To‘rt-besh yil burun braziliyalik adib Paulo Koeloning “Alximik” asarini Ozod Sharafiddinov tarjimasida qiziqib o‘qib chiqqandik. Aslida, bu roman geografik jihatdan bizdan eng yiroq bir mamlakat yozuvchisining asari. To‘g‘ri, roman voqealari Braziliyada emas, dastlab Ispaniyada, so‘ng bosh qahramonning Marokashga o‘tib, undan Misrgacha qilgan sayohati davomida yo‘ldagi mamlakatlarda kechadi. Ammo bu bilan Paulo Koelo arab adibiga aylanib qolmagan, albatta. Xo‘sh, unda bu asarga qiziqishning kuchliligi boisi nimada?
Avvalo, asar nomi — “Alkimyogar”dan sharqona ruh ufurib turadi. Garchi “kimyo” so‘zi lotincha “ximiya” so‘zidan olingan bo‘lsa-da, alkimyo fani (oddiy metallarni oltin-kumushga aylantirishga urinish) Sharqda rivoj topgan. Alkimyo orqali falsafa, hikmat toshini topish mumkin, deb ishonilgan, asl, qimmatbaho, degan ma’noda qizlarga Kimyoxon degan ism ham qo‘yilgan. Alkimyo tasavvufiy tadrij – omiyning so‘fiyga aylanishni ifodalovchi tashbeh sifatida ham qo‘llangan (“Ishq tushsa tufrog‘ni kimiyo qilur”).
“Alximik”ning mazmuni yodingizdadir: Santyago degan podachi yigit kambag‘allikda kun kechiradi, qashshoq odamlar kabi u ham to‘satdan boyib ketishni orzu qiladi. Bir kun vayrona cherkovga qo‘ylarini qamab, yotib uxlaydi. Tushida Misr ehromlari yaqinidagi qirlikda ko‘milgan dafina uni kutib turgani ayon bo‘ladi. Bu tushni u ikki bor ko‘radi. Xayolchan Santyago tavakkal yo‘lga tushadi. Yurtidagi har xil jodugaru bashoratgo‘ylar, yo‘lda hamroh bo‘lgan yaxshi-yomon odamlar tasviri asar sarguzashtini jozibador qilgan. Misr ehromlari yaqiniga borgan Santyago o‘g‘ri-qaroqchilar qo‘liga tushadi, ulardan kaltak yeb, talanadi. Buyoqqa nega kelding, nega yer kovlayapsan, deb so‘ragan qaroqchilar boshlig‘iga Santyago tushida ko‘rganini bayon qiladi. U bolaning anoyiligidan kulib, men ham bir payt shu sen turgan joyda uxlab, bir tush ko‘rgan edim, tushimda go‘yo Ispaniyaning falon viloyatiga borib, falon mahalladagi tashlandiq cherkov hovlisidagi azim chinor tagida yotgan dafinani qazib olishim kerak emish, bu tushni ikki marta ko‘rdim, ammo men tushiga ishonib qayoqdagi Ispaniyaga boradigan, o‘sha joylarni kavlab yuradigan tentaklardan emasman, deydi. Ajab, umrida Ispaniyani ko‘rmagan bu kazzob Santyagoga g‘irt tanish mahallalarni aytadi, u aytgan cherkov esa aynan Santyago qo‘y qamab yurgan cherkov edi! Santyago yana jazm qiladi — vataniga qaytadi va aytilgan joyni qazib, xazina topadi.
Bu sarguzasht asar bir qadar falsafiy ma’no tashigani, bosh qahramon oxirida muddaosiga erishgani, ikkilamchi voqea-hodisalar tasvirida ham yozuvchi axloqiy-estetik masalalarni bizning ruhimizga mos tarzda bayon etganidan bo‘lsa kerak, “Alximik”ni o‘zbek kitobxoni juda yaxshi qarshiladi.
Asar muvaffaqiyatining sababi faqat shu emas. U syujeti bilan ham Sharq kishilari ruhiyatga mos tasavvufiy bir ma’noga ega: qahramon solik idealiga yetmoq uchun sayr-sayohatga chiqadi, ammo barcha mashaqqatlarni boshidan o‘tkazganidan so‘ng ma’lum bo‘ladiki, uning izlagani olisda, o‘zga ma’volarda emas, vatanida, qalbida, o‘zida ekan… Bu bizga Navoiyning “Lisonut tayr” asarini — o‘ttiz qush yetti vodiydan uchib o‘tib, axiyri Simurg‘ diydoriga yetishish oldida nogahonda Simurg‘ — bu o‘zlari ekanini fahmlab qolishgani voqeasini eslatadi. Va yana yodingizdadir, Sahroi Kabir oralab Misrga jo‘nayotgan karvon (bu karvonda Santyago ham bor edi) yo‘lga tushishidan oldin karvonboshi hammaga “yo‘l azobi og‘ir, tahlikasi ko‘p, buning ustiga, molu jonimizga qasd qilgan qaroqchilar ham uchrashi mumkin, bas shunday ekan, kimki shularga chiday olmasa, bu yo‘lga tushmasin”, deb aytadi. Bu, ezoterik ma’noda, pirning solik oldiga qo‘yadigan birinchi shart-talabi edi.
Shundan keyin karvonboshi baribir jazm etgan odamlarni atrofiga jamlab, oramizda turli dinu mahzablardagi odamlar bor, safarimiz boshlanishi oldidan har kim o‘z dini yo‘rig‘icha Ollohdan madad tilab ibodat qilsin, deb buyuradi. Bu hukm esa Mavlono Jaloliddin Rumiyning barcha dinlar — Ollohni anglashdagi o‘ziga xos yo‘l, hamonki shunday ekan, har qaysi din ham ehtiromga loyiq, degan g‘oyasining majoziy bir bayonidir.
Asar romantik ruhga ega. Izlash va izlanishdan to‘xtamaslik, bir kun kelib orzular ro‘yobga chiqishiga ishonch, kun o‘tkazish tashvishiga o‘ralashib qolmaslik, mol-dunyo ketidan tushib, topganiga qanoat qiladigan bodroqfurush kabi bo‘lib qolmaslik lozimligi haqidagi pand — romanning leytmotivi.
Shu fazilatlari bois, “Alximik” romanini maktab dasturlariga qo‘shish, “Adabiyot” darsligiga kiritish uchun harakat ham qilindi. Bu ish amalga oshsa bolalar jahon adabiyotining eng sara namunalaridan biri bilan tanishar, bizning sharqona ruhimizga shoyon mos bo‘lgan g‘oyalardan bahra olardi.
Qiziq, Paulo Koelo qanday qilib o‘z asarini bunday sharqona nur-jilo bilan munavvar eta oldi ekan? To‘g‘ri, Kristofer Marlo “Buyuk Temur” fojiasini ijod qilgan, Gyote “G‘arbu Sharq devoni” bitgan, Pushkin “Qur’onga tatabbular” yozgan. Bu sanoqni yana davom ettirish mumkin. “Alximik” ham shunday asarlar sirasidan. Ammo Islom Sharqiga xos bo‘lgan so‘fiyona ruh-chi, romanga u qanday singgan ekan?
“Men hayotimning o‘n yilini alkimyoni o‘rganishga bag‘ishladim, — deb yozadi asarga yozgan so‘zboshisida Paulo Koelo. — Al-iksir (obi-hayot)ni topish fikru xayolimni butunlay egallab olgan edi… 1981 yilda hayotimga ustozim — Rama kirib keldi… men o‘z Yo‘limni va Tangri Alomatlarini kashf etdim”. So‘ng u ustozlari — “Olam Ruhini kashf etgan va unga uyg‘unlashib ketishga qodir bo‘lgan, Umumbashariy Tilni egallagan buyuk yozuvchilar: Xeminguey, Bleyk, Borxes, Malba Tagana va boshqalarning ulug‘ xizmatlari”ni e’tirof etib o‘tadi, ammo adib Sharq falsafasi, Sharq alkimyosini tilga olmaydi, Rumiy hazratlari nomini ham eslamaydi. Holbuki, “Alximik” romanining syujetigina emas, g‘oyalari ham ulug‘ Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy”sidan olingan, tamoman uning ta’sirida bitilgan ekan. “Masnaviy” Jamol Kamol tarjimasida chop etilganidan so‘ng bu narsa ayon bo‘ldi. Ustoz Najmiddin Komilov haqli ravishda qayd qilganidek, “Falsafani Hegel va Marksdan, Shopengauer va Kantdan, Nitshe va Freyddan o‘rgangan kishilar Rumiy asarlarini o‘qib, hammasi o‘zimizda allaqachon bor ekanu, hammasi aytilgan ekanu, deyishlari tabiiy. Ha, Rumiy hali kashf etilmagan tafakkur xazinasi, bizga yetib kelmagan ma’nolar ummoni edi…”.
“Masnaviyi ma’naviy” — dunyo adabiyotining shoh asari. Uning o‘zbek tiliga tarjimasi (olti daftardan iborat) 2001 — 2004 yillarda nashr etildi. Bu asarning so‘nggi kitobidagi ko‘p o‘rinlarida xazina-dafinaga yetishish uchun jiddu jahd qilmoq masalasida so‘z boradi. Ammo 272-sahifada konkret ravishda “Bir odam uyqusida tush ko‘rdi, birovi unga Misr o‘lkasida falon mahalla, falon uyda xazina ko‘milgan, dedi…”, deb boshlanadigan sarlavhaga duch kelamiz (yodingizda bo‘lsa, Santyago tushida ham xazinani Misrdan izlash aytilgan).
Shundan so‘ng Rumiy asarida she’riy matn boshlanadi — bir kishi muhtoj bo‘lib qolgani, xudoga munojoti qabul bo‘lib, tushida xotifdan ovoz kelib, unga Misrga borishi, “Huv falon manzilda madfun simu zar, Lozim o‘lgaydir biroq azmi safar”, deb tayinlangani bayon qilinadi.
Xullas, u odam Misrga yetib keladi, qorni och, hech vaqosi yo‘q edi. Xazinani qazishdan avval odamlar o‘tib turgan ko‘chada non so‘rab tilanishga majbur bo‘ladi. Uni mirshablar tutib olib, kaltaklashadi. Musofir dodlab, men o‘g‘ri-kazzob emasman, to‘g‘risini aytay, Bag‘doddan keldim, tushimda Misrga borishim buyurilgan, xazina topishim ayon bo‘lgan, deya mirshablar boshlig‘iga jami sarguzashtini bayon qiladi (“Alximik”da esa Santyago qaroqchilar boshlig‘iga!). Shunda:
Dedi mirshab: o‘g‘rimassen egri qo‘l,
Yaxshi odamsen, vale nodonu go‘l.
Tushni deb ne shuncha yo‘llar bosganing,
Bormidir, hoy, zarra aqli ravshaning?
Necha karra men-da tush ko‘rdim, jigar,
Dedilar: Bag‘doddan izla simu zar.
Ul musofirning mahalla, ko‘yini.
Aytdi mirshab so‘ngra mavze, so‘yini,
Ganj ko‘milgan go‘sha deb manzil-uyin,
Ul g‘aribning ismini aytdi keyin.
Dedikim, ko‘rdim bu tushni necha bor,
Dedilar: Bag‘dodga bor, Bag‘dodga bor.
Tush dedim, bas, bormadim Bag‘dodga men,
Sen esang shu tushni deb ovorasen.
Bo‘lgay ul nodon tushi nodonga mos,
Siyqadir, hech bir baloga arzimas…
Rumiyning qahramoni ang-tang qoladi, bu ham bir bashorat, deya Bag‘dodga qaytadi va aytilgan ganjinani o‘z hovlisidan kovlab oladi:
Uyga qaytdi, topdi ganj shodon bo‘lib,
Turmushi haq lutfidin bo‘ston bo‘lib…
Ana endi “Alximik”da o‘qiymiz:
“— Men xazinani izlayapman, — deb baqirdi Santyago.
U yorilib ketgan, qon talashgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib, qaroqchilarga Misr ehromlari yonida yashirilgan xazinani ikki bor tushida ko‘rganini aytdi. Ularning ko‘rinishidan to‘daboshiga o‘xshagani uzoq jim qoldi…
…Santyago qulab tushdi. To‘daboshi uning ko‘zlariga qaramoqchi edi, ammo yigitcha nigohlarini ehromlardan uzmay yotardi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi to‘daboshi qolganlarga, so‘ng Santyagoga o‘girildi:
— Bunchalik ahmoq bo‘lmaslik kerakligini tushunib olishing uchun seni tirik qoldiraman. Men ham ikki yil oldin xuddi mana shu sen turgan joyda faqat bitta tushni bir necha marta ko‘rganman. Tushimda go‘yo men Ispaniyaga yo‘l olishim kerak emish, cho‘ponlar qo‘ylari bilan kirib yotadigan, ombori o‘rnida azim chinor qad rostlagan vayrona cherkovni topishim lozim emish, lekin men qandaydir tush ko‘rgani uchun sahroni kesib o‘tadigan ahmoqlardan emasman.
Ana shu so‘zlarni aytib, qaroqchilar jo‘nab ketishdi”.
To‘g‘ri, adabiyotshunoslikda “sayyor syujetlar”, degan tushuncha mavjud. Chunonchi, “Zumrad va Qimmat” ertagi ko‘p elda bor. Ammo boshqasiga quyib qo‘ygandek o‘xshab qolgan har qanday asar, shubhasiz, “sayyor syujet” mevasi bo‘laveradimi? “Alximik”da esa, hatto shu syujet talqinidan chiqadigan falsafiy ma’no — g‘oya ham bir xil: Rumiy ham, Paulo Koelo ham inson hayotda o‘rnini topish uchun o‘z qalbiga safar qilsin, hamma narsa uning o‘zida mavjud, deydilar.
“Masnaviyi ma’naviy” yozilganiga yetti yarim asr bo‘ldi. Kim biladi deysiz, braziliyalik adib Paulo Koelo Rumiyning bu ulug‘ asaridan mutlaqo bexabar bo‘lsa, ehtimol. Balki shuning uchun ham u Rumiy nomini tilga olmagan. Aslida, Ye.E.Bertels jahon adabiyotining Shekspir va Gyote kabi vakillari bilan bir qatorga qo‘ygan Rumiy bunga sira muhtoj emas. Faqat shunisi aniqki, Rumiyning kitobida kelgan mazkur syujet — o‘q ildiz bo‘lmaganida “Alximik” romani “Butun Olam Ruhi”, “Yaratuvchi qo‘l”, “Taqdirga eltuvchi Alomatlar” singari bir qancha ezoterik tushunchalar haqida mubham bitiklardan iborat bo‘lib qolar edi, xolos. Haqiqat shuki, fors, arab va turkiy tillarda ijod qilgan, asli o‘zbek bo‘lgan ulug‘ shoirimizning “cho‘ntagidan tushib qolgan” kichkina bir lavha — “Masnaviyi ma’naviy” daryosining bir qatrasi dunyoning narigi yog‘idagi bir adibning qalamiga oziq beribdi, yaxshigina bir asar mag‘ziga aylanibdi va bu roman hozir jahonning 120 mamlakatida sevib mutolaa qilinyapti. Rumiy shunday ulug‘ mutafakkir edi!
Yuqorida Paulo Koeloning romani adabiyot darslarida o‘qitilsa mamnun bo‘lishingizni izhor qilgan edik. Ammo… Rumiyni qachon o‘qiydi bolalarimiz? Darslik tayyorlovchi pedagog olimlar nazariga tusharmikin bir kun Attorlaru Bedillar ham?
Ispaniyadan Misrga yo‘l olgan Santyago o‘z vataniga (qalbiga, o‘zligiga) qaytmasa murodiga yetmas edi — asl maqsad yo‘qqa chiqar edi. Mayli, biz ham olis-olis adabiy safarlarga chiqaylik. Ammo pirovardida ma’naviy vatanlarimizga yana qaytishni unutmasak bas. Chunki ana shundagina asl ganjina sohibiga aylanamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 14-sonidan olindi.