Uolt Uitmen (1819-1892)

Uolt Uitmenning (Walt Whitman) ajdodlari asli gollandiyalik bo‘lishgan. Bo‘lajak shoir Nyu-York shtatining Long-Aylend orolidagi qishloqda, ko‘p bolalik katta oilada tug‘ilgan. Uolt To‘qqiz bolaning to‘ng‘ichi edi. 1825-1830 yillarda Bruklindagi maktabda o‘qidi. Yetishmovchilik tufayli o‘zini ishga urdi. Xat-xabar tashuvchi, bosmaxonada harf teruvchi-taxlovchi, o‘qituvchi, jurnalist, mahalliy gazetalarda muharrir bo‘lib ishladi.
Taxminan 40 yillik ijodiy faoliyati davomida faqat bittagina kitob – “O‘tning yaproqlari”ni 1855 yilda e’lon qildi. Bu kitob juda katta so‘zboshi,olti doston va ko‘pdan-ko‘p turkumlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, muallif tirikligida olti marta qayta nashr etildi va nashrdan nashrga kengaytirib, boyitib borildi. Oxiri shunday miqyosga yetdiki, amalda XIX asr Amerikasining poetik eposiga aylandi.
Shoir 1861-1865 yillardagi fuqarolar urushi davrida gospitallarda sanitar bo‘lib ishladi. Uning “Barabanlar jangi” va “Layloq (nastarin) so‘nggi marta gullaganida” kabi she’rlari urush hodisalarini aks ettirgan. U 1865 yilda Amerikaning birinchi prezidenti Avraam Linkolnning o‘limiga ham guvoh bo‘ldi va bu fojeaga bag‘ishlab “O, kapitan, kapitanim” she’rini yozdi.

KELAJAK ShOIRLARIGA

Kelajak shoirlar! Xonanda, nag‘masoz, voizlar!
Himoya etolmas meni bu zamon, men neman,
ne uchun berolmas javob,
Kelajak nasllar — baquvvat, muskuldor,
ajdodidan buyukroq odamlar.
Dunyoga keling! Siz mening o‘zligim etursiz isbot.
Uch-to‘rt so‘z biturman kelgusi kunlarning dasturi uchun,
Bir lahza kelurman yana yo‘qlikka qaytmoqlik uchun.
Men o‘sha, olomon ichida sargardon kezgan,
sizga bir ko‘z tashlab yuzini burgan,
Kimligin, neligin topmoqni
ham ruhu royishin chizmoqni sizga havola qilgan,
Men a’mol-asosni kutaman sizdan.

TIMSOLLAR

Donishmandga duch keldim bugun
Ul o‘rganmish dunyoi dun qiylu qolini,
San’atiyu ilmi donishi, rohatiyu dil oroyishi,
Ham joniga neki jo-bajo timsol erur, timsol erur.

Ul dediki, ushbu ila qo‘shig‘ingni labo-lab qilgil
Na kunni, na lahzani, na butunni,
na parchani o‘ylama, qo‘yg‘il
qo‘shig‘ingga timsollarni labo-lab qo‘yg‘il,
San ularni asoslarning asosi tut,
ular bo‘lg‘ay — zavq qo‘shig‘i,
zavq nuri barchasiga,
Siru asror moyasi ham timsol erur, timsol erur.

Abad mavhum ibtidolar,
Abad unmoq va charxfalak sayyoralar,
Abad komil taraqqiylar va yo‘qlikka mustahiqlar
(yana barbod, yana bunyodga loyiqlar)
Timsol erur, timsol erur, timsol erur.

Abad buqalamunliklar,
Abad ashyoyu unsurlar, ularda toblanishlar, ushalmoqlar,
yana qayta qo‘shilmoqlar,
Abad maktab, izdihomlar — fidoyilar yetilguchi
Timsol erur qayta-qayta tug‘ilguchi.
Quloq tutg‘il, menu sen ham,
Va ma’lumlar, noma’lumlar, saltanatlar,
mardonalar, zaifalar,
Neki sobit, neki obid, neki bunyod bebahodir
Timsol erur, timsol erur.

Bebaqo alomatlar,
Qalam ahlin ta’bi holin hosili,
ilm ahlin duru-daroz tadqiqi,
Sipohdorning, zafardorning,
jabrdiyda g‘amgusorning
chekkan zahmatlarin tuqqan
Timsol erur, timsol erur.

Jami insonning umrida
(Har pora yig‘ilgandir, tuzilgaydir,
fikrda yuksalishlar,
yurakda tebranishlar va sayyu harakatlar —
ham oxirlar oqibatlar)
Ham zarralar, ham kabirlar, barqarorlar hamoqati,
uyg‘unligi
Timsol erur, timsol erur.

Qadimul qadim da’vat
O‘tmish qoya dovonlardan kelmish qoya dovonlarga,
ulardan ham balandlarga chorlaguvchi,
Ushbu kunga, ilmu fanga nido etgan —
Qadimul qadim da’vat
Timsol erur, timsol erur.

Bizni quchgan bu fasllar,
Amriqoning ham g‘aroyib, ham koranda,
ham boqudrat girdibodi,
Ham umumlar, ham xususlar bunyodining sababkori
Timsol erur, timsol erur.

Men ham seni kechmish ila,
G‘oyib bo‘lgan yerlar ila, ummonlar ortida
kechgan saltanat, shohlar ila,
O‘tgan jahongirlar ila, o‘tgan yurish bosqin ila, suv
uza kechgan sayohatlar ila
Payvandu band etguchi ham timsol erur, timsol erur.

Ham ul quvvat, ham ul qomat, ham ul surat,
Ham ul tog‘lar, ham ul yerlar, ham ul qoya, ham ul chinor,
Bu dunyoga kelganlar, bu dunyodan ketganlar umri
fuzunlari ham, boqiy meroslari ham
Timsol erur, timsol erur.

Shod sururlar, zavqu shavqlar, talx qahrlar
Tug‘ilgan puchmoqdan o‘zgasi — zohiriy surat erur.
Azal maqsadu ishtiyoq —
er to‘pini quroqlardan tikib chiqmoq —
zohiriy surat erurkim shularning barchasi
ham zaminning qudrati
Timsol erur, timsol erur.

Hama olam, hama fursat
(Ham yulduzlar, ham quyoshda bovahm toyrilishlar,
Kengaymoqlar, ushalmoqlar,
yo‘qolmoqlar, ularning ham lahzalik,
ham asrlik umrlari)
Timsol erur, timsol erur.

Zabonsiz yulduzlar burjlari,
Besarhad ummonlar, poyiga daryolar bosh urgan,
Ham yolg‘iz, ham ozod beshumor siymolar,
Ham barhaq mavjudlik, barisi — timsol erur, timsol erur.

Va bu dunyo,
Va koinot, va insonlar olami,
Va mohiyat, va maqsadlar, umrlarning boqiy umri
Timsol erur, timsol erur.

Ilm ahli o‘qugan saboqlarning mag‘zida,
Munajjimlar falakka umrini ekib topgan
kashfu asror mag‘zida,
Tan tabibin, jon tabibin kori-bori mag‘zida,
kimyogarlar ahlining kimyolari mag‘zida
Zuhur etgan ma’nilarning ma’nisi
timsol erur, timsol erur.

Dunyodagi mavhumotlar, garchi ma’lumi ham ko‘pdir,
Azal mavjud, hozir mavjud, abad mavjud bo‘lg‘usilar,
Ushbu mavjud zamonlarni beintiho zamonlarga
eltguchilar
Timsol erur, timsol erur.

Shoir ila payg‘ambar,
Avval o‘zlarini maqbul etmog‘i
va oliy supaga chiqmoqlari shart,
Va xizmat etarkan Zamon va Xalqqa,
payg‘ambar xudoni shafe keltirur,
shoirga ham xudo, ham dastur,
Timsol erur, timsol erur.

Va sening uchun ham, o mening kalbim,
Zavqu shavqlar, xurramliklar, shod sururlar,
Ham mayllar, ham oshnolar, ham visolga intilishlar
Timsol erur, timsol erur.

Sening senga sodiq vujuding —
Vujudingkim, vujuding qa’rida pinhon,
Faqat san’at baxsh aylagay unga shaklu shamoyilni,
men ham bir tasvirman
o‘zimda in’ikos etgan,
yana kimsan deb so‘rsangiz sado kelgay —
Timsol erur, timsol erur.

Sening barhaq qo‘shig‘ing yo‘q qo‘shiqlarning ichinda,
Na bir kuy-ohangda yo‘q, yo‘q yo‘qlikning ichinda.
Lek butunlik ichinda hosila amal topgay,
va nihoyat hama olam bo‘lib
undan yuzib chiqqan
Timsol erur, timsol erur.

SALUT AU MONDE*

1

O‘, Uolt Uitmen, qo‘llarimdan tut!
Qanday mo‘jiza lahzalik!
Qanday ranglar bu, qanday ohanglar!
O‘, qanday zanjir bu, behisob halqalar chambarchas!
Har biri hammasi bilan baqamti,
har biri hammasi bilan
birlikda zaminni quchgan.
Uolt Uitmen, u qanday imkonlar sendagi?
U qanday to‘lqinlar,
u qanday yerlar vujudga kelgan?
U qanday mintaqa, u qanday davlatlar hamda odamlar?
Bu qanday bolalar chopalab yurgan,
bu qanday bolalar bari uyquda?
Bu qanday qizlar, qanday juvonlar?
Bu qanday odamlar barisi qari,
biri-biriga suyanib sudralib borayotgan?
Bu qanday daryolar?
Bu qanday o‘rmon hamda daraxtlar?
Nima deb atalar tumanga burkalgan huv anov tog‘lar?
Odamlar limmo-lim bu million kulbalar nima?

2

Menda kengliklar kengayar, uzunliklar uzayar;
Osiyo, Afriqo, Ovrupo — sharqimda,
g‘arbimda — Amerika;
Jazira Ekvator bilan tang‘ilgan
er sharining qavariqlari,
Erning o‘qi esa aylantiraverar Janub
hamda Sharq qutblarin;
Mendadir — to‘lin oy ortida sira berkinmay
quyosh charx urgan eng uzun kunlar,
Mendadir — ufqning ortida qolmasdan
yarim tunda chiqqan quyoshlar,
Mendadir — mintaqalar, dengizlar,
orollar, changalzorlar,
sharsharalar hamda vulqonlar,
Malayziya, Polinezpya va Vest-Inddagi orollar menda.

3

Sen nelarni eshityapsan Uolt Uitmen?
Mening eshitayotganim,
ishchining hamda dehqon ayolining hazin qo‘shig‘i,
Mening eshitayotganim, bolalarning ovozi,
jonivorlarning tonggi ma’rashi,
Mening eshitayotganim, yovvoyi otlarni
quvib borayotgan
avstraliyalnklarning qichqiriqlari,
Mening eshitayotganim,
ispanlarning kashtanlar soyasida, qayroqtoshlar,
setorlar, gitarlar ovoziga mast bo‘lpb raqsga
tushayotgani,
Mening eshitayotganim, Taymizdan kelayotgan betinim
g‘ovur.
Mening eshitayotganim, faranglarning isyonkor,
ozodlik qo‘shiqlari.
Mening eshitayotganim,
havo sharida uchayotgan itoliyoliklarning
xushohang qo‘shig‘i,
Mening eshitayotganim, chigirtkaning shildiroq shovqini,
u senday yog‘ilar Suriyaning bug‘doyzor
va maysazorlariga,
Mening eshitayotganim, oqshom chog‘i
ona Nilning qorong‘u ko‘ksiga yog‘ilayotgan
baliqchining g‘amgin qo‘shig‘i,
Mening eshitayotganim,
meksikalik podachining bo‘g‘zidagi va
xachirning bo‘ynidagi qo‘ng‘iroq ovozlari,
Mening eshitayotganim,
arab muazzinining minoradan aytgan azoni,
Mening eshitayotganim, ruhoniyning
mehrobdan qilgan nidosi
va cholg‘u asboblarining
balandu past pardalarda unga javobi,
Mening eshitayotganim, kazaklar hayqirig‘i
va Oho‘ta dengiziga
chiqayotgan dengizchilar ovozi,
Mening eshitayotganim, ikkovin,
uchovin bir qilib qo‘l va
oyoqlariga kundalar urilgan qullarning alahsirab
qilgan og‘ir ingrog‘i,
Mening eshitayotganim, juhudning injil oyatlarini
ixlos-la o‘qishi,
Mening eshitayotganlarim,
yunonlarning xushohang rivoyatlari
va rumliklarning jangari afsonalari,
Mening eshitayotganim,
Iso payg‘ambarning ilohiy hayoti va
azobli o‘limi haqida hikoyat,
Mening eshitayotganim, hinduning o‘z shogirdiga
muhabbat haqida, jangu jadallar haqida
shoirlar uch ming yil muqaddam bitgan va
bizning kunlarga qo‘lma-qo‘l yetgan hikmatlarni
ta’lim berishi.

4

Sen nimalarni ko‘ryapsan, Uolt Uitmen?
Sen kimga salomlar yo‘llamoqdasan va senga ketma-ket
salom yo‘llaganlar kim?
Mening ko‘rayotganpm, koinotda kezib yurgan mo‘jizaviy
shar.
Mening ko‘rayotganim, undagi jimit fermalar,
daraxtlar, xarobalar, hibsxonalar, korxonalar,
saroylar, kulbalar, yovvoyilar kapalari,
ko‘chmanchilar o‘tovlari,
Mening ko‘rayotganim, yerning odamlar uxlayotgan qorong‘u
yarmi va quyosh yoritgan ikkinchi yarmi,
Mening ko‘rayotganim nur va soyalarning sehrli o‘yini,
Mening ko‘rayotganim, uzoq-uzoq yurtlar — yashovchilariga
yaqin va aziz, menga o‘z yurtim qadrli shunday,
Mening ko‘rayotganim, mo‘l-ko‘l suvlar,
Mening ko‘rayotganim, yuksak cho‘qkilar, Hindiqush va
Alleg‘on tog‘larining tizmalari,
Mening ko‘rayotganim, Himolay, Tyon-Shon, Oltoy va Hata,
Mening ko‘rayotganim, Alburus, Kazbekning,
Bozor-Do‘zining bahaybat cho‘qqilari,
Mening ko‘rayotganim, Shtiriya Alplari, Karniy
Alplari,
Mening ko‘rayotganim, Pireneya, Bolqon, Karpat,
Dovrf’el va dengizda tug‘ilgan Gekl
vulqoni,
Mening ko‘rayotganim, Vezuviy va Etna, Oyqor tog‘lari
va Madagaskardagi Qizil tog‘lar,
Mening ko‘rayotganim, Liviya, Arabiston va Osiyo
sahrolari,
Mening ko‘rayotganim, Arktika va Antarktidaning
qo‘rqinchli, suzuvchi muz tog‘lari,
Mening ko‘rayotganim, Atlantika va Tinch okeanlari,
Meksika, Braziliya va Peru suvlari,
Hindiston suvlari, Chin dengizi, Gina bo‘g‘ozi,
Yapon suvlari, Nagasakining
taqasimon tog‘lar o‘rayotgan g‘aroyib ko‘rfazi,
Baltika va Hazar dengizi, Botni ko‘rfazi, Britaiiya
sohillari, Biskay bo‘g‘ozi,
Quyoshli O‘rta Yer dengizi, uning barcha orollari,
Oq dengiz hamda Grenlandiyani qurshagan dengiz.
Mening ko‘rayotganim, butun dunyo dengizchilari,
Mening ko‘rayotganim, ularning bo‘ronlar bilan olishuvi,
tunlarni bedor o‘tkazishlari,
Adashib najotsiz suzishlari,
bedavo dardlarga yo‘liqishlari,
Mening ko‘rayotganim, kemalarning Bur burnidan,
Yashil burnidan,
va Gvardafuy burnidan, Bun va Bog‘adordan
aylanib o‘tayotganlari,
Kemalarning ham Do‘ndra burnida, ham Kurak burnida,
ham Zo‘nda bo‘g‘ozida, ham Bering bo‘g‘ozida,
Ham Go‘rn burnida, ham Meksika ko‘rfazida,
ham Kuba va Gaitida,
ham Hudzo‘n va Baffin bo‘g‘ozlarida
suzib yurishlari,
Kemalarning Duvr bo‘g‘ozidan suzib o‘tishi,
Uo‘sh va Soluey-Fert bo‘g‘ozlariga suzib kirishi,
Klir va Lends-End burnlaridan aylanib
o‘tishi,
Kemalarning Zeyder-Ze va Shelf bo‘g‘ozlariga
suzib kirishi,
Kemalarning Gibraltar va Chanoqqal’aga kelishi
va ketishi,
Kemalarning shimol muzliklaridan o‘ziga yo‘l ochishi,
Kemalarning Obi hamda Lena, Niger,
Ko‘ngo‘ va Indj, Brampur va Meko‘ng
daryolari bo‘ylab yuqoriga va
quyiga suzib yurishi,
Tezyurar qora kemalarning
Avstraliya bandargohlarida chayqalib turishi,
Kemalarning Liverpul, Glazgo, Dublin, Marsel, Lizbon,
Neapal, Gamburg, Bremen, Bordo, Lahay,
Ko‘penhag bandargohlarida tebranib turishi,
Kemalarning Valparaiso, Rio‘-de-Janeyro‘ga,
Panamaga bo‘lg‘usi safarlarni kutib
turishi,
Kemalarning Bosto‘n, Filadelfiya, Baltimo‘r,
Charlsto‘n, Yangi Orlean, Galvesto‘n,

5

San-Frantsisko‘da arqonlarga bog‘liq turishi.
Mening ko‘rayotganim, butun yer yuzining temir yo‘llari,
Mening ko‘rayotganim, Buyuk Britaniya
va Ovruponing temir yo‘llari,
Menpng ko‘rayotganim, Osiyo va Afriqo temir yo‘llari.
Mening ko‘rayotganim, butun yer yuzining telegraf
simlari,
Mening ko‘rayotganim, butun insoniyatning janglari,
o‘limlari yo‘qotishlari, g‘alabalari, intilishlari
haqidagi xabarlarning rishtalari.
Mening ko‘rayotganim, butun yer yuzi daryolarining oqishi,
Mening ko‘rayotganim, Amazonka va Paragvay,
Mening ko‘rayotganim, Chinning to‘rt ulug‘ daryosi — Amur,
Sariq daryo, Yantszi va Marjondaryo,
Mening ko‘rayotganim, Sena, To‘na, Luara,
Ro‘na va Huvadalnahorning
qanday oqishi,
Mening ko‘rayotganim, Edil, Dnepr, O‘derning
burilishlari,
Mening ko‘rayotganim, Arno‘dagi toskanliklar va
Po‘ daryosidagi venetsiyaliklar,
Mening ko‘rayotganim, yunon dengizchilarinpng
Egin bo‘g‘ozidan suzib ketishi.

6

Mening ko‘rayotganim, qadim Ossuriya, Eron, Hindiston
kengliklari,
Mening ko‘rayotganim,
Savkarning baland tizmalaridan Ganganing
yoyilib oqishi,
Mening ko‘rayotganim,
Ruhoniylar, folbinlar, kohinlar, brahmanlar,
Saboiylar*, lamlar*, rohiblar, muftilar,
xatiblar bir-birini sotgan joylari,
Mening ko‘rayotganim,
druidlarning Mo‘na o‘rmonlarida kezishi*,
ko‘rayotganim, tizimgullar va yashil butalar,
Mening ko‘rayotganim,
xudolar abadiy uyquda yotgan ibodatxonalar,
ko‘rayotganim, qadim avliyo-anbiyolar.
Mening ko‘rayotganim, bolalar va keksalar davra qurgan
sirli kechada non ushatayotgan Iso payg‘ambar,
Ko‘rayotganim, navqiron ilohiy pahlavon Gerkules —
u matonat ila uzoq mehnat chekajak, so‘ngra
o‘lajak,
Ko‘rayotganim, tunning ajoyib o‘g‘loni — baqaloq
Vakxaning begunoh va erkin kechgan hayoti
hamda bebaxt taqdiri.
Ko‘rayotganim, ukparlardan chambarak taqqan,
moviy libosga burkanib yashnab kelayotgan Nefera*,
Ko‘rayotganim, hech qachon,
hech kim kutmagan va hamma uchun sevimli
Hermes — u o‘larkan xalqiga qilar vasiyat!
«Men uchun yig‘lamang
Bu mening Vatanim emas, bir paytlar men quvg‘indi
bo‘lgan haqiqiy Vatanga qaytyapman,
Har kim har bir kuni albat qaytajak, osmonu falakka
qaytyapman».

7

Mening ko‘rayotganim, butun yer yuzining jang
maydonlari — hozir u joylarda maysalar,
gullar va bug‘doylar barq urmoqda.
Mening ko‘rayotganim, qadimda va yaqinda bo‘lgan
yurishlar, bosqinlar izlari.
Mening ko‘rayotganim, zamin solnomasi — noma’lum
xarobalar — noma’lum janglarning,
bahodirlarning muqaddas yodgorliklari.
Mening ko‘rayotganim, dostonlarda kuylangan yurtlar,
Ko‘rayotganim, shimol shamollarn sindirayotgan
qarag‘aylar va archalar,
Ko‘rayotganim, qoyalar va bahaybat toshlar,
maysazorlar hamda ko‘llar,
Ko‘rayotganim, Iskandinav jangchilarining tosh qabrlari,
Mening ko‘rayotganim, marhumlar ruhlari qabr
sukunatidan bezor bo‘lganda chiqib suvning
mavjlarini ko‘rmog‘i uchun, to‘lqinlarni
tinglamog‘i uchun, cheksizlikni, ozodlikni,
harakatni tuymog‘i uchun okean qirg‘og‘ida
yuksalgan qabr toshlari.
Mening ko‘rayotganim, Osiyo cho‘llari,
Mening ko‘rayotganim, Mo‘g‘uliston qabristonlari,
ko‘rayotganim, qalmoqlar va boshqirdlarning
o‘tovlari,
Ko‘rayotganim, ko‘chmanchilar qabilalari
va ularning podalari,
Mening ko‘rayotganim, jarliklar bo‘laklab tashlagan yassi
tog‘liklar, ko‘rayotganim,
changalzorlar hamda sahrolar,
Mening ko‘rayotganim, tuyalar, yovvoyi otlar,
tuvaloqlar galasi,
serquyruq qo‘ylarning otarlari, kiyiklar
to‘dasi, ko‘rayotganim, dasht bo‘risi.
Mening ko‘rayotganim, Habashiston tog‘lari,
Ko‘rayotganim, u yerda echkilarning maysalarni chimdib
yurishi, anjirning o‘sishi, tamariy va xurmo daraxti,
Ko‘rayotganim, tillorang va yashilga tovlangan
teffning* ekilishi.
Mening ko‘rayotganim, Braziliya vakeyrosi,
Ko‘rayotganim, Sorat tog‘iga chiqayotgan boliviyalik,
Ko‘rayotganim, betimsol chavandoz chauchoning* qo‘lida
o‘ralgan sirtmoq-la yaylovda yo‘rtishi,
Ko‘rayotganim, yovvoyi hayvonlarning terisi uchun
ularni pampalarda* quvishlari.

8

Mening ko‘rayotganim, qorlar va muzlar,
Ko‘rayotganim, o‘tkir ko‘zli samadiylar va finlar,
Ko‘rayotganim, oybaliq ovlovchi —
u qayiqda, sanchqini ham irg‘itdi ana,
Ko‘rayotganim, Tinch okeanining eng janubidagi va
Shimoliy Atlantikadagi kit hamda nerpa ovlovchilar,
Ko‘rayotganim, Shvetsariya qoyalari, muzliklari, shiddatli
daryolari va vodiylari — u yerlarda qish
uzoq kechadi, qishloqdan qishloqqa yetmoq
ko‘p mushkul.
Mening ko‘rayotganim, yer yuzidagi jami shaharlar,
u qaysi shahar bo‘lmasin o‘sha yerda men ham yashayman;
Men asl parijlikman,
Men Vena va Peterburg,
Berlin va Qunstantiya fuqarosiman,
Men Adlenga, Sidneyga va Malburnga ko‘chib boraman,
Men Lo‘ndo‘n, Manchester, Bristo‘l,
Edinburg va Limerikdaman,
Men Madrid, Quddus, Barselona, Oporto, Lion,
Bro‘ksel, Bern, Frankfurt, Shtutgart, Turin va
Florensiyadaman,
Men Moskav, Krako‘v, Varshava ko‘chalaridaman — yoki yana
shimolroqda — Xristianiya yoki Istdo‘kholmdaman,
Irkutsk va Islandiyadaman,
Men ana shu barcha shaharlarga qo‘naman va yana
ko‘tarilaman.

10

Mening ko‘rayotganim, noma’lum mamlakatlar ustidagi
tuman,
Ko‘rayotganim, yovvoyilar,
tig‘lariga zahar surilgan yoyi va nayzalar.
Mening ko‘rayotganim, Afrika va Osiyo shaharlari,
Ko‘rayotganim, Jazoir, Tripo‘li, Dern,
Magado‘r, Timbuk, Mo‘nro‘viya,
Ko‘rayotganim, Pekin, Kando‘n, Banoras, Dehli,
Kalkutta, To‘kio‘ olomonlari,
Ko‘rayotganim, vayrona kulbadagi Liberiya qora tanlisi,
dagomeylar* va ashantiylar*,
Ko‘rayotganim, turk — u Halabda chilim tortmoqda,
Ko‘rayotganim,
Xiva Hirot bozorlaridagi rango-rang libosli
xalqlar,
Ko‘rayotganim, Tehron, Makka va Madina, bilqillagan
qumli sahrolarda mashaqqat-la yo‘l tortayotgan
karvonlar,
Mening ko‘rayotganim, Misr va misrliklar,
ehromlar va maqbaralar,
Mening ko‘rayotganim, qumtosh va marmartoshlardagi
jahongir shohlar va qadim sulolalar haqida
hikoya qiluvchi yozuvlar,
Mening ko‘rayotganim,
Memfis va uning tosh qabrlari — ulardagi zig‘ir
matolariga o‘rab-chirmalgan, ming yillardan
buyon saqlanayotgan mo‘miyolar,
Mening ko‘rayotganim, jangda o‘ldirilgan fivalik —
uning ko‘zlari qaynab chiqqan, bo‘yni qayrilgan,
qo‘llari ko‘ksiga qalangan.
Mening ko‘rayotganim, barcha erksevar,
mehnat chekayotgan xizmatkorlar,
Mening ko‘rayotganim, hibsxonalarda
azob tortayotganlar,
Mening ko‘rayotganim, yer yuzidagi barcha majruhlar,
So‘qirlar, gunglar, karlar, telbalar,
bukrilar va savdoyilar
Mening ko‘rayotganim, qaroqchilar, o‘g‘rilar, sotqinlar,
qotillar va odam savdogarlari,
Er yuzidagi barcha yetim-esirlar,
kimsasiz chollar va kampirlar,
Mening ko‘rayotganim, hamma joylardagi
erkaklar va ayollar,
Mening ko‘rayotganim, mutafakkirlarning yorqin
do‘stligi,
Mening ko‘rayotganim insonnyatnnng yaratuvchanlik ruhi,
Mening ko‘rayotganim, inson zotining matonati
va mehnatining mevalari,
Mening ko‘rayotganim, barcha unvonlar, odam tanining
barcha ranglari, jaholat va taraqqiyot —
men shular tomonga borayotirman hech kimni
o‘zimga begona tutmay,
Men salomlar yo‘llayman
erning yuzidagi hamma-hammaga.

11

Sen kimsan, qayerdan, menga farqi yo‘q!
Sen, ingliz qizi yoxud yigiti!
Sen, qudratli slavyan qabilasining
va saltanatining o‘g‘loni!
Sen Rusiyalik rus!
Sen, qorong‘ulik qa’ridan chiqib kelgan afrikalik —
sening taning qora, yuraging ilohiy, olijanobsan,
ham bo‘ydor, go‘yoki yuzingni san’atkor cho‘yandan
quygan — maqsading oliydir xuddi men kabi!
Sen, Norveg! Shved! Daniyalik! Islandiyalik!
Sen, Prussiya fuqarosi!
Sen, Ispaniyadagi ispan!
Sen, portugaliyalik!
Sen, Farangdagi farang qizi yoxud o‘g‘loni!
Sen, belgiyalik!
Sen, Homandning erksevar o‘g‘loni
(sening ajdodlaringdan boshlanar mening avlodim),
Sen, sabotli avstriyalik!
Sen, lo‘mbardiyalik! Madyor!
Bogemlik! Shtiriyalik dehqon ayoli!
Siz, To‘na bo‘ylarida yashovchilar!
Sen, reynlik, elbalik, vezerlik ishchi! Va sen, ishchi ayol!
Sen, sardiniyalik! Bavariyalik! Shvab!*
Saksoniyalik! Roman! Bulg‘or!
Sen, Rum, Neapol, Yunon fuqarosi!
Sen, Seviliya tomoshagohidagi chayir va baduvvat
matador!*
Sen, Tavr va Qofqaz tog‘larining hech qanday qonunni
tan olmaydigan o‘g‘loni!
Sen, dashtlarda biya va baytallar uyurlarini
qo‘riqlab yurgan buxorolik!
Sen, nozikta’b fors, uchib borayotgan arg‘umoq ustidan
nayzani mo‘ljalga urguvchi!
Sen, Xitoydagi xitoy yigiti yoki qizi!
Sen, Tataristondagi tatar!
Siz, dunyoning o‘z yumushlari bilan mashg‘ul jami
ayollari!
Sen, Suriya yeriga so‘nggi bor ko‘z tashlash uchun qartaygan
chog‘ida xavfli safarga otlangan juhud!
Siz, jami mamlakatlardagi xaloskor pirini kutayotgan
juhudlar!
Sen, Firotda o‘y surayotgan xayolchan armani!
Araratga o‘rlayotgan armani! Ninevi xarobalariga
orzumand tikilayotgan armani!
Sen, Makkaning olisda yarqirab
ko‘rinayotgan minoralariga quvonch-la
boqayotgan horg‘in ziyoratchi!
Siz, o‘z oilalarini va Suvayish to Bobil-Mandobgacha
cho‘zilgan qabilalarini boshqarayotgan shayxlar!
Sen, Nazarat, Damashq,
Tabariston bog‘laridan zaytun
nihollarpni ardoqlayotgan dehqon!
Sen, olis tog‘larda yoki Lxas do‘konlarida savdo
qilayotgan tibetlik savdogar!
Siz, yapon ayollari va erkaklari!
Sen, Madagaskar,
Seylon, Sumatra va Borneo fuqarosi!
Siz, Osiyo, Afrika, Ovrupo, avstralik va butun
qit’alarda yashaguvchilar!
Siz, kelgusi asrlarda yashaydigan va mening ovozimni
eshitadigan odamlar!
Va sizlar, kim bo‘lishingizdan, qayerda yashashingizdan
qat’i nazar men nomini aytmagan odamlar!
Salom sizlarga!
O‘z nomimdan va Amerika nomidan salomlar
va muhabbat yo‘llayman!
Bizning har birimiz muqarrar va sobitmiz,
Bizning har birimiz cheksizmiz — bizning har birimiz
mana shu yer sharining egasimiz,
Bizning har birimiz yer sharining abadiy
maqsadlarining mujassamimiz,
Bizning har birimiz xudomiz.
Sen, chulchut tilli gottentot!*
Siz, sochlari jingalak olomon!
Siz, qon va ter to‘kayotgan qullar!
Siz, sim-siyoh tun yuzli afrikaliklar!
Siz, tilingiz va yuragingiz bo‘lsa-da, hamma past
nazar bilan qaraydigan
sho‘rlik kobular!
Siz, pakana kamchadallar*, grenlandlar*, laplandlar!*
Sen, yalang‘och, chirk bosgan qiziltan, lablari po‘rsildoq,
xo‘rlangan, umrini yegulik izlab
o‘tkazgan avstraliyalik,
Sen, kafr*, barbar*, sudanlik!
Sen, sahro sillasini quritgan besavod badaviy!
Siz, Madoras, Nankin, Kobul,
Qohiranipg o‘latga yo‘liqqan
olomonlari!
Sen, Amazonkaning noma’lum yashovchisi!
Sen, patagoniyalik!
Sen, Fiji fuqarosi!
Men sizlarni boshqalardan sira past ko‘rmayman,
Qanchalik orqada qolgan bo‘lmanglar, men sizlarga
qarshi bir so‘z demayman
(Vaqt kelar sizlar ham olg‘a siljiysiz
va menga tenglashib olasiz).

12

Hamdardlik va qat’iyatga to‘la yuragim
parvoz qiladi yer yuzi bo‘ylab;
Men hamma joydan o‘zimga teng odamlarni,
qadrdon do‘stlarni
izladim va ularni topdim — ular meni
kutishmoqda hamma joylarda,
Men sizlar bilan birgalikda ko‘tarildim,
tumanlar, olis qit’alar tomon suzdim va u
erlarga sizlar bilan birgalikda qo‘ndim.
Men sizlar bilan birgalikda esdim, shamollar,
Men sizlar bilan birgalikda
qirg‘oqlarga bosh urdim, suvlar,
Men sizlar bilan birgalikda oqdim, yer yuzining
daryolari,
Men yarim orollar va baland qoyalar ustida parvozimni
sekinlatdim, u yerdan turib:
SALUT AU MONDE! ….
deya qichdirmoq uchun.
Nur va harorat tarqaladigan hamma shaharlarga men
ham tarqalaman,
Qushlar parvoz qiladigan hamma shaharlarga men ham
parvoz qilaman.
Hammaga, hammaga Amerika nomidan
Baland ko‘tarilgan qo‘llarimni cho‘zaman,
chorlayman,
Toki u ko‘rinib tursin abadulabad
Hamma shaharlardan va qishloqlardan,
inson yashaydigan hamma
joylardan.
__________
* Salut au monde — Salom, ey dunyo!
* — belgisi bor so‘zlar xalqlarning nomi.
* Shu nomli qabila ruhoniylari.
* Tibet va Mo‘g‘ulistonda budda dini ruhoniysi.
* Druid —qadim kelt (G‘arbiy Ovrupoda yashagan qabila)lar ruhoniysi; Mo‘pa — Braziliyadagi orollardan biri.
* Qadim Misrda tonggi quyosh xudosi hisoblangan.
* Afriqoda o‘sadigan bir yillik boshoqli o‘simlik.
* Janubiy Amerika dashti.
* Buqa bilan jang qiluvchi kishi.

Aziz Said tarjimasi

O, KAPITAN, KAPITANIM

O, kapitan, oh, kapitanim! Marrada-ku, mana, kemamiz,
Po‘rtana va do‘llar orqada, hammasini yengdik hammamiz.
Ana, qirg‘oq, bandargoh – do‘stlar, odamlarning qarang yuziga:
Minglab ko‘zlar boqadi bizga, kemamizning motam tarziga!
Voh, Xudoyim, Xudoyim,
Bu qanday dahshatli qon!
Palubada yotipti
Kapitan, fidoyi jon.

O kapitan, oh, kapitanim, qani, qo‘zg‘ol, qara atrofga,
Yangramoqda sen uchun karnay va hilpirar yuksakda bayroq,
Gulchambarlar, gullar, lentalar – bular bari senga atalgan,
Sening xalqing kutar trapda – hayajonli, qonlari qaynoq.
Ota! Qo‘l ber, ko‘zni och!
Bu yomon tush, de, turib.
Palubada yotma, yo‘q,
Sovqotgancha, jon berib.

Kapitanim meni tinglamas, gaplarimga bermaydi javob,
Hech narsani sezmas qo‘llari, lablaridan qochib ketgan qon.
Lekin kema but va beshikast, mana, langar tashladik, qarang,
Olovlardan, janglardan o‘tdik, g‘alabaga erishdik omon.
Ey xalq, yayra, karnay chal,
Keldi portga kemamiz!
Unda yotar chalqancha
O‘lgan kapitanimiz.

HAZIN VA O‘YGA BOTGAN ONLARIMDA

Hazin va o‘yga botib o‘tiribman yolg‘iz.
Shunday lahzalarda, o‘zga yurtlarda, xuddi menday hazin va o‘ychan
menga o‘xshagan odamlar ko‘rinar ko‘zlarimga,
Mundoq tikilib qarasam bormi, ularni ko‘ra boshlayman
Olmoniyada, Italiyada, Ispaniyada, Frantsiyada
Yoki olis-olislarda – Xitoyda, Rossiyada, Yaponiyada,
ular boshqa tillarda gaplashadilar.
Ammo, nazarimda, ular bilan tanisha olsam,
yurtdoshlarimdan kamroq sevmasdim ularni.
O, bilaman, ular bilan aka-uka bo‘lardim,
Suyar edik, albatta, bir-birimizni,
Bilaman, men ular bilan baxtli bo‘lardim.

ShUNDAY ShAHAR KIRDI TUShIMGA

Shunday shahar kirdiki tushimga, agar yer yuzining barcha yurtlari
unga hujum qilsa, egallay olmasmish hech qachon.
Tushimga kirgan bu shahar Do‘stlik shahri emish,
bunaqasi hech qachon bo‘lmaganmish.
Bu shaharda hammadan ham yuksak qadrlanar ekan chin muhabbat.
Chin muhabbat bu shahar ahlining
Har bir qadamida, har bir so‘zida, har bir ko‘z qarashida
Bilinib turarkan.

KO‘RIB O‘TIRAMAN

Dunyoning kulfatlarin ko‘rib o‘tiraman – sharmandalik,
qonunga zid zo‘ravonlik va zulm,
Nazarga tashlanmaydigan ko‘zyoshlarni ko‘raman,
iflos ishlaridan afsuslangan, vijdoni qiynalgan
yoshlarning ho‘ngrab yig‘lashlarin eshitaman,
Kuzataman hayotning buzuqligini:
mana, bolalari tashlab ketgan onalar –
qorni och tilanchilar, bir oyog‘i go‘rda…
Mana, xotinlar, hayotini erlari parchalagan,
mana, ahdida turmayligan qizbuzar yigitlar.
Men ko‘pchilik ko‘rmaydigan narsalarni ko‘raman:
rashk azoblari va bir tomonlama muhabbat,
insonlarning hamma yashirin yaralari.
Men janglarni ko‘raman: vaboni, istibdodni,
turmaga gunohsiz tiqilganlar, qiynalganlarni.
Men kemadagi ochlikni – matroslar “kim o‘lishi kerak” deb
qur’a tashlashlari va boshqalar omon qolsin uchun
bir odamni o‘ldirishlarini ko‘raman.
Men ko‘raman boylarning gerdayishlarini va qashshoqlar –
ishchilar, talangan dehqonlar va
ularning tarafini olganlarning jon talvasasini.
Ha, hamma-hammasini – bir tarafning pastkashligi, ayovsizligi,
ikkinchi tarafning azob-uqubatlarini ko‘raman,
bir yerda o‘tirgancha kuzataman…
Men ko‘raman, men eshitaman, ammo men indamayman.

VIQORLI ShUHRATLAR

Viqorli shuhratlar haqda o‘qisam – g‘olib generallar zafari haqda,
havasim kelmaydi generallarga,
Havasim kelmaydi prezidentga, dang‘illama qasrli boylarga ham.
Ammo menga sevishganlarning jigarjonligidan gap ochsalar –

ular qanday yashagani,
Xatar va insonlar yovligidan jirkanib, birga bo‘lishgani umr bo‘yi,
Yoshlikda, qirchillama paytlarida va qarilikda
bir-biriga bog‘liq bo‘lganlari,
bir-biriga sodiq bo‘lganlari haqda gap ochsalar –
Boshimni egaman va shoshib-pishib chetga chiqib ketaman, chunki
Havas meni g‘ajiyotgan bo‘ladi bu payt…

QO‘LIMDAN KELSAYDI

(“Dengiz bo‘yidagi o‘ylar” dan)

Qo‘limdan kelsaydi qadimning ulug‘ shoirlari bilan bellashmak,
Muhrlay olsaydim go‘zal sifatlarni savlati-salobati bilan,
Chorlasaydim kurashga Homerni butun janglariyu
Axill, Ayaks, Hektor kabi jangchilari bilan,
Shekspir kabi qayg‘u-alamlarga zanjirband Hamlet, Otello, Lirlarni suvratlay olsam,
Yoki Tennison Alfred kabi kumush sochli go‘zallarni kuylay olsaydim,
Yoki kuychining tillarini shirin qiladigan
Komil qofiya va qoyil hijolarni egallay olsaydim –
O, dengiz, bularning jamini men jon-jon deb alishgan bo‘lardim
Sen agarda birgina to‘lqining mavjini menga berishga rozi bo‘lsang,
Uning bitta injiqligin menga bersang
Yoki mening satrlarimga namli nafasing-la “kuh” desang,
unga bersang agar dengizning hidin.

Ruschadan Miraziz A’zam tarjimasi