Sayidamin Jilo (1945)

“Murod ufqi”, “G‘azal gulbog‘i”, “Ishq afsonasi”, “G‘azal devoni” singa­ri qator she’riy kitoblar muallifi. Pesalar kitobi chop etilgan. Pushkin, Blok, Lermontov, Rubtsov she’rla­rini tojik tiliga o‘girgan.

* * *

Parvarish aylay dilimda do‘stlik kalomini,
O‘tgusi umring shirin tutganda do‘stlik nomini.

Totigay baxtu saodat lazzatini har kishi,
Limmo-lim etganda mehr bodasiga jomini.

Bormi bir saydkim, qidirsa o‘ziga domu tuzoq,
Dil vale hech istamas uzsa do‘stlik domini.

Do‘stlik baxsh aylagay olamga tinchlikni mudom,
Bu jahon osoyishi bil do‘stlik nizomini.

Do‘stlaring birlan kechirgan turmushingda bor safo,
Buzmagil ammoki hech vaqt do‘stlik maromini.

Egizakdirlar qadimdan o‘zbegu tojik axir,
Sha’nlarin yuksak tutib, saqla ehtiromini.

Bizdagi mehru muhabbatni ko‘rib, har kim degay:
O‘zbegu tojikdan olgin do‘stlik qiyomini.

* * *

Kimki bo‘lma, el sevar inson bo‘l,
Gul misoli chehrasi xandon bo‘l.

Issig‘u ravshan tutib dilni sen,
Muz emas, yo‘q, yo‘q, olovli jon bo‘l.

Ishq bo‘yi birla bahorning yeliday,
Oshiqning jismiga jonu darmon bo‘l.

Tunga tongdan xabarday kimgadir
Rahnamo bo‘l, Zuhroi tobon bo‘l.

Kimki pok tutarkan etagin, unga
Baxtu iqbol topgali imkon bo‘l.

Qalbi so‘nganlarni yondir o‘t ila,
Sen o‘zing so‘nma, vale, omon bo‘l.

Jamshid va Sultonmurod Hojiboyev tarjimalari