Ma’suma Ahmedova. Xemingueyning so‘nggi yozi

http://n.ziyouz.com/images/Ernest-Hemingway.jpgXX asr adabiyotini zabardast Amerika adibi Ernest Xeminguey nomisiz tasavvur etish qiyin.

1926 yilning kuzi. “Quyosh ham chiqadi” romani chop etilganida Ernest Xeminguey endigina yigirma yetti yoshga chiqqandi. Shu yoshda u to‘rtta — hikoyalar, she’rlar, satira kitoblarini chop etishga ulgurgan edi.

Yozuvchi shiddat bilan yozishda davom etdi. Xeminguey yozish bilan birga tinmay izlandi. U oliy akademik ta’lim o‘rniga uchta hayotiy universitetni bosib o‘tdi. Bu universitetlardan biri jurnalistika bo‘ldi. U Kanzasda chiqadigan “Star” gazetasida ishlay boshladi. “Star” gazetasida o‘tgan yetti oylik sermashaqqat mehnatdan Ernest ko‘pgina foydali malakaga ega bo‘ldi. Bunga uning “Gazetachining yuzta vazifasi” kitobi misol bo‘la oladi. Yozuvchining hozir ommabop bo‘lib ketgan iboralari boshlovchi ijodkor uchun qoidaga aylandi, xususan:

— Yozganingda gap qisqa, lo‘nda bo‘lsin. Birinchi abzats qisqa, til kuchli bo‘lishi zarur. Isbot qilib gapir, ammo inkor etma. Siyqasi chiqib ketgan jargon so‘zlardan qo‘rq.

— Sifatni, ayniqsa, “zo‘r”, “ajoyib”, “shukuhli”, “ulug‘vor” kabi bashang so‘zlarni ishlatishdan qoch.

Urush esa Ernest Xeminguey uchun nav­batdagi universitet vazifasini o‘tadi. Birinchi jahon urushi uning ishtirokchisi bo‘lgan adib uchun katta saboq berdi. Shu saboq natijasi o‘laroq, jahon adabiyoti “Alvido, qurol!” romaniday durdona asar bilan boyidi. Bu roman insonning urushga qarshi mardona da’vati ekanligi, eng ezgu insoniy tuyg‘ular kuylangani bilan misli yashin yanglig‘ ta’sir etdi. To‘g‘rirog‘i, bu roman Ernest Xemingueyni katta Yozuvchi sifatida jahonga tanitdi.

Adib uchun uchinchi adabiy universitet Parij hayoti bo‘ldi. Uning Parijda kechirgan yillari adabiyotga “Chol va dengiz” kabi ajoyib asar hadya etilishiga zamin yaratdi. Uning “Otalar va bolalar”, “G‘olib hech nimaga da’vogar emas”, “Manitu sudi” kabi ajoyib hikoyalari, “Kilimanjaro qorlari”, “Xavfli yoz”, “Parijda o‘tgan yillar” kabi qissalari hamon adabiyot muxlislari tomonidan sevib o‘qiladi, XX asrning go‘zal nasriga namuna bo‘lib qoladi.

Ernest Xemingueyning shaxsi, ijodi, hayoti kabi o‘limi ham ko‘plarga jumboq bo‘ldi. Yozuvchi 1961 yilning 2 iyul kuni olamdan ko‘z yumdi. Mana, salkam yarim asrdirki, ulkan ijodkor shaxsiga, ijodi, hayotiga qiziqish so‘nmay kelmoqda.

Biz quyida e’tiboringizga havola qilayotgan maqolada betakror adib, katta iste’dod egasi Ernest Xemingueyning so‘nggi oylari haqida hikoya qilinadi. Maqola muallifi — nemis dramaturgi Rolf Xoxxut. Rolf Xoxxutning urushga, fashizmga qarshi yozgan pesalari o‘z vaqtida ijobiy bahosini olgan. Ayniqsa, uning o‘tgan asrning 70-yillarida Ernest Xeminguey nomidan bitgan o‘ziga xos asari — “Ovchi nidosi” doston-monologi adabiyot maydonida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Biz yuqorida tilga olgan maqola aslida Rolf Xoxxutning “Ovchi nidosi” kitobining kirish qismi.

Rolf Xoxxut ulkan ijodkorning umri poyonidagi portretini chizadi. U Yozuvchi ruhiy holatini tasvirlar ekan, juda qiziqarli dalillarni keltiradi. Adib so‘nggi lahzalarda o‘zligini yo‘qotmaydi, sherligicha — zabardast Yozuvchiligicha qoladi.

Ernest Xeminguey haqidagi fikrlar katta adabiyot muxlisi bo‘lgan bizning o‘quvchilarimizga ham qiziqarli bo‘ladi, degan umiddamiz.

(“Espresso” gazetasidan olindi, Rim)

… 1961 yilning 2 iyun kuni, yakshanba tongi. Insonning yuz ifodasidan ko‘ra, qadam olishi, so‘zlashi uning ruhiy holatini bildirib qo‘yadi. Ayniqsa, kishi bu holatini yashirishga intilmasa, uni battar fosh qiladi. Uning yoshi oltmish ikkida, bo‘yi ham baland — 1 metru 85 santimetr, biroq salobatli qaddu qomati tufayli yanada barvasta ko‘rinadi.

Hozirgina Xeminguey huzuriga ikki nafar universitet professori kelib ketdi. Professorlar Xemingueyga talabalar uchun ma’ruzalar o‘qib berishini iltimos qilib kelishibdi. Biroq qariya bunga ko‘nmadi. Keyinchalik esa ana shu kelganlar shunday hikoya qiladilar: “Biz ko‘rmoqchi bo‘lgan qiyofadan faqat yumaloq yuzi qolgandi, xolos. Uning yuzi rang­siz va qizg‘ish dog‘lar bilan qoplangan edi. Bu shamol va quyoshdan qoraygan chehra emasdi… Bizni, ayniqsa, uning qo‘l va oyoqlarining haddan tashqari ozib ketganligi hayratga soldi…

U bizda qoldirgan muhim taassurot — qalqib, mo‘rt bo‘lib qolgan odam qiyofasi edi. So‘zlarni tez-tez, tugatmasdan gapirardi. U o‘z asarlari haqida so‘zlashdan bosh tortdi”. Vaholanki, 1940 yildan 1960 yilga qadar butun dunyoda Ernest Xeminguey asarlaridan yuqoriroq baholangan asar yo‘q edi.

… 1959 yilning so‘nggi kuni Xeminguey Yevropadan Amerikaga suzib kelayotgan Transatlantika “Liberte” tezyurar kemasi barida o‘tirardi. O‘sha yerda bo‘lgan Yozuvchi Fitsjeraldning biografi bu tasodifiy uchrashuvdan foydalanib, Xemingueyga bir necha savol bermoqchi bo‘ladi. Keksa Yozuvchi unga “bir oz g‘alati” ko‘rinadi, lekin “Uning barvasta, salobatli qaddi-qomatidan va ma’yus chehrasidan ulug‘vorlik, viqor ifodasi taralib turar edi”.

… Hayotining so‘nggi yillari ko‘zlari tez-tez yoshlanadigan bo‘lib qolgan edi. Ayniqsa, u yoza olmay qolish haqiqat ekanligini aniq anglab yetishi o‘zini ertami-kechmi, axiri go‘rga tiqishini ayt­gan payt ko‘zi yoshga to‘lardi. Ovchilik safarlaridan xabar, maqolalar jo‘natib yurgan vaqtlaridan boshlab, qalamkashlar Xemingueyni “ota”, deb atay boshlashgan va yoshiga nomunosib bunday munosabat unga yoqib tushgan edi. Gipertoniya va ateroskleroz dardi salomatligiga shu qadar ta’sir etgan ediki, endi ellik bir yoshga chiqqan Xeminguey o‘zini qariyaday his etardi. Axir ana shu davrda — o‘limidan atigi o‘n bir yil oldin — ilhom parisi unga shunday ilhom tuhfa etdiki, sanoqli sakkiz hafta ichida, yana hech qanday tahrir talab qilmaydigan, ravon, quyma “Chol va dengiz” qissasini yozib tashlaydi.

Ana shu kitob bois, nashr ishlariga aloqador qiziq voqeani keltirish joiz. Hattoki Xeminguey, noshirlar atrofida girdikapalak bo‘lgan, asarlari talash Yozuvchi “Taym-Layf” kompaniyasi tomonidan chuv tushgan. “Buyuk Yozuvchining barcha asarlari xotimasi” chop etilgan rangli jurnalning 5318650 nusxasi 48 soat ichida tarqalib ketgan! Muallifga esa buning uchun nashriyotdan atigi 40 ming dollar ajratilgan va shundan 24 mingini ham soliq idorasi ushlab qolgan. “Yo‘q, general, bu urushni yengib bo‘lmaydi”, degan ellik yoshli Yozuvchi o‘zining eski frontdosh jo‘rasiga.

… Kimda-kim Yozuvchini 1961 yilning iyunida kuzatgan bo‘lsa, u kishida o‘z qayg‘ulari qafasiga qamalib olgan, juldur, pala-partish kiyingan, gigant — bahaybat, sakson yoshlarni qoralagan, ammo sakson yosh marrasiga yetishga holi yo‘q, bemor odam taassurotini qoldirardi. Xemingueyni bunday ahvolda ko‘rish — uni bilgan, jumladan, eng sovuqqon odamlarga ham og‘ir edi. Chunki Xeminguey tabiatan shu qadar hayotsevar, kuch-g‘ayratli, shiddatli ediki, Yozuvchidagi ana shu xislatlar nafaqat uning g‘ururi, iftixori bo‘libgina qolmay, balki kishini o‘ziga tortib turuvchi jozibaning siri ham edi. Ana shu joziba uning qonida bo‘lib, qarshisidagi kishida o‘ziga nisbatan antipatiya, ya’ni naf­rat tuyg‘usi paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymas, o‘sha tuyg‘uni o‘ldirar edi. Yodingizda bo‘lsa, Xeminguey bir asarida o‘z qahramonini 37 yoshida Kilimanjaroda o‘limga mahkum etadi. Yozuvchi asarida epitafiya (qabr toshiga bitilgan Yozuv) tarzida quyidagi iborani bejiz keltirmagan edi: “U faqat o‘z kuchini u yoki bu shaklda sotish bilan mashg‘ul bo‘ldi”.

… Xemingueyni yaqindan bilgan kishilar uni shunday ta’riflaydilar: “Yuz kilogramm vazn asosan gavdasining yuqori qismida to‘plangan: u salmoqli, vazmin, yelkalari kvadrat bo‘lib, ammo yonboshi ozg‘in, qotma edi. Uning holatida qandaydir taranglik, elektrdan zar­yadlanishga o‘xshash va ayni paytda o‘zining har bir xatti-harakatini qattiq nazorat qilib turish ifodasi sezilib turardi.”

Yozuvchini aksariyat kitoblarining ko‘p sahifalari hayotdan quvonish, zavqlanish hislariga limmo-lim bo‘lib, bu hissiyot kitobxonlarni nurlantirar, xuddi gipnoz qilganday sehrlab qo‘yardi.

“Uning asarlaridan quvonch, baxtiyorlik, zavq-shavq taralib turadi”, deb yozgandi Yozuvchi haqida uning akasi. Ayniqsa, o‘sha ziyraklik, teran aql bilan bitilgan sahifalarda tasvirlangan obrazlar, aytilgan fikrlar oldindan ba’zi voqealardan ogoh etadi. Oradan yillar o‘tgach, Yozuvchi o‘limidan so‘ng chop etilgan “Okeandagi orollar” romanida biz ana shu obrazlarga duch kelamiz, Yozuvchi intuitsiyasi, bashoratidan hayratga tushamiz.

Taqdir Xemingueyga iltifot ko‘rsatdi. U o‘z do‘stlaridan ikkitasining kitoblarida qayta yashay boshladi. Xotchner va Beyker kitoblari ajoyibligi, teranligi, ma’naviy boyligi bilan ajralib turadi. Masalan, Gyotening Ekkerman bilan qilgan mashhur suhbatlari kitob sahifalarida ifodali qilib berilgan. Xeminguey, yozda, o‘limidan ikki yil ilgari Xotchnerga (muallifning o‘zi aytganiday, “Xabarnoma”da buni ma’lum qilishni cho‘zib o‘tirmagan), ana shu lahzalar “mening hayotimdagi eng ajo­yib yoz bo‘lib qoladi”, deydi. Shunda Xotchner shunday qo‘shimcha qiladi: “Meni o‘n bir yil muqaddam shu qadar hayratga solgan, Xemingueyni qurshab turgan hayotning yorqin, saodatbaxsh, farahli nurlarini yana his qilishga muvaffaq bo‘lyapman. Men o‘shanda Yozuvchi bilan Kubada tanishgan edim. Va u o‘sha vaqtdan boshlab tobora zaiflashib bormoqda edi”.

… Ajal Yozuvchiga oldindan xabar jo‘­natadi. Xeminguey tavalludining oltmish yilligini nishonlagan oqshomning ertasi kuni u dengizda cho‘milayotgan chog‘i bu xabar keladi. Do‘stlar to‘lqinlar orasidan kuchdan qolgan inson tanasini sug‘urib olib, sohilga olib chiqadilar. Buni mehmonlar, masalan, mana shu voqea arafasida Xeminguey miltiqdan o‘q uzib, og‘zidan sigaretasini urib tushirgan hind maharojasi ham sezmay qoladi. So‘ngra esa Yozuvchi “mening hayotimdagi eng ajoyib yoz”dan so‘ng AQSh­ga suzib o‘tmoqchi bo‘lib, teploxodga o‘tiradi. O‘sha payt teploxodda bo‘lgan g‘arbiy germaniyalik noshir, hozir ma’yus gigant qayg‘u-hasrat izmida ekanligini sezib qoladi. Noshir Yozuvchining xayrlashuv oldidan: “Men sizga yana uchta yaxshi kitob uchun kafillik beraman”, degan va’dasiga qaramasdan uning holatini his etadi.

Yozuvchi va’da qilgan ana shu kitoblardan ikkitasi haqiqatan tayyor edi. Faqat bu kitoblar Yozuvchi vafotidan so‘ng bosmadan chiqadi. Uchinchi asari muhabbat haqidagi xomaki, qo‘lyozma variantini Yozuvchining bevasi nashrga bermay, qulflab o‘tiradi.

Qariya teploxodda suzib ketayotganida o‘zini odatdagicha tutadi: barda uzoq o‘tiradi va jahli chiqib, mushtini peshtaxtaga urib, do‘q ham qiladi: “Manavi yaramas men bilan bir stolda o‘tirmasin! Hech qachon!”

Kim biladi, Ernest Xemingueyning hamisha oldinda, birinchilardan bo‘lish ishtiyoqi, eng katta baliqni tuta olish, aqlni shoshiradigan, ajoyib shoxli ki­yikni ham quvib yetishga qodir ana shu zo‘r ishtiyoqi, ehtirosi bo‘lmaganida-chi? Ana shu kuchli ishtiyoqni o‘ziga o‘zi ishonmaslik, qat’iyatsizlik keltirib chiqarmaganmikin? Bu — xayolan tasavvur qilgan shaxsiy zaifliklari qarshisidagi qo‘rquv emasmikin? Bu — atom bombasini ishga solib, ortga, o‘tmishga, Amerikani ilk bor kashf etuvchilarning qo‘pol va shafqatsiz davrlariga uloqtirilgan millatga mansublik qarshisidagi qo‘rquv emasmikin?

… Xeminguey sherlar qafasiga kirib, o‘z mardligini sinab ham ko‘rgan. Uning son-sanoqsiz, rang-barang, hatto mazmunan bir-biriga zid, mashhur hikmatlari bor. Shulardan biri: “Insonni yo‘q qilish mumkin, ammo uni yengib bo‘lmaydi”. Bu hikmatdan uning nima demoqchi bo‘lganini anglash har bir kishining o‘ziga havola.

U endi Yozuv stolida g‘alaba qozonadigan holatda emasdi. Aniqrog‘i, o‘zi bir umr ishlagan baland Yozuv stoli sari halokat yaqinlashib kelmoqda, halokat muqarrar edi. Ernest Xeminguey ana shu Yozuv stolida nimani yozish mumkin bo‘lsa, hammasini yozib bo‘lganligini, aftidan, anglab yetgandi. Yana shunisi haqiqatki, mualliflik hayotiga nuqta qo‘yilishi — ijodkor bilan ilhom parisi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro yordam haqidagi bitim muvaffaqiyat bilan tugallanganligiga dalildir. Axir bu bitim inson umri barobar cho‘zildi. Yozuvchi aytganiday bo‘ldi: “Sher bo‘lib o‘lmoq afzal…”

Ma’suma Ahmedova tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).