Inklar kimlar?

Inklar 15 asr boshlaridan Peruda hukmronlik qilganlar. Inklar istiqomat qilgan hududga hozirgi Boliviya, Peru, Ekvador, shuningdek Argentina va Chilining ma’lum qismlari kirgan. Inklar imperiyasining poytaxti, muqaddas Quyosh shahri deb ulug‘lanuvchi — Kusko shahri bo‘lgan. Boshqa mamlakatlar va qit’alar ham mavjudligini xayollariga ham keltirmasdan umr kechiruvchi inklar uchun Kusko shahri butun yer yuzining markazi hisoblangan, bu yerga imperiyaning turli burchaklaridan g‘alla, kumush, oltin, qimmatbaho, chiroyli matolar va yam-yashil koki o‘simligi barglarini yuklagan karvonlarning keti uzilmagan.

Inklar qattiqqo‘l, biroq adolatli hukmdorlar bo‘lishgan. Ular o‘zlari bo‘ysundirgan xalqlarning, qabilalarning o‘z urf-odat va an’analarini saqlab qolishlariga imkoniyat berganlar. Ular jamiyatining asosiy negizini oila tashkil etgan. 20 ta oiladan iborat har bir guruhning o‘z sardori bo‘lgan. Bu sardor esa o‘z navbatida qo‘l ostida 50 oila bo‘lgan boshqa sardorga bo‘ysungan. U esa yana kattaroq sardor hukmida, xullas to Oliy inkkacha, ya’ni imperiya hukmdorigacha bu tobelik shu tarzda davom yetib borgan.

Inklar jamiyatida mavjud qoidalarga ko‘ra, undagi barcha fuqarolar mehnat qilganlar, faqat bundan eng keksa va eng yosh fuqarolar mustasno bo‘lgan. Har bir oila o‘zi ekib-tikadigan maxsus yer maydoniga ega bo‘lgan. Kishilarning har biri o‘zi uchun shaxsan o‘zi kiyim to‘qigan, poyabzal tikkan, choriq yasagan, idish-tovoq, kumush va oltin taqinchoqlar yasagan.

Biroq bu imperiya fuqarolarining shaxsiy erkinligi bo‘lmagan: kishilarning qanday kiyim kiyishlari, nima ovqat yeyshlari va qayerda ishlashlarini hukmdorlar tayinlaganlar. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, inklar juda mehnatkash dehqonlar bo‘lib, ular ko‘plab foydali ekinlarni parvarishlaganlar. Ular o‘z ekin maydonlarini sug‘orish uchun tog‘ chashmalaridan foydalanganlar, buning uchun esa maxsus inshootlar — haybatli akvedunlarni ixtiro etganlar.

Bir paytlar inklar tomonidan bunyod etilgan binolarning aksariyati hali-hanuzgacha saqlanib kelmoqda. Ular ko‘plab uzum zanglaridan va tol xivchinlaridan qalin arqon bilan eshib to‘qilgan o‘ziga xos ko‘priklarni qurganlar. Shuningdek, bu odamlar tug‘ma to‘quvchi va kulollar ham bo‘lishgan. Ular paxtadan shunday nafis va go‘zal matolar to‘qishganki, ispan bosqinchilari ularni ipak mato bo‘lsa kerak deb o‘ylaganlar. Inklar jundan ham o‘ta go‘zal va bejirim, issiq kiyimlar tayyorlaganlar.

Uzoq asrlar gurkirab rivojlangan inklar imperiyasi vaqti kelib, ikki qondosh og‘a‑inilar tomonidan boshqariladigan ikki qismga bo‘linib ketdi. Bu ikki qism bir- biri bilan adovatga bordi. Natijada inklar o‘zlariga nisbatan uncha ko‘p bo‘lmasada, biroq ancha yaxshi qurollangan ispan konkistadorlarining bosqinlariga dosh bera olmay qoldilar. Shundan so‘ng ularning imperiyasi istilo qilindi va barbod etildi.