Tomislav Marinkovich (1949)

Tomislav Marinkovich (Tomislav Marinkoviћ) – taniqli serb shoiri. “Egizak” (1983), “Tanish vaqt” (1986), “She’rlar” (1991), “Ko‘zgu oldidagi shubhalar” (1996), “Omon qolish maktabi” (2003) va boshqa she’riy kitoblar muallifi.

BOZORGA BORGAN ShOIR

Yozning behalovat jaziramasi.
Bozor shovqini ichra ketib borardim.
Aylanma temir yo‘l bo‘ylab men horg‘in.
Tirgaklarga osilgan xaltalar ichra
Sabzavotlar shodasiga ko‘z qirim tashlab.
Va yana…
suvsizlikdan tolgan baliqlar potrab
hansiragan namchil peshtaxtalarga.
Xuddi shu lahzada qarshimda birdan
Shoir paydo bo‘ldi, xayolga tolgan.
Va sezdim…
asli u bozor ichramas.
Darbadar kezmoqda o‘zga sayyoralarda.
Sabzavotlar tog‘dek uyilgan joyga
Andak xijolat-la yaqinlashdi u.
Shira bog‘lab to‘lgan mevalarga-chi,
Taajjub-la boqdi asta aylanib.
Qay birini xarid qilmoqchi edi?
Go‘yo eslolmadi. Va peshtaxtaga
G‘ijimlab tashladi qog‘oz pullarin,
Jaranglab to‘kildi mayda tangalar.
Shoirni kuzatib o‘ylab qoldim men…
Uning tengsiz misralari,
gavhar so‘zlari haqda.
G‘amdan ozod go‘zal qahramonlari,
Mayda tashvishdan xoli qahramonlari…
Bu yerda u juda nochor ko‘rindi.
Sezdim tuman ichra yo‘qotgan yo‘lin.
Ko‘rinmaydi ilhom, qayda mahorat?..
Butun bozorni kezib topmagan, bildim,
Turmush deb atalgan yovdan qutqarib,
O‘z ko‘ngliga boshlab borguvchi
Yorug‘ qofiya va oddiy jasorat…

QAYRILIB QARAShGA ULGURMAM

Men ulg‘aygan shu ko‘hna xona,
Tongda sokin tortib yog‘ar shu’lalar.
Go‘yo uya qurib bo‘lar parvona
Unga quyosh rangli mitti qushchalar.

Ko‘plarga hattoki erish tuyular,
Bu qadrdon uyda kechgan hayotim.
To‘g‘risini aytsam sizga, azizlar,
Shu go‘shadir asli ezgu bayotim.

Afsonaday o‘tib bormoqda umr,
Qayrilib qarashga ulgurmam hatto.
Jihozlar, yo‘laklar to‘shaydi bir-bir,
Yo‘limga so‘zlardan sehrli mato.

HAYoT

Sen – bamisli
aytishga botina
olmagan haqiqatimsan.
Yoxud o‘tmishdagi
yuz yillikdan so‘zlaguvchi
hujjatli film.

Hali biror marta
namoyish etilmagan,
Biroq yorqin syujetlarga
boy bo‘lgan taqdirimsan.
Bo‘lgan va
bo‘lmagan voqelik aro
Yashayman, lek
bari tangriga ayon.

Axir, qalbim
sirin undan o‘zgaga,
Aytmasman toabad
meniki bu ont.

YuQUMChIL MAVSUM

Kuz –
yuqumchil kezguvchi mavsum.
Undan to‘la
bahramand bo‘lmoqlik-chun
Yo‘lga otlanding.

Mopedingdan
ortda qolmoqda bog‘lar,
Qalin tuman ichra ajib guzarlar.
Bir tekis boraver,
huv, anavi muyulishgacha.
Egilgan jo‘xori poyasi ichra
ketaversang,
birdan tinglashing mumkin
Maymunjon oralab bezovta
kezayotgan kaklik ovozin miriqib.
Va asta shivirlaysan
o‘zingga o‘zing:
“Kuz ham kelib qoldi, mana, nihoyat…
Ne bo‘lmasin,
hayot baribir go‘zal”.
Va yana ildamroq
yura boshlaysan,
Chang to‘zg‘igan qishloq ko‘chalarida.
To‘xtab kuzatasan ajib damlarni…
Yuk mashinalarning
taraq-turig‘ida
Issiq non hidi
dimog‘ingga bo‘ylar, sezdingmi?
Ko‘ksingni to‘ldirib nafas olasan,
Bu yoqimli
isdan bo‘lganingcha mast.
Eh, anavi
ozg‘in gazetchi bilmas
Har bir lahza
bizga ulashmoqda baxt.

Bola kabi quvnab,
ketasan yayrab,
Ana shunday
onlar sururidan sen.
Sening bu
holingdan voqifdir kuzak.
O‘tgan barcha
ishlar uchun ayblamas hech kimni.
Muloyimlik
bilan afv etar hammamizni.
Va ishonar
nurli kelajakka u.
Faqat so‘nggi
kuchi bilan shimib boradi
Chor-atrofdan barcha hayot
taftini…
Senga-da
yuqadi bu ajib holat.
Hayotingga
mazmun bera boshlaydi –
YuQUMChIL MAVSUM…

Rus tilidan Muxtasar Tojimamatova tarjimasi