O‘zbek adabiyotining zabardast vakili Oybek har bir asarini yozishdan oldin uzoq tayyorgarlik ko‘rgan, mavzuni imkon qadar chuqur o‘rgangan. Ijodkorning “sahna ortidagi” bu mehnatlari, tayyorgarlik jarayonlari maxsus o‘rganish, tadqiqotlar uchun mavzu bo‘la oladi. Odatda, ijodkor tabiatiga, uning laboratoriyasiga, asarining yozilish jarayoniga oid chizgilarni kuzatishda qo‘lyozmalar muhim manba vazifasini o‘taydi.
Professor Zarifa Saidnosirovaning ta’kidlashicha, Oybek qog‘ozga tushirmoqchi bo‘lgan fikrlar dastavval uning miyasida obdan pishib yetiltirilgan, tugal holga kelganidan so‘nggina qog‘ozga tushirilgan. Bir tekis, ortiqcha o‘chirishsizlarsiz bitilgan adib qo‘lyozmalari, jumladan, “Quyosh qoraymas” romanining qo‘lyozmasi ham buning isbotidir.
Qo‘lyozmalardagi tuzatilgan o‘rinlar esa deyarli ijodiy xarakterga ega. “Quyosh qoraymas” romanining e’lon qilingan nusxalari bilan qo‘lyozma nusxalari o‘rtasidagi farqlar Oybekning Mukammal asarlar to‘plami VIII jildidagi “Variantlar” qismida to‘liq berilgan.
Aslida, “Quyosh qoraymas” romanining qo‘lyozma nusxasi ham, matn nusxasi ham birdek mahorat bilan yaratilgan. Ba’zan Oybek asarlarining qo‘lyozmasiga kiritilgan tuzatishlarga zarurat yo‘qdek ko‘rinadi. Ammo kuzatishlar romanga kiritilgan tuzatishlarning ko‘pchiligi Oybekning so‘zga o‘ta e’tiborli ekanidan dalolat beradi.
Misol sifatida romandagi jang maydonida yuz bergan voqeani tasvirlovchi bir lavhani keltirishimiz mumkin. Roman qahramonlaridan biri muallim Hoshimjonning ukasi jangda halok bo‘ladi. Shu munosabat bilan Hoshimjonning halok bo‘lgan ukasini yerga qo‘yish daqiqalari yozuvchi tomonidan tasvirlanadi. Bu tasvir dastlabki variantda – Bektemir va muallim murdani ko‘tarib, chuqurdagi Asqar polvonga uzatadilar. Eng so‘nggi variantda esa Hoshimjon ukasini quchoqlab, yuzlaridan o‘pa-o‘pa yig‘laydi. Bektemir jasadni chuqurdagi Polvonga uzatarkan, “aka betoqat, o‘zi ham birga ko‘milishga tayyorday, ho‘ngrab yubordi”, degan jumla kiritiladi.
Bir qarashda, Hoshimjonning ukasini ko‘mish lahzalari dastlabki variantda ham yetarli darajada ta’sirli qilib tasvirlangandek. Lekin tuzatish kiritilgan variantda yozuvchi bir jumla bilan jigaridan ayrilib, yurak-bag‘ri ezilgan qahramonning holatini yaxshiroq berishga muvaffaq bo‘lgan.
Hoshimjonning boshiga tushgan ayriliq bu uning shaxsiy, tor doiradagi musibati bo‘lmay, balki butun tinchlikparvar el boshidan kechirayotgan musibat ekani, urush tufayli yaqinidan ayrilmagan xonadon qolmagani butun roman davomida satrlar qatidan anglashilib turadi.
Yana “Oyoqsiz, qo‘lsiz qolsa ham mayli edi”, “…Mabodo onam eshitsa, yuragi yoriladi-da”, degan jumla kiritilgan romanning so‘nggi variantiga. Bu esa kitobxonga so‘z qudrati bilan qahramon boshiga tushgan musibatning nechog‘lik og‘irligini yetkazishga xizmat etgan.
Yana bir misol, og‘ir jangdan keyin batalyondan uzilib qolgan roman qahramonlari Asqar polvon bilan Ali tajang o‘zlarini o‘rmonga uradilar.
Qahramonlar o‘rmon ichidan o‘tib borishar ekan, qo‘lyozma variantida Ali tajang “Atrofdagi daraxtlarga suqlanib qarab, … Oh, oh, yog‘ochlarning podsholari bular… qani endi, shulardan imorat solsang”, – deydi. So‘nggi variantda yozuvchi “qani bularni kesib, oynaday silliqlab, imorat qursang,” deb o‘zgartiradi.
Bir qarashda dastlabki variant ham yomon emaslik. Imoratbop daraxtlarni ko‘rib xayoli qochgan qahramonning holati berilgan. Tuzatish kiritishdan maqsad qahramonning borliqni unutib xayoli qochishiga vaziyatning monelik qilishi. Shu sababli jumla adib tomonidan ixchamlashtirib beriladi.
“Quyosh qoraymas” romanining qo‘lyozmasini kuzatishda davom etar ekanmiz, Oybek ijodiga xos bo‘lgan yana bir chizgi haqida aytib o‘tmoqchimiz. Adib arxivida “Quyosh qoraymas” romani uchun to‘plangan materiallar ham saqlangan. Ular Mukammal asarlar to‘plamining XVIII jildida “Materiallar” qismida berilgan.
Bu materiallarda romanning taxminiy mundarijasini tashkil etuvchi qaydlar bilan bir qatorda, jang maydonidagi vaziyatni yozuvchi nechog‘lik sinchkovlik bilan o‘rganganini ko‘rsatuvchi o‘rinlar ham bor. Masalan, maxsus dzot yasash, tanklarni qancha yaqinlikdan turib otish, broneboyshiklarni tizzadan turib otishi kabi detallar.
Romanning dastlabki va so‘nggi varianti, unga to‘plangan materiallarni solishtirish natijasida, asarning ko‘p o‘rinlari butunlay o‘zgartirilgani, ayrim joylari esa umuman kiritilmaganini ko‘rsatadi. Umuman, bu kuzatishlar yozuvchining xom materialga asoslanib yaxlit badiiy asar yaratishidagi ijodiy jarayonlari haqida to‘liq ma’lumot beradi.
Qo‘lyozmalarni o‘rganish adib ijodida uning uchun ikkinchi darajali masalaning bo‘lmaganini ko‘rsatadi. U hatto qahramonlarining nomiga ham o‘ta e’tibor bilan yondashgan. Masalan, “Quyosh qoraymas”da batalyon komandiri Nikulin roman uchun to‘plangan materiallarda Nagibin deb qayd etilgan, dastlabki variantlarda, shu jumladan, qo‘lyozmada ham Nikolay deb o‘zgartirilgan va so‘nggi variantda Nikulin deb berilgan.
Bu kabi holni Oybekning ko‘p asarlarida uchratish mumkin, masalan, “Hamza” dostoni qo‘lyozmalarida ham O‘roq ismli qahramonning nomi so‘nggi variantda Boshoq deb qayta nomlangan. Yoki “O‘ch” poemasida Xolxo‘janing sevgilisi qo‘lyozmada Lolaxon deb berilgan, Po‘pikxon deb berish ham yozuvchi mo‘ljalida bo‘lgan va oxirgi qismlarda La’lixon deb o‘zgartirish kiritilgan.
Oybek qahramonlarining ismlariga o‘ta e’tibor bilan qarashidan maqsad ularga ma’lum ma’no yuklash bo‘lgan. Lekin ba’zida tasodiflar ham bo‘lib turgan ekan, bu haqida bizga yozuvchining ayoli Zarifa Saidnosirova quyidagi bir voqeani so‘zlab bergan edi. “Oybek yangi, hali hech kim tomonidan qo‘yilmagan ism topishga ishqiboz edi. Elnur, Oynur, Gulyoz, Gulrang, Baxtigul, Sog‘indiq kabi ismlarni topganligi ham bunga misol. Ba’zan tasodiflar ham bo‘lib turgan. Esimda, “Qutlug‘ qon” romanini yozayotganida Yo‘lchining singlisiga hech ism topolmadi, menga ism topib bersang-chi, dedi. Shunda men “Unsin” dedim. Bu ism unga ham yoqdi va Yo‘lchining singlisiga Unsin deb ism qo‘ydi.
Bu ism bilan bog‘liq voqea tarixi esa bunday bo‘lgan. Meni buvam Iqonda turishardi va men ularnikiga yoshligimda juda ko‘p borardim. Bobomlarning qo‘shnisi Unsin xola bo‘lgan. Men u ayolni juda yoqtirardim, chunki u juda mehribon, yumshoq ayol edi.
Kunlardan biri kuni Unsin xola vafot etadi. Butun qishloq ahlini ayolning o‘limi qayg‘uga soldi. Uni endi ko‘mish taraddudini ko‘rishayotganda tirilib o‘rnidan turadi. Shu-shu biz bolalar “Unsin xola, qanday qilib o‘lib-tirilganingizni gapirib bering”, deb uni holi joniga qo‘ymas edik. Unsin xola har gal shoshilmasdan, bir boshdan gapirib berardilar. Unsin xolaning o‘zini yaxshi ko‘rganim uchun, uning ismi ham yoqardi menga. Shu sabab men Oybekka Yo‘lchining singlisini Unsin deb qo‘yishni maslahat bergan edim”.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin, lekin mana shu ikki misol ham Oybek romanning har bir satri ustida olib borgan izlanishidan bizni voqif etadi, so‘zga nechog‘lik e’tiborli bo‘lgani, uning ma’no qirralarini ko‘paytirishga harakat qilgani, asarda sodir bo‘layotgan voqealarni kitobxon qalbiga ko‘chirishga erishganiga yetarli isbot bo‘la oladi.
Ra’no Ibrohimova, filologiya fanlari doktori
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 1-son