Sharaflaylik ayol – Onani, g‘olib hayotning mangu obi chashmasidir ul! Biz bu gal sizga Temurbek haqida hikoya so‘zlab berurmiz, ha, o‘sha, oqsoq yo‘lbars, sohibi qiron haqida, mal’un kimsalar Temurlang deb ataydigan, ammo butun jahonga dong‘i yoyilgan inson to‘g‘risidadir bu qissamiz.
Ellik yil u yer yuzi bo‘ylab jahongashtalik etdi, temir tovoni shaharlaru davlatlarni, baayni fil oyog‘i qumursqalarni ezib o‘tgandek, yanchdi, qonlar to‘kildi; zero u ajal bilan olishmoqqa chog‘langan edi – chunki ajal uning o‘g‘li – nuridiydasi Jahongir mirzoni navqiron yoshida bag‘ridan yulib olgani bois, mal’un o‘limga ish qolmasin, bekorchilikdan xunob bo‘lsin, deya qurbon ustiga qurbonlar topar edi u.
Farzandi arjumandi vafot etgan, Samarqand ahli esa yovuz jeta eli ustidan g‘alaba qozonib qaytayotgan jahongirni qora va ko‘k jandalar kiyib, boshiga kul va tuproq sochib, motamsaro kutib olgan kundan – Ajal bilan O‘trorda ro‘baro‘ kelib, mag‘lub bo‘lgan o‘sha nahs kundan boshlab u biron marta ham kulmadi, hamisha lablarini qimtib, mag‘rur boshini hech kimning oldida xam qilmay yashadi, o‘shandan beri esa… oz emas, ko‘p emas, o‘ttiz yil o‘tdi, iztiroblar uchun joy qolmagan edi uning qalbida!
Sharaflaylik bu dunyoda ayol – Onani, uning qoshida ojiz bo‘lib yukunadi hatto Ajal ham! Bu naqlimizda esa Ajalning o‘zi bilan bahs bog‘lashga jahd etgan, zaminu zamonni zor titratgan Temurbekday zot ham Ona qoshida bosh egib ta’zim bajo aylagani haqidagi haqiqat bayon etilur.
Alqissa, hikoyaga quloq bersangiz.
Temurbek gul-chechaklar va yosumanlar qulf urib o‘sgan Konigil vodiysida bazm qurib o‘ltirmish edi. Maftunkor bul vodiyni shoirlar Konigil emas, Konigul deb ham ta’rif etardilar. Bu yerdan azim Samarqandning moviy minoralari, masjidu madrasalarning niliy gumbazlari kaftdagidek ko‘rinib turardi.
O‘n besh mingta dumaloq o‘tov keng vodiyda chambar shaklida tizilgan, ularning har biri lolaga mengzaydir, har birining ustida alvon-alvon shoyi bayroqlar hilpirab turadir.
Ko‘ragonning chodiri esa ularning o‘rtasida qizlar majlisidagi malika yanglig‘ yashnab ko‘rinadi. Chorburchak, har tomoni yuz qadamdan, balandligi uch nayza bo‘yi, o‘rtasida odam beliday yo‘g‘on o‘n ikkita oltin ustun; qora, sariq, moviy shoyi matolardan quralib, tepasiga moviy gumbaz o‘rnatilgan bu chodir, shamol uchirmasligi uchun besh yuz qizil arqon bilan qoziqlarga tortilgan, to‘rtala burchagida bittadan kumush burgut qanot yozib turibdi, chodirning eng o‘rtasida, birmuncha balandroq joyda sor burgutning o‘zi – yengilmas Temur Ko‘ragon, shahanshoh masrur qo‘r to‘kkan.
Ustidagi osmonrang shoyi chakmoniga besh yuzta dur qadalgan, ha, ishonavering! Ko‘ngillarga dahshat soluvchi boshiga oppoq qalpoq kiygan, qalpog‘ining cho‘qqisiga qadalgan yong‘oqday yoqut esa jimir-jimir qiladi, katta qizil ko‘z soqqasi yanglig‘ bu yoqut tevarakka shu’la sochib qalqiydi.
Sohibqironning yuzi sarg‘ish-jigarrang, ko‘zlari garchi qisiq bo‘lsa-da, hamma narsani ko‘rib-bilib turadi, bu ko‘zlarning shu’lasi arablar yaxshi ko‘radigan saramut toshining, tutqanoq kasaliga em bo‘ladigan bu qimmatbaho toshni ma’jusiylar zumrad deb ataydilar, sovuq shu’lasini eslatadi. Hukmdorning qulog‘ida esa zebo qizlar labining ol rangi kabi Sarandib yoqutidan yasalgan isirg‘a yiltiraydi.
Erga yoyilgan gilamlar ustida… e, bunaqa gilamlarni endi topib bo‘lmaydi, uch yuzta ko‘zada esa musallas hamda shohona bazmi jamshid uchun nimaiki lozim bo‘lsa, bari muhayyo. Temurbekning orqasida sozandalar tizilishgan, yonida hech kim yo‘q, oyoq uchidan esa qarindoshlari, shohlaru beklar, sarkardalar joy egallashgan, biroq hammadan yaqinroq o‘tirgan odam – kayfdan ko‘zlari suzilgan shoir Kirmoniy ediki, bir kuni shahanshoh shoirning tilini qichitish uchun unga:
– Ayo, Kirmoniy! Agar meni bozorga olib chiqib sotsalar, sen qancha oqcha berar eding? – deb savol berib qoladi.
– Yigirma besh askariy berardim, olampanoh!
– Qiziqmisan, belimdagi tillo kamarning o‘zi shuncha turadi-ku?
– Men ham kamarning narxini aytyapman-da, bo‘lmasa, o‘zingizni hemiriga ham olmasdim!
Ana shunday degan edi Kirmoniy podshohning o‘ziga. Shoirlarga sharaf munosib, zero ular badiiy qilib aytilgan haq so‘zni haqdan deb bilishadi.
Ha, mana shu bazmu ishrat, o‘yin-kulgi, xursandchilik ayyomida, jang- jadallar va qozonilgan zafarlar g‘urur ila esga olinayotgan, mashshoqlar diltortar navo chalayotgan va buyuk hukmdor chodiri oldidagi maydonda ola-bula kiyingan son-sanoqsiz masxaralar sakrab-sakrab nag‘ma ko‘rsatayotgan, pahlavonlar go‘shtigirlik qilayotgan, muallaqchilar esa dor uzra chir aylanib, ko‘rgan ko‘zlarni lol qoldirib, bularning suyagi yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘ylashga majbur etayotgan, mohir jangchilar qilich o‘ynatish hunarini ko‘rsatayotgan, nariroqda esa tanasi qizil va yashil tuslarga bo‘yalgani bois biri qo‘rqinchli va ikkinchisi kulgili bo‘lib ko‘ringan ikki fil o‘yinga solingan mana shu shodu xurramlik onida – Temur Ko‘ragonning odamlari shahanshohning salobatidan esankirab, uning shon-sharafidan g‘ururlanib, g‘alabalar hordig‘ini chiqarish uchun hordiq chiqarib, may va qimiz simirib, sarxush holda xushchaqchaqlik bilan shovqin solib, chuvvos ko‘tarayotgan bir pallada qora bulutlar aro chaqnagan yashinday bo‘lib, moda burgutning qichqirig‘i yanglig‘ bir ayolning chinqirgan tovushi Boyazidni mag‘lub etgan sohibqironning ding quloqlariga yetib keldiki, bundayin tovush uning Ajal poralangan, shu bois, odamlarga ham, hayotning o‘ziga nisbatan ham shafqat hislari begonalashgan qalbiga chandon oshno va hamohang edi!
Temurbekning kim faryod chekayotgani haqidagi so‘rog‘iga mulozimlar aft-angori chang, kiyimlari pora-pora, o‘zi telbasifat bir ayol kelganini, arabcha so‘zlayotganini, dunyoning yarmini qalamraviga kiritgan podshohi a’zamning huzuriga kirish talabida ekanini yetkazishdi.
– Olib kiringiz uni! – dedi hukmdor.
Zum o‘tmay qarshisida boyagi ayol paydo bo‘ldi, oyoqlari yalang, egnida rangi o‘ngib ketgan juldur va yirtiq kiyimlar, qop-qora sochlari ochiq ko‘ksini yopib turibdi, yuzi jezdan quyilgan kabi, ko‘zlari esa amirona boqadi, Sohibqiron sari cho‘zgan qoramtir qo‘llari titramaydi.
– Sulton Boyazidni mag‘lub etgan senmisan? – deb so‘radi ayol.
– Ha, men. Men ko‘plarni yengdim, ammo g‘alabaga hali to‘yganim yo‘q. Xo‘sh, o‘zing kimsan, nechun huzurimga kelding, ey ayol?
– Unda, eshit! – dedi ayol. – Sen nimalarga erishgan bo‘lsang ham, bir odamsan, xolos. Men esa – Onaman! Sen jon olasan, men esa hayot baxsh etaman. Sen qoshimda gunohkorsan, shu sabab, mana, keldim ayblaringni yuvishing uchun. Menga aytdilarki, sen “Kuch – adolatda!” deyar emishsan, ammo bunga ishonmog‘im uchun menga adolat qilmog‘ing lozim, axir men – Onaman!
Podshoh dono odam edi, bu so‘zlarning ortidagi mubham ma’nolarni qalbi sezib:
– Avval o‘tir-da, bir boshdan so‘zla, men eshitay, – deya amr etdi.
Ayol o‘zi uchun qulay bo‘lgan yerga – shohlarning g‘uj davrasiga joylashib oldi-da, sarguzashtlarini bayon qildi:
– Men Salerno degan shahar yaqinida yashar edim, bu juda uzoqda, Italiya mamlakatida, u yerlarni sen bilmaysan. Otam – baliqchi edi, erim ham baliqchi, hamma baxtiyor odamlar kabi juda xushro‘y edi. Men uning uyini baxtga limmo-lim to‘ldirgan edim-da. Boz, o‘g‘ilcham ham bor edi, yer yuzidagi eng chiroyli bola o‘sha edi.
– Mening Jahongir o‘g‘lim kabi, – deya pichirladi keksa jangchi.
– Mening o‘g‘lim – dunyodagi eng chiroyli, eng aqlli bola! Ammo u endi olti yoshga to‘lganida yurtimizga qaroqchilar bostirib kelib, otam bilan erimni o‘ldirishdi, o‘g‘limni esa olib qochishdi. Mana to‘rt yildirki, uni qidiraman, bormagan joyim qolmadi. Hozir u sening qo‘lingda, chunki boyagi qaroqchilarni Boyazidning askarlari tutqun qilgan, sen esa Boyazidni mahv etding, bas, unga tegishli narsalarning bari endi sening qo‘lingda. Sen mening o‘g‘lim qayerda ekanini bilasan, uni menga qaytarib berishing lozim!
O‘tirganlarning bari kulib yuborishdi, ayniqsa shohlar – o‘zlarini hammadan aqlli deb bilguvchilar – qah-qah urib, mazaxlashdi.
– Telba bo‘pti bu! – deya shohlardan so‘ng Temurning boshqa yaqinlari, a’yonlaru lashkarboshilar ham xandon urib kulishdi.
Faqat Kirmoniy ayolga jiddiy, Amir Temur esa hayrat ila boqar edi.
– Bu ayol – Ona, u aqlga begona! – dedi ohista Kirmoniy, ammo Amir Temur Ko‘ragon – jumla jahondan alamnok bu inson – savol berdi:
– Hoy xotin, sen qanday qilib, men otini ham eshitmagan olis mamlakatdan dengizlar oshib, daryoyu tog‘larni ortda qoldirib, o‘rmonlar oralab bu yerlargacha yetib kelding? Nega vahshiy darrandalar seni tilka-pora qilishmadi, qanday qilib, hayvondan ham battar bo‘lgan odamlar yo‘lda senga ziyon yetkazishmadi? Sen, himoyaga muhtoj odamlarning yagona do‘sti, sodiq hamrohi bo‘lgan biron yarog‘ing ham bo‘lmagani holda, shuncha uzoqdan qanday qilib omon yetib kela olding? Menga bor gapni aytib bergilki, taqdiringga ajablanib, haqiqatdan g‘ofil qolmayin!
Sharaflaylik ayol – Onani, uning mehri cheksiz, bepoyon. Butun olam uning ko‘ksidan sut emib ulg‘ayadi! Insondagi jami olijanoblik – quyosh nuri va ona suti sharofatidandirki, biz hayotni ana shular sabab sevamiz!
Ayol Temurbekka boqib, dedi:
– Men faqat bir dengizni oshib keldim, unda orollar ko‘p, baliqchilarning qayig‘i esa son-sanoqsiz ekan. Sevgan narsangni qidirsang, hatto yo‘lovchi shamollar ham senga ko‘maklashadi. Dengiz qirg‘og‘ida tug‘ilib-o‘sgan menday munglug‘ uchun daryolardan suzib o‘tish – ish emas! Tog‘lar desang, men tog‘larni ko‘rmadim ham.
– Agar butun vujuding bilan sevsang, tog‘lar vodiyga aylanadi! – dedi quvnoq ohangda sarxush shoir Kirmoniy.
– O‘rmonlar bor edi yo‘lda, ha, bor edi! – deya so‘zini davom ettirdi ayol. – O‘rmonlarda menga qoziq tishli to‘ng‘izlar, silovsinlar, ayiqlar, shoxi bilan yer suzgan vahimali buqalar uchradi. Hatto ikki bor sening ko‘zingga o‘xshab tikiladigan qoplonlarga ham duch keldim. Ammo har qanday hayvonning ham yuragi bor, men ular bilan xuddi hozir sen bilan so‘zlashganday so‘zlashdim va ular mening Ona ekanimga iqror bo‘lib, xo‘rsinib-pishqirib, nari ketishdi. Ular menga achinishdi. Axir, bilarsan, hayvonlar ham bolasini sevadi, bolalarining tirik, ozod yurishi uchun odamlardan ko‘ra ko‘proq kurashishadi.
– Xuddi shunday, ey ayol! – dedi Temur. – Mening biluvimga ko‘ra, jonivorlar odamlarga qaraganda kuchliroq sevadi, bolalari uchun jonini ham ayamaydi!
– Odamlar – bola-ku! – deya davom etdi ayol. – Chunki har bir ayol yuz karra bola, odamlar esa, hamisha onasining farzandi. Axir, har kimning Onasi bor, har bir erkakni qay bir ayol tuqqan, hatto sen ham, mana shu yoshingda, bilasanki, seni ayol to‘ragan. Ehtimol sen xudoni tan olmassan, lekin seni ona tuqqanini rad eta olmaysan, to‘g‘rimi, ey mo‘ysafid?
– Xuddi shunday, ey ayol! – dedi hassos shoir Kirmoniy. – Charoki, mingta buqa to‘plangani bilan, bitta buzoq ham olamga kelmaydi, quyoshni ko‘rmasa, gul ochilmaydi, Ona bo‘lmasa, shoir ham, botir ham tug‘ilmaydi!
– Shunday ekan, – dedi ayol, – menga bolamni topib ber, chunki men uning Onasiman, uni jonimdan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman!
Ta’zimlar aylaylik ayol – Onaga: Muso kalimulloni, Iso ruhulloni, Muhammad habibulloni dunyoga keltirgan zot – uning o‘zi.
Ta’zimlar aylaylik, hech tolmasdan buyuk mutafakkirlarni tug‘ib bizga tortiq aylaguvchi xilqatga! Arastu – uning o‘g‘lidir, Firdavsiy ham, she’rlari asal kabi totli Sa’diy ham, ash’ori xushbo‘y sharobga zahri halohil omuxta bo‘lgan Umar Xayyom ham – uning farzandi. Iskandar Zulqarnaynni ham, so‘qir shoir Homerni ham – barini u dunyoga keltirgan, hammalari Uning sutini emib ulg‘ayishgan, ularning barini shu Ona deb atalmish zot, hali bo‘yi bir qizg‘aldoqcha ham kelmaydigan chog‘ida qo‘lidan yetaklab, yorug‘ olam bilan tanishtirgan, alhosil, dunyoning bor shon-sharafi – shu Ona tufayli!
Bu so‘zlarni eshitgach, oqsoq yo‘lbars, shaharlarni zabt etib, shohlarni qul aylaguvchi sohibqiron Temur Ko‘ragon, sochlari oqargan boshini quyi solib, uzoq o‘yga cho‘mdi, so‘ng barchaga yuzlanib:
– Men, Tangri quli Temur[1], – dedi. – So‘zumni quloqlaringizga isirg‘a qilib toqib olg‘aysiz. Baringizga ayon, xudo bergan kunni yashadim, ko‘p zamonlarki, oyoqlarim ostida ro‘yi zamin titraydir, o‘ttuz yildin beri ajal hosilini mana shu qo‘llarim yig‘ib tolmaydir, chunki o‘g‘lim Jahongir mirzoning o‘limi uchun… bu o‘lim qalbimning quyoshini so‘ndirgani uchun alamim bosilmaydir! Mening bilan saltanatlar va shaharlarni talashib harb qildilar, biroq hech kim men bilan odam talashmadi, shu bois, alarning ham qoshimda qadri bo‘lmadi, bilmas edim – kimdir ul va nechun yo‘limda turur? Men, Temurbek, Boyazidni yenggach, anga yuzlanib dedimki: “Ayo Boyazid, ko‘rgil, xudoning ollida davlatlaru odamlar hech ekanini, qara, birubor egam hukmdorlikni bir sendayin qiyshig‘u bir mendayin maymoqqa berib qo‘yibtur”. Men bu gaplarni anga kishanband qilib, huzurimga olib kelganlarida aytdim. Ul badbaxt kishanlarning og‘irligidan arang oyog‘ida turar, men esam bu achchig‘ so‘zlarni uning uchun eng manhus bir kunda yuziga aytar edim, aytar ekanman, ko‘nglim sezdiki, bu hayot degan ne’matning o‘zi vayronalarda o‘sadigan erman o‘ti kabi, kakra kabi achchig‘ erkan!
– Men, Tangrining quli Temurbek so‘zum! Mana, qoshimda bir ayol o‘ltiradir. Bunday ayollar bisyor, ammo u mening qalbimda o‘zimga ham noayon hislarni qo‘zg‘atdi. U men ila o‘z tengi bilan so‘zlashgan kabi so‘zlashadi, u mendan so‘ramaydi, talab etadi. Shundan so‘ng anga boqib, uning ne sababdan bu qadar qo‘rqmas ekani boisini angladim: u sevadi, dilidagi sevgi bois, farzandi – hayot uchquni ekanini, bu uchqundan talay asrlarga tatigulik olov alangalanishini anglaydi. Axir, jami payg‘ambarlar ham bir payt bola bo‘lmaganmi, ne-ne pahlavonlar o‘z vaqtida bir parcha et emasmi edi! Ayo, Jahongir o‘g‘lim, ko‘zimning nuri, balki tirik bo‘lganingda, sen bu kurrai zaminni mehr nuring bilan ilitib, saodatga yo‘g‘irarmiding? Men esam, uni qon ila sug‘ordim, yerlar qop-qoraydi qahrimdan, oh farzandi arjumandim!
Sohibqiron yana uzoq o‘yga toldi, so‘ng bosh ko‘tarib, farmon berdi:
– Men, Amir Temur Ko‘ragon so‘zum! Darhol uch yuz nafar otliq chopar qalamravimdagi barcha yerlarga jo‘natilsin va ular mana shu ayolning o‘g‘lini topib keltirsinlar, bu ayol esa, unga qadar shu yerda kutib o‘tiradi, men ham hech qayoqqa jilmay, u bilan birga kutaman xushxabarni; kimda-kim bu ayolning o‘g‘lini otiga mingashtirib kelsa, zarga belagayman, Temurbek so‘zum! Shunday bo‘lsinmi, ey ayol?
Ayol yuzini to‘sib turgan sochlarini orqaga surdi, Temurbekka qarab tabassum qildi va bosh irg‘ab, dedi:
– Xuddi shunday, podshohim!
Bu so‘zni eshitgach, olamni zir titratgan qariya o‘rnidan turib, bir so‘z demay ayolga ta’zim qildi, shodu xurram shoir Kirmoniy esa abyot o‘qidi:
– Eng go‘zal qo‘shiq – chechaklar, yulduzu oy haqdadir,
– Yo‘q, adashding, qaddi shamshod, ul husnga boy haqdadir.
– Eng ajib dam – yoz boshidir, ko‘kda porlar oftob…
– Bul’ajabdur menga boqsa bir kulib ul mohtob!
Tim qorong‘u osmonda miltirar yulduz go‘zal!
Oftobli yoz boshi – javzodagi kunduz go‘zal!
Mehr ila boqsa nigorim, gullar xijolatdan so‘lar!
Bir tabassum etsa dildor, oftob shamgin bo‘lar!
Bir qo‘shiq bordir valekin, kuylanmagan, mahbub erur,
Ul qo‘shiq – borcha qo‘shiqqa bosh erur, marg‘ub erur.
Bul navo – eng sehrkor, olam yuragi haqdadir,
Biz “Ona” deb aytgan ul dunyo tiragi haqdadir!
Buni eshitgan Amir Temur shoirga qarab:
– Balli, Kirmoniy! – dedi. – Olloh taolo o‘z donoligini ayon etish uchun bejiz seni shoir qilib tanlamagan ekan!
– E… Xudoning o‘zi – eng yaxshi shoir-da! – deya kalovlandi shirakayf adib.
Ayol esa tabassum qildi, shohlaru vazirlar, lashkarboshilaru boshqalar – hamma bolalar esa unga – Onaga qarab jilmaydilar.
Bu gaplar bari – chin, aytganlarimiz – haqiqat, buni onalarimiz yaxshi biladi, ishonmasangiz so‘rab ko‘ring, o‘zlari ham aytadilarki:
– Ha, bularning barchasi haqqi rost, bizlar ajaldan ham kuchli zotmiz, bu yorug‘ olam yaralibdiki, biz dohiylarni, shoirlaru qahramonlarni dunyoga keltiramiz, bu yorug‘ olam nimaiki bilan sharaf topgan bo‘lsa, barining sarzamini bizda!
Zuhriddin Isomiddinov tarjimasi
––––––––––––––––––––
[1] M.Gorkiy bu so‘zlarni o‘zbek tilida yozgan (tarj).
* * *
Tarjimondan: Dunyo adabiyotida Sohibqiron Amir Temur haqida yozilgan asarlar son-sanoqsiz. Ularni qaysi davrda yozilganiga qarab (yoki janrlariga ko‘ra va hokazo) xilma-xil tasnif etish mumkin. Ammo menimcha, bu buyuk tarixiy siymoning faoliyatini realistik yoritish maqsadida bitilgan asarlar hamda uning obrazidan foydalanib, muayyan g‘oyani ilgari surish (adabiyotshunoslar ta’rificha, “badiiy haqiqat tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin”) uchun bitilgan asarlarga bo‘lib o‘rganish ilm nuqtai nazaridan foydaliroq.
Rus adabiyotida Amir Temur obrazi yoritilgan ilk namuna bo‘lmish bu hikoya, mazkur tasnifimizga ko‘ra, ikkinchi guruhga mansub. Maksim Gorkiy Sohibqironning buyuk muhorabalari motivini to‘ng‘ich farzandi, yigirma yoshida olamdan o‘tgan Jahongir mirzo o‘limining alamini bosish uchun edi, degan jo‘n bir bahona bilan izohlaydiki, bu tarixiy haqiqatga ham, oddiy mantiqqa ham jilla muvofiq emas. Ammo adib Amir Temurning ulug‘ fazilatlarga ega bo‘lgan, beqiyos shon qozongan mahali ham oddiy odamlarning dardlarini his eta oladigan, shu xislatlari bilan o‘z tevaragidagi kalondimog‘ ba’zi shohlaru vazirlardan allaqancha pog‘ona yuksakda turadigan inson bo‘lganini ishonarli tarzda ko‘rsata olgan.
“Italiya haqida ertaklar” turkumiga mansub bu hikoya Kapri orolida yozilgan. Ammo asar matnidan Salerno shahri, Italiya degan ikkita so‘zni olib tashlasangiz, uning mohiyatan bu turkumga aloqasi yo‘q ekani ma’lum bo‘ladi. Sharq mavzuidagi, sharqona ruhdagi bu hikoya xamirturushini Gorkiy qaysi manbadan olgan ekan, buni aniqlay olmadik, ammo ko‘p detallar, jumladan, Samarqand yaqinidagi Konigil tasviri, Amir Temur nutqiga xos “Men – Tangrining quli Temurmen” degan ifodaning 1912 yilda Italiyada turib o‘zbek tilida yozilgani shoyoni taajjubdir.
Amir Temur huzurida bo‘lib o‘tgan bir voqea tarzida bitilgan bu hikoyada ona zoti sharaflanib, muazzam bir qo‘shiq singari madh etilganligi bizni shu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilishga undadi. U shuningdek, rus ijtimoiy tafakkuridagi yanglish bir tasavvur – Sharqda ayollarga past nazar bilan qarash hukmron edi, degan dogmani yo‘qqa chiqarishi bilan ham muhim.
O‘zbek tilida M.Gorkiy asarlarining 10 jildligi (1968-197.) nashr etilgan. Ammo unga mazkur hikoya kiritilmagan. Chunki Sovet davrida o‘zbeklar yurtida Amir Temur haqida biron narsa e’lon qilib bo‘lmas edi. Sohibqiron borasida barcha taqiqlar olib tashlangan mustaqillik davriga kelib esa… vodarig‘, “Sho‘ro adabiyotining asoschisi” degan g‘alcha qarash tufayli Gorkiy ijodidan “ehtiyotlanish” paydo bo‘ldi. Shunday bir vaziyatda bu taxlit g‘ilofu qoliplarni sindirib, tarjimani chop etishga jur’at qilgan “Tafakkur” jurnali bosh muharriri, Xalq yozuvchisi Erkin A’zamga hazor qulluq.