Rimantas Vanagas (1948)

Rimantas Vanagas (Rimantas Vanagas) – litvalik shoir, tarjimon va jamoat arbobi. 1979 yildayoq ilk to‘plami uchun litva shoiri Zigmas Gele nomidagi yoshlarning eng yaxshi to‘plamiga beriladigan mukofotga sazovor bo‘lgan.

ONAMNING XATI

Olisda,
O‘rmonlar ortida,
Ota makonimda qadrdon,
Menga xat yozadi onam
har kun parishon.
Lov-lov yonar yonida o‘choq,
Qizil lavlagini artib-tozalab,
Menga xat yozadi onam.

Men buni uddalay olmayman biroq.

Bir bevosh o‘g‘ilman, bechora onam
Har gal xatlarida tayinlayotir:
“Shahar ko‘chalari suronli axir,
Bir kor-hol bo‘lmasin!” – olar xavotir.
“ – Kechalari to‘yib uxlagin, ammo,
Och qoringa chekma, daydima uzoq.
Issiqroq kiyingin, chiqsang ko‘chaga,
Yoqalashib yurma hech behudaga”.

Men buni uddalay olmayman biroq.

Unutarman hanuz yemoq-ichmoqni,
Vaqtida topolmay uyqumdan darak.
O‘tga ham, cho‘qqa ham urgum o‘zimni,
Shaharlik olifta kabi jonsarak.
Ba’zan sabab topib arzimas, mayda,
Mushtumzo‘rlikni ham qilmayman kanda.
Biroq, ish orasi, vaqti-bemahal,
Fikratimda olis qishloq jonlanar:
Olisda, o‘rmonlar ortida,
O‘sha makonimda qadrdon,
Menga xat yozadi onam
har kun parishon.
Uzoq-uzoqlarga termular mahtal,
Unutilar gohi qozonu o‘choq.
Menga xat yozadi onam
Bo‘lib parishon.

Men buni uddalay olmayman biroq.

QISh

Uyma-uy, tomma-tom tentirarkan qish,
Sening ayvoningga kelib qo‘narmish.
Uyingga eltuvchi yo‘llarda oppoq
Mavjlanar, go‘yoki bo‘lganday mayoq.
Engil tortar yurak, yorishar dunyo,
Ko‘k yuzidan quyosh boqqanday go‘yo.
Bulutlar ortida qilgandayin noz,
Goh chordoq-tomlardan beradi ovoz.

Qorong‘uda uchib sho‘x qor parchalar,
Hurkak ohulardek suvga sho‘ng‘ishar.
Tortqilab zaminning oppoq ko‘rpasin
Qor ostida qiy-chuv qilar maysalar.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi