Li Son’son (1941)

Shoir Li Son’son 1970 yildan she’rlari bilan tanila boshlagan. Shundan so‘ng she’rxonlar va adabiyotshunoslar tomonidan uning ijodi yuqori baholanib, bir necha kitoblari chop qilingan. “Koryo” universitetini tugatgan. Uning she’riyatida tabiatni taxayyul ko‘zgusida kuylash, lirizm ustuvor.

YuLDUZLARGA TIKILIB

Uzoq tikilaman yulduzlarga,
Nega ular bunday nur sochar?

Men uzoq termilaman ko‘kka,
Nega ko‘k bunchalar musaffo?

Yulduzlar, men ne qilay?
Er uzra
boqay nimaga?

Ko‘cha ko‘z o‘ngimda yuzadi,
Ag‘anab tushdi tor ko‘chada mast.

Qarayman sizning ko‘zyosh kabi musaffo yuzingizga,
Yurakdan g‘uborlarni yuvguchi. Eh, qanday yo‘qsulman!
Menda yo‘q hatto sizdagi sof beg‘uborlik.

Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi

YuLDUZLARGA BOQIB YoZILGAN SATRLAR

Yulduzlarga termuldim uzoq…
Nechun ular oydin, yarqiroq?

Samolarga boqaman – dil chok –
Osmon buncha toza, samo – pok?

Yulduzlar, men sizdan so‘rayman –
Qaysi yuzim bilan Yerga qarayman?

Xalq – qashshoq, shoh – zolim, qasdma-qasd,
g‘amdan ichib yotar ariqda bir mast.

Yulduzlar, boqaman – yuragim toshday –
sizning nuringiz sof, xuddi ko‘z yoshday.

Dilimni yuvadi nuringiz oppoq.
Men dili yuvilgan faqirman, qashshoq!

Qaniydi siz kabi nur sochsam edi,
Bir inson topsamu, dil ochsam edi…

Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi