Zulfiya Atoyi 1954 yil 15 iyunda Sug‘d viloyatining G‘onchi nohisida tavallud topgan. Moskva shahridagi Maksim Gorkiy nomli Adabiyot Institutida tahsil olgan. «Tochikistoni Soveti» ro‘znomasida ish faoliyatini boshlagan. Ayni paytda «Feruza» ayollar jurnalining muharriri. «Sharaf» ordeni sohibi. Rossiyaning «Danko yuragi» adabiy mukofoti sovrindori. Tojikiston xalq shoiri. 1980 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi.
«DEVONI ZULF»DAN
IShQ TUHFASI
Pichirlama qulog‘imga judolikdek xatolikni,
Bilolmassan, bilolmassan Atoyidek adolikni.
Sen ishqimning xudosi bo‘l, sen ishqimning atosi bo‘l,
Istamas dil sira endi sarkashlik-bexudolikni.
Qo‘llaringni cho‘z belimga, diling bog‘lagin dilimga,
Izlamagin zulfim aro o‘zga yorga gadolikni.
G‘aflat bosib yurdik sarson, gul umrimiz topdi xazon,
Diling birla angla dildor, ovozin besadolikni.
Yuraklar tosh, yeru osmon muz qotgan bu davron ichra,
Fikring muzin erit, tashla barcha kibru havolikni.
Yuragimdan quvvat olib, nur bag‘ishla vujudimga,
Ko‘ray desang shu dunyoda ro‘shnolikni, ro‘shnolikni.
Avvalim oxirim o‘zing, ham subhim ham shomim o‘zing,
O‘zimni baxsh etib senga topdim haqqa oshnolikni.
03.02.2012
DASTYoR
Tovoqlarni yuvgandim
Bir tovoq ketdi uchib.
Gullarga suv quygandim
Guldon ham sindi tushib.
Moshonga xashak berdim,
Tovuqlarga berdim don.
Ancha yordamim tegdi,
Ne ish qoldi onajon?
LAYLO O‘ZIM
Dil benavo bo‘ldi bu kun mizrob qani, mizrob qani,
Tun besafo bo‘ldi bu kun, mohtob qani, mohtob qani?
Laylodan-da laylo o‘zim, o‘shal guli sahro o‘zim,
Yo‘lida zor ikki ko‘zim, ul Majnuni oftob qani?
Ishq darsidan men bexabar, bevafoga dil bog‘labon,
Bo‘ldi mening bag‘rim kabob, Surxob qani, Xingob qani?
Dil dardidan tobim qochib, ko‘zlarimdan xobim qochib,
Bedor kechgan shablar aro tobim qani, xobim qani?
Dil kitobim qo‘limdadir, koni g‘azal ko‘nglimdadir,
Topmam g‘azalxon axtarib, ahbob qani, ahbob qani?
Ishq tori bunyod aylagan, bu tosh qafasni sindirib,
O‘zni daryoga otgali guldarai Varzob qani?
Devonayu hushyorlarim, goh zor, goho bezorlarim,
Sirimdan boxabarlarim ul gavhari kamyob qani?
Dilda garchi hirs oz edi, bir hasratim parvoz edi,
Ayt, besado dil toriga mizrob qani, mizrob qani?
ShOIR ME’ROJI
Loiq aslo kimsalar maqtoviga muhtoj emas,
Hech qaysi shoir jur’ati Loiqi me’roj emas.
She’riyat dunyosida yolg‘iz u sohibtoj edi,
To bu dam ham she’riyatda hech kim sohibtoj emas.
AVF AYLA IShTIBOHIMIZ
Ey Vatan, ey Tojikiston, avf aylagin gunohimiz.
Egri yo‘lga boqqan bo‘lsak, avf aylagin nigohimiz.
Bag‘ring bo‘ldi tilka-pora tiru to‘plar to‘fonidan
Qurolimiz kechir bizning, avf aylagin sipohimiz.
Gar toju taxt bo‘lgan bo‘lsa jangu jadallarga sabab,
Taxtimizni ma’zur tutgin, avf ayla kaj kulohimiz.
Janglar qilib, janglar ko‘rib, oqibatda yarashdik biz,
Tinchligimiz hurmatdan avf ayla ishtibohimiz.
Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi
BUNDAN SO‘NG…
Bundan so‘ng men moviy osmon ostida,
Sening noming aytib nafas olarman.
Va aziz umringga qismatim bog‘lab,
Har kuni yo‘l poylab ko‘zi tolarman.
Bundan so‘ng men yo‘qman, men butkul senman,
Oshifta qalbingdan topganman makon,
Sening-la qishlarim mangu bahordir,
Sensiz chamanlarim bo‘lgaydir xazon.
Bir go‘dak ekanman shu kunga qadar,
Endi bor jahoni komil insonman.
Endi muhabbatning zilol chashmasin,
Qatra-qatra sarflab ichguvchi jonman.
Orzularning yuksak samolarida,
Toliqish ne bilmay etarman parvoz.
Bezavol ishq mening qanotim bo‘ldi,
Qayonga bormayin, o‘zingsan hamroz,
Endi hayiqmagum o‘limdan hargiz,
U hechdir, bizlarning sevgi oldida.
Endi umrimizda zimiston bo‘lmas,
Mangu bahorlar bor, azizim, bunda.
PARVOZ ISTAYDI KO‘NGLIM
Ko‘nglim yuksaklarga parvoz istaydi,
Charog‘on mag‘rur yulduzlar sari.
Oydin orzularning dunyosi kengdir,
Rom etmish borlig‘in nur jilvalari.
Uni ko‘ksim aro qilmagum bandi,
Bu rangsiz va bekam ro‘zg‘ordan ne sud?
Yuzlari qip-qizil, qalbi otashsiz,
Kimsalar ichra hech yurolmam ma’sud.
Angladim, yurakda otashu isyon
Momo Havvomizdan qolgandir meros.
Zaru zevar ichra asira misol,
Yasholmayman, orzum, qanotlaring yoz.
Bu harir pardalar, cho‘g‘day gilamlar,
Berolmas yonguvchi qalbga tasalli.
Men parvoz istayman, suq-hasadlardan
Olislarda yursam deyman, aqalli.
Olislarda yursam g‘iybat, xiyonat,
Arzon suhbatlaru malomatlardan.
Ko‘nglim bir tasodif, mo‘jiza istar,
Talpinar samoviy pok xilqatlarga.
Menga qanot bo‘lgil, ey do‘sti aziz,
Sabot bo‘lgil dilim, ishim ko‘p hali.
Parvoz etayapman, vujudim-otash,
Otash yuraklarni manzil etgali.
TAQDIR TUHFASI
Go‘dakkinam, mening ko‘z nurim o‘zing,
Jonim halovati, taqdirim o‘zing.
Tanholikdan qancha g‘ussa chekardim,
Dardimga darmonim, tadbirim o‘zing.
Sovuq xonam aro bir taft yugurdi,
Umrimning ziyosi, qalb qo‘rim o‘zing.
So‘nggi payt xonanishin bo‘lib qolibman,
Bolajon, qulfimu zanjirim o‘zing.
Ko‘zim qarosiday asragum doim,
Sen mening yoshligim ham pirim o‘zing.
Toyilma, mahkam tut etaklarimdan,
Onajon elimga taqdimim o‘zing.
IRODA
Ey g‘am, kuydiraver, giryon bo‘lmagum,
Sendan shafqat so‘rab arzon bo‘lmagum.
Qo‘rquv-la yashagan hayot hayotmi?
Dahshatingdan hargiz larzon bo‘lmagum.
Kutmagil, poyingga bosh egmaydirman,
Gar taslim etolsang, inson bo‘lmagum.
Jamshid tarjimasi