Ibrohim G‘afurov. Aytmatov faryodi

Ikkinchi jahon urushi boshlangan va mahallamiz klubidagi tomga o‘rnatilgan qora lappakka o‘xshagan, doim — erta-yu kech ashulalar, kontsertlar berib yotadigan radiokarnaydan Molotov, Stalinlarning xirqiroq murojaatlari yuraklar va quloqlarga urushning dag‘dag‘ali vahimalarini olib kirgandan so‘ng bizning bog‘u bog‘chalarimizda, ulkan daraxtlar shoxidagi “uycha”larda kechgan bolalik hayotimiz batamom o‘zgarib ketdi. Biz bulbullar, to‘rg‘aylar, qumrilar, musichalar, chumchuqlar, popushaklar, qizilishtonlar edik: sayramay qo‘ydik. Xalq safarbarligi boshlandi: xotin-xalaj borki, bari oyog‘i kuygan tovuqdek yugurishardi. Yoshlar erta-indin vagonlarda Rossiyaga jo‘naymiz deb qora qaviq to‘nlariga o‘ralib, yoz bo‘lsa ham, negadir tumoqlar (qirg‘izcha, qozoqcha, turkmancha, o‘zbekcha) bostirib kiyishib, jangariliklari jo‘sh urib ertayu kech gurunglar qilishar, “fashist”, “Gitler” deganga o‘xshash so‘zlarni bir-birlariga tushuntirishar, g‘azablanib, tishlari orasidan chirt-chirt tupurib qo‘yishardi. Biz uchinchi sinflarda — boshlang‘ich maktablarga o‘qishga qatnardik. Bog‘larning pastak paxsa devorlaridan oshib, yelkamizga onamiz tikib bergan bumaziy xaltalarni osib, yo‘lakka o‘xshagan uzun burama bog‘ yo‘llaridan maktabga yo‘l olardik. Katta sinfxonalarni to‘ldirib o‘tirar, muallima opalarimizni suyub tomosha qilar, shinam, orasta, oppoq kutubxonalarga kirib, kitoblar to‘la tokchalar atrofida aylanib yurar va o‘zimizni nimagadir juda qimmatli bir narsaga oshno bo‘layotgandek sezar, o‘zimizni shunga yarasha tutardik. Keyinchalik o‘ylab ko‘rsam, bu — kitobga, kutubxonaga daxldorlik tuyg‘usi ekan.

O‘n ikki — o‘n to‘rt yoshlarimda kutubxonada “Chingizxon”, “Botuxon” (balki sarlavhalari boshqacha bo‘lgandir) degan ruscha kitoblarga duch kelib, bu nomlar meni ohanrabodek o‘ziga tortib (oramizda “Chingiz”, “Botu” degan bolalar ham bor edi), ular har qancha ruscha bo‘lmasin, qo‘ldan qo‘ymay o‘qib chiqqanman. To‘rtinchi, beshinchi sinflarda ruschani o‘rganib olgan, ba’zan tushunish qiyin bo‘lsa ham, muallimamiz o‘qiyver, tushunib ketasan degani uchun o‘qiyverar, mislsiz shavq-zavqlar olardim. Chingizxon va mo‘g‘ul bosqinlarini juda erta bilgan bo‘lsam, dunyoda qardosh, qondosh qirg‘iz xalqi ichidan uchar yulduzday otilib chiqqan Chingiz Aytmatov ismli adib borligini keyin, elliginchi yillarning oxirlarida “Yuzma-yuz”(1957), “Jamila” (1958), “Tog‘ va dashtlar qissalari” (1963) chiqib, dunyoda bular haqida bahs­lar boshlanib ketgandan keyin bilganman. O‘ttiz besh yoshida bu Xudo yarlaqagan adib va inson dunyoning eng yuksak mukofotlaridan biriga sazovor bo‘lganini eshitib hangu mang bo‘lganmiz va uning asarlarini qidirib qolganmiz, tashnalik bilan tom ma’noda “shimirib”, bir zum ulardan ayrilolmay, bir zum ularsiz yigitlik umrimizni tasavvur qilolmay o‘qiganmiz. Men o‘sha yillari o‘zbek adabiyoti sahnasida Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Mirmuhsin, O‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov va salgina keyinroq Tog‘ay Murodning chiqishini, ajoyib-g‘aroyib asarlari dunyoga kelishini Chingiz Aytmatovning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchli ta’siri bilan izohlab yuraman. Bu “Tog‘ va dashtlar qissalari”ning juda qudratli ta’siri edi, bu — turkiy tilli adabiyotlar Aytmatov fenomeni barakotida dunyoga — keng dunyoga chiqa boshlashi, dunyoni, Shayxzoda iborasi bilan aytganda, “go‘zallik xodimi” sifatida endi batamom egallay borishidan darak berardi. Chingiz Aytmatov asarlari va g‘oyalari olamining muhallillari shu qadar ko‘p va tariqdek sochilib ketgan. Bu muhallillar, qaysi milliy adabiyotga mansub bo‘lmasin, istisnosiz hammalari Chingiz Aytmatov va uning ijodiyoti, mislsiz ijtimoiy, madaniy, siyosiy faoliyatini faqat va faqat muqoyasada o‘rganib, tahlil qiladilar, muqoyasaviy keng va g‘oyatda teran xulosalar chiqaradilar. Muqoyasalarda ular Yunon, Rim, Yevropa va xristianlik madaniy, diniy, ilmiy, tarixiy hodisalariga aksaran murojaatlar qiladilar. Masalan, aytmatovshunoslikni jahonga yoygan olimlardan biri G.Gachev adibni kentavrga qiyoslaydi. Kentavr qadim yunon asotirlarida qudratli, yengilmas “Ot-odam”, qirg‘iz mualliflari esa Aytmatovni aksar Yunon-Rim, Yevropa olami quchog‘ida tasavvur qiladilar. Yana uning fenomenini “Manas”ga mengzaydilar. “Manas” okean misol madaniy hodisa. Qirg‘iz xalqi patriarxal turmush tarzini yengib o‘tib, “Manas” timsolida, so‘ng Chingiz Aytmatov va uning asarlari, g‘oyaviy tafakkur olamlari misolida keng dunyoga chiqdi, tanildi va o‘z tarixiy o‘rnini topdi va egalladi deydilar. Bu benihoya ulug‘, haqiqiy, tarixiy haqiqat aks etgan muqoyasa.

Bilimdon qirg‘iz olimlaridan biri Osmonakun Ibraimov o‘zining Aytmatovga bag‘ishlangan qiziqarli va mazmundor kitobida Jamila va uning muhabbatini Leanardo da Vinchining mashhur “Mona Liza”siga qiyoslaydi. Jamila Mona Lizaday sirli va bu sirni hali insoniyat kashf qilmagan, deydi. Menga qolsa, Jamila Mona Lizadan jonliroq va tuganmas insoniy ehtiros timsolidir. Bu kabi benihoya rang-barang ruhoniyatga cheksiz oziq beradigan ulug‘vor, o‘z o‘rniga ega badiiy muqoyasalar, nazarimda, Aytmatovning ilk buyuk ustozlari Muxtor Avezov, Lui Aragon va Aleksandr Tvardovskiydan boshlandi va jahon aytmatovshunosligi tahlillariga keng ilmiy-badiiy isbot usuli kabi kirib bordi. Bir talantli tadqiqotchi Aytmatovga bag‘ishlangan e’tiborli kitobining oxirgi bobini “O‘yga botgan Sfinks” deb qo‘ydi va shunga qarab butun kitobining xulosasini chiqardi, yana shundan kelib chiqib, Chingiz ­Aytmatovni ajoyib bir tarzda Sfinksga qiyosladi.

Aytmatov ijod qilgan zamonda inson dahshatli talofatlar, kulfatlar girdobiga uloqtirildi. Shuning uchun Aytmatov asarlaridan taniqli olim Nikolay Anastasev aytganiday, tinimsiz faryod ovozi eshitiladi. Shuning uchun buni nozik ilg‘agan adib “Kunda”ni “Qiyomat” deb atashga qaror qildi.

Eshitsangiz-chi, ayniqsa, “Somon yo‘li”, “Qiyomat”, “Oq kema”, “Asrni qaritgan kun”, “Alvido, Gulsari!”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” va, nihoyat, so‘nggi vasiyat romani “Qulayotgan tog‘lar”(“Mangu qayliq”)dan qiyomat azoblarining faryodi tinmay yangrab turadi. Adib insoniyatni yaqinlashayotgan qiyomat xavfidan tiriklikni saqlashga chaqiradi. Apokalipsis, esxatologiya, sakrologiya, mif-poetika haqida to‘xtovsiz jar solayotganlar, negadir, Aytmatovni Yevropa-Evroosiyo madaniy-tarixiy hodisalari bilan juda chambarchas bog‘laydilar-u, ammo inson madaniyati, tafakkuriga bog‘lanish navbati kelganda, bu haqda lom-mim demay o‘tib ketadilar. Holbuki, islom fikri, Qur’on mo‘jizalari qiyomatdan insoniyatni ogoh qilmaydimi? “Qiyomat”, “Oq kema”, “Alvido, Gulsari”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”, “Qulayotgan tog‘lar”(“Mangu qayliq”) Qur’on suralarida keltirilgan xayolot tasvirlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri davomi va falsafiy manzaralari emasmi? Shu ma’noda, aytmatovshunoslikdagi biryoqlamalikni dunyo tadqiqotchilari yengib o‘tishlari kerak. Shunda ­Aytmatov dunyo diniy madaniyatlari va ularning kelajagi haqida teran fikrlagani va buni insoniyat kelajagi bilan bog‘lagani ravshan bo‘ladi. Shunda To‘lg‘onoy Maysalbekning fidoyilarcha o‘limi to‘g‘risidagi xatini o‘qigandagi:

— Men seni nimaga tug‘ib, nimaga o‘stirdim? — degan g‘oya butun insoniyatga qiyomat xabari kelganda berilgan dahshatli faryodga o‘xshaydi. Umuman, dunyo adabiyotida hech kim qiyomat dahshatlarini “Somon yo‘li”dagichalik gavdalantirolgan emas. Bu asar ishonchlar yakuni, shunchalar ramziy qudratga egaki, men bunchalar zo‘r ibrat bilan yozilgan boshqa asarni bilmayman. Yoshlarimiz tinmay va doim shu “Somon yo‘li”ni o‘qishsin. Ular shu asar bilan hozirgi va kelajak zamondagi barcha yuraklarga joylashib bo‘lgan qiyomatni yengib o‘tar. Qur’oni karimda “Ra’d” surasida mo‘jizaviy bir oyat o‘tadi: Xudo: “Li kulli ajalin kitob”, deydi. Ya’ni har bir vaqt uchun kitob bor. Chingiz Aytmatov “Somon yo‘li”ni bizning va kelajak davrlarning kitobi qilib yaratgan. U insoniyat tushunsa, uning uchun chin xaloskor maqomidadir. Men ushbu so‘zlarimni Vitaliy Yandan o‘rnak olib, “Salom, kitobxon!”, deb yakunlamoqchiman.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 47-son