Sabohaddin Ali. G‘ozlar (hikoya)

Dudu qo‘lida maktub bilan shoshilgancha muallimining uyiga bordi.
– Shuni o‘qib ko‘ring, oling, – dedi hovliqib, – Sayid jo‘natibdi!
Qishloqda bekorchilikdan zerikkan muallim Duduning iyagi ostidan to‘g‘ri ochiq ko‘ksiga ko‘z tashladi. Ayolning oppoq badaniga kiyimi yengilgina soya solgan tasvir muallimni bir-ikki marta yutoqtirdi. Keyin qo‘lini uzatib:
– Mayli, ber-chi, – dedi.
Duduning eri uch yilcha avval to‘yda bittasini o‘ldirib qo‘ygan, o‘n yilga qamalgandi. Garchi o‘lim o‘qini uzganlar sakkiz kishi bo‘lsa-da, o‘sha o‘q kimning qurolidan chiqqani aniq emas, faqat Sayid va do‘sti Durmushtan boshqasi halokat vaqtida sudga pora berib beayb degan hukm olishgandi. Viloyat jazolash sudi esa bu ikkalasiga qayta tarbiyalanish yillarini qamoqda o‘tkazishni belgilagandi.
Muallim maktubni o‘qiy boshladi. U xatida avvalo ayolining ismi-sharifiga salom-alik qilgach o‘zining yaxshi inson emasligi, bo‘lmadagi joyi yomonligi va bit bosganidan shikoyatlangan, Dudu bu safar kelganida bir-ikki g‘oz keltirsa uni mudirga tuhfa qilib joyini o‘zgartirishini, bo‘lmaning boshrog‘iga, bitu sirkadan holi, tozaroq joyga ko‘chishi haqida yozgandi.
Dudu birdan muallimning qo‘lidan maktubni tortib oldi. Qo‘yniga joylashtirdi. Shu payt muallim Duduning ko‘kraklarini yana bir marta ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Dudu maktab tashqarisidagi qumda umbaloq oshayotgan o‘g‘li Husnini olib xayollar og‘ushida uyiga qaytdi, nima qilishni o‘ylab boshi qotdi.
Uning bor-yo‘g‘i bitta g‘ozi bor edi, tuxumini har kun Ilyos afandiga olib borib pullardi. G‘oz har kun tug‘sa ikki oy oldin Husnining ich ketish paytida olgan yog‘ning pulini bir oyda to‘lay olardi. Hozir g‘ozni shaharga olib chiqsa Ilyos afandi uyida ko‘rpa-to‘shagini ham qoldirmaydi, hammasini supurib-sidirib olib ketadi.
Uyda bitta g‘oz bor, Sayid esa ikkitani istardi.
Ovsinining uyiga yo‘l oldi. Bu Sayidning akasini ayoli edi. Erini o‘n besh kun avval ovda otib o‘ldirishgandi. Dudu Sayidni ko‘rgani borish uchun undan g‘oz so‘raganida beva o‘zini tutolmay, darg‘azab bo‘lib:
– Keting bu yerdan, yo‘qoling, – deya baqirdi. – Sayidingiz ketishi bilan erimni ham o‘ldirishdi. Ilohim, hech qachon o‘sha yoqdan chiqolmasin, umri chirisin qamoqda!
Keyin birdan yig‘lab yubordi. Dudu eshikdan chiqdi va qo‘rqqani tufayli boshqa qarindoshlarnikiga borish fikridan qaytdi. Kechqurun uxlay olmadi. Uyda to‘rt yashar o‘g‘lidan boshqa hech kim yo‘q edi. Oqshom ham har qachongidan uzaygandi. Sayidning dushmanlari eringga yordam berma deya unga tahdid qilishardi. Sayidning og‘asini ham ukasiga ko‘mak bergani uchun o‘ldirishgandi. Qishloqda kimnikiga yordam so‘rab bormasin, haydab chiqarishdi. Sayid bor-yo‘g‘i ikkita g‘oz istardi.
Ayol ohista o‘rnidan turib hovliga chiqdi. Katakxonadan g‘ozni tutib, oyoqlarini bog‘ladi. G‘oz baqirib, hovlini boshga ko‘tardi. Hovlidagi devor orqasidan boshqa g‘ozlar javob qaytarishdi. Dudu biroz xayolga berildi. Keyin devorning yaqinda nurab, yiqilgan joyi tomonga yurdi. Qo‘shni bog‘ga o‘tdi. Bir-birini yo‘qotgani uchun g‘aq-g‘aqlab burchaklarga tiqilayotgan g‘ozlardan birini tutdi. Ko‘ppak uni tanigani uchun ovoz chiqarmadi…
…Dudu Husnini orqasiga bog‘ladi. G‘ozlarni bog‘lab bir qo‘liga oldi. Narigi qo‘liga ham bir to‘rva ildirdi. Husnining qo‘liga kulcha va sharbat tutqazdi. Tongga yaqin shahar sari odimlay boshladi. Shahar va qishloqning orasi naq to‘qqiz soatlik yo‘l edi.
Sayid uch oydan beri hasta, qamoqxona doktori shifoxonda yotishiga ruhsat bergan, faqat bir necha kun yotar, boshqa kasalligi og‘irroq odam kelganida chiqarib yuborilardi. Keyinchalik umuman qabul ham qilmay qo‘yishdi. Muolajlanishidan naf yo‘q kasallarni shifoxonalar qabul qilmasdi. Nizomda shunday belgilangandi. Bunday kasallarning jazolarini kechiktirish zarur edi. Faqat Sayid qanday kasalligini bilmasdi. Qamoqxonalarning bunday hiylagarliklarini bilgan ochiqko‘z va beor mahbuslarning ham u bilan ishi yo‘q edi. Chunki u juda bechora edi. Hujjat va tashhislari prokurorda turar, uni hech kim izlamagach u ham fursat kutardi.
U bo‘lmaning eng yomon yerida – ko‘mir pechga yaqin joyda yotardi. Ochlikka mahkum qilingandi. Kasalligi uchun ishlamas, hech kimga xizmat qilmas, ko‘mir, suv tashimasdi. Kun bo‘yi joyidan qo‘zg‘olmay yotardi. Oldindagi derazadan bir hovuch osmon ko‘rinardi: moviy… Ko‘zlarini o‘sha yoqqa tikar, jimgina yotardi. Qishloqqa biroz vaqt maktub yo‘llay olmadi. Yig‘im-terim vaqti hozir, ishlar chala qoladi deb o‘yladi. Boshqa kutolmasligini anglagach ikki buklangan xatni xonasidagi teshikdan oldi. Yaqinlar bilan uchrashuv kuni qamoqxonaning ko‘rishish bo‘lmasiga ketayotgan bir mahbusga “Shuni bizning qishloqqa ketadigan biror odamga berib yubor”, deya uzatdi. So‘ngra battar sabrsizlik bilan kuta boshladi. Maktubni olib ketayotgan qishloqdoshining bir nechta mahkamalarda ishi bor edi, shuning uchun o‘n kun shaharda qoldi, Sayid esa hamon yo‘l ko‘zlardi. Dudu kelsa qanday o‘rnidan sakrab turib eshikka borishini o‘ylar, nima qilib, sudralib bo‘lsayam boraman derdi.
Sayid uylanganidan bir oy o‘tib harbiy xizmatga ketgan, qaytganidan yigirma kun o‘tib esa qamoqqa olingandi. Bir so‘z bilan aytganda, Duduga to‘ymagandi. Undan esa negadidir darak yo‘q edi. Kutishni to‘xtataman degandi, nihoyat Dudu qamoqxonaga keldi. Eshik oldida hech kim yo‘q edi. Endi kiraman deganda jandarm baland ovozda “Ortga qayt!” deya buyurdi.
Narigi eshikda turgan askar g‘ozlar va to‘rvani ko‘rgan zahoti yoniga chaqirib qo‘l silkidi. Shu payt bir nechta mahbus urush chiqargani bosh qo‘mondon o‘sha tarafga yo‘l oldi. Qamoqxona kotibi:
– Qabul qilish joyiga olib boring, qayd qilishga ruhsat beraman, – deya baqirib xonasiga qaytdi.
Bosh qo‘mondon esa qo‘lidagi qog‘ozni bir nechta askar va ba’zi mahkumlarga imzolatar, bu o‘lgan odamning to‘shagi, suv idishi va bir juft eski etigi kimga qolishi borasidagi hujjat edi. O‘lik ortilgan zabmil ichkaridan chiqar ekan biroz nariroqda turgan askar Dududan:
– Xo‘sh, kimni izlab kelding? – deya so‘radi.
– O‘priklik Sayidni, – javob qaytardi ayol.
Askarning yuzi tundlashdi. Qo‘li bilan biroz avval chiqarilgan, qo‘mondon boshchiligida ikki mahkum tomonidan ko‘mishga olib ketilayotgan zambilni ko‘rataman degandi, ko‘zi yana g‘ozlar va to‘rvaga tushdi.
Qo‘lini ularga uzatib:
– U o‘z bo‘lmasida, biroq bugun uchrashuv kuni emas. – dedi. – Ularni menga qoldirib, bir haftadan keyin kel.
Askar to‘rva va g‘ozlar, tishlangan nonu yarim to‘kilgan sharbatni olib, devor ostiga qo‘ydi. Eshik oldida hamon kutayotgan Duduga:
– Bir haftadan keyin kel, dedimku, qani, sur! Bularni o‘zim yetkazib qo‘yaman. Qani, boraver… – deya baqirdi.
Dudu shaharda bir hafta qololmasdi. Husnining qo‘lidan tutdiyu, jim, yerdan ko‘zini uzmay yura boshladi. Bolakay qayta-qayta orqasiga qarar va “Dadam qani? Qayerda qoldi dadam?” deya mizillardi. Dudu “Nega yig‘laysan? Ko‘rsatishmadi. Bo‘ldi, ketdik!” deya bolaning qo‘lidan siltaladi va birozdan keyin sal yumshab “Xirmonda kelganimizda ko‘ramiz”, dedi.
Qishloqqa qaytishdi. Uyga kirar-kirmas Duduni jandarmlar ushlab, olib ketishdi. G‘oz o‘g‘irlagani uchun sud qilindi va uch oy qamoq jazosi berildi. Jazoni qamoqxonada o‘tkazgani uchun xirmongacha Sayidning o‘limidan xabar topmadi.

1933 yil.

Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi