Sonya Shatalova (1993)

Iqtidorli shoira Sonya Vladimirovna Shatalova 1993 yilning 12 noyabrida Rossiyaning Moskva viloyatida tug‘ilgan. Sakkiz yoshida “Fol ochma, inonma, qo‘rqmagil asti” deya boshlanuvchi she’rini yozgan. O‘n ikki yoshida butun Rossiyaga uning nomi mashhur bo‘ldi. U “Men gung emas, men so‘zlayman” (2015), Sonya Shatalova nomi ostida bir qancha to‘plamlarda o‘z ijod namunalarini e’lon qilgan. Shoira autizm xastaligining og‘ir shakli bilan kasallangan, gapira olmaydi. Shatalova jiddiy she’rlar va yorqin aforizmlar bitadi. U haqida “Autda” filmi tasvirga olingan.

* * *

Fol ochma, inonma, qo‘rqmagil asti,
Qonimizda bordir bariga javob.
O‘zgalar xislatin noayon urfi
Salomga qovushmay, topmasmi savob?

Bunday mashmashalar, turfa nodonlik
Vulqonni eslatar – portlashga tayyor.
Tizginlab bo‘lurmi telba bo‘ronni,
Mushukni emanga bog‘lagandek yo.

Bunday ko‘rgiliklar ko‘p bo‘lgan burun,
Tizginlashlar… ko‘ngil zada bu ishdan.
Ha, o‘zimdan o‘sib chiqqanimdan so‘ng
Qutulganman Vaqtga tutqun bo‘lishdan.

* * *

Kuzak osmonida yoqqan muz yomg‘ir
O‘chiraolarmi ruhim gulxanin.
Saraton quyoshi sochsa hamki qo‘r
Tushkunlik botqog‘in quritarmikin.

Yolg‘izlikdan sovuq qotgan yurakni
Isitaolmadi javzo otashi.
Savr suvlari ham tilimdagi bu
Gunglikning tugunin yecholmadi-ku!

Xudojon, hech qayda menga yo‘q najot,
Gunohim kechirgil, aylagin shafqat.
Kechirsang, qush kabi ozodman, ozod,
Ozod qushdek qo‘shiq kuylayman, albat.

* * *

Ko‘k gardishdagi aylana ko‘zgu
Oniy lahzalarda bo‘ldi oltin gul –
Shamol pardani sidirib tashlar.

* * *

Oq ustida qora belgilar –
So‘zlarmi donolik yoki aqldan?
Oltin o‘zak bo‘lib qo‘limda qotdi.

TUN VA KUN

Birdek yoqar tun va kun menga,
Va ularning o‘xshamasligi.
Juda yoqar uzviyligi ham –
Yulduzlarga chulg‘anishiyu
Cho‘milishi quyosh nuriga.
Xush yoqadi mo‘jiza, siri –
Buyuk hodisalar kitobin.
Juda yoqar ulug‘ Tangrining
Dunyo haqda yozgan kitobi.

OTLAR

Otlar, iliqtan otlar,
Harorat-la ko‘ming qo‘rquvlarimni!
Otlar, tez chopar otlar,
Qo‘rquvlarim shamollarga tutqazing!
Muammolar ko‘rinmaydi nazdimda muhim
Ot ustidan boqqanimda jim.
Sen va men,
Ayriliqda sen va men yana
Saxovatli ishlarga qodir.
Shunday tikamizki voqea to‘nin,
Bu tikuv tusadi zulmning yo‘lin.
Faqat o‘z ruhing-la kerak yaratmoqqa kuch,
Va bo‘lar bu dunyoda yashamoq oson.
Biz sen bilan —dunyoning Kuchi.
Yashagaymiz sevib-sevilib.

* * *

Ona, ayting, onajon, nega
Quyosh egnidagi ridosi qizil?
Shoirlar gullarni chizar so‘z bilan,
Quyosh, havo, dunyo va shudring,
Araz, og‘riq, shodlik va qayg‘u,
Barchasini mumkin so‘z bilan ifoda etish.
So‘zga rang berguvchi nadir?
Uning qonin to‘ldirguvchi ne?
Balki uni degaymi Quyosh.
Shoirlar qalbiga Allohning o‘zi
Yoqib qo‘yibdi-ku bir parcha Quyosh!

* * *

Qizil bo‘lishi shart milash mevasi.
Mabodo u bo‘larkan yashil,
Xatar ichra kutaman kuzni.

* * *

Sukut ichra shivirlaysan:
“Sen mening yoqimli quyoncham” –
Bo‘m-bo‘sh olamimni to‘ldirar qo‘shiq.

* * *

Kimdir degan: “Sukut – oltindir”…
Otash so‘zlar qalbda tug‘ilsa,
Senga alam qilmasmi, axir,
Yo‘li toshlar bilan tusilsa.

Buqqanda bu “oltin” jimligi ,
Ko‘kragimni tog‘day bosar yuk.
Avvallari so‘zamol edim,
Qanday qaytay senga, Ozodlik?

GULXAN

Gulxan yondi va kuylar olov
Quyosh hamda inson g‘ururin.
Va yonadi boshim lovullab
Yashab o‘tgan kunlar zahridan.
To‘qqizga to‘laman. Mangulikdir bu
Olov umri bilan aylasang qiyos.
Taqdirimda shumikin bori?
Harorat bergandi odamlarga u,
Men-chi?
Gungman, noshudman,
Ajrab qolgan dunyodan
Ataladi autizm.
Bu qasamxo‘r kasalim
Nahot faqat yolg‘izlik
Taqdirim so‘ngigacha –
Kulga qolaman do‘nib
Ilitmay biror qalbni?..
Yonayotib yig‘lar mash’ala
Tarashadan tomar mum yana.
Va yig‘larman, axir,
ko‘p qimmat
Sukut narxi.
So‘z bergin, Alloh!

QO‘RQUV

Qo‘rqayapman, g‘uvillar boshim,
So‘zlarim tentirab ketmak istaydi.
“Qo‘yvor bizni, et ozod, Sonya!”
Men turaman jim.
Qulflangan lablar kaliti –
Kanday olay miyamdan uni?
Sizdan yordam so‘rayman endi!
Istamasman tilsiz qolmoqni,
Lekin qo‘rquv og‘zim qulflagan.
So‘z tug‘ilar, yaratar tilsim
Shuurdagi tuzgan dunyomda…
Va, mana,
So‘ngida-chi o‘larlar yana
Yashamog‘i uchun ularning
Chiqarib yubormoq joiz dunyodan.
Lekin qanday? Sizdan so‘rayman!
Balki, anglamaslar uni nogahon?
Yonayetib og‘zimda ular
O‘zgararlar,tushunmas dunyo,
Haydarmilar qo‘shib meni ham?
Qanday yashay? Qo‘rqayapman. G‘uvillar boshim.

TUSh

G‘aroyib hayotim voqealari
Yozilmish o‘lik so‘zlar qoni-la.
Shuurimda o‘lganlar bari
Yorildilar ko‘rmay ozodlik.
Jarangladi, kuldi, ranjidi so‘zlar.
So‘z naqshlari oydin tunda kirdi tushimga,
Oy boqar yuzimga tabassum ila…
Lekin men so‘zlarga bermagandim erk
Va ular yotarlar quruq, bezabon.
Qonlari siyohga qo‘shilib ketgan
Va qo‘l bilan birov yozar:
“Sonya so‘zlarni o‘ldirdi yana”.
Lekin tushimga men hech ishonmasman,
Qutulmoqni o‘ylayman bir dam.
Qanday qilib miyani ochsam?
Axir, so‘zga jon ato etish
Men uchun bir arzimas narsa.

OVOZIM

Ovozim ne sabab buncha past?
Mo‘jiza ko‘rsatmoqqa yetar-ku kuching.
Shunday qilki, balandla ovozim –
Eshitsin bu dunyo va ikkilansin:
Emrilmoq yo mukammal bo‘lmoqqa jazm…

* * *

Olov qo‘shig‘ining kuyida
Ko‘p g‘aroyib sukunatlar bor.
G‘alayonga solarlar meni
Va afsunga chulg‘arlar takror.
Qadimiy nimadir kelar xotirga,
Go‘yoki men – men emas, kimdir,
Qachonlardir yashagan birov,
Chiqqan kabi birdan botqoqdan.
Yonayotgan daraxt ko‘rinar
Va Tangri der unga: “Foydalanib qol!”
Va ishonib bunday nidoga
Odam siyog‘ida o‘rmondan o‘tar.

QAYIN TARAShASI

Qayin tarashasi tarasha edi.
Tepalikda turardi o‘sib,
Do‘st tutinib shamol, yomg‘ir-la.
Yuvar edi yashil kokilin,
Haroratli quyosh tig‘ida…
Endi esa oddiy tarasha.
Tushlarida aks etar o‘tmish
Va menga shivirlar… shivirlar…
Nega sen gohida bunchalar g‘amgin,
Yuzlaring bunchalar go‘zal va o‘ychan?..
Ibtidoda emasding bunday,
Tabassumda balqirding kunday…

* * *

Ne so‘zlashni bilmasman.
Sukut saqlar yuragim.
Dunyo ohanglari ruhimga inmoqdadir jim.

* * *

Qushlaru shamollar – Kuz qanotlari
Olib keting birga subhi chog‘ida.
Olis o‘gay kuzgi g‘allazor qirga
Jaranglab tomchining qo‘ng‘irog‘ida.
So‘ng o‘rmonga ohista tortay
Titrab turgan mezonlar to‘rin.
Qilich yanglig‘ o‘tar turnalar, zori
O‘rmon libosini qizartgay butun.

* * *

Olov tarashani maqtab kuylagay,
Tantanavor jaranglar qo‘shiq.
Xotiraning yashil dashtidan
O‘tar shoir dilida nafrat.
Tutqunlik jasorat baridan
Qilg‘iliqdir – jasorat asli,
Sokinlash yo shoshil – chekinsin to‘siq!
Shoir yo‘li to‘g‘ri va shaffof
Asrlik haqligidan qilib shubhalar.
To‘siqlardan o‘tadi shoir
Ishonarlar shoirga haqni.

QOR

Qor yog‘di. Hammayoq qor kabi
Bu qish o‘zi tikkan choyshabni.
Qor uchqunli, yumshog‘u toza,
Yotdi sovuq chegara olib
Ostidadir yer, inson nahsi
Va bo‘lg‘usi hayot umidi.
Ustida-chi oq-oppoq libos,
Tozaligu go‘zallikka xos.
Barcha kutar izlari tamg‘a.
Nima bo‘lar? Jur’at etar kim?
Kim jasorat ko‘rsatadi, kim?

MAKTAB HAQIDA ShE’R

“Maktab” nima?
So‘z. Olti harfli.
Bir uy oddiy.
Hijjalashga kelamiz fanni.
Zerikarli, surrang… Uy yaxshiroqdir…
Yo har holda dunyo cheksizmi?…
Balki chiqmoq uchun kerakdir narvon?…

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi