Dilan Tomas (1914-1953)

Dilan Tomas (Dylan Marlais Thomas) – “O‘n sakkiz she’r” (1934), “Yigirma besh she’r” (1936), “Sevgi xaritasi” (1939), “O‘lim va najot” (1946) singari to‘plamlar muallifi. “Musavvir portreti” (1940) avtobiografik qissasi, “Sut o‘rmoni” pesasi, novellalari bor. D.Tomasning lirik-falsafiy she’rlarida inson va tabiat munosabati, ularning o‘zaro uyg‘un hodisa ekani o‘ziga xos tarzda talqin etiladi. Shuningdek, u ingliz adabiy tili va she’riy shakllarining yangilanishiga ham katta hissa qo‘shdi.

“UZLATGA ChEKINMOQ ISTADIM MUDOM”

Uzlatga chekinmoq istadim mudom
Riyokor yolg‘onning qutqularidan.
Ko‘hna qo‘rquvlardan taralmish fig‘on
Umrim judo qildi uyqularidan.

Munavvar tonglar ham yorug‘ kunduzlar
Tun bo‘lib dengizning ortiga cho‘kdi.
Yurakda gul ochgan eng nafis hislar
Shubhadan qoraydi, yaprog‘in to‘kdi…

Uzlatga chekinmoq istadim mudom
Sharpalarning soxta tavozesidan.
Ularni jam etgan yig‘in, izdihom,
Yolg‘on kitoblarning ovozasidan.

Barchasin chulg‘agan dabdaba, shukuh,
Ojiz tuman kabi tarqadi-ketdi.
Yuragim riyoga qilmay tavajjuh,
Jismim qo‘rg‘onini nurafshon etdi…

Uzlatga chekinmoq istadim mudom,
Netay, qo‘rquv meni ayladi bandi.
Valek, chirib bitgan riyo ostidan
Mutlaqo yangi bir hayot uyg‘ondi…

Shul so‘lim hayotning chaqmoq sadosi
Parqu bulut tomon ayladi parvoz.
Bag‘rimni chulg‘adi hurlik safosi,
Endi chin so‘z uchun yo‘qdir e’tiroz…

Qadim qo‘rquv, hadik yo‘qoldi abas,
To‘ralarcha libos, olifta, farang,
Endi hatto ajal menga kelmas bas,
Yolg‘on mamoti-la tugar ushbu jang…

Uzlatga chekinmoq istadim mudom,
Biroq uzlat mendan mangu chekindi.
Shodliklar keltirdi ezgu bir payg‘om,
Diydamdagi alam unutdir endi…

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi