Biz yangi poligonda uchinchi kun qazish ishlari bilan mashg‘ul edik. Har kimning o‘z qudug‘i bo‘lib, uch kun ichida nari borsa yarim metr chuqur kirib borardik. Hali muzlikkacha hech kim yetib bormagandi. Faqat bizning brigada ishlardi. Hamma gap yomg‘irda edi. Yomg‘ir bo‘lsa, uch kundirki, ezib yog‘yapti. Yomg‘ir bir soatdan beri yog‘yaptimi, bir oydan berimi, toshli tuproqda bilib bo‘lmasdi. Bizga qo‘shni brigadaning ishini allaqachon tugatib uyga olib ketishgan, chunki u o‘g‘riboshilar brigadasi edi-da. Hatto hasad qilishga ham holimiz qolmagandi. Cho‘qqisimon, beso‘naqay o‘nboshi yigit namiqib ketgan katta brezent yomg‘irpo‘shida kam ko‘rinardi. Orqamizdan qamchiday savalab turgan suv qamchisi – yomg‘irga boshliqlar katta umid bog‘lashgandi. Biz allaqachon shalabbo bo‘lib ketgandik. Ichki kiyimimizgacha deya olmayman, negaki bizda ichki kiyimning o‘zi yo‘q edi. Yomg‘ir va sovuq bizni ishlashga majbur etardi – boshliqlarning yashirin, jo‘n mo‘ljali shunday edi. Lekin ishga nafratimiz undan-da kuchli edi va har kech o‘nboshi so‘kinib, la’nat o‘qib, belgi qo‘yilgan yog‘och o‘lchagichini quduqqa tiqardi. Lagerdagi taniqli ma’lum bino – “qo‘ziqorin” tagiga panalagan soqchining ikki ko‘zi bizda bo‘lardi.
Bizning quduqdan chiqishimiz mumkin emasdi – shartta otib tashlashardi. Quduqlar orasida faqat brigadirimiz yurishi mumkin edi. Bir-birimizga baland ovozda gapirishimiz ham mumkin emasdi – bunga ham chora bitta: otib tashlash. Qurib qolgan daryo qirg‘og‘i yoqalab cho‘zilib ketgan qator quduqlarda yarim belgacha toshloq chuqurlarda tishni tishga qo‘yib jimgina turishga majbur edik.
Tun bo‘yi bushlatlarimizni quritishga ulgurmadik, gimnasterka va shimlarimizni esa kechasi tanamizda isitdik va deyarli quritishga ulgurdik. Meni – och, qahrli odamni dunyoda hech narsa o‘zini o‘ldirishga majbur etolmasligini bilardim. Xuddi shu onlarda hayotning buyuk his-tuyg‘usi mohiyatini – insonga oliy darajada berilgan xususiyat-sifatni tushuna boshlagan edim. Men otlarimizning holdan toygani va o‘lganini ko‘rdim – buni boshqacha ifodalay, boshqa fe’llardan foydalana olmayman. Otlarning odamlardan hech farqi yo‘q edi. Ular Shimoldan, benihoya og‘ir ishdan, yomon oziqdan, kaltaklardan – garchi kaltakni odamlarga qaraganda ming bor kam yesa ham, o‘lib ketardi. Oxiri men eng muhim narsani tushunib yetdim: inson yaratganning bandasi bo‘lgani, qo‘llarida mohir barmoqlari borligi uchun, insonga aylanmagan. U barcha hayvonlardan ko‘ra jismonan kuchli, chidamli bo‘lgani bois keyinchalik o‘zining ma’naviy qudratini jismoniy quvvatiga xizmat qildirishga majbur eta olgan.
Quduqda turib shular haqida yuz martacha o‘ylagandirman. O‘zimni o‘ldirmasligimni bilardim, negaki jonga qasd qilish nimaligini boshdan o‘tkazgandim. Yaqinda mana shunday, faqat bundan chuqurroq quduqda bahaybat toshni yo‘ngandim. Bu vahimali zil-zambil narsani bir necha kun avaylab tarashladim – shoirlar aytmoqchi, nafis bir holatga keltirmoqchi bo‘lgandim. Chindan-da, bu ajoyib niyat edi, estetika qoidalariga ham mos keladigan hodisa bo‘lardi. Tosh ag‘darilib tushishi va oyog‘imni majaqlashi kerak edi. Bir umr nogironlik nash’asini surardim-da! Bu ezgu orzu tagida o‘ziga yarasha hisob-kitob yotardi: cho‘kichni sekin qayirishim bilan tosh bosib, oyog‘imni yanchib ketadigan joyni hozirlab qo‘ygan edim. Belgilangan kun, soat va daqiqa ham yetib keldi. O‘ng oyog‘imni osilib turgan tosh tagiga qo‘ydim, bosiqligim uchun o‘zimni ichimda maqtab, qo‘limni ko‘tardim va tosh ortidagi cho‘kichni pishangdek qayirdim. Tosh devor bo‘ylab men oldindan chamalab qo‘ygan joyga vahimali sirg‘alib tusha boshladi. Shunda oyog‘imni qanday tortib olganimni o‘zim ham bilmayman. Ming qilsa ham quduq tor edi, bir oyog‘im ezildi. Ikki joyi ko‘kardi, uch joyi shilindi – obdon tayyorgarlik ko‘rgan ishimning natijasi shu bo‘ldi.
Na a’zoi badanimga shikast yetkazishga, na o‘zimni o‘ldirishga yaroqsizligimni tushunib yetdim. Katta omadsizlikdan keyin kichik omad kelishini, katta omadsizlik pallasi tugashini kutishdan o‘zga chora qolmadi. Yaqin omad ish kunining oxirida, uch qoshiq issiq sho‘rvada edi, sho‘rva sovuq bo‘lsa ham uni temir pechkada isitib olsa bo‘ladi, qozoncham, bir litrlik konserva bankam bor. Papirosni, to‘g‘rirog‘i, qoldiqni navbatchimiz Stepandan so‘rarman. A’zoi badanim ivib, shalabbo bo‘lsam ham, miyamda ikir-chikirlardan iborat katta masalalar aylanar, o‘zim nimanidir kutar edim, lekin vazmin, xotirjam edim. Bu mulohazalarim shunchaki miyamning mashqimidi? Yo‘q, hech ham-da, buning bari tabiiy edi, hayot tarzi edi. Tanam, demakki, miya hujayralari kerakli oziq ololmayotgani, miya anchadan buyon och-nahor va aqldan ozish, ertaga skleroz va yana allanimalarga duchor bo‘lishini tushunardim. Uzoq yashamasligimni, sklerozgacha borib yetmasligimni o‘ylash ko‘ngilli edi. Yomg‘ir hamon quyardi. Kecha bizning yonimizdan, soqchining baqirishiga e’tibor bermay o‘tgan ayolni esladim. Biz qo‘l silkib, ayolga salom berdik. Uch yil ichida xotin zotidan birinchi ko‘rib turganimiz bu ayol ko‘zimizga cho‘g‘day bo‘lib ko‘rindi. U ham bizga qo‘l silkitdi, osmonni, uning qaysidir burchagini ko‘rsatib, “Yaqin qoldi, yigitlar, yaqin qoldi! “ deya qichqirdi. Shod-xurram javob qaytardik. Men uni boshqa hech qachon qaytib ko‘rolmagan bo‘lsam-da, bizni tushungani va dalda bergani uchun yaxshi eslab qolganman. Osmonni ko‘rsatar ekan, u dunyoni nazarda tutgani yo‘q edi. Yo‘q, u faqat ko‘zga ko‘rinmas quyoshning ufq ortiga botayotganini, ish kuni tugashiga yaqin qolganini aytmoqchi edi, xolos. U Gyotening tog‘ cho‘qqilari haqidagi so‘zlarini o‘zicha takrorlayotgan edi. Bu oddiy ayolning – qandaydir sobiq va yo shu kunlardagi fohishaning – bu paytlarda bu hududlarda fohishalardan boshqasi bo‘lmaydi – donoligi, uning katta qalbi haqida o‘y surardim va o‘ylarim yomg‘ir shitir-shitiriga juda hamohang edi. Kulrang tosh qirg‘oq, kulrang tog‘lar, kulrang yomg‘ir, kulrang osmon, kulrang yirtiq kiyimdagi odamlar – bularning bari mayin, bir-biriga mos, munosib edi. Bularning bari qandaydir yakrang uyg‘unlik – yovuz, iblisona uyg‘unlik edi. Xuddi shu payt qo‘shni quduqdan kuchsiz qichqiriq eshitildi. Bu qo‘shnim Rozovskiy degan yoshi katta agronom edi, uning ixtisosligiga oid boy bilimlari vrachlar, injenerlar, iqtisodchilarning bilimlari singari keraksiz edi. U meni otimni aytib chaqirdi, men olisda, “qo‘ziqorin” ostida turgan soqchining tahdidli ishorasiga e’tibor bermay, javob qaytardim.
– Quloq solinglar! – qichqirardi Rozovskiy. – Quloq solinglar! Men uzoq o‘yladim! Oxiri tushunib yetganim shu bo‘ldiki, hayotning ma’nosi yo‘q ekan… Yo‘q ekan…
Men qudug‘imdan otilib chiqdim-da, Rozovskiy soqchilarga tashlanishga ulgurmasdan yoniga yetib bordim. Ikkala soqchi ham yaqin kelib qolgandi.
– U kasal bo‘libdi,– dedim men.
Shu payt uzoqdan yomg‘irdan buzilgan gudokning bosiq ovozi eshitildi-yu, biz safga tizila boshladik.
Biz Rozovskiy bilan yana bir muncha muddat, u tepadan kelayotgan yukli vagonetkaga o‘zini tashlaguncha, birga ishladik. U g‘ildirak tagiga oyog‘ini qo‘ygandi, lekin vagonetka oyog‘i ustidan sakrab o‘tib ketdi, hatto shish ham qoldirmadi. Shunday bo‘lsa-da, o‘z joniga qasd qilganlikda ayblovi bilan jinoiy ish ochishdi. Rozovskiy sudlandi va biz ajralishib ketdik, nimaga deganda sud bo‘lib, hukm qilingan odam ilgari ishlagan joyiga hech qachon qaytib bormasligi haqida qonun bor. Tergovchiyu, guvohlardan qasd olishidan cho‘chishadi. Bu bir hisobdan to‘g‘ri qonun. Lekin Rozovskiyga nisbatan bu qoidani qo‘llamasa ham bo‘lardi.
Ruschadan Saydi Umirov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 5-son