Ahmad Shimshirgil. Amir Temur

http://n.ziyouz.com/images/amir_temur2.jpg

MUALLIF SO‘ZBOShISI

1989 yil. O‘shanda Arzirumdagi Otaturk universiteti adabiyot fakultetining tarix bo‘limida birinchi bosqich talabasi edim. Saljuqiylar tarixining taniqli bilimdonlaridan M.Oltoy Ko‘yman Anqaradan kelib bizga dars o‘tar, bir oylik saboqni bir haftada berib, boshkentga qaytib ketardi. Birinchi darsida so‘zlaganlari, ayniqsa, “Ollohdan birgina tilak tila desalar, Temur jannat yuzini ko‘rmasin, deya so‘rardim”, degani hech qachon yodimdan chiqmaydi.

Qarang, bu qanday tilak, qanday xusumat-a? Tushunish qiyin. O‘sha davrda maktablar, boshqa o‘quv yurtlarida “To‘pol Temur”, “Temurlang”, “Oqsoq Temur” iboralari nima uchun ommalashganini keyinroq anglab yetdim.

Ha, usmonlilar xoqoni Yildirim Boyazid bilan Anqara urushida jang qilgan va g‘olib kelgan Temurni usmonli tarixchilari mudom qoraladi va nohaq tanqid qildi. Yaxshiyamki, Sa’diddin afandi[1] kabi keyingi davr tarixchilari Amir Temurga haqqoniyat bilan yondasha boshladi va talay haqiqatlarni yuzaga chiqardi.

Shunga qaramay, Temur nega bizga asrlar mobaynida noto‘g‘ri tanishtirildi? Aslida-ku, bizning nasllarga noto‘g‘ri anglatilgan faqat Temurgina emasdi. Usmonlilar to‘g‘ri  tushuntirildimi? Fotih, Yovuz, Qonuniy va Abdulhamidxon Ikkinchi ham tuhmatlar do‘lidan qutula olmadi-ku!

Afsuski, Amir Temurga dushmanlik, uning shaxsiga yovlarcha qarash faqat Turkiyadagina emas, butun turkiy mamlakatlarda, hatto butun dun­yo­­­da keng yoyilgan edi.

Masalan, Amir Temur zolim sovetlar davrida barcha turkiy jum­huriyatlarda nuqul vahshiy, qonxo‘r shaxs sifatida qoralanardi. Rus va sovet tarixchilari hamda yozuvchilari kitoblarida Amir Temur shafqatsiz va g‘addor deya gavdalantirilar, rassomlar asarlarida ham uning siymosi ana shunday qora bo‘yoqlarda  tasvirlanib,  ommaviy ongni zaharlashga harakat qilinardi.

1941 yilda Stalin amri bilan Temurga nisbatan yana bir hurmatsizlik qilindi. O‘zbeklarning yolvorishi va ko‘zyoshlariga qaramay,  uning mozori ochilib, ilmiy o‘rganilish uchun suyaklari Moskvaga olib ketildi. Bir tomonda antropologlar bosh chanog‘ini tekshirar ekan, boshqa tomonda uning timsoli yaratildi. Bu timsoliy haykalda Amir Temur qo‘rqinchli, vahshiy va yovvoyi tarzda ko‘rsatildi. Afsuski, Turkiyada bosilgan bir qator kitoblar, romanlar va qomuslarda ham ana shu rasmdan foydalanildi. O‘sha yillarda turk me’morlarining ulug‘i Me’mor Sinon arvohiga nisbatan ham shunga o‘xshash hurmatsizlik qilinganini va uning bosh chanog‘i yo‘qolganini unutmaslik kerak.

Mustabid sho‘ro davridagi zulm zarbalari faqat jismlar emas, ruhlarga ham qaratilgan bo‘lib, Amir Temur o‘z vatanida ham munosib darajada tanitilmas edi. Shu tariqa, o‘zbeklarni tarixi, madaniyati va an’analaridan uzoqlashtirishga urinilardi. 1991 yilda O‘zbekiston mustaqilligi e’lon etilganidan keyingina Amir Temur nomi, shoni va boy merosi, xotirasi va shaxsiga yangicha, haqiqiy munosabat paydo bo‘ldi.

Albatta, turklarning ulug‘ zotlariga nisbatan bunday dushmanliklarning ochiq va yashirin sabablari bor. Biz bu o‘rinda o‘sha sabablar xususida so‘zlamoqchi emasmiz. Zero, bu kitobni o‘qiganingizda, Temurga qarshi butun kinu adovatlar qayerdan paydo bo‘lganini osongina tushunib olasiz.

Tarixiy haqiqat shuki, Amir Temur bugun dunyoning to‘rt buyuk jahongiridan biri sifatida tan olinmoqda.

U o‘zi olib borgan biror urushda yengilmagan  buyuk  marshaldir.

Amir Temur mo‘g‘ullar mahv etgan Turkiston olamini yangidan kuchli va boy o‘lkaga aylantirdi. Yoqilgan, yiqitilgan O‘rta Osiyo shaharlarini Keshdan Samarqandgacha, Buxorodan Termizgacha tiklab, yangidan jonlantirdi, madrasa, masjid, ko‘prik, karvonsaroy, anhorlar bilan Yer yuzini bezadi.

Sohibqiron har bir o‘lka va millat faqat ilm ahli, kuchli nasllar bilan hayotini davom ettira olishini yaxshi bilardi. Shu bois sayidlar, shayxlar,  darvishlar, olim va shoirlarga doim alohida e’tibor berardi.U yashagan davrda Temurning vatani “Ilm va hikmat ahli yurti”, deya ulug‘lanardi.

Amir Kulol, Shamsiddin Kulol, Abubakr Tayobodiy, Mirsaid Baraka kabi shayxlar, shuningdek, Taftazoniy, Sayid Sharif Jurjoniy, Qozizoda Rumiy kabi olimlar kuchli nasl yaratilishiga ulush qo‘shganlar.

Temur davrida harbiy sohada juda ko‘p mashhur qo‘mondonlar yetishib chiqqan.

Temurdan yaxshi avlodlar qoldi. O‘g‘li Shohruhning islomiyatga qilgan xizmatlari buyukdir. U Hirotni bosh shaharga, dunyo markazlarining biriga aylantirdi. Nevarasi Ulug‘bek esa mingdan ortiq yulduzlar harakatini o‘lchagan olim-sulton sifatida jahonda dong qozondi.

Shuningdek, Temurning oltin nasli va saltanati davom etar ekan, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi islomiyat yuksalishiga, aqliy va naqliy bilimlar taraqqiysiga va turk tilining yangidan yasharishiga sabab bo‘lgan davlat arboblari, olim, shoir, adiblar ham yetishib chiqdi.

Temurning o‘ziga xos hayot dasturi barmog‘idagi uzukka yoziqlik edi: “Rosti rusti” (Kuch adolatdadir). Bu ifoda buyuk turk jahongirining har ishida odil bo‘lishni shior etganini va bunga mos harakat qilganini, dunyoni hovuchlari orasida tuta bilganini ko‘rsatuvchi bir vasiqadir. U o‘g‘illariga ham har doim “Odil bo‘ling!” derdi.

Turklarning jahon hokimiyati mafkurasi O‘g‘uz qog‘onda bo‘lgani kabi, Temur ham “Olloh ko‘kda bittadir, sulton ham yerda bitta bo‘lishi kerak, dunyo ikki hukmdor sig‘adigan darajada keng emas”, deya butun turkiy olamni hokimiyati bayrog‘i ostida birlashtirgan, turklar birligini yaratgan xoqondir.

Nihoyat, shunga ham urg‘u berishimiz kerakki, Temur o‘lkasini eng qorong‘i bir davrdan, zulmning achchiq girdobidan yorug‘likka chiqargan qahramondir. U bo‘linish, parchalanish o‘lkani qanday falokatlarga olib borishini yaxshi anglardi. Bu zot hukmronlik tajribasini o‘zi bitgan “Temur tuzuklari”da abadiylashtirdi. Shu bitik orqali u barcha davlat arboblari,  kelajak nasllarga o‘lmas meros qoldirdi. Bu asar xalqaro aloqalar va siyosatshunoslik yo‘nalishidagi talabalarga darslik sifatida o‘qitilishi kerak. Tuzuklarning ba’zi sahifalari, bo‘limlari maktab o‘quvchilari va talabalar yod olsa arziydigan oltinga teng hikmatu o‘gitlarga to‘la.

Yurtimizdagi turk milliatchilarining bosh qo‘mondoni, rahmatli  Alp­arslon Turkash 1996 yilda Turk davlatlari va o‘lkalarining do‘stlik, qardoshlik va hamkorlik vaqfi tomonidan tashkil qilingan “Turkiston amiri Temurning turk va dunyo tarixidagi o‘rni” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida Temurning o‘ziga xos  arboblik va xoqonlik sifatlarini ta’kidlar ekan, bunday degan edi:  “Temurdek buyuk jahongirni yetishtirgan millatga mansubligimizdan faxrlanishimiz kerak. Uning asarlarini, merosini o‘rganishimiz, tajribalaridan foydalanishimiz darkor. Barcha turk ziyolilariga uning “Tuzukot”ini o‘qishni tavsiya qilaman. Turk ziyolilari Amir Temurning tarixiy hayotini, shaxsiyatini o‘rganar ekan, “Tuzukot”ini ham o‘qishi, saboq olishi lozim”.

Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Tayib Erdo‘g‘on ham 2016 yil 18 noyabrda Amir Temur maqbarasini ziyorat qilar ekan, o‘z tuyg‘ularini bunday ifodalagan edi: “Bugun turk va islom dunyosi chekayotgan dardlarni ko‘rayotganlar Amir Temur o‘z davrida qilgan buyuk ishlar va kurash ma’nosini yanada yaxshiroq anglaydi. U turklar va musulmonlar birligi, teng­ligi uchun ko‘ziga uyqu kelmagan, bu yo‘lda har qanaqa mashaqqatni tortgan, jihodda jonfido buyuk sohibqiron edi.  Amir Temur o‘gitlariga, dasturlariga amal qilishga har zamondagidan ko‘ra ham bugun juda katta ehtiyojimiz bor”.

Inshoolloh, qo‘lingizdagi asar sohibqiron Amir Temurning eng to‘g‘ri bir tarzda anglanishiga xizmat qilajak.

Bu kitobni tayyorlashda o‘zbek, arab va usmonli tillaridagi manbalardan foydalanildi. Xususan, Turkiyadan  O‘zbekistonga borib, u yerda oylarcha kezib, o‘zbekcha manbalarni menga olib kelgan va ularni tarjima qilishda yordamlashgan  qimmatli do‘stim, huquqchi Irfon Xattoto‘g‘liga barcha ko‘maklari uchun tashakkur bildirmoqchiman.

Tarixidan xabarsiz millatlar bo‘yin egishga, etak o‘pishga mah­kumdirlar. Bu mahkumiyat o‘sha xalqni o‘z ajdodining emas, balki yotlarning xizmatchisiga aylantiruvchi  qullik jarayonidir.

Temurning hayotidan olinadigan shunchalar ibratlar borki…

Prof. Ahmad Shimshirgil

 

Uchinchi bo‘lim

DUNYo KUChI

Dunyoda ikki hukmdor bo‘lgan biror  yer yo‘qdir. Dunyoni yaratgan Parvardigor ham yagonadir. Shunday ekan, jahonda podshoh ham bitta bo‘lishi kerak.

Sharafiddin Ali Yazdiy

USMONLILAR BILAN URUSh ARAFASIDA

Amir Temur Usmonli davlati bilan urushga qaror bergach, hukmi ostidagi barcha mamlakatlarga choparlar yuborib, butun askarlarga ko‘klamda Qorabog‘da hozir bo‘lishni buyurdi. Oyma-oy, kunma-kun buyuk jangga yaqinlashib borilmoqda edi.

Temurning vaziyatini to‘g‘ri tushungan ba’zi beklari va olimlari Rum diyoriga bosqin qilish tarafdori emas edi. Chunki ular Rum elida, ya’ni Anado‘luning Ovrupo tomonida doimo g‘azot va jihod yo‘lboshchisi bo‘lgan podshohga qarshi qilich ko‘tarishni xohlashmas edi. Faqat hukmdoridan andisha qilib, bu niyatini Temurga ayta olmasdi.

Nihoyat, ular o‘zaro kengashib, Temur nazdida obro‘-nufuzi yuksak, so‘z aytmoqda tengsiz, fasohatli suhanga usta Shamsiddin al-Malikiyni vakil etishdi. U Temur bilan muloqot chog‘i so‘zni shu mavzuga burdi-da,  tilaklarini ifodalab, bunday dedi: “Urush haqida gap ketar ekan, bunda shoshilmagan yaxshidir, bu – donolik va ulug‘lik nuqtai nazaridan, yanglish sanalmaydir. Ehtimol, fitna otashi olovlanar va uni so‘ndirish mushkullashar, o‘rtaga chiqadigan zarar ham ziyoda bo‘lur. Yildirimxon ham boshdan-oyoq g‘ayrat kiyimiga burkangan bir podshoh, borliq va mol-mulk egasi, zafarli o‘rdusi bor hukmdordir. Uning o‘tkir qilichi farang­lar uchun bir baloyu ofat, durru gavhar sochgan qo‘llari esa bir xazinadir. G‘azot va jihod yo‘lida g‘ayrat tizginini tutgan, islomiyat chegaralarini qo‘riqlashga boshini qo‘ygan podshohdir. Shunday  shohanshoh bilan savashmoq – dinni dunyoga tarqatayotgan, payg‘ambarimiz hukmini amalga oshirayotgan davlat sohibi bilan jang qilmoqdir. Bu na sizning saltanatingizga loyiq va na qudratli bek va bahodirlaringiz ko‘nglidagi tuyg‘ularga uyg‘un. Zafar yellari biz yoqqa esganda ham bu ish, aslida, dushmanlarimizning sevinishiga yo‘l ochajakdir. Shu sabab zamon ichra bu davlat yiqilar, balki oxiri yo‘q bo‘lib ketar…”

Ustod Shamsiddinning xayrli yo‘lga boshlovchi bunday nasihatlari va ochiq gaplari Temurning yurish qarorini to‘xtatib, qalbidagi ishtiyoq va qahr otashini bostirganday bo‘ldi.

Shu orada Sohibqiron Boyazidxonga yo‘llagan elchilar ham qaytdi va usmonlilar podshohi uning taklifini rad etganini bildirdi. Bu xabar Temurning so‘nayotgan ishtiyoqini yana olovlantirdi. Barcha qo‘shinlarni to‘platib, oliy o‘rdu ko‘rigini o‘tkazdi, Boyazidxon elchilariga tomosha qildirdi. Bu tarzda o‘z qudratini ko‘rsatib, raqiblar qalbiga qo‘rquv solishni istagandi.

Amir Temur Yildirimxonga yana bir maktub yo‘llab, yumshoqlik bilan ish yuritmoqchiligi, orzusi sulh ekanligi, faqat bunga ters javob­lar olayotganini bildirib, bunday dedi: “Agar rahmdil o‘g‘illaringdan birini biz tarafga uzringni anglatish, yarali ko‘nglimizni dushmanlik shubhalaridan qutqarish uchun yuborsayding, bu fitna o‘tini o‘chirishga kifoyat etardi, yuragimizni chekilgan alamlar g‘uboridan aritardi. Yo‘llanajak shahzodangga o‘z farzandimizdan ortiq munosabat ko‘rsatilardi. Shu tariqa, do‘stlik, birdamlik yuzaga chiqardi, ayriliq qayg‘usi uchrashuv sevinchiga aylanardi, dillardan xafalik ketib, har ish ravon bo‘lardi”.

Ayni chog‘da usmonlilar saroyida ham amir va ayrim olimlar Temur bilan urushmaslik tarafdori edi. Xususan, o‘z davrining ulug‘ ulamosi va valiysi bo‘lgan Boyazidning qaynotasi amir Sulton urushning oldini olish uchun juda ko‘p harakat qildi. Ikki musulmon turk o‘rdusining urushmog‘ini istamagan amir Sulton Boyazidga o‘git berib, Temurga muloyimlik ko‘rsatish, o‘zini uning talab va istaklarini qabul qilgandek tutish, eng muhimi, urushdan uzoq turishni uqtirdi.

Biroq bu nasihatlar unga kor qilmadi. Nahotki, amir Sulton Anado‘lu turkligi uchun yaqinlashayotgan muqaddar oqibatni oldindan sezgan bo‘lsa?

Yildirim Boyazid uchun bu muammoning eng mushkul tarafi doim bir istak qarshisida taraddudda qolayotgani edi. Temur har bir maktubida Yildirim qabul qila olmaydigan orzu-tilaklarni o‘rtaga qo‘ymoqda va ular ado etilishini talab etmoqda, aks holda zarur choralar ko‘rilishini ta’kidlamoqda edi. Aslida, Temurga tobelik va uning hokimiyati ostiga kirmoq Usmonli sultoni qabul eta oladigan taklif emasdi. Shu sababdan or va nomus tuyg‘usi yuksak, g‘ayratli, viqorli bir podshohga urush yo‘lini tanlashdan boshqa tabiiy hol bo‘lmasa kerak.

 

YILDIRIMNING  ISTAKLARI

Temurdan kelgan maktublarda uning talab va istaklari bayon etilgani kabi, Yildirimning javoblarida ham uning talab va istaklari ochiq aytilgan. Temur o‘z maktublarida bu kungacha qilgan urushlari, qozongan zafarlari borasida yozar ekan, Rum islom yurti ekani, shu sabab bu o‘lkaga yurishni xohlamasligini alohida ta’kidlardi. Rumning vayron bo‘lishidan islomiyat dushmanlarigina quvonishini uqtirgan Temur o‘z istaklari qabul etilsa, ikki oradagi sovuqlik yo‘qolishini bildirar, shuningdek, Qora Yusuf va Ahmad jaloyirlar ashaddiy qaroqchi, kallakesar talonchi ekanini ham pisanda etardi. Buning ustiga, Temur Sivas, Arzinjon va Kamah ham o‘ziga berilishini istardi.

Davlat ustunlari va ulug‘lari Temurning selday bostirib keluvchi otliq qo‘shiniyu fillaridan, jahon mamlakatlarida erishgan zafar va muvaffaqiyatlaridan so‘ylab, Yildirimga u bilan kelishuv yo‘lini tutishni tashviq etsa ham, bundan hech bir foyda chiqmadi.

Shoir aytganidek:

Maslahat-la hosil o‘lg‘ay har umid,
Maslahatsiz bog‘lidir qo‘l ham kalit.

Jasur va g‘ayratli Yildirimxonga bu talab va istaklarni qabul etmoq juda og‘ir edi. Shuning uchun Temurga jo‘natgan javob xatida endi qilichlar tilga kirishiga ishora qilgandek, bunday dedi: “Bu qo‘noqqa qo‘ngan musofirga qilich o‘qtalinmas va bu dargohga sig‘ingan tilak ahliga tegilmas. Agar o‘rinsiz so‘zlar g‘avg‘oga sabab bo‘lishini ko‘zda tutsak, shiddatga to‘la jumlalar ilk bor sizning maktubingizda ko‘rindi. Yo‘q, bizdan ta’ma va yaltoqilik kutilmas. Xonadonimiz, sulolamiz Ollohdan boshqaga yolvormagan. G‘alaba va mag‘lubiyatning ikkovi ham sunani avliyodandir. Ortiq so‘z uzaydi. Urushga bahona qidirganning bahonalarini to‘xtatib bo‘lmas. Ikki tarafdan kim fitna chiqarsa, gunohi o‘ziga. Hasbunallohu va ne’matul vakil”.

Temur bu maktubga o‘z harbiy iste’dodini Yildirimnikiga muqoyasa qilgan holda javob bitdi. Unda, jumladan, bunday dedi: “Bu kunga qadar qaysi tarafga yurish qilmay, qisqa vaqtda u yerni qo‘lga oldim. Sivasni ham oz muddatda egalladim. Sen Malatyani qamal qilding, to‘rt oy tirishib, eplay olmay, majburan ortga qaytding. Sinop qal’asini ham allaqachondan beri zabt etolmading…”

Temur bu kabi so‘zlar bilan islom dunyosining yagona hukmdor rahnamosi o‘zi ekanini ta’kidlagani holda, agar Boyazid uzr va omon tilasa, avf etishini ma’lum qildi.

Boyazid ham javob xatida Temurdan ortdan qolmay, o‘z harbiy dahosini bayon etib, shuncha yillar davomida kofirlar bilan urushganini ta’kidlab, Sivasdagi qatliomi sabab Temurni musulmonlarga tajovuzda aybladi.

Sohibqiron Qorabog‘dagi qarorgohida, qo‘mondonlari va beklari ishtirokida usmonlilar bilan jang qilish mavzusini muhokamaga qo‘ydi. Amir Temurning o‘zi ham bu borada bir oz taraddudda edi, hali to‘la bir qarorga kelmagandi. Zero, Boyazidning Mojoristonga qadar kofirlarga omon bermasdan yurish qilgani va zafarlar qozonganini u ham yaxshi bilardi.

O‘sha kunlari ko‘kda g‘arbdan sharqqa uchgan bir quyruqli yulduz ko‘rindiki, munajjimlar buni g‘arbga yurish muhaqqaq g‘alaba keltirishiga ishorat, deb angladi. Shundan keyin Temur darhol safarga chiqishga qaror berdi.

U Qorabog‘dagi qishlov makoniga 1402 yil 12 martda yetib keldi-da, undan g‘arbdagi Mingko‘l sari ilgariladi. Shu yerda navbatdagi maktubini qalamga olib, Yildirim kofirlar bilan urushganidan xabardorligini ta’kidlab, o‘zi ham gurji kofirlar bilan jang qilganini bayon etdi. So‘ng shu fikrlarga, agar Boyazid Misr bilan ittifoq tuzsa, bu ma’qul emasligini qo‘shib qo‘ydi. Talablarini birma-bir sanadi va elchilari chegarada kutayotganini pisanda etdi.

Darhaqiqat, o‘sha chog‘da Rum elchilari Misrda muzokara olib borayotgan edi. Temur shundan ikki oy o‘tib, Yildirim elchilarini qabul qildi. Boyazid Temurga yo‘llagan maktubida Ahmad jaloyir va Qora Yusufni qay sababdan unga topshirmasligini, Xulakuxondan misollar keltirib, qisqacha bayon etgan va agar Temur Sivasdan chekinsa, buni yaxshilikka deb bilishi, agar chekinmasa, urushga shay ekani va hech kimsadan qo‘rqmasligini uqtirgan edi.

Bu xatni o‘qib, Temur yana bir maktub yo‘lladi, so‘ng Kamax qal’asi qarshisiga kelib to‘xtadi. O‘n kun qamal qilib, qal’ani istilo etdi. Mutahhartanni yangidan hokimiyatga qo‘yib, Sivasga qarab yo‘lga tushdi. Nihoyat, 2 iyulda bu kentga yetib bordi.

Temur so‘nggi maktubida, jumladan, bunday degan edi: “…Hozirga qadar sulh tuzishga urindim va nihoyat Sivasga keldim. Kofirga fursat yaratmakdan, islom diyorlarini xarob etmakdan andisha aylab, Shom tarafga yurib, Misr azizidan intiqomimizni oldik… Faqat siz bizning yo‘qligimizni fursat sanab, bizga bog‘liq Arzinjonga kirib, voliymizni ranjida etdingiz. Odamimiz Mutahhartan sulhni saqlash niyatida sizning pushmaymon ekaningizni bizga yozgandi. Biz ham ishondik va sulh uchun ahd aylash umidida bir necha bor maktublar yo‘lladik. Ammo siz tobora qat’iylashib borgan bir tutumda bo‘ldingiz. Hattoki, biz va askarlarimiz haqida kofir va kofirdan battar deb aytgan so‘zlaringiz har yerga tarqaldi. Elchilaringiz Sungur va Ahmad ancha zamondir yonimizdadirlar. Musulmonligimizni va e’tiqodimizni ko‘rib-bilib yurib­dirlar. Istagimiz Arzinjonga bormasimizdan va lashkarimiz shaharlaringizga kirmasidan avval Sivas, Malatya, Albiston, Arzinjon va Kamax bizga berilganini sog‘lom bir ahdnoma ila bildirmagingizdir. Sulhga qarshi emasman, aksincha, tarafdorman. Bu sulhning bir nusxasi Makkai mukarramada, Bobulharamda yashirin holda muhofaza qilinsinki, kimning sulh shartlarini bajargani yoki bajarmagani xolis o‘rtaga chiqsin”.

Boyazid bu maktubga mo‘tadil javob yo‘llab, o‘zi ham sulh tarafdori ekani, faqat Qaramanli fitnachilar sulhni buzish maqsadida soxta maktublar yozgani, buni yaltoqlanish deya o‘ylamaslik kerakligini ta’kidlab, urushdan hech qachon qochmaganini uqtirdi.

Temur bu maktubni o‘qir ekan, Boyazid bo‘yin egmasligini tushundi. O‘sha chog‘dayoq Sivas tashqarisida, Yildirim elchilari ko‘z o‘ngida o‘rdusining harbiy ko‘rigini o‘tkazdi. Bunday tantanalar qo‘shin uchun juda muhim hisoblanardi. Bu rasmiy an’ana tinchlik zamonida askariy tartib-intizomni nazorat qilishga xizmat qilsa, urush paytida dushman ko‘ngliga qo‘rquv solish, vahima tarqatish maqsadida amalga oshirilardi. Ko‘rik, odatda, ikki kun davom etardi, bu gal ham shunday bo‘ldi.

 

YILDIRIM  BOYaZIDXON

Yildirim 1360 yil Bursada tug‘ildi. Otasi Murod Xudovandigar, onasi Gulchechak xotundir. Yoshligidan boshlab o‘sha davrning eng yetuk olimlaridan bo‘lmish Bursa qozisi xo‘ja Mahmuddan, qoziaskar Xalil jondorlidan, mulla Rustam qaramanlidan ilm oldi. Hukmdor otasining atoqli qo‘mondonlaridan harbiy ta’lim ko‘rdi, qo‘shin tuzish va uni boshqarish sirini o‘rgandi.

U yoshligidan urushlarda ham qatnashdi. Shahzoda bo‘lgani boismi, tug‘ma qo‘mondonlik fazilatiga ega edi. Qahramonligi va jasorati tufayli dong qozondi. Barchadan jasurligi bilan ajralib turardi. Otasi Murod Xudovandigar uni dini islomni dunyoga tarqatuvchi va Usmonli saltanati bayrog‘ini yuksaltiruvchi bahodir qilib tarbiyaladi. Qisqasi, uning bolaligi va yoshligi jasur va dono turk qo‘mondonlari yonida o‘tdi. Yigirma bir yoshida u Kutahya viloyatiga voliy etib tayinlandi.

Qaramanlilar bilan urushda u o‘zini ko‘rsatdi. Urushning eng tahlikali chog‘ida otasining, shonli hukmdor Murod Xudovandigarning huzuriga kelib, “Sultonim! Menga yo‘l ko‘rsating, sabrim qolmadi. Qaramanlilarning qonini, Olloh buyursa, tuproqqa qorayin!” dedi. Qisqasi, Qaraman urushida shunday jasorat va mardlik ko‘rsatdiki, janglarda chaqmoqdek tez harakat qilib, yovni qirib tashlagani uchun Yildirim nomini oldi.

Ovrupodagi, Ko‘so‘vadagi urush paytida, harbiy kengash asnosida, tuyalarni ilgariga haydab, yog‘iyni chalg‘itish taklifi muhokama etilar ekan, otasi unga so‘z navbatini berganda yigitchasiga bunday degan edi: “Janobi Haq jihod yo‘lida sermalgan qilichlarni va egalarini har doim qo‘riqlagan. Tuya-muya deganday jo‘n ishlarga bosh urish Olloh Taolo huzurida qalb churukligini ko‘rsatur. Dushman qancha ko‘p bo‘lsa bo‘lsin, u bilan yuzma-yuz kurashmoq millatimizga sharaf berur!”

G‘ayratli va qo‘rqmas shahzoda Ko‘so‘va urushida ham yog‘iy ustiga tushgan chaqmoqday jadal janglar qilib, dushmanga omonsiz zarbalar berdi. Ana shunday qahramonliklari sabab, 1389 yili Usmonli saltanati taxtiga o‘tirib, qisqa muddatda Anado‘lu bekliklarini o‘z hokimiyati ostiga kiritdi.  Bir hamlada Aflokni turk yurtiga aylantirdi. Turk g‘oziylari Ovruponi kesib o‘tgan Tuna daryosi suvlarini ichib, tahorat ola boshladi.

Boyazidxon favqulodda tez harakat qilishi bilan dong qozongan edi. Qo‘shinini ham istagan yeriga juda jadal yetkazar, hech kutilmaganda dushman qarshisidan chiqardi. Yildirim unvoniga mos ish tutardi. Ammo fe’lan, tabiatan asabiy edi.

Nig‘bo‘luda Ovrupo nasroniylarining xochli o‘rdusini tor-mor etgan Yildirim Boyazid endi Anado‘luga qaytib, bu mintaqada ham atrofni fath etishga kirishdi. 1389–1392 yillar orasida, uch yil ichida Saruxon, Oydin, Taka, Mantasha, Garmiyon ellarini, 1392 yilda Jondor yurtini, 1397 yilda Qaraman va Qaysari bekliklarini, 1398 yilda qozi Burhoniddin davlatini, 1399 yilda Tulqodiro‘g‘li bekligini ketma-ket mag‘lub etib, bu o‘lkalarni o‘z saltanatiga qo‘shib, Anado‘luda siyosiy birlik yaratdi. Shu tufayli Boyazidxonni hazrat xalifa sultoni iqlimi Rum (avvalgi Rim salatanati yerlarining podshohi) unvoni bilan ulug‘ladi va u shunday qilib saljuqiylar merosiga ega chiqdi.

Boyazidxon tasodiflar qarshisida o‘zini yo‘qotmas, sovuqqonligini saqlar, darhol qaror berib, kerakli ishni jadal bajara olardi. U qat’iy hujumlar uyushtirib, Anado‘ludagi mayda hokimiyatlarga barham berdi, g‘arbda Egey dengizi sohillariga, bu yoqda esa Samsunni zabt aylab, Qoradengiz qirg‘oqlariga chiqdi. Anado‘luda “turk birligi” tushunchasiga mos hokimiyat yarata oldi.

Ayniqsa, uning Ovrupoda, Nig‘bo‘luda qozongan zafari mashhurdir. 1396 yilda Ovrupo davlatlarining yuz o‘ttiz ming kishilik birlashgan nasroniy o‘rdusi xochli safariga chiqqanda, Boyazidxon ular ustidan Nig‘bo‘luda qozongan porloq g‘alabasi bilan tarixga kirdi. O‘sha muhorabada qo‘shinni jangga tashlab, uni idora etishi, dushmanni yengishdagi mahorati Boyazidxon zabardast qo‘mondon ekanini ko‘rsatdi. Shuningdek, Ko‘so‘vadagi g‘alabasi bilan ham u Bolqonlarga joylashgan turk nufusi e’tiborini yuksaltirdi.

Boyazidxon yurishlari aks etgan tarixlarda qo‘shinga ham, xalqqa ham nihoyatda adolatli munosabatda bo‘lgani ta’kidlanadi. Qo‘nyo qamalida, Sivas olinganida, Rumeli fathida uning doim adolatli ish tutgani ibrat qilib ko‘rsatiladi. U har kuni ma’lum bir paytda belgilangan yerga, to‘rt yondan bir xilda ko‘zga tashlanuvi tepalikka chiqar, har qanday odam to‘rt tomondan kelib, bemalol shikoyat va arzini izhor qila olardi. Haqsizlikka uchraganlarga darhol haqini qaytarib berdirar edi. Ammo qozilar hukmiga aslo aralashmas, boshqalarni ham aralashtirmasdi.

Boyazidxon olimlarni hurmat qilar, davlat ishlari va masalalarini ular bilan kengashar edi. Olloh Taoloning buyurganlari va taqiqlari haqidagi so‘zlarni jon-jon deb qabul etardi. U hiddati va shiddatining balandligi, ulug‘vorligi va viqori, hujumkorlikdagi o‘ta ustunligi bilan barchadan ajralib turardi. Biror kimsaga bosh egishi hech kimning xayoliga kelmas mag‘rur xon, qayerga safar etsa, u o‘lkani egallagan qo‘mondon edi.

Boyazidxon davrida turk lashkari Bo‘sna, Xersek va Mojoristonni zabt etdi va ilk bor Avstriya saltanati hududiga kirib bordi. Tirno‘va, Salonik ham fath etildi. Anado‘luda esa Qaramano‘g‘illari va qozi Burhoniddin o‘lkalari, Qora dengiz sohillari birma-bir egallanib, Anado‘luda turklar birligi yaratildi va Mamluk saltanati bilan qo‘shnichilik boshlandi.

Yildirim zamonida Istanbul to‘rtinchi bor qamal etildi, shahar taslim bo‘lishiga bir bahya qoldi.

Ibni Xojar uni dunyoning eng nodir qo‘mondonlaridan biri hisoblab, bunday degan: “Usmon o‘g‘li Boyazid Yer yuzidagi hukmdorlarning eng yaxshilaridan biridir. Undan qo‘rqishadi. Ilm va ulamoni yaxshi ko‘radi. Mamlakatining har tarafida omonlik va amniyat shu darajada mavjudki, bir odam yolg‘iz o‘zi, mol va ashyosi, yuklari bilan hech baloga uchramay sayohat qilishi mumkin. Qohiradagi xalifadan “Rum o‘lkasining sultoni” degan unvonni olgan. Bu ikki sifat, ya’ni saljuqiy merosxo‘ri va Rum sultoni ekani jahon hukmdorligi yo‘lidagi hamlali odimlaridan biridir”.

Frantsuz tarixchisi Menoist Mechin “Yildirim Boyazid butun tarixning eng buyuk qo‘mondonlaridan biridir”, degan. Ruminiyalik tarixchi Jo‘rganing aytishicha, “Yildirim dunyo hokimiyati sari borganini uning o‘lkasidagi temir intizom, mukammal qonunga asoslangan osoyishdan ham bilsa bo‘ladi”.

Qisqasi, o‘ziga ortiqcha ishongani va g‘ururi uning yilma-yil kuchayib borayotgan saltanatini bir dunyo kuchi, ya’ni jahongir Temurga qarama-qarshi qilib qo‘ydi. Aslida, bu tahlikadan muloyimlik bilan qutulib ketishi mumkin edi. Zotan, Sharqning bu jahoniy qudrat sohibi Yildirim ajdodlari yetishgan Turkiston farzandi edi. O‘rdusi ham turk va musulmonlardan iborat edi. Birlik va barobarlikdan yaralgan katta kuch bilan zafarli odim otardi. Umri jangda o‘tgan Temurning eng muhim sifatlaridan biri ham uning birorta urushda yengilmagani, dunyoning har bir o‘lkasida qat’iy g‘alaba qozonganida edi.

 

SOHIBQIRON AMIR TEMUR

Ayni chog‘da, Anado‘lu tuproqlaridan minglarcha chaqirim uzoqda boshqa bir turk va musulmon hukmdori porlamoqda edi. 1336 yilda dunyoga kelgan sohibqiron Amir Temur tinimsiz kurashi natijasida 1369[2] yilda Movarounnahr taxtini egalladi. Xonlikda tartib-intizom va nazoratni yo‘lga qo‘yish bilan birga o‘lkasining to‘rt tarafiga harbiy yurishlar uyushtirdi. Qo‘shni mamlakatlarni o‘z hukmronligi ostiga kiritdi: ya’ni 1371–1379 yillarda mo‘g‘ullarni, xorazmliklarni tobe qildi; 1382–1387 yillarda Eron, Iroq Ozarbayjoni, sharqiy Anado‘luni zabt etdi. 1391–1396 yillar orasida esa ikki bor Qipchoq dashti, ya’ni Buyuk Tatariston va unga qo‘shni rus yerlarini, Iroq va Eronni takror itoatga keltirib, saltanati chegaralarini Hindistondan Anado‘lugacha kengaytirdi. Barcha Ovrupo davlatlari bu to‘fon shimol bo‘ylab o‘zi sari oqayotganidan vahimaga tushdi.

1400 yillarda Temur saltanatining hududlari sharqda Mo‘g‘uliston va Tibet, janubda Xorazm, Orol va Hazar dengizi, Mo‘sko‘va atroflaridan Qafqaz tog‘larigacha, g‘arbda Firot daryosidan Sivas havzalarigacha, janubda Misrgacha, Ummon dengizigacha, Basra ko‘rfazigacha va undan Hind dengizigacha, Hindistonda esa Dehligacha cho‘zilgan edi.

Shu tarzda Temur saltanati sharqdan g‘arbga to‘rt ming kilometr, shimoldan janubga ming sakkiz yuz kilometrlik mintaqani egallagandi. 1368 yildan boshlab Temur davlati o‘ttiz to‘rt yil – qisqa bir vaqtda erishgan o‘n ikki milyo‘n kvadrat kilometrlik maydoni bilan Usmonli davlatiga nisbatan o‘n ikki-o‘n uch baravar katta edi.

Shu nuqtai nazardan, Temur o‘rdusi so‘nggi yetti yil davomida o‘z mamlakatidan juda olislarda – iqlimi o‘zgaruvchan, bordi-keldi yo‘llari tor va noqulay, xalqi esa batamom yot o‘lkalarda urush olib bormoqda edi. Bu qo‘shin endi shunday yana bir katta urush oldida turardi. Temur olt­mish olti, Yildirim esa qirq ikki yoshda edi.

Yildirim Boyazid o‘n uch yillik hukmronlik davrida o‘ttiz bor harbiy yurish qilib, zafar-la qaytgan, yigirma ikki o‘lkani hukmdorligi ostiga kiritgan edi. Shu o‘n uch yil mobaynida o‘ta jadal harakati tufayli niyat va maqsadlaridan bir nechasiga erishgandi.

Biroq o‘zi fath etgan o‘lkalarda usmonlilar hukmini qat’iy­lashtirgani, tartib va qonunlarni to‘la o‘rnatgani borasida hali bir narsa deyish qiyin edi. Ayniqsa, Anado‘ludagi yurishlari va fathlari sabab bu mintaqadagi kichik hokim va beklar Temurdan madad kutuvchi nochorlarga aylangandi. Zotan, sharqda o‘z saltanatini kuchaytirgan va kengaytirgan sohibqiron Amir Temur borligini barcha bilardi.

 

URUSh  YO‘LLARI

Amir Temur, barcha safarlarida bo‘lgani kabi, Anado‘luda ham, avvalo, ayg‘oqchilardan mohirona foydalandi. Yildirim Boyazidga qarshi harakat boshlashdan oldin Anado‘lu xalqi orasida o‘z foydasiga targ‘ibot-tashviqot ishlari olib bordi. Shu bilan birga, josuslari yordamida Yildirim nasroniy xotinlarga uylangani, saroy ahli axloqan buzilgani borasida gap-so‘zlarni ko‘paytirdi. Usmonli mamlakatidagi tatarlarni (ya’ni mo‘g‘ul-tatarlarni) o‘z tomoniga og‘dirish uchun ularning amirlariga maktublar yo‘lladi. Xatlarida ular nafsoniyatini qo‘zg‘otadigan “Nega Saljuq o‘g‘li qullikdan ozod etgan kishilar avlodidan bo‘lmish odamning quliga aylandingiz?” degan fikrni alohida ta’kidladi va Usmonli xonlari past tabaqadan chiqqani, mo‘g‘ul-tatarlar ustun ekani, shu bois ular Anado‘luda hukmron bo‘lishi lozimligini takror-takror aytib, bu bilan ularning boshini silaganday e’timod qozonmoqqa intildi.

Amir Temur, bundan tashqari, Anado‘ludagi muhofaza nuqtalarining nechog‘li sog‘lomligini, usmonlilar qanday himoya vositalariga egaligini, urush oldidan ko‘rilgan tadbirlarni pistirma va tuzoqli yerlarigacha ayg‘oqchilar ko‘magida birma-bir o‘rgandi. U barcha zarur ma’lumotlarni to‘pladi-da, birma-bir tekshirib chiqib, qanday yo‘l tutish borasida aniq qarorga kelgach, ya’ni uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rgachgina Boyazid ustiga yurish boshladi. U safar uchun zarur barcha yumushlarni bitirgandan ke­yin ham ishonchini yanada mustahkamlash uchun oxirgi marta Anado‘ludagi siyosiy vaziyat va yangiliklar haqida batafsil ma’lumot so‘radi. Ayg‘oqchi va maslahatchilar so‘zi bilan kifoyalanmay, bu borada eng nozik fikrlar aytishi mumkin bo‘lgan Mutahhartanni huzuriga chaqirtirdi. Undan o‘zi zarur deb bilgan ma’lumotlarni eshitdi.

Yurish hozirligini yakunlagan Amir Temur Yildirim Boyazidga qarshi hujumga o‘tish maqsadida Aras qirg‘og‘ida qo‘r to‘kdi. Lashkarlar uchun chodir va kapalar qurdirdi. Ayg‘oqchilari Temur qo‘shini kelgusi ko‘klamda Qipchoqlar o‘lkasini istilo qilishga ketishi haqida gap-so‘zlar tarqatdi. Josuslari unga bir reja berdilarki, endigi barcha harakatlar shunga muvofiq amalga oshirila boshlandi.

Ayni chog‘da, Amir Temur Boyazidning barcha chora-tadbirlarini ta’qib etib bormoqda edi. Uning To‘qatga jo‘nagani va u yerda darbandlarni berkitayotganini eshitgach, darhol Qaysari yo‘lidan Anqaraga kirib borishga qaror berdi.

Boyazidxonning o‘ziga xos urush usullaridan biri – jasurona hujum bilan dushmanni to‘zg‘itish, ikki-uch soat ichida undan ustun kelib, qat’iy g‘alabaga erishishdan iborat edi. Bunday vaziyatda dushman orqaga qarab chekinar ekan, ikki yondan o‘rab olinib, chambardan chiqarmay qirib tashlanardi. Bunday rejani amalga oshirish uchun qo‘shin markazi o‘ta quvvatli bo‘lishi va aslo to‘zimasligi kerak edi. Bu orada yon qismlardagi otliq lashkar ham ikki tomondan o‘rab kelib, yog‘iyga zarba berishi taqozo etilardi.

Biroq bu gal Boyazidning qarshisida uning urush usullarini juda yaxshi bilgan, dunyoning har yerida jang qilaverib, pishib ketgan, tajribali, ulkan va muzaffar o‘rdu turardi.

Usmonlilar Temur qo‘shini Anqaraga kelguncha aniq bir rejaga ega emasdi. Temuriylar Sivas tevaragida turgani va avval To‘qatga yo‘nalib, keyin Anqaraga yurgani haqida xabar olingach, ikkita urush rejasi tuzilib, muhokama etildi. Anqarada o‘tgan harbiy kengashda vaziri a’zam jondorlizoda Ali posho ilk so‘z olib, dushman lashkarining soni ortiqligi, jangovar fillari borligi va otliq qismlar nihoyatda kuchliligini ta’kidladi-da, Temur o‘rdusini qarshilaganda o‘zimiz tekislik vodiyga, mamlakat ichkarisiga chekingan holda, ularni baland-pastliklar, daralar, changalzor va o‘rmonlarda, alohida-alohida guruhlar o‘laroq jang qilishga majburlashimiz kerak, degan fikrni ilgari surdi. O‘tmishda bo‘lganidek, Qilich Arslon Birinchi ovrupolik xochlilar qo‘shinini ana shu usulda to‘zg‘itib, ruhini tushirib yengangga o‘xshash yo‘l tutish darkor, deb uqtirdi. Vaziri a’zam maydon urushiga kirmaslikni tayinlar ekan, shunda usmonlilar lashkari qirilishdan saqlab qolinishi, Temur esa oxir-oqibat bu yerlardan, Anado‘ludan qaytib ketishga majbur bo‘lishini eslatdi.

Keyin vazir Feruz so‘z olib, yuz ellik ming qo‘shini bor dushmanga qarshi ochiq maydonda yuzma-yuz jang qilinsa ham, bundan boshqacha yo‘l tutilsa ham, baribir, juda katta talofot ko‘rilishi, Anado‘lu yag‘mo etilishi, vayronaga aylanishini aytib, eng muhimi, nima qilib bo‘lsa-da, yog‘iyni qirib tashlash shart, deya masalani ko‘ndalang qo‘ydi.

Yildirim Boyazid ham Feruz posho fikriga qo‘shildi. Unda dushman o‘rdusining ko‘pligidan zarracha qo‘rquv yo‘q edi. Chunki Boyazid oltmish ming kishilik qo‘shini bilan Ovrupoda, Nig‘bo‘luda yuz o‘ttiz ming kishilik xochlilar o‘rdusini to‘zg‘itgan, qirib tashlab, zafar qozongan edi. Yildirim lashkari jahdu jadalda ustunligi bilan har qanday yovni parchalashga qodir sanalardi. “Tavorixi oliy Usmoniy” kitobida yozilishicha, “Yildirimxon Malqo‘ch beydan Amir Temur o‘rdusi haqida so‘raganida, u Amir Temur qo‘shinini maqtar ekan, Boyazidxon unga, Temur o‘rdusi seni qo‘rqitib qo‘yibdi-ku”, degan.

Xullas, Boyazid dushman o‘rdusi son jihatdan ko‘pligiga e’tibor bermagan, u, asosan, lashkarning harbiy qobiliyati va jasurligiga tayangan, qo‘shinidagi ana shu fazilatlarga ishongan, shuni muhim deb hisoblagan.

Amir Temur Anqara qarshisiga kelib, qo‘r to‘qib, qarorgoh qurgach, qal’a qo‘mondoni Yoqubbekdan taslim bo‘lishni talab qildi, u rad javobi bergach, shaharni qamal qilishga buyurdi. Lahmchilar ishga tushdi, qal’a devori ostidan o‘yiqlar ochildi. Shaharga oqib kiruvchi suv Xatib darasidan boshlanardi, uning yo‘li ham o‘zgartirib yuborildi. Temur buyrug‘iga ko‘ra, Anqara soyiga va Qizilcha ko‘y darasidan keluvchi suvga og‘u tashlandi. Temuriy o‘rdu esa qarorgoh joylashgan Chubuq suvidan ichar edi. Anqara qal’asi olinsa, bu vodiyga bemalol hukmronlik qilish imkoni tug‘ilardi.

Amir Temur Yildirim va uning o‘rdusi yaqinlashayotganini eshitgach, qamalni darhol to‘xtatdi. Usmonlilar qo‘shini o‘z qarorgohiga bostirib kelishi ehtimolini nazarda tutib, u sharqiy tomonda makon qurgan edi.

Usmonlilar Amir Temur hech kutmagan tomondan, shimoliy jabhadan, Malikshoh tarafdan qo‘qqis yopirilib keldi. 27 iyul, kun tushdan oqqan edi. Temur o‘rdusi jangga hozir emasdi, barcha otlarni o‘tlatish, suvlatish bilan band edi. Temur qo‘shinning hujum yo‘nalishini boshqa tomonga qaratgandi. Endi rejani o‘zgartirib, tumanlar, mingliklar, otliq va piyodalar, o‘qchilar va jangovar fillarni boshqa tarzda joylashtirishga majbur edi.

Bu vaziyat Yildirim uchun omad sanalar, ayni hujum fursati edi. Beklari unga “Sultonim, keling, bular g‘aflatda ekan, bosaylik!” de­yishdi. Ammo Boyazidxon bu taklifni qabul qilmadi.

Amir Temur o‘z o‘rdusi uchun g‘oyat tahlikali bu ahvolni sovuqqonlik bilan tuzatishga kirishdi. Xo‘ja Ahmad Yassaviy kitobini ochar ekan, undagi shu misralarga ko‘zi tushdi:

Yaldo kechasin sham’i shabiston etgan,
Bir lahzada olamni guliston etgan,
Bas, mushkul ishim tushibdir, pisand etgan,
Ey, barchaning mushkulini oson etgan.

Amir Temur bunday degani rivoyat qilinadi: “Sulton Boyazid askariga duch kelganimda buni yetmish marta o‘qidim, zafar hosil bo‘ldi. Har qachon tang ahvolda qolsangiz, shu she’rni o‘qing”.

Amir Temur peshindan ertasi tonggacha lashkar o‘rnini o‘zgartirish, jabhani shimolga qaratish bilan shug‘ullandi. Yangi jabhaga moslab tartib o‘rnatdi. Xullas, qisqa vaqt ichida zarariga bo‘lgan vaziyatni foydasiga o‘zgartirib, qo‘shinni jangga shay holga keltirdi.

Yildirim Boyazidxon ham maydonning past-balandligidan foydalanib, o‘ziga eng qulay tepaliklarga o‘rnashib, sirtini toqqa tiradi. Shu ahvolida yagona kamchiligi – suvsizlik bo‘lib, suvning Temur o‘rdusi tarafida qolgani edi.

Temur o‘rdusi soni har xil manbalarda turlicha ko‘rsatilib, olti yuz minggacha chiqarilgan. Asosan, uning yuz ellik ming kishidan tuzilgani taxmin qilinadi. Amir Temur o‘rdusining bosh qarorgohi Samarqandda edi. Umuman, ikki qo‘shin Samarqandda, bir o‘rdu Xurosonda, biri Sherozda turardi. O‘rduning turli qismlari Qandahor, Hirot, Dehli, Ray, Tabriz, Isfaxon kabi katta shaharlarni qo‘riqlar edi. Temur bu yurishdan oldin Xuroson va Sherozdagi qo‘shinlarini Samarqandda to‘planishga buyurgandi. Ular Samarqandda yig‘ilib, so‘ng boshqa shaharlardagi qo‘shinlar kabi, buyurilgan paytga Qoraboqqa yetib kelgandi. Anado‘luga yurish boshlanar ekan, Arzinjon amiri Mutahhartan, oqqo‘ylilar amiri Qora Yuluq Usmon va boshqa mayda hokimlar askarlari bilan birga Temur o‘rdusi yuz ellik ming kishiga yetgan edi.

Yildirim Boyazid o‘rdusining so‘l qanotida Rum eli askarlari, orqa tarafda esa qoratatarlar joylashgandi. O‘ng qanot markazini esa Yildirimning o‘zi egallagandi.

 

QO‘ShINLAR

Temur o‘rdusining asosiy qismi Movarounnahr ahlining qirqdan ortiq urug‘iga mansub kishilardan tuzilgan edi. Har urug‘ o‘z soniga ko‘ra askar berar va buning evaziga soliqlardan qutilar edi. Shaharlardan to‘plangan sarbador qo‘riqchilar ham alohida piyoda bo‘linmasini tashkil etardi. Temur ba’zan tang ahvolda qolganida, bu bo‘linmalar jonini jabborga berib, uning koriga yaragan. Ularning ko‘pchiligi ajamlardan hisoblanardi. Zabt etilgan o‘lkalardan va itoatga kirgan davlatlardan olingan askarlar ham o‘rduning muhim manbai sanalardi. Turkman, ajam, kurd, armani kabi elatlarga mansub askarlar ham Temur o‘rdusida xizmat qilgani ma’lum. Temur qo‘shinlari, asosan, tatar (mo‘g‘ul-tatar) va turkmanlardan shakllangan bo‘lib, O‘rta Osiyo turk harbiy an’analariga xos xislatlari bilan islom olamidagi boshqa o‘rdulardan ajralib turardi. Movarounnahrdagi markaziy o‘rduda tartib va an’ana qanday bo‘lsa, boshqa viloyatlar va Temur qo‘l ostidagi o‘lkalar qo‘shinida ham shunday edi. Otliq askarlarda garchi yengil zirh qo‘llanilsa-da, umuman, qo‘shinlarning barchasida zirh sifatiga katta ahamiyat berilardi. Aslzoda otliq askarlar suyurg‘ol[3] egalari kabi bezakli, tangali zirhlar kiyardi. Anado‘luga kelgan qo‘shinlar tarkibida qirq ming yengil suvori, yigirma ming og‘ir suvori va o‘n ming piyoda mavjud edi. Temur o‘rdusining o‘ziga xosliklaridan yana biri undagi jangovar fillar edi. Ispan elchisi Klavixo‘ bularni “Ustlaridagi yog‘och taxtiravonda besh-olti askar tashigan vahshiylar”, deya ta’riflaydi. Uning aytishicha, bir kishi hayvonning bo‘yin qismiga minib, boshqarib boradi. Filning qisqartirilgan tishlariga qilichsimon qurollar taqilgan, nozik a’zolari esa zirh bilan o‘ralgan. Fillar bir xil tezlikda ilgarilar ekan, yog‘iyni tishlariga bog‘langan tig‘ bilan o‘tday o‘rib, bosib-tepkilab boraveradi. Ustidagi askarlar ham pastdagi dushmanga tinimsiz o‘q yog‘diradi. Aragonlik elchining tasvirlashiga ko‘ra, “Tatarlarning ko‘ziga bir fil ming piyoda askarday vahimali ko‘rinardi”.

Usmonlilar o‘rdusining miqdori xususida Nashriy va Oshiqposhozoda yuz o‘ttiz ming degan fikrni bildirgan. “Temur tuzuklari”da to‘rt yuz ming deyilgan. Xammer yuz yigirma ming desa-da, bizningcha, usmonlilar o‘rdusida sakson ming askar bo‘lgan. Usmonli davlati o‘rdusining yuz mingdan oshishi sulton Salim zamonida yuz bergan. Nig‘bo‘lu yurishida oltmish-etmish ming askar qatnashgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Usmonlilar o‘rdusining markazi poytaxt Bursada edi. Boshqa viloyatlarda ham shahzodalarning qo‘shinlari joylashgan edi. Anado‘ludagi qo‘shinlar, markazdan berilgan buyruqqa ko‘ra, aytilgan yerga belgilangan vaqtda yetib borgan. Shunda ularning bari sakson ming kishini tashkil etgan. Temur va Boyazid urushida esa, avval qo‘shinlar Anqara va Sivasga qarab yurdi, so‘ng yana ortga qaytib, Anqara viloyati Chubuv vodiysida jangga saflandi. Natijada yetmish besh ming kishilik o‘rdu urushga kirdi.

Usmonlilar o‘rdusining eng ishonchli qismi qapiquli askarlari bo‘lib, piyodalar o‘laroq ikki guruhdan, shuningdek, otliqlardan iborat edi. Piyodalar o‘zaro ajamiy, yenicheri, jebechi, to‘pchi o‘chog‘laridan tuzilgandi. Otliq qapiquli askarlari esa sipoh va sipohdor bo‘linmalariga ajralardi. Qapiquli o‘chog‘ining eng e’tiborli askarlari yenicherilar bo‘lib, ular urush paytida hukmdor turgan markaz guruhini tashkil etardi. Hukmdor goh ularning orqasi, goh o‘rtasida ot ustida o‘tirardi. Yenicherilar podshoh muhofazachisi hisoblanardi. Ular orasida so‘laq[4] deyiluvchi besh ming kishilik o‘qchi bo‘linmasi bo‘lib, ular o‘q otishda o‘ta usta edi. Timarli sipohiylar[5] esa, asosan, o‘ng va so‘l qanotlarda urushardi. Ularga davlat yer bergani uchun o‘zlari ham askar saqlardi. O‘rdudagi azaplar[6] Anado‘luning turli yerlaridan yig‘ib kelinuvchi yosh askarlar, o‘qchi piyodalar guruhi edi. Ular yenicherilarning oldida borar va ilk zarbani qarshi olardi.

Turk o‘rdusi qorishiq, ya’ni yarim O‘rta Osiyo, yarim Ovrupo o‘rdusi o‘laroq ko‘hna qit’ada muhim zafarlar qozongan edi. An’anaviy otliq o‘qchilar o‘rduning har ikki qanotidan o‘rin olardi. Islomiy suvorilar va ovrupolik suvorilar an’analari bir-biriga qo‘shilib, o‘rtacha zirhli suvorilar sinfi ham yaratilgan edi. Anado‘lu va Rumeli viloyatlaridan to‘plangan bu timarlilarga zirhlari bois jebelilar deyilardi. O‘sha davr manbalariga ko‘ra, bu suvorilar yigirma mingga yetardi. Qapiqulilar o‘rduning markazini, asosiy saflarni to‘ldirar, ular aqcha oladigan yollanma, muntazam qismlar sanalardi. Miqdori olti ming yenicheri va mingta sipohidan iborat edi. Ovrupo manbalariga ko‘ra, yengil zirhdan foydalangan yenicherilar piyoda jangchilar orasida jangovarligi va mohirligi bilan ajralib turardi. Chunki mukammal harbiy ta’lim ko‘rgan yenicherilar, o‘qdan tortib boltagacha, har qurolni mohirona qo‘llardi.

Sulton qo‘riqchilari sanalgan sipohilar urushdagi olishuvda qatnashmasdi. Ular og‘ir suvori qismiga mansub bo‘lib, o‘z qiyofasi va mukammal zirhi bilan e’tiborni tortardi.

O‘rdu markazining eng boshida boruvchi yengil piyoda qismiga mansub azaplar soni besh ming edi. Ular faqat urush paytida o‘rduga kelib qo‘shiluvchi, yaxshi qurollangan, maoshli bo‘linmalar edi.

Bulardan tashqari, taxminan uch mingcha serb suvorisi o‘rdu saflaridan o‘rin olgandi. Ular, asosan, og‘ir zirhli bo‘lib, voynik deyilardi.

Tag‘in besh mingga yaqin yengil suvori qismi ham bor edi, ular yangi fath etilgan bekliklardan keltirilgan edi. Qoratatarlar deb atalgan bu bo‘linmalar XIII asr o‘rtalaridagi mo‘g‘ul istilosi sabab Anado‘luga joylashib qolgan mo‘g‘ul nasllaridan iborat edi.

Shuni aytish kerakki, ikki o‘rduning kuchi orasidagi farq juda katta edi. Boyazid avvalgi hech bir raqibiga o‘xshamasligi, uning qo‘shini ovrupovoriy sifatlarga egaligini ko‘zda tutgan Amir Temur Movarounnahrdagi eng qudratli va mukammal zirhli, qurolli qismlarini ham keltirgan bo‘lib, uning o‘rdusi yuz oltmish ming edi.

Usmonli o‘rdusi esa, hatto qo‘shib aytganda ham, yetmish besh mingdan oshmasdi. Shuning uchun Boyazid o‘z qo‘mondonlariga g‘alaba qozonish uchun mumkin qadar fidokor va g‘ayratli bo‘lishni buyurdi.

 

URUSh  YO‘NALIShI

Temur o‘rdusining o‘ng qanotida mirzo Mironshoh, mirzo Abubakr, To‘qal barlos, Ali Sulduz, shayx Nuriddinbek, Burunduqbek, Ali qavchin, Mubashshir, Mutahhartan, Abdulla Abbos, hoji Sayfiddin, Umar Tobonlar; chap qanotida amirzoda Shohrux, amirzoda Xalil sulton, ularning qo‘shinlari yonida Husayn sulton, Ali sulton va Musa To‘ybuqa joylashgan edi.

Markaz o‘rtasini Amir Temurning o‘zi egallagandi. Uning yonida Toshtemir, Yusuf mo‘g‘ul, hoji Bobo Suchu, Iskandar Hindubek, hoji Ali Yusuf, Apardi amirlar hozir edi. Yildirimdan qochgan Anado‘lu bek­lari ham Amir Temur qavatida edi. Markazning o‘ng tomonidan mirzo Muhammad sulton, mirzo Amirshayx, mirzo Muhammad Umarshayx, mirzo Iskandar va boshqa qo‘mondonlar o‘rin olgandi.

Usmonlilar o‘rdusining o‘ng qanotida Temurtosh posho qo‘mon­donligidagi Anado‘lu sipohilari, chap qanotda shahzoda Sulaymon qo‘­mon­donligidagi Rumeli bo‘linmalari saf tortgandi. Yildirim Boyazidxon o‘n ming kishilik yenicheri bilan har zamondagidek markazni tutgan edi. Vaziri a’zam Ali posho bilan shahzodalardan Muso, Iso va Mus­tafo Chalabiylar podshoh yonida turishardi. Yenicherining oldida suvorilar va azaplar terilgan edi. Ehtiyot quvvatlariga shahzoda Mahmad Chalabiy boshchilik qilardi. O‘ng qanotdagi ehtiyot qismlari orasida serb bo‘linmalari, so‘l qanotdagi ehtiyot qismlari ichida esa turklashgan mo‘g‘ullardan tuzilgan qoratatarlar saf tortgan edi.

 

ANQARA JANGI[7]

1402 yil 20 iyul, seshanba kuni tong soat oltida ikki tarafda o‘rdular saf torta boshladi. Avval bayroqlar ko‘tarildi. Urush oldidan Amir Temur ham, Yildirim Boyazidxon ham ikki rakat hojat namozini o‘qib, so‘ng jangchilariga xitob etdi.

Yildirim Boyazidxon o‘z o‘rdusining qahramonliklari, zafar qozongan janglari, sadoqat haqida so‘zladi.

Shu paytda Amir Temur ham o‘z lashkariga xitob etmoqda edi. So‘zini tugatib, o‘rdu qarshisida ikki rakat namoz o‘qib, Ollohdan madadu g‘alaba tilab, yuzini tuproqqa surib, duolar qildi. Endi taraflar urushga shay edi. Jangga chorlab karnayu surnaylar, burg‘u va qudumlar chalindi.

Tarixdagi eng buyuk urushlardan biri – Anqara janggi Temur o‘rdusidagi markaz, o‘ng va chap qanot qo‘shinlarining usmonlilarga birdan yopirilishi bilan boshlandi. Markaz qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilayotgan amir Mahmud o‘g‘lon, Temur nabiralaridan mirzo Muhammad Umarshayx, mirzo Jalol Islomlar usmonlilarning markazdagi kuchlariga qattiq zarba yog‘dirdi. Shubhasiz, Temur lashkari Usmonli o‘rdusining o‘rtasidan yorib, uni bo‘lib tashlamoqchi edi.  Usmonlilar qo‘shini markazida mudom janglarda yurib, suyagi qotgan, kuchli va tajribali yenicheri bo‘linmalari va azaplar o‘rnashgandi. Yenicherilar boshlig‘i Hasan og‘a hujumni bosiqlik va jangovarlik bilan qaytardi – temuriy askarlar to‘xtatildi. Qilichbozlik boshlanib ketdi. Temur lashkari chekindi. Bu atrofdagi olishuvlarda tushlikkacha Temur bo‘linmalarining to‘zishi va janubga chekinishi kuzatildi.

Jang boshlanishi bilan vazir xo‘ja Feruzbek qo‘mondonligidagi o‘ng qanot qo‘shinlari Chubuq vodiysi bo‘ylab ilgari bosar ekan, shahzoda Sulaymon Chalabiy boshliq usmonlilar o‘rdusining so‘l qanotidagi Rumeli askarlariga og‘ir zarba berdi. So‘ngra Rumeli lashkari ham birdan chaqmoqday yog‘ilib, hujumga o‘tdi va o‘zini ko‘rsatib qo‘ydi. Temuriylar o‘zining qanday qoyaga urilganini angladi. Ayni chog‘da, Temurdan yordamga borish iznini olgan mirza Muhammad qo‘shini bilan ko‘makka yetib keldi va ahvolni o‘nglashga intildi. Bu orada fillardan hurkkan turk otlari usmonlilar harakatini sekinlatib qo‘ydi, otlar ustidagi jangchilar ham ancha qiynaldi. Temuriy askarlarning to‘lqin-to‘lqin holidagi ketma-ket hujumi davom etardi. Bu paytda Temurning yon tomonlardan yog‘ilgan bir qism qo‘shini usmonlilarning so‘l qanotdagi birinchi safini surib tashlab, ikkinchi qatordagi lashkar bilan olishuvni boshlab yuborgan edi.

Temurning o‘ng, usmonlilarning so‘l jabhalarida urush omonsiz davom etar ekan, usmonlilarga qarshi qaratilgan bir tasodif yuz berdi. Usmonli o‘rdusining so‘l qanotiga mansub ehtiyot qismdagi qoratatarlar mudhish xiyonat sodir etdi. Ular temuriy lashkar bilan til biriktirib, uning o‘rdusi bilan urushayotgan otliq usmonlilarga orqadan o‘q yog‘dira boshladi. Shu tarzda ham oldin, ham orqadan zarbalar ostida qolgan usmonlilarning so‘l qanotida sarosima, vahima paydo bo‘lib, lashkar to‘zishga, boshboshdoqlikka yuz tutdi.

Bu dahshatli va tahlikali vaziyatni kuzatib turgan usmonli o‘rdu­sining ehtiyot qismlari qo‘mondoni Mahmad Chalabiy, buyruqni ham kutmay, bor lashkari bilan qarshi hujumga tashlandi. Chap qanotda yuzaga kelgan tarqoqlikni azmu shijoat-la tuzatishga kirishdi.

Qoratatarlarning dushman tarafga o‘tib ketishi va shu qanotda kuchlar muvozanati buzilishi usmonlilar o‘rdusiga katta zarar yetkazdi, umumiy vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Bu kutilmagan xoinlik askarlarning ruhiga ham ta’sir qildi, endilikda yog‘iyning ehtiyot qismlari ham jangga kirar ekan, usmonlilar qarshi hujumda muvaffaqiyat qozonolmasligi ayon bo‘lib qoldi.

Boshqa tarafda, ya’ni Temur o‘rdusining so‘l qanoti bilan usmonlilarning o‘ng qanoti to‘qnashuvida qonli olishuv davom etmoqda edi. Temurning o‘g‘li Shohrux qo‘mondonligidagi qo‘shin bu jabhada Temurning nabirasi Sulton Husayn qo‘shini va amir Sulaymonshoh lashkari bilan birgalikda hujumga o‘tdi. Bu jabhada usmonlilardan Qora Temurtosh posho qo‘mondonligidagi Anado‘lu timarli sipohilari, Boyazidning qaynotasi – Serbiston mustabidi Stefan Lazarovich qo‘mondonligidagi serb askarlari jang qilmoqda edi. Temuriylar zarbasiga qarshi usmonlilar ham mudhish zarbalar qaytarib, olishuvda jangovarligini ko‘rsatdi. Anado‘lu timarli sipohilari temuriy lashkar ustiga o‘q yog‘dirib, qisqa muddatda ancha askarni safdan chiqardi. Serb kuchlarining ham qo‘shilib hujumga kirishi va usmonli  qo‘shinlarining baravar tashlanishi natijasida jiddiy talofat va to‘zg‘inga uchragan so‘l qanotdagi amirzoda Husayn lashkari janubga qarab chekinishga majbur bo‘ldi.

Amir Temur jangning borishini kuzatar ekan, garchand o‘ng qanot qo‘shinlari olg‘a bosib, muvaffaqiyat qozonsa ham, markaz va so‘l tarafdagi cheriklarning to‘zg‘iyotgani, umuman, markazda ahvol yaxshimasligini ko‘rib, andishaga tushdi. Muhammad Sulton o‘z askarlari bilan  markazga yordamga borish uchun izn so‘raganda, Amir Temur uni so‘l qanotga yurishga buyurdi. Bu qanotga Shohrux qo‘shiniga mansub amir Sulaymonshoh lashkari mas’ul edi. Uning qarshisidagi usmonlilarning o‘ng qanot o‘rdusi hujumga o‘tib, temuriylar so‘l qanotining ikkinchi chizig‘ini egallashga kirishdi. Amir Temur so‘l qanotga madad kuchlarini jo‘natib turganiga qaramay, Boyazidxon askarini to‘xtata olmadi. Urush shiddat bilan qizib borar, usmonlilar ustunligi sezilib turardi.

Shu paytda, usmonlilarning so‘l qanotidagi kabi, o‘ng qanotida ham g‘ulg‘ulaga sabab bo‘lgan bir hodisa yuz berdi. Temur o‘rdusiga avvaldan o‘tib ketgan Anado‘lu bekliklari askarlari bayroqlarini hilpiratib, Boyazidxon cherikidagi sobiq safdoshlarini o‘zlari tomonga chaqira boshladi. Xususan, Garmiyon, Sarixon, Oydin va Menteshe bekliklari lashkari o‘z bayroqlarini ko‘tarib, qo‘mondonlari nomini aytib, qavmdoshlarini Temur o‘rdusiga o‘tishga chorlardi.

Usmonli o‘rdusidagi Anado‘lu bekliklari sipohilaridan bir qismi, ya’ni yangi qo‘shilgani bois haliyam usmonlilar davlatiga qovushib ketolmagan askarlar avvalgi qo‘mondonlarining so‘zlari va bayroqlaridan ta’sirlanib, urush maydonida usmonlilarni tark etib, Temur qo‘shinlari yoqqa o‘ta boshladi.

Ikkinchi tarafda esa Amir Temur bu hodisalardan mamnun holda, yordam kuchlarini ketma-ket jo‘natib, hujumni shiddatlantirib borardi. Birmuncha vaqt davom etgan ayovsiz jang va oldinga-orqaga siljishlar oqibatida  ko‘plab lashkaridan ayrilgan Anado‘lu timarli sipohilari qarshi tomonga o‘tayotganlar hisobiga ancha ozayib qoldi. Bu holat shundoq ham chiranib jang olib borayotgan usmonlilar va serb lashkariga salbiy ta’sir qildi. Yarmi o‘lib, yarmi qolgan va asosiy qismi serblardan iborat bo‘lgan usmonlilar o‘rdusining shu qanotdagi qo‘shini tinimsiz zarbalar ostida oxiri majburan chekinishga yuz tutdi.

Shu chog‘da serblarning mustabid podshohi Lazarovich Yildirim Boyazidxon yoniga kelib, “Shahanshohim, jangni boy bermoqdamiz. O‘rdularimiz maydonni tark etmoqda. Endi bu selga qarshi turolmaymiz. Chekinaylik,” deya taklif kiritdi.

Yildirim unga: “Aslo!” deya qat’iy javob berdi.

Usmonlilar xoqoni, urush maydonida yengilib qochdi, degan isnodga qolishni istamasdi, albatta.

Serblar so‘l qanotda ortga chekinayotgan Sulaymon Chalabiy lashkari orasidan o‘tib, qonli jang tepalarini tark etib, Rumeliga qarab yo‘naldi va Serbiston yo‘lini tutdi.

Biroq markazdagi jabhada yog‘iyni oz bo‘lsa-da, ortga chekintirgan, muvaffaqiyatli urushayotgan yenicherilar va azaplar Temur o‘rdusining eng kuchli bo‘linmalari hisoblangan zirhli suvorilar qo‘shiniga, o‘lim va dahshat sochuvchi fillariga qarshi mudofaa chizig‘ida o‘zini ayamay, jonli to‘siq sifatida jang qildi. Ayniqsa, fillar oyog‘i ostiga o‘zini otib, jonidan kechib bo‘lsa-da, bu bahaybat vahshiylar tanasini kesib tashlayotgan fidoyilar, ayniqsa, qahramonlik ko‘rsatdi. Xiyonatlar sabab usmonlilar o‘rdusi qanotlari zaiflanib, ochilib qolgan, chekinish davom etar edi. Shunga qaramay, markaz jabhasidagi lashkarlar o‘lim o‘qlarini yog‘dirib, minglarcha yog‘iyni yer tishlatdi. Ammo tushdan so‘ng barcha usmonlilar qo‘shini majburan ortga chekindi. Chunki Temur o‘rdusining peshin oldidan yoppa hujumi va zarbasi tobora kuchaydi va oqibatda dushmanni to‘zitdi. Markaz va qanotdagilar jang maydonini tark eta boshladi.  Ayniqsa, yon tomondagi usmonli askarlari raqibning otliq lashkari hujumiga duch kelib, batamom qirilib bitdi, shahid bo‘ldi. Shunday qilib, usmonlilar o‘rdusi xiyonat qurboniga aylandi, to‘zib tarqala boshladi[8].

 

USMONLI O‘RDUSINING TARQALIShI

Usmonli o‘rdusining so‘l qanotiga, ya’ni qoratatarlarning xiyonati sabab kuchsizlanib, chekinishga majbur bo‘lgan jabhasiga vaziyatni tuzatish uchun Mahmat Chalabiy qo‘mondonligidagi ehtiyot qo‘shinlari yordamga yetib kelgach, jang yana kuchaydi. Biroq temuriylarning qarshi hujumi bois bu qanotdagi usmonli lashkari tag‘in ortga chekindi.

Bu vaziyatni ko‘rib, vaziri a’zam Ali posho, yenicherilar boshlig‘i Hasan og‘a, Oyna begi va boshqa qo‘mondonlar jangning boy berilganiga amin bo‘ldi-da, “nomusi davlatni qutqarish” bahonasida katta shahzoda Sulaymon Chalabiyni yonlariga olib, qolgan-qutgan Rumeli askari bilan maydonni tark etdi va chekinish asnosida shimolga yo‘naldi.

Mahmat Chalabiy ham, garchi yog‘iyga qarshi hujum uyushtirgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyatga erisholmadi. Temur o‘rdusining bu qanotga zarbasi ortgani sayin, ayniqsa, Rumeli lashkarining maydondan qochgani ortidan Lolasi Boyazid posho va boshqa umaroning tashviqi bilan Mahmat Chalabiy o‘z qo‘shini, ya’ni Amasya-To‘qot-Sivas jangidan omon chiqqan ming qadarlik lashkari bilan maydonni tark etib, Amasya yo‘liga tushdi.

So‘l qanotda qo‘mondonsiz qolgan boshqa Rumeli lashkari ham to‘zib,  Sulaymon Chalabiy to‘dasi ortidan Miro qishlog‘iga qarab ot surdi.

Shunday qilib,  peshinga borganda Usmonli o‘rdusidagi o‘ng qanot ham, so‘l qanot ham butkul tarqalib ketdi.  Endi faqat markazda o‘zidan ustun yov qo‘shini bilan urusha-urusha holdan toygan, qadam-baqadam ortga chekinayotgan qapiquli kuchlari, ya’ni saltanatning yollanma, muntazam qo‘shini hamda ulardan sal narida Yildirim Boyazidning bosh qarorgohi va uning bir hovuch qo‘riqchi bo‘linmasi qolgan edi, xolos.

Yog‘iy ham  jang maydonida zarbani kuchaytirish, ham Yildirim Boyazid guruhini har yoqdan o‘rab olishga jahdu jadal etardi. Shu payt silohdor og‘asi, ya’ni podshoh va vazirlarning qurol-yarog‘iga mas’ul Minnatbek Yildirim Boyazid huzuriga kelib, bunday dedi: “Sultonim, atrofda kimsa qolmadi, dushman sizga qasd qilishi mumkin. Yaxshisi, qiyofani o‘zgartirib, bu tahlikali joydan tezda tashqariga ot qo‘yingki, men yenicherilar va boshqa yaqinlarimiz bilan bosh qo‘mondonlik sanjog‘i ostida yana bir oz jangni kuzatib turay, siz bu vaqt ichida sog‘-salomat omonlikka erishgaysiz”. Biroq Yildirim Minnatbekning bu taklifiga ko‘nmadi. Oxiri o‘rdugohi joylashgan Chataltepada yangidan himoyaga o‘tishga va dushmanga zarba yog‘dirishga qaror berib, asta chekinishga kirishdi.

Yildirim Boyazidxonga Chataltepadan jang maydoni kaftdagidek ko‘rinib turardi. Janggohda usmonlilar jabhasidan asar ham ko‘zga chalinmas, har tomonda Temur askarlari hokimlikni qo‘lga olayotgandi. Boyazidxon to‘zib chekinayotgan askarini yoniga olib, otliq yayov jangchilari va yenicherilaridan iborat muhofaza chizig‘ini tashkil etib, Chataltepadagi bir balandlikka bayrog‘ini tikdi. Bayroqqa ko‘zi tushgan Temur askarlari bu tepaga hujumni yanada kuchaytirdi. Shu chog‘da Yildirimning qavatida olti ming yenicheri bor edi. Bir payt yenicheri boshlig‘i safdoshlari fikrini podshosiga yetkazib, bunday dedi: “Sultonim, siz ichimizdan chiqmang, zo‘raki g‘ayrat-la davlatimiz sha’nini yiqmang, chidab turaylik. Siz bizga orqa bo‘ling, biz oldinda qilich solaylik, dushman bizning miltig‘imizu zambaraklarimiz o‘qiga bardosh berolmaydi, ko‘rasiz. Uning fillari tog‘lardagi selday yopirilsa ham, oramizni yorib kirolmaydi. Oqshom yaqinlashmoqda, biz shu yerlikmiz. Ular g‘arib va begona. Oqshom kirganda, chekinaylik, omon qolurmiz, ortimizdan quvishga jur’atlari yetmas”.

Vaqt peshindan oqqandi.

Temur o‘rdugohida esa zafar epkini esa boshlagandi. Yildirim Boyazid Chataltepada ozgina lashkar bilan tang ahvolda o‘z qismatini kutib turgani xabari Temurga yetkazilgach, u o‘g‘li Shohruxni katta qo‘shin bilan yog‘iy qarorgohi sari jo‘natdi. Ketidan Mironshoh, amirzoda Husayn va amir Sulaymonshoh ham qo‘shini bilan Chataltepaga qarab ot surdi.

Afsonaviy yenicheri qismlari himoya chizig‘ida shiddatli jang olib bordi. Ular hech chekinmay, qo‘rquv bilmay olishar ekan, ko‘plari shavq-la shahidlik sharbatini ichdi. Biroq o‘zlaridan ikki baravar ko‘p yog‘iyni ham yer tishlatdi. Faqat yov qancha o‘ldirilmasin, ular soni tobora ortib borardi. Zero, ortga chekingan usmonlilarni quvib ketgan qismlar ham qaytib, Chataltepaga kirib kelayotgan edi. Usmonli lashkarining hozirgi chora-tadbiri elak bilan qumtepani tekislashga yoki dengiz suvini g‘alvirda tashib bo‘shatishga urinishdek bir gap edi. Yildirim o‘rdusidan endi uch mingi qolgandi, xolos. Nihoyat, Boyazidxon  Chataltepa chambarini yorib o‘tib, jang maydonini tark etish fursati yetganini payqadi. Aks holda, birga-bir urushib, ajal topishlari aniq edi. Har yondan yopirilib, zarba berayotgan Temur askarlariga qarshi bir hovuchgina lashkari bilan kun botguncha qarshi kurashgan Yildirim qorong‘i tushgan hamono omon qolgan otlig‘u piyoda askari va uch ming chog‘li yenicheri hamrohligida dushman harakati sustlashgan bir tepaning shimol tomonidan qo‘qqis hujumga tashlandi. Temur askarlari nima bo‘layotganini ham anglamay qoldi. Yildirim tezligidagi shiddatli zarba bilan yog‘iy chambari yorib o‘tilib, tepaning yurishga eng qulay enishidan pastga o‘qdek otilishdi. Chor atrofni zulmat qoplagani sabab har ikki taraf ham g‘oyat qiynalib jang qilar edi.

Hadidiyning “Tavorixi oliy usmoniy”sida ta’kidlanganidek:

Sipohi dushmanga devona kabi,
Yonar o‘tga tushgan parvona kabi
Dushman markaziga o‘zini urdi,
Cherikni sog‘-omon chetga yeturdi.
Ko‘ring, ne holatdir, dedi Temurlang,
Dedilar, Boyazid aylamakda jang.[9]

Yildirim Boyazidning jasurlarcha yopirilib, chambarni yorib o‘tganini eshitgan Temur eng jangovar qismni uning ortidan quvishga yubordi. Yildirim safdoshlari bilan yovning bir necha to‘sig‘idan oshib, Chataltepadan o‘n olti chaqirim uzoqlashishga erishdi.  Kun bo‘yi davom etgan ayovsiz olishuvdan va uzoq muddatli ot surishdan charchagan, suvsizlikdan holsizlangan Yildirim va safdoshlari Chubuq soyi kunbotaridagi qiyaliklarda Temur lashkariga tag‘in bir bor yo‘liqdi.

Bugungi Mahmud o‘g‘lon qishlog‘i atrofidagi tik va toshloq qiyadan tubanga enar ekan, Yildirim Boyazidxon mingan ot qoqildi-da, toyib ag‘darildi. Hukmdor otini turg‘izishga va boshqa otga almashtirishga ulgurolmay, Temur lashkari qo‘liga asir tushdi. Xonni tutqun etgan dushman qo‘mondonining ismi hozirda qishloq nomi uning oti bilan atalayotgan Mahmud o‘g‘lon edi.

Shu yerda Yildirim Boyazid bilan birgalikda Rumeli beklarbegi Xo‘ja Feruz, shuningdek, Mustafo va Alibeklar ham tutildilar.  Yaxshibek va boshqa ba’zi qo‘mondonlar  esa shu qiyalikdagi olishuvda shahid bo‘ldilar.[10]

Yildirim Boyazidning asirga olinishi haqida turli rivoyatlar bor. Usmonli manbalarida, umuman, Garmiyon begi ishorasiga ko‘ra, qo‘lga tushirilgani ta’kidlanadi. Mashhur tarixchi olim Kamol Poshozodaning yozishicha, “Yildirim Boyazidxon oqshom payti dushman fillari ustiga ot surib borar ekan, qarshi tarafdagi Garmiyon o‘g‘illari uni tanib qoldi-da, Temurga xonni ko‘rsatdi. Shundan so‘ng Temur askarlari darhol Yildirim Boyazidni o‘rab olib , uni qo‘lga tushirdi”.

 

IKKI HUKMDOR  UChRAShUVI

Amir Temur o‘z huzuriga keltirilgan Yildirim Boyazidxonni tik turgancha, kamoli hurmat bilan kutib oldi. Izzat ila uni o‘z chodiriga tak­lif etdi va xonni to‘riga o‘tqazdi. Uning yuz-xotiri uchun yaxshi so‘zlar aytib, do‘stlik qurish yo‘lini tutdi. Shuning barobarida bunday voqeaga sabab bo‘lishni xohlamaganini ham ta’kidlab, xonga bunday dedi: “Biz tarafdan sulhga intilish uchun naqadar odim otilgan bo‘lsa, siz tarafdan oxiri hujum bilan yakunlangan shu qadar kinu qizg‘inlik sodir etildi. Biz shirin so‘zlar bilan ishni bitirishni istadik, siz yoqdan achchiq xabarlar oldik. Magarki, taqdir bizga bu tarzda uchrashib ko‘rishmoqni, oradagi sovuqlik pardasini ko‘tarmoqni ravo ko‘ribdir. Endi mushku anbar taratgan ko‘nglimizga qayg‘uning g‘ubori qo‘nmasin. Hayot bog‘imizga xafagarchilikning sovuq shamoli oralamasin. Zamon boshimizga solgan alamli ishlardan o‘kinmaslik kerak. Rum diyorini sizning adolatingiz ko‘lankasidan chetda qoldirishni kimsa o‘ylayotgani yo‘q. Hech kimning baxtiga zomin bo‘linmas. Magarki,  chorasi topilmaydirgan ilohiy amr kelmasa, bas. Baxtli kishilarning porloq ko‘zlarini faqat Olloh istagi ila  qorong‘ilik qoplay olgay…”

Yildirim Boyazidxon Temurning bunday nazokatli kutib olishiga javoban “Olloh Taoloning taqdir qalami bir o‘lkaga yo‘qlik ishoratini chizar ekan, ishning oqibati shunday bo‘lgay”, dedi.

Ikki podshohning uchrashuvi hokimona so‘zlar bilan bezalib, o‘rtadagi sovuqlik pardalari ko‘tarildi. Ko‘ngillardagi eski kinu adovat yo‘qoldi. Boyazidxon otalik shafqati ila shahzoda o‘g‘illari taqdirini surishtirib bilishlarini so‘radi. U saltanatining ertangi tirgaklari bo‘lmish shahzodalarga urush sabab biror zarar yetishidan andishada edi.

Temur darhol buyruq berib, shahzodalarni topish va chodirga keltirish uchun odam yo‘lladi.

Usmonli tarixlarida qiyomatgacha ibrat bo‘larli ushbu qonli urushda Mustafo Chalabiy yo‘qolib qolgani qayd etilgan. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Temur fathnomalarida, unga bag‘ishlangan tarixlarda Yildirim Boyazidning ikki o‘g‘li asir olingani haqida yoziladiki, bizningcha, bu to‘g‘riroqdir.

Yildirim Boyazid vafotidan so‘ng shahzoda Muso Chalabiyni ozod etgan Amir Temur Mustafo Chalabiyni o‘zi bilan Samarqandga olib ketgan. Zotan, shahzoda Mustafo oradan yigirma yilcha vaqt  o‘tib, qariyb unutilib ketgan bir vaqtda taxt da’vosi bilan Murodxon Ikkinchi qarshisidan chiqqan. Ana shu sabab soxta Mustafo deb ham atalgan.

Amir Temur Mustafo va Muso Chalabiylarga o‘z bolalari kabi munosabatda bo‘ldi. Iltifot ko‘rsatib, shirin so‘zlar bilan siniq ko‘ngillariga orom berdi. Mehribon otalariga ajratilgan moviy gumbazni eslatuvchi chodir yonida ular uchun ham maxsus keng chodirlar qurdirdi. Shohona das­turxon soldirib, mehmon qildi.

Jangning ertasiga Amir Temur o‘z qarorgohini Kechio‘ran bog‘lariga ko‘chirdi. Anqara qal’asi kutvoli Yoqubbek ham Temur qarorgohiga kelib, unga tobeligini arz etdi va qal’ani Alisulton tovachiga topshirdi.

 

QUVISh

Urush boy berilganini ko‘rib, chekina boshlagan usmonlilar, asosan, Sulaymon Chalabiy qo‘mondonligidagi lashkarlardan iborat edi. To‘ng‘ich shahzoda Sulaymon Chalabiy yonidagi vaziri a’zam Ali posho, g‘oziy Evronos, Niholo‘g‘li Mahmatbek, Murod posho, yenicheri boshlig‘i Hasan og‘a va boshqalar bilan birgalikda Rumelidagi usmonlilarga tobe yurtlarni boshqarardi.

Sulaymon Chalabiy jang maydonini tark etib, shimoli g‘arbga qarab yurdi va Izmirga yetdi. U yerdan jadal aylab, Bursaga bordi. Bu yerda tug‘ishganlari Fotma va kichik shahzoda Qosimni, qo‘lga kirganicha mol-dunyoni olib, qo‘shinini Bandirma yo‘li orqali Gelibo‘lu ustidan Rumeliga yo‘naltirdi.

Serb askarlari ham Sulaymon Chalabiyning orqasidan tushib, avvalo, Rumeliga o‘tdi, u yerdan Serbistonga ketdi. Suboshi Oynabek esa Bursa yo‘li bilan Bolikesirga keldi va atrofdagi tog‘larga o‘rnashdi. Ora-sira Temur lashkari joylashgan yerlarga bosqinlar uyushtirishga kirishdi.

Mahmat Chalabiy esa mingga yaqin askari bilan Amasya viloyatiga keldi. Usmonli o‘rdusining boshqa ba’zi katta-kichik qismlari ham Istanbul bo‘g‘ozi orqali Rumeliga o‘tib ketibgina jonlarini qutqarib qoldi.

Bu orada Amir Temur ham bo‘sh turmadi: fursatni boy bermay, jangning ketishi va natijasiga ko‘ra, mirzolarini Anado‘luning turli viloyatlariga yubordi. Nevarasi Muhammad sultonni esa Sulaymon Chalabiyni qo‘lga olish uchun Bursaga jo‘natdi.

Muhammad sulton Abubakr bahodir, shayx Nuriddin amir, Jahonshoh bahodirni yoniga olib,  o‘ttiz ming kishilik qo‘shin bilan jahdu jadal aylab, Sulaymon Chalabiy iziga  tushdi.

Temur qo‘shinlari bu yerga kelayotganini eshitgan bursaliklar vahima ichida Mudanya va Ulug‘tog‘ tarafga qochdi. Muhammad sulton besh kun yog‘iyni quvib, nihoyat, Bursaga kirib keldi va shahar idorasini qo‘liga oldi. Biroq u Sulaymon Chalabiyni qo‘lga tushirolmadi.

Qal’a temuriylarga o‘tishi bilanoq shayx Nuriddin barcha molu javohirlar, inju va yoqutlar, naqd aqchalar, qimmatbaho buyumlaru gazlamalarni qo‘lga oldi, xazinalarni alohida yerga tashittirdi. Shuningdek, Bag‘dod hukmdori Ahmad jaloyirning  qizini,  Serbiston qirolining singlisi, Yildirim Boyazidxonning xotini,  shahzoda Olivera va ikki qizini ham asirga tushirdi.

Amirzoda Abubakr o‘n ming otliq qo‘shini bilan Yangishahar ustiga yurdi. Chunki Sulaymon Chalabiyning bir miqdor qo‘shin bilan shu yerda turgani xabari kelgandi. Ammo Sulaymon Chalabiy Gemlik yo‘li bilan dengizga chiqib,  qochib ulgurgan edi.

Ta’qib lashkari qo‘mondoni Muhammad sulton ahvolni Temurga bildirdi, yuztacha sara qo‘riqchilar bilan o‘lja va g‘animatlarni, bir qism asirlarni Sohibqiron huzuriga yo‘lladi. Bu tutqunlar orasida, Boyazidxonning xotini va qizlari bilan birga Shamsiddin Muhammad Buxoriy, Shamsiddin Muhammad Fanoriy, Shamsiddin Jazariy kabi taniqli ulamolar ham bor edi. Ularni keyinroq shayx Nuriddin Amir Temur huzuriga olib kirdi.

Qisqa muddat Anqara atrofida qolgan Temur shu orada bir diplomatik ishni ham bajardi: urush davomida yonida birga yurgan ispan elchilarini, ularga qo‘shib o‘z elchilarini ham Ispaniyaga jo‘natdi.

 

TEMUR  ANADO‘LUDA

Qo‘nyo viloyatiga yo‘nalgan sulton Mahmudxon qo‘mondonligidagi qo‘shinlar Qo‘nyo, Oqsaroy, Oqshahar, Isparta kabi shaharlarni yag‘mo ayladi. Shuningdek, Oydin viloyatiga yuborilgan lashkar ham bu yerlarni talon-taroj  etdi.

Ayni kunlarda Amir Temur bir paytlar Boyazidxon egallab olgan Qaraman, Garmiyon, Oydin, Saruxon, Menteshe va Hamido‘g‘illari beklik­larini o‘z egalariga qaytarib berdi.

17 avgustda, ya’ni urushdan uch hafta o‘tgach, Saruxon begi Manisa shahriga tantana bilan kirib bordi.  Shu tarzda Arzinjondan Muntushuga qadar cho‘zilgan kengliklarda avvalgi bekliklar qaytadan tiklandi. Qaramano‘g‘illari, ayniqsa,  oldingidan ham kuchli hokimiyatga ega bo‘ldi.

Muhammad sulton Manisada, Shohrux Ulubo‘rlu va Kechibo‘rlu taraflarda qishlar ekan, Temur ham Kutaxyadan chiqib, Dengizli, Oydin, Ayasuluk, Tira yo‘li orqali Izmirga yurdi.

Sohibqiron Izmir atrofiga yaqinlashganda, Muhammad sulton ham o‘z qo‘shini bilan unga kelib qo‘shildi. XIV asr o‘rtalarida turklardan olib qo‘yilgan Izmir va uning tevaragidagi ba’zi qal’alar 1402 yil 2 dekabrda  Temur o‘rdusi tarafidan zabt etildi va bari Oydino‘g‘illari ixtiyoriga berildi.

Temur endi Rumeli sari yo‘nalmoq niyatida edi. Zero, Vizantiya imperato‘ri Manuel Boyazidning asirga tushganidan rosa quvongan, ammo Temur Rumeliga o‘tmoq uchun kema tayyorlayotgani haqida xat olgach, dami ichiga tushib ketgan edi. U Temurning o‘n besh kunda Izmirni qamalda tutib, so‘ng zabt etganini eshitgach, Istanbulga ham xuddi shu tarzda hujum uyushtirishi mumkinligini taxmin qildi. Shu fikrga kelgach esa, darhol Temurga armug‘onlar bilan elchilar jo‘natib,  unga tobeligini bildirdi.

Ayni paytda Temur sulton Husayn bahodir, amir Sulaymonshoh bahodir, Rustam Tog‘aybug‘alarni o‘z qo‘mondonligidagi qo‘shin bilan birga Oqshahar va Qo‘nyo taraflarni zabt etishga yo‘llab, o‘zi ham katta qo‘shin bilan Sivrihisorga yetib kelgan va o‘rdugohini qurib, shu yerda to‘xtagan edi.

Sulton Mahmudxon, Iskandar mirzo va sulton Husayn qo‘mon­donli­gidagi lashkarlar g‘arbiy Anado‘luga tarqaldi. Ular Qo‘nyo, Oqsaroy, Hamidelini yag‘mo aylab, bir qism aholini asirga olib, atrofni vayron qildi. Oydin va tevaragini esa Saidxo‘ja va Shayxali bahodir askarlari xarob etdi.

“Zafarnoma”da ta’kidlanishicha, Temur qarorgohini Sivrihisordan Saidg‘oziyga, u yerdan Afyo‘n-Qorahisor orqali Kutaxyaga ko‘chirgan va Kutaxyada katta ziyofat bergan, unda Yildirim Boyazidni chaqirib, iltifotlar ko‘rsatgan. Sohibqiron bir oy Kutaxyada qolgach, so‘ng Yildirim Boyazid bilan birga Oltintoshga o‘tgan.

Anado‘luni istilo  qilgan  Amir Temur har yoqni usmonlilar qarshi­ligidan butkul tozalay olmagach, qanchalar orzu etsa ham, turumi uyg‘un bo‘lmagani sababli Rumeli  sari yurmagan.

Vizantiya imperato‘ri Temurning Anado‘ludagi fath va g‘alabalarini eshitgach, unga elchi yuborib, do‘stlik izhor aylab, xiroj berishga tayyorligini bildirgan. Temur imperato‘r elchilarini yaxshi qabul qilib, xiroj miqdorini tayin etib, ularga to‘nlar kiydirib, izzat-ikrom bilan mamlakatiga jo‘natgan.

Shu chog‘da Isfandiyorbek Sinopdan mingta ot keltirib, Temurga hadya qilgan. Temur ham bunga javoban Isfandiyorbekka toj, kamar, kiyim va oltinlar bergan.

Shundan so‘ng Temur Dengizli viloyatiga borar ekan, Adirnada o‘z hukmdorligini e’lon etgan Sulaymon Chalabiy ham elchi va armug‘onlar yuborib,  Sohibqironga do‘stlik va hurmat izhor aylab, quyidagi xabarni jo‘natdi: “Otamga ko‘rsatgan iltifotu ikromlaringiz tufayli men ham sizga itoat etadirman. Buyrug‘ingizni bajaraman, agarda amr etsangiz, huzuringizga yetib boraman”.

Temur unga ham lutf aylab, javoban: “Endi  bo‘lgan ish bo‘ldi, bari o‘tdi, taqdirda borini ko‘rdik. Biz barini kechirdik, agarda Yildirimning o‘g‘li ham kelib, itoat etsa, unga otasiga qilganimizdan ham ortiqroq iltifot va karam ko‘rsaturmiz. Hech o‘ylab o‘tirmasdan kelsin, shu asnoda oramizdagi dushmanlik va vahshat ham ko‘tarilsin,” deya xabar yo‘lladi. Elchiga bo‘rk, zarbof to‘n kiydirdi, oltin-la naqshlangan qayish, aqcha va otlar hadya etdi-da, mamlakatiga qaytardi.

Shundan so‘ng Yildirim Boyazidning o‘g‘li Iso Chalabiy yuborgan Qutbiddin degan elchi ham keldi, Amir Temurga shahzodaning hurmat va itoatda ekanini arz etdi. O‘zi olib kelgan qimmatbaho ot va armug‘onlarni topshirdi. Temur undan ham iltifot va shafqatini ayamadi, elchiga va Iso Chalabiyga  hadyalar berib, barchani mamnun etdi.

Bu iltifotlarga qaramay, Temur o‘z qarorgohini Kutaxyadan Oltintoshga ko‘chirgan bir paytda, Mahmat Chalabiy otasi Yildirim Boyazidni qutqarish uchun josus va fidoyhilarni jo‘natdi. Ular yer ostida lahim qaziyotgan chog‘da qo‘lga tushdi va Temur buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirildi. Temur bu ishga aralashgan deya shubhalangan Feruzbekni ham o‘limga buyurdi. Yildirim Boyazidni olib qochishga  urinish Amir Temurni yanada ehtiyotkor qilib qo‘ydi. Xususan, yonida olib yurgani tutqun hukmdorlar yo‘llarda turli bosqinlar sabab olib qochilishi mumkinligini ko‘zda tutib, muhofazani kuchaytirdi.

O‘sha kunlarda Mardin hokimi malik Iso ham Temur qarorgohiga kelib,  undan afv  va panoh so‘radi.[11]

 

IZMIR  FATHI

Amir Temur Dengizlida bir muddat turgach, Tirga keldi. Bu yerda turklar bilan suhbat qurib, Izmir haqida tushuncha hosil qildi. Bu yerliklar unga musulmonlar tinchi va huzuri uchun Izmir olinishi lozimligini uqtirishdi. Jumladan, bunday deyishdi: “Bu – farang qo‘mondonlari to‘plangan shahar. Unda ikkita qal’a bor. Birida musulmonlar, boshqasida farang kofirlar yashaydi. Faranglar qal’asi uch tomondan dengiz bilan o‘ralgan, faqat bir tarafi quruqlikdir. Ammo juda katta handaq qazdirilgani uchun quruqlik  tarafi ham o‘ta mahkam. Ular bu yerni muqaddas makon deb biladilar. Har yili minglarcha inson Ovrupodan kelib, bu qal’ani ziyorat etadi,  ionalar va sadaqalar qiladi. Bu kofirlar Izmirning musulmon qal’asidagi xalqqa tinchlik bermaydi, kecha-kunduz demay musulmon qishloqlariga hujum uyushtiradi. Ular atrofdan talab kelgan o‘ljalarini shu qal’ada saqlaydi. Havralari[12] va kalisolari obod, mol-mulklari ko‘p, xazinalari to‘la. Bugungacha hech kimga boj-xiroj to‘lashmagan. Yildirim Boyazidxonning otasi Murodxon bir vaqtlar bu qal’ani qamal qilgan-u, biroq ololmagan. Bu yerni fath etsangiz, musulmonlar osoyish topgaylar va sizni duo aylagaylar”.

Bu so‘zlardan Sohibqiron ancha mutaassir bo‘ldi. Shu atrofni kofirlardan tozalashni vojib deb bildi va musulmonlarni faranglar zulmidan qutqarishni va’da qildi. Darhol amirzoda Pirmuhammad bilan Nuriddin bahodirni ilg‘or qismlar bilan Izmirga yo‘lladi. Ularga “Avvalo sunnatga binoan elchi yuborib, ularni islomga da’vat eting. Qabul qilmasalar, juzya va xiroj to‘lasinlar. Shulardan biriga ko‘nsalar ham, yetar, ularga hujum qilmang, yaxshi muomalada bo‘ling,” dedi.

Shahzoda Pirmuhammad va beklar o‘z qo‘shini bilan darhol yo‘lga chiqdi. Jahdu jadal bilan qal’a qarshisiga yetdi va elchi jo‘natib,  takliflarini bildirdi.  Biroq qal’a hokimi Magnus elchini haqorat qilib, ortiga qaytardi. So‘ng esa shu yaqindagi orollarga chopar yo‘llab, nasroniy boyonlardan ko‘mak so‘radi. Magnusning shu  da’vati bilan Izmir orollaridan ikki mingtacha askar keldi, mo‘l-ko‘l oziq-ovqat va qurol-aslaha to‘plandi.

Magnusning qo‘pol javobi va nasroniylarning yordamchi kuchi haqida Temurga xabar yetkazildi. Sohibqiron shiddatli yog‘ingarchilikka qara­may, 1402 yil 2 dekabrda Tiradan yo‘lga chiqib, Izmir qal’asiga keldi va o‘z qarorgohini qurdi. Temur qo‘shini to‘qmoq-la gumburlatib chalingan dovullar tovushi jo‘rligida tayyorgarligini tugatib, hujumga o‘tdi va qal’a devorlariga uch yondan yopirildi.

Sohibqironning niyati quruqlik yoqdan zarba berib, qal’a devorlaridan teshiklar ochib, so‘ngra manjaniqlardan olovli o‘qlar yog‘dirib, yog‘iyni taslim etish edi. Har ikki tomon ham bir-biriga o‘q, tosh, olov yog‘dira boshladi. Ammo qanchalar tirishilmasin, bu urinishdan bir natija chiqmadi. Faranglar shaharni o‘lib-tirilib himoya qilardi.

Amir Temur bunaqa zarbalar bilan qal’ani olib bo‘lmasligi, albatta, dengiz tomondan ham hujum uyushtirish kerakligini angladi. Shunga ko‘ra, harakatga kirishdi.  Hisor tevaragi bo‘ylab to‘siq qurdirdi. Bu to‘siq va qal’a devori orasida unda-munda, askarlarning qal’aga chiqishini qulaylashtiradigan g‘ildirakli  yog‘och minoralar yasattirdi.  Har bir minoraga ikki yuz lashkar sig‘ardi. Minorani har tarafga siljitib, qal’a devoriga yaqinlashtirish, uzoqlashtirish mumkin edi. Bu orada o‘n mingga yaqin lahimchi ham anchagina ish qilib ulgurdi, istehkomlar qazilib, qal’a devorlari o‘pirilib tushishga tayyorlandi.

Sohibqiron bu ishlardan ham qoniqmay, dengizdan ko‘makka keluvchi kemalar yo‘lini to‘sish maqsadida ichki limanni harsanglar to‘ktirib, g‘ov yasatdi. Shu tarzda tashqaridan yaqinlashgan kemalar limanga kirishiga imkon qolmadi. Bu ishlardan xabar topgan yog‘iy kemacha va qayiqlari tong otmasdan ochiq dengizga qarab qochdi va kirish limani og‘zi toshga to‘ldirilgach, qisuvda qolib yoqilishdan qutuldi.

Ichki liman og‘zi tosh bilan berkitilgach, quruqlikda qurilgan to‘siq bilan dengizda yasalgan to‘siq birlashtirildi va qal’ani butunlay o‘rab olishga erishildi.  Endi bu jabhadan kuchli zarbalar yog‘dirish mumkin edi.

Shu chog‘da choparlar faranglarga yordam yetib kelgani haqida xabar yetkazdi. Qamalning o‘n to‘rtinchi kuni edi. Sohibqiron o‘rdudagi barcha qo‘shinga yoppa hujumga o‘tish buyrug‘ini berdi. Hisor ostida qazilgan lahimlardagi tiragich yog‘ochlar yondirildi va oqibatda qal’a devori cho‘kib, o‘pirila boshladi. Qal’adagi mudofaachilar nima bo‘layotganiga aqli yetmay, gangib qoldi. O‘pirilgan yerlardan Temur bahodirlari shiddat bilan yorib kirdi va qal’ada qirg‘in boshlandi. Butun qal’a ahli limandagi kemalar tomon qochardi. Biroq limandagi ozgina kema bir pasda to‘ldi. Faranglar endi kemalarga jon halpida tirmashayotgan dindoshlarini ko‘pirib yotgan to‘lqinlar ichiga uloqtirardi. Qochganlar orasida qal’a qo‘mondoni Magnus ham bor edi.

Qal’adagi mudofaachilarning bari qilichdan o‘tkazildi. Shunday qilib, tong qizarib borar ekan, ayni shafaq paytida Izmir fath etildi.

Shu vaqtda yordamga yetib kelgan faranglar muhtasham va mustahkam qal’a ag‘darilib, xarobaga aylanganini ko‘rib, lol qoldi.

Bu o‘lkaning musulmon aholisi Izmirning shunday qisqa vaqt ichida zabt etilganiga hayron bo‘ldi. Barcha Sohibqironga bu azim g‘alaba boshqa yo‘ldan kelgan, bu zafar Ollohning lutfu inoyati, ilohiy hodisadir, deb so‘zlay boshladi.

Amir Temur qal’a fathidan qo‘lga kiritilgan barcha o‘lja va g‘animatlarni turklarga tarqatdi. O‘sha kundan e’tiboran Izmir butunlay turklar qo‘liga o‘tdi. Shu asnoda “turk Izmir”, “g‘avur Izmir”[13] degan ayirmachi atamalarga ham chek qo‘yildi.

Amir Temur shundan so‘ng Muhammad sultonni vizantiyaliklarga qarashli Fo‘ka qal’asi zabtiga yo‘lladi. Bu qal’adagilar Izmir boshiga tushgan dahshatni eshitib, qo‘rquvdan o‘takalari yorilayozgandi. Mo‘l-mo‘l hadyalar yuborib, xiroj to‘lashni bo‘yiniga olib, omonlik tilab, jangsiz-janjalsiz qal’ani Muhammad sultonga topshirdi.[14] Bundan ibrat olgan Saqich oroli begi ham allaqancha tortiqlar bilan elchi yuborib, boj-xiroj to‘lashga roziligi va Temurga itoatda  ekanini arz etdi. Shu tarzda Saqich oroli ham hujumdan qutulib qoldi.

 

YILDIRIM BOYaZIDNING VAFOTI

Ibn Arabshohning yozishicha, Yildirim Boyazid oxirgi uchrashuvida Temurga bunday vasiyat qilgan: “Ey, Temur, endi sening asiringman. Qo‘lingdan sog‘-salomat qutulib ketolmasligimni bilaman. Sen ham bu iqlimda qolmassan. Shu bois senga uch vasiyatim bor. Bu o‘gitlarim ikki dunyo yaxshiligi uchun dasturdir.

Birinchisi shulki, zinhor diyori Rum insonlarini o‘ldirma. Chunki ular islom ustunlaridir. Sen dinning zafari uchun ibrat bo‘lishing kerak. Zotan, musulmonligingni aytib turibsan. Bugun xalqlarni amring ostiga olib, koinot jismiga bosh bo‘lding. Agar xalqning tirikchiligi va ahilligiga sening dushmanliging vositasi ila biror zarar kelsa, Yer yuzida fitna va katta fisqu fujur paydo bo‘ladi.

Ikkinchi o‘gitim shulki, tatarlarni bu yerda qoldirma. Chunki ular fisqu fasod moddasidirki, hatto sen ham ularga ko‘zingni ochibroq qara va doim ehtiyot bo‘l. Ularning hiylayu nayranglariga aldanma. Ne yoziqki, ularning yomonligi yaxshiligidan ko‘pdir. Rum tuprog‘ida ulardan birortasini ham qoldirmaki, agarda bunda tursalar, shu yerlarni o‘z qavmlari oloviga to‘ldirib, bu o‘lka insonlarining  ko‘z yoshlari va qonlarini daryo kabi oqtirurlar. Chunki ular musulmonlarga va ularning makonlariga nasroniylardan ko‘ra ham ortiqroq zarar berurlar.

Uchinchi o‘gitim shuldirki, vayronchilik qo‘lini musulmonlar qal’a­lariga uzattirma, ularni yashab turgan vatanidan quvma. Chunki bu hisorlar din qal’alaridir va dinu diyonat yo‘lida g‘azot va jihod aylaganlar sig‘noqlaridir.

Bu o‘gitlarim bir omonatdir va men ularni senga topshirdim…”[15]

Amir Temur Yildirimning bu so‘zlarini tinglab, unga “Ko‘nglingni to‘q qil, barcha aytganlaringni bajaraman,” deya so‘z berdi.

Nashriy va O‘rujbekning xalqdan yozib olingan Usmonli solnomalarida ham bu gaplar bor.

Haqiqatan ham, Temur o‘z yurtiga qaytar ekan, qoratatarlarni ham yonida olib ketdi. Ularning soni taxminan qirq-ellik ming kishi edi. Qoratatarlarni Anado‘ludan ko‘chirish ishi Shohrux mirzo, sulton Husayn va amir Sulaymonshohga topshirildi. Bu muhim vazifa yuklangan qo‘shin biror kimsani chetga chiqarmay, askarlarni ham yag‘mo yo talonga yo‘naltirmay, tartibni saqlagan holda yo‘lda davom etdi.

Temur Boyazidxonni, bir tarafdan, davolanishi, boshqa tarafdan,  tinchlanib, o‘ziga kelib olishi uchun uchun tabibu hakimlar bilan birga Oqshaharga yubordi. Eng mashhur ikki hakimi – mavlono Jaloliddin Arabiy va mavlono Mas’ud Sheroziyga podshohning salomatligi uchun nima lozim bo‘lsa, barchasini ado etishni amr qildi. Sultonga qarata “Ey, jasoratli Boyazidxon! Seni ham Samarqandga olib ketaman. U yerlarni ko‘rasan, keyin yana mamlakatingga qaytarib yuboraman”, deya ko‘nglini ko‘tardi.

Biroq Temurning bu mehribonlarcha so‘zlari ham, ikki xoziq tabibning sa’y-harakatlari ham Yildirimning dardiga darmon bo‘lolmadi. G‘ayrati ichiga sig‘magan mahzun hukmdor falak o‘z boshiga solgan falokatlardan qutulish yo‘lida o‘limni xohlar edi. Nihoyat, u 1403 yil 8 fevralda bu o‘tkinchi dunyo bilan xayrlashdi va oxirat olamiga ko‘chdi.

Izmirni zabt aylagan Temur Oqshaharga qarab yurar ekan, bu sovuq xabarni yo‘lda eshitdi. U og‘ir qayg‘uga botdi, afsus va alam chekib, bunday dedi: “Dinimizning suyanchlari bo‘lgan Usmonli podshohlarning kofirlarga qarshi ko‘rsatgan jangu jadalidan, g‘ayratu himmatidan voqif bo‘lgach, men ham ularning saltanatini yiqitish fikridan voz kechgandim. Ayniqsa, jannatmakon sulton Yildirim Boyazidning tuban dushmanlarni g‘orat qilish va dinimizni yuksaltirish yo‘lidagi fidokorona ishlaridan, g‘ayratu jonbozliklaridan xabar topganimdan buyon unga yordam berishni, uni quvvatlantirishni, ko‘nglini olishni istadim. Uning sulolasini qo‘riqlashni esa dindorlikning bir namunasi deb bildim. Orzu-amalim Rum o‘lkasini butunlay qo‘lga kiritgach, Yildirimxonni takror taxtiga o‘tqazmoq, hurmat-izzatini joyiga qo‘ymoq edi. Islom sarhadlari muhofazasi, g‘azot va jihod an’analari davom etishi uchun bu ulug‘ xoqonga yordam ko‘rsatish vositasida o‘zimdan yaxshi ot va xayrli xotira qoldirishni o‘ylagandim”.

Yildirim Boyazidxon vafot etgach, uning jasadi dorilanib, Oqshahardagi Mahmud Hayroniy hazratlari maqbarasiga vaqtincha qo‘yildi. Temur uning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi, ularga ehsonlar qildi. Bir muddat o‘tib Samarqandga qaytarkan, Yildirim Boyazid jasadini Bursaga olib borish va ulug‘ marosim bilan dafn etish haqida ko‘rsatma berdi.[16]

 

BOYaZIDXON O‘ZINI O‘ZI O‘LDIRGANMI?

Nashriy tarixida “Bir hikoyat” nomli rivoyat bor, unda, jumladan, bunday deyilgan: “Temur Rum viloyatini zabt etib, uni Qaraman o‘g‘liga berdi. Yildirimxon buni eshitib, qattiq xafa bo‘ldi, og‘rindi. “Dushman hukmi ostida xorlangandan, mamlakatni yotlar qo‘lida ko‘rgandan ko‘ra o‘lim yaxshidir”, deya uzugidagi og‘uni ichib, o‘zini o‘zi o‘ldirdi.”

Oshiqposhozoda tarixida esa, “Samarqandga olib ketilishini eshitganidan so‘ng o‘zicha bir qarorga keldi”, deya intixor etganiga ishora qilinadi.

Nashriy va Oshiqposhozodalar tarixidagi bunga o‘xshash ma’lumotlardan ta’sirlangan, ularga suyangan mahalliy va xorijiy muarrixlar, romannavis, hikoyanavis va boshqa ijod ahli ham Yildirim o‘zini o‘zi o‘ldirgani borasidagi fikrni ilgari suradi.

Holbuki, “Nashriy tarixi”da bu voqea bayonidan avval Boyazid o‘limiga ikki sabab ko‘rsatilgan. Birinchisi shuki, Yildirim Boyazidxon og‘ir qayg‘u-alamga botib, bezgakka yo‘liqadi, kasali kundan-kunga kuchayib, vafotiga yo‘l ochadi, deyiladi.

Mavlono Mahmat bin Qutbiddin Iznikiydan rivoyat qilgan ikkinchi voqeada esa, “Podshohning isitma otashi hech pasaymagani bois o‘lganini eshitgandim,” deyilgani ta’kidlanadi.

Temur tarixchilaridan Sharafiddin Ali Yazdiy ham Yildirim Boyazid nafas yetishmasligi va tomoq og‘rig‘i xastaligidan vafot etganini yozgan. Nizomiddin Shomiy esa “Zafarnoma”sida Yildirimxon eski kasalining  mag‘lubiyat alami ta’sirida qo‘zg‘olib, bora-bora zo‘raygani bois kuchdan qolib, vafot qilganini yozadi. Bu ikki tarixchi Boyazidxonni davolagan tabiblar bilan suhbatlashgan bo‘lishi ham mumkin, degan fikrdamiz.

Keyingi tarixchilardan xo‘ja Sa’diddin afandi podshohning xastalik oqibatida; Buhishtiy xummali muhrika, ya’ni isitmadan; Xammer falajdan; Munajjimboshi xunnoq, ziki sadr va isitmadan vafot topgan, deya yozganlar.

Boyazidxon bilan bir davrda yashagan ibn Arabshoh, shuningdek, Boyazidga yaqin zamonda yashagan Shukrulloh, Qaramaniy Mahmad posho va Anvariy kabi mashhur tarixchilar ham o‘z asarlarida podshoh o‘zini o‘zi o‘ldirgani haqida biror og‘iz so‘z aytmagan va o‘z ajali bilan o‘lganini ta’kidlagan.

Shuncha dalillarni bir yonga qo‘yib, Nashriyning hikoya tarzida yozilgan birgina rivoyatiga yopishib olish, unga ko‘ra hukm chiqarish tarix fani metodi nuqtai nazaridan maqbul emas.

Bundan tashqari, Yildirim Boyazidxon zamonida ham, undan keyingi davrlarda ham Usmonli podshohlarining urushga kirar ekan, uzuklarida zahar olib yurgani haqida tarixlarda biror jumla ham, biror manba ham yo‘q. Zotan, Yildirim Boyaziddek jasur qahramon, dindor hukmdor jangdan oldin asirlikni va o‘z-o‘zini o‘ldirishni o‘ylashi, buning uchun uzugiga og‘u joylashtirishi tasavvurga sig‘maydi. Eng laqma odam ham bunday gapga ishonmaydi. Ushbu masalani manbalarga suyanib ilmiy tahlil etganimizda ma’lum bo‘ladiki, o‘z saltanati boshiga kelgan falokatdan alam chekish va  shuning oqibatida turli xastaliklarga yo‘liqish buyuk turk xoqoni o‘limiga sabab bo‘lgan.

 

TEMIR QAFAS MASALASI

Ibni Qozi Shuhba, ibni Arabshoh kabi ba’zi arab tarixchilari Temur Boyazidxonni temir qafasga soldirib, el orasida olib yurgani, sultonning xotinini bazmda soqiy qildirgani haqida  yozgan.[17]

Bu o‘rinda shuni aytmoq joizki, arab tarixchilari  o‘z o‘lkalarini zabt etgan Boyazid va Temurni yoqtirmagan, shuning uchun bu ikki buyuk xoqon to‘g‘risida yaramas rivoyatlar to‘qigan, bu – ayni haqiqatdir. Masalan, vizantiyalik tarixchilardan Dukas va Qalqandil temir qafas haqida biror jumla bitmagan. Franzes esa Yildirim temir qafasga solingani, hatto otga minar ekan, undan minish toshi sifatida foydalanganini yozgan.

Xullas, Temurning Boyazidxonni temir qafasga tiqtirgani va uni masxara qilib, shaharlarda sazoyi ettirgani hikoya va romanlarda ifodalangani, bu voqealar xalq ongiga o‘rnashib qolgan mashhur rivoyatlar ekanini ta’kidlashni istardik. Biroq jiddiy tarixchilar bu rivoyatga e’tibor bermagani ham ma’lumdir.

Temur tarixini kunma-kun yozgan Sharafiddin Ali Yazdiy va shoir Xotifiy Temur Boyazidxonga juda nozik muomala va munosabat ko‘rsatganini ta’kidlagan, ularda temir qafas borasida birorta ham jumla uchramaydi.[18]

Shuningdek, Sharq tarixchilarining eng mo‘tabarlaridan sanalguvchi Loriy va Janobiyda ham temir qafas rivoyati yo‘q.

Mashhur tarixchi xo‘ja Sa’diddin afandining fikricha, bu – to‘qimadir, chunki, agar  chindan shunday voqea yuz bergan bo‘lsa, Temurni ko‘klarga ko‘tarib usmonlilarni yerga urgan  rasmiy tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy bu  voqeani albatta  qayd etardi.

Xammer temir qafas masalasini usmonlilar, temuriylar va g‘arb tarixchilari qarashlari va naqllari asosida tahlil etar ekan, bu voqea uch asrdan ortiq vaqt mobaynida turli maqolalar mavzusiga aylangan afsonadan boshqa narsa emas, degan to‘xtamga keladi.

Xo‘sh, unda bu temir qafas masalasi qayerdan chiqdi?

Usmonli sultoni yo‘lda ketar ekan, o‘z askarlari nigohi ostida yo‘l bosishni istamagani uchun bir taxtiravonda bormoqni maqbul topgan. Podshoh foydalangan bu taxtiravon ba’zi manbalarda qafas deb ham yozilgan. Zero, Fotih davrida ham devoni xumoyunda, saroy yig‘inlarida podshohlar majlisni kuzatib o‘tiradigan xosxonaga nisbatan qafas ta’biri qo‘llanilgani ma’lumdir.

Demak, qafasning taxtiravon ekanini atay rad etgan va pashshadan fil yasashga uringan ba’zi romanchilar hamda Usmonli xoqonini qasddan yerga urishni istagan g‘arblik mualliflar temir qafas bo‘htonini to‘qib chiqargan. Afsuski, ayrim turk qalamkashlari ham bu tuhmat yoyilishiga ulush qo‘shgan.

Qisqasi, Temur Boyazidxonga, u asirga tushganidan to vafot etgunicha, hatto o‘limidan keyin ham podshohona munosabat ko‘rsatgan. Yildirimning xotini ham asira sifatida olib kelinganida, u eri ixtiyoriga topshirilgan.

Bundan tashqari, Temur Boyazid bilan qarindosh ham bo‘lgan. Ya’ni Kutaxya shahrida turgan paytida Yildirimning to‘ng‘ich qizini nevarasi Abubakr mirzoga, Malak posho degan kenja qizini esa amir Jaloliddin Islomning o‘g‘li Shamsiddin Muhammadga nikohlab, to‘y qilib bergan.

 

TEMURNING  ANADO‘LUDAN  QAYTIShI

Amir Temur Izmirni zabt etganidan so‘ng Katta Menderes vodiysi bo‘ylab sharqqa qarab yo‘nalar ekan, yo‘lda Ulug‘bo‘rlu qal’asini egallab, tor-mor aylab, keyin Egridirga yetib keldi.

Egridirni ham zabt etgach, Egridir ko‘li o‘rtasida barpo etilgan Nis (bugungi Yashil) qal’asini qo‘lga kiritdi. Egridirdan to‘ppa-to‘g‘ri Oqshaharga yo‘naldi. Yo‘lda Qaraman o‘g‘li Mahmatbek Qo‘nyodan kelib, unga tobelik izhor etib, omonlik mollari, jumladan, allaqancha boylik, gazlama, ot, xachir berdi. Temur ham unga iltifot va izzat-ikrom ko‘rsatib, yurtiga jo‘natib yubordi.

Oqshaharda turganida, Temur huzuriga ikki Misr elchisi keldi, juda ko‘p qimmatbaho armug‘onlar sundi va Misr sultoni Farajning unga tobeligini arz etdi.

Boyazidning vafotidan bir oycha o‘tgandi. Shu pallada, 1403 yil 12 martda Sohibqironning eng yaxshi ko‘rgan nevarasi Muhammad sulton to‘satdan vafot etdi.

Muhammad sulton o‘n to‘qqiz yoshda edi, ko‘plab janglarda qatnashib, muvaffaqiyatlar qozongandi. Nihoyatda qo‘rqmas yigit edi. Temur unga kelajakning xoqoni deb qarab, qattiq mehr qo‘ygandi.

Temur, xuddi Boyazidxon vafotida aytganiday, “Inna lillahi va inna ilayhi rojiun” oyatini o‘qidi va boshqa hech bir so‘z so‘ylamadi. Davlat arboblari motam kiyimlarini kiydi, xotinlar alamdan ko‘ksiga mushtlab yig‘ladi. Barcha lol qolib, qayg‘uga ko‘mildi.

Temur bu falokatni ilohiy bir tanbeh deb o‘yladimi, hartugul, o‘rdusiga darhol Anado‘luni tark etish amrini berdi.

Sulton Boyazid vasiyatiga muvofiq O‘rta Anado‘ludagi qoratatarlarni butun oilalari, mol-hollari bilan birga qo‘shin muhofazasiga olib, Qo‘nyo-Qaysari-Sivas yo‘li orqali Anado‘ludan olib chiqib ketdi.

Temurning Anado‘lu safarida doimo yonida yurgan tarixchi Hofizi Abro‘ga ko‘ra, qoratatarlar o‘ttiz ming chodir edi. Ular Temurning ko‘chirishiga istar-istamay ko‘ngan bo‘lsa ham, biroq Eronda, Domg‘onga yetganida isyon ko‘tardi. Bu uchun ularga qattiq jazo berildi.

Temur 1403 yil ko‘klamida Sharqqa qaytar ekan, shu vaqtda Sultoniya­da bo‘lgan katta xotini Saroymulkxonim, marhum shahzodaning onasi Xonzodaxonim, boshqa oqalar va xotunlar bilan barcha yaqinlarga Avnik chegarasiga qarab yurishini buyurdi. Motamzadalar karvon-karvon bo‘lib, yig‘lashib-siqtashib Avnikka yetib keldi. Bu paytda orqaga qaytayotgan Temur ham Avnik qal’asiga yetib, qo‘r to‘kdi.

Sohibqiron oilasi bilan ko‘rishib, nevarasi Muhammad sulton ruhiga  xayru hasanot qildi. Marhum nevarasiga atab, yangidan motam uyushtirdi. Taqlidan qo‘yilgan tobut qarshisida barcha marosimlar bajarildi. Bu makonda bir muddat qolindi va butun fuqaroga sadaqalar tarqatildi. Nizomiddin Shomiy Temurni ko‘p qayg‘uga solgan bu hodisani bunday tasvirlagan:

“Marhum amirzoda Muhammad sulton motamini yangiladilar. Yer moviy kiyinganlarning ko‘pligidan ko‘kka o‘xshab qoldi. Osmon yer kabi boshiga tuproqlar sochdi. Oy yuzli xotinlar qora kiyimlarga burkandilar. Chehralari Cho‘lponday porloq qizlaru juvonlarning kunlari quyosh tutilgandagiday qop-qora bo‘ldi. Tog‘u sahrolar motamzadalarning faryodu fig‘oniga to‘ldi. Ko‘zlaridan oqqan qonli yoshlar bois bu makondagi tog‘laru tepalar alvonga burkandi. Rostdan ham, shunday shahzoda o‘ladi-yu, bu so‘ngsiz ayriliqqa chidamagan ko‘zlardan qon yoshlar to‘kilmaydi, deysizmi. Barchaning yuragi yonardi. Bu motam havosi shoirning “Agar shu ko‘zlarim ko‘nglim kabi yonib yig‘lasaydi, ko‘kdagi qushlar, dengizdagi baliqlar ham menga achinib, faryod urardi”, degan ma’nodagi misralarini yodga soldi.

Amir hazratlari marhum shahzoda ruhiga atab turli-turli sadaqa va ehsonlar qilishga, xatmi Qur’on marosimlarini o‘tkazishga buyurdi. Dasturxonlar yozildi. Faqirlarning qorni to‘ydirildi. Qalblar taskin topishi uchun olim va solihlarni to‘pladilar, ikki dunyo masalalaridan suhbatlashdilar va g‘amu kadardan birmuncha uzoqlashdilar. Barchaga e’zozu ikrom ko‘rsatildi, sarpolar kiydirildi, so‘ngra uylariga qaytmoqqa ijozat etildi”.

 

GURJISTON YuRIShI

Temur o‘rdusi bilan Anado‘ludan chiqar ekan, yana Arzirumga keldi. Temurning Anqara jangida qozongan g‘alabasi nafaqat Sharq mamlakatlari, balki G‘arb davlatlari saroylarida ham katta g‘ulg‘ula uyg‘otgan, xalqaro elchilik siyosatida yuzlarcha o‘zgarishga yo‘l ochgandi.

Temuriylarning Usmonli saltanati bilan bo‘lgan bu urushida Misr sultoni Faraj Temurni qo‘llab-quvvatlagan edi. Gurjilar qiroli Georgiy Yettinchi esa, aksincha, terslik ko‘rsatgandi. U Amir Temurning Boyazid ustidan qozongan zafarini qutlamagani yetmaganday, keyingi vaqtlarda musulmonlarga qarshi bosqinlar qilib turgani xabari Sohibqironga yetkazildi. Bu hol unga yoqmadi, albatta, oqibatda Gurjis­ton yurishiga qaror qilindi. Anado‘lu tuproqlari bosib o‘tilgach, o‘rdu gurjilar chegarasiga yetib bordi.

Sohibqiron Mingko‘lga borib to‘xtaganida, qirol Georgiy Yettinchining ukasi Konstantin o‘lkadagi ichki ziddiyatlar bois Temurga sig‘inib kelib, unga armug‘onlar sundi. Temur olg‘a yurishda davom etar ekan, qayerda to‘xtasa, yuqoridagi kabi ahvol yuz berdi: o‘sha atrofdagi voliylar, beklar Sohibqiron huzuriga kelib, tobeligini bildirardi. Shu orada qirol Georgiy Yettinchi ham es-hushini yig‘ib olib, Temurga tortiqlar jo‘natib, o‘zini avf etishini so‘radi. Ammo Temur uning bu ishini maqbul topmadi va avval huzurimga kelsin deb, hadyalarini qaytarib yubordi. Georgiy yana unga armug‘on va elchilar yo‘llab, Mardin hokimi, boshqa voliylar, beklarga qilinganidek munosabat ko‘rsatilishini, ya’ni avvaliga tortiqlari qabul etilishi, so‘ngra o‘zi borishiga ruxsat berilishini so‘radi. Ammo Temur bu gal ham qirol iltimosini rad etdi va elchilarga bunday dedi:

“Unga yetkazing, aytar gapim – shu: sening masalang boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Agar jazodan qutulishni istasang, hech o‘ylab o‘tirmay, tez yonimga kel, Olloh mening huzurimda seni o‘z yordamiga yo‘ldosh etadir va sen musulmon bo‘ladirsan, ana u zamon ko‘radirsan senga qanchalar lutfu ehson etilganini, buni olam ham ko‘rar va eshitar. Agar senga Ollohdan tavfiq yetishmasa, unda mening qo‘limdan keladigan bir ish yo‘qdir. Janobi Haqning amriga ko‘ra, senga faqat juzya berishni buyuraman. Moling, or-nomusing, xotin, bola-chaqang ma’sum qoladir. Senga e’zoz va ikrom ko‘rsatib, mamlakating idorasini yana uddangga topshiraman. Agar bularga ko‘nmay, keyin takror ma’zurlik istasang, uzring qabul bo‘lmas”.

Elchilar qaytib ketgach, Temurga gurjilarning ekinlari pishgani, faqat hosilni yig‘ib olishga hali ertaligi, bu ish oldidan ba’zi yumushlar borligi bahona qilinayotgani xabari yetdi. Shunda Sohibqiron amirzoda shayx Nuriddin bahodirga ilg‘or qismlar bilan birga o‘lkaning har tarafiga tarqalish va hosilni askarlarga yig‘dirishni buyurdi. Oqibatda qirol ortiqcha chiranmay, orqaga chekindi.

Bu orada Temur amirlari o‘z qo‘shini bilan Gurjiston o‘lkasidagi qishlog‘u qasabalarga bosqinlar uyushtirib, yana qarorgohga qaytdi. Ular ikki chuqur vodiy o‘rtasidagi tekislikda boshi osmonga tutashgan yuksak tog‘ borligini ma’lum qildi. Aytishlaricha, tog‘ning janub tomoni juda baland, boshqa taraflariga ko‘ra bunda yurish o‘ta xavfli, narvonlar vositasida ham, boshqa biror yo‘l bilan ham tepasiga chiqib borish imkonsiz edi. Tog‘da tor, aylanma bir yo‘l bor, xolos. Vodiy atrofi biqiq, tor-tang bo‘lgani bois bu yerda o‘rdu qo‘r to‘kolmasdi. Tog‘ tepasida qurilgan qal’a tevaragi yuz ellik gaz balandligida tosh devor bilan o‘ralgandi. Bundan tashqari, qal’aning uch tomoni tubsiz jarlikdan iborat bo‘lib, shu bois qal’a darvozasiga yovuq bormoq amrimahol edi. Qal’aga bir ko‘prik orqali kirilar, agar ko‘prik ko‘tarib qo‘yilsa, hech kim u yoqqa yaqinlasholmas edi.

Gurjilarning ko‘pchiligi ana shu hisorga kirib olgan, bu yerda son-sanoqsiz jangchi to‘plangandi. Zool degan birisi qal’a qo‘mondoni ekan. Gurjilar bu yerda juda ko‘p omborlar qurib, ichini oziq-ovqat bilan to‘ldirib tashlagan, shu bois qal’ani uzoq muddat muhofaza qilib, saqlab tursa bo‘lardi.

Bu gaplarni eshitgan Amir Temur Qurtin degan o‘sha qal’ani zabt etishga qaror berdi. Sohibqironning bu qaroriga barcha amirlar hayron qoldi. Chunki bunchalar qalin o‘rdu bilan qal’a atrofidagi tor yerda qarorgoh tiklash mumkin emas. Ikkinchi tarafdan, qal’adagi mo‘l-ko‘l zahira hisobga olinsa, kichik bir qo‘shinni hisor qarshisiga qo‘yib, payt poylab yotish ham behuda edi.

Haqiqatan ham, ibn Arabshoh aytganidek, bu qal’a gurji qal’a­larining tog‘lardagi ikki ko‘zi edi. Bu ko‘zlar boy berilsa, ular sinardi va ortiq qutulish umidi qolmasdi. Shuning uchun Amir Temur uni egallashga qat’iy qaror qildi. Natijada, u 1403 yil 3 avgust – juma kuni Qurtin qarshisiga yetib borib, qo‘r to‘kdi. Darhol hisorni o‘rab oldi. Manjaniqlar va arrateshar kabi olovotar, toshotar qurollarni qurdirdi. Qoratuyalar yasalib, batartib joylashtirildi.  Temur lashkari qaladagi yog‘iylarga o‘q va tosh yog‘dirib, jangga kirishdi. Shunda Sohibqiron amir Shohmalik va yana bir necha amirga bu zabti og‘ir qal’a qarshisida ikki-uch qator jonli qalqon yasashni buyurdi. Chunki agar qal’ani zo‘rlik bilan ham egallab olishmasa, u chog‘da bir qism askar shu yerda qolib, qamalni davom ettirishi lozim edi.

Ayni paytda qo‘mondonlardan Pirmuhammad qo‘qqisdan hujumga o‘tdi, unga yana bir necha qismlar ergashdi. Pirmuhammad jasurona zarbalar bilan ko‘prikka tutash barcha yo‘llarni kesib qo‘ydi va oxiri ko‘prikni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi. Gurjilar o‘z vaqtida ko‘prikni yuqori ko‘tarishga ulgura olmadi, asosiy tirgak boy berilganidan vahimaga tushib, qal’a ichiga qochdi va darvozani berkitdi. Temuriylar ular ustiga o‘q va tosh yog‘dirdi, bu olishuvda Pirmuhammad ham bir necha joyidan yaralandi. Ayni chog‘da Amir Temur otiga minib, lashkar bilan hisor qarshisiga keldi va askarlarga qal’aga yopirilib zarba berishni buyurdi. Qurtinga yashiringan gurjilar bu hujum selini qanday to‘xtatishni bilolmay, garang holga kelgandi. Zotan, vodiyga tutash tog‘ burnidan, yagona yo‘ldan bu yoqqa yopirilib kelayotgan yog‘iyning son-sanog‘i yo‘q, oxiri ko‘rinmas edi. Shiddatli jang yakunida temuriylar gurjilar ustidan zafar qozondi, qal’a egallandi. Qal’a qo‘mondoni Zool qo‘lga olindi va qatl ettirildi. Gurjilarning xotin va bolalari asirga tushdi, kalisolari buzildi. Bu qal’aning olinishi Amir Temurga butun gurjilar mamlakatini zabt etish umidini baxsh etdi.

Bu g‘alaba Temur oldida abxazlar yo‘lini ochdi va uning o‘rdusi Abxaziyaga qarab yo‘naldi. Amir shayx Nuriddin va amir Shohmalik qo‘mondonligidagi ilg‘or qismlar olg‘a ketdi va ular yo‘l-yo‘lakay allaqancha gurjilarni qilichdan o‘tkazdi. Bu holdan voqif bo‘lgan qirol Georgiy, agar Temur o‘rdusi abxazlar yurtiga kirsa, birorta ham nasroniyni qoldirmay qirib tashlaydi, degan qo‘rquvda darhol chopar yuborib, boju xiroj to‘lashini izhor etib, itoatda ekanini arz qildi. Ortidan alohida maktub va turli armug‘onlar bilan elchilarini jo‘natib, Temurdan avf etishini tiladi. Sohibqiron uning taklifini rad qildi. Shunda ulamo amir hazratlariga “Agarda qirol soliq bermoqni qabul qildimi, uning o‘lkasiga kirish shariatga ziddir”, degan fikrni bildirdi. Shundan so‘ng Amir Temur Shirvon hokimi shayh Ibrohimga qarata “Mayli, sening iltimosing uchun Georgiyning ayblaridan o‘tdim,” dedi va sulh yo‘lini tutdi.

Bu xususda qirol Georgiyga xabar yetkazing deya uning elchilariga izn berdi. Ular bir necha kundan keyin armug‘onlar bilan qaytib keldi. Hadyalar orasida o‘n sakkiz misqol og‘irligidagi nodir yoqut, turli qimmatli idishlar, billur ko‘zalar, oltin va kumushlar, gazlama, mingta ot va Temur nomiga zarb qilingan ming ashrafiy aqcha ham bor edi. Amir Temur elchilarga to‘nlar kiydirib, qaytishga ruxsat berdi.

Temurning bu yurishi davomida Gurjistonning shu paytgacha zabt etilmagan qal’alari o‘n kunlik qamal tufayli egallandi. Temur tarixchilari yozganidek, yetti yuz qasaba va qishloq olindi, so‘ngra qirol Georgiy taslimiyat bildirguniga qadar xarobaga aylantirildi.

Temur 1403 yil qishini shu ma’voda o‘tkazgach, 1404 yil uni tark aylab, Baylakand shahrini yangidan barpo ettirishni diliga tugib, to‘ppa-to‘g‘ri Arran, Qorabog‘ sari yo‘naldi.

Kur daryosini kechib, qishlamoq uchun Qoraqboqqa borar ekan, Baylakandga yetganida to‘xtadi va ko‘pdan buyon vayrona bo‘lib yotgan shaharni qaytadan qurishga, Oraz daryosidan bu yerga kanal qazib keltirishga farmon berdi.

 

TO‘YLAR

Qishni Qorabog‘da o‘tkazgan Amir Temur 1404 yil marti oxirlarida Samarqandga qaytish harakatiga tushdi. Ko‘prik qurdirib, Oraz daryo­sidan kechib, Nahri barlos qishlog‘idan o‘tib, Ne’matobod atrofiga kelganida, o‘rdusini to‘xtatdi. Avvaldan shu yerda to‘y berishni o‘ylab qo‘ygandi. Bu tantanali to‘yda Xurmuzgacha Fors va Kirmonni, Raydan Ozarbayjongacha Iroqi Ajam, Arran, Mug‘on, Qorabog‘, Gilon, Shirvon, Shamaxi, Darband, Gurjiston, Abxaziyani; Xijozga qadar Diyorbakr va Arab Iroqini, Istanbulgacha Rum diyorini, Iskandariya va Nilgacha Shom diyorini Umar mirzoga berganini e’lon qildi. Fors mintaqasi va Arab Iroqidagi barcha temuriy mirzolar, shuningdek, Shirvon shohi shayx Ibrohim, Mardin hokimi sulton Iso, Van hokimi malik Izzatiddin, gurji qiroli Ko‘standil, Urmiya hokimi Dizak, Marog‘a hokimi Choliq, Ardabil hokimi Bistombek ham Umar mirzoga tobe ekani bildirildi.

So‘ngra Temur Umar mirzoga amir Jokuning o‘g‘li Jahonshohni otabek tayinlab, yonida ba’zi bek va o‘n ming kishilik qo‘shin ham qoldirib, anchagina nasihatlar qilib, so‘ng Samarqandga qarab yo‘lga chiqdi. Shu bilan birga, Mironshoh qo‘l ostidagi beklar, askarlar ham Umar mirzoga berilgan, xasta Mironshoh shu tariqa o‘g‘li qaramog‘i va muhofazasiga o‘tkazilgan edi.

Sohibqiron o‘rdusi bilan manzilma-manzil yo‘l bosib, ora-sirada ayrim fathu futuhotlar bilan Jayhun qirg‘og‘iga yetib keldi. Undan Keshga bordi. U yerda shayx Shamsiddin Kulol mozorini tavof aylab, uning ruhidan madad so‘radi. Bu makondagi yaqinlari qabrini ham ziyorat etib, duolar o‘qidi.

Nihoyat, 1404 yil iyul oyida Samarqandga yetib keldi.

Amir Temur poytaxtida yana imorat ishlari bilan shug‘ullandi. Oxirgi G‘arb safarida erishgan zafarlarini qutlab, to‘yu tantanalar tuzdi. Bu to‘ylar paytida nevaralaridan oltitasi, shuningdek, Bursada asirga olinib, Samarqandga keltirilgan Shamsiddin Jazariyning ham nikohi Samarqand bosh qozisi ishtirokida o‘qilib, barcha rasm-rusumlar hanafiy mazhabi qoidalariga ko‘ra ado etilib, bazmlar davom ettirildi.

 

XITOY SAFARI

1368 yilda Chinda Mo‘g‘ul hukmronligiga barham berilib, xitoylar mustaqillikka erishdi. Yana Chin hukumati mo‘g‘ullarning ulug‘ xonini ham o‘z hukmronligiga bog‘ladi.

Ayni zamonda temuriylar chet o‘lkalarga uyushtirgan yurishlari natijasida o‘z hududini Lubnorga tutashtirdi va shu tarzda ikki davlat qo‘shniga aylandi.

Chin imperato‘ri Temurga yo‘llagan maktublarida unga o‘g‘lim deya murojaat etardi.  Zero, diplomatik tilda buning ma’nosi “Sen menga qaramsan”, degani edi.  Bundan tashqari, Chin hukmdori g‘arb hududlaridan haq talab etishini ham yashirmay, ochiq aytib kelardi. Shuni hisobga olgan holda, hatto Temurning boj to‘lashini ham iddao etardi. Xullas, chin qo‘shinlarining g‘arbga hujum uyushtirish pallasi yaqinlashib qolgandi.

Aslida, Temur bu tahdidlarni allaqachondan beri bilib, shu haqda o‘ylab kelardi. Imperato‘rning xatti-harakatini diqqat bilan kuzatardi.  Orani ochiq qilib olish zarurligini anglar, tahlika eshik ortida turganini ham sezardi. Shu bois Anado‘lu safarining oxirrog‘ida qo‘mondonlaridan Ollohdodga odam yo‘llab, unga Chin o‘lkasiga oid to‘liq ma’lumot to‘plashni buyurdi. Berdibek, Davlat Temur, Tangriberdi kabi amirlariga Mo‘g‘ul yurti hududidagi Ashparaga o‘n kunlik masofa uzoqlikda Bosh Xumra degan qal’a qurishni amr etdi. U yerlarda dehqonchilik qilishni, to‘rt yillik oziq-ovqat jamg‘arishni buyurdi. Temurning bundan maqsadi Chinga qilinadigan yurish uchun zahira hozirlamoq va urush paytida yuzaga keladigan qahatchilik oldini olmoq edi.

Amir Temur yetti yillik safardan so‘ng Samarqandga qaytgach, uning huzuriga kelgan Chin elchilari o‘z talablarini qo‘ydi va Sohibqironga Chin yurishiga yo‘l ochdi. Bu xususda Klavixo bunday degan:

“Chin imperato‘rining elchilari kelgandi. Imperato‘r fikricha, Temur unga tegishli ayrim yerlarni ishg‘ol etgandi. Shu bois o‘sha yerlarning solig‘ini to‘lashi shart bo‘lgani holda, yetti yildirki, bu qarzlarni o‘tamayotgan edi. Ana shu yetti yillik soliqni imperato‘r talab qilayotgandi. Temur Chin elchisiga bunday javob berdi: “Chin xoqoni bularni so‘ramoqqa haqlidir. Ammo elchilar yetti yillik boj-xirojni tashib borishi mushkul. Shuning uchun o‘sha soliqlarni to‘plattirib, shaxsan o‘zim Chinga olib boraman. Xoqonning ko‘ngli to‘q bo‘lsin.”

Sohibqiron Chin xoqoniga haddini bildirib qo‘yish payti kelganiga amin edi. Samarqandda bir necha kun dam olib, urush horg‘inligidan qutulgan Amir Temur shahzoda va beklar bilan kengash qurib, o‘z niyati va rejasi xususida bunday dedi: “Yaratgan Rabbimiz bizga inoyat aylab, shunday kuch berdiki, qilich kuchi bilan dunyoni fath etdik, Yer yuzidagi podsholarni itoatimiz ostiga kiritdik. Ollohga shukrki, uning bizga bergan ne’mati juda kamdan-kam hukmdorga nasib bo‘lgandir. Ko‘nglimizdagi niyat shuki, bundan keyin ham kofirlar ustiga yurish yasab, g‘azot eturmiz, dinsizlarni Olloh inoyati ila iymon yo‘liga solurmiz. Endi Xitoy va Chin sari yururmiz, u yerlardagi butxonalar, otash­kadalar o‘rniga masjid va xonaqohlar qururmiz.”

Shahzoda va beklar Sohibqironning so‘zi juda o‘rinli va maqbul ekanini aytib, bu ishga tayyormiz, dedilar.

Amir hazrat shundan so‘ng “Tovachilar viloyatlarga borsinlar, lashkar sonini aniqlasinlar, askarlarni ko‘paytirsinlar”, deya farmon berdi. Tovachilar, ya’ni o‘rdu nazoratchilari buyruqni bajarish uchun saltanat viloyatlariga – jahonning to‘rt tomonida zabt etilgan o‘lkalarga qarab ketdi. Sal o‘tib, beklar va shahar hokimlariga o‘rdu to‘plash amri yetkazildi.

Sohibqiron shahzoda Pirmuhammadga toj, kamar va ot hadya qilib, G‘azna va Kobulga qaytishiga izn berdi. Mulozimlariga to‘nlar kiydirdi. Misrdan kelgan elchining ham yelkasiga zarbop chopon tashlab, beliga oltin to‘qali qayish bog‘latganidan keyin yurtiga ketishga ruxsat etdi. Bundan tashqari, Sohibqiron Misr sultoniga toj, shohona kamar, zardo‘zi liboslar, qimmatbaho kiyimliklar va boshqa tortiqlar jo‘nattirdi.

Shundan so‘ng saltanatini boshqarayotgan shahzodalarga atab farmon tayyorlatdi.  Unda, jumladan, bunday ulug‘ fikr ifodalangandi: “Kim qayerda xukm surmasin, u xalqining dardlariga darmon bo‘lsin, adolatni saqlasin. Devonalarning va fasod kishilarning so‘zlarini tinglamasin. Hokimlar doim xalqning ahvolidan voqif tursinlarki, toki qiyomat kuni razil bo‘lmasinlar!” Bu farmon nishonlar bilan shahzodalarga yuborildi.

Nihoyat, sohibqiron Temur butparastlarga esdan chiqmas zarba berish niyatida Anado‘luga yurishidan so‘ng, oradan olti oycha o‘tib, Chin safariga otlandi. Jahongir o‘g‘li Pirmuhammad va Umarshayx o‘g‘li Saidahmadni Qandahor taraflarga jo‘natdi. Toshkent, Sayram, Ashpara bilan Chin hududigacha barcha mo‘g‘ul viloyatlarini Ulug‘bekka, Andijon, Qashqar, Xo‘tangacha cho‘zilgan o‘lkani Ibrohim sultonga berdi. Chingacha joylashgan boshqa o‘lkalarni esa kichik o‘g‘li Shohruxning ikki farzandiga atab qo‘ydi.

Bu qarordan keyin xotirjam tortgan Amir Temur 1404 yil noyabr oyida muazzam va muzaffar o‘rdusi bilan Samarqanddan Oqsulotga qarab yo‘lga chiqdi. Ammo havolar avvalgi yillardan ko‘ra sovuqroq bo‘lgani bois Oqsulotda bir muddat qishni o‘tkazmoqqa buyurdi.

O‘sha kunlarda havo shunaqayam sovidiki, allaqancha inson va ot o‘ldi. Ayrim odamlar oyoq-qo‘lini sovuqqa oldirdi. Ba’zilarining quloq-burnini sovuq urdi. Havo doim tund, qor tinimsiz yog‘ardi. Biroq g‘azavot hissi Sohibqiron ko‘nglini shunchalar asir etgandiki, kunlar isib ketguncha sabr qilishni aqliga sig‘dirolmasdi. Otlarning yem, suvi masalasini hal etib, Ollohga tavakkkal aylab, Oqsulotdan qo‘zg‘oldi. Navbati bilan Uzun ota, Yo‘lxo‘ja og‘a, Sutkent, Kimershoh ota, Sulton shayx, Zarnuq kabi maskanlarda dam olib yurishni davom ettirdi. Sirdaryo muzlagan ekan, uning ustidan o‘tdi. Daryo shunaqayam qattiq muzlagandiki, suv olish uchun uch-to‘rt qarich muzni yorishga to‘g‘ri keldi. Hatto karvonlar ham aravalari bilan qatorlashib, to‘da-to‘da holda muz ustida bormoqda edi. Temur shu paytda turli shaharlarda qishni o‘tkazayotgan shahzodalarga o‘z qo‘shini bilan kelib, o‘rduga qo‘shilish haqida farmon chiqardi. Dashti Qipchoq, Yassi va Sabronda hukmdorlik qilayotgan shahzoda sulton Husaynga ham chopar yo‘llab, qish tugashi bilanoq lashkari bilan yetib kelishini buyurdi. Nihoyat, 1405 yil yanvar oyi o‘rtalarida Sohibqiron O‘trorga yetib keldi.

Ilk ko‘rgan chora-tadbiri Musa Kamolni yo‘llarni o‘rganishga yuborish bo‘ldi. Musa ilgari ketib atrofni, Chin yo‘nalishini obdan o‘rganib, orqaga qaytdi va ayni pallada yo‘llar safarga mos emasligini, yurib bo‘lmasligini aytdi. Shundan keyin Sohibqiron boshqa bir kishini Sayram taraflarni, Uqbo Qulon yo‘lini bilib kelishga yo‘lladi.  Bu odam bir muddatdan so‘ng qaytdi va u yoqlarni ikki nayza bo‘yi qor bosganini so‘yladi. Boshqa yo‘llar ham yurishga o‘ng‘ay emasligi aniqlangach, bir qancha payt O‘trorda qolishga qaror qilindi.

Ayni kunlarda Qipchoq dashtida sang‘ib yurgan To‘xtamishxonning Qoraxo‘ja degan elchisi keldi. Uni Sohibqiron huzuriga yo‘lladilar. Elchi Amir Temurga xon maktubini sundi. Xon xatida, jumladan, bunday degandi: “Nimaiki yomonlik qilgan bo‘lsam, barining kasri o‘zimga urdi, jazoimni tortdim. Agar oliyjanoblik aylab, ayblarimdan o‘tsangiz, bundan keyin hech ham bunaqa ishlar qilmayman va jonim tanimda ekan, xizmatingizda bo‘lurman”. Sohibqiron elchiga yaxshi muomala ko‘rsatdi va “Hozirda Chinga yurmoqdamiz. Olloh inoyati ila bu safardan qaytgach, Jo‘jixon ulusini unga bergaymiz”, dedi.

 

To‘rtinchi bo‘lim

VAFOTI VA ShAXSIYaTI

Sayidlarning mavqeini boshqalardan yuksak tutib, ularning hur­matini joyiga qo‘y. Ularni har qancha izzat etsang-da, bunga bir ta’ma aralashtirma. Zotan, Olloh yo‘lida qilingan ishlarda hech isrof bo‘lmas.

Shayx Abubakr Tayobodiy

OXIRAT SAFARI

Sohibqiron O‘trorda turganida, 11 fevral kuni to‘satdan sog‘ligi yomonlashdi va isitmasi ko‘tarildi. Hakimlikda mashhuri jahon, yillardirki amir hazrat yonida yurgan mavlono Fazlulloh Tabriziy uni davolashga kirishdi. Biroq kasallik kundan-kunga og‘irlashib, turli-turli, bir-biriga o‘xshamas belgilar bera boshladi. Tabib bir xastalikni davolab, barham bersa, yana boshqasi shiddatlanar edi.

Shunga qaramay, Sohibqironning es-hushi joyida edi. U bedavo dardga chalinganini, chora yo‘qligini angladi. Taqdirga tan berib, Yaratgandan butun qilgan gunohlaridan o‘tishini so‘rab, tavba qildi. Ahli ayolini, yaqinlariyu beklarni chaqirib, vasiyatini bildirmoqqa chog‘landi. Barcha huzuriga yig‘ilgach, bunday dedi: “Sezib turibmanki, ruh qushi bu qafasdan chiqib ketmoqchi. Men Alloh Taologa sajda eturman va sizlarni unga omonat qoldirurman. Men o‘lganimdan so‘ng orqamdan yig‘lab, far­yodu fig‘on chekmangiz. Hech foydasi yo‘q. Robbimga gunohlarimni kechirishini so‘rab duo aylangiz. Ruhimga bag‘ishlab fotiha o‘qingiz, takbir keltiringiz. Xudoga shukr, Eron va Turonda bizga qarshi chiqquvchi biror kimsa qolmadi. Bilaman, gunohlarim ko‘p. Ammo Ollohdan umidim shuki, zolimlar qo‘lini mazlumlar boshidan uzoq tutganim uchun menga rahm etgay. Hayotim davomida kuchlining kuchsizni ezishiga izn bermadim. Bu dunyo­da abadiy yashagan kimsa yo‘qdir: menga vafo ko‘rsatmagan olam sizga ham vafo ko‘rsatmagay. Biroq dunyo ishlarini hech tashlab qo‘ymangizki, musulmonlarga zarar tegmasin. Aks holda, Qiyomat kuni sizdan hisobini so‘rarlar. Endi gap shu: Pirmuhammad Jahongirni valiahd tayin etdim va qoyimmaqomim sifatida Samarqandni unga berdim. Mustaqil o‘laroq tadbirlar qo‘llab, unda o‘tirsin; barcha o‘lkalarning va o‘rduning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, tobelarning dardidan xabar olsin. Sizlar ham unga itoat aylab, yordamchisi bo‘lingiz, toki tartib va tuzan buzilmasin, musulmonlar zarar ko‘rmasin va ko‘p yillik mehnatim zoye ketmasin. Shunday ish tutingki, uzoqdagilar sizning ittifoq ekaningizni bilsin va biror kimsa sizga qarshi isyon ko‘tarishga jur’at topolmasin.

Beklar va ulug‘ kishilar huzurimga to‘plansinlar va vasiyatimdan chetga chiqmaslikka ont ichsinlar. Shu onda bu yerda bo‘lmagan beklar va sardorlar ham vasiyatimni bajarsinlar”.

Amir Temurning bu so‘zlarini eshitgan beklar ichi yonib-titrab, piq-piq yig‘lashga tushdi. Shohmalikbek va shayx Nuriddinbek: “Ey amirimiz, jonimiz sizga sadaqa. Olloh bizning jonimizni olib, sizning joningizni bag‘ishlasin!”, – deya ko‘z yoshi to‘kdilar. Sohibqiron ularga: “Foydasi yo‘q, tushuning axir, ammo siz o‘z ishingizni, mening vasiyatimni mardona bajaringiz!” – dedi. Ular bunday javob qilishdi: “Jonimiz tanimizda ekan, Hazratning amri farmonidan chiqmagaymiz. Bu qullaringiz valine’matimizning bir so‘zini bajarmasa, aslo biri ikki bo‘lmasin. Bugungacha sizning bandalaringiz o‘laroq xizmat etdik va bundan o‘zga ishga unnamadik. To tirik ekanmiz, xizmatni davom ettiramiz”. Beklar bu so‘zlarni aytishar ekan, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Beklar yana bunday dedilar: “Mumkin ersa, Toshkentdagi shahzoda Xalil sulton va boshqa beklar ham bunga kelishlari uchun farmon berilsin. Garchi bizlar sizning bu so‘zingiz, vasiyatingizni ularga yetkazurmiz, ammo bularni o‘z og‘zingizdan eshitganlari yanada yaxshiroqdir”.

Sohibqiron ularning bu gapiga ko‘nmadi va: “Eh, endi vaqti o‘tdi. Ortiq majol ham qolmadi. Ular shu paytda bu yerda emaslar va yetib ham kelolmaslar. Ular bilan ko‘rishmoq qiyomatga qoldi. Bu – sizlar bilan oxirgi ko‘rishuvimdir. Ollohga shukrki, din yo‘lida neniki qilmoqqa chog‘langan bo‘lsam, barini bajarish nasib etdi, ko‘nglimda armon qolmadi. Koshki edi, o‘g‘lim Shohruxni bir ko‘rsam!” – dedi.

Hazrat amir huzuridagi barcha xotinlar, oqalar va ba’zi shahzodalar uning bu so‘zini eshitib, faryod urib yubordi.

Sohibqiron jon-jigarlariga, qon-qarindoshlari va amirlariga shaf­qat va mehr bilan qaragancha, yana bunday dedi: “Nima desam, o‘lkaning manfaati uchun aytdim, aslo quloqlaringizdan chiqmasin. Xalqning, faqirlar va miskinlarning ahvolidan xabarsiz qolmangiz. Doimo aytgan gaplarimga, nasihatlarimga ko‘ra ish tutingiz. Qilichlaringiz qabzasini menga o‘xshab mahkam ushlang, shundagina podshohlikdan men kabi nasibdor bo‘lgaysiz. Ojizlik aqlni yo‘q qilib, nafsu g‘ayratni o‘ldiradi. Ortiqcha kamtarlik va kamsuqumlik insonni g‘oyadan uzoqlashtiradi. Tushkunlik, iroda zaifligi orzu-istaklarga to‘siqdir… Men dunyoni adolat va yaxshilik ila obod ayladim. Agar mening vasiyatlarimga ko‘ra, adolatli ish tutsangiz, uzoq yillar bu mamlakat qo‘lingizda turgay. Ammo bir-biringiz-la olishsangiz, bu sizlarga xayr keltirmas…”

Bir ozdan so‘ng Temurning ahvoli yanada og‘irlashdi. Endi bu ja­honiy taxtu saltanat, shonu shavkat, o‘rdu va sarvatning bir foydasi qolmagan edi. Tashqarida hofizlar Qur’oni karim o‘qishardi. Mavlono Ubaydullohning o‘g‘li mavlono Haybatullohga ichkariga kirib, Sohibqironning bosh tarafiga o‘tirib, Qur’on tilovat qilish aytildi va u darhol bu ishga kirishdi.

Sohibqiron Amir Temur quyosh botganidan keyin, shom va xufton namozi o‘rtasida, bir necha bor kalimai shahodat keltirganidan so‘ngra jon berdi. Inna lillahi va inna ilayhi rojiun.

1405 yilning 19 fevral kuni edi. Amir Temur vafot etganida oltmish to‘qqiz yoshda edi. Podshohlik davri o‘ttiz olti yildir. Saltanati yillariga uyg‘un o‘laroq o‘g‘illari va nevaralari soni ham o‘ttiz oltitadir.

 

ULKAN MUSIBAT

Sohibqiron Amir Temur bu o‘tkinchi dunyodan mangu olamga ko‘chganidan keyin shahzodalar tojlarini boshidan otib, motam va qayg‘u libosiga burkandi. Oqalar va xonimlar yuzlarini tirnab, sochlarini yuldilar. Barcha beklar yoqalarini yirtib, bag‘irlarini yerga berib, qon yig‘ladilar.

Erta tongda Hindushoh xazonachi Sohibqiron jasadini yuvdi. Vasiyatga ko‘ra, mavlono Qutbiddin mayitning bosh tarafida Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Bir oz o‘tgach, Berdibek, Sariq Bug‘a, shayx Nuriddin, Shohmalik, Xo‘jayusuf kabi beklar va boshqa atoqli kishilar yig‘ilib, Amir Temurning vasiyatini bajarish niyatida, g‘azo safarini davom etdirishga bir ovozdan qaror berib, qasam ichdilar.

Sohibqironning vafoti sir saqlandi. Dushmanlar bilib qolmasligi uchun oqalarning yig‘lashi, faryodu fig‘on ko‘tarishi taqiqlandi. Shundan ke­yin oqalar va beklar birgalikda kengashib, ba’zi qarorlarni qabul etdilar.

Xizir qavchin shahzoda Xalil sulton va shahzoda sulton Husayn huzuriga jo‘natilib, u orqali “Sohibqironning xastaligi og‘irlashdi, eng yaqin kishilaringiz bilan tezda yetib keling”, deya xabar berildi.

Shahzoda Pirmuhammadga ham bunday mazmunda xat yuborildi: “Hazrat sizni valiahd tayin etdi. Hozirda ahvoli bir oz o‘zgardi. Tezda Samarqandga kelgaysiz”. Maktubda, jumladan, Sohibqironning vasiyatiga ko‘ra, podshohlik qilishi, xalqqa nisbatan adolatli va jo‘mard bo‘lishi, dushmanlarni suyuntiruvchi ishlardan uzoq turishi lozimligi kabi masalalar ham alohida uqtirilgan edi.

Ahvoldan ogoh etish uchun Temur qavchin Hirotga, Shohrux mirzo huzuriga yuborildi. Dongli chavandoz Ali Darvish Tabrizdagi shahzoda Umar saroyiga, Ara Temur esa Bag‘dodda hukm surayotgan shahzoda Mi­ronshoh va shahzoda Abubakr qoshiga jo‘natildi.

Tag‘in ba’zi choparlarni Iroq va Fors mamlakatlariga yo‘lladilar. O‘trordagi shahzodalar va oqalar 19 fevral kechasi, xufton namozi paytida Hazrat amir tobutini ipaklar bilan o‘rab, taxtiravonga joyladi va O‘trordan chiqib, Samarqand yo‘liga chiqdi. Kechasi Xo‘jandga yetdilar, Xo‘jand daryosi muzlagan edi, muz ustidan o‘tib, narigi qirg‘oqdagi o‘rmonlikka kirib, dam oldilar. Tong otar ekan, aza va ayriliq o‘ti yurak-bag‘irlarini shunchalar yondirdiki, tizzalari qaltirab, kuchsizlanib, vafot sirini saqlashga majoli qolmay, xotinu erkak, barcha baravar o‘kira-o‘kira yig‘lay boshladi. Ularning ko‘z yoshi va faryodu fig‘onidan yer-ko‘k ostin-ustun bo‘lib ketdi. Yig‘lab-yig‘lab to‘ydilar. Shunda beklar nasihat ohangida: “Ajalning chorasi yo‘qdir, sabr etishga majburmiz. Sadaqalar tarqatib, xayru ehsonlar aylab, Qur’oni karimdan oyatlar o‘qib, marhumning ruhini shod qilaylik”, dedi.

Biroq bu o‘gitni eshitib turib ham, barcha tag‘in yig‘i-sig‘iga berildi. Beklar yana o‘sha nasihatni takrorladi. Biri bunday dedi: “Bu dunyoda hazrati payg‘ambarimiz sallallohi alayhi vasallamdan ko‘ra ustun inson yo‘qdir, chunki Haq Taolo bu dunyo va u dunyoni ul zot uchun yaratmishdir. Vaqti zamoni kelib, payg‘ambarimiz ham jon taslim etdi va bu dunyo­dan u dunyoga ko‘chdi. Shunday bir kishi u olamga ketganidan keyin kim ham bunda qola oladi, axir! Har qancha qiyin bo‘lsa ham, sabr etmoqdan, rizolik ko‘rsatmoqdan boshqa choramiz yo‘qdir”.

Beklar oqalarga va shahzodalarga hazrati payg‘ambarimiz hayotidan misol keltirib nasihat qilgach, ular bir oz tasalli topib, sokinlashdi. Yig‘i-siqtovni to‘xtatdilar. Sabrlariga tayandilar.

Shu pallada qo‘mondon beklar bir yig‘ilish o‘tkazdi. Yuzlariga ko‘zyoshlari oqqancha, bir qo‘mondon bunday dedi: “Barcha askar – biri bahodir, biri pahlavon, biri qo‘mondon ko‘z yoshi to‘kmoqda. Qolaversa, bu beklarning har biri zamonamizning Isfandiyori va Rustamidir. Shunday qurol-yarog‘lar va shunday buyuk o‘rduni Jamshid zamonidan beri kimsa ko‘rmagan va eshitmagan. Bundan keyin ham bunaqa o‘rduning to‘planishi amrimahol. Bu qo‘shin bilan dushman ustiga yursak, barini mahv etib, kulini ko‘kka sovurishimiz muhaqqaq. Hatto Sohibqiron hazratlarining o‘lim xabarini eshitishsa ham, biz bu o‘rdu bilan ustiga selday yopirilib borsak, eshitganiga ishonmas va: “Agar Sohibqironga biror nima bo‘lsaydi, bunaqa qo‘shin bostirib kelolmasdi”, degaylar. Yo itoat kamarini bog‘lagaylar va yo shaharini tark aylab, unda-bunda sang‘ib yurgaylar. Qisqasi, biz qiladigan ish shu: Sohibqiron ruhini shod etib, Ollohdan madad tilab, Xitoy safariga otlanmoq, kofirlarga qarshi g‘azavotga kirishmoq, undagi butxonalarni yiqib, butlarni parchalamoqdir. Bu yumushni hal qilib, yana orqaga qaytib, yurtimiz osoyi­shi ila mashg‘ul bo‘lgaymiz. Shunchalar ulug‘ o‘rdu to‘plangan ekan, hech ne qilmay ortga qaytmoq uyatdir”.

Oqalar va shahzodalar beklarning bu qaroridan suyundi va kengashib, Sohibqiron Xitoy safariga chiqarkan, yoniga olgani Ibrohim sulton qo‘mondonligida dushman ustiga yurish rejasini ma’qulladi. Bundan tashqari, Toshkentda hukm yuritayotgan shahzoda Xalil sultonning ham kelib o‘rduga qo‘shilishi maqbul topildi. O‘sha pallada Xalil sulton yigirma bir yoshda edi va shu yerda bo‘lgan shahzodalarning eng kattasi hisoblanardi. Uni podshoh saylab, barcha beklar va o‘rdu boshida Xitoy ustiga yurilishiga, u o‘lka fath etilgach Samarqandga qaytilishi va o‘shanda barcha shahzoda, bek va oqalar to‘planib, kengash qurishi va Sohibqiron vasiyatiga ko‘ra ish tutilishiga qaror berildi.

Shundan so‘ng Sohibqiron jasadi Qora Yusuf, Ali qavchin va boshqa xos askarlar nazoratida Samarqandga olib ketildi. Ularga yo‘lda ehtiyot bo‘lish alohida uqtirildi. Karvon ortidan Saroymulk xonim, To‘kal xonim, Tuman oqa va boshqa xonimu oqalarni, Mirzo Ulug‘bek hamda boshqa shahzodalarni qo‘shib, Sohibqiron taxtiravoni yonida Samarqandga yo‘llandi.

Ammo bunday ehtiyot choralariyu tadbirlariga qaramay, Amir Temur vafoti haqidagi xabar to‘rt yoqqa tarqalib bo‘lgandi. Ilgari ham fitna chiqarib yurgan sulton Husayn o‘z lashkari bilan Samarqandga qarab kelayotgandi. Bu xavfli vaziyat boshqa shahzoda va qo‘mondonlarni vaqtincha – ishlar o‘rniga tushib ketguncha, Chin safarini to‘xtatib turishga majbur etdi.

Ulkan musibat taxtiravoni jadal yo‘l bosib, 23 fevral kuni poytaxtga kirib bordi. Sohibqiron islomiy urf-odatga ko‘ra, gumbaz ostiga dafn etildi. Amir Temur har doim jon-dilidan ixlos qo‘ygan piri Sa­yid Baraka hazratlari oyoq uchiga dafn etilishni orzu qilardi. Shuning uchun Sayid Barakaning Andxudga ko‘milgan jasadi suyaklarini olib kelib, Hazrat amirga atalgan gumbaz ichiga qo‘ydilar. Marhum shahzoda Muhammad sulton na’shini ham Sohibqiron qabriga yondosh go‘rga joylashtirdilar.

Samarqand buyuk turk xoqoni uchun aza tutib, musibatning qora libosiga burkandi. Har kim aza kiyimini kiyib, faryodu fig‘on etdi. Ulkan aza marosimi boshlandi. Bir necha kun qo‘y, mol, otlar so‘yilib, azador xalqqa xayru ehson berildi, marhum ruhiga atab duolar o‘qildi. Sohibqironning shaxsiy nog‘orasini bir oz chaldilar, uni esladilar va so‘ngra parchaladilar. Arvohiga xatmi Qur’on bag‘ishlandi, duolar qilindi.

 

AMIR TEMURNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYaTLARI

Sohibqiron Amir Temur uzunga yaqin, o‘rta bo‘yli (bir metru yetmish besh santimetr)[19] yirik odam bo‘lgan. Manglayi keng, boshi katta, bo‘yni yo‘g‘on, dudoqlari qalin, ko‘zlari katta-katta, kipriklari uzun edi. Yuzi oq-qizildan kelgan, mushaklari bo‘rtgan, keng yelkali, soqolli kishi edi. Soqol-mo‘ylovi qora edi. Chehrasida qat’iyat balqib turardi. Nihoyatda kuchli, sog‘lom va haybatli edi. Gurillagan tovushi bor edi. O‘limdan qo‘rqmasdi. Yoshi yetmishga yetganida ham sog‘lom, qayg‘usiz, harakatlari chaqqon, xuddi metin qoyaday qiyofaga ega edi. Jangu jadallarda orttirgan yaralari bois o‘ng qo‘li falaj, o‘ng oyog‘i bir oz oqsoq edi. Hazilni, yolg‘onni yomon ko‘rardi. O‘ziga yoqmasa ham, to‘g‘ri so‘zni, to‘g‘rilikni yaxshi ko‘rardi. Bo‘lib o‘tgan narsalarga achinmasdi, erishadigan yo qo‘lga kiritadigan narsasi uchun ham suyunib ketmasdi. Muhrida “Rosti rusti”, ya’ni kuch – adolatdadir, degan hikmat naqsh etilgandi. Otlariga va aqchalariga “O” shaklida tamg‘a bosilardi.

Uning yig‘ilishlarida, umuman, adabsiz so‘zlar tilga olinmasdi. Qon to‘kish, asir olish, bostirish, talash va xotinlarni tahqirlovchi so‘zlar ham so‘ylanmasdi. Mansabi va unvoni qandayligidan qat’i nazar, jasur, qo‘rqmas va mard yigitlarni taqdir etardi. Chunki ular yordamida zabt etilmas yerlar kalitini qo‘lga kiritar, baloli insonlar balosini da’f qildirar, yuksak tog‘lar ustidagi dushman qal’alarini ular zarbasi-la xarobaga aylantirardi. Nihoyatda to‘g‘ri fikrli, zakiy va o‘ta farosatli edi. Ulug‘lik va haybat unga yarashardi. Har doim so‘zi va qarori qat’iy edi. Boshiga musibat yog‘ilganida ham to‘g‘ri gapirardi. Birov bir gapni aytsa, to‘g‘riligiga dalil-isbot so‘rardi, qosh ostidan boqarkan, qarshisidagi shaxsning yuz-ko‘zidan ham ko‘p narsani sezib-bilib olardi. Favqulodda ziyrak va sezgir edi. Har qanaqa imo-ishorani ko‘zdan qochirmasdi. Har qanaqa voqea-hodisani tafsilotlari bilan erinmay muhokama etardi. Hech bir hiylakor o‘z nayrangini undan yashirolmasdi. Zakosi va tajribasi soyasida kimning fikri to‘g‘riyu kimning nasihati yanglish, barini yaxshi anglab turardi. Biror buyruq berganidan yoki biror narsaga ishorat qilganidan keyin aslo o‘z fikridan qaytmasdi. Bir ishga yo‘nalganda ham orqaga aslo odim otmasdi. Uni o‘ziga xos fazilatlari tufayli “etti iqlim sohibqironi”, “quruqlik va dengizlar qahramoni”, “maliklar va sultonlar xoqoni” kabi unvonlar bilan tilga olishardi.

 

AYRIM VASFLARI

Uning uchun g‘azovot barcha narsadan ustun hisoblanardi. Bu yo‘lda yoz-qish, issiq-sovuq deb o‘tirmasdi. Hindiston safarida ekan, o‘g‘illari unga dam oling, deganlarida, “G‘azovot qilmoq – farzdir. G‘azoda qat­nashgan kishiga uning ikki foydasi bordir. Biri – oxiratda noil bo‘ladigani savob, ikkinchisi – qo‘lga kiritajagi g‘animatdir. Biz ham oxirat savobidan bahramand bo‘lmog‘imiz joiz. G‘animat tushsa, uni ham islom o‘rdusiga tarqatamiz. Kimning quroli bo‘lmasa, unga qurol bergaymiz. Biz podshohlarga lozim narsa – zaiflar va tushkunlar ahvolidan xabardor bo‘lmoqdir”, degan.

Har ishini Ollohga ishonib, suyanib qilardi. Ko‘p janglarda o‘ziga nisbatan sanog‘i ortiq dushmanga qarshi kurashdi. Ko‘nglini, ishonchini o‘rdusiga emas, Ollohga bog‘lab jangga kirardi. Uning bunday odati bor edi: har bir urushga kirishdan oldin otdan tushib, ikki rakat namoz o‘qib, Olloh taolodan yordam va zafar berishini tilardi.

Kechirish, afv etishni yoqtirardi.

Hindiston yurishi asnosida o‘rmon qabilalariga duch keldi. Ular taslimiyat shartlarini qabul qildilar, qurol-yarog‘larini Amir Temurga topshirdilar. Ularning qabilaboshisi bunday dedi: “Ey, Temur, sen bizni qurol kuchi bilan yengding. Taslimmiz. Faqat senga aytadigan ba’zi shartlarimiz bor. Agar sen jallod bo‘lsang, boshlarimizni uchir! Agar savdogar bo‘lsang, asir o‘laroq bizni sot! Agar podshoh bo‘lsang, bizga erkinlik ber!”

Qabila boshlig‘ining bu murojaatidan Amir Temur ta’sirlandi va uning so‘zlarini ma’qulladi. Haligi o‘rmon qavmini ozod etib, ularga xayru ehsonlar qildi.

Ahillikni qadrlardi va bunga har doim diqqat qilardi.

Bu xususda Arminiy Vamberi bunday yozgan: “Yuz martalab o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan Temur umrining so‘nggi onlarini yashar ekan, atrofiga yig‘ilgan nevaralari, yaqin odamlari va ahli ayolining Sohibqiron uchun ko‘z yoshi to‘kayotgan paytda, barchasiga sabr etish va ahil bo‘lishni nasihat qiladi”.

Temur olimlarni yaxshi ko‘rardi, ularga doim quchog‘ini ochardi, sa­yidlar va sharafli kishilar davrasidan ayrilmasdi. Olim va fozillarning shaxsiga yarasha hurmat-e’zoz ko‘rsatardi, ularni boshqalardan ustun o‘ringa qo‘yardi. Har biriga daraja va martabasiga uyg‘un muomala qilib, izzat-ikrom ko‘rsatardi. Ularning poyiga muruvvat gilamini to‘shardi, ammo o‘z haybatini sezdirishni ham unutmasdi. Ular bilan himmat va g‘azab aralash bir havoda suhbat qilar, turli mavzuyu muammolarni o‘rtaga tashlardi. Lutfi qahri bilan, qahri marhamati bilan aralash edi. Kasbi koridan qat’i nazar, har bir fazilatli va sharafli san’at arbobini Temur hurmat qilardi. Munajjim va tabiblar uning yonidan ayrilmas, chunki Sohibqiron ularning gapiga quloq solardi.

Temur tarixiy bitiklarni, anbiyolar va avliyolar qissalarini, hukmdorlar haqidagi hikoyatlarni, o‘zidan avval dunyoga kelib-ketgan barcha podshohlarga oid kitoblarni har doim o‘qitib, jon qulog‘i bilan tinglardi. Uning tarixga qiziqishiga Sohibqiron bilan Shomda uchrashgan ibn Xaldun ham shaxsan shohid bo‘lgan. Hatto Sohibqiron tarix bobida bilimdonligi bilan ibn Xaldunni hayratga solgan.

Xorazmlik olimlardan Abduljabbor No‘moniddin Sohibqironga tarjimonlik qilgan suhbatlardan birida Amir Temur ibn Xaldunga Mag‘rib mamlakatiga oid ba’zi savollar beradi. Ammo javoblardan qoniqmaydi. Shunda unga “Uzog‘iyu yaqini-la, tog‘lariyu daryolari-la, qishlog‘iyu shaharlari-la butun Mag‘rib diyorini xuddi ko‘zim bilan ko‘rib turganimday menga yozib, tasvirlab ber”, deydi va undan bu xususda to‘la ma’lumot so‘raydi.

Boshqa bir muloqotda esa, Buxtunnasr (Nabukadnazzor) haqida gap ketar ekan, Sohibqironning ba’zi savollariga javob topolmay, ibn Xaldun lol qolgan.

Amir Temur harbiy yurishlarida ham kitoblarni yonida olib yurardi. Hakim Sattoriyning yozishicha, Amir Temur Ozarbayjon safari vaqtida o‘zi yoshlikdan o‘qib, ko‘ngil qo‘ygan shoiri yurtiga keladi. Darhol uning mozorini toptirib, ziyorat qiladi. Bu qishloq ahliga oltinlar tarqatadi va bunday buyuk shoir o‘tgan yerning insonlarini hurmat qilish kerak, deydi.

Armaniston yurishida esa dushmanni yenggach, o‘sha atrofda qimmatli qo‘lyozmalar borligini eshitadi. Shitoban odam yuborib, ularni keltirtiradi.

Amir Temur harbiy safarlari chog‘ida maxsus kundalik yozdirtirgan. Bu ham tarixiy asarlarning yozilishiga turtki bergan. Elxoniylar davrida taraqqiy topgan tarixchilik temuriylar zamonida ham ancha rivojlandi. Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”lari Amir Temur yurishlari bayoniga bag‘ishlangan.

Sohibqiron aqlini charxlab turish uchun doim shatranj o‘ynardi. Shat­ranj u zamonda ziyolilar o‘yini hisoblanardi. Amir Temur bu o‘yinni juda yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, bir narsadan asabiylashsa, shatranj o‘ynab rohatlanardi. Amir hazratlari bu sohada kamolotga erishgani bois uncha-muncha odam u bilan shatranj o‘ynashga jur’at qilolmasdi. Hatto Temur shatranjda o‘ziga xos yangi yo‘l ham yaratgandi. U shatranj taxtasini o‘nga, keyin o‘n birga chiqargan va toshlarga ikki tuya, ikki zurafo, ikki buqa, ikki arslon, ikki dabboba, ikki ilg‘or, bir vazir, bir qo‘riqchi va yana ba’zi yangi nomdagi toshlarni qo‘shgan. Temurning shatranjchilari orasida Muhammad Oqil Haymiy, Yazdiy va boshqalar bo‘lgan. Ammo bu davrada shatranjchilar piri o‘sha zamonning faqihi va muhaddisi Aloiddin Tabriziy hisoblanardi. Aloiddin Tabriziy bilan katta shahmatda dona surgan Amir Temurning shatranj o‘yinining o‘ziga xosliklari va hamlalari haqida sharhlari ham mavjud.

Amir Temur bir kuni bu suyumli o‘yinini o‘ynar ekan, raqibiga “shoh-rux” deya rux-la shoh bergan paytida, choparlar unga ikki mujda keltiradi. Birinchisi – oilasida bir o‘g‘il tug‘ilgani, ikkinchisi – Sayhun qirg‘og‘ida qurdirayotgan shahari bitgani haqida edi. Shunda Amir hazratlari o‘g‘liga Shohrux, shaharga esa Shohruxiya deya nom bergan.

 

                               MUVAFFAQIYaT ASOSLARI

Podshoh hamlasidan ortga qaytmas, otgan odimidan chekinmas; hukmdor odam taraddud etmas”.

                                                                                           Amir Temur

Amir Temurning hayotda va urushda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari asosi va eng muhim sababi – o‘z qaroridan aslo qaytmasligidir. U bir xulosaga kelishdan avval obdon o‘ylar, ayni masala bilimdonlari fikrini eshitar, ular bilan maslahatlashar, shundan keyingina qaror berardi. Bir ish boshladimi, tinib-tinchimas, kuzatar, ish bitganidan so‘nggina xotirjam bo‘lardi. Bugungi ishni ertaga qo‘ymasdi. Buyruq shu onda bajarilishi shart edi. Dinga, shariatga, qonun-qoidalarga rioya etardi va buzilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasdi.

Amir Temur o‘z “Tuzuklar”ida bunday deydi: “Tajriba menga shuni ko‘rsatdiki, din va qonunlar tamali ustiga qurilmagan davlat uzoq yashay olmaydi. Bunaqa davlat qip-yalang‘och holga tushib, ko‘ringan har kishi qarshisida uyatdan boshini egib, ko‘zlarini yerga tikkan va barchaning oldida qadru obro‘sini yo‘qotgan kimsaga o‘xshaydi. Bu vaziyatdagi davlat eshiksiz, devorsiz, har kim kirib-chiqib yotgan hovlidan battardir. Shuning uchun ham men davlatimni islomiyatga asoslanib qurdim. Davlatimni boshqarish uchun qonun-qoidalar tuzdim. Bu tuzuklarga amal qilgan holda yashab, ularga qarshi borishdan saqlandim.

Har doim o‘n ikki moddali boshqaruv dasturiga suyanib harakat qildim. Ana shu qoidalarga ko‘ra hokimiyatni idora etdim.

Olloh taoloning dinini va hazrat Muhammadning shariatini olamga yoyish asosiy ish-amalim bo‘ldi. Har zamon, har yerda islomiyatni mahkam tutdim.

Atrofimdagi odamlarni o‘n ikki toifaga ajratdim. Boshqa o‘lkalarni fath etishimda, fath aylangan yurtlarni boshqarishda ham bularning ba’zilari menga qo‘li, ba’zilari maslahatlari bilan yordam ko‘rsatdilar. Ulardan baxtu iqbol yo‘lida foydalandim. Ular saroyimning bezagi hisoblanardi.

Dushman lashkarini mag‘lub va viloyatlarni zabt etishda olimlar va amirlar bilan kengashdim. Hokimiyatni boshqarishda yumshoqlik, odamgarchilik, sabru bardoshga suyanib ish tutdim. O‘zimni hech narsani ko‘rmayotganga solib, barcha narsani farosatim-la sezib, anglab turdim. Hukumat idorasida qonunlarga rioyat va intizom shu darajada qattiq ediki, vazirlar, amirlar, askarlar va xalq yuqoriroqqa chiqish uchun o‘ylab harakat qilardi, jonini o‘ylardi. Har biri egallagan maqomidan mamnun holda o‘z ishini bajaraverardi.

Beklarim va askarlarimga jur’atu jasorat berish uchun oltinu javohirni ayamay sochdim. Ular bilan birga bir dasturxonda o‘tirdim. Ana shu qiymatli insonlar va jangovarlar yordamida jahondagi yigirma yetti saltanatning hukmdori bo‘ldim.

Adolat va tarafsizlik ila har doim Olloh qullarining yaxshiligini o‘yladim va ularning mehrini qozondim.

Sayidlarga, ulamoga, faqihlarga va tarixchilarga yaxshi muomala qildim, ularni ulug‘ladim. Yaxshi va jasur kishilar mening do‘stlarim edi, chunki Olloh shunday odamlarni xush ko‘radi. Ulamo bilan qalin munosabatda bo‘ldim. Ularning maslahatini oldim. Ularning xayrli duolari menga zafarlar qozontirdi. Darvishlar va faqihlarni himoyamga oldim, ularga zarracha yomonlik qilmaslikka unnadim va birorta ham talabu istagini qaytarmadim. O‘zgalar to‘g‘risida g‘iybat yuritadigan gapchilarni saroyimdan quvdim. Undaylarning so‘ziga hech ahamiyat bermadim.

Har o‘ylagan ishimni, tashabbusimni bajarishda sabotli bo‘ldim. Bir ishga kirishganda zehnim faqat u bilan band edi. Uni bitirmaguncha tinchimasdim. Ishim, tutumim aytgan so‘zimga ters emasdi.

Xalq holidan voqif edim. Yoshi kattalarga akamdek, kichiklarga bolalarimdek muomala qildim. Har viloyat va har shahar ahlining ahvoliga mos munosabat ko‘rsatdim.

Biror qabila, yo arab, yo ajam ko‘chmanchilari bayrog‘imning hifzu himoyasiga sig‘inib kelsa, ularning beklarini sharafu izzat-la, boshqa odamlarini ham o‘z mavqelariga ko‘ra e’tibor-la qabul etdim. Yaxshilarga yaxshilik qildim, yomonlarga esa yomonliklarini qaytardim.

O‘g‘illaru nevaralar, do‘stlar, ittifoqchilar va men bilan bog‘langan har kim yaxshiligimdan nasibdor edi. Iqbolu saodatimning porloqligi va yuksakligi biror kishini unutishimga sabab bo‘lmadi.

Askarlarimni, ulardan foyda ko‘rganda ham, zarar chekkanda ham, har doim hurmat qildim. Doimiy baxt-saodatni o‘tkinchi narsalardan ustun tutadigan kishilarga minnatdorlik bildirish kerak. Chunki ular jihod uchun jahdu jadal aylab, hayotlarini fido etadirlar”.

 

MUAZZAM HARBIY YuRIShLARI

“Tarixda biror general yoki hukmdor qozona olgan g‘alabalar borasida Amir Temurning tengi va o‘xshashi yo‘qdir.

 Ingliz tarixchisi J.M.Robert

Amir Temur dunyoning eng buyuk fotihlaridan va jahongirlaridan biri edi. Uning harbiy yurishlari uch, besh, yetti yillik safarlar deya tarixga muhrlangan. U o‘z safarlari bois yigirma yetti o‘lka hukmdoriga aylandi.

U dunyoda harb san’atining shakllanishi va taraqqiyotiga eng ulkan ulush qo‘shgan jahongirdir. Ulug‘ qo‘mondon, harb dohiysi sifatida qadrlanadigan Sohibqiron ikki yuz ming kishilik muntazam o‘rduni ulug‘vorona tartiblagan va urush paytlarida dohiyona boshqargan. Jang yakuni, zafarni ta’minlaydigan nuqtalarga zahiradagi lashkarni o‘z vaqtida, jadal suratda yetkazardi. Askarlarning ma’naviy quvvatini yuksak darajada tuta oladigan nodir iqtidor egasi edi. Ikki yuz ming kishilik qo‘shinni yoz-qish demasdan harakatda boshqarar, bir necha yillik harbiy safarlarni muvaffaqiyat bilan yakunlar edi.

Qo‘shinida chorvachilik, ekinchilik, hunarmandchilik, temirchilik, tikuvchilik, boshmoqchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi vakillaridan askarlikka olinganlar ham bor edi va ular o‘rduda ana shu sohalardagi ehtiyojni qondirar edi.

Lashkarning asosiy qismi tamali otliq va yayov askarlardan iborat edi. Sohibqiron sharqda ilk bor o‘tochar qurollar va to‘pdan foydalangan qo‘mondon hisoblanadi.

Amir Temur jahon harb san’ati tarixida birinchi bo‘lib jang maydonida qo‘shinlarni an’anaviy besh bo‘lim tarzida joylashtirish qonunlarini o‘zgartirib, yetti qism holida tartiblashni boshlab bergan. Bu yangilik keyinchalik To‘xtamish va Shayboniyxonlar tomonidan ham qo‘llanilgan.

Temur askarlarni har qanday qiyinchilikni ham yengib chiqadigan qilib tarbiyalashda mohir edi. Uning lashkari so‘ngsiz g‘ayrati bilan ajralib turardi. Sohibqiron uchun imkonsiz degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Tog‘liq yerlarda ham lashkar harakatini yengillashtiruvchi alohida harbiy usullardan foydalanardi. Masalan, Hindiston yurishi chog‘ida jarlik­laru daralarga tushish yo o‘shanday makonlardan tepaga chiqish uchun osma yo‘llar qurdirardi. Metin qoyalarga temir qoziqlar qoqtirib, qoyalararo lashkar tashuvchi qurilmalar yasattirardi. Ular yordamida ming-ming askar har qanday nuqtaga jadal o‘ta olardi. Aytish mumkinki, bugundagi lift yuritish tartibidan o‘sha zamonlarda ham foydalanishgan.

Hindiston safarida o‘rduning qor ustidan yurishi og‘irlashganida, Temurning topqirligi tufayli, uning amriga ko‘ra, lahmchilar qalin qor ichini o‘yib, ikki metr balandlikda, besh kishi o‘tadigan kenglikda uzunligi bir kilometrli yo‘l ochishgan.

Yurishlar vaqtida yo‘lda toshqinli daryolarga duch kelinsa, ikki kun ichida mustahkam ko‘priklar qurib bitkazilgan va butun o‘rdu, cheriklaru otlar, fillaru tuyalar bemalol u qirg‘oqqa o‘tgan. Avvalgi davrlarda bunday daryolardan Chingizxon va Mahmud G‘aznaviy qo‘shinlari sollar yoki damlangan terilar ko‘magida o‘tgan. Ammo o‘sha jarayonda anchagina odamlar va otlar cho‘kib o‘lgan.

Temur harbiy yurishlarga juda puxta tayyorlangan. Askarlar va qurol-yarog‘lar mukammal holga kelgach, shaxsan o‘zi ko‘rikdan o‘tkazgan.

Tarixchilarning yozishicha, har bir askar o‘zi bir yilga yetarli ozig‘i, shuningdek, o‘q-yoy, sovutu qalqonini to‘kis holga keltirardi. O‘z otidan tashqari har ikki askar uchun bitta yetakdagi ot, har o‘n kishiga bitta chodir, bitta qo‘larra, yuzta igna, ip, qozon bo‘lishi shart edi.

 

AYG‘OQChILIK TAShKILOTI

“Bilagi kuchli bir kishini yiqar,
bilimi kuchli ming kishini yiqar”.

 Amir Temur

Ayg‘oqchilik tashkiloti – har bir o‘lkaning ko‘zidir. Dushmanlar holini, kuch-quvvatini to‘g‘ri ko‘ra olgan, kuzata bilgan va shu asosda u bilan jangga tayyorlangan qo‘mondongina zafar qozonadi. Bir sog‘lom va bir ko‘r jangchi urushsa, jangda kim g‘olib chiqishi ayon. Ayg‘oqchilik tashkilotining bor-yo‘qligi ham shunday gap.

Xullas, o‘ttiz besh yillik hukmdorlik davrida o‘n yettita katta urushda biror marta yengilmagan, yigirma yetti o‘lkani fath etgan Amir Temurning shunday muvaffaqiyatini ta’minlagan eng muhim omillar boshida uning ayg‘oqchilik tashkiloti turadi. Bu tashkilot shu qadar mukammal tuzilgan ediki, xalq orasida xabar to‘plovchi kishilarga qo‘shimcha, Sohibqironning o‘z o‘lkasidan tashqari boshqa yurtlarda ham sanoqsiz josuslari faoliyat yuritardi.

Bu ayg‘oqchilar so‘fi, darvish, savdogar, munajjim, askar, san’atkor, pahlavon, dengizchi, meshkob, sehrgar, afsungar qiyofasida yurtma-yurt kezib yurar, o‘sha o‘lkalardagi shaharu qishloqlar, yo‘lu karvonsaroylar orasidagi masofa va kenglikka, shuningdek, omma, ulug‘-kichik kishilarga oid har qanaqa ma’lumotni yig‘ib kelib, Temurga bildirardi. Amir Temur ana shu tariqa zabt etilajak yurt haqida tushuncha yig‘ar, o‘sha o‘lkaning hukmroni va kattalari xususida ikir-chikirigacha ma’lumotga ega bo‘lar va uni qo‘lga kiritgach esa “Falonchi falonchi bilan anavi muammosini qanday hal qildi, anavi voqea nima bilan tugadi” kabi savollar berib, bu yerlik xalqni hayratga solardi.

Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur ayyorlikda suvu o‘tni bir hovuchiga sig‘dirgan, to‘g‘riyu egrini yonma-yon qo‘yolgan, hikmatu bahsda zamon ibn Sinolarini yenggan, mantiqda yunonliklarni jim qilib qo‘ygan shaxs edi.

Amir Temurning ayg‘oqchilik tashkilotiga ko‘p muhim vazifalar yuklatilgan edi. Butun saltanat hududlari, har bir viloyat-o‘lka, o‘rduda kotiblik, ya’ni har bir hodisani yozib borish tartibi yo‘lga qo‘yilgandi. Bu kotiblardan hokimlar va sipohilar, mahalliy va xorijiy askarlar, kirgan-chiqqan mollaru buyumlar, tashqaridan kelgan va tashqariga chiqqan musofirlar, turli mamlakatlarga tegishli karvonlar, pod­shohlarning so‘zlari va ishlari, uzoq ellardan Temur huzuriga kelgan ulamoyu fuzalolar haqidagi xabarlar olib to‘planar va Sohibqironga yetkazilar edi. Agar qalam tutganlar xiyonat ila biror hodisani buzib yozsa, o‘sha xabar bitguvchining barmoqlari kesilardi.

Harbiy sohadagi ishlarni yashirib, uni boshqacha tarzda yozgan kotibning qo‘li qirqilardi. Agar biror g‘araz bilan tuhmat bitsa, darhol o‘ldirilardi.

Bundan tashqari, Amir Temur kunlik xabarlarni har kuni, oylik yangiliklarni har oy, yillik ma’lumotlarni esa har yili taqdim etishni amr qilgandi. U o‘ziga taqdim etilgan bu ma’lumotlarga o‘ta jiddiy e’tibor bilan qarardi. Imkon qadar to‘g‘ri ma’lumot olish uchun chora-tadbirlar qo‘llardi.

Bu tashkilot vakillaridan tashqari, dunyoga yoyilgan barcha yo‘llardan ma’lumot keltiruvchi boshqa xabarchilar ham bor edi. Ana shular vositasida har qaysi o‘lkayu viloyatdan yuborilgan xabar ikki kunda Samarqandga yetib kelardi. Uzoq masofalarga ham yangilik jadal yo‘llanar edi. Masalan, Sherozda turgan Temurga To‘xtamishning Movarounnahrga hujumi to‘g‘risida xabarni Samarqanddan yo‘lga chiqqan choparlar o‘n yetti kunda yetkazgan. Ya’ni otda har kuni o‘rtacha bir yuz qirq kilometr yo‘l bosilgan. Ana shu tarzda yomlar – pochtalar va yomchilar – choparlar vositasida Amir Temurga har tarafdan xabarlar yetkazib turilgan.

 

“O‘G‘LIM ShOHRUXNIKI BO‘LSA HAM, OTINI OLING”

Yomchi, ya’ni pochtachilar zarur paytda, otlari charchaganda yoxud yi­qilganda, yo‘lda duch kelgan otni olishga haqli edi. Ana shunday holatda savdogar, amir, elchi, kim bo‘lsa bo‘lsin, otini berishga majbur edi. Bermaganning kallasi ketardi. Chopar va xabarchilar hatto Amir Temurning o‘g‘li yoki xotinlari otini ham olishga haqli hisoblanardi.

Bu xususda arab tarixchisi Abdulqodir Tamimiyning “Taboqot” degan asarida qiziqarli bir rivoyat keltirilgan. Bir kuni Amir Temur olis bir shaharga muhim xabarni bildirish uchun choparini yo‘llaydi. U choparga bunday deydi: “Agar oting horisa, yo‘lda uchragan odamning, hatto o‘g‘lim Shohrux bo‘lsa ham, otini olib, to‘xtamasdan, jadal yo‘l bos. Xabarni egasiga o‘z vaqtida yetkaz!”

Chopar Amir Temur jo‘natgan shaharga qarab bir necha kun ot suradi. Yo‘lda Samarqandga kelayotgan mashhur ulamo Sa’diddin Taftazaniy bilan uchrashadi. Ul zot yo‘l chetida otlarini o‘tlatib qo‘yib, o‘zi chodirida istirohat etardi. Chopar horigan ulovini ulamoning otlaridan biriga almashtiradi. Shu payt ulamo chodiridan chiqib, otini chopardan tortib oladi. Chopar o‘z yo‘liga ketadi. Topshiriqni bajarib, boshkentga qaytgach, Temurga haligi voqeani aytib beradi. Amir Temur qattiq asabiylashadi. O‘rnidan turadi-da, jahlini bosish uchun bir oz odimlab, o‘yga botgancha, uf tortib, so‘ng joyiga o‘tiradi. Ancha payt jim qoladi. Keyin bunday deydi: “Agar uning o‘rnida o‘g‘illarimdan biri bo‘lganida ham, albatta, bu aybi uchun jallodga topshirardim. Ammo mening qilichim yetmagan joyga uning so‘zi, asarlari yetib borgan, tarqalgan; taqvosi bilan shuhrat topgan bu avliyoni men qanday qilib qatl ettira olaman, axir!” deya chorasizligini anglatadi.

Bu hodisa Temurning ayg‘oqchilik tashkilotiga bergan katta e’tibori sirasida olimu ulamoni ham qattiq hurmat qilganini anglatishi bilan juda muhim va ibratlidir.

Xabarchilar, izquvar ayg‘oqchilar orasida ibroniy, yunon va yana bir necha tillarni biladigan mohir va nodir kishilar ko‘p edi. Ular tufayli Amir hazrat eng zarur ma’lumotlarga ega bo‘lar, davlat va o‘rduni boshqarishda ulardan unumli foydalanardi.

O‘z davri talabiga ko‘ra, ana shunday mukammal josuslik tashkilotini yaratgan Amir Temur harbiy yurishni boshlamasdan oldin fath etilajak o‘lka yoxud shaharning o‘ziga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan shaxs va kuchlarini zaiflantirish uchun o‘sha tarafga tashviqotchi, targ‘ibotchi ayg‘oqchilarni yo‘llardi.

Qal’a yo shaharlarni zabt etishda topografik ma’lumotlardan ham foydalanardi. Bu uning fathlaridagi muhim omillardan hisoblanardi. Amir Temur o‘rdusi, asosan, otliqlardan qurilgani, har ikki suvorining o‘z ulovidan tashqari yana bitta yetakdagi oti bo‘lgani bois ellik mingdan yuz ellik mingtagacha otliq qo‘shinni bir joydan boshqa yerga olib borish oson kechmasdi. Shu sabab o‘sha hududning jug‘rofiy, topog­rafik ma’lumotlari nihoyatda zarur sanalardi. Bu diqqattalab, nozik ish edi. Yurish qilinayotgan mamlakatni yaxshi bilish shart edi. Shu sabab Amir Temur safar asnosida yonidagi savdogar va jug‘rofchilar bilan doim suhbatlashar, kengroq tushuncha hosil qilishga intilar edi. Manzil sari jo‘natilgan koshif qismlar ham o‘rdudan ancha ilgarilab, qayerlarda buloq yo sardobalar borligi, dushman joylashgan hudud xususiyatlarini aniqlab xabar berar va yana kuzatishda davom etardi. Shuning uchun asosiy o‘rdu bexatar yo‘l bosardi. Koshif bo‘linmalardan ham oldinroqda ayg‘oqchilar, usta josuslar o‘z vazifasini bajarardi. Shu bilan birga, Amir Temur o‘zi fath etishga chog‘langan o‘lkaga kirgach ham turli yo‘llar bilan ma’lumot olishni to‘xtatmasdi. Yurish paytida muhim xabarlar, asosan, sara, tajribali qahramon va bahodirlar vositasida olinardi, ularga “til” tutib kelish ham topshirilardi.

Amir Temur fathu futuhot safariga chiqishdan oldin ayg‘oqchilik tashkilotidan bunday mohirona foydalanishi, dushman haqida barcha zarur ma’lumotni qo‘lga kiritishi, aytish mumkinki, u qozonajak zafarda bosh omil bo‘lardi. Chunki Hazrat amir josuslar vositasida qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga asoslanib, ayni yurishda g‘alabaga erishishi (yoki erishmasligining) aniq hisobini chiqara olgan. Agar vaziyat o‘ziga ters, zarar tomonga og‘a boshlasa, darhol uni o‘ziga o‘ng, foydali yoqqa bura olgan. Shuning uchun ham, barcha zarur siyosiy va harbiy layoqatga egaligiga qaramay, Anado‘luni egallashda unga qarshi chiquvchi eng katta yog‘iy qozi Burhoniddin bo‘lishini tushungach, Anado‘luga yurishni kechiktirgan.

Uning Qaysari – Sivas hukmdori qozi Burhoniddin haqida sharqiy Anado‘luni juda yaxshi bilgan odamdan ma’lumot olishni istashining o‘ziyoq axborotga, ayg‘oqchilik faoliyatiga katta ahamiyat berganiga bir dalildir. Shunday qilib, Amir Temur o‘sha safar chog‘ida o‘zi to‘plagan ma’lumotlarga suyanib, qiyosiy tahlil asosida chiqargan qarori sabab, garchand Arzirumga qadar kirib borgan bo‘lsa-da, Anado‘luni qo‘qqis tark etgan. Ya’ni Usmonli o‘rdusi bilan hali yuzma-yuz kelmay turib, orada qozi Burhoniddindek kuchli raqib borligini bilib qolgach, Anado‘lu safarini vaqtincha to‘xtatib, Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamishxon bilan urushga yo‘l oladi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, Amir Temur, garchi Anado‘luni tark etsa-da, ammo qozi Burhoniddinni bartaraf etish uchun vaqtni boy bermay, zarur chora-tadbirlar ko‘ra boshlagan. Bunda o‘ziga eng ko‘p yordami tegishi mumkin bo‘lgan kishi – avvaldan qozi Burhoniddin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan oqqo‘ylilar hukmdori Qora Yuluq Usmonbek ekanini aniqlagan. Chunki Qora Yuluq Usmonbek Qaysari – Sivas hukmdorining yaxshi-yomon tomonlari, ayniqsa, zaif nuqtalarini yaxshi bilgan inson edi. Keyinchalik qozi Burhoniddin Qora Yuluq Usmonbek tarafidan Sivas yovuqlarida o‘ldirilishida Amir hazratning ham ma’lum ma’noda hissasi bor, deyiladi.

Amir Temur ayg‘oqchilik tashkilotidan unumli foydalanganiga yana bir dalil – uning yog‘iy tarafdan panoh istab qochib kelganlardan ma’lumot yig‘ish usulidir. Masalan, Oltin O‘rda mamlakati shahzodalaridan To‘xtamish Oq O‘rda hukmdori O‘rusxon uni o‘ldirishidan qo‘rqib qochib, Amir Temur huzuriga kelgani va qabul qilingani Sohibqiron bilan O‘rusxon orasini buzgan. Ko‘p o‘tmay, Amir Temur Buxoroda turgan vaqtida tag‘in O‘rusxon saroyidan qochgan mang‘it amiri Edigey ham Sohibqiron huzuriga kirib, O‘rusxon askar to‘playotgani, To‘xtamishni qo‘lga olmoq uchun bu yoqlarga kelayotganini bildirgan. Shu gapdan bir oz o‘tib, O‘rusxon elchilari Amir Temur huzuriga kelgan va To‘xtamishni ularga topshirishini so‘ragan.

Amir Temur O‘rusxon talabini ado etmaydi, biroq uning To‘xtamishga ko‘rsatgan yordamiyu yaxshiligi, afsuski, vafosizlik va xiyonat bilan yakunlangani ham sir emas. To‘xtamish Amir Temurning ko‘magi va qo‘llab-quvvvatlashi tufayli Oltin O‘rda hukmdoriga aylangach, oradan hech qancha o‘tmay, Amir Temurga dushmanlik qilishni boshlagan. Sohibqiron o‘rdugohiga holdan toyib yetib kelgan tatar chopari To‘xtamish lashkarining katta bir qismi Sirdaryoni kechib o‘tib, Temur yurtini istilo qilmoqqa kirishganini yetkazgan. Amir Temur darhol mamlakatga qaytib, To‘xtamish bilan uzoq cho‘zilgan urushga kirishgan.

Amir Temur Anqara jangidan avval ham ayg‘oqchi tashkilotidan nihoyatda unumli foydalangani ma’lum. Sohibqiron Yildirim Boyazidga qarshi yurish boshlashdan oldinroq Anado‘lu xalqini o‘ziga og‘dirish uchun bu yurtga josuslar jo‘natgan. Ular ortidan esa Usmonli zaminida yashovchi tatarlarni ham o‘ziga ittifoqchi qilish niyatida Fozil degan tatar amiri va boshqa beklarga maktublar yuborgan, tatarlarning boshqalardan ustunligini ta’kidlab, ular Anado‘luda hukmron bo‘lishi zarurligini uqtirgan. Albatta, bunday fikrlar qora tatarlarga yoqqan, ularning ko‘nglida Temurga moyillik uyg‘ongan.

Bundan tashqari, Amir Temur Anado‘lu o‘lkasining himoya nuqtalarini, ayni zamondagi vaziyatini, muhofaza tadbirlarini, pistirmalarini ham josuslar vositasida chuqur o‘rgangan. Zero, Sohibqironning uzoq taraddud va tayyorgarlikdan so‘nggina Yildirim Boyazid ustiga yurish qilgani uning ayg‘oqchilar yetkazgan ma’lumotlarga katta ahamiyat bergani, ishonganini anglatadi. Anado‘lu safariga barcha zarur hozirliklar ko‘rilgach ham, turumni tag‘in-da aniq ko‘z oldiga keltirish uchun Mutahartanni yana bir bor oxirgi ma’lumot olish niyatida huzuriga chorlab, u bilan suhbatlashgan. Ana shu tarzda harbiy safar tadorigi ko‘rilgan va to‘la ma’lumotga ega bo‘lingachgina Anado‘lu yurishi boshlangan.

Amir Temur o‘rdusida safar tayyorgarligi saltanatning eng chekka o‘lkalaridan choparlar keltirgan yangi ma’lumotlarga suyanilgan tarzda nihoyasiga yetkazilar edi. Ana shu ishlar ado etilganidan keyin Hazrati amir Yildirim Boyazidga qarshi hujumga o‘tish uchun Oraz qirg‘oqlarida qo‘r to‘kdi. Lashkarlar uchun chodir va o‘tovlar tiktirib, ayg‘oqchilar orqali kelasi ko‘klamda Qipchoq yurtini istilo qilishga ketishi haqida mish-mish tarqatdi. Betinim ishlayotgan josuslar bir dastur tayyorlab, Amir hazratga sundilar. Unda ko‘rsatilgan tadbirlar amalga oshirila boshlandi.

Amir Temur harbiy hiyladan foydalanishda nihoyatda usta edi. Butun umri urushlarda o‘tgan qo‘mondonning bu sohada juda katta tajriba sohibi bo‘lgani shubhasiz. O‘z yovining qo‘li ostidagi odamlarni avrab-aldab, hukmdoriga qarshi qilib qo‘yish, josuslari yordamida raqib mamlakatdagi umumiy ruhiy holatni buzish va oqibatda zafar yo‘lini osonlashtirish tadbiri ayni safarda ham qo‘llanildi. Sohibqiron Yildirim Boyazidning ahvolini qadamma-qadam kuzatib bordi va shunga muvofiq choralar ko‘rdi. Masalan, Yildirim Boyazid Anqara jangidan oldin To‘qatga borib, darbandlarni berkitib, yog‘iy yo‘lini kesdi. Bundan xabar topgan Amir Temur ham o‘z harakat yo‘nalishini o‘zgartirdi. Qaysari yo‘li ochiq ekanini bilgach, Anqaraga ana shu tomondan bordi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, Yildirim Boyazid Anqara jangiga qadar, asosan, Ovrupoda urush olib borgan, jang maydonini o‘rganishda Movarounnahr lashkaridek bilimu tajribaga ega emas edi. Amir Temur esa Anado‘lu haqida shu atrofdagi beklardan so‘rab-surishtirgan, josuslardan zarur ma’lumotlar olgan, qisqasi, jang maydoni xususida atroflicha tushuncha hosil qilgandi. Shu tarzda, ya’ni mukammal faoliyat yurituvchi ayg‘oqchilik tashkiloti va boshqa vositalar orqali keng va chuqur ma’lumotlar to‘plagach, barcha harbiy hozirlikni ko‘rib, hujumga o‘tgan Amir Temur 1402 yilgi Anqara jangida Yildirim Boyazidni ulkan mag‘lubiyatga uchratdi[20].

Natija e’tibori-la aytishimiz mumkinki, Amir Temur hayotining so‘ngiga qadar ayg‘oqchilik tashkiloti vositasida qo‘lga kiritgan ma’lumotlaridan unumli foydalangan holda dushmanlariga qarshi kurash olib bordi.

Etti yillik safardan qaytishida Chin saltanatiga yurishni mo‘l­jalladi. Shu bois josuslari vositasida Chin davlati, o‘lkaning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot to‘plashga kirishdi. Chin aholisi, bu yerlik aholining muhim xususiyatlari, boyliklari haqida tushuncha hosil qilish uchun har yo‘lga bosh urdi. Masalan, bir tatar savdogari olti oy Chin boshkentida yashagan va Temurning huzuriga qaytib, unga Chin poytaxtining dengizga yaqinligi, Tabriz shahridan yigirma marta katta ekanligini aytgan. Bundan tashqari, o‘sha tatar savdogar unga Chin xoqoni safarga chiqqanida orqasida to‘rt yuz ming otliq askar qoldirgani va ular mamlakatni qo‘riqlab turgani, shuningdek, bu yurtdagi odatga ko‘ra, har qanday aslzoda yonida bir suvori yovarsiz otliq yurmasligi yoki xoqonning oldin butparast bo‘lgani, keyinchalik esa nasroniylikni qabul qilgani haqida Amir Temurga so‘zlab bergan.

Sohibqiron yurish qilinajak o‘lkalarning jug‘rofiy vaziyati, ay­niqsa, ov hayvonlari mavjudligiga alohida diqqat qaratardi. Shu sabab u Chinga urush boshlash uchun katta va kuchli o‘rdu tayyorlash bilan birga yo‘llar, iqlim, Movorunnahr va Chin oralig‘idagi o‘lkalarning moddiy boyliklari xususida ham zarur ma’lumotlar to‘pladi. O‘tilishi mo‘ljallangan yo‘llar atrofiga ancha avvaldan dehqonlar jo‘nattirib, bug‘doy ektirdi, g‘alla yig‘dirdi. O‘tror, Olmaliq va Turfonda markazlar qurdirib, hozirlik ishlarida ularga ham suyandi. Rejaga ko‘ra, chodirlar yuklangan besh yuz arava, minglarcha tuya va sigir o‘rdudan oldin yo‘lga chiqadi; ular lashkarning oziq-ovqatga, et va sutga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi.

Urushga tadorik ko‘rar ekan, Amir Temur askarlariga cho‘llik va muzlik yerlardan o‘tishda kiyiluvchi kiyimlarni ham tayyorlatgan. Ya’ni qo‘qqisdan yoprilib keluvchi biror tasodif ham e’tibordan chetda qoldirilmasligiga uringan. Chin safari uchun barcha tayyorgarlik choralarini ko‘rgan Temur, har doimgi odatiga sodiq holda, bugungi ishni ertaga qo‘yma qabilida ish tutib, qirchillama qishda, 1404 yil 27 dekabrda o‘rdusini qo‘zg‘otib, yo‘lga chiqdi.

Sirdaryo suvi muzlagan bo‘lib, qo‘shinlar muz ustidan o‘tdi. Shu kechishdayoq ba’zi hayvonlar sovuqqa chidamay nobud bo‘ldi. Ammo safarni eng mayda-chuyda tafsilotlarigacha hisob-kitob qilib qo‘ygan Amir Temur, ayg‘oqchilik tashkiloti ma’lumotlariga suyangan holda, duch kelinajak qarshilik va og‘irchiliklarni avvaldan bilgani sabab zarur tadbirlarni olgandi. Rejaga ko‘ra, Sohibqiron uch oylik yurishdan so‘ng O‘rta Osiyoni bosib o‘tib, ko‘klam avvalida Chinga hujum uyushtirib, o‘rdusi bilan yopirilishi lozim edi. Afsuski, bu rejani bajarishga Amir hazratning umri yetmadi.

Xullas, Amir Temur o‘z ayg‘oqchilik tashkiloti yordamida dushmanlarining eng nozik jihatlarigacha o‘rgana olgan, ular bilan jangga kirar ekan, josuslari tarqatgan yanglish ma’lumotlar ko‘magida yog‘iyni aldab, tuzoqqa tushirgan, raqiblari orasiga nifoq solib, ularni biri-biriga gij-gijlagan, shu yo‘l bilan zaiflashtirgan va mag‘lub etgan.

 

DINNI YaNGILAGUVChI*

Amir Temur o‘zini islomiyat homiysi va hijriy sakkizinchi asrda dinni yangilaguvchi shaxs deb bilardi. U “Tuzukot”ida bu masalaga alohida to‘xtalib, o‘z fikrini bayon etadiki, ayni yozuvlarni Amir Temurning dindorligiga bir vasiqa deyish mumkin. Sohibqiron, jumladan, bunday deydi:

“Har bir shaharda masjid, madrasa, musofirxonalar, katta yo‘llar chetida karvonsaroylar qurishni, yo‘llarni tuzatib, ko‘priklar tiklashni buyurdim. Har bir shaharga ulamo va mudarrislar tayin etdimki, ular musulmonlarga dinni o‘rgatib, shariatni tushuntirsinlar.

Tag‘in shunday farmon berdimki, menga tobe barcha mamlakatlarda shariat ahkomlari qanday yuritilayotgani haqida menga qozikalon har doim bildirib tursin.

Har el va har shaharga bitta adolat amiri tayinladim. U o‘sha yerdagi sipohilar va xalq orasida tug‘ilajak nizo va bahslarni hal qilib, bu xususda menga ma’lumot berib turadi.

Islom dini yoyilgan barcha yurtlardagi ahli islom anglasinlar deya ulamolar bir fatvo bitib, shuni bildirdilarki: “Olloh taolo har asr boshida Muhammad alayhissalom diniga rivoj berguvchi va yangilaguvchi[21] bir kishini maydonga chiqaradi. Ushbu sakkizinchi asrda amir Sohibqiron islom diniga rivoj berdi. Shu tufayli bu asrning din yangilaguvchisi bu kishidir”.

Yana bu zamonning ulug‘ olimlaridan Mirsaid Sharif menga bir maktub yozganki, uning nusxasi shudir:

“Allohumma unsur min nosiriddin, vahzul min hazaliddin. Avvalgi va keyingi islom ulamosining bari bir og‘izdan demishlarki, Olloh taolo har asr boshida islom dinini yangilaguvchi bir kishini chiqaradi. Ollohga hamdu sanolar bo‘lsinkim, ushbu sakkizinchi asr boshida amir Sohibqironni din yangilaguvchisi sifatida yubormishdir. U ham barcha viloyatu mamlakatlarda dini Muhammadiyaga rivoj berdi. Moziydagi buyuk ulamolar har asr avvalida kelgan din yangilaguvchilarning vasflarini o‘rganib, shundog‘ debdurlar: “Hijratdin so‘ngra birinchi asr boshida kelgan din yangilaguvchi xalifa Umar bin Abdulaziz edi. Xorijiylar minbarlardan hazrati Alini la’natlab, ko‘p jabr etdilar, kimsa ularni to‘xtatolmadi. Shu sabab o‘sha yillarda islom ahlining ittifoqi buzilgan. Keyin yana ular orasidan ba’zi kishilar chiqib, to‘rt xalifaga ham sitam aylab, la’nat yog‘dirishdi. Hazrat Umar davrida buzg‘unchilar bartaraf qilindi va dinga rivoj berildi.

Ikkinchi asr boshidagi din yangilaguvchi xalifa Ma’mun bin Xorun Rashid edi. U islom dinida bosh ko‘targan yetmish ikki turli botil mazhablarni bostirdi, Haq mazhabi bo‘lgan ahli sunnatni taraqqiy toptirdi.

Uchinchi asrdagi din yangilaguvchi zot xalifa Muqtadir Billoh Abbosdir. Undan oldinroq qarmatiylar qavmi maydonga tushib, ularning raisi Abu Tohir haj mavsumida Makkaga hujum uyushtirib, arafa kuni hojilardan o‘ttiz ming kishini shahid etgandi. Shunda Qoratoshni joyidan qo‘zg‘atib, olib ketdilar. Borgan yerlarini, musulmonlarning shaharlarini vayron qildilar va taladilar. Islom dini kuchsizlandi. Xalifa Muqtadir ularning ustiga lashkar tortdi, bo‘yin egmaganlarini o‘ldirtirdi, qarmatiylar fitnasini bostirdi. Shu tarzda islomga rivoj berdi.

To‘rtinchi asr muqaddimasida o‘rtaga chiqqan din yangilaguvchi shaxs Izzudavla Daylomiy edi. U ham shariatdan tashqari barcha ziddiyatlarga barham berdi, dinni rivojlantirdi.

Beshinchi asrda din va shariatga taraqqiy keltirgan zot sal­juqiylardan Sulton Malikshoh edi. Shayx Ahmad Jomiy, Hakim Sanoiy kabi zotlar uning zamondoshlari bo‘lib, sulton ularning ixlosmand muridi edi. Bu davrda ham dinsizlar, imonsizlar ko‘payib, islom dinini kuchsizlantirgandi. Malikshoh dinsizlikka xarba yog‘dirdi, yo‘q qildi va islomiyat taraqqiysiga azmu jadal ko‘rsatdi. U shaxsan o‘zi o‘rnak o‘laroq islomga shunchalar bo‘ysunganki, natijada hukmdor hayotida shariatga zid biror hodisa yuz bermagan.

Oltinchi asr boshida tarix maydonida ko‘ringan din yangilaguvchi zot Qozonxon bin Arg‘unxon bin Xulakuxondir. Musulmon shaharlari mo‘g‘ullar istilosidan keyin juda xarobaga aylangandi va islom dini ham zaiflashgandi. Din rivoji uchun Olloh taolo Qozonxonni harakatga tushirdi. U yuz minglik turk askari bilan birga Lor cho‘lida, shayx Ibrohim Hamaviy guvohligida imon keltirib, bir onda musulmon bo‘ldi. Tillari bilan imon keltirganidan so‘ng ular kufur va bid’at ishlarni to‘xtatdilar. Mamlakatning barcha shaharlarida islom dinini, shariatni rivojlantirdilar.

Ettinchi asr boshida bu vazifa yelkasiga yuklangan zot O‘ljaytu sulton bin Arg‘unxonki, laqabi sulton Muhammad Xudobanda edi. Birodari Qozonxondan so‘ngra saltanat taxtiga o‘tirdi. Bir kuni u “Bugunlarda din ishlari shunday chalkashdiki, namoz o‘qigan musulmonlar tashahhuddan keyin hazrat Muhammadga salovot aytmay qo‘ydi,” degan gapni eshitdi. Eshitgan zahoti o‘rnidan turib, Sultoniya jomesiga bordi. Barcha islom ulamosi shu yerda hozir bo‘ldilar. So‘ngra sulton ulamodan “Namozda Payg‘ambarga salovot keltirmaslikning hukmi nedir?” deya so‘radi. Ular bunday deyishdi: “Olloh taolo namozda Payg‘ambarga salovot aytishni amr aylagan. Agarda namozda salovot aytilmasa, Shofiiy mazhabiga ko‘ra namoz buzilur. Hanafiy mazhabi – imomi A’zamga ko‘ra, namoz makruh bo‘lur”.

Shunda sulton ulamoga yana savol berdi: “Boshqa payg‘ambarlarga salovot aytilganida nima uchun oila, bola-chaqasini eslamaydilar-da, bizning payg‘ambarimizga salovot so‘ylanarkan, “Muhammadning oilayu avlodiga” iboralari qo‘shiladi?” Barcha ulamo bu savol qarshisida ojiz qoldilar. Shunda sulton bundoq dedi: “Bu xususda ko‘nglimga ikki narsa kelur. Birinchisi shuki, dushmanlar payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga abtar dedilar. Olloh abtarlikni ularning boshiga soldiki, nasllari kesilib, dunyoda ulardan hech kimsa qolmadi. Qolsa ham, nom-nishonsiz o‘tib ketdi va ularni hech kim tanimadi. Biroq payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom avlodlari shuncha ko‘paydiki, ularning son-sanog‘ini Ollohdan boshqa kimsa bilmas. Ikkinchisi shuki, moziydagi payg‘ambarlarning dinlari davronlar osha o‘zgarib borgan, doimiy bo‘lmagan. Chunki har bir payg‘ambar o‘z davriga mos din keltirgan. Faqat islom dini o‘zgarishdan holidir, to qiyomat shu tarzda muhofaza qilingusidir. Shunday ekan, Muhammad ummatiga shu lozimdirki, payg‘ambarimizga salovot aytilar ekan, uning oilayu avlodlarini ham qo‘shib qo‘yish kerak. Chunki, har insonga ma’lumdirki, islom dinini muhofaza qilganlar, Qur’on va hadislar ma’nosini aytuvchilar, ulug‘ ulamo Olloh rasulining avlodlaridir. Payg‘ambarlar ilmiga sohib kishilar asosan ulardir. Musulmonlar din ilmlarini, imonni, islomning farz va vojiblarini ulardan o‘rganadirlar. Diniy ishlarda ularni rahnamo bilib, hurmat qilib, ularga ergashadilar..”.

Sultonning so‘zi shu yerga kelganida, jomeni to‘ldirgan ulamo va boshqalar gurillagan tovushda payg‘ambar va oila-avlodlariga salovot o‘qidilar. Sulton so‘zini davom ettirib, bundoq dedi: “Payg‘ambarimiz oilasiga mansublardan eng ilgari kelgani hazrat Alidir. Eng so‘nggisi imom Mahdiy Oxirzamondir. Haqiqatan ham, islom mulki – Muhammad alayhissalom mulkidir. Shuning uchun uning avlodlari iznisiz bu mulkka qo‘l urmasligimiz kerak. Agar o‘z istagimizcha ish ko‘rsak, zo‘ravonlik kilib qo‘ygan bo‘lamiz”.

Sulton O‘ljaytu, ya’ni sulton Muhammad Xudobanda ana shu so‘zlaridan keyin amr etdiki, ahli bayt nomiga xutba o‘qib, aqchalar chiqarilsin. Bu ishlarni ko‘rgan ulamo “O‘ljaytu sulton islomiyatning bu asrdagi rivoj beruvchisidir”, deya fatvo yozdilar.

Ana endi sakkizinchi asr boshida maydonga chiqqan din yangilaguvchi, uni taraqqiy toptirguvchi amir Sohibqirondirki, olamdagi mamlakatlar va shaharlarda din va shariatni qo‘riqlab, rivojlantirdi. U sayyidlarni hurmat aylab, ulamoni shon-sharafga burkadi. Payg‘ambar xonadoni zuriyodlarining izni va tavsiyalari ila uning mulkidagi ishlarni joy-joyiga qo‘ya oldi”.

Ulamo raisi Mirsaid Sharif bitgan bu maktub menga yetgach, janobi Haqqa shukr aylab, hazrati Muhammadga va oila-avlodlariga salovot o‘qib, Ollohga yolvordim, munojot etdim. Ya’nikim, menga tavfiq ato etgay, din yangilaguvchilaridan, islom shariatiga rivoj berguvchilardan qilgay.

Shu voqeadan keyin bu xatni pirim Abubakr Tayobodiyga yo‘lladim. Pirim maktub hoshiyasiga shularni bitib, menga qaytarmishlar: “Din va shariatga rivoj berguvchi Sohibqironga ma’lum bo‘lsinkim, bu qutbi saltanatga Olloh tomonidan yuborilgan eng ulug‘ ne’matdir. Dinni yangilash, shariatni rivojlantirish tavfiqini Olloh taolo senga bag‘ishlamishdir. Qanchalar yaxshilik qilsang, uning siylovini oladirsan”.

Pirimga jo‘natilgan o‘sha maktub uning qalamu fikri ila ziynatlanib, qayta qo‘limga tekkach, rasululloh avlodlariga hurmatimni yanada orttirib, islom olimlarining darajayu maqomlarini yuksaltirdim. Shariat taraqqiysi yo‘lida avvalgidan ham ko‘proq zahmat chekdim. Bu maktub mazmunini mening hayotim voqealari to‘plangan tarix daftariga yozishlarini buyurdim.

Din va shariat tuzugini tugal bitirganimdan keyin o‘z saltanatim muassasalarining tuzugini tuzmakka kirishdim. Saltanat va davlat martabalarini to‘ra va tuzuk yo‘liga solib, mustahkamladim”[22].

 

MA’NAVIYaTI

“Unutma, Shohrux bolam, qalamning yozganlari mangu qoladir.
Kun kelurki, men va sen bir hovuch tuproqqa aylanurmiz. Ulug‘bek mirzoning yozganlari, qilgan ishlari esa asrlar osha insonlarga yo‘l ko‘rsatadir”.

                               Amir Temur

Amir Temur muzaffar o‘rdusi bilan janglardan qaytgach, Samarqandda yangi binolar bunyod etmoqni, madrasa, masjid, bag‘rida qasru saroylar ko‘rk ochgan bog‘-rog‘lar yaratmoqni, ularni xalqqa taqdim qilmoqni odatga aylantirgan edi. Uning bunday xayrli ishlaridan farzandlari ham o‘rnak oldilar va Samarqandda buyuk obidalarni tikladilar.

Bir kuni Sohibqironning kichik o‘g‘li Shohrux Samarqand yaqinida ulkan bir bog‘ yaratdi va otasini bu bo‘stonga ziyofatga chaqirdi. Bazm tugagach, Shohrux padari bilan birga bog‘ni sayr etdi va: “Otajonim, bu yaratgan bog‘im haqida nima deysiz?” – deb so‘radi. Amir Temur unga bunday javob berdi: “Ey o‘g‘lim, bog‘ing juda go‘zal, keng, har turli daraxtlar, anvoyi xushbo‘y gullardan bor. Ammo bilgilki, boyligi bor har odam bunday bog‘u bo‘stonni yarata oladi. Lekin dunyoda o‘xshashi yo‘q ikkita bog‘ borki, ulardan birinchisini barpo qilmoq uchun sen ham, men ham g‘ayrat ko‘rsatmog‘imiz lozim. Ikkinchisini esa sen ham, men ham yaratolmaymiz, u faqat Ulug‘bekka nasib bo‘lgusidir”.

Shohrux Hazrat xoqonga maroq bilan boqdi va: “Otajon, yaratmoq uchun g‘ayrat qilishimiz darkor o‘sha bog‘ qanaqa o‘zi?”, deb so‘radi. Temur unga bunday dedi: “O‘g‘lim, bu bog‘ – olimlar, avliyo, shoir, fuzalo va ulamo, axloqli kishilar, o‘qigan zotlar suhbatidir. Bu muborak insonlardan dars va o‘rnak olib, ezgu ishlarga qo‘l urmoq – o‘sha bog‘ daraxtlaridir. Bu og‘ochlar mevasi esa yaxshilik bilan xotirlanmoq, go‘zal bir tarzda eslanmoqdir. Shuning uchun har doim olim, ilmli kishilarni atrofingga to‘plab, ulardan fayz ol, nasihatlariga munosib muomala ko‘rsat”.

Shohrux yana: “Otajon, Ulug‘bekka nasib bo‘lgan bog‘ qanaqa?” – deya so‘radi. Temur javoban bundoq dedi: “Ulug‘bekning bog‘i – ilm, ma’rifat bo‘stonidir, tafakkur bog‘idir. Uning daraxtlari – kitoblar, kashflardir. Mevalari esa tafakkur hikmatlaridir. Unutma, bolam, qalamning yozganlari mangu qoladir. Kun kelurki, men va sen bir hovuch tuproqqa aylanurmiz. Ulug‘bek mirzoning yozganlari, qilgan ishlari esa asrlar osha insonlarga yo‘l ko‘rsatadir”.

Amir Temur qalam ahliga har doim homiylik qilardi. Chunki ular yozajak kitoblar saltanatining qudrati va shon-shavkatidan kelajak nasllarga xabar yetkazishini yaxshi bilardi. Jahongirlik, albattaki, faqat jang qilish, o‘lkalar fath etishdangina iborat emas, aksincha, notinch, nizoli o‘lkalarni birlashtirish va xalqqa foydali ishlarni bajarish, binolar, ko‘priklar qurish, yo‘llarni tuzatish, suvlar chiqarish, olimlar va shoirlarga yordam berish, ilm-fanni rivojlantirish, deya tushunardi Sohibqiron. Uning mamlakatlarni fath aylashdan maqsadi o‘z mol-mulkini orttirish emas, balki to‘plangan boyliklarni yurt, xalq farovonligi, taraqqiysi uchun sarflamoq edi. Shoir Faxriddin Gurgoniy aytganidek:

Sosoniy va somoniylar yig‘ib-yig‘ib to‘plagan
Molu mulkdan ne ham qoldi bu o‘tkinchi jahonga?
Rudakiyning she’rlari va Barbodning qo‘shiqlari
Barbod bo‘lmay yetib kelmish ammo bizning zamonga.

Amir Temur bolaligidan islomiy muhitda ulg‘aydi, otasining yordamida Qur’onni o‘rgandi. U tom musulmon, hanafiy mazhabida edi. Besh vaqt namozini kanda qilmasdi. Harbiy yurishlarda ko‘chma masjidini olib yurardi. Unga imomlik qilish vazifasi Samarqanddagi atoqli hanafiy olimlardan, Temurning Xalab va Shomdagi mahalliy ulamolar bilan o‘tkazgan bahs majlislarida tarjimoni bo‘lgan mavlono Abduljabbor bin No‘monga yuklatilgan edi. Abduljabbor imomlikni Sohibqironning barcha safarlaridan tortib vafotiga qadar davom ettirdi.

Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Sohibqiron Anado‘lu safari chog‘ida, o‘rduni ko‘rikdan o‘tkazayotgan paytda marosim cho‘zilib ketadi, peshin namozi qazo bo‘lishi mumkin, shunda Amir Temur otdan tushib, ibodatini ado etadi.

Sultoniya shahri bosh rohibi Do‘minikli Jan esa uning dindorligi xususida bunday degan: “Amir Temur diniy qoidalarga to‘la rioya qilardi. Qayerda bo‘lsa ham har kun besh vaqt namozini qo‘ymasdi. Ramozon oyida ro‘za tutardi. Men uning sharob ichganini ko‘rmadim”.

Ispaniyalik elchi Klavixo‘ ham “Amir Temurning safar o‘tovida o‘zi namoz o‘qiydigan, bo‘laklanib-yig‘iladigan, yog‘ochdan yasalgan sayyor masjidi bo‘lardi, Sohibqiron qayerga borsa, uni ham o‘sha yerga olib borishardi, Temur unda ibodatini ado etardi”, deya yozadi.

Anado‘lu safaridan qayta turib nevaralarini uylantirganida ham o‘sha zamonda qiroati bilan shuhrat topgan muhaddis olim Shamsiddin Muhammad al-Jaziriy duolarni hanafiy mazhabi qoidalariga uyg‘un tarzda ado etgan, Samarqand qozikaloni mavlono Salohiddin esa, hanafiylar odatiga ko‘ra, nikoh o‘qigan.

Amir Temur davrida hanafiylik temuriylar saltanatining rasmiy mazhabi maqomini oldi va o‘g‘li Shohrux davrida yanada mustahkamlandi. Amir Temur 1381 yilda Hirotni egallaganida, sabzavorlik xoja Ali Muayyadga aytgan so‘zlari ham uning ahli sunnat aqidalariga mahkam bog‘langanini ko‘rsatadi.

Sohibqiron Mozandaronda bo‘lganida shiya mazhabidagi Said Kamoliddin va Said Roziiddin tushunchalaridan bir oz ozorlangan, so‘ngra: “Bu e’tiqodni tashlang! Ahli sunnat val-jamoat mazhabini qabul qilib, shariat yo‘lini tuting. Ilm ahliga hurmat, e’tibor ko‘rsating va bolalaringizga sha’riy ilmlarni o‘rgating!” – deya o‘git bergan.

Qizi Oqabek, katta o‘g‘li Jahongir va opasi Turkan oqaning birin-ketin vafot etishi uni bir muddat dunyodan bezdirgan, qayg‘uga asir qilgan bo‘lsa ham, Sohibqiron olimlarga Qur’on o‘qittirib, ulardan hadis ting­lab, g‘am-alamini yengillatgan va asta-asta davlat ishlariga qaytgan.

Amir Temur islomning besh farzidan, ayniqsa, ro‘za borasida o‘ta hassos edi. Safar chog‘i ramazon oyi boshlansa, bir makonda qo‘noqlar edi. Ro‘za oyini o‘tkazib, o‘rdusi bilan birga hayit namozini o‘qib, so‘ng dunyo ishlariga yo‘nalardi.

Katta janglar oldidan lashkarining qarshisiga chiqib, ikki rakat hojat namozi o‘qib, Ollohdan madad va zafar tilardi.

Zakot borasida ham juda hassos edi. Bu xususda Samarqand shayxulislomi hoja Abdulavvalga zakotning qanday va qayerlardan olinishiga oid o‘ta muhim savollar bergani ma’lum.

Sohibqiron harbiy yurishlari chog‘ida ham, safardan Samarqandga qaytgan paytida ham ilm ahlini to‘plar va ularning suhbatidan fayz olardi. Huzurida olimlar erkin bahsu munozara etishidan zavqlanardi. Ayniqsa, Sa’diddin Taftazoniy va Sayid Sharif Gurgoniy orasidagi munozaralar faqat Amir hazratninggina emas, balki butun islom olamining ham diqqatini jalb etgani tarixda ta’kidlangan.

 

USTOZLARI

Amir Temur bolalikdan islomiy muhitda o‘sgani bois otasining davrasiga qo‘shilib yurib, ko‘pgina atoqli ulamo va ulug‘ mutasavviflar suhbatidan bahramand bo‘lgan. Ularning duosini olish baxtiga erishgan, fikrlari, xatti-harakatlari, tutumlaridan saboq chiqargan.

Amir Temur ustozlarining nafaqat o‘git va hikmatlarini, balki hatto ularning kiyimidan to‘kilgan g‘uborgacha qadrlovchi ixlosmand shogird edi. Bu xususda ibratli bir rivoyat bor.

Amir hazratning lashkari Buxoro ko‘chalaridan o‘tar ekan, bir necha kishi baland devor ustiga chiqib olib, eski kiyim-kechaklarni silkitib, changini qoqar edi. Chang-to‘zon ko‘chada borayotgan askarlarning boshiga yog‘ilardi. Shunda ba’zi qo‘mondonlar g‘azablanib, darvishlarga dashnom berdi va bu ishni to‘xtatishni talab etdi. Bundan xabar topgan Amir Temur esa qo‘mondonlarga minba’d bunday qilmaslikni buyurib, darvishlarga esa eski-tuskilarni yanada qattiqroq silkitishga amr etdi. Lashkar chang-g‘uborga ko‘milgan holda ko‘chadan o‘tdi. Sohibqiron: “Hech kim ustiga qo‘ngan changni qoqmasin!”, – dedi. Avvaliga hech kim amir nega bunday qilganining ma’nosini anglamadi. Keyinroq Sohibqiron qo‘mondonlariga bundoq dedi: “Sizlar bu chang-g‘ubor qadrini bilsangiz edi, ularni oltin berib, sotib olardingiz. O‘sha devor ustidan changi qoqilgan eski-tuskilar hazrati shoh Naqshbandning muborak kiyimlari erdi.[23] Shuni hech unutmangiz! Biz ularning duo va barakoti ila zafarlar qozonib, bu davlati oliyga noil bo‘lib turibmiz”[24].

Xullas, Amir Temur zafarlaridagi bosh omillardan biri – uning ulug‘ olimlarga bo‘lgan sadoqati va ustozu pirlarining hikmatiga ishonchu ixlosidir. Shoir aytganidek:

Zamonaning Iskandari bo‘lsang ham,
Huzuriga pirsiz kirma, ey odam.

Har bir hukmdorning maqomi, qudrati, haybati uni ulg‘aytirgan va ulug‘ ishlarga yo‘naltirgan ustozlari atrofidagi ulamosi, shoir va olimlari bilan o‘lchanadi. Amir Temur yonidagi, atrofidagi ko‘ngil ahli, ustozlari, olimu fozillar bilan tanishar ekansiz, Sohibqironning maqsad va g‘oyalari, amalga oshirgan ishlarini tag‘in-da teranroq anglaysiz.

 

ShAYX ShAMSIDDIN KULOL

XIV asr boshlarida bugungi Qashqadaryo vohasida tug‘ilgan. Yoshlikdan darvishlik yo‘lini tutgan. Sayid Amir Kulol hazratlaridek kulolchilik bilan shug‘ullangani bois Kulol laqabini olgan.

Tarixdan ayonki, shayx Shamsiddin Kulol bilan Bahovaddin Naqshband Sayid Amir Kulol hazratlarining talabasi bo‘lgan. Ular birgalikda hajga borgan, bir-birlariga ilm o‘rgatgan.

Shamsiddin Kulol Amir Temur hayotida muhim o‘rin tutadi. So­hibqironning otasi Muhammad Tarag‘ayga ham ustoz va pir bo‘lgan. Temurga yetti yoshidan Qur’oni karimni, ko‘p ilmlarni o‘rgatgan. Temurga ismni ham u qo‘ygan, bir umr duo qilgan. Temur bolaligining asosiy davrini shayx yonida o‘tkazgan. Shayx tirik ekan, Temur unga chin ko‘ngildan bog‘lanib yashagan, har doim uni ziyorat qilib, yo‘qlab turgan. Uni o‘zining ma’naviy otasi deb bilgan.

Shayx Shamsiddin Kulol 1370 yilda vafot etgan. Amir Temur ustozini Shahrisabzga, otasi Muhammad Tarag‘ay yoniga dafn qildirgan. Harbiy yurishlardan qaytganida Sohibqiron bolalari bilan har doim Shahrisabzga borar, ham otasi, ham ustozi shayx Shamsiddin Kulol hazratlari qabrini ziyorat aylab, duolar o‘qirdi[25].

 

SAYID AMIR KULOL

1284 yilda Buxoroning Suxori qishog‘ida tug‘ilgan. Butun umrini o‘sha yer va Buxoroning boshqa qishloqlarida o‘tkazgan. Hazrat pay­g‘ambarimizning nasllaridan hisoblangani bois u Sayid Amir, kulolchilik bilan shug‘ullangani uchun esa Kulol nomi bilan tanilgan[26]. Silsilai oliyaning ulug‘laridan Muhammad Bobo Samosiyning talabasi va Bahovaddin Naqshband hazratlarining ustozidir.

“Maqomoti Mir Kulol” asarida Temur bilan Mir Kulol hazratlari uchrashuvi bayon qilingan. Naql etishlaricha, bir kuni Amir Kulol juma namozini Buxorodagi masjidda o‘qib, uyiga qaytardi. Bir to‘da odam shaharning Gulobod va Fathobod mavzesi oralig‘idagi bir joyda o‘tirib, darvish va avliyolar karomati haqida suhbatlashardi. Sayid Amir Kulol hazratlari o‘sha joydan talabalari-la o‘tar ekan, Amir Temur bu zot kimligini so‘raydi. Yonidagilar: “Bu zot Amir Kulol hazratlari, hamrohlari talabalaridir”, deyishadi. Temur shu onda qo‘zg‘olib, tezda Kulol haz­ratlari oldiga keladi va adab bilan bundoq deydi: “Ey dinimizning ulug‘i, sizning marhamatingizdan madad olib, murojaat qilmoqdaman. Menga bir amringiz bo‘lsa, mamnuniyat-la bajarib, siz va talabalaringiz ko‘nglini quvontirsam, deyman”. Mir Kulol bunday debdi: “Shuni bilingkim, menga birovga amr etmoq, talab qilmoq izni berilmagan. Buyuklar ruhoniyatidan ishorat bo‘lsa, bunday ishlar qilingay. Ajdodimiz shundoq ish tutmishdir. Siz sabr aylab kutingiz. Zero, yo‘lingizda muzaffarlik ko‘rinmoqda. Albatta, sizga yaxshi xabarlar bor”.

Amir Kulol uyiga borib, xilvatxonasiga kirdi. Xufton namozidan keyin shayx Mansur degan darvishni chaqirib, unga bunday dedi: “Chopib borib, Amir Temurga shu xabarni yetkaz! Shu ondayoq o‘rnidan tursin! Oyoqda esa darhol harakatini boshlasin! Chunki ulug‘lar ruhoniyatidan mujda bor: Ollohning izni ila butun mamlakat boshdan-oyoq Amir Temur va uning avlodlariga berilmishdir. Xorazm tarafga yo‘lga chiqsin, u yerlarni fath etganidan so‘ng Samarqandga safar qilsin”.

Shayx Mansur bu xushxabarni Amir Temurga yetkazdi. Amir Temur safdoshlari bilan hech to‘xtamay harakatga tushdi. Ular makonidan birmuncha uzoqlashgach, Tug‘luq Temur tarafidan Amir Temurni o‘ldirish uchun yuborilgan askarlar chodirni bosdi. Ammo biror kimsani topolmay, ortga qaytib ketdi.

Amir Temur saltanat taxtiga o‘tirgach, Amir Kulolni Buxorodan Samarqandga chaqirtirdi. Ammo umrining so‘nggi pallasini yashayot­gan Amir Kulol: “Biz bunda duo ila mashg‘ulmiz va boshqa yerda is­tiqomatimizga izn yo‘qdir!” – deya kichik o‘g‘li Amir Umarni Sohibqiron huzuriga jo‘natdi. Yo‘lga chiqayotgan o‘g‘liga bunday dedi: “Ey o‘g‘lim, Amir Temurga aytingki, agar Olloh taolo dargohidan umidli bo‘lmoq istasa, taqvo va adolatga suyansin. Amir Temur sizga dunyoning tortiqlarini bersa ham, ularni olmangiz, olsangiz, bizning huzurimizga oyoq bosmangiz. Dunyo ahlidan hadya olmoq ajdodlarimiz tutumiga ziddir. Zero, darvishlar har doim mo‘minlarni duo etish bilan shug‘ullanishi lozim. Dunyoga mayl ko‘rsatsalar, duolari qabul bo‘lmas”.

Amir Temur pirining o‘g‘lini mehru ehtirom bilan qarshi oldi. Unga tortiqlar sundi. Ammo Amir Umar ularni qabul etmadi. Shunda Temur: “Amir Kulol hazratlariga qanday armug‘on jo‘natsak, u zotning sharafiga uyg‘un va maqbul bo‘lg‘aykim, toki biz-da ul zotga yaqinlashaylik,” deya so‘radi. Amir Umar bunday javob berdi: “Otam aytdilarki, Amir Temur agar Ollohga yaqin kishilar ko‘nglidan joy olmoq istasa, taqvo va adolatni shior etsin. Ollohga yaqinlashmoqning yo‘li shudir”.

Hazrat Amir Kulol 1370 yil 28 noyabrda vafot topdi.

Shuni ham aytmoq kerakki, ko‘plab tarixchilar Sayid Amir Kulol va Shamsiddin Kulolni bir odam deb o‘ylagan va asarlarida shu qarashni ifodalagan. Jumladan, Bartold, Vadim Masson, Pugachenkova va boshqa Temur davri haqida asar bitganlar ham, bir qator xorijiy tarixchilar ham bu ikki zotni bir kishi deb yanglish fikr bildirgan[27].

 

MAVLONO ZAYNIDDIN ABUBAKR TAYOBODIY

Abubakr Tayobodiy Amir Temurning adolat-la hukmdorlik qilishiga eng kuchli ta’sir ko‘rsatgan olimdir. Temur qachonki tang ahvolda qolsa, Abubakr Tayobodiy bilan kengashar, agar u uzoqda bo‘lsa, maktub bitib, o‘gitini olar va shunga ko‘ra ish tutardi. Amir Temur o‘z “Tuzukot”ida Tayobodiyga oid qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Jumladan, u bunday deydi:

“Men yigirma bir yoshga kirganimda, sayohatga chiqishni istadim. Faqat oldin Abubakr Tayobodiy hazratlarining duosini olay, deya niyat qildim. Shayx sayohatga borishimni ma’qullab duo etdi, belimga kamar bog‘lab, boshimga kuloh kiydirdi, qo‘limga bir uzuk tutqazdi. Uzuk ko‘zida “rosti rusti” (kuch – adolatdadir) degan yozuv bitilgan edi”.

Tayobodiy hazratlari Tug‘luq Temur masalasida ham nihoyatda o‘rinli maslahatlar bilan Amir Temurga yo‘l ko‘rsatgan. Tug‘luq Temurning o‘g‘li Ilyosxo‘ja sayidlarga marhamatsiz muomala qilar, Amir Temur esa uning bu tutumidan norozi edi. Shu sabab Tug‘luq Temur bilan orasi buzildi. Shunda Abubakr Tayobodiy Amir Temurga maktub yo‘llab, uning ko‘ngliga taskin berdi. Xatda, jumladan, bunday deyilgan edi:

“Sabuk Teginning onasi bir kiyikni o‘limdan qutqarib qolgani uchun Ollohning suyukli qullari orasiga kiritilgan ekan. Ha, u birgina kiyikni o‘limdan asragandi. Sen esa yetmish sayidni asoratdan saqlab qolding. Bu ulug‘ ishing seni kelajakda ulkan martabalarga erishtiradi, seni buyuk mukofotlar kutmoqda”.

Rivoyatlarga ko‘ra, milodiy 1378–1379 yillarda malik G‘iyosiddin Pirali Hirot shahrini yangidan devor bilan o‘ray boshlaganida shayx Abubakr Tayobodiy unga maktub yo‘llab, “Odamlaringga bu ishni qildirib, mashaqqat yuklama. Kelajak ofatlarni devor o‘rab to‘sa olmassan. Uning o‘rniga adolat devorini tikla!” – deya o‘git bergan. Hokim G‘iyosiddin esa unga “Sen davlat ishlariga aralashma, imomligingni qil!” – deya adabsizlik bilan javob qaytargan. Shunda shayx Tayobodiy xafa bo‘lgan, “Yaqinda bu yerlar Amir Temur qaramog‘iga o‘tadi,” degan. Haqiqatan ham, bir muddatdan so‘ng shayxning aytganlari amalga oshgan.

Manbalarda ta’kidlanishicha, 1380–1381 yil orasida Amir Temur Xurosonni zabt etishga tayyorlanadi va maslahat olish uchun shayx Abubakr Tayobodiy ziyoratiga keldi. Ikkalovi bir muddat suhbatlashadi. Shayx Abubakr Tayobodiy Sohibqironga Hirotni egallaganida xalqqa zulm qilmaslikni tayinlaydi. Shunda Temur shayxdan: “Nega siz malik G‘iyosiddinga o‘git berib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmadingiz?” – deb so‘raydi. Shayx hazratlari unga: “Men malikka ko‘p nasihat qildim, ammo u quloq solmadi. Oqibatda xo‘rlandi, sen esa ulug‘landing. Endi men senga o‘git bermoqdaman. Agar quloq osmasang, sen-da xo‘rlanganlar qatorida bo‘lgaysan,” – deydi. Amir Temur: “Yaxshi, unda Olloh menga qarshi kimni yuboradi?” – deb so‘radi. Shayx Tayobodiy hazratlari qat’iy ohangda: “Azroil alayhissalomni!” – deb javob beradi.

Amir Temur bu suhbatdan qattiq ta’sirlandi. Ko‘z yoshlari duv-duv oqdi. Abubakr Tayobodiy huzuridan chiqib, atrofdagi odamlariga yuzlanib, bunday dedi: “Biz hozirdan Hirotni fath etdik. Ulug‘ zotning muborak kalomlari Hirot aholisining istagiga dalildir. Olloh hech bir sultonni mendan ustun aylab, muzaffar etmadi. Ollohning izni ila dunyo sultoni bo‘ldim va o‘lim sharbatini ajalim ila totajakman”[28].

Shayx Abubakr Tayobodiyning Amir Temurga bitgan bir necha maktubi “Tuzukot”da berilgan. Ular, asosan, Sohibqironning shayxdan so‘ragan savollariga javob va tavsiyalardan iboratdir. Ular Amir Temur siyosatining shakllanishiga, mustahkamlanishiga muhim ulush qo‘shgan.

Masalan, shayx bir maktubida aytgan bu so‘zlar Amir Temurning davlatni boshqarish siyosatining tamalini tashkil etadi: “Ey muzaffar Temur! Davlat ishlarida shu uch narsani unutma: birinchisi – kengash, ikkinchisi – sabr, uchinchisi – hushyor bo‘lib ish tutish. Chunki kengashsiz, maslahatsiz saltanatning yo‘li yanglishdir, oxiri pushaymonlikdir. Saltanat ishlarini bajarar ekan, hech birini maslahatsiz amalga oshirmaki, nadomat chekmagaysan. Shuni bilib qo‘yki, saltanat faoliyatini yuritarkan, qilajak ishingning yarmisi bu yo‘lda duch keluvchisi har turli qiyinchilikka sabot-la sabr etmoqdan iboratdir. Ikkinchi yarmi esa o‘zingni ba’zi ishlarni bilib bilmaganday, ko‘rib ko‘rmaganday tutmoqdir. Qisqasi, har ishda sabot va sabr ko‘rsatib, hushyor turib, bahodirlik qilgaysan va butun ishlarni bajargaysan, vassalom”[29].

Amir Temur “Tuzuklar”ida bir gal Tayobodiyga yozgan maktubi va uning javobi xususida quyidagicha eslaydi: “Bir kun o‘z ishlarim bilan mashg‘ul ekan, charchab, uxlab qolibman. Tush ko‘rdim, qarasam, atrofimni dahshatli jinlar, to‘ng‘izlar, chirkin erkaklar, irganch xotinlar, yirtqich hayvon va qushlar o‘rab olibdi. Men qo‘rquvdan uyg‘onib ketdim va shu ondayoq Tayobodiy hazratga xat yo‘lladim. Shayxdan bunday javob oldim: “Sen tushingda ko‘rgan u qo‘rqinch maxluqlar qilgan gunohlaringdir. Agar gunohga qo‘l ursang, darhol tavba et!”

Amir Temur Tayobodiy bilan bir uchrashuvini eslar ekan, Hofizi Abro‘ga “Saltanatim ahli orasida zohidlar va boshqa din odamlari bilan ko‘rishganda, doimo qarshimdagilar qo‘rqib turganini his etardim. Ammo bu safar qo‘rquv tuygan men bo‘ldim. Chunki Tayobodiy haqqoniy bir odam edi va dunyodagi hech kimsadan chekinmasdi”, deya ul zot qoshida ruhida qo‘zg‘olgan ma’naviy qo‘rquvni, shayxga nisbatan ixlosu e’tirofini anglatgan[30].

Amir Temur hokimiyatni boshqarishda tayangan asosiy shiori – “Mamlakat hayoti kufr birlan davom etishi mumkin, ammo zulm bor yerda yo‘q bo‘lishi yaqindir” so‘zlari ham Abubakr Tayobodiyga tegishlidir. Bu hikmatga Amir Temur faqat so‘zda emas, balki ishda ham doim amal qilgan, uni faoliyatining tamali deb bilgan. Masalan, Tayobodiy hazratlaridan olingan bir maktub saltanatni idora etishida uning uchun dasturga aylanganki, o‘sha xatda, jumladan, bunday deyilgan edi:

“Buyuk zafarlar egasi Temurga!

Saltanat muassasasi Ollohga tegishlidirki, undagi xodimlar ichida qo‘lidan ish keladiganlar, noiblar, ishga mone bo‘lguvchilar bordir. Ulardan har biri o‘z martabasi va mavqeidan chekinolmaslar, doimo Ollohning amriga muntazirlar. Shuni bilki, vazirlar, qo‘shinu qo‘mondonlar, savdogarlar, hunarmandlaru sipohilar bilan muomala-munosabatingda ulardan har birining o‘z haddidan oshmasligini kuzat; ular har kimning sening qarorlaringga ko‘ra ish tutgan-tutmaganini ko‘zdan qochirmasin. Har tabaqani, har qavmni o‘ziga loyiq o‘rinda tutki, saltanating qoidalari buzilmasin. Agar har kimni va har ishni o‘z mavqeida tutmasang, bundan saltanatingga ko‘p zararu ziyonlar keladir. Shu tarzda har odamning qimmatini, martabasi va darajasini, har narsaning o‘lchovini bilgan holda ish yuritishing kerak. Sayidlarning martabasini boshqalardan ustun tut, izzat-hurmatini joyiga qo‘y. Ularga qanchalar ehtirom ko‘rsatsang, fiysabilloh bo‘lgay. Zotan, Olloh yo‘lida bajarilgan ishlarda isrof yo‘qdir. Davlatingni o‘n ikki tabaqaga ajratgan tarzda nizomga keltir va saltanatingni darhol sinfu tabaqa holida tartibga sol. Vassalom”.

Ustoz bu maktubida yozgan tavsiyalarning har birini amalga oshirdim. Davlatimning ishlarini qonun-qoidasiga ko‘ra tartibga soldim. Saltanatim martabasini yuksaltirdim. O‘n ikki toifaga ajratgan shakl­da, ularga tayangan holda ish yuritdim. Bu o‘n ikki toifani saltanatim qal’asining o‘n ikki burji, davlatim idorasining o‘n ikki ustuni, oyi deb hisobladim.

Shayx Abubakr Tayobodiy zamonasining mashhur va bilimli kishisi edi. Faqat Amir Temurgina emas, balki o‘sha davrning eng buyuk olimlari, tariqat ulamolari ham uning suhbatidan zavqu fayz olardi. Alisher Navoiy ham “Nasoyim-ul muhabbat” asarida xoja Bahovaddin Naqshband, xoja Muhammad Porso, xoja Ubaydulloh Ahror kabi avliyo otalarimiz shayx Abubakr Tayobodiy bilan tez-tez hamsuhbat bo‘lganini aytib o‘tgan.

Alisher Navoiyning yozishicha, Muhammad Porso hazratlari oxirgi marta haj yo‘liga chiqarkan, o‘z ustozi Xoja Bahouddin Naqshband bilan birga borgan, safar davomida mavlono Zayniddin Abubakr Tayobodiy mozorini ham ziyorat qilgan: “Buxorodin Marvga yetgonda qofila ikki fariq bo‘ldilar va ba’zi Mashhad sori mayl qildilar va ba’zi Hirot sori mutavajjih bo‘ldilar. Bu buljor bilaki, Nishopurda bir-biriga qo‘shulg‘aylar. Hazrati Xoja buzurgvor (Naqshband – tahr.) Hiriy sori moyil bo‘ldilar va buyurdilarki: “Tilarbizki, mavlono Zayniddin Abubakr Tayobodiy suhbatig‘a yetgaybiz”. Men yigit erdim va Mashhad sori bordim… Mavlono 791 da, muharram oyining salxida, panjshanba kuni nisfi nahorda olamdin o‘tibdurlar”1.

Shayx Abubakr Tayobodiy 1389 yil dekabrida vafot etgan.

 

MIR SAYID BARAKA

Tarixchi ibn Arabshohga ko‘ra, Amir Temur bunday degan: “Qancha o‘lkalarni qo‘lga kiritib, qancha qal’alarni fath etgan bo‘lsam, bu ishlarning bari shayx Shamsiddin Kulolning vositasi, Amir Kulolning madadi va shayx Zayniddin Abubakrning hamiyati ila amalga oshdi. Barcha muvaffaqiyatga Sayid Barakaning yordami bilan erishdim”.

Amir Temur Sayid Baraka bilan 1370 yilda ilk bor uchrashdi. Amir Husayn bilan orasi buzilganidan so‘ng Keshdan Balxga qarab borar ekan, Termiz atrofida umriga naqsh urgan eng yaqin piri, ulug‘ avliyo Sayid Baraka bilan ko‘rishdi. Makkadan kelgan Sayid Baraka avval amir Husaynga murojaat etib, Makka va Madina vaqfi uchun ko‘mak berishini so‘ragan. Amir Husayn bu iltimosni rad etgan va uning yoshiga yarasha muomala qilmagan. Sayid Baraka bundan og‘ringan. So‘ngra u Termizda Amir Temur bilan uchrashgan. Amir Temur unga ko‘rsatgan ehtiromidan quvongan Sayid Baraka Ollohdan payg‘ambar va xalifa haqqi-hurmati Temurga yordam ko‘rsatishini so‘rab duo qilgan. Amir Temurga saltanat ramzi sanalgan dovul va bayroq taqdim etib, dunyoga podshoh bo‘lursan, deya mujda bergan. Amir Temur uning duoyu tashriflarini xayrli hisoblab, darhol Sayid Barakaga Haramayn vaqfi uchun aqcha berilishini amr etgan.

Kitoblarda Mir Sayid Barakaning ruhoniy quvvati haqida ko‘p rivoyatlar mavjud. Ibn Arabshoh ulardan birini o‘z asarida keltiradi. Rivoyatda ta’kidlanishicha, Amir Temur va Mir Sayid Baraka oxirgi marta 1403 yili Qorabog‘da ko‘rishgan. Bu chog‘da Amir Temur Usmonli sultoni Yildirim Boyazid ustidan zafar qozonib, Qorabog‘dagi qarorgohiga qaytgan edi. Sohibqiron piriga peshvoz chiqish uchun chodirni tark etar ekan, to‘satdan vafot etgan saltanat valiahdi, nevarasi Muhammad sulton ismini tilga olib, yig‘lab yuboradi. Mir Sayid Baraka ham boshidagi salla pechiga ko‘z yoshlarini artadi. Ikkovi bir-birini quchoqlab, bir muddat yig‘lashib turadi.

Manbalarda aytilishcha, Mir Sayid Baraka 1403 yilda vafot qilgan. Abu Tohirxo‘ja Samarqandiy “Samariya” asarida yozganidek, Mir Sayid Barakaning mozori Samarqand shahrida, amir Temur Ko‘ragan maqbarasi ichidadir.

Sayid Baraka Kirmondan Balxga kelib, Amir Temurga ko‘makchi bo‘lgan. Amir Temur Barakani Samarqandga olib ketgan. Sayid Samarqandlik paytida Amir Temur nevarasi Muhammad sulton madrasasini ko‘rgani boradi, so‘ngra o‘sha madrasaning bir tarafida o‘zi uchun ko‘k gumbazli maqbara qurdiradi. Sayid Baraka vafot topgach, uning jasadini Mozandorondan Samarqandga keltirib, o‘sha ko‘k gumbaz tarafiga dafn ettiradi. Kelajakda o‘z jasadini ham uning oyog‘i ostiga qo‘yishlarini ishorat qiladi. Shuning uchun Sohibqiron vafot etgach, uni Sayid Baraka qabrining etagidagi qabrga ko‘mishgan.

Bu mozor bugunda Go‘ri amir, Go‘rimir deyiladi. O‘zbekchada qabrni go‘r ham deyishadi. “Mir” so‘zi Mir Sayid Baraka nomiga ishoradir.

Amir Temur umr bo‘yi olimu ulamolarga, ustozlari va pirlariga izzat-ikrom ko‘rsatib, ularning maslahat va ruhoniy yordamlariga suyanib, qudratli saltanat qurdi. Undagi tengsiz harbiy salohiyatning, buyuk saltanatining tamalida ustozlarining shuuri, ruhoniy qudrati mavjudligi shubhasizdir[31].

 

ShUNDAY OLIMLAR BO‘LSA

Amir Temurning hayoti, uning ma’naviy shakllanishida hazrat Ahmad Yassaviyning ham alohida o‘rni bor. Ahmad Yassaviy hikmatlari jamlangan devon uning doimo o‘qiydigan, yostig‘i tagida saqlaydigan kitoblaridan edi. U tez-tez Yassaviy mozori ziyoratiga borar, uning ruhiga duolar o‘qirdi.

Amir Temur Shomni fath etganida, hazrat payg‘ambarimizning ra­fiqalaridan Ummu Salama va Ummu Habibaning mozorlarini ziyorat qilib, ularga maqbara qurdirgan edi[32].

Sohibqiron o‘zi borgan har o‘lkadagi, zabt etilgan qal’a va sha­har­laridagi payg‘ambarlar, sahobalar va mashhur olimlar qabrlarini ziyorat aylab, ular ruhidan madad tilardi. U Boyazid Bistomiy, Imomi A’zam Abu Hanifa, shayx Bahluli Dono, hazrati Husayn, Hakim Termiziy, shayx Ibrohim Yahyo, Abu Muslim Marvoziy, Idris alayhissalom, Sufyon Savriy kabi muborak zotlar mozorini ziyorat etib, duolar qilgan.

Amir Temur yangi hukmdor bo‘lgan paytlari o‘sha davrning eng katta ikki olimini saroyiga chaqirib, ular bilan suhbat qilardi, keyin ot chopishardi. Ulardan biri Sayid Baraka edi. Ikkinchisi ham mashhur bir ulamo hisoblanardi. Bir kuni uchalovi ot surib borishar ekan, Temur atay otini sekinlatdi, Sayid Barakaning oti ilgarida borardi. Amir Temur va suhbatdosh olim ikkovi bir muddat teng borishdi. Shunda Sohibqiron yo‘ldoshiga: “Ustod, Sayid Barakani ulug‘ avliyo, ulug‘ olim, derlar, qarang, bizdan ilgarida ketmoqdalar,” dedi. Olim zot unga: “Amirim, bu zotning ilmi va darajasi shu qadar yuqoriki, oti uchsa ham o‘rinlidir. Shu bois bizdan oldinga o‘tdi. Bu zot bilan bir davrda yashayotganimiz uchun Ollohga shukr qilishimiz kerak,” – dedi.

Amir Temur otini qamchilab, Sayid Barakaga yetdi. Haligi olim ortda qoldi. Bir muncha vaqt teng ketishdi. Shunda Amir Temur Sayid Barakaga yuzlanib, “Bu kishiga buyuk olim, bilimlari daryo deb hurmat ko‘rsatadilar. Ammo yonimizda emas, orqamizda ot surmoqda,” – dedi. Sayid Baraka unga bunday dedi: “Amirim, u zotning darajasi, ilmi shunchalar og‘irki, shunchalar cheksizki, oti bu odamning ilmini ko‘tara olmay qiynalmoqda, shu sabab orqada qoldi. Bu zot bilan bir zamonda yashayotganimiz uchun Ollohga qancha shukr etsak, shuncha oz”.

Amir Temur bu ikki olimning so‘zlaridan juda mamnun bo‘ldi va bunday dedi: “Olimlarning ahilligi, albattaki, barcha yurtdoshlarning ahilligidir. Olimlar bir-birlari bilan chiqishmasalar, bu aholi o‘rtasida huzursizlikka yo‘l ochadi va tinchlik buziladi. Yonimda shunday olimlar bo‘lsa, hech qachon yengilmayman”.

 

TEMURNING ILMI VA USTOZLARI

Amir Temurning ma’naviyat va tafakkurga doir fazilatlari keyingi davrlardagi Ovrupo olimlari diqqatini ham jalb etdi. Frantsuz adibi Alfons de Lamartin bu xususda hayratlanib fikr bildirgan: “Amir Temur din, tib, tarix, huquq va ilmi nujum sohalarida zamonining eng bilimli kishisi edi. Ko‘p o‘qigan, Osiyoda eng ko‘p qo‘llanilgan turkcha, arabcha va forschani g‘oyat yaxshi bilgan, husnixat san’atini ham egallagan hukmdor edi. Aleksandr, Atilla, Napoleonlardan boxabar Ovrupo bunaqa yuksak iroda va ma’naviy zavq sohibi bo‘lgan shaxsiyatni ko‘rmagan”.

Rus tarixchisi T.Granovskiy esa Sohibqironni bunday ta’riflaydi: “Temurning yuragida ilmga va ilm egalariga pinhoniy hurmat-e’tibor qaynardi. U ilm va san’atni, tafakkurni yuqori darajada tushunardi. U olimlar bilan doimo suhbat qurdi. Sharq va G‘arb tarixidagi muhim voqealardan voqif edi. Astronomiyaga alohida e’tibor bilan qarardi”.

Amir Temur umri bo‘yi ilm egalariga katta hurmat-izzat ko‘rsatdi. Saroydami yoki harbiy safardagi chodiridami dam olayotganida huzuriga birorta olim kirib qolsa, o‘rnidan turib, ehtirom bilan qarshilardi. Shuningdek, birorta nodir asarga qiziqib qolsa, uni keltirishganda, qo‘lyozmaga hurmatan o‘rnidan turib qabul qilardi.

Fath etilgan o‘lkalar olimlarini ham izzatini joyiga qo‘yib hu­zuriga chorlar, ular bilan suhbatlashar, fikrlaridan zavq va naf olardi. Ko‘ngliga hayrat solgan olimlarni Samarqandga jo‘natar yoki o‘zi bilan birga boshkentga olib ketardi. Ularga katta maosh tayinlab, Samarqandda qurdirgan madrasalarida dars berdirardi.

Amir Temur hayotida muhim ahamiyat qozongan to‘rt zot, Sohibqiron-ning to‘rt piri haqida fikr yuritish qatorida, bizningcha, Amir Temur nima uchun ilm ahliga bunchalar hurmat-e’tibor ko‘rsatganining sababini bilmoq lozim. Bu o‘sha davrda Movarounnahrda keng yoyilgan va ijtimoiy turmushda tengsiz qudratga ega bo‘lgan tariqatlar bilan bog‘liqdir.

Amir Temurning shaxsi to‘g‘risida so‘z borar ekan, umuman, Sharq va G‘arb tarixchilaridan ko‘pchiligi uning jahongirligi, muhtasham saltanati, harbiy san’ati, taktikadagi dahosi, o‘rduni boshqarishi, uzoqni ko‘rishi kabi mislsiz qobiliyatlari borasida fikr yuritadilar.

Aslida, Sohibqiron o‘z davrining ulug‘ olimi, bilimdoni ham bo‘lgan. Faqatgina saltanat va siyosat bobidagina emas, balki insoniy munosabatlaru ilm-fan sohalarida ham keng ma’rifatli edi. Alisher Navoiy Amir Temurning she’rga munosabati haqida fikr bildirar ekan, uning she’r aytishga e’timodi bo‘lmasa ham, bir she’r yoki baytni u zotdek o‘z o‘rnida o‘qiy oluvchi shaxs topilmasligi, uning bir baytni so‘ylashi ming bayt she’r o‘qiganga tengligini ta’kidlagan.

 

 ASRLARDAN O‘ZGAN ME’MORIY DAHOSI

 “Ovrupoda, xususan, Frantsiyada Parij qassoblari bir-birini so‘yib nimtalar ekan, Amir Temur ilm shaharlarini qurardi. Zero, u ko‘p tanilmagan shaxsdir”.

                               Xaro‘ld Lamb

Amir Temur harbiy yurishlari chog‘ida qayerga bormasin, o‘sha o‘l­kalardagi iste’dodli insonlar, olimlaru san’atkorlar, me’morlarni Samarqandga olib kelgani ma’lum. Bizning zamonamizda butun dunyoda avj olgan shaharlashuv jarayoniga o‘xshash harakatni Samarqandda ilk boshlab bergan Amir Temurdir. Bobur mirzo yozganidek, Amir Temur avvaliga o‘z tug‘ilgan shahrini poytaxt qilmoqchi bo‘lgan va shu maqsadda Shahrisabzda allaqancha inshootlar barpo etgan. Keyinroq Movarounnahr markazida joylashgani, xushhavoligi va dunyoga mashhurligini hisobga olib, Samarqandni boshkent qilib tanladi. Shahar janubidagi tog‘lardan Afg‘onistonga eltuvchi yo‘l ham o‘tardi.

Samarqand 1220 yildagi mo‘g‘ullar bosqini oqibatida xarobaga aylangandi. Amir Temur 1370 yildan boshlab loy-kesakdan tiklangan uylardan iborat shaharni yangidan qurishni rejalashtirdi va bu ishga kirishdi. Avvalo Samarqand tevaragi baland qal’a devorlari bilan o‘rab chiqildi.

Keyin shaharni bir uchidan boshqa uchiga bog‘lagan keng savdo ko‘chasi ochildi. Bu bosh ko‘cha atrofidagi uylarni yigirma kunda askarlariga buzdirib tashladi. Zero, jahonshumul shahar barpo etish rejasi bo‘yicha ishlar avj olgandi. Son-sanoqsiz quruvchilaru hunarmand ustalar kunduz quyosh nuri, kechasi mash’alalar yorug‘ida tinimsiz zahmat chekdilar. Ko‘chaning ikki tarafida bir-biriga qaragan do‘konlar qurildi. Do‘konlar bitishi bilanoq ularni savdogaru hunarmandlar egalladi. Amir Temur butun shaharni bosh loyiha asosida barpo ettirdi. Uylar, bog‘, saroy, madrasalar eng maqbul yerlarda qad ko‘tardi. Har ko‘cha, har bozor bir yoki ikki turli molning sotilishiga moslashgan edi. Bu Temurning orzusiga ko‘ra amalga oshirilgan bo‘lib, o‘sha davrdagi Samarqandning o‘ziga xos xususiyatlarini tashkil etardi.

Shohko‘cha va maydonlarda buloqlar, ariqlar, hovuzlar mavjud edi. Ular tartibli qazilgan bo‘lib, doim suv oqib turardi.

Hunarmand, kosib, ustalarning do‘koni batartib joylashtirilgani bois ulardagi mollarni o‘zaro qiyoslab, eng ma’qulini sotib olish imkoni yaratilishi barobarida raqobatga ham keng yo‘l ochilgandi. Shuningdek, har bir sotuvchiga alohida, o‘zgarmas joy berilgani sabab barcha o‘z qo‘shnisi bilan yaxshi muomala qilishga majbur edi.

Samarqandni jahon markaziga aylantirishni orzu qilgan Amir Temur shaharda Shohi Zinda, Bibixonim madrasasi, hammomlar, yangi yo‘llar, ko‘priklar, karvonsaroylar, ko‘k gumbazli koshinkor binolar, keng bog‘laru, bog‘lar ichida saroy va qasrlar qurdirdi. Boshqa mamlakatlardan kelgan elchilarni o‘z haybatu muhtashamligi bilan kishini lol etadigan ana shunday binolarda qabul etdi.

Amir Temur Samarqandning kengayishi va dunyoning eng go‘zal shahri, mashhur ilm markazi bo‘lishi uchun tinimsiz g‘ayrat ko‘rsatdi, buning uchun xazinadan katta mablag‘ sarfladi. Olamning to‘rt tomonidan yuz mingdan ortiq me’moru san’atkorni Samarqandga keltirtirdi. Temur farmoniga ko‘ra, Samarqand atrofida ham qurilishlar avj oldi va Shom, Misr, Sheroz, Bag‘dod, Sultoniya degan qishlog‘u qasabalar qad ko‘tardi.

Amir Temur xalqning dam olishi uchun katta, keng bog‘-rog‘lar yaratdi. Samarqand tevaragida turli nomlardagi, biri qozongan zafariyu, boshqasi xotinining xotirasiga atalgan oromgohlar qurdirib, el uchun sayrgoh qilib qo‘ydi. Ya’ni Amir Temur ham:

Xon bo‘lsang ham bog‘ yarat,
Qul bo‘lsang ham bog‘ yarat,
Bir kun yersan mevasin, –

degan hikmatga amal qildi. Samarqandning to‘rt tarafini ichida ko‘shk va qasrlari bo‘lgan ulkan bog‘u saroylar bilan o‘rattirdi, mustahkam qal’a devorlari tiklatdi. Dilkusho bog‘i, Jahonnamo bog‘i, Taxti Qoracha bog‘i, Behisht bog‘i, Chinor bog‘i, Yuqori bog‘, Gulbog‘, Konigil bog‘i, Davlatobod bog‘i kabi o‘nlarcha bo‘stonlar shular jumlasidandir. Bu bog‘larning har biri o‘ziga xos, maydoni keng va uzun edi. Bir uchidan ikkinchi uchiga borish uchun ba’zisida bir kun, ba’zisida bir hafta yurilardi. Bog‘lar ichidagi ko‘shku qasrlarning devori Amir Temurning harbiy yurishlari tasvirlangan rasmlar bilan bezatilgandi. Taniqli sayyoh ibn Battuta Samarqand bog‘larini kezib, nihoyatda ta’sirlangan va “O‘lim soati kelganida, menga Samarqand rayhonini hidlating, o‘sha zamoni tirilib, o‘rnimdan turib ketaman”, degan ekan.

 

FAQAT SAMARQANDMIDI?

Temur himmati bois nafaqat Samarqand, balki boshqa shaharlar ham tiklanib, qaytadan rivoj topdi. Masalan, uning tug‘ilgan makoni, o‘sha paytda nomi Kesh bo‘lgan bugungi Shahrisabz ham Samarqanddek reja asosida qayta qurdirilgan. Shaharda masjid, ko‘prik, yo‘l, soyu ariqlar, bozorlar barpo etilgan. Inson qo‘li bilan mo‘jizalar yaratilgan. Dunyo­ning mo‘jizasi hisoblanuvchi Iskandariya mayog‘i, Bobil qasrlari, Tojmahal, Ayo Sofiya, Salimiya obidalari kabi muhtasham Oqsaroyni barpo ettirgan.

Bobur mirzo aytganidek, Oqsaroy Kayxisrav saroyidan ham yuksak bo‘lgan. Me’mori – Muhammad Yusufdir. Nizomiddin Shomiyning ta’kidlashicha, “Bunday haybatli bino hech zamonda qurilmagan”.

Amir Temur yetti yillik safaridan, ya’ni Shom va Rum yurishidan qaytganida, Kastilya elchisi Rui Gonsales Klavixo‘ga Oqsaroyni ko‘rsatadilar. Elchi bu saroyni ko‘rib, hayratda qoladi va esdaliklarida bunday yozadi: “Muhtasham saroyga baland darvoza orqali kiriladi. Binoning ko‘rinarli yerlari rasmlar bilan bezatilgan. Butun hujralar va xonalar oltin bilan ishlangan. Bularni kim ko‘rsa ham, hayratga tushadi. Saroy ichida go‘zal hovuzlar, oromgohlar, turli daraxtlar o‘sgan ko‘rkam maydon bor. Bu obida shunchalar chiroyli va muhtashamki, ta’rifiga til ojizdir”.

Arkning balandligini ellik metr, oralig‘ini yigirma ikki yarim metr va minorasining yuksakligini yetmish to‘rt metrdan yuqori deyishadi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Oqsaroy qurilishida o‘ttiz ming ishchi va yigirma ming usta zahmat chekkan. Ularga olti yuz qozonda ovqat pishirilgan. Afsuski, hozirda bu obidaning xarobalarigina saqlanib qolgan.

Naql etishlaricha, Oqsaroy qurilayotganda bir sayyoh inshoot qarshisidan o‘tib qolibdi. Qarasa, ustalar o‘z ishini havas bilan bajarayotgan ekan. Sayyoh g‘isht tashiyotgan ishchilardan: “Nima qilyapsizlar?” deb so‘rabdi. Bir ishchi: “Ko‘rmayapsanmi, g‘isht tashiyapman!” – debdi. Boshqa biri esa: “Dunyoning eng go‘zal va muhtasham binosini quryapman!” – debdi.

Amir Temur Buxoroni ham, Samarqand va Kesh kabi, go‘zal binolar bilan bezadi. Chunki Buxoro onasining shahri edi. Nevarasi Ulug‘bek xotiralarida bunday deydi: “Rum safariga chiqqan bobom Buxoro shahriga yaqinlashganida otidan yerga tushdi. Shaharga piyoda yurib kirdi. Bu uning suyukli onasiga hurmati edi, bolalik haqi edi. Buxoro uning uchun Buxoro emas, Buxoroyi sharif edi”.

Yana bir ulkan obida – Temur Turkistonda qurdirgan Ahmad Yassaviy maqbarasidir. 1397 yilda qurila boshlangan maqbara faslma-fasl, Temur vafotiga qadar tiklana borgan. Ulkan bir qubba, ikki minora va juda ko‘p katta-kichik xonayu hujralar, yorug‘ gumbazlardan iborat bu muhtasham obida buyuk mutasavvif Ahmad Yassaviy xotirasiga Amir Temur qanchalar hurmatu ehtirom ko‘rsatgani isbotidir. Shunisi diqqatga sazovorki, maqbara ichiga mahalliy darvesh va ziyoratchi musofirlar yeb-ichishi uchun mo‘ljallangan alohida imoratlar ham qurilgan. Bu yerdagi ulkan qozon 1934 yilgi Stalin buyrug‘iga ko‘ra, Moskvaga olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik qaytarib olib kelindi va joyiga qo‘yildi.

Amir Temurdan so‘ng uning taxtiga o‘tirgan avlodlari ham So­hib­qironning shaharsozlik borasidagi ishlarini davom ettirgan va kengaytirgan. Samarqandda nevarasi Ulug‘bek qurdirgan, Temur yotgan Go‘rimir maqbarasi ham shoh asardir. Bu shaharda tepalikka qurilgan Shohizinda maqbaralari ham XIV – XV asrlardan meros nodir yodgorlik hisoblanadi. Bulardan faqat bitta maqbara avval tiklangan bo‘lib, u Samarqandni islomga yuzlantirgan Qusam ibni Abbosga tegishlidir. Boshqa maqbaralarning barchasi, deyarli hammasi Temur yaqinlariga mansubdir.

Bu maqbaralar umumiy nom bilan Shohi Zinda, ya’ni tiriklar shohi deyiladi. “Asli yashagan shahidlardir” ma’nosidagi oyat sabab bunday nom berilgan. Samarqand, Toshkent, Hirot, Xiva va boshqa shaharlarda temuriylar davri me’moriy salohiyatini ko‘rsatuvchi masjid, madrasa, saroy, hovuzu sardobalar juda ko‘p.

Sohibqiron bu inshootlarni bunyod ettirar ekan, kimki kuch-qud­ratimizga shubha qilsa, biz qurgan binolarni ko‘rsin, degan ekan.

O‘zbek tilidagi tarixiy manbalarda quyidagi rivoyat ham mavjud:

“Amir Temur nevarasi Ulug‘bek qo‘lidan tutib, juma namozini o‘qish uchun Bibixonim masjidiga boribdi. Namozdan keyin masjidni aylanib, tomosha qilib, zina orqali maydonga chiqishibdi. Sohibqiron yuksakdagi maydonda turib, qarshisidagi shaharga, uzoqdagi ko‘m-ko‘k bog‘-rog‘larga qarabdi. Hayajonga tushib, sururli bir tovushda nevarasiga bunday debdi: “Ulug‘bek, vaqti kelib sizlar hukmron bo‘lganingizda, mana shunday xayrli ishlarni bajargaysiz, inshoolloh. Ammo shuni unutmangki, quradigan binolaringiz dunyoda tengi yo‘q saltanatimiz haybatini ko‘z-ko‘z qilar darajada muhtasham bo‘lsin. Bu obidalar kelajak avlodlarimizga bizning kim ekanligimizni ko‘rsatuvchi dalolatdir”.

 

TIJORAT

Amir Temur dehqonchilik, tijorat, ya’ni iqtisodga alohida e’tibor bergan. Mo‘g‘ullar bosqini yillarida mamlakat iqtisodi izdan chiqqan, ekin dalalari va savdo yo‘llari, ko‘priklar buzib tashlangan, karvonlar qatnovi to‘xtab qolgan edi.

Amir Temur taxtga o‘tirgach, dastavval ko‘rgan chora-tadbirlaridan biri mamlakatda savdo-sotiq emin-erkin yuritilishi va rivojlanishi bo‘ldi. Buning uchun u katta yo‘llar chetida, bir kunlik manzilda, taxminan o‘n bir chaqirimda karvonsaroy va ot almashtiruvchi muassasalar qurdirdi. Karvonsaroylarda yeb-ichish, dam olish uchun sharoit yaratilgan edi. Uzoq sahrolaru dala-dashtlardan o‘tib kelayotgan yo‘lovchilar chanqog‘ini qondirish uchun g‘ishtdan tiklangan sardobalar mavjud edi.

Karvonsaroylarda ichki hovlilar, do‘konlar bor edi. Ba’zi karvonsaroylar faqat savdogarlarga mo‘ljallangan, ot va boshqa hayvonlar uchun alohida og‘illar barpo etilgan edi.

Klavixo‘ning ta’kidlashicha, Temur xalqni doimo savdo bilan shu­g‘ullanishga chaqirgan. Tujjorlarni muhofaza qilish Shohrux davrida ham saqlanib qolgan. Tabriz va Sultoniyaning tujjoriy dong‘i butun temuriylar saltanatiga tarqalgan. Sultoniya xalqaro savdo shahri maqomiga yuksalgan. Shuningdek, janubdagi Hurmuz ham savdo shahri sifatida mashhur bo‘lgan.

Amir Temur tijoratning taraqqiysi uchun boshqa mamlakatlarning hukmdorlariga maxsus maktublar yo‘llardi. Savdogarlarni qo‘riqlash borasida farmonlar chiqarardi. Ular uchun eng kerakli nuqtalarda karvonsaroylar qurdirardi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur 1402 yilda qirol Charlz To‘rtinchiga maktub yuborib, frantsuz tujjorlarini Samarqandga da’vat etgan, ularga e’tiboru extirom ko‘rsatilishiga so‘z bergan. Shuning barobarida Frantsiyaga borayotgan Turkiston savdogarlariga ham yaxshi munosabat ko‘rsatilishi, turli tekshirishlar o‘tkazilmasligi va zo‘ravonlik qilinmasligini so‘ragan. Qirol Charlz To‘rtinchi bu talablarni qabul qilganini bildirib, maktub jo‘natgan.

Ayni chog‘da Angliya qiroli Henri Oltinchi ham Temurdan shunday mazmunda maktub olgan. U ham ijobiy javob yo‘llagan. Chunki Temurning o‘g‘li Mironshoh Tabriz va Bag‘dodda nasroniylarni muhofaza etgani, ular erkin savdo qilishi uchun keng yo‘l ochib bergani Angliya qiroliga ma’lum edi. Zotan, Samarqandda “farang” deb atalgan gazmollar sotilgani bu fikrning dalilidir.

Samarqandda tijorat faqat bozorlar, do‘konlarda emas, balki karvonsaroylarda ham yuritilganki, bu savdoning yanada rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan. Movarounnahr poytaxtida ko‘plab to‘qimachilik korxonalari ham bo‘lgan, u jahonning turli meva-chevalariyu ziravorlari sotiladigan markaz ham hisoblangan. Shu bois iqtisodiy faoliyat muttasil kengaya borgan, shahar boyigani sayin eski bozoru savdo rastalari yangilanib, savdo hajmi o‘sgan. Savdo yo‘llarida yangidan-yangi karvonsaroyu rabotlar tiklangan. Sultoniya shahri bosh rohibi Dominikli Janning yozishicha, shahardagi o‘g‘irlik va notinchliklarga shahar hokimi javobgar edi. O‘g‘irlik va notinchlik yuz bersa, avvalo hokim va boshqa mas’ul shaxslar jazo olardi. Chunki bosqinchi yo talonchilar shahar qo‘riqchilari bilan kelishmasa, bunday ishlarga jur’at etishi dargumon edi. Ana shunday tartib saqlangani bois yetarli muhofaza muhiti yaratilgandi. Tujjorlar yurtlararo karvonlarini emin-erkin yuritar, har qanday o‘lkaga beshikast yetib borardi.

Bir rivoyatga ko‘ra, Amir Temur ikki mansabdorni huzuriga cha­qirtiradi. Biriga “Sizni bugundan e’tiboran mansabingizdan bo‘­shatdim,” deydi. Ma’mur unga “Amirim, bugungacha mening ishimdan mamnun bo‘lib, doim maqtardingiz, ne qildimki, bunday amr etdingiz?” deya so‘raydi. Amir Temur unga bunday javob beradi: “To‘g‘ri, siz o‘z vazifangizni, biz aytgandayoq to‘kis bajardingiz, faqat keyingi paytlarda so‘zlaringiz va harakatlaringizda mansabingizdan mag‘rurlanish, kekka­yish, boshqalarni mensimaslik tavrlarini ko‘rdim. O‘tgan juma kuni ham masjid oldida o‘tirgan keksalar qarshisidan otdan tushmasdan, salom bermay, kibrlanib o‘tib ketdingiz. Qabriston yonidan ham shunaqa qilib o‘tdingiz. Bizga o‘liklariyu tiriklarini birday hurmat qilmay, aksincha, ularning sha’nini yerga uradigan rahbarlarning keragi yo‘q. Bu hatti-harakatingiz bilan o‘zingizga ham, davlatu hukumatimiz shon-sharafiga ham zarar keltirdingiz. Endi, yaxshisi, tavoze bilan o‘zingizni tarbiya qiling, keyinroq bu masalaga yana qaytamiz”.

Ikkinchi mansabdorga Amir Temur bunday deydi: “Sizning ha­ra­katlaringiz egallab turgan mansabingizdan ancha pastda qoldi. Ma­qomingizga loyiq ishlay olmadingiz. Berilgan topshiriqlarni yetarlicha udda qilolmadingiz. Shu sabab sizni ham ishdan bo‘shatdim”.

Demak, mansabdorlardan birisi haddidan oshgani, xalqni past ko‘rib kibrlangani uchun, ikkinchisi esa maqomiga mos ish yuritolmagani uchun rutbalaridan olingan.

Amir Temur ana shu tarzda barcha mansabdorlar faoliyatidan xabardor bo‘lib turgan. Maxsus odamlari vositasida o‘lkaning har bir burchagidagi holatdan voqif edi, qisqa vaqtda unga eng muhim xabarlar yetib kelardi. Ana shunday tadbirkorligi, uddaburonligi bois mamlakat ishonchli qo‘llarda bo‘lgan, boshqaruv tizimi soatday aniq ishlagan.

 

ILM, MADANIYaT, SAN’AT

Amir Temur saltanatida ilmiy faoliyat eng yuksak cho‘qqiga ko‘­tarilgan. Uning zamonida tib ilmi otasi bo‘lmish ibn Sino asarlari nasldan-naslga o‘tgancha keng foydalanilgan, yer va oy orasidagi masofani o‘lchagan Beruniy asarlari darslik sifatida o‘qitilgan. Riyoziyot ilmi otasi va tenglamalar kashfiyotchisi Xorazmiy izidan borilgan, bu sohada ham peshqadam olimlar yetishib chiqqan. Forobiy asarlari ham o‘sha zamon ilmi tayanchlaridan hisoblangan. Farzandlarini o‘qimoq uchun ko‘plab murabbiyni saroyiga keltirgan Temur yulduzlar ilmi borasida ham zamonasining eng kuchli olimlaridan foydalana bilgan. Shu bois Samarqand o‘z davrida ilmi nujum markaziga aylangan va dunyoning to‘rt yog‘idan olimlar bu shaharga oqib kelgan.

Bursadan Samarqandga kelgan Qozizoda Rumiy shunday olimlardan biridir. O‘zi ham mashhur munajjim bo‘lgan Temurning nevarasi Ulug‘bek Samarqandda dunyoning eng katta madrasasi va rasadxonasini qurgan. Ulug‘bek o‘z atrofiga Ali Qushchi, G‘iyosiddin Jamshid, Salohiddin Muso Rumiy, Mas’ud Koshiy kabi mashhur olimlarni to‘plagan, ularga homiylik qilgan.

Shuni ham aytish kerakki, o‘sha vaqtda Usmonlilar o‘lkasidan A’loiddin Ali Fanoriy, Abdulvosi Xayriddin Xizir, Ilyos Rumiy, A’loiddin Ali Qo‘chxisoriy kabi atoqli olimlar ham Samarqandda ilm o‘rgangan va tahsil ko‘rgan.

Temuriylar davri tarix va adabiyot sohasi eng porloq davrlardan biri hisoblanadi. O‘shanda tarix, matematika va astronomiyaga doir kitoblar forscha yozilgan bo‘lsa-da, adabiy asarlar “chig‘atoy lahjasi” de­yilgan O‘rta Osiyo, ya’ni Turkiston turkchasida bitilgan. Buyuk adib va shoirlar turkcha yozibgina qolmay, turkchaning forschadan ustun ekanini ham ilmiy tadqiqotlar vositasida isbot qilgan. Bu sohada Sharq Renessansi yuz ko‘rsatgan va turkiy adabiyotni cho‘qqiga ko‘targan Alisher Navoiydek ulug‘ ijodkorlar yetishib chiqqan.

Amir Temur davrida san’atning barcha turlarida ulkan taraqqiyotga erishilgan. U vaqtlarda bezak san’atiga alohida e’tibor berilardi. Shu bois devoriy rasm, miniatyuralar chizuvchi, kitob muqovasini bezatuvchi usta san’atkorlar, xattotlar homiylar tarafidan qo‘llab-quvvatlanardi. Temur zamonida miniatyura san’ati benihoya yuksalgan me’morlik bilan birga Eronga va Usmonlilar saltanatiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Shu davrda gilam to‘qish, gazlamalarni ipak naqshlar bilan bezatish, diniy mavzularni chetlab o‘tuvchi tasviriy san’at ham ancha rivojlangan. Ibn Arabshoh Temur davrining eng buyuk naqqoshi sifatida bag‘dodlik Abdulhayni eslagani ma’lum.

Amir Temur fath etilgan o‘lkalardan san’atkorlarni Samarqandga olib kelib, ular bu yerda o‘z mahoratini ko‘rsatishiga keng imkon yaratgan. Muvaffaqiyat qozonganlarga saroyda oliy mansab va maoshlar tayin etgan. Masalan, Shom safaridan qaytar ekan, to‘qimachi, ipakchi, o‘q va sovut ustalari, kulollarni yoxud Anado‘lu yurishidan so‘ng bu o‘lkalik miltiq yasovchilar, zargarlarni, Hindistondan esa toshtaroshlarni Turkistonga olib kelgan.

Temur o‘z saroy va qasrlari devorini harbiy zafarlari haqida hikoya qiluvchi rasmlar bilan bezattirgan. Shuningdek, turli shaharlarda qurdirgan binolariga ham koshin, naqsh, devoriy surat, miniatyuralar bilan oro bergan.

Temuriylar davrida musiqa san’ati ham yuksalgan. Bastakorlar e’zozu e’tiborga sazovor bo‘lgan. Buning namunasi o‘laroq ulug‘ turk bastakori Abdulqodir Marog‘iyga ko‘rsatilgan e’zoz, unga berilgan mukofotlarni eslash kifoya. Temur zamonida Samarqandda, Shohrux davrida esa Hirotda Marog‘iyga o‘xshash yana bir necha ulug‘ san’atkor yetishib chiqqan va ularga davlat homiylik qilgan. Abdulqodir Marog‘iyning “Maqosidul alxon” asarida o‘n ikki maqom haqida ma’lumot mavjud. Bular “Ushshoq”, “Navo”, “Busalik”, “Rost”, “Husayniy”, “Xijoz”, “Rahoviy”, “Zangula”, “Iroq”, “Isfaxon”, “Zirafkand”, “Buzurg” maqomlaridir.

 

MA’NAVIYaT MARKAZI – SAMARQAND

Amir Temur Samarqandni dunyoning eng yirik ilm-fan markaziga aylantirishni istardi. Shu maqsadda musulmon o‘lkalardagi atoqli ilm namoyandalarini Samarqandga chaqirtirardi. Shuningdek, mashhur din ulamolarini ham safarlari paytida Samarqandga da’vat etib, ular dars berishi uchun maxsus madrasalar qurdirardi. Shulardan biri – Xorazm yurishida boshkentga keltirgan tafsir, hadis, fiqh, falsafa, kalom, mantiq, arab tili va boshqa ilmlarda dong qozongan Sa’diddin Taftazoniydir.

Yana biri hadis, fiqh, kalom, falsafa, mantiq, balog‘at, arab tili, hay’at, handasa kabi ilmlarda yuksak saviyaga erishgan Sayid Jurjoniydirki, bu ulamo Sheroz fathidan so‘ng Samarqandga keltirilgan edi.

Amir Temur o‘z vataniga olib kelgan mashhur ulamodan tag‘in biri qiroat va hadis olimi Muhammad Jazariydir. Sohibqiron Jazariy bilan Anado‘lu safari paytida tanishgan va uni Keshga keltirib, bu yerda qurdirgan madrasasiga mudarris qilib tayinlagan edi.

Amir Temur bu jahonshumul olimlar bilan bir anjumanda suhbat qurar, ularning bahsu munozaralarini eshitar, o‘zi ham savollariga javob so‘rab, murojaat etardi.

Amir Temur uyushtirgan bunday suhbatlardagi eng nodir ilmiy tortishuvlar – Sa’diddin Taftazoniy bilan Sayid Sharif Jurjoniy munozaralaridir. Aqliy va falsafiy ilmlarda o‘z davrining buyuk olimi sanalgan, bir oz tutilib so‘zlaydigan Taftazoniy va uning munozara va mubohasa bobida ko‘p iqtidorli yosh raqibi, fasohatu balog‘at sohibi Sayid Sharif Jurjoniy edi. Ular Temur huzurida “Intiqom irodasiga nima sabab bo‘ladi?” degan mavzuda ilk bahs o‘tkazishgan. Munozaraga mavlono Abduljabbor hakamlik qilgan. Bunday purma’no majlislar shov-shuvi butun islom dunyosiga yoyilib, muxlislarni yanada ko‘paytirgan. Natijada bu ulug‘ allomalardan dars olmoq uchun minglarcha bilimga chanqoq yoshlar turli o‘lkalardan Samarqandga oqib kelgan.

Movarounnahrdagi ilmiy hayot rivojiga muhim ulush qo‘shgan Sa’diddin Taftazoniy va Sayid Sharif Jurjoniylar ta’lifot va tadrisot, ya’ni kitob yozish va dars berish bobidagi ustunliklari bois butun islom olamida dong qozondi. Bu shaxslarning asarlari keng tarqaldi, turli o‘lkalarga qilgan ilmiy safarlari sabab ilm ahli va muxlislarda rag‘bat uyg‘otdi.

Bu ikki alloma Usmonli saltanatidagi ilmiy muhitda ham yaxshi ma’lum va ehtiromga sazovor edi. Ayniqsa, ularning asarlari uzoq yillar Usmonli madrasalarida darslik sifatida o‘qitilganini ta’kidlash lozim. Hatto ular to‘g‘risida tadqiqotu sharhlar bitgan olimlar ham ilmiy muhitda shuhrat topdi.

Taftazoniy va Jurjoniyning ilmiy bahslari dastlab Turkiston, keyinroq esa barcha musulmon mamlakatlarida katta qiziqish uyg‘otdi, aks sado berdi. Ulamoning ikkiga ajralishiga yo‘l ochgan bu bahslar ancha zamongacha unutilmadi. Ahli ilmning bir qismi o‘ziga berilgan ijozatnomalarda ilmiy silsila jihatidan Jurjoniyga, boshqa bo‘lagi esa Taftazoniyga bog‘liq o‘laroq ko‘rsatildi. Bu ikki olim qarashlaridagi farqlar xususida turli asarlar bitildi.

Taftazoniy va Jurjoniy o‘ziga xos fikrlari bilan diqqatni jalb etgani kabi dars o‘tish usullari bilan ham bir-biridan ajralib turardi. Ularning talabalari qayerga bormasin, darhol diqqatni tortardi. Ular ustozlari asarlari va tushunchalarini o‘zi yashagan yoki borgan diyorlarida, barcha islom yurtlarida keng yoydilar. Shu bilan birga, safarda bo‘lgan o‘lkalarida ularga alohida izzat-ikrom, homiylik ko‘rsatildi, davlatning nufuzli madrasalarida mudarrislik qildilar. Hatto ba’zilariga shayxulislomlik martabasi ham berildi. Masalan, Sa’diddin Taftazoniyning talabalaridan biri – Burhoniddin Haydar Hiraviy usmonlilardan Chalabiy Mahmat zamonida fatvo maqomiga tayinlangan; shayx Badriddin masalasi muhokama qilinganida, uni o‘limga hukm etgan.

Jurjoniy davrasida ulg‘aygan Faxriddin Ajamiy esa Usmonli saltanatida o‘ttiz yildan ortiq muftilik martabasida turgan. Murod Ikkinchi va uning o‘g‘li Fotih Sulton Mahmat zamonida podshohlar tomonidan taqdirlangan. Jurjoniy talabalaridan yana biri – Saydi Ali Ajamga ham Bursada sultonlar homiylik va marhamat ko‘rsatgan.

Diniy ilmdagi ustunligini hatto Amir Temur ham yuksak taqdirlagan va ulug‘ xoqonning bir anjumanida Sayid Sharif Jurjoniydan-da balandroqda o‘tirishi ravo ko‘rilgan ibnul Jazariy ham shu davrning mashhur olimlaridandir. U qiroat va hadis ilmi qatori yana bir necha yo‘nalishda asarlar bitgan, ayniqsa, qiroat ilmida yuksak maqomga ko‘tarilgan. U qaysi shaharga bormasin, uning huzuriga qiroat ilmidan dars olishni istagan muxlislar yopirilib kelardi.

 

XOTIN-QIZLAR MAVQEI

Ispan elchisi Klavixo‘ o‘z esdaliklarida Temur Anqara jangidan qaytgach, Samarqandda bergan to‘yu tantanalari chog‘ida saroyda qirolichani ko‘rgani, uning oltin iplar bilan tikilgan shohi ko‘ylagi etagini o‘n beshta xotin ortidan tutib borayotgani, ko‘shkka kirgach, u Temurdan bir oz narida o‘tirganini yozadi. Xullas, Temur nazarida, xotin-qizlar alohida o‘rin va e’tiborga sazovor bo‘lgan. Ular avvalo onadir va onalik hurmatiga loyiqdir. Amir Temur bolalari tarbiyasini Saroymulk xonimga topshirib qo‘ygani ma’lum.

Amir Temur ayollarga mehribon bo‘lgan. Ayniqsa, opasi Turkan xonimni juda yaxshi ko‘rar, doim hurmatini joyiga qo‘yardi. Ko‘ragan unvoniga erishuvining boisi sanalguvchi Saroymulk xonim bilan esa har zamon maslahatlashar, uning ma’qul fikrlariga quloq solardi.

Amir Temur Buxoro shahriga borganida katta darvoza qarshisida oti­dan yerga tushar va shaharga piyoda yurib kirardi. Chunki onasi bu makonning mo‘tabar ruhoniy oilasiga mansub edi.

Bir gal harbiy safar chog‘ida askarlarga tarqatiluvchi aqcha tugab qolganini Temurga aytishadi. Shunda Sohibqiron Saroymulk xonimga chopar bilan birga maktub yo‘llaydi, lashkarga berilajak to‘lovni davlat xazinasidan oldirib yuborishini so‘raydi. Saroymulk xonim unga bundoq javob jo‘natadi: “Amirim, mablag‘ingiz bitibdi, siyosatingiz ham tugadimi?”

Sohibqiron xatni olgach, uzoq o‘yga toladi. Saroymulk xonim bu dono javobi bilan nima demoqchi? Keyin Temur bunday yo‘l tutadi. Eti yeyilgan hayvonlar suyagidan turli shaklda aqchalar yasattiradi. Ularga muhr bostirib, pul o‘rnida lashkarga tarqatadi. Keyinroq esa ularni haqiqiy aqchaga almashtirib beradi. Shu tarzda askar maoshida uzilish oldi olinadi va vaziyat oqilona idora etiladi. Ma’lumki, Chingizxon o‘rdusida cherikka maosh berilmasdi. Amir Temurning bu boradagi farqli tutumlaridan biri shuki, jangchilar g‘animatdan tashqari maosh ham olardi.

 

JAZOLAR

Amir Temur jazo qonuni va ijrosida shaxsning asliyati va rutbasiga alohida diqqat qilgan. Mirzolarning aybini, umuman, ko‘rib ko‘rmaslikka olar yoki ularga yengil jazo tayinlar edi. Darra urish, ma’lum bir muddatga qabul qilmaslik, martabadan tushirish kabi jo‘n jazolar berardi. Bunaqa paytlarda aybning ko‘prog‘i mirzolarning maslahatchilari, amirlariga ag‘darilardi. Masalan, Mironshohning qiliqlaridan qattiq og‘ringan Temur u Rayda otasi huzuriga kirishni istaganida saltanat ishiga xalal bergani bois uni ilk kun qabul qilmadi. Ikkinchi kuni esa ertalab huzuriga kiritsa-da, ammo iltifot etmadi. Shu bilan birga, taftishchilar yuborib, Mironshohni yo‘ldan urganlarni og‘ir jazoladi.

Tag‘in bir misol: mirzolardan Pirmuhammad, garchand Temur Bag‘dod safariga chiqishga buyursa ham, xastaligini bahona qilib, buyruqni bajarmagani sabab lavozimidan olinib, Sohibqiron huzuriga keltirilgan. Temur Pirmuhammmad mirzoning maslahatchilari – shayxzoda Farid bilan Muborakxo‘jani qatl ettirdi. Pirmuhammadga esa, devon qaroriga ko‘ra, darra urildi, xolos.

Yana bir misol: Temurning nevarasi sulton Husayn mamluklar bilan bo‘lgan urushda bir to‘da tojiklarga qo‘shilib, o‘rdudan qochadi va Damashq shahriga yo‘l oladi. Misr hukmdori sulton Faraj[33] huzuriga kirib, unga tobeligini ma’lum qiladi. Sulton Husaynning Barotxo‘ja va Aduq degan navkarlari bu xususda Temurga xabar beradilar. Temur o‘rdusining Farajga qarshi jangida sulton Husayn mamluklar safidan o‘rin oladi. Urush paytida Mironshoh va Shohruxga zarba berishga chog‘langan sulton Husayn To‘poloq qavchin tarafidan qo‘lga tushiriladi va Temur huzuriga keltiriladi. Sulton Husayn bu xiyonatiga qaramay, ham o‘zi, ham Shohruxning avf etilishini so‘radi va faqat darra jazosiga buyurildi. Ammo bir muddat Sohibqiron huzuriga kiritilmadi.

Temur “Tuzukot”ida mirzolarga nima sababdan bu tarzda jazo tayinlangani haqida fikrlar bor. Temurning fikricha, mirzolar mavjud tizim va saltanatga qarshi bosh ko‘tarsa, buning jazosi o‘lim emas. O‘z oilasi va sulolasiga zarar yetishni xohlamagan Temur isyonkorni o‘z fikridan qaytgunicha zindonband etib turgan. Chunki, Temurning o‘ylashicha, mirzolarning qatl ettirilishi yoki og‘ir jazoga buyurilishi xalq orasida buzg‘unchilik va fitna-fasod urchishiga sabab bo‘ladi. Lekin Temurdan keyingi hukmdorlar bu borada boshqacha ish tutdilar.

Temur davrida amir va beklarning ham alohida imtiyozlari bor edi. Sohibqiron o‘z hukmronlik davrida amir va beklarga nisbatan, ayrim istisno holatlarni e’tiborga olmaganda, o‘limdan farqli, yengilroq jazo qo‘llashni afzal deb bilgan. Dakki berish, lashkar ko‘z oldida sazoyi qilish eng ko‘p qo‘llangan jazo turi hisoblangan. Masalan, avval ham tilga olganimizdek, Xorazmdagi Kat qal’asi qamal qilinganida Hazrat amir Malik o‘g‘longa xandaqqa tushishni buyuradi. Biroq Malik bu amrni bajarmaydi. Kat va Xorazm qo‘lga kiritilgan kuniyoq qo‘rquv sabab xandaqqa tushmagan Malik o‘g‘lon jazolanadi: avval darra uriladi, so‘ng eshakning dumiga bog‘lanib, Samarqandgacha sazoyi qilib olib boriladi.

Kaltaklash, tayoq urish jazosi keng tarqalgandi. Masalan, gurjilar bilan urushda Mironshohning beklarida nomaqbul harakatlar seziladi va so‘ngra tekshiruv o‘tkaziladi. Buyruqqa binoan, Shohrux va ayrim amirlar Mironshohning beklari masalasini o‘rganib, xulosani ma’lum qiladilar. Aybdor deb topilgan hoji Abdulla Abbos va Muhammad Qazag‘anning tovon va yumshoq yerlariga tayoq uriladi.

Temur xato sodir etgan amir va beklariga chora ko‘rar ekan, oldin ularni taftish qilar, so‘ng jazo tayinlardi. Masalan, Amir hazrat safarda ekan, To‘xtamishxon bosqin yasagan, biroq Movarounnahr qal’alarini egallay olmagan. Temur Samarqandga qaytgan kuniyoq To‘xtamishga qarshi jangda sustkashlik qilgan beklarni tekshirtirgan. Oqibatda, Barotxo‘ja ko‘kaldoshning aybdorligi aniqlangan. Barotxo‘janing soqol-murti qirilib, boshiga ro‘mol o‘ralib, sazoyi qilingan.

Temur isyonga bosh qo‘shgan amir va beklarning, avvalo, insofga kelishini kutar, agar insofga kelmasa, shundan so‘ng oxirgi chora sifatida qatlga buyurardi. Sohibqiron uzoq safarga chiqqanida va undan qaytayotganida o‘sha mamlakat va viloyatlardagi turum bilan yaqindan tanishar, ommaning shikoyatu talablarini eshitar, o‘zi yo‘qligida yuz bergan voqealarni xalq og‘zidan tinglardi. Temur yetti yillik safar deb atalgan g‘arbga yurishidan qaytar ekan, Xurosonga yetgan chog‘ida, o‘sha odatiga ko‘ra, el holidan xabar olib, ommaning shikoyatlarini eshitadi. Bu yurtda Oqbug‘a va Qorabug‘a isyon ko‘targani, endilikda Hindu shayx ularni qo‘lga tushirgani ayon bo‘ladi. Shunda Temur hech bir taraddudsiz boshibuzuqlarni o‘ldirish haqida farmon imzolaydi. Hukm darhol ijro etiladi.

Askarlarni jazolash esa bir qadar og‘ir edi. Lashkar urushda xiyonat qilsa, dushman yoqqa qochsa, qo‘mondon so‘ziga kirmasa, albatta, unga o‘lim jazosi berilardi. Urush paytidami, yarash chog‘idami, o‘z burchi va vazifasini tark etganlar ham o‘ldirilgan. Ayniqsa, jangdan qochish eng katta jinoyat hisoblanar, qochoqlar tutilib, darhol qatl etilar edi. Hatto qochishiga uzrli sabab topilganda ham, ulushiga tushgan g‘animatdan mahrum qilinardi. Urush davrida zarur yerga o‘z paytida yetib kelinmasa ham, cherikka og‘ir jazo ko‘rilardi. Shuningdek, jang qurollarini to‘kis qilmay jangga otlangan askarlar ham qattiq jazo olardi. Qo‘shinda o‘zidan pastdagi askarga zulm o‘tkazgan, haddidan oshgan kimsalar ham munosib jazosini tortar, ularning taqdiri mazlum lashkarga topshirilardi.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, temuriylar davlatida ayollar davlat boshqaruviga aralashmagan. Ba’zi shahzodalar Temur qahriga uchrab qolganida, ularga berilajak jazo yengillatilishini so‘ray olganlar, xolos[34].

 

TEMUR FATH ETGAN O‘LKALAR

“Amir Temur sharqdan kelgan so‘nggi to‘fon va dunyoga, to‘la ma’noda, hokim hukmrondir”.

Professor Junayd Qanot

Amir Temurning bolalik yillarida Movarounnahrda ichki urushlar, boshboshdoqlik davom etardi. Hokimiyat va taxt g‘avg‘olari sabab xalq katta zarar ko‘rayotgandi. Ayollaru bolalarning o‘ldirilishi, asiru qul qilinishi, shaharu qishloqlarning talon-taroj etilishiga to‘lib-toshgan muhit bamisoli qaynayotgan qozonga o‘xshardi. Temur ana shunday og‘ir, ofatli yillarda maydonga chiqib, o‘z kuch-qudrati va zakosi bilan boshqaruvni qo‘lga kiritdi, zulmu notinchlikka barham berib, tinch-osoyishtalikni barpo etdi. U ana shu tarzda o‘lkani mo‘g‘ullar ofatidan saqlab qoldi va o‘sha zamonni shunday ahd va qudrat bilan himoya etish, mamlakatni esa qilich va tafakkur bilan idora qilish mumkinligini ang­lab yetdi. Temur ana shu idrok bilan saltanatni boshqardi, uning muazzam va muzaffar o‘rdusi aslo yengilmadi.

Temur barcha urushlarda g‘alaba qozondi. U safarga chiqar ekan, fath etilmagan o‘lka va shahar qolmadi hisob. O‘ttiz besh yillik hukmronligi davrida o‘n yetti marta buyuk harbiy yurishlar uyushtirdi, barchasida zafarga erishdi, yigirma yetti mamlakatni tobelik bo‘yinturug‘i ostiga kiritdi1. Temur urush san’ati dahosi edi. U favqulodda yuksak harbiy zakosi tufayli, ayniqsa, beshinchi o‘rdu deb atalgan josuslik tashkiloti yordamida, agar ta’bir joiz ko‘rilsa, hali jang boshlanmasidan oldin g‘alabani naqd qilib qo‘yardi.

Amir Temur saltanati o‘n to‘rt million kvadrat metrlik maydonni egallagan va bugungacha jahonda tiklangan to‘rt buyuk imperiyadan biri sanaladi.

 

SO‘NGSO‘Z

Qo‘lingizdagi asarni o‘qib bo‘lgach, aminmanki, bizga anglatgan Temur bu emas edi, deyishingiz tayin va bu xususda, shak-shubhasiz, uzoq o‘yga tolasiz1.

Ha, tarixning bunaqa ters va qorishiq hukmlari ham, taassufki, uchrab turadi. Zotan, tarix bitgan mualliflar o‘z davrida ham, undan keyin ham shaxsiy tuyg‘u-tushunchalaridan qutula olmaydilar. Har kishi o‘z xalqi tarixini yuksaltirar ekan, istasa-istamasa, o‘tmishda o‘z davlati yo yurtiga bostirib kirgan yoxud zarar yetkazganlarni yerga urishga intilishi tabiiydir. Zotan, bugungi dunyomizda ham yo‘lboshchilar, hukmron shaxslar, rostini aytganda, aksar mafkuraviy nuqtai nazardan baholanmoqda.

Shundan kelib chiqib qaralsa, Amir Temur haqida so‘nggi asrlarda asar bitgan turk va arab tarixchilari, asosan, Sohibqironga zamondosh ibn Arabshoh va ibn Tag‘riberdiga suyangani ayon bo‘lmoqda.

Holbuki, ibn Arabshoh va ibn Tag‘riberdi kitoblari Amir Temurga haqorat qasdida qalamga olingan asarlardir. Kitob boshidayoq Temurga qarata “Ollohning balosi” degan iboralar qo‘llanilmoqda, sha’ni kamsitilmoqda, yerga urilmoqda, dahshatli voqealar bayoniga kelinganida esa unga yomon sifatlar taqalmoqda. Temurga qarshi kurashganlar bari yaxshi va qahramon deya ulug‘lanmoqda. Ibn Arabshohdagi bunday biryoqlamalikdan, afsuski, undan keyingi va undan ta’sirlangan boshqa mualliflar ham qutula olmaganlar. Zotan, o‘sha davrga oid qancha-qancha nodir asarlar bir chetda o‘rganilmay yotgani holda, bular eski aravani oson olib qochib, uni qaldiratavergan.

Bundan tashqari, Temurni jihod qilmaslikda ayblovchi tarixchilar ham oz emas. Ular go‘yo Temur shaxsi, harbiy safarlarini bilmaydigan kishidek fikr yuritadi. Axir, uning mo‘g‘ullar, gurjilar bilan urushlarini, Hindistondagi g‘azovotlarini, ayniqsa, Izmirni fath etganini bilmaydilarmi? Biladilar, faqat maqsad boshqa.

Ikkinchi bir masala shuki, bunaqa tarix yozuvchilarning o‘zi tarixdan g‘ofil kimsalardir. Aslini olganda, turklik tarixi yuzda sakson miqyosda ichki urushlardan iborat emasmi? Turk olamidagi qaysi davlatning tashqi urushlari ichki urushlaridan ko‘proq? Undoq emasligi ma’lum-ku! Temur jihod qilmagan deguvchi aytsin-chi, og‘iz ko‘pirtirib maqtaganlari To‘xtamish qaysi kofirlarga qarshi jihod qilibdi?

Fikrimizni yakunlab deymizki, tarix ilmiy qonun-qoidalar asosida xolis baholanmog‘i lozim. Barcha yaxshi-yomoni tarozida teng tortilmog‘i darkor. Xo‘p, Temur birlik va barobarlikni saqlash, boshboshdoqlikka barham berish maqsadida ancha qon to‘kkan. Biroq buni o‘sha davr taqozo etmaganmi?! Axir, o‘z oldimizga jo‘ngina bir savol qo‘ysak ham, uning javobini obdon o‘ylab, o‘rganib, shundan keyingina Temurga taqalgan sifatlar nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lgani xususida hukm chiqarishimiz kerak-ku! Usmonli turklardan tashqari, Temur saltanatiga, uning qalamraviga kirgan o‘lkalar bungacha qanday ahvolda edi, kimlarga qarshi kurashishar, kimlarning qonini to‘kishar edi – buni albatta bilish, e’tiborda tutish shart. Ana shunday o‘nlarcha bekligu, davlatlar tarixi ko‘zdan kechirilsa, Temurning aslida kim ekani ayon bo‘ladi.

Amir Temurning eng buyuk xizmati shuki, u turk va musulmonlarni birlashtirdi, birlik va barobarlik asosida bir bayroq ostiga kirita oldi. Shunga ko‘ra, bugun ham duoimiz shudir: Olloh turk va islom dunyosini har doim orzusiga mos aylasin!

Turk tilidan Tohir Qahhor tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 5-6-son

________________________

[1] Xo‘ja Sa’diddin afandi – usmonli tarixchisi  (1536–1599),  shayxulislom, mudarris, qoziaskar. “Toj ut-tavorix” asarining muallifi  (tarj.).

[2] 1370 yilda ham deyiladi(tahr).

[3] Suyurg‘ol – mo‘g‘ulcha so‘z, sara harbiylarga berilgan yer; Turkiya turklarida timar deyiladi.

[4] Usmonli podshohining yenicheri o‘chog‘iga oid xos qo‘riqchi lashkari (tarj.).

[5] Yer-mulkli harbiylar (tarj.).

[6] Azap – 1) dalada ishlaydigan qarol; 2) Anado‘lu bekliklari qo‘shinidagi askar (tarj.).

[7] Anqara jangi xususida turli manbalarda ko‘plab ma’lumotlar, fakt va raqamlar keltiriladi. Ularning ba’zilarida bu olishuvga sabab bo‘lgan omillar va uning yakuni mualliflarning shaxsiy qarashlari asosida bayon qilinganini sezish qiyin emas.  Ahmad Shimshirlining ushbu asarida ham shu hol ma’lum ma’noda ko‘zga tashlanadi. Sohibqiron Amir Temurning g‘alabasi uning yuksak mahoratli harbiy sarkarda ekanligi dalolatidir (Tahririyat).

[8] Anqara jangi haqida to‘laroq ma’lumot olish uchun qarang: Mehmed Neşri. Kitab-ı Cihannuma-Neşri Tarihi. Haz. F. R. Unat, M. A. K,ymen, Ankara 1987, s. 357;   Aşıkpaşazade. Tevarih-i Ali-i Osman. Ali Bey neşri, İstanbul 1332, s. 77-79;  Hoca Sadeddin Efendi. Tac`üt Tevarih. C.I, haz. Parmaksızoğlu, Ankara 1992, s. 260-277;  Lütfi Paşa Tarihi, s.56-58;  Şami. Zafername, s.313-314; Hadidi. Tevarih-i Ali-i Osman (1299-1523), haz. Necdet Öztürk, İstanbul 1991, s.126-132;  İ. H. Uzunçarşılı. Osmanlı Tarihi, c.I, Ankara 1972, s. 309-312;   Jozeph von Hammer. Büyük Osmanlı Tarihi, haz. Erol Kılıç, Mümin Çevik, c.I, İstanbul 1992, s.356-364.

[9] Hadidi. Tevarih-i Al-i Osman. Haz. Necdet Öztürk. İstanbul 1991, s. 132.

[10] Yezdi. Zafername, s. 393-394.

[11] Uzunçarsılı, I, s. 316-319.

[12] Havra –  ibroniycha hebhrah; yahudiy topinog‘i, sinagoga (tarj.).

[13] G‘ovur – g‘ayir, g‘ayrimuslim (tarj.).

[14] Yezdi. Zafername, s. 402-406;   Şami. Zafername, s.318-319.

[15]  Acaib`ul – Makdur, s. 333-334.

[16] Ahmet Şimşirgil. Kayı-I. Ertuğrul`un Oçağı. İstanbul 2017, s.150-152;  Osmanlı Gerçekleri. Sorularda Osmanlı`yı Anlamak. İstanbul 2016, s. 128-129;   Yezdi. Zafername, s. 407-408;  Şami. Zafername, s. 322-324;   Hadidi, s. 132-133.

[17] En-Nücumu`z-Zahire, s. 355-356;  Acaibu`l-Makdur, s. 316-318.

[18] Yezdi. Zafername, s. 393.

[19] 1 metru 95 sm ham deyishadi (tahr.).

[20] Kayı-I, s. 143-147; Osmanlı Gerçekleri, s. 119-132.

[21]* “Yangilanuvchi” so‘zi jonlantiruvchi, yangidan dilga quvvat beruvchi ma’nosida qo‘llanilmoqda (tarj).

[22] Tüzükat-i Timur, s.76-81.

[23] Hamid Algar. ‘‘Bahaeddin Nakşibend’’, DİA, c.4, s. 458–460; Necdet Tosun. Bahaeddin Nakşbend Hayatı, Görüşleri, Tarikatı (XII–XVII), İstanbul 2003, s. 408; Timurlular`da Din ve Devlet İlişkisi, s. 98-99.

[24] Hüseyin Hilmi Işık. Tam İlmihal Seadet-i Ebediyye, İstanbul 2016, s. 752; a.mlf. Kıymetsiz Yazılar, İstanbul 2014, s.47.

[25] Timurlular`da Din ve Devlet İlişkisi, s. 96-97.

[26] Hamid Algar. ‘‘Emir Külal’’, DİA, c. 11, s. 138.

[27] Timurlular`da Din ve Devlet İlişkisi, s. 97-98; Mevlana Şehabeddin. Agahi`yi Seyyid Emir Külal. Yay. Gulam Mustafa Han, Karaçi 1381/1961, s. 28-29.

[28] Acaibu`l-Makdur, s. 63.

[29] Tüzükat-i Timur, s. 23-24.

[30] Timurlular`da Din ve Devlet İlişkisi, s. 103.

[31] Acaibu`l-Makdur, s. 39; Timurlular`da Din ve Devlet İlişkisi, s. 96; a.mlf. ‘‘Timur, Din ve Ulema’’, XIV. Türk Tarih Kongresi Bildirileri, Ankara 2012. s. 108.

[32] Acaibu`l-Makdur, s. 257.

[33] Asri Çubukçu, ‘‘Ferec’’, DİA, c. 12, s. 370-371.

[34]1 Ensar Macit. ‘‘Timurlu ordusunda kullanılan ceza yöntemleri’’. Çeşm-i Cihan. Tarih, Kültür ve Sanat Araştırmaları E-dergisi, cilt 2, sayı 2, 2015, s. 76-87; Mansura Haider, ‘‘Timurliler Devletinde Hakimiyet Anlayışı’’. Çev. E. Memiş. Türk Kültürü-Türk Kültürünü Araştırma Enstitüsü, XXII/XXV, Ankara (Eylül) 1984, s. 627-631; Beatrice Forbes Manz. Timurlenk – Bozkırların Son Göçebe Fatihi. Çev. Zuhal Bilgin. İstanbul 2006, s.135; Mahmut Esat Bozkurt. Aksak Demir`in Devlet Politikasi. İstanbul 1945, s. 26; Altın Ordu ve Çöküşü, s. 161.