Evropada hayot va e’tiqod to‘g‘risidagi yangi g‘oyalar tarqala boshlagan chog‘da ko‘p kishilar katolik cherkovini isloh qilishni talab qilib chiqa boshladilar. Sababi ular katolik cherkovi tobora qudratli va ochko‘z bo‘lib bormoqda deb hisoblardilar. Ularning fikricha cherkovning yana boshqa ayblaridan biri — cherkov uchun ruhoniyat, ma’naviyat emas, balki bu foniy dunyo tashvishlari, asosan esa boylik orttirish muhim bo‘lib borayotganligida edi. Ruhoniy arboblar o‘zlarining do‘stlariga, qarindosh urug‘lariga cherkovdagi manfaatli mansablarni turli sovg‘alar evaziga ehson qilib yuborardilar. Cherkov ruhoniylari Rim Papasi tomonidan qilingan gunohlarni avf etib yuboruvchi guvohnoma — indulgensiyalarni sotib ham boylik orttirishardi. Ahvol shu darajaga bordiki, istagan kishi bunday guvohnomalarni jahongashta savdogarlardan sotib olishi va gunohlardan forig‘ bo‘lishi mumkin bo‘lib qoldi.
Indulgensiyalarning sotilishiga birinchi bo‘lib oshkora ravishda Vittenburglik ruhoniy Martin Lyuter (1483—1546) qarshi chiqdi. U inson o‘z ruhini faqat Xudoga bo‘lgan e’tiqodi va ishonchi orqaligina xalos qilishi mumkin, buni na Yerdagi xayrli ishlar bilan va na cherkov foydasiga xayru ehson bilan amalga oshirib bo‘lmaydi deb hisoblardi. U o‘zining bu fikrida shu qadar sobit ediki, oqibatda 1517 yili u cherkov faoliyatidagi kamchiliklar birma bir ko‘rsatilgan maxsus noma yozib, uni Vittenburgdagi ibodatxona darvozalariga mahkamlab qo‘ydi.
Martin Lyuterning katolik cherkovini isloh qilish to‘g‘risidagi maqsadlari va g‘oyalari protestantizmning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Lyuterning izdoshlari Rim Papasining hokimiyatini, shuningdek katolik cherkovining ko‘plab qoidalarini inkor qilishdi. Ular me’moriy jihatdan juda sodda bo‘lgan cherkov binolarini bunyod etishdi, ular asosiy e’tiborni ilohiy sir-sinoatlarga emas, balki Injilni o‘rganishga va diniy ta’limlarga qaratishdi. Cherkov marosimlari davomida lotin tilidan voz kechishib, bu diniy marosim qaysi mamlakatda bo‘ladigan bo‘lsa o‘sha mamlakat xalqi tilida amalga oshirilishiga, unda ishtirok etayotgan har bir kishi tilga olinayotgan ta’lim va pand nasihatlarning mazmunini tushuna olishlariga e’tibor berdilar.
Lyuter o‘zicha, uning fosh etuvchi so‘zlari cherkov ruhoniylari orasida o‘zaro bahslarni keltirib chiqarishiga va bu oqibatda cherkovni isloh qilishga olib kelishiga ishongan edi. Biroq u dahriylikda ayblandi. Lyuter o‘zining fosh etuvchi qarashlaridan voz kechmagach, Papa uni cherkovdan haydab yubordi. Biroq bu paytga kelib Lyuterning g‘oyalari Germaniya va Shveytsariyada o‘z muxlislarini topgan edi. Dastlab uning izdoshlarini lyuteranlar deb atashdi, biroq 1529 yildan, ya’ni ulardan bir qismi Shpeerda bo‘lib o‘tgan konferentsiyada o‘z ustozlarining badarg‘a qilinishiga qarshi protest (norozilik) bildirishgandan so‘ng ularni protestantlar deb atay boshladilar.