1984 yilgacha kafedraga rahbarlik qilib kelgan alloma filolog mutaxassislar tayyorlashni yaxshilashga e’tiborni qaratdi.

Shu yillar ichida G‘ulom Karimovning oliy o‘quv yurtlari uchun «O‘zbek adabiyoti tarixi» (III qism) darsligi uch marta (1966, 1977, 1987) , qayta to‘ldirilgan holda nashr etildi. Universitetning sirtqi bo‘limi uchun «Qisqacha o‘zbek adabiyoti tarixi» (1984) talabalarga taqdim etildi. Uning hammuallifligida o‘rta maxsus o‘quv yurtlari uchun «O‘zbek adabiyoti» darsligi (1970), o‘rta maktablar uchun «O‘zbek adabiyoti tarixi» darsligi (1983) yaratildi.

Bularning barchasi o‘rta va oliy maktabda o‘zbek adabiyoti tarixi fanini o‘qitishni yaxshilash ishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmay qolmadi, albatta. Zero, bu darsliklarning barchasi adabiyotimiz taraqqiyoti qonuniyatlarining atroflicha va izchil yoritilishi, shoir va yozuvchilarimiz ijodining g‘oyaviy va badiiy xususiyatlarini yorqin misollar bilan ishonarli tarzda bayon qilinishi, ilmiy tezislarning aniqligi, fikrlarning lo‘ndaligi, uslubning ravonligi bilan ajralib turadi.

Alloma 1984 yildan boshlab professor-konsultant vazifasini bajarayotgan bo‘lishiga qaramay, ham pedagog, ham olim, ham kommunist sifatida hamon oldingi safda. Domla oliy maktab o‘qituvchisining vazifasini lektsiyani sharillatib o‘qib ketishda emas, balki talabalarda adabiy jarayonni chuqur anglab yetish, adabiy taraqqiyot qonuniyatlarini tushunish, badiiy asarlarni ham g‘oyaviy, ham badiiy tahlil qilish malakalarini egallash, umuman, mustaqil fikrlash, mustaqil ilmiy tadqiqot olib borishga o‘rgatishda ko‘radi. Qirq yillik pedagoglik faoliyati davomida alloma necha minglab oliy ma’lumotli shogirdlar yetishtirdi. Hozir ularning ko‘plari yirik olimlar, taniqli yozuvchilar, dong taratgan o‘qituvchilardir.

…G‘ulom Karimov shu ardoqli xotiralar og‘ushiga cho‘mib tun yarim bo‘lganini ham sezmabdi. U ertangi ishlar rejasini o‘ylab ketdi: Alisher Navoiy poetikasining yana bir qirrasi haqidagi tadqiqotni boshlash kerak. Vaqt kutib turmaydi. Ertaga diplomanti bilan suhbatlashishi lozim, uning ishini tongdayoq ko‘rib qo‘yish zarur. Ha, ishlar yetarli. Sog‘liq bo‘lsa — bas.

Tashqaridagi mayin shamol derazaga urilib, domlaning diqqatini bo‘ldi. Hovlidagi shaftoli gullay boshlabdi. Bahor. G‘ulom Karimovich uchun saksoninchi bahor! Yaqinda oltin to‘y o‘tkazishi kerak. Kelinoyi bilan ellik yil birga totuv yashashibdi.

Unga ro‘paradagi rasmdan sevimli ikki chevarasi xuddi «Qo‘sh to‘yingiz muborak bo‘lsin, aziz buvajon», deyishgandek kulib qarab turishardi.

Anvar Hojiahmedov, filologiya fanlari doktori, professor

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 8-son