Vasiliy Shukshin. Yashaging keladi (hikoya)

Qirday yalanglik. Yalanglikda esa yog‘och uycha. Uycha ham emas, o‘n uch-o‘n to‘rt qator yog‘ochni archib qurilgan, omborga o‘xshagan bir derazali, dahlizi yo‘q, tomi ham yo‘q bir kulbacha. Taygada kimlardir o‘tgan zamonlarda qurgan bo‘lishsa kerak.
Uch-to‘rtta boltakash usta bahorda havo noqulay bo‘lgan kunlari bir haftaning ichida tikroq o‘sgan daraxtlarni yiqitib qurishgan shekilli. Yaqin o‘rtada loy ham, toshlar ham yetarlicha tiqilib yotganidan «tosh pechka»ni ham yasab, mo‘risini tepaga chiqarib qo‘yishgan, taxtadan supacha ham yasashib, maza qilib yashayverishgan!
Qishda mana shunday uychaga kirsang, yashash zavqi sezilmaydi! Devorlardan shiftga qadar, burchaklarda, kaft qalinligidagi taxta gardon, namiqqan dud hidi anqirdi. Mana «tosh pechka»da charsillab o‘tin yona boshladi. Eriyotgan loydan quyuq achimsiq hid anqidi; devorlarda tomchilar paydo bo‘ldi. Atrofni dimog‘ni achituvchi hid tutib ketdi. Yaxshisi «tosh pech»ga o‘tinni to‘ldirib yoqib, yana o‘tin yig‘ib kelguningga qadar ko‘chaga chiqib ketish lozim… Yarim soatlardan keyin uycha ichi issiqqina bo‘lib, havosi yengillashadi. Kalta po‘stinni yechib tashlab, yana pechga to‘ldirib o‘tin qalashing mumkin. Devorlardan sal hovur ko‘tariladi, «tosh pech»dan issiq taraladi. Odamni xursandchilik va yoqimli halovat chulg‘aydi. «Oh, oh, bu rohat» deging keladi. Mana shunaqa. Endi
deyarli hamma narsa qurigan, ammo yotoq taxtalar hozircha sovuq edi. Hechqisi yo‘q, hozircha u yerga kalta po‘stinni tashlab, boshing ostiga yuk xaltani qo‘yib, oyoqni pechga uzatib yotsang bo‘ladi. Va mudray boshlaysan, madoring quriganday. O‘rningdan turib yana o‘tin solishga erinasan. Ammo, kerak. «Tosh pech» ichi qo‘rga liq to‘la. G‘o‘lachalar xuddi quruq qayinday birdaniga o‘t oladi. Shundoq pechning yonida to‘nkacha. Unga o‘tirgancha tamaki tutatib, xayol surishing mumkin. Yolg‘iz bo‘lganingda yaxshi o‘y surasan. Qorong‘i. «Tosh pech» yoriqlaridan yorug‘lik ko‘rinadi; yorug‘lik polda, devorlarda va shiftda o‘ynoqlab aks etadi. Xayolga esa nimalar kelmaydi deysan! Birdan xayolingga otang seni qanday qilib birinchi marta otga mindirgani, «Mahkam ushla, shaytonvachcha», deb otga qamchi urgani, o‘zi esa kulgani yodga tushadi. Onasi ham kuladi. Bu pichan o‘rimida yuz bergandi. Yoki bo‘lmasam qanday qilib birinchi marta qizni kuzatganing. Yonida ketayapsan-u, xuddi ahmoqday miq etmaysan… O‘tiribsan-u, o‘zingdan-o‘zing miyig‘ingda kulayotganingni o‘zing sezmaysan. Jin ursin, ajoyib-a. Ancha isib qoldi, endi choy ham damlash mumkin, ko‘kidan, qaynoqqina. Giyohlar hidi yozni eslatadi. …Qariya Nikitich mana shunday «tosh pech» yonida o‘tirib trubkasini chekardi. Uycha juda issiq edi. Tashqarida esa chirsillagan sovuq. Nikitichning vujudi rohatlanardi. U yoshligidan taygani kezar – tirikchilik qilardi. Olmaxon ovlar, ba’zida esa daydi ayiqni yiqitib olardi. Shu maqsadda kalta po‘stinining chap cho‘ntagida doimo besh-oltita maxsus o‘q olib yurardi. Taygani sevardi, ayniqsa, qishda. Shunchalik sokin ediki, ozroq vahimali ham. Yolg‘izlik bilinmasdi, erkinlik jo‘sh urardi. Nikitich g‘imirlab atrofga boqdi, bilardiki, bu oqlik saltanatida uning bir o‘zi xo‘jayin. Nikitich chekib o‘tirardi. Tashqarida chang‘ining g‘ijirlagan tovushi eshitildi-yu, keyin jimlik cho‘kdi. Bo‘sag‘adan kimdir mo‘ralaganday bo‘ldi, eshikni ikki marta hassa bilan taqillatdi.
– Biror kimsa bormi?
Ovoz yosh, uzoq vaqt gapirmaganidan sovuqdan xirqirab chiqdi, odam o‘zi bilan o‘zi gaplasha olmasdi. «Ovchi emas», angladi Nikitich. Ovchi so‘rab o‘tirmaydi, shundoq kirib kelaveradi.
– Bor!
U kishi eshik orqasida chang‘ilarni yechib, ularni devorga suyab qo‘ydi, bo‘sag‘adagi zina g‘ichirladi. Eshik qiya ochilib, sovuqning oppoq hovurida baland bo‘yli, belini bog‘lab olgan, paxtali shim kiygan, eski askar telpagidagi yigit ko‘rindi.
– Kim bor bu yerda?
– Odam, – Nikitich payrahani yondirib, boshi uzra ko‘tardi.
Ancha vaqt bir-birlariga jim qarab turishdi.
– Nima, bir o‘zingmi?
– Bir o‘zim.
Yigit «tosh pech»ga yaqin keldi, qo‘lqo­pini yechib qo‘ltig‘iga tiqdi, qo‘llarini pech­ga tutdi.
– Sovuqni qara-ya, jin ursin…
– Sovuq. – Nikitich yigitning qurolsiz ekanini endi sezdi. – Yo‘q, ovchi emas. O‘x­shamaydi. Yuzidan ham, kiyimidan ham. – Mart, u o‘z ishini qiladi.
– Qanaqa mart? Aprel-ku, axir.
– Bu – yangichasiga. Eskichasiga esa – mart. Bizda maqol bor: «Martda egning ikki qavat bo‘lsin», degan. Yengil kiyinibsan, – quroli yo‘qligi haqida so‘ramadi Nikitich.
– Hechqisi yo‘q,– dedi yigit. –Bir o‘zingmi?
– Bir o‘zim. Sen buni boya so‘rovding.
Yigit hech narsa demadi.
– O‘tir, hozir choy qo‘yaman.
– Ozroq isinib olay… Yigitning shevasi mahalliy «rusalik» edi. Qariyaning qiziqishi ortdi-yu, lekin asrlar davomida shakllangan odat bo‘yicha qiziqishini bosib, savollar berishdan o‘zini tiyib turdi.
Yigit qo‘llarini isitib olgach, papiros cheka boshladi.
– Yaxshi, issiq.
U chekayotganida Nikitich uni yaxshilab kuzatdi: oq yuzli, kelishgan, kipriklari qalin. Yutoqib papiros so‘rayotganida oldidagi ikkita tilla tishi yarqirab ketdi. Iyagidagi jingalak soqoli o‘sgan, ozg‘in. Yigit qariyaning nigohini sezib, yonayotgan gugurt cho‘pini ko‘tarib unga diqqat bilan tikildi. Nikitich uning qarashlarini eslab qoldi. «Jozibali» deya baho qo‘ydi. Nikitich: «Qizlar bunaqalarni suyadi», deb o‘yladi.
– O‘tir, nimaga tik turibsan?
Yigit jilmaydi.
– Unaqa deyishmaydi, otaxon. Joylashib oling, deyishadi.
– Xo‘p, joylashib oling unda, –dedi qariya.
– Unda joylashib olamiz. Boshqa hech kim kelmaydimi?
– Kim ham kelardi? Kech bo‘ldi. Agar kelsa ham joy yetarli bo‘lsa, –Nikitich g‘o‘ladan sal surildi, yigit yoniga o‘tirdi, qo‘llarini yana issiqqa tutdi. Ishchining qo‘llari emas. Sog‘lom bo‘lsa kerak. Nikitichga uning kulgisi ham ma’qul bo‘ldi, «yasama emas, oddiy, jiddiy». Yana uning tishlari ham… Kirishimli yigit. Soqolini qirtishlab, kastyum kiygizib qo‘yilsa, o‘qituvchining o‘zi. Nikitich o‘qituvchilarni yaxshi ko‘rardi.
– Qandaydir iologmisan?
– Kim? – tushunmadi yigit.
– Haligi…bor-ku, taygada nimalarnidir qidirib yuradigan…
– Ha-a… Yo‘q.
– Qanday qilib qurolsiz yuribsan? Xavfli-ku, axir?..
– O‘zimiznikilardan qolib ketdim, – is­tamayroq javob qaytardi yigit. – Sizning qishlog‘ingiz uzoqdami?
– Yuz ellik chaqirimcha kelib qolar.
Yigit boshini qimillatib qo‘yib, ko‘z­larini yumdi, issiqdan rohatlanib birmuncha vaqt shu zayilda o‘tirdi, keyin bir silkinib oldi-da, chuqur nafas chiqardi.
– Charchadim.
– Bir o‘zing uzoq yurdingmi?
– Ancha. Ichadigan biron narsang yo‘qmi?
– Topiladi.
Yigitga jon kirdi.
– Yaxshi! Vujuding qaltirab ketyapti. Jin ursin, sovuqdan muzlab qolish hech gap emas. Yana aprel deydi.
Nikitich ko‘chaga chiqib kelib, salo solingan xaltacha keltirdi. Shiftdagi fonarni yoqib qo‘ydi.
– Sizlarni taygada yolg‘iz yurishga oz-moz o‘rgatishganmi, o‘zi… Bundoq qarasam jo‘natishadi-yu… Sizlar qayerdan ham bilasizlar, bu ishni. Mana men o‘tgan yili bittasini topib olgandim, bahorda – eruv payti. U ham yoshgina edi. Uning ham soqolchasi bor edi. Ki­yimga o‘ralib, tarashaday qotib qolgandi. – Nikitich saloni taxtaning chetiga qo‘yib kesdi. – Agar mening yolg‘iz o‘zimni taygaga qo‘yib yuborishsa, butun qishni o‘tkaza olaman, kasal ham bo‘lmayman. Faqat o‘q dori, gugurt yetarli bo‘lsa bo‘ldi.
– Yog‘och uyga, baribir, kirasan-ku?
– Uy bo‘lgandan keyin nimaga kirmas ekanman, nima, qorda yotishim kerakmi? O‘zimga- o‘zim dushman emasman-ku!
Yigit belini bo‘shatib, paxtalik nimchasini yechdi … Uy bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Qomati tik, yelkalari keng edi. Tirik jon topganidan, isinib olganidan o‘lguday xursand edi. Yana bitta papiros chekdi. Papiros hidi yoqimli edi. Nikitich shaharliklar bilan suhbat qurishni yaxshi ko‘rardi. Ularning taygadagi chorasiz ahvolidan g‘ijinardi, ba’zida, hatto biror-bir qidiruv guruhiga yo‘l boshlovchilik qilib oz-moz ishlab ham olar, ichida esa ularning ustidan kular, ammo suhbatlariga qo‘shilardi. Shaharliklarning o‘zi bilan muloyim, bepisandroq kulib gap­lashishlari uning g‘ashini keltirardi, o‘zlari bo‘lsa, agar ularni yolg‘iz qoldirib ketadigan bo‘lsang, ko‘zi yumuq kuchukvachchaday adoyi tamom bo‘lishlarini bilishmasdi. Mabodo guruhda ikki yo uch qiz bo‘lsa, yanada qiziqarliroq edi.
Shunda nolimaydilar, chidasa bo‘ldi. O‘zlarini hamma qatori ekanliklarini ta’kidlab, birovning yordam berishini xohlamaydilar. Hamma bilan to‘da bo‘lib birga uxlaydilar. Yo‘q, hech kim bema’ni qiliq qilmaydi. Agar bularni o‘rnida qishloqliklar bo‘lsa bormi, gunohdan o‘z­larini tiya olishmasdi. Bular esa jimgina! Bo‘lmasa, ular silliqqina, tor ishton, ko‘krakni siqib turadigan kalta ko‘ylak kiyib, yuz-ko‘zlarini chivindan saqlash uchun ro‘molni tang‘ib o‘rab olishgan, yum-yumaloq, xuddi qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydilar. Yigitlar esa o‘zlarini xuddi shunday bo‘lishi kerakdek tutishar, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishardi.
– Izlayotganlaring nima?
– Qayerda?
– Bu… nima qilib yuribsizlar?
Yigit o‘zicha kuldi.
– Rizq.
– Rizq… bu og‘ayni quymaday silliq; uni ushlaganday bo‘lasan, mana u, mana qo‘lingda, birdan ko‘rasanki, yo‘q. – Nikitich odatda shaharliklar bilan qanday gaplashgan bo‘lsa, shunday suhbatga kirib gapga tushmoqchi bo‘ldi, mug‘ambirona salmoq bilan, agar diqqat bilan tinglayotgan bo‘lishsa, eshitib turib bir-birlari bilan ko‘z urishtirib qo‘yishsa yoki bo‘lmasa birortasi daftariga nimalarnidir yozib qo‘ysa, Nikitich bunaqa suhbatlarni eshitadigan quloq topilganidan xursand bo‘lib, tun bo‘yi davom ettirishi mumkin edi. Qishloqdoshlari gapirganida, vaysaqi deb so‘kib turib ketishgan bo‘lardi, bular esa eshitaverishardi. Maza. Goho o‘zi ham gapim silliqqina chiqayapti deb xursand bo‘lib qo‘yardi. Shunaqangi uydirmalarni gapirardiki, ba’zan unga o‘zi ham ishonib qolar, ba’zan esa qalbi go‘yo o‘rmonga o‘xshardi, unga teginma, bekordan-bekor bolta bilan chopma, bo‘lmasa qurib qolishi mumkin, qurisa, sening o‘zing quriysan! Yuraging uyushadi-yu, quriysan va nega qalbing uyushganini o‘zing ham tushunmay quriysan. Yoki, masalan, shahardan qurollarini ko‘tarib kelishadi-da, paq-puq qilib to‘g‘ri kelgan narsaga o‘q uzishaveradi! O‘q nimaga tegadi, jonivorning erkagigami, urg‘ochisigami –
farqi yo‘q, ishqilib o‘ldirishsa, ov qilishsa bo‘ldi. Bunaqangi ish uchun qo‘llarini sug‘urib tashlash kerak. Masalan, kiyik yoki ona ayiqni o‘ldirding, uning esa ikkita kichkina bolasi bor. Ular harom qotishadi-ku. Sen bitta ayiq terisini qo‘lga kiritarsan, agar ozgina kutganingda… uchtasiga egalik qilishing mumkin edi-ku. Aqlsizlik bu. Jonivorlar joniga o‘ylamasdan jabr qilish uchiga chiqqan aqlsizlik.
– Mana senga rizq. Yana rizq deysan-a? – davom etardi Nikitich.
Yigit uni eshitgisi kelmasdi. Derazaga yaqin keldi-da, qorong‘ilikka uzoq tikilib qoldi. Xuddi uyqudan uyg‘onganday:
– Baribir, hademay bahor keladi, – dedi birdan.
– Keladi, qayoqqayam borardi. O‘tir, gazak qilamiz. Tangri yetkazgani uchun. Idishda qor eritishdi, spirt aralashtirishdi. Ichishdi. Muzday salo bilan gazak qilishdi. Ko‘ngillar ancha bo‘shashdi. Yoqimli… Nikitich pechga yana o‘tin solib qo‘ydi. Yigit esa yana deraza yoniga bordi. Og‘zining hovuri bilan oynada aylana chizib qorong‘ilikka tikilib turardi.
– Hozir u yerda kimni ham ko‘rarding? – hayron bo‘lardi Nikitich gaplashgisi kelib.
– Erkni, – dedi yigit. Xo‘rsindi. Ammo, xo‘rsinishi mahzun emasdi. Erk haqida ham alam bilan qat’iy aytdi. Deraza yonidan siltanib uzoqlashdi. – Otaxon ichgim kelayapti. Qora satin ko‘ylagi yoqasidagi tugmalarni yechdi, keyin kaftlari bilan ko‘kragiga gursillatib urdi, siladi. – Ko‘ngil istayapti.
– Biror narsa yeb olsang bo‘lardi. Bo‘lmasa, ochlikdan ko‘ngling ozadi.
– Ozmaydi. Mening ko‘nglim ozmaydi. – U qariyaning bo‘ynidan muloyimlik bilan mahkam quchib, kuylab yubordi:

O‘lim kamerasi esa
Namchil va sovuq.
Paydo bo‘ldi oqsoch qariya…

Va shirin jilmaydi. Yigitning ko‘zlari xushnud charaqlab yiltilladi.
– Kel, ichamiz, yaxshi odam.
– Yolg‘iz zerikding-a, – Nikitich ham jilmaydi. Yigit unga juda-juda yoqayotgandi. Yosh, kuchli, kelishgan. Lekin, adoyi tamom bo‘lishi mumkin. Shundoq yigit tamom bo‘lishi mumkin. Taygada qurolsiz yursang, rasvoi raddi bo‘lasan.
– Tamom bo‘lmaymiz, otaxon. Hali davru davron suramiz! U buni yana bir bora qat’iy aytdi va ko‘zlari bir lahza qayergadir uzoq-uzoqlarga tikilib «qotib» qoldi… U nima haqida o‘ylayapti yoki kimni o‘ylayotgani tushunarsiz edi. Ammo, unda «nimanidir» eslash xohishi yo‘q edi.
Stakandagini bir zarb bilan oxirigacha ichib yubordi. Tomoq qirib, boshini silkitib qo‘ydi. Saloni tamshanib chaynadi. Cheka boshladi. O‘rnidan turdi, o‘tirgisi kelmasdi. Katta qadamlar bilan xonada u yoq-bu yoqqa yurdi va xona o‘rtasida to‘xtadi-da, yana uzoqlarga sinchkov tikilib qoldi.
– Yashaging keladi, otaxon.
– Hammaning yashagisi keladi. Nima, meni yashagim kelmaydimi? Mening esa aslida safarim qarib qoldi.
– Yashaging keladi! – takrorladi salobatli kelishgan yigit qaysarlik bilan qariyaning gapini eshitgisi kelmay. – Sen uni bilmaysan, hayot, – o‘ylandi tishlarini mahkam qisib u, – bebaho, yoqimli. Mening jonu jahonim.
Kayf qilayotgan Nikitich kulib qo‘ydi.
– Sen hayot haqida xuddi ayol haqida gapirganday gapirayapsan.
– Ayollar – arzimas, narxi past matoh. – Yigitni qandaydir jur’atli, xursand qiladigan qaysar tuyg‘ular chulg‘ab olgandi.
U qariyani eshitmas, o‘zicha ming‘irlar, ammo chol uning so‘zlarini tinglagisi kelardi. Yigitning hokimona quvvati endi uni tamoman o‘ziga bo‘ysundirib olgan edi.
– Ayollar – ular… albatta, ularsiz esa yanayam…
– Shundoq olamiz-u, biz uni – javo­hirni… – yigit qo‘llarini oldinga cho‘zib, bar­moqlarini musht qilib tugdi, – g‘arni olamiz-u, tomog‘idan g‘ippa… Kolya professorni eslaysanmi? Unutmadingmi? – Yigit kim bilandir gaplashar va «uni unutishayotganiga» juda ham xayron bo‘lardi. – Kolyani-ya, sen esa hamon Kolyaning yodidan chiqqaning yo‘q. Kolya seni unutmadi. – U yo xursand bo‘layotgandi yoki kimdandir alam bilan o‘ch olmoqchi bo‘layotganday edi. – Men esa, mana borman. Jonginam, mumkinmi, senga aytar ikki og‘iz shirin so‘zim bor. Seni xafa qilmayman. Ammo, sen menga barcha narsangni berasan. Hammasini olaman men!..
– Rostdan ham u ayol seni shu darajada qoningni qaynatadimi? – so‘radi hayron bo‘lib Nikitich.
Yigit boshini chayqadi.
– U ayolning nomi Erk! Uni sen ham tanimaysan, bilmaysan, otaxon. Sen – jonzotsan, senga bu yer yaxshi. Katta shaharda chiroqlar qanday charaqlab yonishini sen bilmaysan. Ular sehrli chorlaydi. U yerda yoqimtoy odamlar bor, ularning uylari issiq, yoqimli musiqa yangraydi. Ular judayam sertakalluf va o‘limdan juda qo‘rqishadi. Men esa shahar kezaman. Bu shahar butunligicha meniki. Nima uchun ular u yerda-yu, men bu yerda bo‘lishim kerak? Tushunyapsanmi?
– Sen bu yerda bir umrga emassan-ku?
– Tushunmayapsan. – Yigit jiddiy va qat’iy so‘z­lardi. – Men u yerda bo‘lishim kerak, negaki, men hech kimdan qo‘rqmayman. Men o‘limdan qo‘rqmayman. Demak, hayot – meniki.
Qariya boshini chayqadi.
– Nega bunaqa deyayotganingni tushunmayapman, bo‘z yigit.
Yigit taxta supaga yaqin keldi, stakanlarga quydi. U xuddi birdan charchab qolganday edi.
– Qamoqdan qochib kelayapman, otaxon, – dedi hech qanday ohanglarsiz. – Oldikmi?
Nikitich ixtiyorsiz holatda o‘z stakanini yigitning stakani bilan cho‘qishtirdi. Yigit ichdi. Qariyaga tikildi… U esa hamon stakanni qo‘lida ushlab, zimdan yigitga tikilib turardi.
– Nima?
– Bu qanaqasi bo‘ldi?
– Ich, – dedi yigit. Yana chekmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘li bo‘shab qolgandi. – O‘zingnikidan berib tur.
– Mendagi o‘t-o‘landan, barglardan.
– Hechqisi yo‘q, jin ursin.
Chekishdi. Yigit to‘nkaga, olovga yaqinroq o‘tirdi. Ancha vaqt jim bo‘lib qolishdi.
– Tutib olishadi-ku, – dedi Nikitich.
U yigitga achinib emas, boshqacha qaradi, gavdali, kelishgan yigitni qanday qilib qurol o‘qtalib oldilariga solib haydab ketishayotganlarini ko‘z oldiga keltirdi. Uning yoshligiga, chiroyi va kuchiga achinib ketdi. Shappa ushlab olishadi-yu – tamom, hammasi itning dumi tagiga kirib ketadi; hech kimga uning chiroyidan na xamir, na patir bo‘lmaydi.
– Nega unday qilding? Bekor qipsan, – dedi u hushyor tortib.
– Nima?
– Nega qochding? Hozir oldingi davrlar emas, tutib olishadi.
Yigit gapirmadi. U olovga tikilib, o‘yla­nib o‘tirardi. Engashib pechga o‘tin tashladi.
– Muddat tugaguncha o‘tirish kerak. Bekor…
– Bas qil! – Keskin gapini bo‘ldi yigit.
U ham qandaydir g‘alati holga tushgan, bundan sergak tortgandi.
– Yelkamda kallam bor.
– Ha, buni bilaman, tushunarli, – qo‘shildi Nikitich. – Yo‘ling uzoqmi?
– Jim, gapirma hozircha.
«Ota-onasi ham bo‘lsa kerak, ehtimol, – o‘ylardi Nikitich yigitning gardaniga qararkan, – boradi, ularni xursand qiladi».
Besh daqiqa indamay o‘tirishdi. Qariya trubkasidagi kulni to‘kib tashlab unga yana tamaki to‘ldirdi. Yigit hamon olovga tikilib o‘tirardi.
– Sening qishlog‘ing tuman markaziga yaqinmi, – so‘radi u teskari o‘tirgan holda.
– Qanaqa tuman markazi? Bizdan tumangacha to‘qson chaqirim chiqadi.
– Ishing pachava seni, qishda taygada…
– Senikida uch kuncha yashasam, kuch to‘plab olsam, – iltimos qilmadi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytdi.
– Yashayver, menga nima. Muddating uzoq­midi, chiday olmadingmi?
– Ko‘p edi.
– Nima uchun qamalganding?
– Bunaqangi savollarni, otaxon, hech qa­chon, hech kimdan so‘rama.
Nikitich o‘chib qolayozgan trubkasini qaytadan yondirib, chuqur tortdi va yo‘taldi. Yo‘tala turib so‘radi:
– Menga nima?.. Faqat achinayapman. Ushlab olishadi.
– Xudo sotib qo‘ymasa, cho‘chqa yeb qo‘ymaydi. Meni arzongarovga aldolmaysan. Kel, uxlaylik.
– Yotaver! Men o‘tin yonib tugaguncha o‘tiraman, mo‘rini yopaman. Bo‘lmasa, tongga yaqin sovqotamiz.
Yigit paxtaligini taxta supaga to‘shadi, boshining tagiga nima qo‘yishni bilolmay,
atrofga boqdi. Ko‘zi devorda osig‘liq mil­tiqqa tushdi. Yaqiniga borib oldi, indamay ko‘zdan kechirdi, qayta joyiga ilib qo‘ydi.
– Eskigina ekan.
– Hechqisi yo‘q, hozircha yaroqli. Huv burchakda kigiz yotibdi, uni tagingga to‘sha, paxtaligingni boshing tagiga qo‘y. Ertalabgacha, baribir, sovib qoladi.
Yigit kigizni to‘shab, darrov cho‘zildi va chuqur xo‘rsindi.
– Kichkina shahar, – dedi u nimagadir. – Mendan qo‘rqayapsanmi, otaxon?
– Sendanmi? – hayron bo‘ldi qariya. – Xo‘sh, nima uchun sendan qo‘rqarkanman?
– Hm-m, men… haligidaqa qamalgan mah­kumman-ku. Balki, odam o‘ldirganim uchun o‘tirgandirman.
– Odam o‘ldirgan bo‘lsang, seni Xudo jazolaydi, odamlar emas. Odamlardan qochib yurishing mumkin, ammo undan qochib qu­tulolmaysan.
– Sen dindormisan, nima balo? Eski dindorlardan bo‘lsang kerak hoynahoy?
– Dindor bo‘lsam, sen bilan o‘tirarmidim aroq ich-i-ib.
– Buyam to‘g‘ri. Xudoying haqida esa sen miyamni… Men undan qayt qilgim keladi. –
Yigit sal bo‘g‘iq ovozda erinibgina so‘zlardi.
– Nima uchun?
– Nima uchunmi?.. Shuning uchunki, u
ertak to‘qiydi, aldaydi. Olijanob, meh­ribon odam bo‘lmagan, bo‘lmaydiyam. U esa mehribon, bardoshli bo‘lishga o‘rgatadi. La’nati!
Yigitning ovozida yana avvalgidek qat’iylik va yetuklik sezila boshladi. Fa­qat ovozida ilgarigi sho‘xchanlik so‘ngan edi. – Kim olijanob? Menmi? Senmi?
– Men, masalan, hayotim davomida hech kimga yomonlik qilgan emasman…
– Hayvonlarni o‘ldirasan-ku! U o‘rgat­magan edimi?
– Tenglashtirding, barmoqni sarmoq bilan. Odam – bu odam, hayvon – hayvon-da.
– Tirik jonzot – o‘zlaring aytgansanlar-ku, ablahlar deb.
Yigitning yuzini Nikitich ko‘rmasdi, ammo ko‘z oldiga keltirdi – oqish yuzli, soqolchasi bor. Issiqqina sokin xonada taqdir ezg‘ilab tashlagan shunday xushsurat, yoqimtoy inson ovozi jarangladi. Yaxshi, kelishgan yuzli odamning ovozi.
– Sen nega menga jahl qilib qolding?
– Yolg‘on gapirmalaring! Aldamang odam­-
larni, farishtalar. Sizlarni sabrga o‘r­gatishganmi? Sabr qilinglar! Ibodat qilishga ulgurib-ulgurmay, ishtonlaringni yechasizlar-u, ayolning ketidan chopasizlar, ilonlar! Men tumshuqqa tushirishni o‘rgatadigan yangi Isoni o‘ylab topgan bo‘lardim. Yolg‘on gapirdingmi? Ma, ol, maraz!
– So‘kinma! – dedi qat’iyat bilan Nikitich. – Seni odam deb uyga kiritishdi, sen esa itday hura boshlading. Xafa bo‘ldingmi, qamashdimi? Demak, aybingga yarasha. Kim bu yerda aybdor?!
– Mm-m. – Yigit tishlarini g‘ijirlatdi, so‘ng jim bo‘lib qoldi.
– Men senga pop emasman va bu yer senga cherkov ham emas, hadeb zarda qilgani. Bu yer tayga – hamma birday. Buni yodingda tut. Bo‘lmasa, o‘zingning «Erk»ingga yetib borolmaysan, quduqqa qulab, bo‘yning sinadi. Bilasanmi, yetim qo‘zi asrasang og‘iz-burning moy etar, degan maqol bor. Sening shoxingni qayiradigan odam ham topilib qoladi. Agar birovni hech narsadan hech narsa yo‘q xafa qilsang, u «Erk»ni qayerdan izlashni ko‘rsatib qo‘yadi, senga.
– Achchig‘ing chiqmasin, otaxon, – dedi yigit kelishuvchanlik bilan. – Qanday yashashni o‘rgatadiganlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Ichim qizib ketayapti! Har xil bo‘lmag‘ur shilta balchiqni burning tagiga tiqishtirishadi, undoq yashash kerak, mana bundoq yashash kerak, deb. Barini ko‘rgani ko‘zim yo‘q! – deyarli baqirib yubordi yigit. – Men xohlamayman unaqa yashashni. Aldashayapti. Murda hidi anqiydi. Hammamiz top-toza qilib yuvilgan o‘liklarga achinamiz, rahmimiz keladi, sevamiz, sen tiriklarni sev. Yer yuzida farishtalar bo‘lmaydi! Men ularni ko‘rmaganman! Nima uchun biz ularni o‘ylab chiqaramiz?! – Yigit tirsagiga tayanib yonboshladi: g‘ira-shirada uning yuzi oqarib ko‘rinar, ko‘zlari chaqchayib yaltirardi.
– Sal hovuringdan tushsang tushunasan, agar yaxshi odamlar bo‘lmaganida, yer yuzida hayot to‘xtab qolgan bo‘lardi. Bir-birlarini yeb tashlashar yoki so‘yishardi. Buni menga hech qanaqa Iso o‘rgatgani yo‘q, men o‘zim shunday deb hisoblayman. Farishtalar esa rostdanam yo‘q. O‘zim ham farishta emasman. Hech kim meni yomon yoki qahri qattiq demagan. Bir paytlar yosh bo‘lganman… Bu yerdan uncha uzoqda bo‘lmagan, qirdan narida, dinga sig‘inadigan cholu kampir va ularning yigirma besh yoshlardagi qizidan iborat bir oila yashardi. Ular unchalik qari emas edi-yu, ammo menga o‘sha paytda keksa bo‘lib ko‘rinishgan. Ular keyin qayoqqadir ketib qolishdi. Xo‘sh, shunday qilib ularning qizi bor edi. Hammalari shu darajada xudojo‘y edilarki, gunohdan uzoqroq yurish uchun odamlardan qochishardi. Men esa o‘sha qizni aldab qayinzorga olib kirdim… va u bilan muchchi-puchchi, u yoq, bu yog‘ini… deganday… Oqila edi u. Qomatli. Homilador bo‘lib
qoldi. Men esa uylangan edim…
– Yana hech yomonlik qilmaganman deysan.
– Ha, menam farishta emasman. Rost, men unga zo‘rlik qilmadim, shirin so‘z bilan erkaladim, ko‘ndirdim, ammo, baribir… bola hayotda sargardon bo‘ldi. Eslasam, achinaman. Ulg‘ayib qolgan bo‘lsa kerak, ehtimol, endi so‘kinadigan bo‘lib qolgandir.
– Insonga hayot bergansan, o‘ldirmagansan. Balki, o‘sha qizni ham qutqarib qolgandir­san. Shundan keyin balki qiz ulardan qochib ketgandir. Bo‘lmasa, ota-onasi uni ibodat qildiraverib jonidan to‘ydirib yuborgan va u o‘zini biror shoxga osib qo‘ygan bo‘lardi-yu, tamom. Bir umr erkak nimaligini bilmay o‘tardi. Yaxshi ish qilgansan, qayg‘urma.
– Yaxshimi, yomonmi shunday bo‘lgan, u yog‘ini bilmadim. Balki yomondir…
– U yerda yana qolganmi?
– Spirtmi? Ozroq bor. Ichaver, men boshqa ichmayman.
Yigit ichdi. Yana ihrab tomoq qirdi. Gazak qila boshladi.
– Ko‘p ichayapsan-ov?
– Y-o‘q, bu… shundoq, sovqotganman. Otaxon bunday ichish kerak emas… Huzur qilib ichish kerak. Musiqa, ajoyib sigareta, shampan vinosi, ayollar… Osoyishta madaniyat bilan.
Yigit yana orzularga berildi, qo‘lini boshining ostiga qo‘yib yotdi.
– Xaroba xonalardan jirkanaman. Bular odam emas – mol. Hm-m, nima qilsang, go‘zal yashash mumkin! Agar men bir kechada bir burni puchuq bilan yetti marta o‘ynashsam-a? Agar u meni nozik qo‘llari bilan quchsa va mang­layimdan o‘pishni xohlasa, men nima qola olardim?! Keyin… dam olaman. Rohatlanaman… Mayli qalbing tosh qotsin, mayli u kuchuk dumiday qaltirasin, men to‘g‘riga qarab yuraman, chalishib yiqil­mayman.
– Sen o‘zi avval kim bo‘lib ishlagansan? – qiziqsinib so‘radi Nikitich.
– Menmi? Ta’minot bo‘yicha xodim bo‘l­ganman. Chet ellar bilan madaniy aloqalar o‘rnatganmiz. Umuman olganda, men olimman. «Kolorada qo‘ng‘izi nima va u bilan qanday kurashish lozim» mavzusi bo‘yicha dotsent edim.
Yigit jim bo‘lib qoldi, birpasdan keyin uyquli tovush bilan:
– Bo‘ldi… otaxon, men ketdim, – dedi.
– Uxla.
Nikitich yog‘och kosov bilan «tosh pech»ni kovlashtirdi, trubkasiga tamaki joylab qo‘ydi va yigit haqida o‘y sura boshladi: «Mana senga hayot – hamma narsa berilgan; kelishgan, baquvvat, miyasi ham joyidaga o‘xshaydi. Xo‘sh… nima? Keyin-chi, o‘rmonda qochib yuraveradimi? Bularni shahar oqbilak qilib qo‘ygan. U yerdagilarning bari esdan og‘ib qolgan». Nikitichning uch nabirasi katta shaharda yashashadi. Ikkinchisi o‘qiydi, birovi ishlaydi, uylangan. Ular manoviga o‘xshab maqtanishmaydi-yu, ammo shaharga qarab intilishaveradi. Yozda ular kelishadi, tezda zerikib qolishadi. Nikitich qurolini oladi-yu, ularni taygaga yetaklaydi va ular o‘zlariga kelib, o‘qishdan charchagan miyalarini sal «shamollatib» olishlarini kutadi. Nabiralari o‘zlarini maza qilib dam olayotgandek ko‘rsatishga uringanlarida, Nikitich noqulay ahvolga tushardi; axir uning bundan boshqa xursand qiladigan ilinji yo‘q-da. Go‘yoki ularni aldaganday noqulay vaziyatda qolardi. Ularning miyasida nuqul shahar gavdalanadi. «Manavi taxtada yotgan ham shahar deb, aqlini yeb qo‘yganga o‘xshaydi. Uning o‘rnidagi boshqa odam agar qamoqda o‘tirishga chiday olmasa, olisroqqa ketishi, biror yerdan yerto‘la kovlab to‘rt-besh yil ko‘rinmay turishi kerak edi. Bu esa yana o‘sha yoqqa, har qadamda yoqasidan bo‘g‘ib oladiganlar bor joyga bormoqchi. Qo‘lga tushishini o‘zi ham biladi, baribir, o‘sha yoqqa yuguradi. Bu shahar deganingda, qanday sehr bor o‘zi! Xo‘p mayli, men qariman, u yerda bor-yo‘g‘i uch yil bo‘lganman deylik. Tushunmayman. To‘g‘ri, u yerda xursandchilik ko‘p, chiroqlar charog‘on. Xo‘sh, men tushunmas ekanman, demak men istamayman. Senga u yer ma’qul ekan, salomat bo‘l. Menga esa bu yer yaxshi. Ammo bu nimasi, ular u yoqdan kelishadi-da, burnini jiyirishadi, zerikarli, ziq bo‘lib ketdim, deyishadi. Hoy senlar! Avval u yoq-bu yoqqa durustroq qaranglar! Hali biror narsani tuzukroq ko‘rganlaring yo‘g‘-u, yana shahar haqida vaysaysanlar. Mana, masalan, chumoli yoki bo‘lmasa ko‘rsichqon qanday yashayapti, tomosha qil. Xohlagan jonzotga qara. Qiziqib qarab, bir tomosha qil. Keyin o‘ylab ko‘r-chi, hayot haqida ko‘p narsa bilarmikansan yo yo‘q. Shahar haqida menga ertak aytasan?! Agar bilganlarimni ayta boshlasam, bilasanmi, eh-he, qancha! Meni eshitishmaydi, ko‘zlarini baqraytirib sizlarning og‘izlaringga tikilishadi, shaharliksizlar-da. Men esa senga tupurdim, shaharlik bo‘lsang bo‘libsan-da. Shahar ko‘chalarida oliftagarchilik qilib sang‘igan bo‘lsang, sang‘igandirsan. Sang‘iy-sang‘iy mana o‘n-o‘n besh yil ishlab olibsan-ku, chiroyli hayoting uchun. Biror-bir do‘konni to‘nagan bo‘lsang kerak-da yoki boshqami. Bir g‘ayrat qibsan-u, uchib ketibsanda guvillab. Yana o‘z ixtiyoring bilan ko‘kragingni panjaraning tig‘iga urmoqchisan. Demak, shaharsiz turolmaysan. Yana qandaydir do‘konni mo‘l­jalga olgansan, o‘sha shampan vinosini, kallavaram! Shahar senlarni yeydi; suyak-puyaging bilan itday g‘ajiydi. Rahmim keladi, sen ahmoqlarga. Ammo, hech narsa qilib bo‘lmaydi».
«Tosh pech»dagi o‘tin yonib tugayotgandi. Nikitich oxirgi cho‘g‘larni kul ichida so‘nishini ko‘rgach, mo‘rini yopdi, fonusni o‘chirib, yigit yoniga cho‘zildi. U qo‘llarini biqiniga noqulay tiqib, chuqur nafas olgancha bir maromda uxlardi. Nikitich uning qo‘llarini to‘g‘rilab qo‘yganda ham qimir etmadi. «Charchagan, – o‘yladi Nikitich. – Nodon. Kim majbur qildi? Eh, sizlar?!»
…Yarim tunda ko‘chada – uycha yonida shovqin eshitildi. Ikki yoki uch erkak kishining ovozi kelardi. Yigit ilkis o‘rnidan turdi – xuddi uxlamaganday edi. Nikitich ham boshini ko‘tardi.
– Kim ular? – shoshib so‘radi yigit.
– Qayerdan bilay?
Yigit taxtadan irg‘ib turdi-da, eshik yoniga bordi, quloq soldi, qo‘llari bilan paypaslab, devordagi miltiqni izladi. Nikitich sergaklandi:
– Qani, aqlingni yig‘-chi! – dedi past ovozda qat’iy. – Bir falokatni boshlama.
– Kim ular? – so‘radi yigit yana.
– Bilmayman.
– Kiritma, eshikni yopib ol.
– Ahmoq. Kim ham yog‘och uychani qulflaydi. Qulflaydigan hech narsa yo‘q. Yot, qimir etma.
– Hah seni, boboy!..
Yigit gapini tugatmadi. Kimdir ostonaga ko‘tarilib, qo‘li bilan eshik dastagini qidira boshladi. Yigit ilonday sirg‘alib taxta supachaga cho‘zildi va shivirlab dedi:
– Otaxon, Xudo haqqi, shayton haqqi, iblis haqqi qasam ichaman, sotsang… Yolvoraman, qariya. Bir umr…
– Yot, – buyurdi Nikitich.
Eshik ochildi.
– A-ha-a!, – dedi kimdir yo‘g‘on quvnoq ovoz bilan. – Aytdim-ku, kimdir bor deb. Issiqqina, kiringlar.
– Eshikni yopsang-chi! – dedi Nikitich zarda bilan taxta supadan tushar ekan. Xursandligini qarang, issiqqina emish! Eshikni kattaroq ochsang, bundan ham issiqroq bo‘ladi.
– Hammasi joyida, –dedi yo‘g‘on ovozli. – Uy issiqqina. Egasiyam xushmuomala.
Nikitich fonusning piligini ko‘tardi. Yana ikki kishi kirib keldi. Birisini Nikitich tanidi, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i. Ovchilarning hammasi uni tanishardi; ovchilik chiptasini olguncha ularni oylik badalni to‘lashiga majbur etib qiynab yuborardi.
– Yemelyanov? – so‘radi boshliq; u baland bo‘yli, yo‘g‘on, ellik yoshlardagi kishi edi. – Shunaqami?
– Shunday, o‘rtoq Protakin.
– Ha, mana! Mehmonlarni kutib ol.
Uchalasi ham yechina boshlashdi.
– Otishmagami? – mazax aralash so‘radi Nikitich.
U bunaqa kelib-ketuvchi «varangla­tar»larni yoqtirmas edi: ular shovqin qi­lishardi-yu, ketishardi.
– Chigilimizni ozroq yozmoqchimiz. Bu kim? – Boshliq taxtada yotgan yigitni ko‘rib qoldi.
– Iolog, – xohlamaygina tushuncha berdi Nikitich. – Sheriklaridan qolib ketibdi.
– Adashib qolibdimi?
– Shundaydir.
– Nimaga unda biz bilmaymiz. Qayoqqa ketayotganini aytdimi?
– Nimani ham aytardi. Og‘zini arang ocholdi. Muzlab qolayozgan ekan. Spirt ichirdim unga, hozir o‘likdek qotib uxlayapti.
Boshliq gugurt cho‘pini yoqib, yigitning yuziga yaqin olib bordi. Uning birorta ham muskuli qimirlamay, bir maromda nafas olib yotardi.
– Surobini to‘g‘rilab qo‘yibsan sen uni, – boshliqning qo‘lidagi gugurt cho‘pi o‘chib qoldi.
– Nima uchundir u bizlarga ma’lum qilinmagan ekan?..
– Balki, xabar berishga hali ulgurishmagandir? – dedi kelganlardan biri.
– Yo‘q, qara ancha vaqtdan beri daydib yurganga o‘xshaydi. U senga qachondan beri yolg‘iz yurganligini aytmadimi?
– Yo‘q, – javob qaytardi Nikitich. – Qolib ketdim dedi, bo‘ldi.
– Mayli, uxlab olsin, ertaga aniqlaymiz. Xo‘sh, o‘rtoqlar, endi uxladikmi?
– Uxladik, – deyishdi ikki sherik. – Sig‘amizmi?
– Sig‘amiz, – dedi boshliq ishonch bilan. – O‘tgan safar besh kishi bo‘lgan edik. Tongga yaqin muzlab qolishimizga sal qoluvdi. Olovni kam yoqqan ekanmiz. Sovuq esa ellik darajaga yaqin edi.
Kiyimlarini yig‘ishib taxta supaga cho‘zilishdi. Nikitich yigitning yoniga yotdi. Kelganlar yana ozgina vaqt o‘zlarining tumandagi ishlari haqida gaplashib yotishdi-da, keyin jim bo‘lib qolishdi. Hammalari uxlashdi.
…Nikitich deraza sal yorisha boshlagan payt uyg‘ondi. Yonidagi yigit ko‘rinmadi.
Nikitich ohistagina katdan tushdi, cho‘n­taklarini kovlashtirib gugurt qidirdi. Hali ko‘ngliga biron-bir yomon fikr kelib ulgurmagandi. Gugurt cho‘pini yoqdi… Yigit yo‘q edi. Uning paxtaligi ham, quroli ham joyida ko‘rinmasdi. Ko‘kragining osti yomon siqildi.
«Ketibdi, qurolni ham olib ketibdi». Shovqin solmay kiyindi, burchakka suyab qo‘yilgan uch miltiqdan birini oldi, cho‘ntaklaridagi zo‘ldir solingan patronlarni paypaslab tekshirdi.
Eshikni sekingina ochib, tashqariga chiqdi. Tong endi otayotgan edi. Tun birmuncha iliqlashgan. Tuman hovuri xira tong shu’lasiga, rangiga singib ketgandi. Besh qadam naridagi narsani ko‘rib bo‘lmas, bahor hidi anqiy boshlagandi.
Nikitich oyog‘iga o‘z chang‘ilarini bog‘lab, izlari aniq ko‘rinib turgan xira qor ustidan yurib ketdi.
– Itvachcha, qarg‘ish tekkur o‘g‘rivachcha! – Past ovozda so‘kinardi u. – Ketibsan, qurolni nega olasan, it! Qurolsiz men bu yerda nima qila olaman, o‘ylab ko‘rmadingmi, xomkalla? Meni nima, xazinam bormi, sendaqalarning hammasini qurol bilan ta’minlashga? Qarg‘ish tekkur, sen uni, baribir, qayerdadir tashlab yuborasan-ku. Sen faqat taygadan chiqib olsang bo‘ldi? Men bu yerda qurolsiz qo‘limni qovushtirib o‘tiramanmi. Na uyat, na vijdon qoldi odamlarda.
Tong asta-sekin yorishib kelardi. Kun bulutli – iliq bo‘ladiganga o‘xshardi. Chang‘i izlari qishloq tomonga qarab ketmagan edi.
– Odamlardan qo‘rqasanda-a? Eh senlarni… «Chiroyli hayot». Qariyaning oxirgi qurolini esa, o‘marish mumkin-a. Ammo har qancha epchil bo‘lsang ham mendan qochib ketolmaysan. Navqiron bo‘lsang ham men senga o‘xshaganning yettitasini holdan toydiraman.
Qariyaning ko‘nglidagi g‘azab unchalik kuchli emas edi. Ko‘ngli og‘rigandi; sen uni odam deb g‘amxo‘rlik qilsang-u, u bo‘lsa sening qurolingni olib ketsa! Shundan keyin ham, sen munofiq emasmisan? Nikitich uch kilometrdan ziyod yo‘lni bosib qo‘ygan edi. Tong otib qoldi. Chang‘ichi ancha uzoqlab ketgandi.
– Erta turgan ekan. Sasini chiqarmay yo‘l olganini qara!
Bir joyda yigit to‘xtabdi, chekibdi, chang‘i izlarining ikki yonida suyanchiq tayoqlar­ning chuqur izi qolgan. Qorda yongan gugurt donasi, xazon va tamaki qoldiqlari yotardi.
– Tamaki xaltamni ham olibdi! – Nikitich jahl bilan tufladi. – Voy maraz-ey, iflos! – Qadamini tezlashtirdi qariya.
…Nikitich yigitni pastda, soy bo‘ylab ketayotganida ancha uzoqdan ko‘rdi. Yigit shoshilmay, ammo ildam, dadil qadamlar bilan yurib ketardi. Yelkasida miltiq osilgan edi.
– Yurishni bilarkan, – baho berdi o‘zicha Nikitich.
Chang‘i yo‘lidan qayrildi-da, yigitni aylanib quvib o‘tish uchun jadallab ketdi, o‘zini sezdirmaslik uchun uzun qirning panasiga o‘tib, tepaliklar bo‘ylab ketib borardi. U yigitni taxminan qayerda uchratishini bilardi; oldidagi yo‘lda uncha keng bo‘lmagan chorraha kesishgan joy bor, yigit o‘sha yerdan o‘tishi kerak va yana yalanglik bor… Nikitich uni o‘sha yerda kutib oladi.
– Hozir men senga tomosha ko‘r­sataman, – dedi Nikitich zaharxandalik bilan va bor kuchi bilan tayoqlarga tayanib harakatini tezlashtirdi. Qiziq, negadir Nikitichda mehmonning chehrasini yana bir bor ko‘rish istagi bor edi. Kishini tortadigan nimadir bor edi uning yuzida. «Rostdan ham, balki o‘ziga xos chiroyli hayotga yetishish uchun intilganda shunday bo‘lishi kerakmikan. Agar bundoq o‘ylab ko‘rilsa, bu yerda u nima ham qiladi? Tamom bo‘ladi. Padari qusur bir kuni tushunib olar».
Chorrahada Nikitich sekingina yalanglikni kuzatdi, yigit ko‘rinmasdi, quvib o‘tgandi. Tezda chorrahani kesib o‘tdi-da, yigit taxminan qayerdan kelishi mumkin bo‘lgan joydagi buta panasiga o‘tdi, o‘qdonni tekshirib ko‘rib, kuta boshladi. Tajribali ovchilarga xos odatga ko‘ra beixtiyor qurolni ko‘zdan kechirdi; yap-yangi Tula miltig‘i, miltiq moyi anqib, yaltillab turibdi. «Ovga chiqishgan emish, miltiqdan hid tarqalmasligi kerak­ligiga aqllari yetmabdi. Ovda chekishni ham yoddan chiqarish kerak, sendan bir toshliqda hid taralmasligi uchun, og‘izni ham choy bilan chayqab olish kerak, kiyimni ham boshqacharog‘ini, yaxshisi uyning hidi kelmasligi uchun tashqarida, ochiq havoda osig‘liq turganini kiyish kerak. Ovchilar emish – bir uyum kuydirgilar». Yigit chorraha chekkasiga chiqib keldi-da, to‘xtadi. Atrofga alanglab qaradi. Biroz to‘xtab turdi-da, tez-tez yurib chorrahani kesib o‘ta boshladi. Xuddi shu paytda Nikitich uning qarshisidan chiqib keldi.
– To‘xta! Qo‘lingni ko‘tar! – baland ovoz bilan buyruq berdi u yigitni qattiq sarosimaga solish maqsadida. U boshini ilkis ko‘tardi, ko‘zlarida dahshat ko‘ringanday bo‘ldi. Qo‘l­larini ko‘tarmoqchiday silkitdi-yu, Nikitichni tanib qoldi. Shungacha esa ko‘rgan bo‘lsa ham tanimagandi.
– Nima deganding, hech narsadan qo‘rq­mayman demaganmiding? – so‘radi Nikitich. – Ishtoningni esa birpasda bulg‘ading.
Yigit tezda o‘ziga keldi, o‘ziga xos yoqim­toylik bilan yana biroz zo‘raki jilmaydi.
– Voy seni-ey, otaxon… boplading. Xuddi kinolardagiday… Voy enag‘ar-ey. Bunaqada yurak yorilib o‘lish hech gapmas.
– Endi, gap bunday, – ishning ko‘zini biladigan ohangda gap boshladi Nikitich. – Qurolni yelkangdan yechmay, qo‘lingni orqangga uzatib miltiqni och, o‘qdondan o‘qni sug‘urib ol-da, chetga uloqtir. Cho‘ntagingdagi hamma narsani ag‘dar. Ulardan menda o‘n olti dona qolgan edi. Hammasini qorga tashla, o‘zing esa chetga chiqib tur. Agar hazil-pazil qilishni o‘ylasang, otaman. Chiniminan
aytayapman.
– Tushundim, otaxon. Negadir hozir hazil qilish ko‘nglimga sig‘mayapti.
– Uyatsiz, o‘g‘ri.
– O‘zing aytganding-ku, taygada qurolsiz yurish bema’nilik deb.
– Bu yerda qurolsiz men nima qilaman?
– Sen – uyingdasan.
– Ha, gapir, gapir. Uyingdasan. Nima, mening uyimda zavod bor ekanmi?
Yigit cho‘ntagidan patronlarni chiqarib tashladi. Nikitich sanadi – o‘n to‘rtta. Keyin qo‘llarini orqasiga cho‘zdi-da, pastki labini tishlab, diqqat bilan qariyaga tikilganicha izlandi. U ham yigitdan ko‘zini uzmagan holatda miltiq tepkisiga barmog‘ini qo‘yib uning ko‘krak qismiga to‘g‘rilab turardi.
– Nimaga kalovlanasan?
– Chiqara olmayapman…
– Tirnoqlaring bilan ildirib ol yoki mushting bilan qo‘ndoqqa ur. Avval bitta, keyin esa ikkinchi patron yerga tushdi.
– Xo‘sh, endi huv anavi yerga borib tur.
Yigit buysundi. Nikitich patronlarni yig‘ib oldi-da, kalta po‘stinining cho‘ntaklariga joyladi.
– Miltiqni menga uloqtir, o‘zing esa joyingdan qimirlama. Yigit qurolni yechdida, qariyaga uloqtirdi.
– Endi turgan joyingga o‘tir, chekamiz. Tamaki xaltani ham menga ot… xaltani o‘g‘irlaganini-chi…
– Chekish xumori tutardi-da, meni.
– Sen faqat hamma narsa menga, menga deysan. Xo‘sh, men haqimda ham o‘yladingmi, shaytonvachcha! Men nimani chekaman?
– Maylimi, men o‘zimga ozroq olsam?
– Olaqol. Gugurting bordir?
– Bor.
Yigit o‘ziga ozroq olib qoldi-da, tamaki xaltani qariya tomonga otib yubordi. U ham cheka boshladi. Bir-biridan besh qadamcha uzoqlikda o‘tirishardi.
– Ular ketishdimi, kechasi kelganlar?
– Uxlashayapti. Ular uxlashga mohir. Ular ov qilishmaydi, o‘yin qilishadi, o‘z tumanlarida odamlarning ko‘z o‘ngida yozilib o‘ynab- kulolmaydilar. Mana shuning uchun ular ko‘zdan pana joyga kelishadi.
– Kim edi ular?
– Boshliqlar. Kuchlarini quruqqa sarflaydilar.
– Ha-a!..
– Sen nima, meni quvib yetolmaydi deb o‘yladinmi?
– Hech narsa deb o‘ylaganim yo‘q. Ularni birovi senga tanish ekan. Kim u? Uni familiyasini aytgan eding…
– Ijtimoiy ta’minotda ishlaydi. Kampirimga nafaqa to‘g‘irlayotganimda o‘sha yerda uni ko‘rgan edim.
Yigit diqqat bilan qariyaga tikildi.
– Bu haligi kurortlarga putyovka beradigan joymi?
– Ha.
– Yashirayapsan, qariya… Nahotki shu qu­rolni deb meni qamatmoqchisan?
– Seni qamatish, menga zaril keptimi, – dedi Nikitich sidqidildan.
– Menga miltig‘ingni sot. Pulim bor.
– Yo‘q, – qat’iy gapirdi qariya. – Agar kecha kechqurun yaxshilikcha so‘raganingda, sotgan bo‘larmidim. Sen esa cho‘chqani qilig‘ini qilib o‘tiribsan, sotmayman.
– Axir ular qachon uyg‘onar ekanlar, deb kutolmasdim-ku.
– Kechasi meni ko‘chaga chaqirib so‘rashing mumkin edi-ku, shundoq-shundoq, otaxon, menga mana bu odamlar bilan gaplashib o‘tirish uncha yoqmayapti. Miltig‘ingni menga sotsang, men ketaman, deb. Sen esa… o‘g‘irlading. O‘g‘irlik uchun bizda qo‘lni kesishadi.
Yigit tirsaklarini tizzasiga tirab, boshini egib qo‘llariga qo‘ydi va bo‘g‘iq tovush bilan dedi:
– Rahmat, kecha sotib qo‘ymading.
– Sen, baribir, o‘z «Erk»ingga yetib bo­rolmaysan. Yigit boshini ko‘tardi.
– Nima uchun?
– Butun Sibirni kesib o‘tish, hazil ish emas.
– Men faqt temir yo‘lgacha yetib olsam bo‘ldi, u yog‘iga poyezd bilan! Hujjatlarim bor. Ammo bu yerda qurolsiz… rasvo bo‘laman. Qurolingni sotaqol?
– Yo‘q, hatto yalinma ham.
– Men endi yangi hayot boshlamoqchiman… meni qutqargan bo‘larding, otaxon…
– Xo‘sh, hujjatlarni qayerdan olding? Biror-bir joydan o‘margandirsan-da?
– Hujjatlarni ham odamlar yasashadi.
– Soxta. Soxta hujjat bilan ushlab olishmaydi deb o‘ylaysanmi?
– Sen men haqimda… tuqqan onamga o‘xshab qayg‘urayapsan. To‘tiqushday bir gapni qaytaraverasanmi: ushlab olishadi, ushlab olishadi deb. Aytdim-ku, senga, ushlashol­maydi.
– Shampan vinosini qaysi shimildiriqqa olib ichmoqchisan?.. Agar halol ishlamoqchi bo‘lsang-a?
– Kecha kayfda valdirab qo‘ydim-da, e’tibor berma. Mast edim.
– Eh, sizlarni qaranglar-u… – qariya qorga sarg‘ish quyuq tupuk tufladi.
– Sizlar ham ko‘p yil yashashingiz kerak, yoshsizlar… sizlar esa haligi, xuddi ichlaringda olov borday o‘z joyingizni topolmay, dunyoning u yog‘idan-bu yog‘iga chopasizlar. Nima, sizlarni dahshatli ocharchilik o‘g‘irlikka majbur qildimi? To‘qlikdan quturasizlar, qarg‘ish tekkurlar. Qovurilgan xo‘roz ortini cho‘qimaydi.
– Balki shundaydir, otaxon…
– Xo‘sh, seningcha kim aybdor?
– Bu haqda bas qilaylik, – dedi yigit. – Menga qara… – u xavfsirab qariyaga tikildi. – Ular hozir uyg‘onishadi-yu, qurollari esa yo‘q. Sen bilan biz yo‘qmiz… Izlay boshlashadi.
– Ular oftob ko‘tarilguncha uyg‘onish­maydi.
– Sen qayerdan bilasan?
– Bilaman. Ular kecha ichishgan. Uycha issiqqina, issiqda erib tushgacha uxlashadi. Shoshiladigan joylari yo‘q.
– Hm… ha… –dedi yigit ma’yus tortib. – G‘avg‘oni qarang-a.
Qo‘qqisdan laylak qor yog‘a boshladi, namchil, vazmin va iliqqina.
– Omading keldi, – dedi Nikitich osmonga qarab.
– Nima? – yigit ham tepaga qaradi.
– Qorni aytaman… Hamma izlarni ko‘mib yuboradi.
Yigit kaftini yog‘ayotgan qorga tutdi, ancha tutib turdi. Qor kapalaklari kaftida erib ketardi.
– Hademay bahor ham boshlanadi… – xo‘rsindi yigit.
Nikitich xuddi bu yerlarda kam uchraydigan odamni uzoq vaqt yodida saqlab qolmoqchiday unga qattiq tikildi. Uning yolg‘iz o‘zi kechasi… qanday ketib borayotganini tasavvur qildi.
– Kechalarni qanday o‘tkazasan?
– Olov yoqaman… Uxlab bo‘ladimi axir.
– Hech bo‘lmaganda yozda qochmaysanmi. Har holda, osonroq bo‘lardi.
– U yerda, qay payt qochish haqida ariza qabul qilishmaydi. Yemish masalasi chatoq. U qishloqdan-bu qishloqqa yetib borguningcha ichaging orqangga qapishib qoladi. Ha, mayli. Non-tuz uchun rahmat. – Yigit turdi. – Bor, bo‘lmasa anovilaring uyg‘onib qolishadi.
Qariya shoshilmasdi.
– Bilasanmi… vaziyatdan chiqishning bir yo‘li bor, – dedi u sekingina, – senga qurol beraman. Sen ertaga kechasi soat ikki-uchlarda men yashaydigan qishloqqa yetib borasan…
– Xo‘sh?
– Xo‘sh-xo‘shlamay tur. Yetib borasan. Eng
chekkadagi uylardan birining eshigini ta­qillatasan: qurol topib oldim deysan… yoki… yo‘q, nima o‘ylab topsak ekan-a? Sen qurolni qoldirib ketishing uchun. U yerdan, bizning qishloqdan temir yo‘l bekatiga to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l – yigirma chaqirimcha keladi. Undan u yog‘i uncha qo‘rqinchli emas. Mashinalar qatnaydi. Tong otganda bekatda bo‘lasan. Faqat u yerda yana bitta burilish keladi, burilishdan yana bir yo‘l chapga ketadi, sen undan yurma, u tumanga olib boradi. To‘g‘riga ket.
– Otaxon…
– Shoshma! Qurolni nima qilsak ekan? Topib oldim desang, qo‘rqib ketishadi, meni izlay boshlashadi. Senga butunlay berib yuborishga achinaman. Eskigina bo‘lsa ham, uning oldida mana bunaqalarning uchtasi ham kerak emas.
Nikitich qo‘lidagi yap-yangi qurolga ishora qildi. Yigit qariyaga minnatdor boqdi va bu minnatdorlikni ko‘zlarida yanayam ko‘proq ifoda qilishga harakat qildi.
– Rahmat, otaxon.
– Nimasiga rahmat? Qurolni qanday qay­tarib olaman.
Yigit o‘rnidan turdi, qariyaga yaqin kelib yoniga o‘tirdi.
– Hozir o‘ylab topamiz… men uni qayergadir yashirib ketaman, sen keyin uni o‘sha yerdan olasan.
– Qayerga yashirasan?
– Qishloqdan uncha uzoq bo‘lmagan biror-bir g‘aramga tiqib ketaman.
Nikitich o‘ylanib qoldi.
– Qorong‘u tunda nimaniyam ko‘rarding. Menga qara, eng chekkadagi uyni taqillatasan, u yerdagilardan Mazayev Yefim qayerda yashaydi, deb so‘raysan. Senga ko‘rsatishadi. Oshnam Yefimni topasan-da, aytasan: «Nikitichni taygada uchratdim, u iologlarni Ilondaraga olib ketdi. Patronlari tugab qolgan ekan, manovini bekorga ko‘tarib yurmaslik uchun mendan uni senga yetkazishni iltimos qildi», deysan. Meni ertadan keyin o‘zi yetib keladi, deb aytib qo‘y. Meni iologlarga yo‘lboshlov­chi bo‘lganligimni hammaga og‘zidan gullab yurmasin, deb tayinladi degin. Ozroq pul ishlab kelib birga ichishni, bo‘lmasa, kampirim hamma pulni birdan shilib olib qo‘yishini bildirgin. Eslab qoldingmi? Hozir esa sen menga bir litrga pul ber, bo‘lmasa, keyin Yefrimdan qutula olmayman. Xudo yor bo‘lsin! Patronlarni senga beraman… olti dona. Har ehtimolga qarshi ikkitasi zo‘ldir solinganidan. Agar sarf qilmasang, qishloq yonida qorga otib yubor, uzoqroqqa. Yefrimga berma, u ayyor, birdan nimadir bo‘lganligini sezadi. Eslab qoldingmi hammasini?
– Eslab qoldim. Bir umr seni esdan chiqarmayman, otaxon.
– Xo‘p mayli… Qishloqqa esa bundoq yetib borasan: quyosh chiqqach, sen uni, baribir, ko‘rasan – shunday qilginki, avvalboshda u sening chap tomoningda bo‘lsin. Quyosh balandga ko‘tarilgach, sen uni doimo chap tomonda tut. Botayotgan payti esa shunday burilginki, u seni orqa tomoningda bo‘lib qolsin, sal o‘ng qulog‘ing tomonroq. Undan u yog‘i esa to‘g‘riga. Xo‘p, yo‘l oldi kel, chekib olamiz.
Chekishdilar.
Birdaniga hamma gap tugab qolganday edi. Sal fursat o‘tib o‘rinlaridan turishdi.
– Ko‘rishguncha, otaxon, rahmat.
– Bo‘pti.
Ikkalasi ikki tomonga keta boshlagan payt Nikitich birdan to‘xtadi-da, yigitga qarab qichqirdi:
– Menga qara! Sal qolgandi qo‘lga tushishingga. Protokin bor-u, kechagi – u militsiya boshlig‘i edi. Yaxshiyam seni tunda uyg‘otmadi. Bo‘lmasa, qutulishing oson kechmasdi. U shayton, judayam sinchkov.
Yigit hech narsa demay qariyaga tikildi.
– Seni so‘roqqa tutsa bormi, hech qanaqa hujjat qutqarolmasdi.
Yigit jim bo‘lib qoldi.
– Qani, jo‘na endi. – Nikitich yelkasiga begona miltiqni ildi-da, chorrahani kesib o‘tib orqa tarafga yo‘l oldi. U chorrahani
deyarli kesib o‘tib bo‘lgandi…
Qulog‘i ostida shoxning qarsillab singaniga o‘xshash qattiq tovushni eshitdi. Bir paytning o‘zida orqasidan yelkasi, ensasiga birdan zarb bilan bir necha musht urilib, oldinga qattiq itarib yuborildi. U yuzi bilan yerga quladi. Boshqa hech narsani eshitmadi ham, his ham qilmadi. Qanday qilib ustiga qor tashlangani-yu, «Shunisi tuzuk, otaxon. Ishonchliroq», deyishganiniyam eshitmadi.
… Quyosh ko‘tarilganda yigit ketib borar, chorrahadan ancha olislagandi. U quyoshni ko‘rmas, hech narsaga qaramay ketib borar, quyosh uning yelkasiga qo‘nib turardi. U oldinga intilardi.
Havoda namchil qor sekin shovullardi. Tayga uyg‘onayotgandi. O‘rmonning bahorgi quyuq bo‘yi mast qilar va boshni aylantirardi.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi