Romanovlar kimlar edi?

Romanovlar — Rossiya shohlari va imperatorlarining sulolasidir. Dastlab u 14 asrdan ma’lum va mashhur boyarlar avlodi edi. Romanovlar familiyasini bu avlod darrov olgan emas. Romanovlarning birinchi ajdodi rivoyatlarga qaraganda Buyuk Moskva knyazi Ivan Kalita saroyida xizmat qilgan, asli kelib chiqishi Prussiyalik bo‘lgan Andrey Ivanovich Kobila edi.

Kobila o‘zidan 5 nafar o‘g‘il qoldirgan bo‘lib, ularning har biri alohida-alohida avlodlarga, sulolalarga asos solishgan. Masalan: Sheremetevlar, Kolichevlar, Neplyuyevlar, Kokorevlar va boshqa sulolalar shu jumladandir. Beshinchi o‘g‘ilning laqabi Koshka bo‘lgan, shu tufayli uning ajdodlari dastavval Koshkinlar deb, keyin Zaxarinlar, Zaxarin-Yurevlar va nihoyat mazkur avloddan birining ismiga ko‘ra — Romanovlar deb atala boshlagan.

Bu oilaning yana qaytadan martabaga erishishi 1547 yilda, shoh Ivan Grozniy Anastasiya Romanovani xotinlikka olgach yuz berdi. Boyar Romanovlar bu voqeadan keyin mutlaqo o‘zgacha siyosiy mavqega ega bo‘ldilar. Endi ular bilan xuddi Ryurikovichlar kabi munosabatda bo‘lishardi. 1598 yilda Anastasiyaning jiyani — Fedor Nikitovich Romanov — Boris Godunov sulolasi o‘z hukmdorligini tugatgach, hatto taxtga da’vogar ham bo‘lgan edi. Boris Godunov o‘z davrida Romanovlar xonadonini tazyiqqa va quvg‘inga olgan. Fedor Nikitichni esa sochini oldirib, Fidaret degan ism bilan monax‑rohib qilib cherkovga yo‘llagan edi.

«Og‘ir zamonlar»ning barcha dahshatlari ortda qolgach 1613 yilda Zemskiy sobori Filaretning o‘g‘li Mixail Fedorovich Romanovni shoh etib sayladi. Filaretning o‘zi esa Moskva va Butun Rusiya Patriarxi bo‘ldi.

Mixailning nevarasi — Pyotr 1 — 1721 yilda imperatorlik unvonini qabul qildi, shundan keyin uning barcha avlodlari ana shu unvonni meros qilib oldilar, biroq oddiy xalq ularni avvalgidek shoh deb atayverardi.

Romanovlar sulolasining eng oxirgi erkak vakili — 1730 yilda vafot etgan imperator Pyotr 2 edi. U Pyotr 1 ning nevarasi edi. Ushbu sulola 1761 yil, uning ayol vakillaridan eng so‘nggisi — Pyotr 1 ning qizi imperatritsa Yelizaveta vafot etgach, o‘z hukmronligini tamomladi.

1761—1917 yillar mobaynida Rossiyada asli nemislardan kelib chiqqan Golshteyn-Gottorpskiylar sulolasi shohlik qildi. Ushbu sulolaning birinchi imperatori — Pyotr 3 ni Romanovlar sulolasi bilan faqat uning onasi Anna Pyotr 1 ning qizi ekanligi bog‘lab turardi. Pyotr 3 ning otasi esa Golshteyn-Gottorop gertsogi Karl Fridrix edi. Pyotr 3 ning o‘zi Germaniyada tug‘ilgan va o‘sha yerda yashardi, uning asl ismi — Karl Piter Ulrix. Boshqa merosxo‘rlari bo‘lmagani uchun imperatritsa Yelizaveta Pyotrovna nemis shahzodasi Karl Piter Ulrixni merosxo‘r qiladi. Rossiyaga kelgach u pravoslav dinini qabul qildi va Pyotr Fedorovich nomini oldi. Yangi shohni ham nemis qizi — Sofya Frederik Avgust Anxalt-Serbetskiyga uylantirishdi, keyin ushbu malika ham nomini o‘zgartirib Yekaterina 2 ga aylandi.

Pyotr 3 va Yekaterina 2 ning o‘g‘illari Pavel 1 endi haqiqiy nemis edi. Uning o‘zi ham to Nikolay 2 gacha bo‘lgan avlodlari ham faqat nemis malikalariga uylanishdi. Biroq shunday bo‘lishiga qaramasdan Rossiyaning so‘nggi imperatorlari o‘zlarini Romanovlardan deb hisoblashishardi, boshqacha qilib aytganda, o‘zgalarning familiyasini egallab olishgan edi. Ammo shunisi g‘alatiki, bu yolg‘on tasavvur ta’sirida ko‘plab tarixchilar, tadqiqotchilar o‘z asarlarida Rossiyada 1613—1917-yillarda shohlik qilgan barcha hukmdorlarni Romanovlardan deb hisoblaydilar. Vaholanki, bu fikrga qo‘shilish mumkin emas.