Rus davlatida birinchi shoh kim bo‘lgan?

Rus tilidagi «tsar» shoh so‘zi lotin tilidagi «sesar» so‘zidan kelib chiqqan (aynan ana shu so‘zning sal boshqacharoq «kesar» sifatida talaffuz etilishidan nemis tilidagi «kayzer» so‘zi kelib chiqqan). Birinchi bo‘lib Birlashgan Rus yerlariga hukmdorlik qilgan buyuk knyazlardan biri Buyuk varyag knyazi Ryurik sulolasidan bo‘lgan Ivan 3 Vasilevich ilk bor o‘zini «tsar» — shoh deb atay boshlagan.

Aynan u birinchi bo‘lib turli hukumat hujjatlarida o‘z ismini Ivan deb emas, balki cherkov muqaddas kitoblariga binoan Ioann deb yozdira boshladi, masalan: «Xudoning inoyati bilan Buyuk Rus hukmdori Ioann» kabi, va o‘ziga samoderj — «hukmdor» degan unvonni qabul qildi (aynan ana shu so‘zdan «samoderjaviya» degan atama kelib chiqqan) — vizantiyaliklar imperator deb ataydigan Rus hukmdorining nomi rus tilida ana shunday jaranglardi.

Bu davrga kelib Vizantiyani Turkiya bosib oldi, imperator xonadoni barbod bo‘ldi va Ivan 3 o‘zini Vizantiya imperatorining merosxo‘ri deb hisoblay boshladi. U so‘nggi Vizantiya imperatori Konstantin Poleologning jiyani Sofya Poleologga uylanadi, Sofya barbod bo‘lgan imperator xonadonining merosxo‘ri hisoblanardi. U Buyuk knyaz Ivan 3 ga turmushga chiqqach, u bilan o‘zining merosxo‘rlik huquqlarini baham ko‘ra boshladi. Malika Sofyaning Kremlda paydo bo‘lishi bilan buyuk knyazlik saroyining turmush tarzi, hatto Moskvaning qiyofasi ham butkul o‘zgardi.

Qaylig‘ini Moskvaga keltirgach Ivan 3 ga ham o‘z ajdodlari shu paytgacha yashab kelgan shart-sharoitlar, turmush tarzi yoqmay qoldi. Sofya bilan birga kelgan vizantiyalik ustalar va rassomlar cherkovlar qurib ularni turli tarzda bezay boshladilar, toshlardan palatalar — saroylar bunyod etishga kirishdilar. (Kremldagi Granovitli palata ham xuddi o‘sha davrlarda qurilgan edi). Albatta rus hukmdorlari tosh saroylarda yashash kishi salomatligiga zarar qiladi, deb hisoblaganlar, shu boisdan ularning o‘zlari yog‘och uylarda istiqomat qilishgan. Tosh saroylarda esa faqat dabdabali ziyofatlar, bazmu yig‘ilishlar o‘tkazganlar.

Moskva o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan ham sobiq Saregrad-Shoh shahri, ya’ni Vizantiya poytaxti Konstantinopolni eslatadigan bo‘lib bordi. Zero, endilikda bu shahar ham turklarga tegishli edi. Saroydagi hayot ham endi Vizantiya qoidalariga muvofiq o‘zgargandi, hatto Shoh va Malika saroydan qachon va qay tarzda chiqishlari, ularni kimlar birinchi bo‘lib peshvoz chiqib kutib olishlari, bu paytda boshqalar qayerda turishlari va hokazolar uchun ham muayyan qoidalar ishlab chiqilgan edi. Buyuk knyaz o‘zini Shoh deb atay boshlagach, hatto uning yurishi, qadam tashlashi ham o‘zgargandi. U endi viqor bilan, shoshilmasdan o‘ta tantanavor qadam tashlaydigan bo‘lgandi.

Ammo o‘zni Shoh deb atash boshqayu, aslida shoh bo‘lishning o‘zi boshqa narsadir. 15 asrning o‘rtalarigacha Qadimiy Rusda Vizantiya imperatorlaridan tashqari Oltin O‘rda xonlarini ham shoh deb atashgan. Buyuk knyazlar bir necha asrlar mobaynida tatar xonlari qo‘l ostida bo‘lib, ularga o‘lpon to‘lashga majbur edilar. Shu boisdan ham Buyuk knyaz xonga mutelikdan xalos bo‘lgachgina o‘zini Shoh deb atashga loyiq sanaladi. Biroq bu borada ham ahvol o‘zgardi. Tatarlar istibdodiga barham berildi va Buyuk knyaz Rus knyazlaridan o‘lpon talab qilishlariga batamom chek qo‘ydi.

15 asrning oxiriga kelib Ivan 3 o‘z siyosiy shartnomalari va boshqa siyosiy hujjatlarni tasdiqlash chog‘ida ilk marotaba Vizantiya imperatorlarining gerbi — ikki boshli burgutni muhr sifatida qo‘llay boshladi. Biroq, rasman toj kiydirilgan birinchi shoh baribir Ivan 3 bo‘lmadi. Rus davlatini boshqaruvchi buyuk knyazlar rasman shoh deb atalishiga va bu unvonni meros qilib qoldirilishiga yana bir qancha vaqt o‘tishi kerak bo‘ldi.

Dunyo bo‘yicha rasman shoh deb tan olingan birinchi shoh Ivan 3 ning nabirasi Ivan 4 Vasilevich Grozniy edi. U bu sharafga 1547 yilda sazovor bo‘lgandi.