To‘lqin Eshbek. Tilimiz jonkuyari

http://n.ziyouz.com/images/pirimqul_qodirov.jpg

Adabiyot ixlosmandlari Pirimqul Qodirovni asosan atoqli adib sifatida biladilar. Vaholanki, ul ulug‘ iste’dod sohibi filologiya fanlari nomzodi, ta’bir joiz bo‘lsa, tilshunos olim edilar.
Buni adibning «tarjimayi holi»dan ham bilsa bo‘ladi. Ya’ni, 1951 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlagan Pirimqul Qodirov Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti aspirantu­rasida tahsil olgan va «Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1963–1976 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi lavozimida ishlagan. Demoqchimizki, adib va olim umr bo‘yi ona tilimizning jonkuyari sifatida faoliyat ko‘rsatganini uning ana shu faoliyatidan ham anglash mumkin.
Pirimqul Qodirov mustabid tuzum sharoitida ona tilimizni asrab-avaylashga bag‘ishlangan qator maqolalar, risolalar ham yozgan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida 2008 yilda chop etilgan «Mehrga yo‘g‘rilgan ijod» (Pirimqul Qodirov ijodi adiblar va munaqqidlar talqinida) kitobida shunday satrlarni o‘qiymiz: «Tillarni qo‘shib yuborishga, shu yo‘l bilan mahalliy tillarni yo‘qotishga qaratilgan siyosat, ayniqsa, yetmishinchi yillarga kelib kuchayib ketdi. Men buni og‘rinib his qilganim uchun «Xalq tili va realistik proza» (1973), «Til va dil» (1974) degan risolalarni yozib, ona tilimizni hukmron mafkuralarning tajovuzlaridan himoya qilishga, ona tilimiz boyliklari va go‘zalliklaridan avlodlarni ogoh etishga urindim».
Adib va olim o‘zbek tili va adabiyotining il­miy-nazariy masalalariga oid risolalardan tashqari 2 jildli «Adabiyot nazariyasi» kitobining «Adabiy asarning tili» va «Adabiy jarayon» degan boblarini ham yozgan.
Pirimqul Qodirovning 1972 yilda yozgan «Til boyligi – dil boyligi» maqolasini o‘qir ekanmiz, muallifning ona tilimiz taqdiri va kelajagi uchun qanchalik qayg‘urganini his etamiz. «Har bir so‘z – hayotdagi muayyan bir narsa yoki tushunchani ifodalaydi, – deb yozadi muallif. – Demak, kishida so‘z boyligi qanchalik ko‘p bo‘lsa, odam tilni qanchalik chuqur bilsa, uning ichki dunyosi shunchalik boy bo‘ladi. Har bir xalq o‘zi obod qilgan vodiylar, o‘zi yaratgan til boyliklari bilan ham shunchalik iftixor qiladi. Chunki har bir til shaharu qishloqlar kabi shu xalqning butun tarixi davomida yaratiladi, obod vodiylar kabi asrlar davomida sayqal oladi».
Muallif ushbu maqolasida Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor kabi adiblarning asarlari haqida so‘z yuritarkan, ularning hammasi ham jonli xalq tilini adabiy tilga san’atkorona payvand qila olganlarini alohida ta’kidlaydi. Ammo xuddi shu ikki daryoni – jonli xalq tili bilan adabiy tilni bir-biriga qanday qilib qo‘shish, ularni qanday uyg‘unlashtirish masalasini har bir yozuvchi o‘z oldiga qo‘ygan g‘oyaviy-badiiy vazifadan kelib chiqib, o‘ziga xos did, iqtidor, hayotiy tajriba ishtirokida mustaqil hal qilishi, ularning badiiy tillaridagi rang-baranglik shundan kelib chiqishini atroflicha talqin qiladi. «Yozma adabiyotimiz asrlar davomida iste’molga kiritgan so‘z boyliklari realistik xarakterlar orqali yangi adabiy tilimizga kirib, xilma-xil vazifalarni bajaradi, – deb yozadi adib. – Masalan, biz ba’zan bosh barmoqdan keyingisini ruscha «ukazatelnыy palets»ga o‘xshatib «ko‘rsatkich barmoq» deymiz. Holbuki, yozma adabiyot orqali kirgan «shahodat barmoq» iborasi yangi ada­biy tilimizda ham ishlatilib keladi».
Muallif maqolasida aniq misollarga murojaat etar ekan, shunday yozadi: «G‘afur G‘ulom yozgan «Shum bola» qissasining bosh qahramoni qalandarlarga qo‘shilgandan keyin eshon uchrab qoladi:
«Shahodat barmoqlari» bilan o‘z oldilariga imladilar. Tavoze bilan oldilariga bordim. «Muborak qo‘llari bilan peshonamdan silab:
– Bay, bay bo‘tam, juda «xudo nazar qilgan bachcha ekansan, osmonga qara o‘g‘lim! – dedilar.
Shunda besh panjalari­ning orasidan yetmish bitta jannat ko‘ribman».
Bu yerda yozuvchi eshon­ning «mo‘jiza»larini hajviy kulgi bilan ko‘rsatyapti. Shu bilan birga, G‘afur G‘ulom ayrim eski diniy kitoblardagi va xalq ichidagi xurofotlarni hajviy uslubda tanqid ham qiladi. Eshonning hajviy xarakterini ochishga xizmat qilgan «ta­voze», «muborak qo‘llar», «xudo nazar qilgan bachcha» kabi so‘z va iboralar adabiy tilga kirib, yangi mazmunni ochishga bilvosita xizmat qiladi».
Maqolada keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, «ajoyib o‘zbek adiblari ma’lum bir davrni, ma’lum bir insoniy, milliy, ijtimoiy muhitni, ma’lum qahramonlarni haqqoniy tasvirlash yo‘li bilan adabiy tilimizga juda ko‘p so‘z boyliklarini olib kirdilar, bu til boyliklari bilan kitobxonlarning dillarini boyitdi» deb xulosa qiladi muallif.
Pirimqul Qodirovning ona tilimiz tarixini o‘rga­nish va uni yanada rivojlantirish borasidagi dadil sa’y-harakatlarini 2005 yilda chop etilgan «Til va el» ilmiy badiasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu ilmiy badiada tilimizning eng qadimiy manbalari – turkiy tosh bitiklar, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviylardan tortib Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Abdulla Qahhor kabi ijodkorlarning asarla­rigacha bo‘lgan badiiy til xususiyatlari elimizning tarixi bilan chambarchas bog‘liq holda qiziqarli bayon etilgan. Ma’lumki, sobiq sho‘rolar davrida ona tilimizning harakat doirasi behad cheklangan, unga rasmiy e’tibor yo‘qolish darajasiga yetib borgan edi. Lekin vatanparvar kishilar o‘sha sharoitda ham tilimizga atalgan mehrlarini dil tubida asrab keldilar. Tilimizga e’tibor hali mustaqillikka erishmasimizdan avval kuchaya boshladi – ona tilimizga davlat tili maqomini berish uchun kurash boshlandi. Bunda ziyolila­rimizning xizmatlari juda katta bo‘ldi, desak adashmaymiz. Ular ko‘plab ilmiy va publitsistik maqolalari bilan matbuotda chiqish qilib tilimiz nufu­zini oshirish yo‘lida tinmay xizmat qildilar va bugungi kunda ham mehnat qilmoqdalar. Adib Pirimqul Qodirov ham o‘zining badiiy talqinida tilimiz haqida uni­ng betakror xususiyatlariga yuksak baho berish bilan birgalikda ilmiy jihatdan asoslab ham beradi.
Til mavzusini teran tahlil etgan adib va olim shunday yozadi: «Ona tilimizning istiqboli xavf ostida qolgan og‘ir vaziyatda dadil eldoshlarimiz Alisher Navoiy ruhidan madad oldilar. Hazrat Alisherning: «Tilga ixti­yorsiz – elga e’tiborsiz» degan hikmatli so‘zlari o‘zbek tiliga davlat maqomi berish uchun kurash ketayotgan 1989 yilda Toshkentning markaziy maydoni (hozirgi Mustaqillik maydoni)ning kun chiqish tomonidagi ulkan binoning tepasiga odam bo‘yi keladigan va ichidan nurlanib turadigan ulkan harflar bilan uzoq-uzoq­lardan ko‘rinadigan qilib yozib qo‘yilgan edi.
Nur bilan yozib qo‘yilgan bu so‘zlar «Alisher Navoiy» imzosi bilan birga hozir ham ushbu yuksaklikda porlab turibdi. Chunki bu so‘zlar hanuzgacha o‘z teran ma’nosini yo‘qotgan emas» deya tilimizga ta’rif beradi.
Adib ona tilimiz haqida so‘z yuritar ekan, uning tub ildizlarini chuqur tahlil qiladi. U tilimizning afzalli­gini inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbotlashga harakat qiladi. Ilmiy badiada ko‘plab chet ellik olimlarning ham til haqidagi qimmatli fikrlarini keltirib, tilning millat uchun qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini asoslaydi.
Bir o‘rinda muallif o‘z fikrlarini Alisher Navoiy asarlari bilan bog‘lab qimmatli ma’lumotlar keltiradi. «Jamiyatimizda o‘z ona tilini o‘rganishni astoydil ixti­yor qilmaydigan odamlar ham bor. Albatta, til o‘rga­nish ixtiyoriydir, – deb yozadi muallif. – Ammo ona tiliga ixtiyorsiz bo‘lish – uni pisand qilmaslikdan va elga e’tiborsizlikdan kelib chiqadi. Alisher Navoiy bu so‘zlarning xuddi shu ma’nosiga urg‘u beradi». Muallif qayd etishicha, «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarini o‘qigan frantsuz olimi M.Bellin 1861 yilda yozgan kitobida Navoiyning ona tiliga bu qadar katta e’tibor berganini vatanparvarlik deb ataydi. Frantsuz olimi uzoq Parijda turib Alisher Navoiyning o‘z ona tilini mardona himoya qilganiga bunchalik yuksak baho bergani tasodif emas.
Pirimqul Qodirovning «Til va el» kitobi – tari­xiy-ilmiy asar. Tarixiy asarlarda harorati so‘nmaydigan voqealar, unutilmaydigan siymolar tasvirlanadi. To‘rt unsur qatorida til ham istifoda etiladi. Lekin Xudo yarlaqagan iste’dodli zotlarga tilni boyitish, ulug‘lash, haroratli qilish imkoni berilgan. Pirimqul Qodirov tilni boyitgan adiblarni haqiqiy vatanparvar, elparvar deb biladi. Jahon adabiyotida shunday o‘lmas asarlar borki, ularni o‘rganganing sayin yangi-yangi ma’no qatlamlari ochilaveradi. Alisher Navoiy «Xamsa»si, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»si shular jumlasiga kiradi. Navoiy va Bobur o‘z ijodi, ilmiy asarlari bilan mumtoz turkiy tilni ulug‘ladi. Uning beqiyos imkoniyatlarini ochib berdi. Qator tarixiy romanlari orqali ana shu ulug‘ zotlar siymosini ulkan mahorat bilan yaratgan adib ona tilimizga bag‘ishlangan tadqiqotida ularning betakror asarlariga ilmiy yondashadi.
Adibning 1976 yilda yozilgan «Xalq tilining qudrati» sarlavhali maqolasida shunday satrlarni o‘qiymiz: «Tilning butun qudrati – uning xalq dilida va mehnat jarayonida yaratilib, boyib borishi bilan bog‘liqdir. Odamlar bir ishni ko‘plashib qilganlarida bir-birlari bilan so‘zlar vositasida aloqa qilishga ehtiyoj sezadilar. Bir avlod o‘zining ish tajribasini ikkinchi avlodga so‘zlar vositasi bilan tushuntiradi. Shu tarzda bundan yuzlab, ming­lab yillar oldin yaratilgan til boyliklari avloddan avlodga o‘tib, kishilarning ma’naviy dunyosini boyitib boradi». Muallif ta’kidlashicha, ko‘pchilik milliy tillarning mustaqil taraqqiyoti uchun xarakterli bo‘lgan umumiy bir qonuniyat bor. Bu qonuniyat shundaki, har bir tilning afzaliyati shu xalqning o‘zi bilan birga yashaydi. O‘z xalqi va sarzaminidan ajralib qolgan, boshqa xalqning yuqori tabaqalariga kitoblar yordami bilangina o‘rgatilgan til bog‘dan ko‘chirib olingan va tuvakka o‘tqazib qo‘yilgan o‘simlikning ahvoliga tushadi. Tuvakda ham, albatta, tuproq bor, suv, havo bor, biroq hammasi cheklangan, sharoit tabiiy emas, sun’iy. Shu sababli o‘ziga xos tabiiy sharoitlarda o‘sadigan o‘simliklar tuvakda o‘sadigan o‘simliklardan ustun kelaveradi. Demakki, har bir til o‘z xalqining tarixiga, urf-odatlariga, psixologiyasiga, turmush sharoitlariga chambarchas bog‘langan bo‘ladi va bu bog‘lanish iplari uzila boshlasa, til o‘zining tabiiy kuchini, go‘zalligini, boyligini yo‘qota boshlaydi. Til mehnat jarayonida yaratilgani tufayli uning bosh manbayi va asosiy ildizlari, binobarin – asosiy boyliklari ham mehnatkash xalqda bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, atoqli adib Pirimqul Qo­dirovning «Til va el» ilmiy badiasi va ushbu mavzuga bag‘ishlangan maqolalari o‘quvchi­ning ona tilimizga oid bilimlarini oshirishga, mushohadasini yanada boyitishga xizmat qiladi.

«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son