Qo‘shma Shtatlarda ilk bor uzuntumshuqlarni aniqlashganda, paxtachilar bu mallarang qo‘ng‘izchaning jiddiy zarar keltirishiga ishonishmagan edi. Bu kashfiyot 1892 yili Texas janubida sodir bo‘lgan edi. O‘ttiz yil oldingi hisob-kitoblarga qaraganda, uzuntumshuqlar tufayli paxtaga keltiriladigan zarar yiliga 6 000 000 toyni tashkil etar ekan!
Uzuntumshuqlarning vatani Markaziy Amerikadir. U shimolga Meksika va Texasning Braunsville chegaralari orqali tarqalgan. Boshqa kuplab hasharotlar qatori uzuntumshuq ham o‘tkir hid bilish qobiliyatiga ega. Tajribalar ko‘rsatishicha, uzuntumshuqlar paxtazorlarni bir necha milya (bir jo‘g‘rofiy milya 7420 m, bir dengiz milyasi 1852 m) naridan turib seza olar ekan.
Qo‘ng‘izlar voyaga yetganda, bir dyuym (25,5 mm)ning to‘rtdan bir qismicha kelarkan. Uning jag‘i tumshug‘i uchida joylashgan bo‘lib, g‘o‘za ko‘saklarini teshishga yaxshi moslashgan. Qo‘ng‘izcha qishni xashak yoki barglar tagida, yer yoriqlarida o‘tkazadi. Bahorda, umuman g‘o‘za ko‘saklashi bilan u o‘zining yemiruvchilik faoliyatini boshlab yuboradi.
Urg‘ochi uzuntumshuq g‘o‘za ko‘sagi ichiga kirib olib, shu yerga tuxum qo‘yadi. Uch-to‘rt kun o‘tgach, o‘sha tuxumlardan lichinkalar unib chiqadi va ko‘sak bilan oziqlanadi.
G‘o‘za shonalari uzuntumshuqlarning yaxshi ko‘rgan oziqlanish joyidir; bordiyu shonalar tugab qolsa, qo‘ng‘izlar ko‘saklarga yoki ko‘sak ichidagi yumshoq hosilga hujum uyushtiradilar. Lichinkalar to qo‘ng‘izga aylangunga qadar ko‘sak ichida yashaydi.
Uzuntumshuqlarning bir mavsumda to‘rt-besh avlodi dunyoga keladi. Ular keltiradigan zarar miqyosini mana shundan ham bilish mumkin. Uzuntumshuqdan zarar ko‘rgan ko‘sak pishib yetilmaydi va uning tolasidan foydalanib bo‘lmaydi.