Vladimir Orlov (1930-1999)

Vladimir Natanovich Orlov (8 sentyabr, 1930, Simferopol — 25 noyabr, 1999, Simferopol) — rus va ukrain bolalr shoiri va dramaturg.

TABIAT DARSLARI

Doim bizga dono tabiat
Har faslda berar nasihat:
O‘rgatadi qushlar kuylashni,
O‘rgimchaklar – sabr aylashni,
Bolarilar bog‘ va dalada
O‘rgatadi bizga mehnatni.
Ibrat bo‘lar har bir pallada
Adolat-la chekar zahmatni.
Nur tovlanib suvning sirtida
Dars beradi to‘g‘rilik haqda.
Qor o‘rgatar toza bo‘lishni –
Quyosh odob bilan to‘lishni.
O‘zi shuncha ulkan bo‘lsa ham
Kamtarlikni uqtirar hardam.
Tabiatning qo‘ynida doim
Ezgulikdan dars olish lozim.
Undar bizni donish daraxtlar,
Hech buzilmas o‘rmon qavmlari
Saboq berib do‘stlikka chorlar.

* * *

– Moychechaklar,
Bo‘lmasa gar sir:
Qayerdansiz,
Aytingiz, axir?
– Sir emas bu, –
Shu bo‘ldi javob,
– Bizni qo‘ldan
qo‘ymasdi oftob.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi