O‘qituvchimiz Valentina Georgiyevna shunday dedi:
– Ertaga qishki ta’til boshlanadi. Ishonamanki, har kuningiz baxtli bo‘ladi. Sizni ko‘rgazmalar, muzeylar kutib turibdi! Lekin yana qandaydir alohida, eng baxtli kuningiz ham bo‘ladi. Men bunga aminman! Ana shu kun haqida uyda insho yozib kelasizlar. Eng yaxshi inshoni sinfda o‘qib beraman. Demak, “Mening eng baxtli kunim” mavzusida insho.
Shunga e’tibor berdim-ki, Valentina Georgiyevna insholarda albatta “eng” bo‘lgan nimadir haqida yozishimizni istar ekan: “Eng yaqin do‘stim”, “Eng sevimli kitobim”, “Eng baxtli kunim”.
Yangi yil kechasi dadam bilan oyim urushib qolishdi.
Negaligini bilmayman, chunki Yangi yilni qaysidir tanishlarinikida kutishgan va uyga juda kech qaytishgan edi. Tongda esa bir-birlari bilan gaplashmay qo‘yishdi…
Eng yomoni shu! Undan ko‘ra shovqin-suron, urush-janjal qilib, yarashib olishgani yaxshi edi. Yo‘q, qandaydir boshqacha, sokin yurishibdi, mengayam xuddi hech narsa bo‘lmagandek, qandaydir sokin gapirishyapti. Bunday vaziyatda darhol anglayman: nimadir bo‘lgan. Bu “nimadir” qachon tugashiniyam bilib bo‘lmaydi! Axir ular gaplashishmayapti! Xuddi kasallik davridek…Agar birdan harorat ko‘tarilsa, qirqqa chiqib ketsa ham xavotirga o‘rin yo‘q – dori-darmonlar bilan uni tushirsa bo‘ladi. Umuman, mening fikrimcha, harorat qancha baland bo‘lsa, kasallikni aniqlash shunchalik oson. Davolash ham…Bir kuni doktor menga o‘ychan tikilib, oyimga “Harorati o‘rtacha…” deganida bo‘lsa, o‘zimni yomon his qila boshlagan edim.
Umuman olganda, qishki ta’tilning birinchi kuni shu qadar tinch va sokin o‘tdiki, archani ko‘rgim kelib ketdi.
Oyim bilan dadam urushib qolishsa, har doim juda xavotirlanaman. Bo‘lmasa shu kunlarda ulardan istagan narsamni so‘rashim mumkin! Masalan, agar archadan voz kechsam, dadam Planetariyga olib borishni taklif qildi. Oyim esa muzda uchishga olib borishga tayyorligini aytdi. Bunaqa vaziyatlarda ular doim ularning janjali mening hayotimga ta’sir qilmasligini isbotlashga intilishadi. Umuman menga aloqasi yo‘qligini bildirgilari keladi…
Men juda xavotirlandim. Ayniqsa, nonushtada dadam:
– Oyingni Yangi yil bilan tabriklashni unutmadingmi? – deganida, xafa bo‘lib ketdim.
Keyin oyim:
– Otangga gazeta olib kel. Hozirgina qutiga tashlashdi, o‘zim eshitdim, – dedi dadam tomonga qaramasdan.
Oyim dadamni kamdan-kam hollarda “Otang” derdi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, ikkovlari ham “Nimai-ki bo‘lmasin, bu faqat bizning o‘rtamizdagi narsa, senga aloqasi yo‘q” deyishga urinishardi.
Asida esa menga ham aloqasi bor edi. Bo‘lganda qandoq! Planetariydan voz kechdim. Muzda uchishniyam istamadim… “Yaxshisi ajralishmasin. Har tomonga ketib qolishmasin! – xulosa qildim men. – Balki kechgacha hammasi yaxshi bo‘lib ketar”.
Baribir ular bir-birlariga lom-mim deyishmadi.
Agar buvim uyimizga kelganda ota-onam yarashib olishardi, chunki ular buvimni xafa qilishni xohlashmasdi. Ammo buvim o‘n kunga boshqa shaharga “maktabdagi dugonalarini” ko‘rgani ketgandi.
Buvim negadir har doim ta’til kunlari shu dugonalarinikiga borar edi, go‘yoki ular hali ham maktab o‘quvchisi-yu, boshqa vaqtda mutlaqo ko‘risholmaydigandek.
Men bir daqiqaga ham ota-onamni ko‘zdan qochirmaslikka urinardim. Ular ishdan qaytishlari bilan ularga ikkovlari ham xonada bo‘lishlari talab etiladigan iltimoslar qilar edim. Ular mening tilaklarimni so‘zsiz bajo keltirar edilar. Bu masalada xuddi musobaqalashayotgandek edilar! Nuqul boshimni silab qo‘yishardi. “Rahmlari kelyapti, achinyaptilar…Demak, masala juda jiddiy ekan” deb o‘ylardim men.
O‘qituvchimiz Valentina Georgiyevna qishki ta’tildagi har bir kunim xursandchilik bilan o‘tishiga ishonchi komil edi. “Men bunga shubha qilmayman!” degandi u. Ammo besh kun o‘tsa ham-ki, xursandchilikdan darak yo‘q edi.
“Bir-birlari bilan gaplashmaslikka o‘rganib qolishadi, – o‘ylardim men. – Keyin esa…” Qo‘rqa boshladim. Va dadam bilan oyimni yarashtirishga qattiq ahd qildim.
Tez va qat’iyat bilan ish qilish kerak edi. Ammo qanday qilib? … Qayerdadir o‘qiganmidim, yo radioda eshituvdimmi, ishqilib, aytishlaricha quvonch va g‘am odamlarni birlashtiradi ekan. Albatta, xursandchilik ulashish biror ko‘rgulik qilib qo‘yishdan qiyinroq. Kishini xursand qilish uchun mehnat qilish kerak, izlanish kerak, ter to‘kish kerak. Kayfiyatni buzish esa hamirdan qil sug‘urishdek gap! Ammo buni istamayman…Shunday qilib, xursandchilik ulashishga qaror qildim.
Maktab payti bo‘lganda imkonsiz ishni qilgan bo‘lardim: geometriyadan to‘rt olardim. Matematika ustozimiz aytishicha, menda hech qanday “makon tasavvuri” yo‘q ekan. Hatto dadamga xat yozganda shuniyam qo‘shgan. Men esa birdan to‘rt olib kelib tursam! Ota-onam meni o‘pib qo‘yishadi, keyin o‘zlariyam…
Ammo bu ushalmas orzu edi: shu kungacha hech kim ta’til vaqtida baho olgan emas!
Bo‘lmasa dadam bilan oyimga qanaqa xursandchilik ulashish mumkin?
Uyni tozalab qo‘yaman! Latta-yu cho‘tkalarni ko‘tarib uzoq aylanib yurdim. Ammo Yangi yildan oldin oyimning o‘zi hammayoqni chinnidek qilib qo‘ygan edi. Allaqachon yuvilgan polni yana yuvgan bilan yoki changi yo‘q shkafni ming artganing bilan sening ishing kimning ham ko‘ziga ko‘rinardi?! Kechqurun oyim bilan dadam uyga qaytib, pollarning tozaligiga emas, mening kirligimga e’tibor berishdi.
– Tozalov qildim! – ma’lum qildim men.
– Oyingga yordam berayotganing juda yaxshi, – dedi dadam, oyim tomonga qaramay.
Oyim xuddi qanaqadir chin yetimni erkalagandek, boshimni silab qo‘ydi.
Ertasiga ertalab ta’tilda bo‘lsam ham soat yettida turib, radioni yoqdim va deyarli hech qachon qilmagan ishimni qildim: badantarbiyani boshladim. Uyni dupurlatib, harsillab nafas olib bo‘lsayam mashq qilardim.
– Otangga ham shu mashqlar bilan shug‘ullanish zarar qilmasdi, dedi oyim dadamga qaramay.
Dadam esa bo‘ynimni silab qo‘ydi…Yig‘lavoray dedim!
Qisqasi, xursandchilik ularni murosaga olib kelmadi. Yarashtirmadi… Ular birgalikda emas, qandaydir bitta-bittadan, alohida quvonishdi.
Ana shunda men tavakkal qildim: g‘am bilan ularni birlashtirishga qaror qildim!
Albatta, eng zo‘r yo‘li kasal bo‘lib qolish edi. Men butun ta’tilni to‘shakda ag‘anab o‘tkazishgayam, bo‘mag‘ur dorilarni ichishgayam tayyor edim, faqat oyim bilan dadam yana gaplashishsa bo‘ldi edi. Shunda hammasi oldingidek bo‘lib ketardi… Ayniqsa og‘ir, deyarli tuzalmas kasal bilan og‘rigandek ko‘rinish qanday soz ish bo‘lardi-ya, afsuski, dunyoda termometr va do‘xtirlar borda.
Faqatgina vaqtincha uydan “yo‘qolib qolish” tanlovi qolayotgan edi.
Kechqurun hammaga ma’lum qildim:
– Qabrning oldiga boraman. Muhim ishim bor!
Qabr – o‘rtog‘im Jenkaning laqabi. Nima demasin, “So‘z ber, hech kimga aytmaysan!” deb boshlardi u. Men so‘z berardim. “Qabrmi?” derdi u. “Qabr” derdim.
Va kim nima demasin Jenka doim: “Hech kimga! Hech qachon! Shu yerda ko‘mamiz. Men qabrman!” derdi. Hammaga shunday deyaverganidan “Qabr” degan laqab orttirib olgan.
O‘sha kuni menga sir saqlay oladigan kishi kerak edi!
– Ko‘p qolasanmi? – so‘radi dadam.
– Yo‘q, yigirma daqiqalarga. Ko‘p emas! – dedim men. Va dadamni qattiq o‘pib qo‘ydim.
Keyin onamni shunda o‘pdimki, xuddi frontga yoki Shimoliy Qutbga ketayotgandek edim. Oyim bilan dadam qarab qolishdi. Hali xafagarchilik sodir bo‘lgani yo‘q, lekin xavf uchqunlari paydo bo‘la boshladi. Men buni his qilib turardim. Jenkaning oldiga ketdim.
Uning oldiga yetib borganda shunday ahvolda edimki, meni ko‘rib darrov “Uydan qochdingmi?” deb so‘radi.
– Ha…
– Boplabsan! Allaqachon qochish kerak edi! Xavotir olma: hech kim bilmaydi. Qabr!
Jenka hech narsaga aqli yetmasa ham qochib ketishlarni, berkinib olishlarni yaxshi ko‘rar edi.
– Har besh daqiqada mening uydagilarimga qo‘ng‘iroq qilib, meni kutayotganingni, men esa kelavermayotganimni aytasan. Tushundingmi? Xavotirdan eslari chiqib ketmaguncha shunday qil. Majoziy ma’noda, albatta.
– Ie, nega endi? Meni bilasan-ku. Men qabrman!
Hatto Qabr bo‘lganda ham, bor gapni aytib berolarmidim? Jenka qo‘ng‘iroq qila boshladi. Bir oyim, bir dadam – kim yo‘lakdagi telefonga yaqinroq bo‘lsa, shu kelib javob bera boshladi.
Beshinchi qo‘ng‘iroqdan so‘ng ular yo‘lakdan ketmay ham qolishdi.
Keyin o‘zlari qo‘ng‘iroq qila boshlashdi…
– Hali kelmadimi? – so‘rardi onam. – Bo‘lishi mumkin emas! Demak, nimadir bo‘lgan…
– Men ham xavotirdaman, – derdi Jenka. Biz muhim ish yuzasidan ko‘rishmoqchi edik!
– Qanaqa ish?
– Bu sir! Aytolmayman, qasam ichganman. Lekin juda shoshyatuvdi…Nimadir bo‘lgan!
– Ja qattiq ovorma, – dedim Qabrga. Oyimni ovozi qaltirayaptimi?
– Qaltirayapti.
– Juda qaltirayaptimi?
– Hozircha unchalikmas. Lekin hali juda qattiq qaltiraydi! Xotirjam bo‘l. Men…
– Aslo!
Ota-onamga rahmim kela boshladi. Ammo men ulkan maqsad uchun intilayotgandim. Men oilamizni saqlab qolayotgan edim. Bu vaziyatda rahm-shafqatga ko‘z yumib turish kerak bo‘lardi. Bir soat chidadim.
– Nima dedilar? – dedim navbatdagi qo‘ng‘iroqdan so‘ng.
– “Esimiz chiqib ketyapti!” – tantanavor e’lon qildi Jenka. U xursand edi.
– Oyim “..miz” dedimi? Aynan – miz? Aniq eslab qoldingmi?
– E, aldasam shu yerda til tortmay o‘lay! Lekin ularni yana ozgina eslarini kiritib qo‘yish kerak, – dedi Jenka. – Ana, militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishsin, o‘likxonaga…
– Yo‘qol-e!
Uyga o‘qdek uchdim.
Eshikni o‘z kalitim bilan asta ochdim. Oyoq uchida yo‘lakkacha kirib bordim.
Dadam bilan oyim telefonning ikki tomonida, oqarib-bo‘zarib o‘tirishardi. Bir-birlarining ko‘zlariga qarab…Ular birgalikda, ikki kishi bo‘lib aziyat chekishar edi. Bu juda ajoyib edi!
Birdan o‘rinlaridan turib ketishdi. Meni quchoqlab, o‘pib, erkalashga tushib ketishdi, keyin bir-birlarini…
Bu mening ta’tilimdagi eng baxtiyor kun edi.
Ko‘nglim taskin topgach, ertasiga insho yozdim. Inshoda eng baxtiyor kunim Tretyakov galereyasiga borgan kunim, deb yozdim. Aslida bir yarim yil avval borgan bo‘lsam ham.
Rus tilidan Odilxon Orifjonov tarjimasi